OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Pul (hajviya)

Olimlarning tadqiqotlariga qaraganda inson o'z umri davomida miyasining 6 foyizinigina ishlatarkan xolos. Qolgan 94 foizi ekilmagan qo'riq, huvillagan dala! Hoy, dalang bo'sh yotibdi-ku, biror narsa ekmaysanmi, demaydi hech kim. Chunki o'sha gapni aytadigan odamning ham dalasi huvillab yotipti. Ha, keling, olimlar miyasining o'n foizini ishga solsin, deylik. Shunda menga o'xshaganlar miyasining to'rt foizi ishlayotgan bo'ladi. Kallang ishlamaydi, deyishadi, kallani ishga solish kerak, deyishadi. To'g'ri gap. Shaxsan menda kallaning uch foizi ishlaydi. Xotinniki bir foiz. U ham bo'lsa, "pul" degan so'z bilan to'lgan. Xotin  kallamning uchchala foizini ham  "pul, pul, pul" degan uchta so'z bilan to'ldirib tashlagan. Bir menda emas, hammaning kallasida shu so'z. Shundan hammaning xayoli joyida emas. Pul topishning yo'lini izlaydi. Rossiyaga, Koreyaga, Amerikaga borib, pul ishlamoqchi bo'ladi. Kompyuterga tushsa, bobosining familiyasiga o'tadi, yana tushsa, katta bobosining ismini oladi. Bechora pasport stolidagi boshliq ham juda ko'ngilchan: "Katta bobong bormi o'zi?" -deb so'raydi. "Bor", -desang, "Qani, suratini ko'rsat-chi?", - deydi. Sen Franklinning surati tushirilgan qog'ozni uzatasan. "Bu kim?" so'raydi boshliq. "Bu katta bobom". "Katta bobong juda farishtali odam bo'lgan ekanlar, xudo rahmat qilsin, unga quyib-quyganday o'xshar ekansan", -deb keyin yig'lab-yig'lab yangi pasport yozib beradi.

Odam alayhissalom davrida pul bo'lmagan. U zerikib, nima qilishni bilmay yurgan paytlarda shayton go'zal Lilu qiyofasiga kirib, Odamni yo'ldan ozdirgan ekan. U Liluning vasliga yetishmoqchi bo'lganida, evaziga muzd so'rabdi. Odam nima qilishni bilmay yerda yotgan kesakni olib unga uzatipti. "Bu nima?", so'rapti Lilu. Shunda shayton odamning kallasiga "pul" degan so'zni tiqishtiripti. Ana shundan Odam Ato bilan Momo Havoning o'rtasida janjal boshlangan ekan. Shundan hozirgacha odamzod Liluning oldiga borishni tark etmaydi. Xotin janjal qilsa, e, bor-e, deb Liluning oldiga ketaveradi. Chunki xotin pul so'raydi, Lilu pul so'ramaydi, odamning o'zi unga pul beradi.

Ana shundan odamzotni tug'ilganidan to o'lguniga qadar shu palakat pul ta'qib qiladi. Tug'ilgan zahotiyoq "suyunchi" deb pul olishadi, keyin bog'chaga pul olishadi, maktabda, institutda, mansabga ko'tarilishda, pensiyaga chiqishda... o'lganda ham pul olishadi. "Men bunga go'r kavlamayman, juda beso'naqay ekan. Falon so'm qo'shasizlar, keyin kavlayman", -deydi go'rkov.

Yangi o'quv yili boshlanishidan tugagunga qadar o'g'lim pul so'raydi: "Sinfimizni oqlashimiz kerak ekan, 2700 so'm pul kerak", -deydi. "A, o'g'lim, bu sinf xonasini o'n yil akang oqladi, o'n yil opang oqladi, tozza torayib ketmadimi?" -desam, "Malimimiz biladi", -deydi. Taksiga chiqsam, otasining narxini qo'shib aytadi. "Nega  qimmat?" -deb so'rasam, "Choychaqa qolishi kerak-ku", -deydi. "Bunaqada tagingni ho'llab qo'yasan-ku", -desam xafa bo'ladi.

