OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Shovvoz askar Matqovul (hajviya)

Dunyoda harbiy xizmatchilarday xushchaqchaq xalq bo’lmaydi. Soldat spit, slujba idyot, deganday askar  uxlayveradi, xizmat o’taveradi. Men to’rt yil xizmat qilganman. Ikki yil xizmatda, ikki yil dizbatda! Nimaga ikki yil dizbatda, deysizmi? Molodoylarni qiynagan-da, cherpak, gus, ded, deysizda-a? Hammasi noto’g’ri. Ikki yillik xizmatni tugatib, ertaga uyga ketaman deb turgan paytimda postda turishga to’g’ri kelib qoldi. Dembel kunini kutib har kuni barmatuxa ichamiz. Idishi shampanskiyning shishasiga o’xshaydi, bitta shishasi ovqat yemasdan ichilsa, to’rtta dembelni o’rmalatadi. Xullas, razvod oldidan  to’rt dembel bitta barmatuxani maydalab, postga tarqaldik.

Postda turibman, atrof qorong’u, kayf yaxshi, ko’zimga bitta sharpa ikkita bo’lib ko’rinadi. Avtomatni quchoqlab o’tirib, ko’zim ilingan ekan, shitirlagan ovozdan uyg’onib ketdim. Qarasam qorong’uda ikkita sharpa o’rmalab men tomonga kelayapti. «Stoy, strelyat budu!» deya avtomatni o’qlab, predoxranitelini tushirdim. Sharpa ogohlantirishimga e’tibor bermay, yana o’rmalab kelaverdi. Osmonga qarab o’q uzdim, qani to’xtasa! Dushman razvedkachisi ekan, deb bitta o’q bilan uni qulatdim. O’rmalab borib qarasam, razvodyashiy  kayfi zo’rligidan meni almashtirish uchun to’rt oyoqlab kelayotgan ekan. Shunaqa qilib dizbatda xizmat qilganman. Yaxshi xizmatlarim evaziga leytenant unvonini berishgan.

 Ilgari odamlar farzandini xizmatdan qoldirish uchun pul berardi. Endi xizmatga borish uchun pul berishadi. Pulniyam shundoq olishmaydi. Avval sportga layoqatingni tekshirib ko’rishadi. Hech narsaga yaramasang, brak qilishadi. Shuning uchun hozir hamma o’zini sportga urgan. Hatto momoylar, boboylar ham sport to’garaklariga qatnashayapti.  

Yaroslav Gashek degan chex yozuvchisining «Shovvoz askar Shveykning sarguzashtlari» nomli asari bor. Qizig’i shundaki, Shovvoz askar Shveyk men bilgan Matqovulga bir qaynovi ichidagi gaplari bilan juda o’xshab ketadi. Uning komandirlar bilan muomilasini ko’rib, kulaverganidan ichaklari chalkashib ketib, operatsiya bo’lganlar bor. Operatsiyadan eson-omon chiqqanlari umuman kulmaydigan bo’lib qolishgan. Duxturlar ularni: «Kulsang, ichaging uzilib o’lasan», -deb ogohlantirib qo’yishgan. Bechoralar hatto Hojiboy Tojiboy tomoshasiga kirishsa ham ho’mrayib o’tirishadi. Bir kuni tushlik paytida oshxonada Matqovul ovqat yeyishdan oldin duo o’qiyotgan emish. Komandir: 

– Shovvoz askar Matqovul, nega ovqat oldidan duo o’qiyapsiz, -desa,u:

–Aytib bo’ladimi, kamandir, oshpazimiz chatoq, zaharlanib o’lsam, kim duo o’qiydi, -dermish. Shaharga chiqishga ruxsat olgan Matqovul aylanib yurgan ekan, ko’chada egasiz turgan moshinani ko’rib qopti. Moshinaning simlarini chiqarib, bir-biriga tegizgan ekan, o’t olibdi. Shartta Farg’onaga qarab haydavoribdi. Birinchi postdayoq uni ushlab qismga qaytarishibdi. O’rtoqlik sudi bo’layapti, komandir so’rayapti:

–Shovvoz askar Matqovul, nimaga ko’chada turgan moshinani haydab ketdingiz?

