OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Yig’laydigan o’lik (hajviya)

Bir odamning uchta o'g'li bor ekan. Payg'ambar yoshiga yetganidan keyin u xudojo'ylikka astoydil berilipti. Barcha mol-mulki, uy-joylarini uch farzandiga taqsimlab beripti. Masjidga boripti, choyxonaga chiqipti, u o'g'linikida bir hafta, bu o'g'linikida bir hafta yashab umrguzaronlik qilib yuripti. Avvaliga bu o'g'illariga bilinmagan bo'lsa-da, keyinchalik biroz malol keladigan, kelinlari zarda qiladigan bo'lib qolipti. Shunda chol kenja o'g'lini huzuriga chorlapti:

-Hvlidagi falon daraxt ostiga meros ko'mib qo'yganman, o'lganimdan keyin senga qoladi, -depti. Qolgan o'g'illariga ham shunday vasiyat qilipti. Shu kundan boshlab otaga munosabat o'zgaripti, o'g'illarning biri qo'yib biri chaqirgan, kelinlar yelib-yugurib mazali taomlar tayyorlab kiritgan... Chol shu tariqa yoshini yashab, oshini oshab chin dunyoga ravona bo'lipti. Otani ko'mishdan oldin uch o'g'il xilvat payti vasiyat qilingan daraxt ostiga kelishipti. Nima chiqsa ham bo'lishishga qaror qilishib, o'sha joyni kavlab ko'rishsa, lattaga o'ralgan, buralib-buralib ketgan qo'chqorning shoxi bilan bir parcha qog'oz chiqipti. Unda: "Kim tirikligida farzandlariga  mol-mulkini taqsimlab bersa, orqasiga shu qo'chqorning shoxi kirsin", -deb yozilgan ekan... Bundan hafsalasi pir bo'lgan o'g'illar janoza kuni shunday yoqa yirtib  giryon yig'lashibdiki, ularga qo'shilib hamma zor-zor yig'labdi...

Tushimda o'lib qolipman. Ruhim jasaddan ajralib chiqib, tepaga ko'tarildi. O'zining o'ligingda o'zing qatnashsang, qiziq bo'larkan. Bir payt xotin xonaga bir kosa ovqat opkirib, itga qo'yganday zarda bilan jasadning oldiga "taq" ettirib qo'ydi. Jasad ovqat yermidi? Nima  bo'larkan, deb kuzatib turibman. Bir payt qizim kirib: "Dada, ovqatni yemabsiz-ku?" dedi. Keyin "dada", deb chaqirib, jasadni turtib ko'rdi. Jasad qimirlayvermagach, ayasini chaqirdi. "Dadam qimirlamayapti", dedi. "Yana bir nayrangni o'ylab topgandir-da, bu ishyoqmas", -dedi xotin. Shu yerda noto'g'ri gapirdi lekin. Ko'p ishlaganimdan ikkita mehnat daftarchasini to'ldirib qo'yganman. Xotin jasadni bir-ikki turtib: "Voy o'lmay o'lsin, o'lib qopti-ku!" -deb ayuhannos soldi. Bir zumda tumanot odam yig'ildi. Birov qarindoshlarga chopgan, birov go'rkovga, birov yuvg'uvchiga yugurgan. Bo'ri qarisa, tulkiga kulgi bo'ladi, deganday, doim yanib, jerkib yuradigan xotin hammadan ko'ra ko'proq ayuhannos solib yig'layapti, ko'nglim buzilib ketdi. Jasadga qaytsammikan, deb o'yladim. Keyin, yana ko'ray-chi, bu yog'i nima bo'larkan, -deb kutib turdim. Bir umr mol-dunyo orqasidan quvib, meni ko'rsa: "Odam bo'lmaysan, yashashni o'rganish kerak",- deb  pisanda qiladigan boyvachcha qo'shnim bariton ovozda "Voy jigarim, jigarim!", -deb yig'lab kelib qoldi. Jigarim emish-a! Bilaman, jigaring kimligini! Sening jigaring shaytoni alayhi la'nadan bo'lak kasofat emas. Hamma unga qo'shilib, qiy-chuvlab yig'ladi. Boyvachcha qo'shnim jasadni ochib, rostdan ham o'lganmi-yo'qmi, deganday, burni tekkuday darajada egilib qaradi. Uning og'zidan sasib kelgan sigaret aralash ko'lansa aroq hididan jasad ham bir seskanib tushdi. "Buncha egilib qarab, falonimni ko'rmoqchimisan", -demoqchiman-u, ruh gapirmaydi-da.

Tirikligimni bir tiyinga olmagan olomon uchun o'ligim shunday aziz bo'ldi-ki, buni ko'rib ko'zimdan yosh chiqib ketdi. Qadringni bilay desang, o'lib ko'rishing kerak ekan. Hammayoqni tumonot odam bosib ketdi. Keyin vidolashuv mitingi bo'ldi.

