OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Imtihon (hajviya)

-Qani, hamma shu yerdami? Bo'lmasa boshladik. Bugun ikkinchi mutaxassislik diplomi uchun davlat imtihonini topshirasizlar. Hammang tayyormisanlar? Ko'rib turibman tayyorliklaringni. Sanlar hech qachon tayyor bo'lmagansanlar. Ba'zi birovlaringni uch yil ichida birinchi marta ko'rib turibman... Xo'sh, qani kim tayyorgarliksiz javob beradi? Dehqonov, san shoshmaytur. Sandan boshqa odamlar ham bor. Qani, birorta mard bormi? Ha, kamtarlik qilayapsanlarmi? Hoy san, Qo'shboqovmiding, qirq gradus issiqda qora kostyumga balo bormi? Ja-a kuyovlarday bezanib kepsan? Nima balo, ikkinchi marta uylanayapsanmi? Apparat majlisiga borishing kerak? Apparat majlisiga kostyumsiz qo'ymaydimi, yo apparating ketganmi? Haliyam shu kallang bilan hokim o'rinbosarimisan? Ha, haydashdimi? Ko'tarilding? Hokim bo'ldingmi? Vazir o'rinbosari? Sani ishga olgan vazirning ham sho'ri quribdi bo'lmasa. Bor, bahong besh! Vazirga mendan salom ayt!

G'ayirov, yarim soatdan beri tilponchangni quloqdan qo'ymaysan, nima, bu yer peregovorniy punktmi? Bunaqada quloqdanam, oyoqdanam ajralib qolasan-ku bo'tam? Otang yaxshimi? Bor, juda qiynalib ketding, bahong besh, otangga salom ayt.

Qilichev, qalqonlar butunmi? Prokuraturadan joy tayyorlab qo'yishibdi? Mayli-mayli, qayerda bo'lsang ham qonunlarni hurmat qilishga harakat qil, sanga ham javob. Qovliyev, haliyam soliqda ishlayapsanmi? Kecha yangangning do'konini kassa apparati ishlamagani uchun yopib qo'yishgan ekan, shuni hal qilib zachetkangni olib ketaver. Yo'lchiyev, sanga ham javob, xodimlaringga ayt, o'g'limning pravasini tezroq hal qilib berishsin. Qo'yliboev, bu yil har yuz bosh sovliqdan qanchadan qo'zi olindi? To'qsontadan? Qolgan o'ntasi qani? Mening qo'ramda? Obbo Shovvoz-ey, nima qilarding ovora bo'lib yemish yo'q paytida. Endi yemishniyam o'zing topishingga to'g'ri keladi, sanga javob. Haqberdiyev, zachetkangni olib kel, otangning xizmatini hech kim bilmasa ham, mana men bilaman! Uni nohaq ishdan olib tashlashdi. Bunda kimlarning qo'li borligini o'zing yaxshi bilasan. Bugun amaldan tushgan bo'lsa, ertaga yana ishlari o'nglanib ketadi. Xo'sh, yana kim qoldi? Men nomozga shoshilayapman, shuning uchun bu yog'ini tezlashtirsak. Ko'chada turgan Mersedes-Bents kimniki? Balli, bahong besh, ketaver! Espero kimniki? Besh! Neksiya kimga qarashli? Ketishing chakki emas, olti oyda olgan bo'lsang. Biz paqirlarni ham unutib yuborma. Ustoz hamisha ulug' bo'lgan-a! Sanga ham javob!

Starosta, tashkiliy ishlarni shomgacha tugat, tushundingmi? Ishlarim chala qolsa shomni xotirjam o'qiy olmayman, bilasan-ku! Menga nasiyasi ketmaydi, o'yin halol bo'lishi kerak. Yil bo'yi Dehqonovdan bo'lak hech kim darsga qatnashgani yo'q, shuni esdan chiqarishmasin. Agar kavlashga kirishsam, o'zing bilasan bu yog'i nima bo'lishini. Qani, yana kim qoldi? Dehqonov, bemaza savollaring bilan yurakka tushib ketding. Qani, bitta savol beraman, to'g'ri javob bersang, bahong besh! Xo'sh, huquqiy demokratik davlat deganda sen nimani tushunasan?

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.