OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Kulgi oyoq ostida (hajviya)

Xalqimizda "Falokat oyoq ostida" degan ibora bor. Bu  to'g'ri, albatta. Kundalik hayotimizda shunday kutilmagan voqealar ro'y beradiki, odam uni o'sha zahoti idrok qilolmaydi, keyin uyiga borib, bo'lgan voqeani eslab kula boshlaydi, boshqalarga ham kula-kula bu voqeani gapirib beradi. Hoji degan qadrdonimiz bor, Rossiyaning bir qancha institutlarida o'qib, chala tashlab kelgan. O'rischani yaxshi biladi. Bir kuni trolleybusning orqa tomonida Hoji bilan ketayapmiz, nima bo'ldi-yu, mashina keskin to'xtab, yana yurib ketdi. Kutilmagan siltovdan yo'lovchilar bir qalqib tushdi. Hoji turgan joyidan haydovchiga bor ovozi bilan:

-Ey, chyo, baranov vezyosh chto li? -deb baqirsa bo'ladimi.

Qarasam, trolleybusdagi boshqa zabonli yo'lovchilar kulishayapti.

-Net, polovina svinya, -baqirdim men ham baland ovoz bilan. Qarasam, endi o'zimiznikilar ham kulishyapti...

 Bittasi vrachga borib: "Duxtir, xotinimning oldiga har xil notanish odamlar keladi, shunda u menga: "Bor, kofe ichib tur!" -deb oshxonaga chiqarib yuboradi", depti. Duxtir: "Buning menga nima aloqasi bor", -desa, u: "Ko'p kofe ichish sog'lig'imga zarar qilmaydimi, nima deysiz", -dermish. Kulgi har xil bo'ladi, istehzoli kulgi, zaharxanda kulgi, pismiq kulgi, tabiiy kulgi, zo'raki kulgi... Ba'zan fojea bilan aralashib ketadi kulgili voqea. Ishxonadan paxta terimiga borib bir oy qolib ketdim. Qaytayotganda qo'shnining o'g'lini uchratib, kasalmand og'aynimizning sog'lig'ini so'radim.

-Qobiljon akam o'ldi-ku,-dedi u.-o'n kuncha bo'ldi...

Qotib qoldim. Uyga ham kirmay, o'sha erga yo'l oldim. Ularning xonadoni darvozadan ellik qadamcha narida joylashgan. Bizda o'lik bo'lgan qarindoshnikiga ovozni baralla qo'yib, yig'lab kiriladigan odat bor. Nima bo'lsa-bo'ldi, deb darvozaxonaga yetganda:

-Voy jigarim, voy jigarim,-deya baqira boshladim. Ohu-fig'onimni eshitib, ichkaridan uch-to'rt kishi oyoqyalang yugurib chiqdi, meni ko'rib birovi devorga suyanib, birovi o'tirib qoldi, yana bittasi turgan joyida qo'lini yozib qotib qoldi. Xuddi Gogolning "Revizor" komediyasidagi sahna ko'rinishiday. Bunga hayron bo'lsam ham, baqirib borib ularga ta'ziya izhor qildim.

-Bo'ldi-bo'ldi, ko'p baqiraverma, uyga kir,-dedi xonadon sohibi. o'zimni sal o'nQaysizroq sezib, uyga kirdim. Keyin bilsam, kelishimdan o'n besh daqiqa oldin  xonadonning kelinini tez yordam moshinasi bilan kasalxonaga olib ketishgan ekan. Undan keyin ohu faryod qilib men kelib qolipman...

Kulgi ba'zan haqoratga aylanib ketishi mumkin. Haqoratlanayotganligingizni bilib turasiz, lekin boshqalar bilan qo'shilib kulishdan o'zga ilojingiz qolmaydi. Muxtor Komil degan shayir bilan Nishon tumanidagi maktablardan biriga uchrashuvga bordik. Uchrashuv yaxshi o'tdi, oxirida savol-javoblar bo'ldi. o'n olti yoshlardagi sho'tqariroq bir o'quvchi:

-Domla, hayotda qoqilganmisiz?- so'radi Muxtordan.

-Hayotda har xil vaziyatlar bo'ladi,-dedi Muxtor o'quvchilarga qaramaslikka harakat qilib.-Mana domlalaringiz,-u yonida o'tirgan o'qituvchiga qaradi,-necha martalab qoqilgan. To'g'rimi domla?- o'qituvchi nima deyishni bilmay noiloj boshini irg'adi.-Mana siz ham yosh bo'lishingizga qaramasdan hozirgacha besh-olti marta qoqilgansiz...Men qoqilmaganman!

Bir tanishim ko'p qavatli uyning to'qqizinchi qavatidan o'ris xotinning uyini sotib oladigan bo'ldi. Uyni ko'rishga borganida u dastavval liftni tekshirib ko'rdi. Ishlamayapti.

-U vas lifchik est?-so'radi ayoldan. Ayolning ko'zi pirpirab, katta-katta ochilib ketdi. o'ziga qaradi, tanishimga qaradi.

-CHto vi skazali?-dedi.

-U vas lifchik est?-dona-dona qilib takrorladi tanishim.

-E-est,-dedi ayol talmovsirab.- A zachem vam?

