OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Tez yordam (hajviya)

«Tez yordam»ning tez yordami yaxshi-da! Isitmang chiqsa, tez yetib keladi, duxtur tekshirib ko’rib, tez yordam qiladi, ukol uradi, dori beradi, «Qalay, o’zingizni yengil sezayapsizmi?» deb ko’ngil so’rab qo’yadi. «Benzin yo’q, dori tamom bo’libdi, kelganim uchun bir nima bering», -demaydi. Eng umidsiz bemorga ham «Xudo xohlasa yaxshi bo’lib ketasiz», -deb dalda beradi. Qayoqqa ketishini aytib o’tirmaydi. «Ketasiz!» -deydi, vassalom. Bemor bu daldadan ko’ngli taskin topib, duxturga tugib qo’ygan tugunchasidan bir narsa olib beradi. «Meni kim deb o’ylayapsiz, -deydi duxtur hamiyati qo’zib. -Men Gippokrat qasamini ichganman!»

«Bir marta qasam ichgan odamga qasam ham aroqday bo’lib qoladi, buni chin dildan, ehson sifatida berayapman, olmasangiz ranjiyman», -deydi bemor. Duxtur ehsonning cho’g’iga qarab, ko’ngli yumshab: «Hay mayli, ketmasligingiz ham mumkin», -deydi va jomadonidan yana bir etak dori olib beradi. «Mana buni ovqatdan oldin, bunisini ovqatdan keyin, bunisini uxlashdan oldin, bunisini uxlashdan keyin ichasiz. o’zim yana kelib xabar olib turaman», -deb quyuq xayrlashib chiqib ketadi. Bemor duxturning bunday mehribonligidan ko’ngli buzilib, bildirmay yig’lab oladi. Chunki bizning bemorlarning ko’ngli bo’sh, yaxshi gap bilan ham tuzalib ketaveradi.

Har qanday sohada mehnat-mehnatga qarab qadrlanishi, taqdirlanishi kerak. Shuning uchun tibbiyot sohasida bemorlarga pullik xizmat ko’rsatish tashkil qilindi. Ilgarilari «Falon duxturxonada bitta koyka falon pul ekan, duxturga falon pul berish kerak ekan», -degan gaplar o’rmalab yurardi. Hammasi bekor gap! Bu og’ziga kuchi yetmaganlarning gapi. Shu gaplar bo’lmasligi uchun hozir bemor o’rin-to’shak, ovqat uchun pulni kassaga to’laydi. Duxturxonada dorixona bor-dorini o’sha yerdan olib beradi. Sharoitlar ktarli - g’amxo’rlik shunchalik bo’ladi-da!

Yaqinda hozirgi zamon Payg’ambarligini da’vo qilayotganlardan biri redaktsiyaga kelib qoldi. Egnida sportchilarning ko’ylak-ishtoni, cho’ntagida uyali telefon. Nostradamusdan tortib, Kashpirovskiygacha bo’lgan barcha allomalarni bilarkan. Dunyoda bo’ladigan to’polon-u alg’ov-dalg’ovlarni yil-kunigacha aytib berayapti.

–Odamlarni davolash kerak emas, -dedi u. -Ruhni davolash kerak. Ruhni esa so’z bilan davolash mumkin. Shuning uchun bemorlarning ko’pchiligi hozir menga kelib, uch seansda tuzalib ketishyapti. Buning ustiga bemorlar ovqatga, koykaga pul to’layman, deb o’tirishmaydi, falon pulga dori sotib olishmaydi, bunga ularning puli ham yo’q. Mening har bir gapim bemorlarga malham bo’ladi, hay, oxirida ko’ngillaridan chiqarib bir narsa tashlab ketishadi-da, -deya o’zi seans o’tkazgan videokassetani namoyish qildi.

–Mabodo o’liklarni tiriltiradigan Iso Maseh emasmisiz, -ehtirom bilan so’radim.
–Men yangi Payg’ambarman, -da’vo qildi u. -Bemorlarni so’z bilan davolash qudratini butun dunyoga ko’rsatmoqchiman! Shunda tibbiyotingiz ham kopeyka bo’lib qoladi!

Aytmadimmi, bizning xalqimiz yaxshi gap bilan tuzalib ketaveradi, deb. Mana isboti! o’zbekchani yaxshi gapirolmaydigan shu «avliyo» bemorlarni ega-kesimi yo’q almoyi-aljoyi gaplari bilan tuzayotgan ekan, demak dunyoda bizning xalqimizday kelajakka ishonch bilan qaraydigan xalq yo’q. Tekin tuzalish kimga ham yoqmaydi? Ayniqsa mana shu «avliyo»ning seanslarini o’tkazish uchun odam yig’ib, joy tashkil qilib bergan ma’naviyat va  ma’rifat markazining bu savob ishlari menga juda ma’qul bo’ldi. Axir ma’naviyatning ma’naviyati ham shunda-da!

