OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Rasmiy laqma (hajviya)

XX asr boshlarida butun dunyoda Avstriya-Prussiya urushiga qirol Ferdinand II ni himoya qilish maqsadida ko'ngilli bo'lib borgan Shovvoz askar Shveykdan bo'lak rasmiy laqma bo'lmagan. O'shanda o'n sakkiz kishidan iborat sudmedekspertiza komissiyasi unga rasmiy laqma maqomini bergan. Shundan buyon dunyo statistikasida birorta rasmiy laqma qayd qilinmagan. "Urushga ko'ngilli bo'lib bordi, o'z ixtiyori bilan ketdi" degan gaplarning bari yolg'on. Shovvoz askar Shveykdan bo'lak hech kim urushga ko'ngilli bo'lib bormagan, ularni oylab qidirib topishib, majburlab vagonga tiqib yuborishgan.

Norasmiy laqmalar har qadamda istagancha tiqilib yotibdi. 1916 yilda oqposhsho Sibirga mardikor yollaganida Franton shtatida bir norasmiy laqmaning gapi bilan jami kallakesar-u o'g'rilarni  mardikorlikka jo'natishgan. Aholi endigina tinchgina nafas olaman, deb turganida bir yildan keyin o'sha kallakesarlar qizil shapka, charm kamzul, yelkasida pagoni, ketida nagoni bilan qaytib kelib aholini rosa qiyratgan. Mana, laqmalikning oqibati!

Dono xalqimiz norasmiy laqmalarga laqab qo'yib oladi. Birovini Zubay laqma, birovini Umbar eshak deydi, birovini Shodi parang, deb ulug'lab ham qo'yadi. Bir kuni Sharip ho'kiz eshakda, Marip eshak piyoda kolxoz yig'ilishiga ketishayotgan ekan, ro'paralaridan Mamatqul semiz chiqib:

-Ha Sharip, birovini minib, birovini yetaklab qayoqqa ketayapsan? -depti-yu o'tib ketaveripti. Sharip aka uning gapiga tushunolmay, hayron bo'lib yo'lida davom etibdi. Marip aka ham:

-Bu qizzig'ar nega unday dedi, -deb savoliga javob ololmay eshakning yonida ildam yo'rg'alab ketaveripti. Sharip aka kolxoz  idorasiga yetganida o'zidan-o'zi xoxolab kula boshlabdi. Marip undan "Ha nega kulasan, otangni arvoyiga", -desa, Sharip yana qornini changallab kularmish. Chunki Maripning laqabi esiga tushib ketgan ekan-da!

Yoshbekov degan yozg'uvchi Muxtordan bir kuni "Kino nima?" deb so'rab qopti. "Ha endi, odam ba'zan zerikadi, laqillagisi keladi, shunda kinoga tushadi, kino shu-da", -deb javob beripti Muxtor. Laqillash esa yaxshilikka olib kelmaydi. Mehmonxonada ikki sherik siyosat to'g'risida gaplashayotgan ekan, uchinchisi "Hov, qo'yinglar safsatani, devorda ham quloq bor", -deya ogohlantiribdi. Ular parvo qilmagach, xonadan chiqib qavat bekasiga "Besh daqiqadan keyin bizning xonamizga uch stakan kofe olib kelasan", -depti-yu qaytib kirib stol ustida turgan kuldonga qarab: "o'rtoq polkovnik, uchta kofe olib kelishsin", -depti. Besh daqiqa o'tar-o'tmas qavat bekasi uchta stakanda kofe ko'tarib kepti. Ikki sherik buni ko'rib, qo'rqqanidan apil-tapil yotib opti. Yarim kechasi polkovnik odamlari bilan ikki sherikni qamoqqa olib, uchinchisiga tegmaslikni buyuripti. "Nega?" deb so'rashsa, "Uning kuldonga qarab hazillashgani menga juda ma'qul bo'ldi", -dermish...

