OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Ichki dushman (hajviya)

Imperator Frants Iosif I ning jiyani ertsgetsog Ferdinandni otishganida Shovvoz askar Shveyk: “Men uning qotiliman!” -deya tan oladi. «Nega bunday qilayapsiz?» degan savolga u pinagini buzmay: «Baribir tan oldirishadi, nima qilasan asabingni  buzib, -deydi. -Mana, Iso Payg’ambarni aybi bo’lmasa ham xochga mixlab tashlashgan. Maul halten und weiter dienen. Aslida bu ichki dushmanlarning ishi».

Odam bolasini tug’ilganidan boshlab o’lguniga qadar ichki dushman ta’qib qiladi. Go’dak sutning ta’mini olganidan keyin ko’krakning birisini emib, ikkinchisini birov ilib ketmasligi uchun qo’li bilan changallab oladi. Odam Ato Iqlimani Qobilga nikohlab bermoqchi bo’lganida uning ko’kaldoshi Qobil rashki kelib akasini o’ldiradi. Ichki dushman kirdikorlari ana shu tariqa Odam paydo bo’lgan paytdan boshlangan. 

Odam ichki dushmanni shayton, iblis deydi, lekin uning oldida iblis ham ip esholmay qoladi. Diyonatli odam amalga minib qolsa, gala firibgar va muttahamlar unga yaqinlashish payida bo’ladi, kanaday yopishib oladi. Oyog’ining ostiga cho’kka tushib yotib oladi, o’ldirsang o’ldir, qornimga tepma, deydi. Chunki u o’shaning obro’si bilan ob-havo qilmoqchi bo’ladi. Ichki dushman amaldorning orqasidan soyaday ergashadi, xatolarini xaspo’shlaydi, to’g’ri gapni yashiradi, o’z manfaatlaridan kelib chiqib maslahat beradi. Xohlagan odamini yaxshilaydi, xohlagan odamini yomonlab ko’rsatadi. Amaldor uning itdek sadoqatini ko’rib bo’shashadi, mas’uliyatni unutadi, xushomadgo’yliklaridan bahri-dili ochiladi. Grek faylasufi Diogen aytganidek, xushomadgo’y uy hayvonlari ichida eng xavfli maxluq ekanligini unutadi. Amaldorning ustida qora bulutlar to’plana boshlagach, soya izsiz yo’qoladi, uni kunduzi chiroq yog’ib qidirib topib bo’lmaydi. Bu paytda u boshqa amaldorning orqasidan soyaday ergashib yurgan bo’ladi. 

Ichki dushman odamning qiyofasida, yurish-turishida, gap-so’zlarida zohir bo’ladi. Nafs  degan ichki dushman yaxshi odamlarni yakson qiladi. Fikrsizlik degan ichki dushmanga taslim bo’lgan odam qurug’ aravaday shaldirab hammani bezor qilivoradi, qancha kam o’ylasa, shuncha ko’p gapiradi. Ba’zan ichki dushman baxillik, hasadgo’ylik ko’rinishida namoyon bo’ladi. Unga giriftor bo’lgan odam hayotdan, jamiyatdan norozi bo’lib yashaydi. Birovga yaxshilik qilolmaydi, yaxshilikni ko’rolmaydi. Yo’q bo’lsa berolmaydi, bor bo’lsa tinch turolmaydi. Hamma tomonga mish-mish va bo’htonlarni qirqoyoqday o’rmalatib yuboradi. Ma’naviy majruh odamlarda ichki dushman yog’imtoylik tusini oladi. U hammaga yog’imli gapiradi, ichidagini sir boy bermaydi. Manfaatlar to’qnash kelsa, yoki ko’proq ichib qo’ysa, asl qiyofasi namoyon bo’ladi. Ichki dushman bir chekkada «bopladimmi» deganday yog’imli iljayib turaveradi. 

Qo’rqoqlik, boqimandalik, ojizlik, takabburlik, sotqinlik aksariyat bandai mo’minning ruhiyatida mavjud bo’lganligi tufayli jamiyatda siljish bo’lmaydi. Ko’p gapiriladi-yu, amalda hech ish qilinmaydi. Ma’naviyat haqida ma’naviyatsiz odamlar gapira boshlaydilar. Shundan keyin ommaviy loqaydliklar boshlanadi. Loqaydlik oralagan bog’ payhon, yurt vayron bo’ladi. Tashqi dushmanni ko’rish, kuchini chamalash, unga zarba berish mumkin. Ichki dushmanni bilib bo’lmaydi. Chunki u idorada shirin qotil, jamiyatda yog’imtoy sotqin, oilasida mehribon ota. Birovni o’ldirib, birovni sotib uyiga kelgach, bolalarining boshini mehr bilan silaydi, hatto o’pib qo’yadi. Lekin unga ham qiyin. U bechoraning ichki dushmani-xotin! Oxir-oqibatda bir kun kelib ichki dushmanning barcha niqoblangan kirdikorlarini xotini fosh qilib tashlaydi. 

Afandi bir kuni xotinini sinash uchun chalpak pishirib hovliga yoyibdida, keyin uni chaqirib, ikkovi chalpaklarni yig’ib olishibdi. Shundan so’ng Afandi bozorga borib, qassobdan qo’yning kalla-pochalarini xarid qilibdi, qopga solib uyiga olib kelibdi. Xotiniga: «Bozorda birov bilan janjallashib, jahl ustida o’ldirib qo’ydim, hech kimga aytma», - deya qopni somonxonaga  ko’mib tashlabdi. Ikki kun o’tgach, nima bo’libdi-yu o’rtada gap qochib, Afandi xotinining yuziga tarsaki tortib yuboribdi. Xotin to’ppa-to’g’ri qozining huzuriga borib, eri odam o’ldirib somonxonaga ko’mib tashlaganini aytib beribdi. Mirshablar somonxonani kavlab ko’rishsa, qo’yning kalla-pochasi chiqibdi. «Eringiz buni qachon ko’mgan edi?» deb so’rashsa, «Esimda yo’q, o’sha kuni chalpak yog’uvdi», -dermish sarosimaga tushgan xotin...

Ichki dushman hamma vaqt hamlaga shay turadi, qopishga qulay payt poylaydi. Uni vaqtida yengmagan, yanchmagan odam, idrok qilolmagan jamiyat sog’lom fikrlayolmaydi, isitmalaydi, alahsiraydi. Ichki dushman o’ljasini sotadi, otadi, hamla qilib yiqitmoqchi bo’ladi. Shuning uchun uni uzilmaydigan zanjirda tutib turgan ma’qul. Shunda jamiyat ham, odamlar ham ortiqcha xavf-xatardan xoli bo’ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.