 Ikki qator she'rni 30 marta takrorlab, qo'shiq qilgan xonandani tanqid qilganim uchun meni fuqarolik sudiga berdi.  To'rt million so'm ma'naviy zarar yetkazgan emishman. "Poshlinani kim to'laydi?" -sudyaning birinchi savoli shu bo'ldi. Tabiiyki, bojni xonanda to'ladi. "Siz falon-falon moddalar bo'yicha jabrlanuvchiga 4 million so'm to'laysiz", -dedi sudya. Qo'rqib ketib, advokatga bordim. "Falon so'm to'laysiz", -dedi. To'ladim. Advokat sudyaga bu ishni xo'jalik sudi ko'rishni isbotlab  berdi. Ish xo'jalik sudiga o'tdi. "Bojni kim to'laydi?" Shunday qilib, bu ishni to'rt marta  fuqarolik sudi, ikki marta xo'jalik sudi ko'rdi. Men shuncha marta advokatga, xonanda sudga pul to'ladik, haligacha ajrim chiqqani yo'q.

Ishxonada maosh yo'q. Machitda ishlagan odamga u-bu tushib turadi, ishxonada yo'q. Har kuni biror ma'raka-paraka chiqib qoladimi, deb umidvor bo'lib turamiz. To'g'ri, Sa'diy Yoqubzoda degan shoirning onasining yiliga bordik, bittasining qirqiga, boshqasining uchiga borib qorin to'yg'azib keldik. Lekin keyingi paytda shunaqa ma'rakalar ham yo'q.

 Obloqul akadan har safar Bek akamning sog'lig'ini so'rayman. Bek-uning itining nomi. Bir kuni tushlik payti qorin och, bir-birimizga qarab o'tiribmiz, Obloqul aka "Bir kastryulka suyak qaynatib qo'yibman, hozir borib Bekka beraman", -dedi. "Obloqul aka, shu suyak sho'rvani bizlar ichaylik, Bek akam bir kun ochqolsa-ochqolar", -desam unamadi. Sho'rvaga suqim kirgan ekan shekilli, bir haftadan keyin Bek akam o'ldi. Shundan beri Obloqul aka bizni biror ma'raka-paraka bo'lib qolsa, darrov chaqirib ketadi. Kallai saharlab ishxona yonida tursam, birov ho'ngrab, baqirib yig'lab kelyapti. Hali u daraxtga boshini urib yig'laydi, hali bunisiga suyanadi. Rahmim kelib ketdi. "Nima bo'ldi?" -so'radim. "Mama umerla, nechem poxoronit", -deya yana boshini daraxtga urdi. Cho'ntagimda oxirgi 150 so'm pulim bor edi, unga berdim. "Ne plach, bandalikda!" -dedim. Qo'shni tashkilotning qorovuli buni ko'rib turgan ekan, "Pul berdingizmi?" -deb so'radi. "Ha, onasi o'lgan ekan". "E-e-e, bu har kuni shunday qiladi, birovdan pul olsa bo'ldi, borib barmatuxa ichadi", -dedi qorovul.

Ishxonaga har xil tadbirkorlar keladi. "Koreyaning asl mollari, reklama uchun pul olmaymiz", -deyishadi. "Dazmol o'ttiz besh ming so'm, uqalovchi asbob, choynak bepul sovg'aga beriladi, -deyman to'tiqushday sayra. -Sengacha beshtasi kelib ketgan edi, baribir pul yo'q, olmaymiz". Ko'chada turgan edim, bittasi yonimga kelib "Mojno vas na minutochku", -dedi. "Znayu, tebya obokrali, chtobi doyexat do doma tebe nujen 200 sumov, -dedim. -U menya ix net".

"Grajdani, -dedi Levitanning ohangida kimdir metroda. Hamma "Yana nima bo'ldi ekan?" -deb unga o'girilib qaradi. Soqoli patila-patila bo'lib, telpagi qiyshayib yotgan chol murojaat qilayotgan ekan. -Ya jertva perestroyki. Pomogite kto chto mojet".

 Xolboy degani bor. Ko'rishib qolsak, millionlardan gapiradi-yu, mendan olgan 30 so'mini uch yildan buyon bermaydi. "Tuda million, syuda million, day zakurit", -deydigan zamonlar keldimi, deb o'ylab qo'yaman ba'zida.

 Xotin pul so'raydi, deb ishxonada yotib qolaman. Baribir telefonda topib oladi. "Pul olib kelmasangiz uyga kelib yurmang", -deydi. Ha, pul o'lsin-a, pul!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.