OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Fojia (hikoya)

Mirsharif Xo‘jayevga bag‘ishlanadi

1

Siz ayrim ayollarning bor zahri-zaqqumi, nafrat va g‘azabi mujassamlashgan, gohida tesha tegmagan qarg‘ishlariga e’tibor bergan, aniqrog‘i, mag‘zini chaqqan, picha tahlil qilganmisiz? Tadqiqotchilar aholi orasida yurib, xalq qo‘shiq, lapar, udumlarini yozib olishganidek, qarg‘ishlarni ham to‘plashsa, yomon bo‘lmasdi, deb o‘ylayman gohida.
Buvim (oyimning onasi) dadamni bot-bot, har gal yangi ibora, tashbehlar bilan qilgan duoyibadlarini eshitib, shunday xulosaga kelganman. Ularning aksari yodimda mixlanib qolgan.
«Ha, og‘zi-burningdan qon kelsin, lahatga ko‘ndalang bo‘lgur - san tagi past, ko‘rnamak!»
«Uyingga o‘t tushsin-u, til tortmay o‘l: murdasho‘ o‘ligingni yuvishdan hazar qilsin, tobutingni ko‘taradigan odam bo‘lmasin!»
Ba’zan zamonga moslashtirib qo‘yadigan odatlari ham yo‘q emas: «Aparasta paytida joning uzilsin! Morgdagilar adashib, qavmlaringga ayolning jasadini berib yuborsin!»
Dadamni, ilk bor, maktabga borgan yilim taniganman. Darsdan chiqqanimizda, eshik oldida bir amaki barimizga sinchiklab tikilayotganligi, aniqrog‘i, kimnidir izlayotganini sezib qoldik. Uning nimadandir hadiksiragancha, jovdiragan, ammo, bitmas-tuganmas mehrga to‘lgan nigohlari, bo‘ychan qomati, juda tanishdek edi. Bir mahal u kishi to‘g‘ri mening oldimga keldi.
- San, Sunnatullomisan?- so‘radi xavotir aralash tabassum qilib..
Andak cho‘chib, ma’qul ma’nosida bosh silkishim bilan meni bag‘riga bosdi: yuzlarim, bo‘ynim aralash o‘pa ketdi.
- Men - dadang bo‘laman!- dedi, hayajonlarini jilla bosib olgach. So‘ng atrofga olazarak nazar tashlab, sog‘ligim, o‘qishim haqida pala-partish savollar berdi, allanimalarni gapirdi. - Otingni o‘zim qo‘yganman - sunnat bo‘lib tug‘ilganding…
Keyin jimib qoldi, yuzimga otalarcha mehr bilan uzoq tikilib turdi, allaqanday halovat, qoniqishdan boshini sarak-sarak tebratdi. Oxirida, uchrashuvimiz haqida uydagilar bilmasligi zarurligini uqdirdi. Undan so‘ng bot-bot uchrashadigan bo‘ldik.
Anglashimcha, opam ikkalamiz hali bog‘chaga qatnaydigan paytlarda ular ajralishgan ekan. Bunga ko‘proq buvim sabab bo‘lganlar.
Buvim - bizning mehribonimiz. U kishining chollari (rahmatli) sho‘rolar davrida miroblik qilganlar. Shunchaki mirob emas, tumanlar, xo‘jaliklarga suv taqsimlaydigan kichik amaldor. Ayniqsa, suv tanqis bo‘lgan yillari yaxshi daromad qilgan deyishadi. (Buning boisini a’lofahm o‘quvchiga tushuntirish shart emasdir). Buvim shu daromad-u, to‘kinlikka ko‘nikib qolganlar; faqat maosh hisobiga ro‘zg‘or tebratadigan dadamdan noroziliklari oshib boravergan.
Buvim tabiatan tez lovullab ketadigan, anchayin qasoskor, o‘zlarini hamisha haq hisoblaydigan, boshqalar menga yo‘l bo‘shatishi zarur, deb biladigan, zamon va vaziyat o‘zgarganda ham digargun bo‘lmaydiganlardan.
Ammo oyim bilan dadamning ajralishlariga faqat u kishini ayblash insofdan emasdir. O‘zlaridan ham o‘tgan bo‘lsa kerak. «Oila uchun kurashish kerak», deb o‘qigandim allaqaerda. Oyim buning o‘rniga dadamdan ko‘proq shikoyat qilgan va buvimning ko‘rsatmasi bilan ish tutgan bo‘lsa ajab emas. Oiladagi doimiy noxushliklardan to‘yib ketib, shu yo‘lni tanlashgan ular. Dadam keyinroq boshqa ayolga uylangan, undan bir o‘g‘il, bir qizi bor.

2

Dadam qishlog‘imizdan biror chaqirim naridagi, shaharga tutash internat-maktabda o‘qituvchi bo‘lganlar o‘shanda. Bu yerda tarbiyasiga putur yetgan, bir kori-hol qilib qo‘ygan, shumtakalar yashab-o‘qishadi. U kishi hozir mazkur maktabda direktor o‘rinbosari.
To‘qqizinchi sinfni bitirishim arafasida hujjatlarimni qaerga topshirish masalasi oilaviy bahsu munozaraga aylanib ketdi. Buvim tog‘amning yo‘lidan borib, dorishunos bo‘lishimni istagan bo‘lsa, oyim kelajakda jarrohlikni tanlashim tarafdori edi. Bir to‘xtamga kelisholmay, tajanglashganlari boisimi yoki shu o‘rinda otaning o‘rni ayon bo‘lganligi sababmi, buvim tag‘in dadamni qarg‘ashga tushdilar.
- Itga bersang oshingni, itlar g‘ajir boshingni. Ha, bo‘yniginang uzilsin, san ipirisqi itni!
- Qani o‘zing gapir, qaerda o‘qimoqchisan?- jim o‘tirmadi opam ham.
- Shu qurilish-hunarmandchilik kollejiga borib qo‘yaqolaman,- dedim, ancha sukutdan keyin, o‘zim ham ikkilanib.
Bunday deyishimning bir talay sabablari bor edi. Bu kollej uyimizga yaqin, piyoda borib kelish - yo‘l kirani tejash mumkin. Bugina emas, maktabda rasm chizishga andak qiziqish paydo qilgandim: devoriy gazetalarni bezash, gohida shiorlar yozishga ko‘maklashardim. Mazkur kollejda buyoqchilik, uylarga gul chizishni o‘rgatishlarini eshitgan edim.
Xullas, avval ko‘nishmagan bo‘lishsa hamki, keyin injilib rozi bo‘lishdi.
Maktabda ruscha o‘qiganim sabab, o‘zbekchada qiynalib qolaman, deb xavotir tortgandim. Ammo bu yerdagi muallimlar mehribon kishilar ekanlar: moslashib olishimga astoydil ko‘maklashishdi, do‘stlarim ham ko‘payib qoldi.
Buni qarangki, kollejda, birinchi yiliyoq rassom sifatida tanildim. Aksar shiorlar yozish, devoriy gazetalarni bezash zimmamga tushdi. So‘nggi kursda binolarni bo‘yash, naqsh chiqarish haqida darslar o‘tgan bo‘lishsa-da, amalda yaxshi o‘rgatishmadi. Boisi: mazkur hunarga sohib bo‘lgan muallimning o‘zi yo‘q edi.
O‘qishni tugatishim arafasida esa, uydagilar (bu gal bahs-munozarasiz) ishni tog‘amning korxonasida davom ettirishimni aytishdi. U kishi bilan ham kelishib qo‘yishgan ekan.
Tog‘am, aniqrog‘i, mullatog‘am…

