OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Shimsiz qolgan erkaklar (hajviya)

Dastlab moda so'zi Frantsiyada paydo bo'lgan bo'lsa-da, aslida kelib chiqishi lotinchada o'lchov, ko'rinish, usul, qoida, qolip, ko'rsatma ma'nosini anglatadi. Faranglar zukko xalq-da, darrov  bu so'zni qolipga solib, moda deb atagan. Shuning uchun qolipda g'isht quyish ham qadimulavval faranglardan tarqalgan. Lekin mahalliy  tadqiqotchilar bu so'z eng avval bizning bedanavozlarimiz orasida urf bo'lgan, deb urib yengishadi. Ular bedananing narini tutish uchun bedazorga tuzoq qo'yishib, modasining ovozida sayrab chaqirishgan. Bedananing modalarini sayratib qo'yib, narlarini urishtirishgan. Xullas, moda faranglarda tarqalib, bizda bedana urishtirish bilan tamom bo'lgan.

Eng yaxshi konyak, eng yaxshi atir faranglarda chiqadi, moda shu yoqdan tarqalgan, qo'yingki, komiklar, gomiklar, hammasi dastlab o'sha tomondan chiqqan. Moda bahona bo'lib, sharm-hayo pardasi ko'tarildi. "Sangam" kinosida Radha erkaklar ko'ylagini kiyib o'ynagani holva ekan. Ko'ylak  jonivorning yengi yo'qoldi, keyin maykaga aylandi. Endi ayollar erkaklarning shimini ham tortib oldi. Noiloj qolgan erkaklar cholvor kiyishga o'tdi. Ayollar tirsillagan shimlarni kiyib, orqasini yuz kilolik hisori qo'yning dumbasiday serkillatib yursa, erkaklar ro'dapo cholvorlarda ularga angraygani-angraygan. "Shunday dumbali qo'y bo'lganida,  bemalol ikki yuztaga tortardi", -deydi buni ko'rgan dallol chama bilan.

 Xalqimizda "Ko'rgandan ko'z haqi so'rama", -degan gap bor. Moda shunchalik kuchayib ketdiki, ko'z po'stakning teshigidan bo'lsa ham odam uyaladi. Ko'cha-ko'yda nega erkaklar yerga qarab yuradigan bo'lib qoldi? Bu hammasi moda tufayli. Ko'zingni ko'tarishing bilan yelini maykasidan lorsillab chiqib turgan, maykasi kindigidan ko'tarilib, shimining tarangligidan  hamma joyi bilinib turgan  do'ndiqchaga beixtiyor qarashga to'g'ri keladi. Yana yerga qarab yonidan o'tib ketayotganingda modaparast moda maykasini kindigiga qarab ikki marta tortib qo'yadi. Erkak bundan battar o'ng'aysizlanib, duch kelgan tomonga surib qoladi. Ilgari striptiz ko'rish uchun odamlar maxsus restoranlarga kirishardi. Endi bunga hojat bo'lmay qoldi. Ko'chaga chiqsang bas, striptiz! Xohlaganingni tomosha qilaver! Shayton Momo Havoga kaftdekkina ko'zgu berib,  navbatdagi shaytonligini qilgan ekan. o'shandan ayollar modaga berilib ketib, erkaklar modaparast bo'lib qoldi. Bizdagi do'ndiqchalar oldida farang do'ndiqchalarining kiyinishi hech gap bo'lmay qoldi.

 Shu ketishda bo'lsa, modaparast ayollarlar erkaklarning shiminigina emas, boshqa narsalarini ham tortib olishi hech gap emas. Asta'furilloh, asta'furilloh, bunday ko'rgilikdan ko'ra yaxshisi, bedanavoz bo'lgan ming marta ma'qul. Ham narini urishtirasan, ham modasini sayratasan. Shunday emasmi?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.