OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Ishonchli razvedka (hajviya)

Afandi daraxt shoxida turib uni arralayotgan ekan, yo'lovchilardan biri buni ko'rib: «Afandim, o'zingiz turgan shoxni arralayapsiz, bunaqada yiqilib tushasiz», -deb o'tib ketibdi. Afandi «Bir sen qolgan eding menga o'rgatmagan», deya to'ng'illab daraxt kesishda davom etayotgan ekan, shox-poxi bilan qo'shilib yerga qulab tushibdi. Inqillab-sinqillab o'rnidan turgan Afandi haligi kishining ortidan quvib borib: «Sen haqiqiy avliyo ekansan, kelajak taqdirim haqida bashorat qilsang», -dermish... Shamol bo'lmasa darparda qimirlamaydi, deganlariday, hozir eng sinalgan ishonchli razvedka ma'lumotlarini ko'chada olasiz. Mutlaqo maxfiy, ishonchli manbalar, degan gaplar hamisha kimningdir manfaatiga xizmat qiladi. Hatto chet el matbuoti, radio-televideniyesi ham o'zi xizmat qiladigan g'oya nuqtai-nazaridan turib aldaydi. Ishonchli razvedka aldamaydi. Ko'chaga chiqsangiz bas, darrov boshlanadi: Eshitdingizmi, falonchini ishdan olishipti, o'rniga falonchi kelipti... Falonchining tovug'i bir sutkada beshta tuxum qo'yipti, qandaydir yozuvlari bor emish va hokazo. Razvedka ma'lumotlaridan bechora tovuq ham qochib qutulolmaydi. Bo'ladigan voqealar haqidagi mish-mish olti oy oldin hammaga ayon bo'ladi. Ishonchli razvedka shaxmat qiroliday sipohidan fil yasaydi, shohni oddiy piyodaga aylantirib qo'yadi. Bu razvedka xizmatida ayniqsa ayollar katta rol o'ynaydi. Ular erkaklar his qilmaydigan yettinchi sezgi organi bilan hamma yangilikni oldindan ko'rabilish quvvatiga ega.

Bittasidan «Sen safarga ketganingda xotining nima ish bilan shug'ullanganini qayoqdan bilasan?» -deb so'rashganida, u: «Buning yo'li oson, kelishim bilan qo'shni ayolning eshigini taqillatib, unga «Sen suyuqoyoqsan», -desam bo'ldi, «Hali men suyuqoyoqmanmi, o'zingning etagingni hidla, sening xotining...», -deb boshlaydi, hamma gapni bilaman-qo'yaman, dermish. «Uyga kech kelganingda xotiningga qanday bahona topasan», -deb so'rashsa: «Xotin eshikni ochsa, «Salom!» deyman, qolgan gapni o'zi aytadi», -dermish...

Germaniyadagi falon firma egasi bobosining bobosi chiqargan Zinger tikuv mashinasini falon dollarga sotib olayotgan emish, degan gap o'rmalashi bilan hamma joyda Zinger savdosi avj olib ketdi. Hamma zing'ir-zing'ir yugurgan, Zinger qidirgan, hamma joyda sotuvchi bor, oluvchi yo'q. Shoir Yahyo Tog'a birdan boyib ketish uchun uyiga yigirmata mayib-majruh Zingerlarni yig'ib keldi, qani birov so'rasa! Birdan boyib ketishni va'da qiladigan xatlar paydo bo'ldi, shuni ko'chirib yigirma kishiga tarqatsang, to'rt kundan keyin boy bo'lib ketasan, tarqatmasang, baloga yo'liqasan, falon manzilga pul jo'natsang, falon oydan keyin keyin millioner bo'lasan, deydigan maslahatchilar ko'paydi. Xalq ishonchli razvedkaga ishonadi, qanday maqom bo'lsa, shu usulga yo'rg'alayveradi. Bir kuni to'yxonada kap-katta odam «Nestle» idishining  yorliqlarini yig'ishtirib yuribdi. Hay tinchlikmi? -deb so'rasam, «Shuning yutuqli raqamiga Neksiya berisharmish», -deydi. «Nestla buni, -dedim. -Sen sodda hali shunga ishonib yuribsanmi?» Yo'q, odamlar hamma narsani biladi, razvedka yaxshi ishlaydi-da! Shu qog'ozdan haqiqatdan bitta qiz Neksiya yutib olibdi. Lotereyalarga yutuq chiqmaydi, deyishadi. Mana, universiadaga chiqarilgan lotereyadan qancha odam moshinali bo'lib qoldi. Buning ustiga qog'oziyam yumshoq, ha endi yutuq hammaga chiqadi, deb peshonasiga yozib qo'yilgani yo'q-ku! Yutuq chiqmasa hojatxonaga ishlatsa ham bo'ladi. Bittasi «Bu o'yinga ishonmayman, xotin-qizlar  lotereyasining o'yini chiqmay ketdi, hammamizni aldashdi», -deb qoldi. O'yin chiqmagan bo'lsa, keyingi yil chiqar, buning ustiga bechora tashkilotchilar odamlarning halovatini o'ylab qancha-qancha yumshoq qog'ozlarni isrof qilishgan axir! o'ylash kerak-da! Mana, qaysi bir tashkilot mehribonlik lotereyasi chiqaribdi, odamlar gurros-gurros ochiritda turib sotib olishayapti. Bor-yo'q puliga, oylik maoshiga, o'lar-yetariga qaramasdan olishayapti. O'yinni tashkil qilgan mehribon amaldor yutuq yutmasa, xonamda turgan tilivizirniyam, hashardan, depozitdan tushgan pullarniyam yutuq uchun berib yuboraman, xalq boy bo'lsin, menga hech narsa kerak emas, deya va'da beripti. Buni eshitib yig'lagim kelib ketdi. Ana, javonmardlik! Ishonchli razvedka ma'lumotlariga qaraganda o'sha fidoiy inson qilgan olijanobliklari uchun oliy mukofotga tavsiya qilingan emish. Men ham o'sha lotereyadan bittaginasini avaylab-asrab olib yuribman. Zora ishonchli razvedka taxminlari to'g'ri chiqib, birorta Matiz yutib olsam!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.