3

U kishini Hoji Arabboy deyishadi. Lekin arabga o‘xshamaydi ham, aloqasi ham yo‘q. Men u kishini ko‘proq Stalinning rasmlari yoki kinolardagi qiyofasiga o‘xshataman. Chehrasiga yarashiq bo‘liq mo‘ylovi(hajdan kelib, soqol ham qo‘ygandi, ammo keyin qirdirib tashladi)ni ulug‘vorlik bilan silab qo‘yishi, qop-qora sochlarini orqaga silliq tarashi, sokin harakati, dona-dona qilib gapirishlari va yana allanimalari sobiq dohiyni yodimga solaveradi. Shu bilan birga, to‘yib uxlagan, tuyib ovqat yegan, anchayin xotirjam, o‘ychan kishini ham eslatadi u.
Tog‘am haj safaridan keyin ancha xudojuy bo‘lib qolgandi: namozu ro‘zani kanda qilmas, odamlarga maslahat-u nasihat berishni xush ko‘rardi. Hozir unaqamas: machitga faqat juma kunlari BMV markali mashinasida, ancha namoyishkorona borib keladi. Qolgan farzlarga, ehtimol, vaqti yo‘qdir.
U kishi meni erkalab, «erkak» deb murojaat qiladi. O‘zim ham shunga ko‘nikib qolganman va tog‘amni allaqanday hadiksirash aralash hurmat qilaman.
Shahrimizda u kishining bir emas, ikkita dorixonasi bor. Mikrorayonda to‘rt xonali kvartirasi, qishloqda katta hovlisi bo‘lishiga qaramay, daryovot tomondan dala hovli ham sotib oldi. Avval mahalla sarkori edi, ammo ariza berib, qutildi. Lekin shunga qaramay, u kishi bilan maslahatlashib turishadi.
Bilishimcha, dadam tashlab ketgandan keyin asosiy takyagohimiz tog‘am bo‘lib qolgan.
Xullas, men ana shunday obro‘li kishining dorixonasida ishlaydigan bo‘ldim. Ko‘raylikchi…
Oyim bilan buvim ertalabgacha nasihat qilib chiqishdi. Tog‘am hammani ham ishga qabul qilavermasligi, yaxshi ishlasam, u kishiday boy-badavlat bo‘lishimni qayta-qayta takrorlashdi.
Shahar markazidagi asosiy dorixonada katta tog‘am( u kishi vos-vos kasaliga uchrab, o‘tgan yil o‘zlarini osib qo‘ygandilar)ning o‘g‘li, tag‘in ikki qarindoshimiz sotuvchilik qilishardi. Hafta davomida u yerga shunchaki, kirib-chiqib turdim. Bu maskandan dorini ko‘tara xarid qiladiganlar anchagina edi; ularning yuklarini mashinaga ortishda ko‘maklashdim. Biror haftadan keyin, tog‘am meni ichkariga - dori tayyorlanadigan xonaga olib kirdi. Eshigiga: «Begona kishilarning kirishi man etiladi» deb yozilgan katta va qorong‘uroq xonada ko‘pchilik shunchaki, «Opa» deb ataydigan ayol qizi bilan va o‘zbekchani buzibroq gapiradigan Murshid degan o‘smir ishlardi. Garchand bu orada ular bilan bir necha bor uchrashgan bo‘lsak-da, tog‘am bizni tag‘in tanishtirishni lozim topdi.
- Bu erkak - mening jiyanim,- dedi, - sizlar bilan ishlasin, o‘rgatinglar. Opa, xabardor bo‘lib turing! Intizom masalasini hamma qatori talab qiling!
So‘ng men tomon o‘girilib, Murshidni ulug‘lab qo‘ydi.
- Bu - juda qobil-mo‘min bola. Haqiqiy musulmon. Ikkalang birga bo‘l!
Shu tariqa ish boshlab yubordim. Bu yerdagi yumushlar bir xil, jo‘n edi: sig‘imi yuz, ellik grammlik shisha idishlarni obdon yuvib, artib, quritib, yuziga «Albendazol» deb yozilgan bir litrli idishdagi oq rangli, quyuq doridan ularga quyardik, so‘ng og‘zini berkitib, yorliq yopishtirardik. Bu yorliq nemis tilida bitilgani sabab, tushunish qiyin edi. Ammo ular joylanadigan karton qutidagi varaqda rus, o‘zbek tillarida mazkur dori Berlinda ishlab chiqarilgani, inson organizmida yashaydigan gelmintlarga qarshi noyob ekanligi, shuningdek, qo‘llash usullari batafsil bitilgandi.
Opa jon kuydirib ishlar, bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar, shu bilan birga, ishimiz asrorlaridan hech kim voqif bo‘lmasligi zarurligini tayinlardi.
Biror oydan keyin esa boshqa doriga talab oshganligini aytishdi. Biz qoplardagi unsimon, badbo‘y doriga upa aralashtirib, plastmass idishchalarga soladigan bo‘ldik. Uning reklama qog‘ozlarida soch biti, burgasiga qarshi samarali vosita ekanligi, shuningdek, kanalarni ham nest qilishi targ‘ib etilgandi.
Murshid bilan juda inoqlashib ketdik. Tog‘am aytganday, u juda qobil-mo‘min edi. Keyinroq menga ayon bo‘lishicha, Murshidning otasi (rahmatli) o‘zbek, onasi Mesxetin turklaridan ekan. Bundan chamasi o‘n besh yillar muqaddam, ya’ni talotup kunlarda, qonga tashna allaqanday g‘alamislar turklarga qarshi chiqishibdi. O‘shalar bir kuni Murshidlarning uyiga ham xat tashlab ketishibdi va agar hafta davomida ko‘chib ketishmasa…
Aslida, bu - dag‘dag‘adan boshqa narsa bo‘lmasa hamki, oila tahlikada qolibdi. Murshidning dadasi elektr payvandchi bo‘lib, o‘shanda tog‘amning hovlisida issiqxona yasayotgan ekan. Ustaning dardidan voqif bo‘lgach, tog‘am madadini ayamabdi.
- Agar juda xavotirlanayotgan bo‘lsangiz, mening shahardagi uyimga ko‘chib keling: uch-turt oyda bu betayinlar tinchib ketadi, hukumat oldini oladi,- debdi.
Murshidning otasi hovlisini sotib, tog‘amning uyiga ko‘chib kelibdi. Keyin shahardan hovli olishibdi.
Tog‘amning bu yaxshiliklarini Murshid bot-bot e’tirof etganda, faxrlanib qo‘yaman va shuning barobarida do‘stimga mehrim oshganday bo‘ladi. Garchand takror bo‘lsa ham, uning beozor, ishchan, sertavoze ekanligini ta’kidlab o‘tishim kerak. Ammo shu yoshda bunchalik xudojuyligi, irim-sirimga mukkasidan ketishi, jinlar va arvohlar haqida o‘zi afsonalar to‘qib, o‘zi chippa-chin ishonishidan kulgim kelardi.
- Sen ruscha o‘qigansan-da, bularning fahmiga bormaysan,- derdi, e’tirozlarimga javoban.
Murshid, negadir, Xudo yagonaligini takrorlashdan charchamasdi, gohida qo‘ynida injil bo‘lardi va atrofga alanglab,( u opani, ayg‘oqchi, deb bilardi) Iso Masehni ulug‘lab qo‘yardi. Bu hol dastlab menga g‘alati, notabiiy bo‘lib tuyulsa-da, keyinchalik e’tibor bermay qo‘ydim. U, masalan, kino, kontsertga borishni xushlamas, ishdan keyin ibodatga shoshilayotganligini ta’kidlardi. Bora-bora meni ham da’vat etadigan, qalbida Yaratuvchini e’zozlagan banda o‘zgacha olamga kirib qolishi, poklanishini uqtiradigan bo‘ldi.

