OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Fortochka ochiq bo’lsin (hajviya)

Qadim-qadimdan, mezazoy erasimi, neolet yoki poleolet davri, tosh asri, bronza asridami, bundan qat'iy nazar odamzod tabiat oldida  ojiz qolganida qo'rquvdan  turli xil afsonalar, ehromlar yaratgan, nimalargadir sig'inib, panoh izlagan. Jamiyatdagi tarixiy evrilishlar davrida  shunday jarayon yuz beradi. Odamlar g'ayri tabiiy narsalarni izlay boshlaydi. Bir davrga kelib har turli poltergeys, ko'zboylag'ich, ekstrasenslar yuzaga chiqib qoldi. Ayniqsa  Kashpirovskiyni aytmaysizmi? Bir dam ursa uxlatadi, bir dam ursa uyg'otadi. Yaralar o'z-o'zidan bitib ketadi, kasalliklar yo'qoladi. Yana uning oldida aylanib yurgan o'zimizning mahalliy laychalarni ko'rsangiz. Hammasi Kashpirovskiyga taqlid qilishadi. Rossiya televideniesidan Chumak degan ekstrasens har kuni ertalab chiqib, qo'li bilan odamlarning ichak-chavog'ini uyoqdan bu yoqqa ag'darib, tortqilagani-tortqilagan.

O'zimizda duppadurust yurgan kasbli-korli odamlarda ham sehrli quvvat, bioenergiyalar paydo bo'ldi. Bittasi  xalqaro ekstrasenslar uyushmasining prezidenti bo'ldi, qolganlari falon pul bilan unga a'zo bo'lib, odamlarni "davolay" boshladi. Basrullo degan okaxon bir dumalab poltergeys bo'ldi-qo'ydi. Rizamat degan yordamchisi bilan gastrolga bormagan joyi qolmadi. Yo'q, oxiri uch yil chillaga o'tirib, hozir yana tinchgina tirikchiligini qilib yuribdi.

 Yaxshigina hofiz ekstrasensga aylanib, yillab seans o'tkazdi. Gurros-gurros odamlar izidan chopgan, seansga patta topolmay sarson bo'lganlar qancha. Hofiz-ekstrasens shundan dang'illama imoratlar qurdi, hovlisini  hayvonot bog'iga aylantirdi. Hozir uning ham bozori kasod bo'ldi. Yana bitta ekstrasens nuqul tug'maydigan ayollarni davolay-davolay oxiri "Demokratiya" gazetasining muxbiri bo'lib oldi. Shundan beri xotinlar ham tug'may qo'ydi. Duppadurust yurgan Yonbosh Xushbek degan shayir ekstrasens bo'lganiga nima deysiz? Uch-to'rt kishi bir jurnal idorasida shaxmat o'ynab o'tirgan edik, o'sha shayir keldi-yu, gap yana  ekstrasenslikka bog'lanib ketdi:

-Mana ishonmasangizlar, -dedi u old tomonidan chochi tushgan sherigimizni ko'rsatib, -ikki oydan buyon davolayapman. -Keyin uning telpagini boshidan oldi. -Ko'rayapsizlarmi, kam-kam soch chiqayapti. Ikki oyda oldingi holatiga keladi. To'g'rimi? -sherigimga murojaat qildi shayir -ekstrasens.

-Ha, endi, ihhi, ihhi, -dedi sherigim burnini tortib, o'ng'aysizlanib, -shunday.

-Men masofadan ham ta'sir qilaolaman, - rag'batlanib ketdi shayir -ekstrasens. -Kechasi likopchaga shakar qo'yib, dardingizni o'ylab yoting-da, ertalab shakarga qarang, barmoq izlarim qolgan bo'ladi.

-Suratga qarab ham davolaysizmi? -so'radi sodda sheriklaridan biri.

-Ha, suratingizni keltirib berasiz, keyin likopchaga shakar qo'yasiz. Lekin albatta fortochka ochiq bo'lishi kerak. Usiz kirishim qiyin bo'ladi...

