OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Demokratiya kimga kerak? (hajviya)

Ajab zamonlar bo’ldi-da! Ilgari biror odam yurak yutib biror gapni gapirishdan qo’rqardi. Gapirsa ham sherigining qulog’iga shivirlab xufyona gapirardi. Endi-chi? Endi hammaga hamma narsa mumkin. Yashirincha gapning o’zi qolmadi. Bill Klinton nima qildi, Berezovskiy qayerga ketdi, Jirinovskiy nima dedi, Vandamning xotini qachon tug’di, hammasini bilamiz.
 Qaysi bir davlatda bo’layotgan janjal tufayli bir kuni hammamizni bir joyga mitingga yig’ib borishdi. Hammaning tili echilib ketgan, kimlarnidir yomonlashayapti, meni ham turtishib: “Siz ham bir narsa deng”, -deyishsa, beixtiyor: “Vetnamdan qo’lingni tort”, -deb yuboribman. Hamma kulib yubordi.  Keyin bilsam, jamoatchilik qochib ketgan Nigeriya qirolini joyiga qaytarish uchun janjal qilishayotgan ekan. 
 So’z erkinligi tufayli xohlagan gapingni gapirishing mumkin. Boshlig’imiz bir yig’ilishda: “Tayyorgarliklaringizni ko’ringlar, yangi yildan axborot agentligi bo’lamiz”,-dedi. “Shunda biz agent bo’lamizmi?”-so’radim men. Keyin bilsam, hozirgi agent bilan men bilgan agent o’rtasida yer bilan osmoncha farq bor ekan. 
Demokratiya har bir xonadonga kirib bordi. Uyda televizor bitta. Xotin “Esmeralda” ko’rmoqchi, o’g’il boksga qiziqadi, men “Vremya”ga ishqibozman. Darrov ovozga qo’yishadi. Ikki qizini yoniga olgan xotin  ko’pchilik ovoz bilan “Esmeralda” ko’rish huquqini qo’lga kiritadi. Bu kinoni ko’rishga tobi-tog’atim yo’q. To’rtta maynavoz o’n sakkiz kishiga ovoz beradi. Laskano degani xuddi xunasaning o’zi, ovozi ham o’xshaydi. Bir gapni aytish uchun kinoning o’n seriyasida ivirsib yuradi. Malaver degani faqat dag’dag’a qiladi, Melisso degani kinoning 180 seriyasida faqat hiringlaydi. Shunda qatnashgan artistning miyasi aynib qolgan bo’lsa ajab emas. Yana ularning orasiga qistiriladigan reklamalarni aytmaysizmi? Choydan boshlab pivoga o’tadi, darrov hojatxonaga qistab qoladi. Yana: “Mezim-qochdi ishtaham, oshqozonda dam kam”, “Obi: ham yo’g’on, ham arzon”, “Pampers eng qulay, qurboning bo’lay!”, “Yaxshi taglatta, qo’lingda patta”. Men  bu reklamalarni tasavvur qilib uyalib, qizarib ketaman. Bolalar baqrayib qarab o’tiraverishadi. Kinodagi o’pishishlarni aytmaysizmi? o’pishish bilan boshlanib, o’pishish bilan tamom bo’ladi. Yarim soatlik seriyada 60 marta o’pishishadi. o’shalarning o’rnida bizning noskash artistlarimiz o’ynaganida, kino ko’pi bilan ikki seriyadan oshmasdi. Chunki noskashlarimiz bilan bir marta o’pishgan meksikalik xonim bu sohani butunlay tashlab ketishi aniq. Gazetalardagi reklamalarga-ku umuman gap yo’q. “Nemis ovcharkasidan qochgan alimentli qanjiq sotiladi”, “Bir sutkada 15 kg. ozishni xohlaysizmi?” Qistaloq, Buxenvald kontslageri bo’lib ket-e! “Shirin ozishni istasangiz, yuz dollar to’lang”, “Uchta erdan ketgan yumshoq fe’lli, do’mboqqina baytal o’ziga munosib ayg’ir izlayapti”. Keyingi  paytda  biri-biridan qiziqarli shunday gazetalar chiqayapti-ki, nomini o’qib to’ymaysan. “Vadavang”, “Xamak”, “Xashak”, “Ordona”, “Bedona”, “Po’stak”, “Hushtakchi” va hokazo. “Siz yaxshi hushtak chalishni istaysizmi? Unda “Hushtakchi”ga obuna bo’ling”, deb har kuni quloq-miyani yeb tashlashadi. Tilbuzardagi “Yaxshi niyat” (niyating boshingni yesin), “Baxtli voqea” (badbaxtlar ko’rgiligi), “Oq oltin” (oltin safsatasi) singari lotto o’yinlarida qatnashaverib, ishqibozlar yurak o’ynog’i bo’lib qoldi. Hozir ularning yarmi kasalxonada, yarmi o’ldi, yarmi esa yutgan arzimas pulini ham haligacha ololmay sarson bo’lib yuribdi. Yana “Ekasan” degan reklama bor. Shuning ovozi palag’da tashviqotchisi har kuni “Avvalo pul ekasan, keyin ko’z yosh to’kasan”, deb ishqibozlari bilan qo’shilib yig’lagani-yig’lagan. 
Demokratiya kimga kerak? Bizga o’xshagan gunohkor bandalar demokratiyagacha ham go’r emas edi, undan keyin ham bir tuturiqli revolyutsiya qilolmasa kerak. Revolyutsiyani  shayton malaylariga rahnamo bo’lgan daholar qiladi! Yashasin demokratiya!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.