4

Bir kuni ishdan keyin unga ergashgim keldi. Shifoxonaning ortidagi torroq ko‘chaga kirishimiz bilan, o‘ng tomonda «Ibodatxona» degan yozuv ko‘zga tashlandi. Ichkarida tumonat odam; ularning aksari biz tengi yoshlar ( o‘zbek va tojiklar) edi. Zalga kirib joylashdik: ibodat boshlandi. Yo‘g‘on bo‘yni boshi bilan birlashib ketgan amaki va’z aytishga kirishdi. Har birimizning qalbimizda Xudo bo‘lishi zarurligini ta’kidlagach, qo‘lga Injilni olib, falon oyatni o‘qishni buyurdi. To‘planganlar jo‘r bo‘lishdi.
«Rabbim Iso! Men senga muhtojman, xochdagi o‘liming va to‘lagan tovoning uchun sendan minnatdorman! Qalbimni senga ochaman va seni najotkorim deb qabul qilaman! Hayotimni o‘zing boshqar va meni o‘zing xohlagandek qilib o‘zgartir! Abadiy hayotda sen bilan birga bo‘lishni istayman! Omin».
Shundan keyin Xudo yo‘liga ehson qilishimiz zarurligi ta’kidlandi va biz tomon baxmaldan tikilgan xaltani uzatib yuborishdi. Va’z aytuvchi amaki Xudo qanchadan ehson qilayotganimizni ko‘rib turganligini ta’kidladi. Men avval ikki yuz so‘m bermoqchi bo‘lgandim, ammo allaqanday ta’ma dilimni g‘ash qildi va yuz so‘m tashladim. Keyin o‘zbek tiliga tarjima qilingan injil va Iso Maseh hayoti aks ettirilgan DVD disklarini sotib olishimiz zarurligini uqdirgan bo‘lishdi. Haligi bo‘yni yo‘g‘on amaki tag‘in mikrofonni qo‘liga olib, shang‘i ovozda, ikki soat davomida Iso Masehni ulug‘ladi.
- Dilida e’tiqodi, g‘oyasi bo‘lmagan kishining robotdan zarracha farqi yo‘q,- deb nutqini yakunladi u.
Rosti gapki, zerikib ketdim va do‘stimga qaytib kelmasligimni aytdim. U bunday raftorimni kutmagani sabab, ajablandi.
O‘sha kuni endi ish boshlaymiz, deb turganda ishxonamizga tog‘am kirib keldi va Murshid ikkalamizga dori olib kelishni tayinladi.
- Telefonlashib qo‘yganman - moshin tashqarida turibdi: gijja doridan o‘n pachka, bit doridan ikki qop olinglar,- dedi.
Mashinamiz qishloq xo‘jalik instituti yonidagi peshtoqiga «Veterinariya dorixonasi» deb yozilgan do‘kon qarshisida to‘xtadi. Ichkari kirishim bilan burnimga gup etib, badbo‘y hid urildi. Dunyoda hamma dorixonalarning hidi bir xil bo‘ladi, deb eshitgan edim. Ammo bunisiniki boshqacha - sassiqroq edi. Zero chorva mollari, parrandalar uchun dorilar, ularning zararkunandalariga qarshi zaharli kimyoviy moddalar sotiladigan do‘konda shunday bo‘lishi tabiiy holdir.
Bu yerda e’tiborimni tortgan ikkinchi holat - ot, qoramol va parrandalarning juda jonli qilib chizilgan va devorlarga ilingan plakatlari bo‘ldi. Rassom bu jonivorlarni yam-yashil o‘tloq fonida mehr bilan chizganligi, ishining ustasi ekanligidan dalolat berardi. Murshidning tanishi bizni omborxonaga olib kirdi. Bu yerdagi devorda cho‘chqalar, kalamushlarning beso‘naqayroq rasmlari yopishtirilgan bo‘lib, ular kishida anchayin noxush his o‘yg‘otardi. Murshid haligi kishiga muddaoni tushuntirgach, u qiya ochiq eshik tomon o‘girildi va tashqaridagi sheriklaridan tojikchalab so‘radi:
- Hoji aka pul o‘tkazganmi?
- Stalinmi?- so‘radi tashqaridagi sherigi va darhol javob berdi: - O‘tkazgan!
Jilla sukunatdan keyin davom etdi: - Unisi odamlarni otib o‘ldirgandi, bunisi zaharlab…
Ular kulishdi. Uchinchi ovoz ( bunisi ham tojikchalab) qo‘shib qo‘ydi.
- Balki Stalinmas, Gitler qilayotgandir - dori Germaniyada yasalayabdi-ku!
Ular qah-qah otib kulishdi. Bu odamlar tog‘amni nazarda tutishdimi, boshqanimi yaxshi anglolmay qoldim. Dilimda esa noxush bir kayfiyat uyg‘ondi. Yukni olib kelganimizdan keyin Opa norozi ohangda so‘radi.
- Etiketka qani?
- Bizga aytishgani yo‘q,- to‘g‘risini gapirdi Murshid.
Opa tog‘amga telefon qilib so‘ragandi, u kishi bosmaxonadagilar ulgurishmaganini ma’lum qildi va ertaga ikkalamizni yuborishni tayinladi.
Ammo ertasi…
Murshid kirib kelishi zahotiyoq, uning kayfiyati buzuqligini angladim.
- Ha, tinchlikmi?- so‘radim xavotirlanib.
- Chatoq,- dedi u xomushgina,- ertalab botinkamning ichidan kalamush chiqib qochdi - qo‘rqib ketdim.
- Xo‘sh, nima bo‘bdi?
- Nazarimda, u kalamush emas - yovuz kuch, qora sharpa! Gunohlarim evaziga Xudo yuborgan jazo. Bu yerga kelib, uvolga qo‘l urdim.
Keyin iltijo qilishga o‘tdi:
- Rabbim Iso! Men gumrohni muqaddas qoning bilan yuv! Sen muqaddassan, meni ham muqaddas qil! Kechir! Kechir! Kechir! - Ko‘rasan-u,- dedi bir oz sukutdan keyin,- bir falokat yuz beradi - ko‘nglim sezib turibdi.
- Qo‘ysangchi…
- Sen ishonmaysan, uyimizga xat tashlangandan oldinroq ham oyim tushida kalamushlarni ko‘rgan.
Shunday qilib, biz odatdagidek ish boshlab yubordik.
Opa yorliqlarni olib kelishimizni qistayvergach, yo‘lga otlanayotganimizda, tog‘am kirib keldi. Uning vajohatini ko‘rib, cho‘chib ketdik.
- Sen mana bu yerga o‘tir!- buyurdi u Murshidga stulni ko‘rsatib, to‘nglik bilan. - Kecha ishdan keyin qaerga bording?
U ibodatga borganini, ammo buni pinhon tutishini bilardim. Bu gal esa yashirmadi.
- Ibodatga,- dedi, rangi-quti uchib.
- Qanaqa ibodatga?- zarda aralash ovozini ko‘tardi tog‘am. - O‘ris machitgami?
- Hoji bovo, Xudo bitta-ku,- dedi u, boshini ko‘tarib.
Bu javobdan tog‘am tutaqib ketdi, yuzi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi, mo‘ylovi shalvirab qolganday bo‘ldi.
- Yaramas! San musulmonning bolasi-ku! Cherkovda p… bormi sanga?! Diyonat qani? Uvol-ku! G‘alamis, buni ham olib boribsan!- dedi, men tomon imlab. - Gunohdan qo‘rqmadingmi? Gunohdan?!
Tahqirlangan Murshidning sabr-kosasi to‘lib ketdi:
- Men Xudo oldida bitta gunohimdan qo‘rqaman, - dedi u,- odamlarga cho‘chqa dori yegizayotganimdan.
Tog‘am bunday javobni kutmagan edi: o‘zini tutolmay: «Ko‘rnamak!» dedi va Murshidning chakkasiga tarsaki tortib yubordi. Uning ko‘zidan yosh tirqirab ketdi. Meni zohiriy vahima bosdi. Murshid vazminlik bilan andak sukut saqlab turdi-yu, keyin sekin tashqariga yo‘l oldi va to‘xtab, orqasiga o‘girildi.
- Siz meni urdingiz, sizni Xudo uradi!- dedi-yu, zarda bilan chiqib ketdi.
Tog‘am jahl ustida oshirib yuborganini fahmladimi yoki Murshid pinhoniy ishlarimizni valdirab qo‘yishidan cho‘chidimi, ancha yumshoq ohangda dedi:
- Hali xatolaringni tushunasan! Kimning ummati ekanligingni unutib quyibsan, san gumroh, go‘sala!
Ammo bu gaplarni Murshid eshitmadi - u ketib qolgan edi. Ana shu noxush mashmashalar kutilmaganda, ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi; keyin barimiz asta-sekin tarqaldik. Ertasi ishga borgim kelmadi. Rosti gapki, bu noxushliklardan so‘ng tog‘amning ko‘ziga qarashga yuzim chidolmasligini sezdim. Indini ham, buvim bilan oyimga bahona to‘qidim.

