OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Ega-kesim (hajviya)

Qadim zamonlarda bir podsho hardamxayollik kasaliga mubtalo bo'lgan ekan. Shuning uchun   xayoliga kelgan har xil gaplarni gapirib yuboraverar ekan. Uning donishmand vaziri har bir gapini oqillik bilan tuzatib turar ekan. Kunlardan birida podsho allaqaydan kelgan elchilarni qabul qiladigan bo'lipti.

-Podshohim, bir ish qilsak, -depti vazir. -Oyog'ingizga bilintirmasdan ip bog'lab qo'ysak-da, mavzu o'zgarsa, ipni sekingina tortib qo'ysam...

-Og'ritmaysanmi, -so'rapti podsho.

-Yo'g'-e, olampanoh, -depti vazir.

Shunday qilib, elchilar podsho qabuliga kirishibdi.

-Sizlarda mushuklar semiz-semiz bo'ladimi? -so'rab qopti gap orasida podsho to'satdan. Elchilar hayron bo'lishib, bir-birlariga qarashipti. Vazir ipni bir tortib qo'yib:

-Podshohi olam qaysi mamlakatda farovonlik bo'lsa, mushuklari semiz-semiz bo'lishini nazarda tutayaptilar, -depti.

-Ofarin, ofarin, -deyishipti elchilar uning aql-zakovatiga qoyil qolib.

-Gapim to'g'rimi axir? -so'rapti ulardan podsho.

-Albatta, hazrati oliylari, bizda to'qchilik, farovonlik, mushuklarimiz semiz-semiz, -deyishipti elchilar.

-Unda nega vazir oyoqdagi ipni tortayapti, -degan ekan podsho...

Xalqimizda mehmonni kiyimiga qarab to'rga o'tqazadi. Vaqfiya vazirligining matbuot kotibi bilan jurnalist jiyani birgalikda ilg'or texnologiya asosida ikkilamchi chiqindilarni qayta ishlayotgan korxona rahbarining qabuliga kirdik. Tog'a-jiyanlarning egnida 300 dollarlik kostyum-shim, sumbat vahima, bilmagan shaxsan amir Olimxon bilan uning qushbegisi tashrif buyuripti, deydi. Direktor ular bilan juda quyuq ko'rishib, menga qaramadi ham. Keyin u ikkilamchi chiqindilarning umumjahon taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasi, yana allanimabalolar haqida gapirib ketdi.

-Kelajakda biz ikkilamchi chiqindilardan moshina ishlab chiqara boshlaymiz, -dedi rahbar tog'a-jiyanlarga o'zining tashrif qog'ozidan bitta-bitta uzatib. -Mana shu tashrif qog'oziga ega bo'lganlarga  bittadan bepul moshina sovg'a qilamiz...

Chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha xorij texnologiyasi haqida bir-ikki luqma tashlagan edim, ikkilamchi chiqindilar rahbari tog'a-jiyan qolib ketib, men bilan qizg'in bahsga kirishdi.

-Xorij texnologiyasi bizga to'g'ri kelmaydi, -dedi u ishonch bilan. -Mana tilvizirda ko'rib turibmiz, qanday yaxshi moshinalarni xorijda parcha-parcha qilib, kukunga aylantirib yuborishayapti. Shu moshinalar bizdagi ustalarning qo'liga tushsa, yana 50 yil kartishka-sabzi tashiydigan qilib tuzatardi. Qolaversa, xorijda ikkilamchi chiqindilarni ko'mib tashlab, ustini  gulzor qilib yuborishadi. Biz uyilib yotgan chiqindilarni bir haftasiz olmaymiz. Sababi, tadbirkorlarimiz undagi qog'oz, temir, suyak, plyonka, uvada, shisha bakalashka singari jami narsalarni yig'ishtirib olishib, bizga toza chiqindini qoldirishadi. Toza chiqindidan toza mahsulot olamiz. Mana, hozir kuz paytida yig'ilgan barglarni presslab, yog'och zaborlar ishlab chiqarayapmiz...

Chiqindilar boshlig'ining ega-kesimi yo'q gaplaridan boshim og'rib ketdi. "Ketamiz", -dedim. Boshliq men bilan  chiqindilar mutaxassisi sifatida quyuq xayrlashdi.

Hamma joyda "Biz jurnalistlar..." -deb gap boshlaydigan, biroq bu sohaning yo'lagidan o'tmagan "muxbir" bilan bir prokurorning huzuriga kirdik. O'tirdik, so'rashdik.

-Kelinglar, -dedi prokuror.

-Keldik, -dedi muxbir.

-Ha, kelinglar, -dedi yana prokuror yuziga yasama tabassum berishga urinib.

Yana "Keldik", -degan javob olindi.

-Ha, kelinglar, -dedi prokuror uchinchi marta nima deyishini bilmay.

-Men Fidel Kastroning otasiman, -dedi muxbir osmondan tarasha tushganday qilib. Prokuror bu gapdan karaxt bo'lib qoldi. Avval rangi oqardi, ko'kardi, keyin menga, muxbirga hayajonlanib  qaradi. Interventsiya boshlanayapti chog'i, deb o'yladi shekilli. Qarasam, gapning ega-kesimi kelishmayapti. Izohlashga tushdim.

