OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Eski do’kon (hajviya)

Hozir nima ko'p-to'ylar ko'p. Qarindosh-urug', oshna-og'aynilardan xudo bergan-nikoh to'yidan chiqib sunnat to'yiga, undan chiqib Payg'ambar yoshi, muchal to'yiga bo'zchining mokisiday yuguraman. Ayniqsa, ro'za oldidan hamma baravariga kelishib olganday qichab qoladi. Ertalab to'y, tushda to'y, kechda to'y... Bormasang, astoydil xafa bo'lishadi. "Nima, amaldor bo'lib qoldingmi? Bilib qo'y, amal o'z yo'liga, o'tadi-ketadi, lekin  eldan chiqma!" -deyishadi. Shuning uchun eldan chiqmaslikka harakat qilaman. Bir to'yda o'tiribmiz, hofiz yurakni sel qilganicha ezilib qo'shiq aytayapti.

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak,

Ibrohimdan qolg'on ul eski do'konni na qilay.

Urayinmu boshima sakkiz behishtu do'zaxin,

Bo'lmasa vasli manga ikki jahonni na qilay...

Qo'shiq ohangiga berilib o'tirgan edim, yonimda o'tirgan shirakayf do'konchi Bozorboy biqinimdan turtdi:

-Oka, hopiz qaysi Ibrohimdan qolgan do'konni etvotti?

Hazillashayapti, desam, Bozorboy jiddiy so'rayapti. Biror narsa demasam, xafa bo'ladi. Atrofga qaradim. Ro'paramda o'tirganlar orasida Ibrohim degan qo'shiqchini ko'rib qolib, Bozorboyga shuni imlab ko'rsatib yubordim. Ibrohim suhbatimizni eshitib o'tirgan ekan.

-Yo'q, hopiz mening do'konimni emas, Ibroyim shipananing do'konini aytayapti, -dedi u jiddiy. 

-Ibroyim shipananing do'koniga nima bo'lgan?

-Nima bo'lgan, nima bo'lgan, balki nurab qolgandir, balki poydevori yo'q bo'lsa, boshqatdan qurish kerakdir...

-Eski bo'lsa, og'ilxona qilsa ham bo'ladi, -davom ettirdim men. Xullas, to'ydan hazil-huzul qilib tarqalishdik.

Ibrohimdan qolgan do'kon o'z yo'liga, men shahardagi gavjum bekatlardan biriga qurilgan do'konni o'n yil ichida besh marta buzib qurdim. Har gal shahar meri almashganida uning didiga qarab do'konning raftorini o'zgartirishga to'g'ri keldi. Birovi kelib tunukasini almashtirib, shifer qildirdi, ikkinchisi kelib uni cherepitsaga almashtirdi, keyingisi qayta buzdirib, oynavand qildirdi, yana biri kelib to'lqinsimon tunukaga almashtirib, uch xil rangga bo'yattirdi. Avtobuslar qatnamay qo'yganidan keyin bekatdagi do'konlarga ehtiyoj qolmadi. Men ham g'avg'odan qutildim.

Hozir yaxshi, tadbirkorlar uyidan do'kon, restoran ochib, urib savdoni qilib yotishibdi. Epchilroqlari u yoq bu yoq bilan kelishib, shapaloqday qaror chiqartirib olib, piyodalar o'tadigan yo'llarni egallab olishgan. "E aka, yo'lni ham to'sib olibsiz-ku", -deb e'tiroz bildirmoqchi bo'lsangiz, qarorni ro'kach qilishadi. "Sandaqalarning ko'pini ko'rganman, tadbirkorning yo'liga shlagbum tashlamoqchi bo'lasan hammang, mejdu prochim, men xalqni bog'ayapman", -deb, ko'kragiga urib do'q qiladi. O'sha "xalqni bog'ayotgan" tadbirkorning ishini yaxshiroq kuzatsangiz, olib kelgan mahsulotini istagan narxida sotib, kassadan o'tkazishni xayoliga keltirmaydi, boz ustiga elektr tokini yashirincha olib kirgan, gazdan noqonuniy foydalanayotgan bo'ladi. Bu xurmacha qiliqlar ayon bo'lganidan keyin epchil tadbirkor havosi bo'shagan pufakday pissayib, "Aka, o'lib qopmiz, bilmay qopmiz, yordam qiling, xizmat bizdan", -deb yalinishga tushadi.

Samarqand shahridagi Markaziy istirohat bog'ining gir-atrofi lo'lining chodiriday oshxona-yu do'konlar bilan o'ralgan, hatto ichkari tomonlari yemakxonalarga to'lib ketgan edi. "Ey birodar, hayot faqat oshqozondan iborat emas-ku, odam dam olishi kerak, madaniy hordiq chiqarishi kerak", -deydigan mard topilmadi. El ichida o'zini sipo ko'rsatib, odob bilan yuradigan ba'zi rahbarchalar yeng ichida ish qilib, o'zini qo'yning og'zidan cho'p olishga uyaladigan musichaday ko'rsatdi. Natijada yetti iqlim sayyohlari bir ko'rishni orzu qilib yuradigan shahri azim Samarqandning aholi gavjum joylari do'kon va do'konvachchalar, shashlik va kabobpazliklar uchun gala qashqirlar hujum qilib yenggan arslonday parcha-parcha qilib bo'lindi, taqsimlandi, talon-taroj qilindi. Sarmoyasi borlar silliqqina qilib jimjimador imzochalar bilan qarorlar chiqarib olishdi, sarmoyasi yo'qlar beqaror ham quraverdi. O'ndan ortiq katta-katta kitob do'konlari izsiz g'oyib bo'lib, o'rniga neon chiroqlari ko'zni olgudek yaltillab turadigan hashamdor do'konlar paydo bo'ldi. To'g'ri-da, bizga kitob nimaga kerak qorin bilan o'ylaydigan bo'lsak! Faqat bittagina kitob do'koni tog'ora sotishdan asrab qolindi.

Xususiylashtirishda ham o'ziga xos o'yin ketayapti. Ko'pchilik boyvachchalar xususiylashtirib olgan tashkilot yoki korxonani ishlatmay shunday tashlab qo'yayapti, yoki uni buzib o'zi uchun ikki qavatli qilib imorat yopayapti. Shahar obod bo'layapti, jamoatchilik yana jim. "Turing birodar, o'rningizdan qo'zg'aling, ongingizni karaxtlikdan uyg'oting, qarang, qancha bunyodkorlik ishlari qilinayapti, siz uchun bu ishni birov qilib bermaydi, hech bo'lmasa eshigingizning oldini obod qiling, ertaga o'zingizga qulay bo'ladi", -deya hayg'irging keladi jamoatchilikka. Ibrohimdan qolgan do'konga keladigan bo'lsak, uni qaytadan qurish yoki poydevorini almashtirish o'zimizga bog'liq. Faqat uning qonuniy yoki noqonuniy qurilganligini aniqlab, hujjatlari to'g'ri bo'lsa, keyin jamoatchilikni yordamga chorlab ishga kirishish kerak.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.