–Moshina qabriston oldida turgan ekan, egasi o’lgan bo’lsa kerak, deb o’ylabman-da, kamandir,-jiddiy gapirayapti Matqovul. Komandir nima deyishini bilmay bizga qaradi, keyin Matqovulga qaradi, o’zini jiddiy tutmoqchi bo’ldi, eplolmadi, oxiri bo’lmadi, tizzasiga urib kulib yubordi, dumalab-dumalab kuldi. Hammamiz kulayapmiz, Matqovul jiddiy, kulmaydi, hayron bo’lib bizga qarab turibdi. Oxiri kulaverib, mijjalari yoshlanib ketgan komandir ko’zini artib, jiddiy turgan Matqovulga qarab yana qotib qoldi. Keyin «Nu i durak!», degancha qo’lini siltab ketib qoldi. Uning harbiy xizmatga olinishi ham qiziq bo’lgan. Onadan tug’ilganday qip-yalang’och tekshiruv komissiyasi a’zolari o’tirgan xonaga kirganida Matqovul devorda ilig’liq turgan Leninning ov qilayotgan portretiga tikilib qopti.

-Ha Shovvoz, suratdagi odamni tanidingmi? -so’rab qopti komissiya a’zolaridan biri.

-Ovchi-da, -depti Matqovul.

-Qanaqa ovchi, bu eng katta bobong-ku, -depti haligi odam.

-Eng katta bobom uyda, bu Abdurayim ovchi, -depti Matqovul. -Faqat u bu yerga qanday kelib qoldiyakan, deb hayron bo’layapman, -dermish... Komissiya a’zolari bir-birlariga ma’noli qarab qo’yishibdi. Keyin Matqovulga test savollari berishibdi.

 -Ayting-chi, suv og’irmi, moy? 

 -Kechirasiz-ku, o’lchab ko’rganim yo’q, -kulib javob beribdi Matqovul.

 -Qiyomat qoyimga ishonasizmi?

 -Qiyomat qoyim bo’lsa, chumchuq qadamlab yuradi, bitta yantoqqa yetmish mingta odam chiqadi, keyin Isrofil surini chalib yuboradi, -depti u jiddiy.   

-Marsga yetib borish uchun nur tezligida qancha vaqt kerak?

-Uni bilmadimu, lekin uyga yetib borgunimcha ikki soatlar vaqt ketib qolar-ov...

-Ikki karra ikki nechchi bo’ladi?

-Etmish to’qqiz!

-Nechchi?

-Etmish to’qqiz, elligi sizga, yigirma beshi menga, to’rti davlatga! 

Shu bilan komissiya a’zolari bir ovozdan Shovvoz Matqovulni «Harbiy xizmatga yaroqli» deb jo’natib yuborishgan ekan. Bir kuni u avtomatini tozalashga erinib o’tirgan ekan, komandir kelib:

-Bu kimning avtomati? -deb so’rasa, Matqovul yugurib turib: -Kalashnikovniki! -deb javob beribdi. Birov uyiga xat yozadigan bo’lib qolsa, Matqovul darrov o’shandan nusxa olib uyiga jo’natardi. «Salom ota, salom ona degan joyi bo’lsa bo’ldi-da, qolgan joylarini hamma askar bir xil yozadi!» der edi.  

Bir kuni  komandir navbatchilik qilayotgan Matqovuldan so’rab qoldi:

-Bugun deraza oynasini yaxshilab artdingizmi?

-Xuddi shunday, kamandir!

-Xozir oynaga biror so’z yozsam, ko’rinsa nima deysiz?

-Savodingizga gap yo’q, deyman kamandir!

-Erinchoqlik qilmay darhol tozalab artib chig’ing, bu yerda hammamiz bitta oilamiz!

-Unda onamizni ko’rsak bo’ladimi, kamandir?

-Mahmadanalik qilmang, sigaret qoldig’i kimniki?

-Hech kimniki emas, olishingiz mumkin! - depti Matqovul saxiylik bilan.

Ana shundoq gaplar. Matqovulni yoshligida qorong’uda o’g’ri gumon qilishib boshiga temir bilan urishgan ekan. Keyin yuziga chiroq tutib ko’rishsa, u o’g’ri emas, Matqovul ekan. Haligilar yanglishganlaridan achchiqlanib, uni yana ikki tepishibdi. Shundan Shovvoz askar Matqovul hangomalari paydo bo’lgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.