-Birodarlar, -dedi Iskandarbey chiqib, -marhumdan besh ming dollar qarzim bor edi. -Qarz qiyomatga qolmasin, deb olib keldim, -u bir o'ram pulni o'rtaga qo'yib, piq-piq yig'lab chiqib ketdi. "He sani, - oshirib so'kindim, -olib kelarkansan-ku, bir umr orqangdan itday yugurdim-a!" Keyin Markaziy kanalizatsiyaning boshlig'i so'z oldi:

-Biz Sodiqbeyni nohaq ishdan bo'shatgan ekanmiz,-dedi u ko'z yoshlarini tiyolmay.- Kanalizatsiyalarni Sodiqbeyday hafsala bilan tozalaydigan mehnatkash inson yo'q edi. Men qilgan xatoyimni tuzatish uchun uning oilasiga umrbodlik maosh  tayinlayman...". "O'o, bachchaQar, olti oylab maoshsiz sarson qilib, bu erda sayrashini qarang!"

-Men birovlarning gapiga kirib, marhumga nasiyaga aroq bermay qo'ygan edim,-dedi uyimizning yonidagi do'konchi.-U qarzini oxirigacha to'lab ketmagan bo'lsa ham, men shundan kechdim..."Ha muttaham, yuz gramm deb ellik gramm quyib, pulini ikki baravar daftarga yozib qo'yarding-ku",-deydigan mard yo'q. Shundan keyin prokuror maqola yozdirib, gonorar bermaganligini, muharrir maqolalarimni vaqtida chop yettirmaganligini  ming afsuslar bilan gapirdi.  Bir payt xotin so'zga  chiqib qoldi. U vidolashish o'rniga  elkamdan zarda bilan silkita boshladi. "Turing, hoy, tursangiz-chi, yotishini qarang o'likka o'xshab!" Shu payt ruhim "Quv" etib jasadga joylashib oldi. "Bo'ldi-bo'ldi, endi sen qolgan eding egovlamagan",-deb alahlagan ko'yi  ko'zim ochilib ketdi. Qarasam, xotin tepamda turib elkamdan tortqilayapti: "Hadeb yotaverasizmi,-shanQilladi u.-Turing, telefonga  chaqirishayapti!" Borib, telefon go'shagini ko'tardim.

-Alyo, qalaysiz,-dedi prokuror.-Yig'laydigan o'lik bo'lib qopti, shunga fotihaga o'tib kelaylik...

Viloyat kattakonlaridan birining otasi qazo qilgan ekan. Bordik. O'ovlidan bir chaqirim masofagacha har xil engil moshinalar tiqilib ketgan. Odam degani Qij-Qij, birov kelayapti, birov ketayapti, hamma kattakonga ko'rinib o'tgisi keladi. Hamma uzoqdan ro'molchasini  olib "voy otam, voy jigarim"lab yoqasini yirtib, faryod chekib kelayapti.

-?arang-qarang,-prokuror imlab ko'rsatdi kelayotganlarni.-Taniyapsizmi?-Bunday razm solsam, faryod chekayotganlarning biri sobiq hokim, sobiq prokuror, sobiq rais, xullas hamma haydalgan, quvilgan,  ishdan bo'shatilgan sobiq rahbarlar.

-Bular nega bunchalar kuyinishayapti, biror tomondan qarindoshchiligi bo'lsa kerak-da,-dedim.

-Yo'q,-dedi prokuror.-Bular boshqa joyda yiQlasholmaydi, shunaqa joylarda xohlagancha baqirib yig'lab, ko'ngillarini bo'shatib ketishadi...

-Orqada yig'lab kelayotganlar-chi?

-Ular mansabdan umidvor kishilar. Kattakonning nazariga tushib qolamiz, degan umid bilan kim  o'zarga faryod chekishayapti...

Xuddi ana shu damda olgan qarzini bermay yurgan Iskandar, nohaq ishdan bo'shatgan kanalizatsiya boshlig'i, aroqdan urib, pulini ikki baravar daftarga yozib qo'yadigan do'konchi (prokuror yonimda turibdi, gapirib bo'lmaydi), maqolamni vaqtida  chiqarmagan muharrir, har gal pul so'rayverib, jonga tegib ketgan xotin yodimga tushib, ko'nglim buzilib ketdi. Beixtiyor ro'molchamni olib "voy jigarim"lab, yig'layotganlar safiga qo'shildim...

Ko'nglim yorishib, uyga qaytdim. Qaytayotib, yo'lda boyvachcha qo'shnimni ko'rib qoldim. "Odam bo'lmaysan, -dedi u erga "chirt" etib tuflab. -Yaxshi yashashni o'rganish kerak, jiyan!"

-Pul topib keldingizmi, -dedi xotin darvozani ochishim bilan. -Ha, namuncha xursandsiz, boshqasini  topdingizmi deyman...

Xotinning gapiga parvo qilmadim. Yig'lab, ko'nglimni bo'shatib olganimni ham aytmadim. Shu-shu, yig'laydigan o'lik bo'lsa, eshitib qolsam, dunyoning u chekkasida bo'lsa ham yetib boraman. Odamlar bilan qo'shilishib, baqirib-chaqirib  yig'lab, ko'nglimni bo'shatib olaman...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.