5

Shu-shu bo‘ldi-yu, go‘yoki, poyafzalimning ichida kalamush qaqqayib turganday, poygakka qarashdan cho‘chiydigan, qachonlardir ana shunday ko‘ngilsiz uchrashuv men bilan ham ro‘y beradiganday dilgir xayoldan xavotirlanadigan bo‘lib qoldim.
Biror haftadan keyin uyimizga tog‘amning dorixonada hisobchi bo‘lib ishlaydigan o‘g‘li kirib keldi. Barimiz unga ehtiromlar ko‘rsatdik.
- Dadam yubordilar,- dedi mehmon,- Murshidni topib, ikkoving ertadanoq ishga chiqarkansan; uni kechiribdilar.
Ammo Murshid u yerga qaytib bormasligiga ishonchim komil edi. Keyinroq o‘zim ham uydagilarga boshqa yumush topishimni aytdim. Bu holatdan ular tashvishga tushishdi, buvim, odatdagidek, otamni qarg‘ashga kirishdi.
- Buni o‘sha juvonmarg, shumqadam yo‘ldan urgan! Ilohim, xuligan bolalar pichoqlab ketsin sani!
Ikki-uch haftalik bekorchilikdan keyin zerikib, dadamning oldiga bordim. U kishi xonasida edi, men bilan bosh silkib salomlashib qo‘ydi-yu, qarshisida qo‘rqa-pisa o‘tirgan o‘smirga dag‘dag‘asini davom ettirdi:
- Hay, ho‘kizvoy, nega unday qilding? Gapir, badbaxt! Bizni sharmanda qilding-ku. San gardanshikastadan umid shumidi?!
Bola boshini xam qilganicha sukut saqlab o‘tiravergach, dadam o‘zgacha ohangda davom etdi. - O‘sha shoir bizning mehmonimiz edi, o‘zimiz taklif etgandik, sizlarga she’r o‘qib bergani kelgandi. Senga o‘xshaganlarni odam qilish niyatida….
Gap ohangidan shu narsa ayon bo‘ldiki, shoir vatan haqida berilib she’r o‘qiyotganda, bu shatrama peshonasini mo‘ljalga olib, pomidor bilan tushiribdi. Boladan sado chiqavermagach, dadam unga javob berib yubordi.
Bo‘lib o‘tgan voqealar tafsilotini andak yumshatib gapirib bergan edim, dadam nadomat chekdi..
- Mayli, bo‘lgan ish bo‘libdi,- dedi, ashraflik bilan, ammo endi bekor yurish yaxshi emas. Sani bo‘yoqchilikka, rasm chizishga layoqating bor edi. Bir ustamiz bor: istasang, shunga shogird qilib qo‘yardim.
- Bu yerga kelib-ketolmaymanku,- e’tiroz bildirdim, ko‘z o‘ngimga badjahl buvimni keltirib.
- Xavotirlanma, usta boshqa joyda ishlaydi,- tinchlantirdi u.
Men ko‘ndim, ammo kechqurun vaziyat tag‘in o‘zgarib qoldi. Uydagilar pochcham (u qurilish fakultetida aspirant), opamni chaqirishgan ekan. Taqdirimni esa mensiz hal qilib qo‘yaqolishibdi.
- Bekor yurishingiz yaxshi emas,- nasihatomuz gap boshladi pochcham,- biror joyda o‘qish yoki ishlash kerak.
Atrofidagilar uni qo‘llab-quvvatlagach, davom etdi. - Agar bizning fakultetda o‘qish niyatingiz bo‘lsa, kanallar izlab ko‘raman. Harholda, yomon bo‘lmaydi - oliy ma’lumot olasiz. Buning ustiga, o‘zingizda ham shu sohaga ishtiyoq bor.
Mening o‘rnimga oyim bilan buvim javob berishdi, aniqrog‘i, o‘qish zarur ekanligini ta’kidlashdi. Men ikkilanib qoldim.
Pochchamning ozgina darsi ham bor, studentlardan pul oladimi, yo‘qmi - bilmayman, ammo dissertatsiyasini yoqlolmay yurganidan xabardorman. Men esa o‘qiyman, deb oyimning arzimas maoshi yoki buvimning nafaqa puliga ko‘z tikib qolishdan xavotir tortardim. Ko‘nglimning allaqaerida esa bu oliygohda buyoqchilik, rassomchilikni o‘rganarman, degan ilinj ham yo‘q emasdi.
Shunday qilib, kirish imtihonlariga tayyorgarlikni boshlab yubordim. Niyatimni eshitib, dadam ham quvondi.
- Mana bu betayinlarni ko‘rib, sening taqdiringdan xavotir tortaman,- dedi u.- o‘qisang, zarar qilmaydi.
Ammo imtihon arafasida bilimimni sinab ko‘rgan pochcham, ikkilanib qoldi: boshqa kanal izlash kerak, degan xulosaga keldi. Oyim shifoxonadagilar (u ishini, jamoasini juda qadrlardi) bilan gashtak o‘ynar, ya’ni har o‘n besh kunda yig‘ilishar va o‘rtaga pul tashlashardi. Bilishimcha, u bir yillik jamg‘armasini pochchamga cho‘zdi. Kirish imtihonida esa menga dangal ko‘maklashishdi.
- Test savollarini belgilamay turing,- tayinladi pochcham kirish oldidan.
Men ularni o‘qib turganimda, bir kishi chaqqonlik bilan keldi-yu, bir necha kishining, shu jumladan mening ham biletimni olib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng esa javobi belgilangan biletlarni o‘sha tezkorlik bilan taqsimlab chiqdi.
Kamina shu tariqa student bo‘lib qoldim. Qani, «oltin davr»ni ham bir boshdan kechirib ko‘raylik-chi…
Dastlab chizmachilik, tarix, huquqshunoslik, matematika fanlarini o‘tadigan bo‘ldik. Domlalar bizga bilim berishga astoydil harakat qilishar, tartib intizom, talabchanlik me’yorida edi; hamkurslar bilan ham tez inoqlashib ketdim. Uch oydan keyin birinchi imtihonlar (bu yerda oraliq, deyisharkan) boshlandi va ko‘pchiligimizni zohiriy xavotir bosdi. Falon domlaning stavkasi falon so‘m ekanligi haqida gaplar oralab qoldi. Ammo men puxta tayyorlandim va bari imtihonlardan o‘tib oldim. Gap shundaki, guruhimizda pul berib, baho olishga ishtiyoqmandlar anchagina edi va ular boshlarini qotirmay shu o‘ng‘ay yo‘lni tanlashdi. Keyin adabiyot hamda sotsiologiya degan fanlar qo‘shildi. Maktabda adabiyotdan «besh» olardim, talay badiiy kitoblarni o‘qiganman. Shuning uchun bu fandan qiynalmadim. Ammo sotsiologiya deganlarini harchand qilsam: astoydil tinglasam, o‘qisam ham hech vaqoni tushunolmay qolaverdim.
- Dilida e’tiqodi, g‘oyasi bo‘lmagan kishining robotdan zarracha farqi yo‘q,- dedi bir kuni mazkur fandan dars beradigan domla.
Men zo‘r berib, bu kalomni avval qaerda eshitganimni xotirlayboshladim va nihoyat, ibodatxona yodimga tushdi. Domla davom etardi:
- Yurtimizdagi ayrim yoshlarning fojiasi shundaki, ularda aynan, e’tiqod va g‘oyalar sust. Shuning uchun ham ba’zilar o‘z vataniga xizmat qilish, uni gullatish o‘rniga o‘zga yurtlarga borib ishlashadi. Bunisi ham mayli: e’tiqodsizlik, g‘oyasizlik oqibatida giyohvandlik, ichkilik, fahsh va boshqa noxush yo‘llarga kirishadi, hatto qonga tashna oqimlarga ham, hech ikkilanmay qo‘shilishadi.
Shundan keyin esa sho‘rolar zamonidagi puch g‘oyalarni rosa tanqid qildi.
Dars oxirida kursdoshlarimdan biri ko‘nglimdagi savolni berib qoldi:
- Biz qanaqa e’tiqod va g‘oyalarga ega bo‘lishimiz kerak?
- Bu haqda kelgusi darslarimizda so‘z yuritamiz,- muxtasar qildi domla.
Ammo shu orada tag‘in imtihonlar boshlanib ketdi. Sotsiologiya fanidan dars bergan domlaning soqqasi oyimning bir oylik maoshiga teng ekanligni eshitib, o‘ksib ketdim. Kimlarningdir yarasini yuvishi, iflosliklarini tozalashi evaziga topadigan pulni shu jipiriq g‘oyapurushga bergim kelmadi.
Bundan tashqari, kursdoshlarimdan eshitgan ayrim ma’lumotlar meni o‘ylantirib qo‘ygandi. O‘tgan yil fakultetimizni bitirgan ellik kishidan atigi sakkiz nafari o‘z sohasi bo‘yicha ishga ilinibdi. Ular ham qurilishda hisobchi, tabelchi ekan. Qizlarning aksari uy bekasi bo‘lib, faqat ikkitasi savdo-sotiq bilan band ekan. Yigitlardan o‘n besh kishi Rossiya, Qozog‘istonga ishga ketganligini aytishdi, ammo nima yumush bilan bandligini hech kim bilmasdi.
Noxush statistika. Shunday emasmi?
Bularning bari kayfiyatimni juda buzgandi, uyga borib ham dilim o‘rtanaverdi, uyqum uchib ketdi: to‘lg‘anib yotdim.
Tunda tashqariga chiqayotganimda esa, kutilmagan, g‘alati va juda ko‘ngilsiz hol ro‘y berdi: poygakdagi poyafzalimning ichida kattagina kalamush menga tikilib turganini ko‘rib qoldim va seskanib tushdim. Atrofga alanglab, ko‘zim soch yuvadigan shampunga tushdi va uni olib, iblisga qarata uloqtirdim. Kalamush yo‘qoldi. Ammo dilimdagi behudud g‘ashlik chandon oshganicha qolaverdi. Beixtiyor, Murshidni esladim va bu hol qanaqa dilsiyolikni olib kelishi mumkinligini o‘ylab qoldim.
- Xo‘sh, pul nima bo‘ldi?- so‘radi guruh sardori meni uchratishi bilanoq. - Yo cho‘zish kerak, yo kursda tag‘in bir yil qolish…
- Men uchinchisini tanladim,- uning so‘zini bo‘ldim, qat’iy qilib,- institutdan ketaman!

