OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Saylov (hajviya)

Har gal saylovlarni intiqlik bilan kutaman. Partiyalar nomzodini ko'rsatgan, imzolar to'plangan, to's-to'polon, bir nomzod ikkinchisining basharasiga loy chaplagan, suv sepgan, har tomonda afisha, transporantlar, "Gupchak uchun ovoz bering", "Baliqov sizning eng yaxshi nomzodingiz", "Puldor, kechirasiz ilg'or nomzodlarni saylaylik", xullas bepul tomosha. Bittasi tilvizirga chiqib "Xalqum, men seni sevaman" desa ikkinchisi "Men siz uchun jonimni beraman", deydi.

Gazit, radioda nomzodlar tirqirab ketadi, qaysiga qarasang, diling yayraydi, shirin va'dalardan boshing aylanib ko'ngling ayniydi. Nomzodlar ham muqobil asosda bitta o'ringa uchtadan beshtagacha, oltitagacha talabgor bo'lib turishadi. Har birining ikkitadan, uchtadan ishonchli vakkillari bor. "Falonchini saylasalaring undoq qilvoradi, bundoq qilvoradi", deb uzundan-uzoq ma'ruza qilishadi. o'sha falonchi saylanib qolsa bormi, bir necha yil joyni band qilib uxlab, esnab, qo'lini ko'tarib-tushirib qaytib keladi. Va'dalar esdan chiqadi, suvga tushgan toshday izsiz yo'qoladi. Deputat bo'lgan chukchadan taassurotlar  qanday,                                                                                        deb so'rashibdi. -E, zo'r, -depti chukcha. -Marks-Engelsni bitta odam deb yurardim, ular ikki kishi ekan. Slava KPSSni birovning ism-familiyasi deb yurardim, bu ham noto'g'ri ekan.  Hamma narsa inson uchun ekan. O'sha insonni ko'rdim, - depti faxr bilan...

Chukcha bechora ana shunaqa sodda go'l bo'lgan-da. Agar u hozirgi nomzodlar bilan bellashsa, beli chiqib ketardi. Bir tomonda respublikachilar, bir tomonda demokratlar, mustaqil nomzodlar, liberallar, yashillar, qizillar, havoranglar, o'nglar, chaplar, agrar partiya, har biri ajdahoni yutaman, deydi. Men ham shunga qarab ishga kirishaman. Saylov boshlanishi bilan nemischa hisob-kitob bilan aniq jadval tuzib olaman. Qaysi partiya haq beradigan bo'lsa, o'sha partiyalar mening jadvalimdan joy oladi. Haq bermagan partiya qora ro'yxatga tushadi. Har kuni besh-olti joyga boraman. Respublikachilarni demokratlarga yomonlayman, yashillarni liberallarga qarshi qo'yaman, qizillarni oqlarga qayrayman... Ovozdan xudo bergan, miltiqning o'qiday varanglaydi. Shunga yarasha har gal sayrab bo'lganimdan keyin mukofotim naqd. Uyga har kuni to'lib-toshib boraman. Xotin hayron. "Voy o'lay, ishlamayotgan bo'lsangiz, do'kon-po'konni urib keldingizmi?" -deydi. "Yo'q xotin, -deyman. -Biz partiya bilan qondosh egizakmiz. Bularni  o'sha berdi". Partiyalar konkurs bahonasida oshlar qilgan, homiy sifatida uyma-uy sovg'a-salom, varaqalar tarqatgan... bir qarasam  o'g'ilboy "falonchiga ovoz bering", degan varaqa ko'tarib yuribdi. "Ha, ota o'g'il, qanchadanga kelishding", desam, "bepul, universitetdan topshiriq berishdi", dedi. "Anoyi bo'lma, hozir bepul ishlaydigan mavsum emas", dedim.

Kecha-yu kunduz tinmayman, tinkam qurib ketadi, lekin hammasiga ulgurishim shart! Boqimondalikka o'rin yo'q! Chopaverib, tilim bobiknikiday osilib qoladi. Shunda ham homiylar ehsonini bir balo qilib uyga yetkazaman. Bir gal jadvalda belgilangan joyga boraman deb, boshqa joyga borib qolibman. Kechikdim, deb o'ylab, amallab turtinib-surtinib, to'plangan odamlar orasidan o'tib  so'z so'radim. Minbarga  taklif qilishdi.

