OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Kim ko’p kuladi? (hajviya)

Yo aqldan ozgan kishi, yoki tomi endigina keta boshlagan odam ko’p kulmasa, hozir kuladigan odamning o’zi  yo’q. Hamma ho’mraygan, o’qraygan, bir-biriga otasini o’ldirib qo’ygan odamday, xalq dushmaniga  qaraganday qaragan. Nimaga shunday? Chunki ulardan biri salgina  iljayib qo’ysa: “Buning ham tomi ketib qopti-da!” deb achinadiganlar yonginangizda o’tirgan bo’ladi.
Hay-hay, bekorga shubhalanib, atrofingizga qarashga ko’p shoshilmang. Yonginangizda o’tirgan sherigingiz ham ana shu shubha tufayli sizga qarashga botinolmay turibdi. Bu noxush holatdan qutulishning bitta yo’li bor: yonma-yon o’tirgan kishi bab-baravar bir-biriga qaraydi... va tasavvur qiling, bir-biringizning qiyofangizdagi savdoyi ifodadan sharaqlab kulib yuborasiz.
Ha-a, ana endi o’zingizga  keldingiz. Puli yo’q odam ana shunday, har narsaga kulaveradi, birov yo’talsa ham kuladi, bir-biriga qarasa ham kuladi, hech  bo’lmasa yig’lamaslik uchun ham kuladi. Qarz so’rasangiz ham kuladi, qarz bersangiz ham kuladi, uyiga borsa ham, ko’chaga chiqsa ham kuladi. Kulgisi yig’iga o’xshaydi, yig’isi kulgiga o’xshaydi puli yo’q odamning. Salom, desangiz ham kuladi, falon, desangiz ham kuladi, kulaveradi, kulaveradi...
Puli bor odam esa umuman kulmaydi, jiddiy turaveradi. Yurganida qadami qarsillaydi, bo’yniga glastik uradi, so’nggi modada kiyinib yuradi. Bir joyga borsa, darrov telefonga yopishadi, bir soat davomida “falonchi-pismadonchi”lar bilan gaplashadi. Ovozi temirchining bosqonida toblangan o’ris o’rog’ining o’t o’rishiday shig’illaydi. Qaysi kattakon bo’lsa,  kimni tilga olsangiz uning tog’asi yo xolasi, yo qadrdoni bo’lib chiqadi. “Ha umi,-deydi,-mening qadrdon akam bo’ladi.” Akasi uni yetti uxlab tushida ham ko’rmagan bo’ladi. 
Puli bor odam kulmaydi. Juda bo’lmasa, labining cheti bilan kulganday bo’lib “ihi-ihhi”,-deb buyog’ini yo’talga ulavoradi. U faqat qanday qilib pulni ko’paytirishni o’ylaydi, rejalar tuzadi, tovlamachilik qiladi, duch kelganni aldayveradi. Yo’l-po’lda birov salom bersa pul so’raydi, deb o’ylab, salom, deyish o’rniga o’zim, deya ketaveradi. Salom bergan odam hayron,  u nima dedi, deb kuni bilan o’ylab, bu jumboqni yecholmay garang bo’lib yuradi. Bu paytda puli bor odam u bilan xayolan suhbatlashayotgan bo’ladi:
–Salom!
–Salom!
–Puling bormi?
–Bor...
–Qarz berib tur?
–Bermayman...
–Nimaga?
–o’zim...
Mana, salomga o’zim, degan javobning mazmuni. Puli bor odam hech qachon birovga qarz  bermaydi, puli yo’q odam hammaga qarz beraveradi... Ba’zan qarz bergani esidan ham chiqib ketadi, juda bo’lmay qolgan paytda allaqaydan o’sha qarz olgan odam kelib qoladi va qarzdorligini eslatib, unga pulini qaytarib beradi. Puli yo’q odam qarz berganligi esidan chiqqanligini eslab kuladi, mazza qilib, ko’zlaridan yosh chiqquday bo’lib kuladi. Chunki unga mumkin. Chunki tirikchilik salmog’idan uning tomi ketgan bo’lsa-da, kulgisi samimiy. Kulgisi samimiy bo’lgan insonning qalbi samimiy bo’ladi! Bo’lmasa hozirgi paytda kim ham kulardi deysiz?!!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.