OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Diydor g’animat (hajviya)

Shu, kimga qanday-u, men “Diydor G’animat” degan ko’rsatuv boshlanishi bilan dilbuzarning oldiga mukka tushib o’tirib olaman. Boshlovchi basharasiga fojeali tus berib so’raydi: Onaxon, siz qayerdan keldingiz, kimni izlayapsiz? “Ha bolam, men Yaypandanman, o’g’lim uch yil burun dalaga aylanib kelay, deb choponini  elkasiga tashlab chiquvdi, shundan beri dom-daraksiz ketdi. Na o’ligidan, na tirigidan xabar bor”. Onaxon doka ro’moli bilan ko’zini artadi. Hammaning ko’zida yosh g’iltillaydi. Boshlovchi basharasiga yanada fojeali tus berib so’raydi: Onaxon, yuragingiz biror narsani sezayaptimi? “Ha bolamni hidini sezayapman”. “Unda kutib oling, farzandingizni biz topdik. U shu yerda”. Zalga qarsaklar bilan ishshayib Mamarayim kirib keladi. Ona uni quchoqlagan, yig’lagan, zaldagilar yig’lagan, qiyomat.
–Xo’sh Mamarayim, uch yildan beri dom-daraksiz ekansiz, uydan nimaga ketdingiz, qayerlarda yuribsiz? -so’raydi boshlovchi.
–Ha, shu tirikchilik-da, aka, qishloqda bolalaringga alimen to’la, deb kelovurishdi, kelovurishdi, jonga tegib ketdi. Hozir mana, ahvolim yaxshi, Hasanboyda bir fermerning  molxonasida go’ng tashib yurippan...
–Bu yerga qanday kelib qoldingiz?
–Bilmay qoldim-da, ushlab kelishdi...
Zalda qarsaklar yangraydi.
–Otaxon, siz kimni izlayapsiz?
–Men bolam, Qashqadayradanman. Shu besh yil burun o’zim minib juradigan eshshagimdi sotib, ulimdi Tashkanga o’qishg’a jo’natib juboribidim. Shundan beri jo’q-da onag’ardi bolasi. Shuytib sizlarg’a keldim-da.
–Biz sizning farzandingizni topdik, otaxon. U-shu yerda.-Zalda qarsaklar yangraydi. Egniga shim o’rniga triko, fufayka kiyib olgan norg’ul yigit chiqib, cholni quchoqlaydi.
–Tirik ekansan-ku, onag’ardi uli, -chol yig’laydi. -Men seni hali o’lik-tirigidan xabar bormi-jo’qmi, deb milisa bilan qidirtirib jurippan. Ha men-ku mayli, enangdi  o’ylamaysanmi, enangdi sani...
–Ha, ota o’qishdan jiqilg’animdan keyin qishloqqa qaytishg’a juzim bo’lmadi. Hozir ishlayappan Ippodrom bozorda. Aravakashlardi brigadiriman. Uyg’a borsam, o’zim sizg’a yaxshi bir eshshak  opperaman...
Zal xursand ota-bola topishganidan, hamma qarsak chaladi.  Boshlovchi davom etadi.
–Azizlar, zalda anjanlik Oymaxon opam o’tiribdilar, -ekranda qo’liga uzuk, bilaguzuk, bo’yniga, qulog’iga tilla taqinchoqlar taqib o’tirgan ayol ko’rsatiladi. -Oymaxon opa, siz aytgan insonni biz topdik. Afsuski, uni bu erga olib kelishning iloji bo’lmadi. U kishi boshqa birovdan ham katta pul olib, hozir qamoqxonada o’tirgan ekanlar...
Zalda xo’rsinish, afsuslanish ohanglari.
–Lekin sizni izlab yurgan ikkinchi kishini topdik.  U kishi Moskvada ekanlar, hozir Moskva bilan  bog’lanamiz.
Ekranda qo’lida qo’lqop, oyog’ida valinka, boshiga kaska kiyib olgan odam ko’rinadi:
–Salom Oymaxon opa. Siz olti oy burun yigirma kishidan ikki yuz dollardan yig’ib, katta pullar va’da qilib bizni Moskvada armanilar ishlaydigan firmaga joylashtirib ketgan edingiz. Shundan buyon ishlayapmiz. Hali biror so’m berishgani yo’q. Pasportimizni olib qo’yishgan. Pul so’rasak, pulingni Oymaxon opang olib ketgan, deyishadi, pasport so’rasak, hali qarzing bor deyishadi... Oymaxon opa, enangiz yaxshimi...-gap oxiriga yetmasdan, ekran bijirlab o’chadi. Zalda qarsaklar yangraydi. Shundan keyin boshlovchi bir narsalar deb ko’rsatuvni yakunlaydi. Men esa ishni oxiriga yetkazmay, pulimni olib qochib ketgan mardikorni bu gal ham ko’rsatuv orqali topolmaganimdan xunob bo’lib, nos otaman...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.