OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Vaqtinchalik qiyinchiliklar (hajviya)

Bir sodda dehqondan: “Bizda nima doimiy bo’ladi?”, -deb so’rashsa, “Vaqtinchalik qiyinchiliklar”, -deya javob bergan ekan. «Qanaqa vaqtinchalik qiyinchiliklar?» «Qanaqa bo’lardi, tabiiy ofatlar-da, mana qish qurug’chilik bilan o’tadi, bahor seryog’in keladi, yozda harorat yetishmaydi, kuz erta tushadi, undan keyin nima bo’ladi - plan bajarilmay qoladi», -dermish...

Yaratganning bandasi  bir narsaning qadriga yetishi uchun albatta vaqtinchalik qiyinchiliklar jabrini tortib ko’rishi kerak. Hamma rohat-farog’at ana shunda! Barcha rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqariladigan xalq iste’moli mollarining asosiy qismi xususiy tadbirkorlar ulushiga to’g’ri keladi. Chorvachilikda ham. Bizda chorvachilik xususiy sektorga o’tkazildi. Ko’pni ko’rgan rais bovalar bundan foydalanib, butun boshli chorva komplekslarni, suruv-suruv podalarni urug’-aymog’iga, pulni quyuq qilib bergan boyvachchalarga kepakka piyoz qilib sotib yubordi. Natija hammamizga ma’lum. Chorva tappisini hidlamagan boyvachcha yoki urug’-aymoq chorva komplekslarini etu suyak qilib mo’rchaday tashib ketdi, qoramolu echki uloqni sotib nafsini qondirdi. Mana endi-endi el ichidan chiqayotgan tadbirkorlar ming mashaqqat bilan kredit olib chorva bosh sonini ko’paytirish uchun harakat qilib yotibdi. Biz go’shtni ikki ming so’mdan olib yeydigan bo’lganimizdan keyin chorvaning qadriga yetadigan bo’lib qoldik. 

Ko’pchilik ishlab chiqarish korxonalari hozir ko’rinmas aysbergga urilib, talvasa bilan cho’kayotgan kemaga o’xshab qoldi. Uni xususiy sektorda rivojlantirish maqsadida sotib olayotgan okaxonlar yana tuzish o’rniga buzish bilan ovvora. Samarqand shahrida «So’g’diyona» oromgohi ro’parasida bir paytlar Sharof Rashidov tamal toshini qo’ygan eng katta uy-joy qurilishi kombinati bor. Bu yerdagi ulkan metallokonstruktsiyalar etu suyakka ajratilib, allaqaylarga tashib ketilayapti. Nima, endi bizda boshqa uy-joy qurilmaydimi? «Damariq» bozorining yonginasidagi xiyobon ko’ngil yozib, hordiq chiqaradigan yaxshigina maskan edi. Bu yerdagi daraxtlar kesilib, yashin tezligida qatorlashgan do’kon va do’konvachchalar qurildiki, ko’rib havasingiz keladi. Xiyobon o’rtasiga o’rnatilgan temir turna ham yaqinda bolalari bilan  bu erdan uchib ketsa kerak.  Hoy musulmon, nima qilayapsan, shu do’konlarni falon joydan qursang bo’lmasmidi? -deydigan ega yo’q.

Yaqinda bir boshliq: «Endi bundan buyon o’quvchi va talabalar supurgi qo’ltiqlab ko’cha supurib yurmaydi», -dedi. Yig’ilganlar Rim amfiteatri maydonidan ozod qilingan gladiatorlarday qarsak chalib yuborishdi. Chunki ular ko’cha supurishning qadrini bilishadi-da! Toshkent-Termiz yo’nalishi bo’yicha Katta o’zbek traktining Qozog’iston hududidagi qismi yopib qo’yilgan. Barcha yo’lovchi tashish transportlari Guliston orqali aylanib o’tadi. Lekin o’sha hududidan o’tadiganlar o’tib yotibdi. Buning uchun Sirdaryo viloyatidagi katta bir idoradan falon pul to’lab ruxsatnoma olish kerak ekan. Shunday qilmasak, yo’lning qadriga yetmaymiz-da! «Siz falon idoradanmisiz?» so’raydi yo’l chegarasida turgan qo’riqchi. «Yo’q, men fismadon idoradanman» deb haydovchi qo’riqchi bilan quyuq ko’rishib qo’yadi. Shu ko’rishishdan qo’riqchining ko’ngli yumshaydi, «Mayli, faqat ehtiyot bo’ling», -deb shlagbaumni ochib, moshinani o’tkazib yuboradi.