Bemorlarga bepul dori-darmon beradigan Qizil Yarim oy jamiyati bor. Boshlig’i - boshi ham yarim oyga o’xshaydigan juda mulozimatli odam. Kimni ko’rsa dori beradi, «Dori kerakmas», -desangiz xafa bo’ladi. «Olib qo’yavering, katta partiya kelgan, bir kun kasal bo’lib qolarsiz», -deydi. G’amxo’rlikni qarang! Bunday odamlarga qizil yarim oydan emas, qizil xochdan ham yodgorlik qo’ysang arziydi! Xullas, nolishga o’rin yo’q. Mana «Tez yordam»ga ayniqsa «Damas»larning berib qo’yilishi bemorlar uchun o’ziga xos sinov bo’ldi. Duxturxonaga olib borguncha shag’al toshiydigan moshinaday bemorni silkitaverib biryoqli qiladi. «Tez yordam»da duxturxonagacha yetib kelgan bemor o’lmasa, albatta tuzalib ketadi.

Bir kuni kasal bo’lgim kelib qoldi. O’n litr benzin, o’n litr suyultirilgan gaz g’amlab qo’ydim, qimmatbaho dorilardan oldim, pul ham tayyorladim. Keyin «Tez yordam»ni chaqirdim.

–Yonilg’im yo’q, -dedi kelishi bilan oq xalatli «Damas» haydovchisi. O’n litr benzinni oldiga qo’ydim.
–Men gazda yuraman, -dedi haydovchi. Suyultirilgan gazni keltirdim. Haydovchining hafsalasi pir bo’ldi.
–Sizning kasalingiz falon kasalga o’xshaydi, -dedi «Tez yordam» duxturi. -Falon so’mlik falon-falon ukol va dorilar kerak.
Aytganlarini muhayyo qildim.
–Falon dori yo’q-ku? -dedi duxtur. Uni ham keltirdim.
–Bu doringiz eski, -dedi duxtur. -Yili yozilmagan.
Yili yozilgan joyini ko’rsatdim. Duxturning hafsalasi pir bo’ldi.
–Kasalingiz og’ir, -dedi u. -Sizni falon kasalxonaga olib boraman, o’sha yerda davolashadi. «Tez yordam»da silkina-silkina kasalxonaga yetib oldim.
–Pul to’lang-, bir haftaga deyishdi eshikdan kirishim bilan. -Koykaga, ovqatga, palatani tozalagan navbatchiga... o’n besh ming so’m bo’ladi.
 Hammasini to’ladim. Shu yotishda ikki kun yotdim. Uchinchi kuni duxtur keldi. Qo’lida «Tez yordam» duxturi to’ldirgan kasallik tarixi.
–Xo’sh.., -dedi u bir kasallik tarixiga, bir menga qarab, -o’h-ho’, kasalingiz o’tib ketibdi-ku. Sizga falon-falon ukol-dorilar kerak, falon so’m bo’ladi.
Men duxtur aytgan ukol dorilarni chiqarib qo’ydim.
–Bu ukol-dorilar bo’lmaydi, -dedi duxtur qat’iy. -Yasama bo’lishi mumkin. Bizniki esa ishonchli. Pastdagi aptekadan olib keling, keyin davolashni boshlaymiz... -U shunday deb chiqib ketdi. Duxtur aytgan ukol-dorilarni oldim. Haftaning oxirida yana duxtur keldi, qo’lida kasallik tarixi.
–O’m..., kasalingiz og’ir..., nima qildik, davolaymizmi, yoki yashaysizmi?
–Yashayman, -o’rnimdan turdim. - Bunaqa davolanishda kasal bo’lib qolishim hech gap emas. Yaxshisi, o’sha so’z bilan davolaydigan «avliyo»ni topaman. Ham koykaga pul olmaydi, ham ega-kesimi yo’q gaplarni gapirayotgan paytida mazza qilib mizg’ib olish mumkin...

Xullas, «Tez yordam»ga Damaslarning ajratilganligi bejiz emas ekan. Moshinada silkina-silkina miyasi joyiga tushgan bemor kasalxonada faqat yotgani uchun bir haftaga o’n besh ming so’m to’laganidan keyin jon shirin ko’rinib, duxturdan voz kechar ekan. Bunaqada o’sha «avliyo»ning aytgan gaplari to’g’ri chiqadiganga o’xshaydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.