-o'rtoqlar! Respublikachilardan deputat saylansa, -deb miltiqning o'qday varanglagan ovoz bilan gap boshlagan edim,  orqamdan birov biqinimni teshivorguday nuqib: "Nima deb aljirayapsan, vidolashuv bo'layapti", -dedi. Qarasam, nariroqda mashina ustida tobut turibdi, ustida  yostiqcha to'la orden-medallar. Sir boy bermay, ovozimga g'amgin tus berib:

-o'rtoqlar! -dedim osechka bergan miltiqday. -Respublikachilardan deputat saylansa, mana shu marhum birodarimizday munosib inson saylangan bo'lur edi. Afsuski, beshafqat o'lim uni oramizdan bevaqt olib ketdi. Alvido, jigarim, respublikachilar seni hech vaqt unutmaydi...

 Men vidolashgan, deputat bo'lolmay bevaqt o'lib ketgan birodarimiz katta buvamning yoshida ekan. Bir amallab u yerdan qochib qoldim. Belgilangan joyga yetib borsam, u yerda ham uchrashuv  tugab bo'lgan ekan. Yomon  odamning o'ligi ham ziyon keltiradi, deb shuni aytadilar-da! Shuni deb sovg'a-salomdan qolib ketdim, he o'lmay o'l, deb o'yladim ichimda. Boshqa safargi yig'ilishda bir raqib partiyani ikkinchisiga yomonlayman, deb qo'lga tushib qoldim. Janjal-to'polon boshlanib ketdi. Minbarga chiqib, ovozimni varanglatib, demokratlarni  maqtayotgan edim, zaldan kimdir:

-Janoblar, -dedi. -Bu odam falon joydagi yig'ilishda respublikachilarning tarafini olgan edi. Endi boshqasini maqtayapti. Ushlanglar sotqinni, -desa bo'ladimi? Zaldagilar gurr etib o'rinlaridan turib ketishdi, o'zi imoga mahtal bo'lib turgan qarama-qarshi tomonlar bir-birlari  bilan solisha ketishdi. "Oq kaltak, qora kaltak"dan hamma joyim momataloq bo'lib, zo'rg'a  qutilib chiqdim.  Lekin xafa bo'lganim yo'q. Ha, to'g'ri-da, kim ko'p pul to'lasa, muzikani o'sha buyuradi. O'tgan gal respublikachilar ko'p pul bergan bo'lsa, bu gal demokratlar oliyhimmatlilik qilishdi xolos. Shunga ham otago'ri qozixonami? Ta'bim xira tortib uyga qaytayotgan edim, yo'l ustidagi oshxonada ovqatlanib o'tirgan qo'shnimiz Asya xolani ko'rib qoldim. Yonida yangi kalish, bir kiyimlik material.

-o'h-ho', sovg'a-salomlar zo'r-ku aniy, respublikachilarga ovoz berayapsizmi deyman-da,-dedim.

-Yu-u-uq, bulay malaylarg'a progolosovat itmim,-dedi xola.-Alar tigil podarkani bik malo podovat itirlar, svolochlar. Uzlari alla byurxo bilan karmanni kumushg'a nabivat itib, bizlarg'a batak-da bermiylar. Shung'a agrarniklarg'a progolosovat itam. Mna, yoqshi, shurpa, lipyoshka birdiler, bulaylarni-da birdilar, allag'a shkr...

Tilvizirda bir kampirga sovg'a-salom tutqazishib "Bizga ovoz bering" degan reklamani qo'yishgani-qo'yishgan. Kampir sovg'ani olishga oladi-yu, qizining zug'umi bilan qaytarib beradi. "Biz sotilmaymiz!" deydi qo'li qaltirab. Hammasi safsata! Taka bo'lsin, sut bersin. Chunki o'sha nomzod ertaga deputat bo'lib qolsa, hammasini unutadi. Qaysi  partiyadanligi, kimga xizmat qilishi kerakligi esidan chiqadi. Fikru xayoli ko'proq pul topish, Arbatdagi dachasini dang'illama qilish, Mayamida derazasi dengizga qaragan villaga ega bo'lish, Notr-Dam mehmonxonasida xonimchalar bilan maishat qilish bilan band bo'lib qoladi. Shuning uchun tezroq otni qamchilang, o'rtoq saylovchilar, xalqimizning puldor, kechirasiz, ilg'or nomzodlariga ovoz beraylik!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.