OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Kuch birlikda (hajviya)

Bir odamning o’nta o’g’li bor ekan. Bir kuni u o’g’illarini yoniga chorlab, ulardan biriga “sindir” deya bitta xipchin tutqazipti. O’g’il sindiripti. Ota unga to’rtta xipchin began ekan, o’g’il yana qoq ikkiga bo’lib tashlapti. Shunda ota o’nta xipchinni juftlab o’g’liga: “Qani, buni ham sindirolasanmi?” deya namoyishkorona qarab turipti. O’g’il karatest ekan, bu xipchinlarni ham bir siltab sindiripti. Ota «E enangdi senlarni...» deb hafsalasi pir bo’lib chiqib ketgan ekan. Holbuki u bor-yo’g’i «Mana bolalarim, kuch birlikda, birlashsalaring hech kim senlarni sindirolmaydi», -demoqchi bo’lgan ekan xolos.

Lekin baribir birlikda gap ko’p. Mana, necha yillar «Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!» deb yurdik. Proletarlarning qorni och ekan, birlashtiruvchi kuch zaiflashishi bilan hamma har tomonga tarqab ketdi. Birovi xon, birovi sulton bo’ldi, birovi imperiya tuzdi, birovi NATOga a’zo bo’ldi. Birovi Leninning haykallarini yiqitib o’zinikini o’rnattirib chiqdi. Hatto haftalarning nomini qarindosh-urug’lariga bo’lib berdi. Orzuga ayb yo’q-da! Lenin orzu qilgan «Har bir oqsoch davlatni boshqara bilishi kerak», -degan zamonlar mana endi keldi. Faqat odamlarni qanday birlashtirishni bilsa bas. Buyog’ini boshqarish oson bo’ladi. 

Gitler davlatni ana shu printsip orqali boshqargan. Uning o’ng qo’li fon Gebbels «katta yolg’on siyosati»ni hammaning ongiga singdirgan. Qarabsizki hamma vatanparvar, o’zini ambrazuraga tashlagan, otasini xalq dushmani deb otgan... Fon Gebbels shunchalik kuchli notiq bo’lgan ekanki,  xalqning fidoyiligini sinab ko’rish maqsadida «Ertaga sizlarni osamiz», -deganida hamma bir ovozdan «Xayl Gitler!» deb yuboribdi.. Bundan mamnun bo’lgan reyxsfyurer «Savollar bormi?» deb so’rasa, bittasi qo’l ko’tarayotgan emish. «Ha», -desa, «Gebbelsjon aka, arqonni o’zimiz bilan olib kelaylikmi yo o’zlaringizda topiladimi», -dermish.

Bo’rilar shunchalik yovuz yirtqich bo’lishiga qaramay doim birgalashib yurishadi. Yo’l boshlovchi urg’ochi bo’ri bo’ladi. Mabodo ovchi oldinda ketayotgan bo’rini otib qo’ysa bormi, qolgan bo’rilar  uni tilka-pora qilib tashlaydi. Ovchi axmoq emas, bo’rilarni eng orqada ketayotganidan boshlab bitta-bitta teradi. Bunga ularning ishi yo’q. «Ketsa bittasi ketibdi-da,-o’ylaydi oldinda yo’rtib ketayotgan bo’ri. -Menga tegmayapti-ku!».

Dunyoda qo’ylardan yuvvoshroq uyushib yuradigan jonivor yo’q. Lekin ular ham qo’shxonaga keltirilganda oyoq tirab turib olishadi. Shunda darrov serkani ishga solishadi. Serka qo’ylarni qator qilib kushxonaga boshlab kirib, o’zi narigi tomondan chiqib ketaveradi. Qo’ylar tappa-tappa oyoqlaridan osilganida serka yana boshqa guruhni boshlab kelayotgan bo’ladi...

Ko’pchilik kuch birlikda ekan, deb uni guruhbozlikka yo’yishadi. Shuning uchun ibtidoiy odamlarday guruh-guruh bo’lib bir-birlari bilan mansab talashishadi, bir-birining ustidan yozadi, hatto shubha tug’ilmasligi uchun o’zining ham ustidan yozadi. Guruhlar, fraktsiyalar, partiyalar shunchalik ko’payib ketganki, birining gapi ikkinchisiga to’g’ri kelmaydi. Lekin qizig’i shundaki, hammasi oxir-oqibat mansab uchun talashishadi. «Mansabga erisholsam, xalqqa xizmat qilaman», -deydi partiyaning lideri ovozi qaltirab. «Hozir xizmat qilsangiz bo’lmaydimi?» -deb so’rab qolsangiz «Hozir vaqtim yo’q, saylovlarga tayyorgarlik ko’rayapman», -deb javob beradi. «Ha, 70 yil bitta partiyang xalqqa xizmat qilaman, deb nima karomat ko’rsatdi-yu, sen nima qilarding. O’zi qorning nonga to’ymay yurgan bo’lsa. Erta mansabga chiqsang, yana xalqning hisobidan qorningni to’ydirasan-da! Och bachchag’ardan qoch bachchag’ar!» desangiz, sizni siyosiy shapko’rlikda ayblaydi.

«Gap qorin to’ydirishda emas, -o’pkalaydi u sizdan. -Gap kuchlarni birlashtirishda. Mana, Amerikada demokratlar va respublikachilar partiyasi bor, birining ramzi eshak, ikkinchisiniki fil. Biz kuchlarimizni o’sha maqomotga yetkazishimiz kerak!» Qaysi maqomotga-fil yoki eshak maqomotiga yetkazmoqchimi, uni aytmaydi.

Jinoyat olamida aksincha. Uyushgan guruh bo’ldimi, tamom, hammasi uzoq muddatli safarga jo’natiladi. Bunday holatda barcha jinoyatlarni bittasi bo’yniga olib o’tiraveradi. «O’g’rilik qilganam, moshinni olib qochganam, bankni urganam, poyezdni portlatganam men! -deb mardlik qiladi. Sud maslahatchilari hayron. «Hamma jinoyat bir paytda sodir bo’lgan-ku, barchasiga qanday qilib ulgurdingiz?» -deyishsa, «Hammasi rejalashtirilgan, bankni urib, ko’chada moshina turgan ekan, haydab qochdim, yo’limdan poyezd chiqib qoldi, portlatib yubordim», -deydi ishonarli qilib, «Men odinokoviy volkman, birov bilan ishlamayman», -deydi. Keyin hukmni olib uzoq safarda maza qilib yashaydi. Sheriklarining umri uning oilasini, qarindosh urug’larini boqish bilan o’tadi. Xalqimiz uyushgan jinoyatchilikka qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashadi, tomirini quritmagunicha qo’ymaydi. Yaxshi niyatlar xalqni yanada birlashtiradi, ular birgalashib oshga boradi, to’y qiladi, ko’pkari uyushtiradi, azasida birga bo’ladi. Bo’ladigan xalq ana shunday bo’ladi!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.