OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Yaxshiyam odamda ko’richak bor (hajviya)

Dam olish yaxshi narsa-da! Ufqqacha tutashib ketgan sohil, moviy dengiz, quyosh harorati, kechqurun diskoteka... mazza! Men ana shunaqa dam oladigan joylarning juda ko'pini bilaman. Sochi, Yalta, Evpatoriya, Fors ko'rfazi, Oltin qumloq, Mayami-Siti... Hammasini ko'rganman. Xaritada. Har yili ta'til paytida xaritaning yoniga borib, dam olishni mo'ljallagan joyimni tanlayman. Keyin mazza qilib xayol suraman. Keyin yana ish, ish, ish-sh-sh, desang ham to'xtamaydi. To'g'ri, bir marta ikki yil dam olganman. Leningradda. O'qishda. Bir marta o'n besh  kun dam olganman. Harbiy xizmatda. Gaupvaxtada.

Xullas, odamga o'xshab dam olish uchun qishda Zomin sanatoriyasiga Jamol akam bilan putyovka oldik. Jamol aka ishlarini bitirib, keyinroq boradigan bo'ldi, men jo'navordim. Borib, derazasi tog' manzarasi tomonga qaragan xonani egalladim. Hammayoq qor, archazor, mazza! Ana endi, mazza qilib dam olasan, millo okaxon, dedim o'zimga o'zim. Yo'q, erta xursand bo'lgan ekanman. O'sha kuni kechqurun ovqatxonaga tushib, manti yedim. Xamiri shimimning qayishidan ham qalin ekan. Qorin och, ikkitasini ochofatlik qilib yeb-yutib qo'ydim. Avvaliga  hech narsa sezilgani yo'q, ertasiga qorin dam bo'lib og'riy boshladi. Dori ichdim, ko'knori kukunidan kappaladim, qani endi og'riq bosilsa. Qorinning ostiga Alpomishning gurzisi joylashib qolganday, egilolmayman. Oltinchi kuni Jamol yetib keldi. Qorin og'rib, g'ujanak bo'lib yotipman. U darrov qoringa non silab, "hap-chiq, hap-chiq", -deb  ho'kizga berib keldi, sanchiq ho'kizga o'tmadi. Ertasi kuni sanatoriyaning bosh vrachi keldi. U ko'richak bo'yicha mutaxassis ekan, qornimni besh-olti marta barmog'i bilan bosib: "So'lqildaydimi?" -deb so'radi. Gapiga tushunmadim . "Vibratsiya berayaptimi?" -deb so'radi. "Bunaqa bossa hamma narsa vibratsiya beradi", -dedim

-Bo'ldi, -dedi bosh vrach qo'lini yuvib. -Diagnoz aniq, o'tkir formadagi ko'richak bo'lgansiz. Tezda rayon kasalxonasida operatsiya qildirish kerak.

-O'tkir formadagi ko'richak bo'lsa, uch kundan keyin odam o'ladi, men yetti kundan beri yuribman-ku, -dedim e'tiroz bildirib. Qorin og'risa ham qorli tog'lar, archazor manzarasidan ajralgim yo'q edi.

-Bilmayman, men javobgar bo'lishni istamayman, -dedi bosh vrach. -Tuzalganingizdan keyin kelasiz.

Shu bilan dov-daskamni yig'ishtirib, tuman kasalxonasiga yo'l oldim. Yonimda Jamol. Og'riq o'ng biqinga o'tgan, avtobusda inqillab ketayapman.

-Shu viloyatda hokim jo'rangiz bormidi? -so'radi to'satdan Jamol.

-Ha, -inqilladim. Jamol uning ism-familiyasini so'radi. Aytdim "Moshinasi bormi?" "Bor bo'lsa kerak." "Sizda telefon raqami bormi?" "Yo'q", -inqilladim. Shu paytda bu ma'lumotlar unga nimaga kerak bo'ldi, deb hayron bo'ldim. Keyinchalik o'ylasam, jo'ram mabodo bu operatsiyadan eson-omon chiqmasa, o'ligi dardisar bo'ladi, deb reja tuzayotgan ekan... Shunday qilib kasalxonaga bordik. Duxturlar birin-ketin qornimni bosib ko'rishib: "So'lqildaydimi?" deb so'rashadi. Men "Yo'q", -deyman.

-O'tkir formadagi appenditsit bo'lgan, -xulosa qilishdi duxtirlar. -Yaxshiyam vaqtida kelibsizlar. Sal kechiksa bormi...

Darhol menga oq kiyim-bosh kiygazishdi, aravachaga solishib, oyoq-qo'limni bog'lashdi. Operatsiya xonasiga olib kirishib, ichak-chavog'im ko'rinmasligi uchun oq latta tashlashdi. Duxtirlardan biri pichog'ini qayrayapti, menga qarab "Qalay", -deb tirjayib qo'yadi.

-Haliyam o'ylab ko'ringlar, ko'richak bo'lgan odam uch kunda o'ladi, -desam, duxturlar kulishadi.

Xullas, qorinni kesishdi, nimalarnidir qirqishdi, nimalarnidir tikishdi, chidab yotipman.

-Ana bo'ldi, -dedi duxturlardan biri oxiri. -Mana, ko'rib qo'ying, appenditsitingizni, -deya o'rta barmoqday, chilla barmoqday kesilgan ichakni ko'rsatdi.

-Ha, nima bo'lsa-bo'ldi, -dedim-da operatsiya xonasidan aravachada palataga olib kirishayotganlarida Jamolni qo'rqitish uchun tilimni chiqarib, ko'zimni yumib oldim. Bir payt qarasam, Jamol jo'ramning rangi oqarib ketgan, o'zini ustimga tashlamoqchi bo'layapti.

-E-e, bo'ldi-bo'ldi, yaxshiman, hazillashdim, -deya uni bir balo qilib o'zimdan uzoqlashtirdim. Shu bilan Jamol dam olishga ketdi.

 Har kuni hamshira qizcha ukol urishga keladi.

-Bu bir martalik shpritslarmi? -so'radim hamshiradan bir gal.

-Albatta, -dedi hamshira. -Duxturlar siz uchun hammasini toptirib kelishdi.

-Bir marta ukol qilib, keyin shpritsni tashlaysizlarmi? -so'radim mamnun bo'lib.

-Yo'g'-e,-dedi hamshira ko'zlarini katta-katta ochib. -Biz bularni bir marta qaynatib olib, yana qaytadan ishlataveramiz.

-Ninadan yuqumli kasallik o'tsa-chi?

-Qirq yil qirg'in bo'lsa, ajali yetgan o'ladi, -dedi hamshira pinagini buzmay. -Ajalingiz yetmasa, tuzalib ketasiz...

Shunday qilib, umrimda bir marta dam olishga borib, uni ham kasalxonada o'tkazdim. Baxtimga ko'richak bo'lganim ish berdi. Ko'z yoki oshqozon og'riganida bormi, yo bir ko'zimni ko'r qilishardi, yo oshqozonimdan ajralardim. Yaxshiyam odamda ko'richak degan ortiqcha narsa bor. Shundan buyon dam olishga hech qayerga bormayman. Kestiradigan ortiqcha narsam qolmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.