6

Uydagi dilsiyoliklar ko‘lami kutganimdan ham oshib ketdi. Oyim rosa ko‘z yoshi qildi, buvim otamni yangidan-yangi iboralar bilan qarg‘adi, pochcham yalindi va hokazo.
O‘n besh kunlar chamasi bekor yurgach, uyimizni ta’mirlashga kirishdim: ganch, ohak, bo‘yoq olib keldim; qulagan, yemirilgan joylarni yamadim; eshik, romlarning rangini qirtishlab, qaytadan bo‘yashga kirishdim. Devor va shiftni loklab chiqqach, gul chiqardim. Buni ko‘rib, uydagilar quvonishdi. Dadamning oldiga borganimda, bu xaqda gapirgandim, u kishi ham xursand bo‘ldi.
- Qo‘li gul, bir usta birodarim bor: u bilan ming yillik do‘stmiz - shunga ozgina shogird tushsang, tuzuk bulardi,- dedi.
Bu taklifni o‘qishga kirishdan oldin ham aytganini eslab, rozi bo‘ldim. Biz ertasi ustaning oldiga boradigan bo‘ldik.
Shahar chekkasidagi bu yangi hovli kattagina maydonni egallagan bo‘lib, u ko‘proq omborni eslatardi. Ayvonda, hovli yuzasida qutilar, tsellofon qoplar - ularning ichida turli liboslar, poyafzallar borligini esa rasmlar, yorliqlaridan bilish qiyin emasdi. Keyinroq menga ayon bo‘lishicha, bularning bari bir beva ayolga tegishli ekan. U ko‘proq Xitoy, Eron davlatlarida bo‘lib, o‘sha yoqdan tovar jo‘natarkan. Bu yerdagi qavmlari ularni do‘konlarga tarqatisharkan.
Bo‘ychan, ko‘rinishdan emin va xushfe’l usta ayvon devoriga kashta naqshini chizayotgandi. Unga daf’atan ko‘zi tushgan kishi devorga yangi kashtalar tarang tortilib qoqilgan, deb o‘ylardi. Men bunday naqshni birinchi bor ko‘rayotgandim, shuning uchun, juda hayratlandim. Usta men bilan dadamni ko‘rdi-yu, qo‘lini, negadir inkor ma’nosida tebrataboshladi:
- Kerak emas! Kerak emas!
Men ajablandim. Yaqinlashib borgach, dadam kulib gap boshladi.
- Usta Baqo, «berdi»sini aytmay, odamni urib o‘ldirmang-da! Bu - o‘zimning o‘g‘lim,
- Shundaymi?- dedi u, ancha xotirjamlik bilan,- men tag‘in anovulardan olib kelyabsizmi, deb qo‘rqibman.
Ular kulishdi.
- Yo‘q, unaqalardanmas, buning shu kasbga mehri bor,- dedi dadam.
- Bu bola avvalgi ayolingizdanmi?
Mening uchun noxush savolga javoban, dadam bosh silkib qo‘yaqoldi. Ertasi jomakorimni xaltaga solib, to‘g‘ri shu yerga keldim. Usta katta ayvonning baland devoriga Registonning rasmini chizishimizni aytdi. Buning uchun esa devorni tayyorlashimiz, ustalar tili bilan aytganda, «gruntovka» qilishimiz kerak edi. Bu yumushni zimmamga olib, ishni boshlab yubordim. Ustaning mendan tashqari ham bir shogirdi bor edi, u ganchdan chorcho‘p yasab berdi-yu, qayoqqadir ketib qoldi.
Menga dastlab anchayin badqovoq bo‘lib tuyulgan usta, tushdan keyin ochilib ketdi.
- Kecha dadangga «kerak emas» deganimning boisini tushuntirib beray sanga,- so‘zamollik bilan davom ettirdi u. - Bir kuni o‘sha bezori bolalardan ikkitasini ergashtirib keldi. «Usta Baqo, - dedi, - siz bilan ming yillik do‘stmiz, birga o‘qiganmiz. Shu ikkovining qo‘lini o‘nglab berasiz». Rozi bo‘ldim. Tushgacha aytganimni qilib turdi. Keyin qarasam, bittasi burchakda so‘ljayib yotibdi. Bir kori-hol bo‘ldimi, deb oldiga borsam, nokasning qo‘lida shishacha - benzin hidlarkan. Voy, bachchag‘ar, dedim, shu ham ish bo‘ldimi? Ikkinchisi desang, nogahonda yo‘qolib qoldi. So‘ng bilsak, shogird ikkalamizning cho‘ntagimizni tozalab, juftakni rostlab qolibdi. Dadangni ko‘rib, Navoiy bobomizning she’rlarini yodiga soldim:
Gar kuchuk birla xo‘tukka qancha qilsang tarbiyat,
It bo‘lur, eshak bo‘lur, bo‘lmaski aslo odami…
Dadang bu aqidaga ko‘nsa-chi, endi. Tajang bo‘lib, bularning orasidan chiqqan kandidatlar, prokurorlarni sanashdan charchamaydi. O‘sha betayinlarni yaxshi ko‘radi, ishonadi. Ikki oylardan keyin tag‘in ikkitasini ergashtirib keldi. «Ikkovi ham qishloqdan chiqqan bolalar, shular biror hunar o‘rgansin, deyman. Ularga ishonaman! Siz bilan bir oy yursa, ishingizni o‘rganib oladi, ammo biror yoqqa chiqib ketishmasin», dedi. Ko‘ndim. Haligilar tushgacha ishlashdi-yu: «Qishloqda akamizning to‘yi bor edi - sizni ham xabar qilgan» deyishdi. Ilojsizligimni aytgach, «Unday bo‘lsa, ruxsat bersangiz, borib-kelsak», deb qolishdi, bo‘yinlarini xam qilib. Bunisiga ham rozi bo‘ldim. Shu ketishda uch kungacha darak bo‘lmadi. Keyin kelasolib, tovba-tazarru qilishdi, menga to‘n kiygizishdi. «Bu sizning haqqingiz ekan» deyishdi.
Dilimga o‘t tushib, dadangni oldiga bordim. Bari gapni aytgan edim, kayfi uchib, o‘zimni koyib berdi: «Ular hech yoqqa ketmasin, degandim-ku: ikkalasi ham uchiga chiqqan kissavur! Kimlarnidir qon qaqshatib kelibdi-da, dayuslar! To‘nni ham shuning uchidan olishgan».
Oraga jimlik cho‘kadi. Bir ozdan keyin usta Baqo davom etdi:
- Bular mehnat qilib, non topishga ko‘nikmagan baxtiqarolar. Ko‘pining tagi past, palagi toza emas: surishtirib borsang, buzilgan oilaning farzandi bo‘lib chiqadi yoki allaqapday nopok ayoldan, alkashdan dunyoga kelganligi bilinadi. Biror hunar o‘rganay, halol non topay, beminnat kun ko‘ray, degan fikr kallasida yo‘q! Shuning uchun Sa’diy hazratlari yozadilar:
O‘z mehnatila non yegan kishi,
Hotam minnatidan ozod yoz-qishi.
Bu gaplarni eshitib, dadam ikkita shogirdini hunar o‘rganish uchun tanish sartaroshga bergani yodimga tushdi. Huvorilar kechgacha turibdi-yu, ha yo‘q, be yo‘q, sartaroshni do‘pposlashibdi. Keyin biror tiyinini ham olmay, qochib qolishibdi. Dadamni rosa olib-borib olib kelishgandi.
Xullas, biz Registon majmuasini chizishni boshladik. Bu juda katta hajmdagi, mas’uliyatli ish edi. Nuqul mumtoz shoirlardan she’r o‘qiydigan, mazmunini chaqib berishdan charchamaydigan so‘zamol ustaning nogahonda kamgap bo‘lib qolganligi ham shu mas’uliyat yukidan bo‘lsa ajab emasdi. U kishining ixtiyorida eskiz o‘rniga salobatli Registonning turli holat-u masofadan aks ettirilgan, bir necha plakatlari, fotolari bor edi.
- Sunnatullo,- dedi qalam bilan tarh chizayotgan usta,- san uzoqroqqa borib, sinchiklab qara, biror joyini buzib qo‘ysam - ayt, ayniqsa, simmetriyaga e’tibor ber.
Ertasi esa usta menga koshinlarni bo‘yashni buyurdi.
- Gumbazlarni o‘zim bo‘yayman,- dedi, u juda nozik ish.