Yo’lovchi tashiydigan avtobusning yordamchisi yo’l harakati xavfsizligi postida moshinani to’xtatib qolishsa, 500 so’mni kaftiga qistirib yugurib tushib ketadi, bir zumda qaytib keladi-da, keyin «Raftem, hamesh jo-bajo!» deb shopirni qistaydi. Bir postda «to’xta» degan joydan shopir yuz metr o’tib ketgan ekan, kamchiliklarini topishdi shekilli, yordamchi ming so’mni kaftiga qistirib ketdi, keyin uch ming so’m olib yugurdi, amallab, ishni to’g’rilab qaytdi. Bir soat o’sha joyda kutib o’tirdik. «Tinchlikmi?» -degan savolga yordamchi «Dokument chatoq ako!» -deb javob berdi. Yo’l yurish qadrini yo’lda ana shunday qolib ketgan odam biladi.

Yuqori nuqta postiga kech soat 8.00 larda kirib keldik. Avtobusni to’xtatishdi. Uch-to’rtta uzoq yo’lga qatnaydigan avtobuslar safiga qo’shildik. Ma’lum bo’lishicha, qaysi bir avtobusga chiqqan noma’lum kishilar yo’lovchilarni qo’rqitib, bor-yo’g’ini shilishib, g’oyib bo’lishgan. Endi shuning uchun maxsus qaror bilan kechqurun soat 20.00 dan ertalab 6.00 gacha uzoq yo’lga qatnaydigan avtobuslar harakati to’xtatib qo’yilgan ekan. Oradan bir soat, ikki soat, uch soat... o’tdi hamki, siljishdan darak yo’q. Peshonasiga Urganch, Buxoro, Shahrisabz deb yozilgan avtobuslar tiqilib ketdi. Oxiri yo’lovchilar janjal qilib boshlashdi.

-Pulimni qaytarib ber, -dedi ikki bolasi bilan kelayotgan ayol haydovchiga, -bolam kasal, taksi bilan ketaman.
-Menga nima, moshina buzilmagan bo’lsa, ana, post xodimlariga ayting, ruxsat bersa haydayman-da...
Ular shu tariqa janjallashib, post xodimlari yoniga borishdi.
-Opa, pulingizga men javob bermayman, -dedi post xodimi. -Men boshliqdan topshiriq olganman, shuni bajarayapman. Avtobuslar o’nta bo’lganidan keyin kolonna qilib Samarqandga olib boraman...
-Men falon joyga ustingizdan shikoyat qilaman, -dedi opa.
-Boring, qayerga borsangiz-boravering, menga xalaqit bermang, -qisqa qildi post xodimi.

Xullas, pulini ololmagan opa, yana 10-15 nafar yo’lovchilar o’tayotgan yengil moshinalarni to’xtatishib jo’navorishdi. Biz ham yo’lga tushdik... to’rt soatdan  keyin, kolonna bilan. Yaxshiyam samolyotlar pastlab uchishmaydi, bo’lmasa ularni ham to’xtatishib, kolonna qilib olishardi, o’yladim ichimda.

 Ana shunaqa. Bizda hamma narsa inson farovonligi, yaxshi yashashi, xavfsizligini ta’minlash uchun qilinadi, lekin quyida o’tirib olgan, sallasini olib kel, desa, kallasi bilan qo’shib olib keladigan akato’ralarning qilayotgan xurmacha qiliqlari tufayli jamiyatda hamma narsa chalkashib ketadi, odamlarda norozilik kayfiyatlari paydo bo’ladi. To o’nglanib, izga tushib ketguncha sun’iy ravishda tashkil qilingan vaqtinchalik qiyinchiliklardan ko’p narsani, hatto umrni yo’qotamiz. Yo’qotgandan keyin qadriga yeta boshlaymiz. Essiz umrim-a, qirq yillik vaqtimni shunga sarflabman bekorga, -deb hech kimga keraksiz memuarlar yozamiz. -Shu Cho’ponotaga millionlab so’m sarflab, ming-minglab odamlarni chiqarib o’tqaztirgan ko’chatlarni boshqa joyga ektirsam, yuz gektarlik bog’ bo’lardi, nomim tarixda qolardi. Hozir kim o’sha yo’ldan o’tsa, o’n yil burun ekilib qovjirab yotgan ko’chatlarni ko’rib meni bir so’kib o’tadi. To’g’ri qiladi, chunki o’sha paytlar vaqtinchalik qiyinchiliklar davri edi, uning jabrini chekkandan keyin endi qadrini tushunib yetayapman, - deb  o’zimizni oqlab ham qo’yamiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.