OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Bozoring bilan mozoring obod bo’lsin (hajviya)

Bir kishi har gal qabriston oldidan o'tayotganda: "Assalomualaykum ey ahli qubur, muborak hovli egalari, biz ham bir kun shu yerga kelamiz", -der ekan. Qur'oni Karim oyatlarida, Hadislarda zikr etilganidek, inson oxiratini o'ylasa, iymonga shayton oralamas ekan. Insof-diyonat ana shunday iymonli odamlar jamiyatida har narsadan ustun qo'yiladi. Biz hozir shunday jarayonda yashayapmizki, o'tish davrining qiyinchiliklari va yutuqlari ba'zi odamlarni esankiratib qo'ydi. Birovlar tirikchilikni amallash uchun o'zini o'tga-cho'qqa ursa, birovlar cho'ntagiga kirgan aqchasiga ishonib, bosar-tusarini bilmay qolayapti. Lekin har ikki holatda ham xudoga shukur, to'y-ma'rakalar o'tayapti, hayot o'z o'zanida davom etmoqda. Chunki  to'y-borga hasham, yo'qqa ma'raka.

Hamma narsani pul bilan o'lchashga bo'lgan rag'bat jamiyatda nosog'lom kayfiyatning yuzaga kelishiga, noroziliklarga sabab bo'ladi. Insof-diyonat chekingan joyda aldov, xiyonat kuchayadi, odamlar o'z manfaatlarini hamma narsadan ustun qo'ya boshlaydilar. Iymon chekingan joyda halol bilan haromning farqi yo'qoladi-odamlar bir-birlarini aldashga tushadilar, Ka'ba toshiga yuzini surib tavba qilib qaytgan hoji ham gunoh sanaladigan amallardan o'zini cheklamaydi. Bularning hammasi iymon sustligining belgisidir.

Xalqimizda "Bozoring bilan mozoringni obod tut", -degan ibratli naql bor. Bizda bu naqlga qay darajada amal qilinayapti? Yana dehqon yerda, olibsotar peshtaxtada mahsulotini sotayapti. Bozor rahbarining-ku, bozori juda chaqqon bo'lib ketdi-bo'zchining mokisiday biri kelib-biri ketayapti. Kelgan bozorkom ertaga tasodifan ketib qolishini bilib, qo'lga tushmas qasoskorga o'xshab berkinib yuradi, sababi, tekshiruvchilar haddan tashqari ko'p. Damariq bozori yonidagi   ko'cha ertalab arining uyasiga aylanadi-ko'tara savdo uchun mahsulotini olib kelgan dehqonni uch-to'rtta melisa, o'n-o'n beshta olib sotar, ikkita-uchta pattachi ko'chaning u boshidan bu boshiga quvgani quvgan. Birisi mahsulotingni ko'chadan ol, qatnovga xalaqit berayapsan, desa, olibsotar molingni arzonroq sot, deb dehqonni talaydi. Uchinchisi ko'chada mahsulotingni sotganing uchun pattaga pul to'la, deb quvadi. Bechora dehqon ularning qaysi biriga bas kelishni bilmay, molini ko'targan puliga olibsotarga beradi-yu, pattachining ko'zini shamg'alat qilib, urra qochadi. Bozor yonida qaysidir boyvachchaning mahriga tushgan kattagina maydon atrofi do'konlar bilan o'ralib, pullik mashina to'xtash joyi qilib qo'yilgan. Holbuki dehqon o'sha yerda ko'tara savdo qilsa, ko'cha  tirband bo'lmaydi, mashinalar ham bemalol harakat qilishga imkon tug'iladi.

Temiryo'l, Siyob dehqon bozorlarida ahvol bundan ham battar. Moychilar (tarkibida xudo biladi, nima bor) plastmassa idishlarda moylarini maqtab sotsa, do'konlarda oziq-ovqat, go'sht, sut mahsulotlari ochiq-sochiq, ertalabdan kechgacha chang-to'zonlar bilan "to'yinib" xaridorni kutib turadi.

Odamzotning oxirgi qo'nimgohi bo'lgan qabristonlarga bizdagiday e'tiborsizlik boshqa hech bir millatda bo'lmasa kerak. Dunyoviy hoyu-havaslarga berilib, jonimiz omonat ekanligini unutamiz, boqiy dunyoga ravona bo'lgan ota-onamiz, qarindosh-urug'larimizning qabrini obod qilib, ularning ruhini shod qilish o'rniga vaqtni qizg'anamiz. Ota-onasiga hashamat bilan qabrtosh qurdirgan boyvachcha farzandlar bugun qabristonga boradigan, o'zi uchun so'nggi manzil bo'ladigan yo'lni unutgan. Fursat o'tib, farzandlar qiyofasida undan ham beshafqat o'ch olinishini xayoliga keltirmaydi. Tiriklar duosiga ilhaq bo'lgan o'tganlar ruhi qabrlar obodonligini istab izg'ib yuribdi. Bozorlarimizga xayr-oqibatli, mozorlarimizga mehr muruvatli bo'lsak, rizqimiz butun, qadrimiz ulug' bo'ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.