Bo‘yoqlar chet eldan keltirilgan bo‘lib, suv va quyosh ta’sir etmaydigan xilidan edi. Qadimiy ustalar Registonni bo‘yashda o‘ttiz xil rangdan foydalanishgan, deyishardi. Biz bo‘lsak, yetti xil rang topoldik, xolos. Bu yerda juda katta aniqlik talab qilinar va uni buzib qo‘yishimiz mumkin emasdi. Ikkalamiz ham ishga shunchalik berilib ketgan edik-ki, gohida tushlikka chiqishni unutib yuborardik yoki qorong‘u tushgach, lampochka yoqib ishimizni davom ettirardik.
- Bizning Buxoroda «Ro‘zata furo‘sh-u, ro‘shnoyi xar», degan naql bor - qani kattaroq lampochka topib kelinglar,- deb qolardi usta bunday paytlarda.
Garchand Registon hovlisining sahni toshfarch bo‘lsa-da, usta yam-yashil o‘tloq rasmini chizdi va so‘ramasimdanoq buning boisini tushuntirdi.
- Fon masalasiga ijodiy yondashish kerak. Shunday qilsang, ayrim qusurlar ham xaspo‘shlanadi.
Ishni tugatgandan keyin esa daf’atan yengil tortdik. Hovlining turli burchaklariga borib, birgalikda yaratgan, o‘z iboramiz bilan aytganda, monumental Registonni tomosha qilishdan to‘ymasdik.
- Bu kasbni qaerdan, qanday qilib o‘rgangansiz?- so‘radim, hayratim oshib, hamda uning kayfiyati chog‘lig‘idan foydalanib.
Usta Baqo sarosimalanmay, solihlik bilan batafsil hikoya qilishga kirishdi.
- Aslida, Buxorodan Samarqandga o‘qishga kirgani kelgandim, ammo bo‘lmadi. Pulim tugagani sabab, mardikor bozoriga chiqdim. Bir ganchkor usta meni olib ketdi; qorishma tayyorlab berardim, u kishi naqsh chiqarardi. Keyin naqshlarning ustini bo‘yashni, bora-bora gul chiqarishni menga buyuradigan bo‘ldi. Ustozning kasbini o‘rganishim zarurligini o‘zim ham his etdim. Tangri kushoyish berdi: yil o‘tmay, u kishiga kuyov bo‘ldim. Nachora, nasibamiz shu tomonlarga sochilgan ekan…
Ertasi xo‘jayin kelib, ishimizni ko‘rishini aytishdi. Biz yengilgina xavotir tortib, tayyorgarlik ko‘raboshladik: atroflarni tozaladik, har yer-har yerga tegib, qotib qolgan ranglar, ganchlarni qirtishladik.
Opaning tashrifiga ertalabdanoq taraddud boshlab yuborishdi: hovlini piyozdog‘, sixkabob hidi tutib ketdi. Bizga notanish kishilar paydo bo‘lishdi.
Bu juvonga ta’rif beradigan bo‘lsak, uning bag‘oyat suluvligini, chet elning noyob liboslari to‘ladan kelgan qomatiga chippa yopishib turganligini ta’kidab o‘tishga to‘g‘ri keladi. U avval poyafzal qutilari oldida to‘xtab, atrofidagilardan allanimalarni surishtirdi va biz tomon o‘girildi hamda O‘zbekistonning yetti mu’jizasidan birinchisining aksini ko‘rib, nimtabassum qildi. Usta ikkalamiz yengil tortganday bo‘ldik. Xonim yaqinlashgach, yengilgina ta’zim bajo keltirib, salom berdik. U rasmga uzoq tikilib turdi.
- Nimadir yetishmayotganday,- dedi, dudmal qilib.
Uning malohatidan lol bo‘lib turgan usta, garchand, tuyg‘ular pinhon tutiladigan vaziyat bo‘lsa-da, lutf va tabassum bilan izoh berdi.
- Xonim, quyoshga, go‘zal ayolga va san’at asariga sal uzoqroqdan nazar tashlash kerak - to‘rt-besh qadam orqaga tislanib, tomosha qilishingizni so‘rardim.
Ayol shirin kuldi, xiyol orqaroqqa tislandi va rasmga qarab tag‘in jilmaydi. Lekin u nimadir deyishi, o‘zini bu sohadan xabardor qilib ko‘rsatishi kerak edi.
- Rangi sal pastroq emasmi?
- Didingizga qoyilman,- ilib ketdi usta,- biz atayin shunday qildik - asl nusxaga o‘xshasin, dedik. Istasangiz, bo‘yoqlarini quyuqroq qilamiz…
- Yo‘q, qo‘yaqolinglar,- dedi u va ketaturib, yonidagilardan so‘radi. - Bular tushlikka chiqishganmi?
- Endi chiqishadi.
- Yaxshi ziyofat qilinglar, ularni! Kiftini keltirishibdi!
Xonim tag‘in biz tomon o‘girildi, ustaga kulgichlarini namoyon etib, shoirona lutfini ham ayamadi.
- Yashillikka maskan Registon…
Usta bu sohibjamol bilan andak hamsuhbat bo‘lgisi, xushomadlar qilgisi kelayotganini fahmlash qiyin emasdi. Ammo juvon gapni muxtasar qilib, xayrlashdi. Hamma chiqib ketgach, usta Baqo ehtiroslariga erk berdi.
- Hazrat Navoiy yozadilar:
Meni men istaganlar o‘z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishilar suhbatin ko‘nglim pisand etmas.
Jilla tanaffusdan keyin davom etdi: - Fuzuliy hazratlari yozadilar:
Ul parivashkim, malohat mulkining sultonidur,
Hukm oning hukmidur, farmon oning farmonidur.
Yuvin, endi ziyofat quyuq bo‘ladi.
Ustaning qancha haq olgani menga qorong‘u bo‘lib qoldi, zero bunga qiziqishimning o‘zi odobdan emasdi. Mening ham qo‘lim picha pul ko‘rdi. Birovning cho‘ntagi bilan qiziqmasligingizni bilaman, shuning uchun, qanchaligini aytishim shart emas.
- Endi Urgutga boramiz,- dedi usta, - bir boy tanishimiz yangi imorat solib, bo‘yatgan ham. Shunga naqsh chiqarishimiz kerak. Tag‘in yodingda tut: qiladigan bo‘lsang, boyning ishini qil!
Orada bir kun dam oldik va ertalab Urgutga otlandik. Bizni ehtirom bilan kutib olishdi hamda faqat mehmonxona bilan ayvonga naqsh chiqarish kerakligini aytishdi.
Bu orada menga shu narsa ayon bo‘ldiki, usta Baqo ko‘p yillar davomida qadimiy kitoblar muqovasidan, maydamixcha deb ataladigan sandiqlar yuzasidan, turli viloyatlarga xos kashtalardan nusxalar ko‘chirib, qolip ( bizning ibora bilan aytganda, trafaret) tayyorlagan ekan.
- Bu juda qiyin ish edi, ammo erinmadim. Bunday qolip faqat manda bor. Bir-ikki hamkasblar nusxa so‘radi - bermadim.
- Nega bermadingiz?- so‘rayman.
– Shartmas,- dudmal qildi u. - Ana shunaqa nusxalarni Toshkent, Moskvada ham juda qadrlashadi. Bultur Moskvada bir biznesmenning dachasiga sandiq naqshlarini chizib bergandim, buyurtma ko‘payib ketdi. Ammo sovuq tushdi, kelib qo‘ydim. Bu yil borishga va’da berganman. Hali bunaqa naqshlarning qadri o‘zimizda ham oshib ketadi. Hozircha mohiyatiga yetishmayabdi…
Usta asosan, Shahrisabz, Kitob kashtalari nusxasini tanladi va biz ish boshlab yubordik. Bu ancha oson va o‘ng‘ay edi. Qolipni devorga mixlib, ustidan bo‘yardik, xolos. Ammo usta xo‘jayinni ko‘rganda, negadir, ish juda qiyin kechayotganligidan shikoyat qilar, go‘yoki tuni bilan uxlamay mehnat qilganimizni gapirib qolardi. Bu orada, ish sanjobligidan, (u kishining ruxsati bilan, albatta), ayrim qoliplardan nusxa ko‘chirib olishga ham ulgurdim.
– Ishni tugatsak, Moskvaga birga boramiz,- deb qoldi usta, picha pul ishlab kelaylik - o‘g‘ilni uylantirish kerak.
Men ma’qul ishorasini qilib, bosh silkib qo‘ydim.