-Bu kishi farzandlarning ismini shunday deb qo'yganlar, -dedim. Shundan keyin prokurorning yuziga qon yugurdi.

-Ha, -ha, yaxshi ism ekan, -dedi u o'ziga kelib...

Yoshligimda ko'p kasal bo'lib, maktabda o'qimagan bo'lsam-da, uyda tog'amdan saboq olganman. o'qishni, pul sanashni qoyillatib o'rganganman. Bir kuni tog'am menga ikkita besh tiyin, bitta o'n besh tiyin berib, "Hisobla", -dedi. Darrov hisobladim, "Besh tiyin, besh tiyin, o'n besh tiyin!", -dedim. Keyin yozuvi bor daftarchani uzatdi. "o'qi!" "B-l-a-k-n-o-t". "Nima ekan?"- so'radi tog'am. "R-r-asim daftarchasi!"- dedim hech ikkilanmay. "N-nima-a?!"- baqirdi faryod chekib tog'am. "R-r-rasim daftarrchasi!" -deya baqirdim. Tog'am quvonganidan hushidan ketdi. Shu-shu meni  o'qitmay qo'ydi. "Nega o'qitmaysiz?" desam, "Savoding gullagan ekan-ku, jiyan, seni o'qitish shart emas", -dedi. Shundan ishga kirishib ketdim. Birov: "Falon narsani qilolasanmi?"- desa, "qilaman", -deyman. Bo'lsa-bo'ldi, bo'lmasa ko'prikning ustidagi gap. Shug'ullanmagan soham qolmadi. Protivogaz, eski ikona, Paganinining skripkasi, doiraning gardishi, dollarfurushlik, Napoleonning kreslosi, piyonistaning uyini barmatuxa evaziga sotib olish, quyma oltin, qizil tillo, qimmatbaho tosh, ajalning urug'i...

Bir hamtovog'im odam o'ldirganlarni qutqarish bilan shug'ullanadi, uning yordami bilan bittasi 19 yilga, ikkinchisi 20 yilga qamalib ketdi. "Agar gaplashmaganimda 30 yilga qamalardi", -dedi u. Yaqinda o'shani ko'rib qoldim. "Ish yo'qmi?"- so'radim undan. "Bittasining o'ligi chiqqan edi, ega topilmayapti", -dedi u.

 Bizni tovlamachi deyishadi, yo'q, kechirib qo'yasiz, tovlamachi emas, tadbirkor deyish kerak. To'g'ri, tovlamachi po'rim kiyinadi, gapirgan gapining ega-kesimi bo'lmasa-da, so'z bilan sehrlab qo'yadi. Havodan pul yasaydi. Qayerga borsa, darrov telefonga yopishadi, mingta joyga qo'ng'iroq qiladi. Hamma rahbar uning og'aynisi, hatto Og'axon yaqin qarindoshi bo'lib chiqadi. Bittasi "Falonchi og'aynim falon joyda hokim", -deb aytib qoldi. Tanishtirib qo'yishni iltimos qildim. Olib bordi. Ko'rishdik. "Bu kishini taniysizmi", -dedim hokimga sherigimni ko'rsatib. "Qaerdadir ko'rgandayman, eslolmayapman", -dedi hokim uyalib. "Huv uch yil avval Zarafshon restoranida birga o'tirganmiz", -eslatdi sherigim. "Mumkin, mumkin", -dedi hokim o'ng'aysizlanib, kimligimizni so'rash ham esidan chiqib.

Leytenant Shmidtning o'g'li Ostap Benderning 400 ta kombinatsiyasi bo'lgan. Har bir holatda sharoitga qarab to'g'ri keladiganini ishlatgan. Bizda 401 ta kombinatsiya bor, lekin faqat doim bittasini ishlatamiz. Nurmat degan "jurnalist" o'n yildan buyon bir xil reja bilan safarga chiqadi. Neftibaza, don mahsulotlari kombinati, araq zavodi, matlubot jamiyati, o'sha joylarda qarorlarning bajarilishini tekshiradi. Juda o'ziga qarab yuradi, kiyinishni qotirib qo'yadi. Ho'kizning terisidan tikilgan 500 dollarlik kurtkani kiyishdan oldin chap engini ikki-uch marta siypab qo'yadi. Nimaga bunday qiladi, bilmayman-u, lekin har gal shunday qilganida, "sen barhayotsan, teringni yopinib, ishingni davom ettirayapman", -deb o'ylasa kerak, deyman o'zimcha. Uni tanimagan odam bu kamida hokim bo'lsa kerak, deb o'ylaydi. Tanigan odam esa: "E, bu o'zimizning Nurmat-ku, yana bo'shalibdi-da", -deydi.

Shuning uchun janob tovlamachilar, e kechirasiz, tadbirkorlar, gapingizning ega-kesimi zaif bo'lsa, yaxshisi hurpayib turib oling. Shunda obro'yingiz ham yuz chandon oshadi, ham hisob-kitob joyida bo'ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.