OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. O’tir! (hajviya)

Qorong'uda G'ujanak bo'lib o'tiraverib, qo'l-oyog'im uyushib qolgan ekan, yorug' dunyoga kelishim bilan ko'zlarim qamashib, yaxshilab kerishmoqchi bo'lgan edim, darhol beshikka solishib, qo'l-oyog'imni bog'lab qo'yishdi. Bo'shatinglar, deb aytolmayman. Chinqirib yig'lagan edim, og'zimga emizg'ich solishdi. Birinchi aldov shundan boshlandi. Emizg'ichda hech narsa yo'q edi-da!

Sal katta bo'lganimdan keyin bog'chaga berishdi. Bog'cha opam nuqul ota-onam bilan  muloyim, tabassum bilan gaplashardi, ular ketgach, meni nuqib-jerkishdan tinmasdi. Beriladigan narsalarning hammasi bog'cha opamning sumkasidan joy olardi. E'tirozlarimni aytolmay, qilgan xarxashalarimga hech kim quloq solmasdi. Birinchi sinfga bordim. O'qituvchim meni oxirgi partalardan biriga o'tqazib qo'ydi. Oldingi partalar kazo-kazolarning bolalari uchun band qilingan ekan.

-Oldinroqqa o'tay mallim, doska ko'rinmayapti, -birinchi e'tirozimni o'shanda so'z bilan ifodaladim.

-Otang kim bo'lib ishlaydi? -so'radi o'qituvchi.

-Kolxozchi, -dedim.

-O'tir joyingga, -dedi mallim. -Maktabga olishganiga xursand bo'lsang-chi!

Ateizm degan dars bo'lardi. "Xudo yo'q, -derdi ateizm o'qituvchisi. -Bular hammasi odamlar to'qigan uydirma!"

-Bunday shakkok gaplarni aytib, og'zingiz qiyshayib qolishidan qo'rqmaysizmi? -dedim bir gal unga.

-Mahmadanalik qilma, -dedi ateizm o'qituvchisi boshimga ukazka bilan urib. -Muhokama qilishni kim qo'yipti san tirranchaga! o'tir, yoki hozir mandan ko'radiganingni ko'rasan!

Hozir o'sha o'qituvchi qishloqning mullasi. Har ikki so'zining birida xudoga shukur, deydi. Maktabni bitirayotganimizda erkin mavzuda insho yozdirishdi. "Men jurnalist bo'laman", -deb yozdim. O'qituvchi inshomni o'qib ko'rib, istehzoli kuldi.

-Otang kim ediki, san kim bo'lasan, o'tir joyingga! -dedi.

Ikki yil qatorasiga universitetga imtihon topshirdim. Bu yerda ham tanish-bilishchilik katta ballga ega ekan. Oxiri bir balo qilib, kechki fakultetga o'qishga kirdim. Ana endi ijtimoiy nohaqliklar to'g'risida baralla aytish vaqti keldi, deb o'yladim. Xato qilgan ekanman.

-Eng yaxshi jamiyat bizning jamiyat, -dedi ilmiy kommunizm fani o'qituvchisi. -Bizda ijtimoiy nohaqliklar bo'lishi mumkin emas!

Men e'tiroz bildirmoqchi edim, u gapirishga qo'ymadi.

-Bilaman, nima demoqchi ekanligingizni, -dedi ilmiy kommunizm fanining otasi istehzo bilan. -To'g'ri, dacham bor, har yil ikkita bolani o'qishga kirgizaman, unvonni ham sotib olganman. Qani shu gapni biror joyda aytib ko'ring-chi, birov ishonarmikan. Siz  aytgan haqiqat utopiya, bo'tam! o'tiring joyingizga!

Ishga kirdim. Kvartiraga navbatga yozilmoqchi edim:

-Senga yo'l bo'lsin, -deyishdi. -Hali o'zimizning bolalarimizga uy olib berganimiz yo'q.

Yozuvchilar uyushmasidan ikki yillik o'qishga jo'nashga ariza yozdim.

-Joy yo'q, -deyishdi. -Hammasi band qilingan.

Keyin qayta qurish bo'ldi. Turli partiyalar paydo bo'ldi.

-Yangi partiyaga kir, -deyishdi. -Xohlagan gapingni aytishga imkon beramiz.

Surishtirsam, yangi partiyaning rahbari bizga dars bergan "Ilmiy kommunizm" fani domlasi ekan. Kalta qaytdim. Ishxonadan tanqidiy materiallar bermayapsizlar, deb tanqid qilib qolishdi. Mana senga, deb uch-to'rtta tanqidni qalashtirib tashladim. Meni tanqidning bir uchi tegib ketgan idoraga chaqirishdi.

-Hali tanqid qiladigan bo'lib qoldingizmi? -deyishdi.

-Men... haligi... boshlig'imiz... -deb duduqlandim. -Qolaversa, siz aytgan zamonlar o'tib ketdi, kimdir haqiqatni aytishi kerak-ku!

-Hali shunaqami, -deyishdi zaharxandalik bilan. -Hozir boshlig'ingiz bilan gaplashamiz.

-Alyo, falonchi falonchievichmi? Falonchi muxbiringiz faqat yolg'on gaplarni yozib, obro'yimizni to'kayapti, bunaqa muxbirning bizga keragi yo'q! -Idora boshlig'i shunday deb telefon trubkasini taq etib qo'yib qo'ydi. -Ana endi ko'rasan haqiqat qanaqa bo'lishini, -dedi u menga tantanali qarab. Idora boshlig'i to'g'ri aytgan ekan, ikki kundan keyin ishdan bo'shatishdi. Haqiqatparvar boshlig'imizga bu nohaqliklar haqida shikoyat qilmoqchi edim, uning qabul qilishga vaqti bo'lmadi... Keyinchalik o'sha idora boshlig'ini yuqoridan sharmandai-sharmisor qilib ishdan bo'shatishdi.

-Haqiqatni aytishga qo'rqasanlar, -dedi yuqoridan kelgan rahbar. -Qani biror mard bormi uning kamchiliklarini aytadigan? "Mana men aytaman!" -deb o'rnimdan turmoqchi edim, ikki tomonimdan tortib o'tqazishdi.

-O'lging kelayaptimi, -deyishdi, -o'tir!

Yaxshiyam o'sha boshliqning kamchiliklarini aytmagan ekanman. Olti oydan keyin u yana bir dumalab boshliq bo'lib oldi... Men ham uyda boshliqman. Ishdan kelishim bilan xotin tanqid qilib boshlaydi. Uyda un yo'q, yog' yo'q, tepsa-tyebranmassiz, boshqalarga o'xshab olg'ir emassiz...

-o'tir! -deyman. -Og'zingni ochma!

-Dada, mallimga sovg'a olib bormaganim uchun meni oxirgi partaga o'tqazib qo'ydi, -deydi o'g'lim.

-Jim bo'l! -deyman. -Ovozingni chiqarma! Tanqid qanaqa bo'lishini sanlarga ko'rsatib qo'yaman!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.