7

«Bizni aeroportda Husanvoy morboz kutib oladi», degandi usta, telefonda kelishib qo‘yganini aytib. Men «morboz» iborasini yaxshi tushunmagan bo‘lsam-da, so‘rashga andisha qildim.
Istiqbolimizga bashang kiyingan ozarbayjon yigit chiqdi. Uning nomi Guseyn ekanligini, usta boya shuni nazarda tutganligini keyin fahmladim. Bu odam ish buyuruvchi emas, shunchaki vositachilik qilishini ham so‘ngroq angladim. U bizga ehtiromlar ko‘rsatdi, mashinasiga taklif etdi.
Moskva.
Bolaligimdayoq kitoblarda o‘qigan, televizor, kinolarda bot-bot ko‘rib, havasim kelgan, kecha-yu kunduz guvillab yotgan, sarosar olomonga to‘la, ulkan shahar. Beshinchi sinfda o‘qiganimda, Lermontovning «Borodino» she’rini yodlaganimni eslayman: alanga orasida qolgan Moskva va angrayib turgan Napaleonning mavhum qiyofasi ko‘z o‘ngimga keladi.
Mashinamiz shaharning keng, serqatnov ko‘chalari bo‘ylab shiddat bilan oldinlar ekan, qaerdadir: «Katta shaharlar - makrning koni, ular qulog‘ingga allanimalarni shivirlagani-shivirlagan», deb o‘qiganimni xotirlayman.
Yo‘l-yo‘lakay shaharni tomosha qilish asnosida usta bilan Guseynning suhbatlariga quloq tutaman.
- Buyurtma juda ko‘p: bulturgiday ketishga shoshilmaysiz,−dedi u ozar shevasida.
- Aytgandim-ku, tuy bor, deb, kenjasini uylantirganimiz yo‘q.
- Ikkita juda zarur ish bor,- davom etdi Guseyn va bu buyurtmalarni uzoqdan-uzoq tushuntirdi. Asosiy diqqat-e’tiborim shahar manzaralarida bo‘lgani, buning ustiga ozarbayjonchani unchalik ilg‘ab ololmaganim bois talay gaplarini anglolmay qoldim. Uzuq-yuluq tushunishimcha, allakimning mehmonxonasiga tarixiy obidan rasmini chizishimiz, qaergadir borib, kitob muqova naqshlarini aks ettirishimiz kerak ekan. Yaxshi haq to‘lar ekan.
Ko‘p qavatli uylardan birining pod’ezdi oldida to‘xtadik va yuklarimizni ko‘tarib, ikkinchi qavatga chiqdik. Xonalar keng, balandday edi. Kvartira sohiblari dala-hovliga ko‘chishgani ayon bo‘ldi. Biz esa, mehmonxona devoriga Boku shahridagi «Qiz qal’asi» deb nomlangan me’moriy yodgorlik rasmini chizishimiz kerak ekan. Vositachimiz tinimsiz gapirish, ishning mohiyatini tushuntirish bilan birga, binoning to‘rt tomonidan suratga olingan katta-katta fotolar, plakatlarni ham oldimizga yoyib qo‘ydi. O‘rta asrlarga taalluqli bu bino katta-katta tosh bloklardan tiklangan bo‘lib, sirti koshinlanmagan edi va har xil rang talab qilmasdi. Yodgorlik haqiqatan ham kichikroq qal’aga o‘xshar, sinchiklab qaralgandagina, geometrik jihatdan ancha murakkabligiga ishonch hosil qilish mumkin edi. Mezana asosiy korpusdan biror metr chamasi tashqari chiqqan va karniz g‘ishtdan zinapoyador qilib yasalgandi. Tom labida esa Xitoy devoridek, soqchilarga mo‘ljallangan kolonnalar tiklangandi. Buni chizishda simmetriya jilla buzilsa ham tabiiylik yo‘qolardi. Ammo shularning bariga qaramay, binoning Registonga nisbatan jo‘nligi dilimdagi ishonchni mustahkamladi.
Ish haqi masalasida ham sal tortishuv bo‘ldi va usta bir yarim ming dollarga ko‘ndi. Shu uyda yotib-turishimizni, zarur ashyolar, yeguliklarni yetkazib berishlarini aytishdi.
Ustani devorning holati qoniqtirmadi. Shuning uchun qumqog‘oz bilan tozalab, qaytadan bo‘yaydigan bo‘ldik. Keyin ikkovlashib, ganchdan chorcho‘p tayyorladik, uni quritish, o‘rnatish, bo‘yash uchun o‘n kunlar vaqt o‘tdi. Vaholanki, men bu yumushni hafta ichida yakunlaymiz, deb o‘ylagandim.
Guseyn ham ko‘pincha shu yerda bo‘lar, ishimizni kuzatar, garchand usta va’da bermagan bo‘lsa-da, Boku shahridagi buyurtmani bajarishga olib ketishini takrorlardi. Usta Baqo esa gapni boshqa tomonga burish payida bo‘lardi.
- Qani Husanvoy, Fuzuliydan birorta g‘azal o‘qichi,- deb qoldi u bir kuni.
U she’riyatdan uzoqlgini tan oldi, usta bundan yengilgina ranjib, o‘zi boshlab yubordi:
G‘amzasin sevding ko‘ngil, joning kerakmasmu sango?
Teg‘a urding, jismi uryoning kerakmasmu sango?
Usta devorga tarhni tushirgandan keyin sinchkovlik bilan qayta-qayta kuzatdik va bo‘yashni boshlab yubordik. Foto- suratlardagidan farqli o‘laroq, usta fonda gullab yotgan daraxtlarni aks ettirgani ayni muddao bo‘ldi. Har kuni kechga borib, ishimizni qayta kuzatar, xatolarini tuzatgan bo‘lardik va ko‘z o‘ngimizda bunyod bo‘layotgan durdonani ko‘rib, yengilgina hayajonlanardik.
Ish yakuniga yetgach, xo‘jayin kelib ko‘radigan, hisob-kitob qiladigan bo‘ldi.
Bu odam ham ozarbayjon millatiga mansub bo‘lib, ko‘p jihatdan Guseynga o‘xshar ekan. Usta ikkalamiz zohiran xavotirlanib turganimizda, u devorga boqdi-yu, qah-qaha otib yubordi. Keyin biz bilan ko‘rishdi. Guseynga allanimalar dedi, ammo gapini yaxshi ilg‘ayolmay qoldim.
- Rubl olasizlarmi, dollarmi,- so‘radi u ustadan. Usta dollarni tilga oldi. Xo‘jayin ko‘z o‘ngimizda uch yarim ming AQSh dollarini sanab, Guseynga uzatdi va shoshganicha, xayrlashib jo‘nadi. Vositachi ustaga bir yarim ming sanab berdi va sovuqqina qilib qo‘shib qo‘ydi:
- Shartnomada shunga kelishgandik.
Bu odamning jon kuydirmay, bizdan ko‘p daromad qilishi dilimga o‘tirishmadi.
- Endi sizlarni Bokuga olib boraman,- takrorladi Guseyn, shahardagi katta kutubxonaga kitob muqovalari naqshini tushirasizlar. Musulmonlar kitoblarni qanchalik mahorat bilan bezashganini jahon ko‘rib, qoyil qolishi kerak! Yaxshi haq to‘lashadi.
- Borolmayman, Husanvoy,- uning hafsalasini pir qildi usta.
Guseyn yaltoqlanib, iltimosini takrorladi, ammo usta rozi bo‘lmadi.
- Unday bo‘lsa, buni olib boraqolay,- dedi men tomon imlab.
- Uning qo‘lidan kelmaydi,- uzib javob berdi usta.
Aslida bu yumush qo‘limdan kelardi. Qolibni devorga mixlab, turli ranglar bilan bo‘yab chiqish qiyin emasdi.
Ikkalamiz yolg‘iz qolgach, usta izoh berdi.
- Men uch yil shaharma-shahar yurib, kitoblardan nusxa ko‘chirdim. Ular bu mulki mumtozning hidini olganga o‘xshashadi. Lekin o‘z qadriyatimizni arzimas pul uchun boshqalarga berib yuborishimiz gumrohlik bo‘lur edi. Uni Samarqanddagi katta kutubxonaning o‘quv zaliga naqshlashni chamalab yuribman. Ammo biznikilar buni qadriga yetarmikin, deb cho‘chiyabman...
Ertasi u kishi bilan xayrlashadigan bo‘ldik.
- Men ketaman,- dedi, ammo sen qol: pul, obro‘ top!
- Balki to‘ydan keyin kelarsiz,- dedim ilinj bilan, u kishisiz qiynalib qolishimni o‘ylab.
- Bu yil topganim yetadi.
Ustamni kuzataturib, xizmat haqim uchun olgan ulushimdan yuz dollarini qaytarib uzatdim.
- Yo‘lini topib, shuni oyimga yetkazsangiz, qo‘l telefoni olsalar: bog‘lanib tursam…

