OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Odamga o’xshamagan kasal (hajviya)

Hozir odamga o'xshab kasal bo'lishgayam qo'rqasan. Kasalxonaga yotishing bilan xotining orqangdan bir banka yovg'on sho'rva bilan o'g'lingni elchi qilib jo'natadi. "Dada, ayam aytdi, sigir bo'shalib ketipti, bitta tovuq yo'q emish, ishxonadan oyligingizni berishmapti, tezroq kelarkansiz"... Bir kundan keyin xotinning o'zi keladi. "Hadeb yotaverasizmi, bolangizning oyog'ida maktabga borishga tufli yo'q, sigir buqadan chiqmapti, qo'shnining xo'rozi tovuqlarga kun bermayapti" va hokazo. Shuning uchun kasal bo'lsam uyda yotib davolanaman.

Bir gal shamollash asoratini davolash maqsadida bir sherik bilan uydagilarga aytmay shifoxonaga yotmoqchi bo'ldik. Ko'z kasalliklari shifoxonasining bosh vrachi Baxtiyor aka ikkovimizga bitta palata to'g'rilab berdi. Ko'zimiz og'rimaydi, desak ham u: "Sizlarga qaraydigan terapevt vrach bor, qayerdaliklaringizni ham hech kim bilmaydi", -dedi. Bu bizga ma'qul keldi. Bir hafta mazza qilib dam oldik. Hamshira har kuni uch mahal ukol qilib, ko'zimizga dori tomizadi. Oltinchi kuni sherik ko'zimizga dori tomizdirmadi, "Bular bizni o'zlariga kliyent qilib olishmoqchi", -dedi u. O'sha kuni rassom Ahmad bilan Qahramon Said bizni topib kelishdi. "Hayronman, -dedi Qahramon aka, -yo'lda shuncha yaxshi kasalxonalar bor, sizlarning kelgan joylaringizni qaranglar". Haqiqatdan ham yo'lda suyak sili, rak kasalliklari shifoxonalari bor, Qahramon aka shuni nazarda tutgan ekan. "Nega bunday deysiz", -desam: "Ham kasalligi aniq, ham shaharga yaqinroq, -dedi u. -Sizlarda na kasallik aniq, na yo'lingiz yaqin. Shamollagan odamning ko'z duxturida davolanishini kim ko'ripti?"

Yettinchi kuni sherigimning xotini topib keldi: "Izlamagan joyimiz qolmadi, nega aytmay ketasiz, oshxonaning devori yig'ildi, molga yemish qolmagan, yuring", -deb uni uyiga sudradi. Keyin bizning xotin keldi: "Qanaqa odamsiz, bir haftadan buyon qidiramiz, o'likxonalarni ko'rib chiqdik, siz yotibsiz yalpayib. Sigir o'rnidan turolmay qoldi, onangiz qassob toptirib so'ydirdi, turing, go'shtini topshirib keling", -deya meni zipillatib uyga olib ketdi. Kelsam, haqiqatdan sigir so'yilgan, ozg'inligidan qovurg'a-suyakdan boshqa hech narsasi yo'q. U yoqqa chopdim, bu yoqqa chopdim, qassoblar go'shtni ko'rishib, burunlarini jiyirishib, pismirigayam olishmadi. Tavakkal qilib bozorkom tanishimga bordim. Ahvolni tushuntirdim.

-Bizda go'sht do'koni yo'q, -dedi bozorkom. -Hozir oshxona mudirini chaqirtiraylik-chi... -U shunday deya imo qilgan edi, yoshgina yigitcha kirib keldi.

-Boturjon, -dedi bozorkom unga. -Hamun akema yakta go'solachashon budan...

-Go'salacha emas, sigir, -dedim uning gapini tuzatib. -Juda ozg'in, taqirlagan suyak bo'lib yotibdi...

-... yakta go'solachashon budan, -bozorkom gapimga e'tibor bermadi. -Hamina in kas kushtan, yak yordam darkor...

Ertasiga do'mbiraday suyaklarni moshinaning orqasiga joylab oshxonaga olib keldim. Hali u oshpaz, hali bu oshpaz taqirlagan qovurg'alarni  ko'radi-da, burnini jiyirib ketib qoladi. Bir payt oshxona mudiri kelib qoldi.

-O'lchab berdingizmi? -so'radi. "Yo'q, olishmayapti", -dedim. Mudir oshpazlarni bir ziriqtirgan edi, do'mbira qovurg'alarni o'lchashga kirishib ketishdi.

-To'qson olti kilo chiqdi, -dedi so'ng oshxona mudiri. Hozir do'konda eng yaxshi go'shtning kilosi to'rt yarim ming so'm, to'rt ming so'mdan narxlab bersam bo'ladimi, oka?

Sigirning go'shtini ming so'mdan ham olishmayotgan edi, xursandligimdan:

-To'qson kiloning pulini bersangiz bo'ldi, -dedim. Botirjon menga naqd 360 ming so'mni sanab berdi. Pulni olib trolleybusga chiqqan edim, Komilxon bilan Ikromni ko'rib qoldim.

-Ha, tinchlikmi taqsir, -dedi Komilxon. -Shoshilib yuribsiz?

-Tinchlik emas-da, -dedim. -Bular tinchgina kasal bo'lishga ham qo'yishmaydi.

-Nima bo'ldi?

-Nima bo'lardi, o'ldi. -dedim. Komilxon bilan Ikrom yuziga fotiha tortishdi.

-Kim o'ldi?

-Sigir, -dedim, -Hozir go'shtini topshirib kelayapman.

-Hay hazil qilasiz-da, taqsir, -dedi Komilxon kulib.

O'sha 360 ming so'mga xotinga ikkita stenka olib berib, sigir mashmasidan qutildim. Kasalxonaga borishgayam hafsala qolmadi. Yana topib olishadi. Yaxshisi, uyda kasal bo'lganing ma'qul, bo'lmasa, ochiq mozordan ham topib olishadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.