 Abdurayim bilan Mamarayim ham norasmiy laqma bo'lgan. Urush paytida ular dushman qurshoviga tushganlarida bir-birlari bilan vidolashib, kim eson-omon uyga qaytsa, do'stining bolalariga otalik qilishiga ahdlashib, biri suvga, biri qamishzorga yashirinipti. Bir payt Abdurayim qarasa, dushman to'ppa-to'g'ri Mamarayim tomonga qarab borayapti. Do'stiga joni achib, qamishzorda turib "Ey frits, syuda, syuda", -deya ularni chaqirsa, Mamarayim suvdan  chiqib "o'zi qamishzorda, o'zi qamishzorda", -dermish. Dushman ularning ikkovini ham  tutib olipti. Abdurayim "Yoptiboymat, dushmanni chalg'itsam, naga suvdan chiqding", -deb Mamarayimni urishsa u: "Ha, endi gangir-gungur-da, yolg'iz  zerikib qolma, dedim", -dermish... Shu ikki og'ayni besh yil kontslagerda o'tirishganidan tashqari yana o'n yil Sibirda daraxt kesishgan. Stalin o'lganidan keyin uylariga qaytib kelishgan. Bu ham laqmalikning oqibati.

Hozir o'zini laqmalikka uradigan tullaklar ko'paygan. Laqma pul beradi, tullak pul teradi. Laqma o'z qo'li bilan bergan pulini ololmay, sarson bo'lib tullakning orqasidan shoqol avragan qo'ziday ergashib yurgani-yurgan. Tullak laqmaga olgan qarzini bermaydi, umidsiz ham qilmaydi. "Beraman, -deydi u. -Ko'rayapsanku, tushib qoldim. Lekin, pul topsam, albatta beraman, chunki jon bilan qarzni xudo ham kechmaydi". Laqma "xudo" degan so'zdan ko'ngli yumshab, yana tullakka yon beradi. Lekin, pulini ham ololmay bir umr sarson bo'lib o'tadi.

Kajdum degan mahallada Husan bova degan chol o'zini faqat laqma qilib ko'rsatib yuradi. Kimni ko'rsa, "Enang yaxshima?" deb so'raydi. Uning enasini so'rashi joniga tekkan bittasi oxiri bir kuni bovaga: "nega faqat enamni so'rayverasiz, otamni ham bir marta so'rang", -degan ekan bo'g'ilib ketib... Ba'zi rahbarchalar laqmalikni san'at darajasiga ko'tarishadi. O'zlaridan katta amaldorning gaplariga vafodor itday mehr bilan termulib qarab o'tirishadi, quloq solishadi, ma'qullab, chapak ham chalib qo'yishadi. Bundan ilhomlangan amaldor avj pardaga ko'tariladi, og'zini bodi bilan shodiga darvoza qiladi. Sal toyinib ketsa, darrov oyog'idan chalib yiqitishadi. Ana keyin boshlanadi, biz sehrlanib qoppiz, unga qarshi gapirolmas edik, davlat pulini shuning gapi bilan o'zlashtirganmiz va hokazo. Aslida esa rahbarcha o'zlashtirgan pulini o'zi uchun o'zlashtirgan bo'ladi. Har kuni araq ichib, shashlik yeb, kekirib, tagiga yangi moshina olib, qo'lidagi tilponchaga davlat pulining o'zanini burib qo'yadi. O'ynashiga ham bitta moshina olib beradi, qolgan pulni paxta qo'yishga ishlatadi. Shuning uchun hozir Shovvoz askar Shveykka nisbatan berilgan "Rasmiy laqma" maqomoti eskirdi. Endi "Norasmiy laqma" va "Rasmiy tullak" degan maqomlarni joriy qilib, ko'krak nishonlarini ta'sis qilish, ularni shu maqomga sazovor bo'lgan ega-egalariga tarqatib chiqish kerak. Ana o'shanda ko'krak nishoniga qaralsa, kimning kimligi bilinadi-qo'yadi!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.