OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Vaqtida ketish sharaf (hajviya)

Har bir inson hayotining yulduzli damlari bo’ladi. Umuman yigit kishining boshiga uch marotaba baxt qushi qo’narkan. Gap uni tutib qolishda. Tutib qolmasang tamom, laylatulqadrday o’tadi-ketadi. Ernest Xeminguey «Chol va dengiz» hikoyasi uchun Nobel mukofotini oldi. Gorbachev tarix taqozosi bilan ulkan imperiyani tarqatgani uchun Nobelni olib, maydondan sharaf bilan ketdi. Napoleon o’z vaqtida baxt qushini tutib olgan bo’lsa ham Vaterlooda xato qildi. Hisobini ololmadi. Janna d Arkday oddiy bir frantsuz qizi o’n yetti yoshida xalq qahramoni bo’ldi, Aleksandr Makedonskiy 33 yoshida dunyoning yarmini egallab, sharaf bilan ketdi. Sergey Esenin 25 yoshida go’zal asarlarni yaratib,  go’zal qizlarni kuydirib dunyoni tark etdi. Futbol qiroli Pele, boks qiroli Muhammad Alilar maydonni o’z vaqtida tark etdi. Boks yulduzi Taysonga nima yetishmayotgan edi? Yuzini Lenniks Luis urib pachaq qildi. Artur o’z vaznida mutlaq chempion sifatida maydonni tark etmadi, qandaydir negrga urdirib qo’ydi. Alam qiladi-da!

Vaqtida ketolmaganlar sudralib yuraveradi, o’n yettisida hech kim bo’lmaganiday 25 ida ham, 33 ida ham shaxs bo’lolmaydi. Elligidayam, yetmishidayam go’r bo’lmaydi. Xo’p, shu vaqt ichida ular bir qadar muvaffaqiyat qozondi, deylik, lekin qilgan ishi xira chiroqqa o’xshaydi, hech qayerni yoritmaydi. Bunday odam to’qsonga kirsa-da, nimaga dunyoga kelib, nimaga ketayotganligini anglab yetmaydi. Hammaga o’xshab kelib ketayapmiz-da, ko’hna dunyodan, -deydi u tishsiz og’zini ochib qih-qihlab kulib. Shu odam umr bo’yi qilgan ishining uchdan birini 30-35 yoshgacha bajarib, vaqtida sharaf bilan ketsa, tarixda qolardi. Uning sha’niga yodnomalar, she’rlar yozilardi, xalq qahramoniga aylanardi. Jon shirin-da, ketgisi kelmaydi, menga shuyam bo’laveradi, deydi. Shuning uchun aytishadi-da, bo’ladigan bola o’n beshida bosh bo’ladi, bo’lmaydigani qirq beshida  qoqbosh bo’ladi, deb.

Mehmondorchilikda, to’yda, bazmda, hatto mansabda ham vaqtida ketgan ma’qul, bo’lmasa, ketkazishadi. Mast bo’lding, aljirama, jonga tegding, o’tirib qolding, xullas, bahona ko’p. Mansab qurg’ur shirin-da, uning ta’mini totgandan keyin odam ketgisi kelmaydi. So’nggi yo’lga bo’lsayam mansab bilan ketgisi keladi. O’zi avvaliga yugurdaklik qilib birovlarning yalog’ini tozalab yurgan bo’ladi. Amalga ilashib olganidan keyin turqi, vajohati o’zgaradi, qiyofasi takabburlik kasb etadi, muomilasi viqorli bo’ladi. Bashara o’rgatilgan qopag’on itning turqiga o’xshasa-da, saviyasi, dunyoqarashi o’sha yugurdakligicha qoladi. Qul poshsho bo’lsayam qul-da! Buni sezdirib qo’ymaslik uchun majlisni majlisga ulaydi, o’zidan aqlliroqlarni chetlatib, fe’li-xo’yiga moslashgan yugurdaklarni o’ziga yaqinlashtiradi. 

Amalga ilashganlardan biri hamma joyda rais almashtirishda rekord o’rnatdi, boshqasi bankirlar istamasa-da, ularni ixtiyoriy-majburiy ravishda rahbar qilib tayinlashda Ginnes kitobiga kirdi. Bittasi mansabga ilashishi bilan butun guberniyadagi maktab direktorlarini qiyratib chiqdi. Ularning qarg’ishi tegdimi, tez orada o’zining ham dumi tugilib ketdi. Vaqtida ketmagan-da!

 Ana endi kattaroq amaldagi odamning mansabdan tuppatalosdan ketib qolishini  tasavvur qiling. Osmondan yulduz qulaganday, hamma yoq bo’m-bo’sh, dunyo bo’shliqdan iborat bo’lib qolganday bo’ladi. Aslida o’sha sobiq rahbarning kallasi bo’m-bo’sh bo’ladi. Shunday bo’m-bo’sh kalla bilan qanday shuncha yil ishlab yurdim, deb o’ylamaydi. Mening kallam butun, deydi, bekorga nohaq ishdan bo’shatishdi, deydi. Hali bir kun qadrim o’tadi, shunda ko’ramiz, deb o’zini ovutib ham qo’yadi.  Shuning uchun vaqtida laylatulqadrning biror joyidan tutsang, tutib qolding, bo’lmasa qulog’ingni changallab qolaverasan. Yulduzli damlarda vaqtida ketish, vaqtida iste’fo berish sharaf. Buni bilgan biladi, bilmagan to’qsonga kirsa ham arosatda yuraveradi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.