Bu gaplardan hammamiz bag'oyat ta'sirlandik va albatta fortochkani ochib qo'yamiz, degan qarorga keldik. Shayir-ekstrasens Yonbosh Xushbek o'rtaga cho'kkan sukunatdan foydalanib, gapida davom etdi.

-Xohlaysizlarmi, hozir sizlarni ortiqcha stresslardan xalos qilaman...

-Xohlaymiz, xohlaymiz, -degan ovozlar eshitildi.

-Unday bo'lsa, hammalaringiz ko'zlaringizni yuminglar, hech narsani o'ylamanglar. Seansni boshladim.

Hammamiz ko'zimizni yumib turibmiz. Yonbosh Xushbek bir narsalarni pichirlab o'qiyapti, ro'paramga kelib qo'llarini ko'tarib -tushirayapti, ko'zimni ochishga qo'rqaman-hurmatsizlik bo'lmasin, deyman. Bir payt u:

-Bo'ldi, ko'zlaringizni ochinglar, -deb buyruq berdi. -Qanday, o'zlaringizni avvalgiga qaraganda yaxshi sezayapsizlarmi?

-Yaxshi, yaxshi, rahmat sizga, -degan olqishlar aytildi. -Ancha yengil tortdik.

-Mana sizga Hoji buvo, qo'l nazri, -deya Jamol unga besh so'm uzatdi. Olti kishining hammasi qo'l nazri, deb Yonbosh Xushbekka pul uzatdi. Men ham cho'ntagimdagi oxirgi tushlik pulini unga berdim.

-O'zi, men pul olmayman, -dedi Yonbosh Xushbek kamtarlik bilan. -Endi qo'l nazri bo'lgandan keyin, -deb pullarni yig'ib oldi.

Shu shayir-ekstrasens yana katta-katta yig'inlarda, zallarda ancha yil o'z sanoatini namoyish qildi. Hozir esa binoyidek shayirligiga qaytdi. Endi Vatan, demokratiya, uyg'onish haqida ajabtovur she'rlar yozyapti. Ko'z boylag'ichlik bilan odamlarni uxlatib yurgan shayirning uyg'onish haqida she'r yozishi qiziq bo'larkan Ha, baribir she'r ulug'-da!

Bir rejissyor do'stimiz bor, Davronali Haydariy Husniddinxo'ja o'g'li degan. Bu kasallik unga ham tegibdi.

-O'zim hech osh qilmaganman, bir kuni osh yegim kelib qoldi, -dedi bir kuni u. -Yolg'iz o'zimman, sabzini to'g'rab, piyozni qovurib, go'shtni qo'shib, hammasini qozonga soldim-da, keyin suv solib:

-Yo piru avliyolar, o'zlaringiz qo'llanglar, -deb qozonning qopqog'ini yopib qo'ydim. Qirq besh daqiqadan keyin qopqog'ini ochsam, xudoning karomati bilan osh pishibdi. Oshni suzdim, choyni damladim, ota-onam arvohini xotirlab, "Ota bu choy sizga, ona, bu choy sizga", -deb  qo'ydim. Keyin, qani olinglar, bismillo deb oshni yedim. Bir lagan osh, xudoyo tavba, hash-pash deguncha tamom bo'lsa bo'ladimi, -dedi.

-Shu yerda begona qo'llarni sezmadingizmi, -deb so'radim.

-Nega begona qo'l bo'ladi, -hayron bo'ldi Davronali Haydariy.

-Chunki bu uy qurilmasdan burun uning o'rnidagi "obshiy dvor"da ko'pgina o'ris kampirlar yashardi-da. Ularning ruhlari ham adashib  kelib, oshga sherik bo'lgan bo'lishi mumkin-ku!

Bu gapimdan albatta, Davronali Haydariy xafa bo'ldi. To'g'ri-da, odam ko'nglidagi gapini  to'kib solsa-yu, uni hazilga yo'ysang, har qanday odam xafa bo'ladi-da!

Hozir zamon o'zgarayapti, barqarorlik bo'layapti, hamma narsa izga tushayapti. Poltergeyst, ko'zboylag'ich, ekstresensliklar barham topayapti. Bu hayotimizning gullab yashnashidan, kelajagimizning buyuk bo'lishidan dalolatdir.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.