-Zachem, zachem, lift je ne rabotaet. Kajdiy den kak mi podnimimsya na devyatiy etaj bez lifchika?

Ayol karaxt, gapirib-gapirolmaydi, kulib-kulolmaydi.

Bir davrada kim qancha topayapti, shu haqda gap ketdi.

-Men lyotchikman,-dedi davradagilardan biri.-Oyiga sakon-yuz minggacha tushadi.

-Qaysi yo'nalish bo'yicha uchasiz?-so'rashdi undan havas bilan.

-Qaysi yo'nalish bo'lsa ham ketaveraman, zakaz tushsa bo'ldi,-dedi u.

-CHarterniy reys bo'lsa kerak-da,-dedi kimdir.

-Qanaqa reys deb atalishini bilmadimu, lekin yozda, to'ylar boshlanganida qo'l-qo'lga tegmaydi, hammaga muz kerak, kechasi ham uyg'otib olib ketishadi...

Amerika xalqi o'z politsaylarini juda hurmat qilishadi, yoniga yaqin yo'lashmaydi. Mabodo masofa ikki qadamdan yaqinroq bo'lsa, politsay o'zining xavfsizligini ta'minlash maqsadida har qanday chorani qo'llashi mumkin. Yaqinda oltita politsay bir qora tanlini kaltaklab o'ldirib qo'yishipti. Falokat qanday ro'y berdi, deb so'rarsiz? Hammasiga negrning o'zi sababchi. Bechora o'lmaganida o'z aybini bo'yniga olgan bo'lardi. o'shanda ikki tomondan uchtadan oltita politsay kelayotgan bo'lgan. Shunda tor ko'chadan negr chiqib qolgan. U ikki tomondagi politsaylarga ikki qadamlik masofadan yaqinroq bo'lgan. Mana, oqibati. Nega u erda politsaylar uchta-uchta bo'lib yurishadi, deysizmi? Chunki,  ulardan biri yozishni, ikkinchisi o'qishni biladi. Uchinchisi esa savodli kishilar bilan birga-birga yurgisi keladi-da!

Yaqinda bir joyga  mehmondorchilikka bordik. Ziyofat quyuq, hazil-huzul avjida. Mehmonlardan biri tashqariga chiqib keldi-da, dasturxondan  qo'liga bir burda non olib yana chiqib ketdi. Birpasdan keyin yana kelib, bezovta bo'lib bir parcha pishgan go'shtdan olib ketdi. Men hayron bo'lib uning orqasidan chiqdim. Uy egasidan mehmonni so'radim.

-Hayronman, ichketma bo'lganmi, uch marta ketma-ket hojatxonaga borib keldi, keyin xayr-ma'zurni nasiya qilib, yugurganicha chiqib ketdi...

Ha, bechora shuning uchun o'tirolmayotgan ekan-da. Unday bo'lsa, non bilan go'shtni nimaga oldi ekan? Shu xayollar bilan hojatxonaning eshigini ochganimni bilaman, burchakda ko'zi ochilmagan itvachchalarini emizib yotgan qanjiqning irillashidan ichim o'tib ketay dedi. Ichimga tuflab, so'kinib, yonlamasi bilan bir qadam tashlagan edim, it tishlarini irjaytirib jahl bilan irillab qo'zQala boshladi. Sekin orqaga tisarildim-da, chiqib, urra qochdim. Uy egasi orqamdan:

-Hay, mehmon, siz qayga ketayapsiz, hali oshni suzganimiz yo'q-ku, o'tiring,-degancha qolaverdi.

-Mening ham ichim ketyapti,-dedimu uning yonidan o'qday uchib o'tib ketdim.

Ana shunaqa, tinchlik, omonlik bo'lsa, har qadamda kulgi oyoq ostidan chiqaveradi, buning uchun bo'lmag'ur safsatalarni to'qib o'tirish shart emas, hamma kulgili voqealar hayotda, ko'z o'ngimizda ro'y beradi. Faqat uni ilqay olsak bas. Ana shunda bir birimizga yanada hurmatimiz oshadi, bir birimizga mehribonroq bo'lamiz. Aslida, mehribonlikda dunyoda ayollarchalik oliyjanob insonlar bo'lmasa kerak. Bir kishi  qorong'u pod'ezdda yotipti, uchta ayol kelayapti, birisi haligi odamga qoqilib ketib:

-Oy devchyonki, zdes kakoy to mujik lejit,-depti. Chiroq yo'q qorong'u, gugurt yo'q. Birinchi ayol erkakni paypaslab ko'rib:

-Eto ne moy muj,-depti. Ikkinchisi paypaslab ko'rib:

-On ne s etogo pod'ezda,-depti. Uchinchisi ham paypaslab:

-On ne s etogo kvartala,-depti. Shunda ayollardan biri:

-Oy devchenki, davayte Mashu pozavyom, ona ves kvartal znaet,-dermish... Mana sizga, ayollarimizning mehr-oqibati, olijanobligi. Biz erkaklar ham ularga mehribon bo'laylik, shunday jasoratlar ko'rsataylikki, butun dunyo ayollari  butun dunyo erkaklarini sevsin, ularning hurmatiga sazovor bo'lsin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.