OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Xudo xohlasa (hajviya)

Odam yer yuzidagi barcha maxluqlar orasida birinchi bo'lib iblis bilan til topishgan, deb yozgan ekan Chingiz Aytmatov. O'shandan buyon odamzod xudoni sal yodidan chiqarib qo'ysa, iymoni sustlashib, ichidagi shayton g'imillab qolarkan.

Xo'ja Nasriddin bir kuni xotiniga osh damlatibdi. «Bugun bir osh eylik», -deb ishtahani chog'lab tursa, xotini «Xudo xohlasa, deng», -depti. Xo'ja Nasriddin: «Ha, osh keldi-ku, xudo xohlasa-xohlamasa demasam ham yeyman-da!» -deb laganga qo'l uzatgan ekan, darvoza taqillab qolipti.

Obbo, bemahalda kim bo'ldiykin bu kutilmagan mehmon, deya Afandi yelkasiga choponini tashlab chiqsa, poshsholikning odamlari uni kiyimini kiyishga ham qo'ymay chopon-poponi bilan qo'shib olib ketishipti. Osh-oshligicha, choy-choyligicha qolib ketipti. Yarim tundan oshganda Xo'ja Nasriddin uyiga qaytib, darvoza zanjirini qoqipti. Xotin uyqu aralash «Kim u?», -desa, «Men, xudo xohlasa, ering bo'laman», dermish Afandi.

Xudo Odam Safiullohni yaratganida barcha farishta-yu maloikalarni unga sajda qildirgan ekan. Shunda iblis Yaratganning irodasiga shirk keltirib: «Men nurdan paydo bo'lganman, odam balchiqdan yaratilgan bo'lsa, nega unga sajda qilishim kerak?» -deb bo'yin egmapti. Shundan keyin u jannatdan yer ostiga badarg'a qilinib, shaytoni rojiym tavqi la'natini olgan ekan. Lekin shayton-shayton-da, bir balo qilib hiyla-nayrang bilan odamdan o'ch olib, jannatdan quvilishiga zamin tayyorlapti. Buning uchun Hannoschasini Odam Ato bilan Momo Havoning yoniga jo'natib, uning jig'iga tegaveripti. Odam bir indamapti, ikki indamapti, uchinchi marta jig'ibiyron bo'lib, Hannoschani qoq ikkiga bo'lib tashlapti. Shayton shaytonvachchasini qayta tiriltirib yana Odamning yoniga yuboripti. Bundan g'azablangan Odam uni tilka-pora qilib, yamlab yutib yuboripti. Shunda panada kuzatib turgan shayton xursandligidan qih-qihlab kulipti. «Ana endi ichingga kirib oldim, seni qanday o'ynatishni o'zim bilaman», depti. Shunday qilib, Odam shaytonning qutqusiga uchib, jannatdan yer yuziga badarg'a qilingan ekan.

Ha, yaxshilar, ota-bobolarimiz odamning o'ng yelkasida rahmon, chap yelkasida shayton o'tiradi, deb bekorga aytmas ekanlar. Rahmon qayerda o'tirishini bilmadim-u, lekin shayton uning ichidaligi aniq. Odam qaysi ishga qo'l urmasin, avval shaytoniy qiliqlarini namoyish qiladi, shaytonlik yo'llarini o'ylaydi. Qo'lidan hech narsa kelmasligiga ko'zi yetsa, rahmonni eslay boshlaydi, tavba-tazarru qiladi. Ungacha shayton bilan osh-qatiq bo'laveradi, peshonasi «to'q» etib biror to'siqqa urilmagunicha. Faust Mefistofelning gapi bilan turli noma'qulchiliklarga qo'l urib, xudoni yodidan chiqaradi, oqibatida ko'zdan qoladi. Keyin shaytonga la'nat o'qiydi. Bandasi tushmagur qilg'ilikni qilib qo'yib, keyin aybni shaytonga yuklaydi. «Shayton yo'ldan ozdirdi!» -deydi baqirib. Shayton odamning shaytonligidan qih-qihlab kuladi. «Ha-a-a, shayton, -deydi u xudo tomonidan nohaq yer ostiga badarg'a qilinganligidan alami kelib. -Aslida men emas, odam shayton!»

Butun dunyoga shov-shuv bo'lgan Angliyaning dunyodagi eng ulkan «Titanik» kemasi 1912 yilda birinchi va so'nggi safarga chiqishidan oldin uning kapitani Edvard Jon Smit «Bu kemani cho'ktirib yuborish Xudoning ham qo'lidan kelmaydi!», -deb shakkoklik qilgan edi. «Titanik» 10 aprelda 2358 yo'lovchi bilan safarga chiqib, 14 aprel kuni aysbergga uriladi va uch soatga yetmay dengizga cho'kib ketadi. Shuncha odamdan faqatgina 868 kishi qutulib qoladi. Mana, xudoga shak keltirib, shayton qutqusiga quloq solish! 1724 yilda Petr I o'zi yaxshi ko'rib qolgan kir yuvuvchi qiz-Marta Skavronskayaga uylanadi va unga Kremlda tantanali ravishda malikalik tojini kiygizadi. Ana shu tariqa kir yuvuvchi malika Ekaterina bo'lib siyosat maydoniga kirib keladi. Lekin oradan ko'p vaqt o'tmay Petr I hatto vasiyatnoma yozishga ulgurmay to'satdan vafot yetadi. Ekaterina bo'lsa, knyaz Aleksandr Menshikov ko'magida taxtga o'tiradi. Shaytonlikmi? Shaytonlik!

Antuan Loran Lavuaze ximiya va termoximiyaning otasi bo'lgan, shu fanni oyoqqa qo'ygan. Siyosatga aralashib, qatl qilingan. Ha, siyosatga aralashib nima qilasan, uning boshi qayda-yu oyog'i qaydaligini bilmasang? Tinchgina yuravermaysanmi kolbalaringda tajribalaringni o'tkazib. Uning siyosatga aralashuvi shaytonning ishi-da! Qo'yib bersa, noshukur banda shaytonning qutqusi bilan xudoni ham aldamoqchi bo'lib ko'radi. «E xudo, deydi u. -Menga yuz tanga ber, agar bir tanga kam bo'lsa olmayman», -deb iltijo qiladi. Agar o'sha paytda «po'p» ettirib uning yoniga bir tanga tashlasangiz, ilib olib, «Ha, 99 tangasini yana bir kun berar-da!», -deb barmatuxa ichishga ketivoradi. Endi, shu holatda ertakdagi mujikning shaytonni tutivolib, cho'qintirishga urinishi kulgili. Aslida mujik shaytonni emas, shayton mujikni cho'qintirishga uringan bo'lsa ajab emas. «Dekameron»dagi shaytonni do'zaxga haydashni esa gunohkor rohib o'ylab topgan. Bunaqa xayollar qosir shaytonning tushiga ham kirmasa kerak.

Dunyo yaralganidan buyon Odam bolasi hech qachon tinch o'tirmagan. Odam oyga yetdi, Marsni zabt etdi, endi to'qqiz qavat yer ostini egallasa, u yerda jon saqlab turgan shaytonni ham quvib chiqaradi. Ana shunda shayton bir paytlar Odamni jannatdan quvdirganiga ming-ming pushaymon bo'ladi, o'rniga kelmaydi. Hozircha xudo xohlasa yer yuzida shayton qiladigan ishning o'zi qolmadi,  hisob...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.