OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Pushkin qanday shoir bo’lgan? (hajviya)

Kannibalning nevarasi Sasha Pushkin bolaligida enagasi Arina Rodionovnadan juda ko’p ertaklar eshitgan. Shuning uchun u katta bo’lganida ulug’ shoir bo’lgan. Agar katta bobosining qo’lida tarbiya olganida unga o’xshab odamxo’r bo’lardi.
Biz qishloq bolalari Arina Rodionovnadan ertak eshitmagan bo’lsak-da, maktabda  Ziyoda mallim juda ko’p ertaklar aytib bergan. U asli kutubxonachi edi-yu, qaysi o’qituvchi kasal bo’lsa, o’rniga dars o’taverardi. Bu darslar juda qiziqarli ertaklardan iborat bo’lardi. Ayniqsa uning “Ohangrabo” degan ertagini bir yil davomida eshitganmiz. Shundan Ziyoda mallimning ertaklarini eshitib ulg’aygan o’quvchilarning yarmi shoir, yarmi artist bo’lib voyaga yetdi. Men esa qo’shiqchi-shoir bo’ldim. Lekin she’rlarim she’rga, qo’shiqlarim qo’shiqqa o’xshamaydi. Shuning uchun ohangga zo’r beraman.

Yuragimni band ayladi yuzlaringning kuldirguchi,
Nozli qarab, sochni tarab, oh sanam-a, o’ldirguchi,-


 degan qo’shiqni eshitganmisiz? She’ri kaminaniki, ohangi turkniki, hozir hamma aytayapti. Oxirida “Oh shibidam-shibidam, vah-vah!” degan ohangi ham bor. Bitta to’yda shu qo’shiqning nomini so’rab qolishdi, bu haqda o’ylamagan ekanman, “Ohangrabo” deb tilimga kelgan so’zni aytib yuboribman. Qo’shig’im shu nom bilan mashhur bo’ldi. Bir shirakayf muxlis to’yda chakkamga ming so’m yopishtirib, «o’sha qo’shiqni aytib berasan”, -deb turib oldi. “Ohangrabonimi?” so’radim. “Ha, ol hangrab olni! -dedi u oyog’ida turolmay chayqalib. -Hangra!” Muxlisning bu gapidan xafa bo’lsam ham bergan pulini qaytarishga ko’zim qiymadi. Hangradim. Aslida, qo’shiq musiqasi ohangu hangdan iborat bo’ladi-da! “Shashmaqom”ning ham o’ziga xos hang yo’nalishlari bor, hofiz zoti borki, baribir shu usullarni qo’llaydi.
Hozir qo’shiqchiligimiz rivojlanib ketdi. Ayniqsa, estrada yo’nalishida, folklor yo’nalishlarida shunaqa yangi ovozlar ko’payib ketdiki, shovqin-surondan miya chayqalishi  hech gap emas. Naq ohangrabo tortayotganiday qo’shiq ohangiga tushib hangrayotganingizni sezmay qolasiz. “Beshqarsak, “Chavqi”lar ularning oldida ip ham esholmay qoldi.

Ko’zing charos bo’lipti, va-ha,
Labing gilos bo’lipti, va-ha!
Otangdi otgan nosi, va-ha,
Enangdi kesgan oshi, va-ha!

Mana falsafa! Mana so’z san’ati! Ikki qator she’rda butun boshli mangu muhabbat dostoni kuylanayapti! Enasini oshini yeganu qiziga oshiq bo’lib qolgan. Xuddi bir umr enasi kuyoviga osh qilib beradiganday. O’rtada otasining nosi qandayligini ham so’rab qo’yayapti, otang Arabboboning nosidan chakadimi, yo boshqasidanmi, deb so’rayapti. Arabboboning nosi zo’rligini biladi-da! Buning tarbiyaviy ahamiyatini aytmaysizmi? Qo’shiqni eshitgan muxlis ham enasini eslaydi, ham og’zida  oshning ta’mini his qiladi. Ayniqsa, qazili bo’lsa!
 Keyingi paytda to’y mavsumi boshlanishidan oldin gala artist va hopizchalar o’zini tilivizirga uradigan bo’ldi. Tilivizirda chiqsa, kliyentlar ko’payarmish, navar yaxshi bo’larmish. Tilivizirchilar ham talablardan kelib chiqishib, darrov to’n bichishadi, san’atkor sal unaqaroq bo’lsa ertalabki efirga, sal bunaqaroq bo’lsa, kechki efirga. Shundan “Ohangrabo” degan diltortar ko’rsatuv paydo bo’ldi. Muallif bu nomni bilib qo’yganmi-yo’qmi, bilmadim-u, lekin favqulodda topib qo’ygan. To’yga chiqasanmi-ohangrabo! Muxlis kerakmi-ohangrabo! Armonda qolma-ohangrabo! O’sha ko’rsatuvdan keyin ko’p o’tmay “Gap chiqdi” .
Ana endi tilivizirga chiqqan hofizni to’yga xizmatga aytsang, nozlanib boshlaydi. “Man “Ohangrabo”ga chiqqanman, narxim baland, siz aytgan kunlar o’tgan yili yozda band qilingan”, -deydi. Keyin vaqtini, narxini aytib, «har kuni 4-5 tadan to’yga zakaz olib qo’yganman, falon chislodan falon chislogacha, dushanba kuni ertalab 8 dan 12 gacha, yakshanba kuni kechasi 12 dan 4 gacha bo’sh vaqtim bor, shuncha qarab to’yni belgilaysiz”, -deydi. To’ychi ham g’ururi baland, tilivizirda chiqqan hofizdan boshqasini tan olmaydi... «To’y bo’lmasa bo’lmas, lekin sizni to’yga olib kelaman, deb katta gapirib qo’yganman”, -deb hofizga uchidan berib, keyingi yilga navbat olib ketadi...
Shunisiga xursand bo’lamanki, hamma ham bolakay Sasha Pushkinga o’xshab enagasidan ertak eshitib ulg’aymagan. Ziyoda mallimning ertaklarini bizdan boshqa hech kim eshitmaganini eslab yana xursand bo’laman. Bo’lmasa hammayoqni shoir bilan qo’shiqchi bosib ketsa, ketmonni kim chopardi!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.