OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Jomso’z (hajviya)

Jomso'z yaxshi narsa-da. Bir-biringni maqtaysan, hamdu sanolar aytasan, ko'proq ichib qo'ysang, ko'ngling buzilib ko'z yosh to'kib olasan. Jomso'zni ayniqsa gurjilar boplaydi. "Ya vipyu za tvoy grob, sdelanniy iz duba i kotoriy tolko vchera posadili", -deydi. Yahyo Tog'ada ham ancha-muncha jomso'zlar bor. "Yaxshi odamlar uchun ichaylik, -deydi, -biz tobora kamayib borayapmiz". Yoki inglizchalab "Dau uay ui pem", -deydi. "Pozdno vipitoe vtoroe zrya vipitoe pervoe", - deydi. Jomso'zga qiziqaman.  Lekin fojea shundaki, ba'zan kallaga kelib qolgan tasodifiy gaplardan jomso'z buzilib ketadi. Bir ziyoli insonning tug'ilgan kunida o'tiripmiz, davrada gala dotsent, professorlar, to'rda bir akademik donolik qilayapti, kulsa hamma kuladi, kulmasa jiddiy turishadi. Bir payt so'z navbati menga keldi. Jomso'z aytdim, hamma qarsak chaldi. Akademik hozirjavoblik bilan: "Endi ichib berasiz", -deb gap qo'shdi. Hamma kuldi. "Mayli", -dedim. "Yo'q, ichib, berasiz!" -dedi akademik dona-dona qilib ta'kidlab. Kerakmidi senga shu?! Yana hamma kuldi. "Mayli, ichib, beramiz, bermay ketmondasta qilamizmi?"-dedim-da qadahni ko'tarib yubordim. Ichib bo'lib qarasam, hammaning qo'lida qadah, na ichishni biladi, na kulishni biladi, akademikka qarab turishipti. Akademikning rangi o'zgargan, ichilmagan qadah qo'lida, ichi og'riyotgan bo'lsa kerak, deb o'yladim. Shundan keyin u ziyofatning oxirigacha o'tirmay ketib qoldi. Odamning ichi og'risa, ko'ziga hech narsa ko'rinmaydi-da!

Obloqul akaning bir rais og'aynisi bir kuni bizni qo'yarda-qo'ymay Kattaqo'rg'onga baliqxo'rlikka olib bordi. Ziyofat quyuq, hamma jomso'z aytgan.  Bir mahal jomso'z aytish navbati menga kelib qoldi.

-Bir yigitning ho'kizi bor ekan, -dedim. -U ho'kizini shunday yaxshi ko'rar ekanki, nima topsa o'zi yemay unga yedirar ekan. Yigitning eyishga hech vaqosi qolmasa ham ho'kizini so'yishga ko'ngli bo'lmapti. Ochlikdan tirishib dunyodan o'tipti. Maloikalar kelib yigitning taqdiri azalini ochib ko'rishsa, uning peshonasiga har kuniga bittadan ho'kiz yozilgan ekan...

Jomso'zning yakunida "Sizning ham peshonangizga har kuniga bittadan ho'kiz yozilgan bo'lsin",-deyishim kerak, ziyofatda o'tirganlarni sanab ko'rib: "Sizning ham peshonangizga bugun beshta ho'kiz yozilgan ekan", -deb yuboribman. Buni eshitgan  Obloqul aka:

-Semizini so'yamiz semizini, -dedi. Mamadiyor esa:

-Yo'q qarrisini so'yamiz, qarrisini, -dedi. Buyog'i kulgiga ulanib ketdi.

 Bir kuni ishxonaga katta bir idoraga ishga ko'tarilib ketgan hamkasbimiz kelib qoldi.

-Afandim, bu yerda qayerga o'tirgansiz, -deb so'radim. U falon joyga o'tirganman, desa, men ham shu yerga o'tirib, shoyad ko'tarilib ketsam, - deyman deb turibman.

-Hamma yerda o'tirganman, - dedi hamkasb.

-Shuning uchun hamma yer sasib yotgan ekan-da, -depman. U hatto xayr-ma'zurni nasiya qilib ketib qoldi. Katta-katta davralarda jomso'z aytishga to'g'ri kelgan. Tumonot odam yig'ilgan bir o'tirishda avval Xumiy afandini, keyin meni mikrofonga taklif etishdi. Davra shirakayf, g'ovur-g'uvur avjida, domla Xumiy mikrofonda she'r o'qiyapti, hech kim quloq solmayapti. Bundan g'ashim kelib o'tirgan edim, bir payt meni jomso'zga chaqirib qolishdi. Mikrofonga borib, "Uvajaemie dami i gospoda", - degan edim, hamma jim bo'lib qoldi. Zalning o'rtasida bittasi stulni doyra qilib tapillatib chalib yotipti. "Ey, zatknis!" deb yuboripman. Shu zahotiyoq ikki kishi qo'ltig'imdan ushlab meni tashqariga sudrashdi, aytadigan jomso'z chala qoldi. Boqijon Imomov degan sirdaryolik muxbirimiz nafaqaga chiqqanida hammaga yubiley qilib berdi. Jomso'z aytmagan odam qolmadi. Navbat menga keldi:

-Afandim, -dedim. -Shu qadahni evarangiz uchun olamiz. Yuz yoshga kirganingizda evarangiz ustingizga chiqib, pampersingizni ho'l qilib qo'ysin...

-Iloyo shunday bo'lsin. Sizlarga ham shuni tilayman, -deya Imomov ko'zidagi quvonch yoshlarini artib, menga bitta ko'ylak hadya qildi.

Hozir shu ko'ylakni kiyib yuribman. Mabodo jomso'z aytish lozim bo'lgan davralar bo'lsa, meni chaqirishni unutmang. Buyog'i, ko'ylakni almashtiradigan vaqt ham bo'lib qoldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.