8

Men vositachi xizmatidan voz kechishga qaror qilgandim. Shuning uchun, usta aytganday, gazetalardan najot izlashga, aniqrog‘i, e’lonlarni sinchiklab o‘qishga kirishdim. Ularda esa, aksiga olib, nuqul suvoqchi, bo‘yoqchi kerakligi yozilardi. Keyin o‘zim e’lon berdim: binolarga naqsh va bezakli rasmlar chizishimni ma’lum qildim. Bunisi ish berdi: gazeta chiqqan kuniyoq telefonim jiringladi. Notanish kimsa qo‘limdan nima ish kelishi bilan qiziqdi. Javobimni eshitgach, biz uchrashadigan bo‘ldik.
Xonamga (men hamon rasm chizilgan o‘sha uyda yashayotgandim) o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi, sipo va ko‘rinishdan ancha jiddiy yigit kirib keldi.
- O‘zbekka o‘xshaysiz-ku,- dedi va javobimni kutmay davom etdi,- ruscha gaplashib o‘tiribmiz.
U o‘zini Ernafas deb tanishtirdi. Asli qashqadaryolik bo‘lib, Toshkentda yasharkan. Aytganiga ishonadigan bo‘lsak, fan kandidati degan unvoni ham bor ekan.
- Buni qarang-ki, Moskvadagi o‘zbekistonliklar ro‘yxatini tuzayotgandim. Sizni ham yozib qo‘yaman. Ammo avval ish haqida gaplashsak. Bu jiddiy masala, lekin birorta ishingizni ko‘rishim kerak.
- Mana shu rasmni biz chizganmiz,- dedim devor tomon imlab.
U Qiz qal’asini sinchiklab, uzoq tomosha qildi va mamnun jilmaydi.
- Bir joydan katta ish topganman…
- Siz ham vositachimi?- yoqinqiramay, uning gapini bo‘ldim.
- Ammo insofsizlaridan emasman, xo‘jayin bilan o‘zingiz shartlashasiz: menga o‘ndan birini bersangiz, bo‘ladi. Diliga o‘tirishadigan ish qilsangiz, yaxshi haq to‘laydigan odam.
- Qanaqa ish?- qiziqib qoldim o‘zim ham.
- Bir biznesmen bor, o‘zi deputat, xobbisi - ot,- dedi u,- shularning rasmini chizish kerak.
Ertasi yo‘lga tushdik. Yangi tanishimning gapiga qaraganda, o‘sha ishbilarmonning yettita oti bo‘lib, otxonaga kirishda o‘shalarning rasmlarini chizishni Ernafasning o‘zi taklif etgan emish.
Uning vatanparvar, millatparvar, niyatlari ustivor ekanligini esa keyinroq his etdim va mavrudi kelganda bu xususda to‘xtalarman.
Biz shahardan ancha tashqariga chiqdik. Sherigim yo‘l-yo‘lakay bu yerdagi hamyurtlarimiz haqida gapirdi. Qo‘lida biror hunari borlari tuzuk topayotgan bo‘lsa-da, aksariyati chuqur qazish, zambil ko‘tarishdan boshqasiga yaramayotganini aytib achindi.
- Eng yomoni: bolalar ruschani bilmaydi. Respublikamiz maorifi rahbarlariga xat yo‘lladik; yuz kishiga imzo chekdirib chiqdim. Maktablarda rus tili darslarini ko‘paytirishni taklif qildik; buning sabab, mohiyatlarini ochib berdik. Javob kutayabmiz. Tag‘in: bolalarda hunar yo‘q. Kollejni bitirgan ayrim anqovlarning qo‘lidan rastvor tayyorlash ham kelmaydi.
Yangi tanishim millat, e’tiqod, qadriyatlar haqida ashraflik bilan olimona mulohazalar, tashvishli fikrlar bildirdi. Bu emin odam bilan doimiy aloqada bo‘lishim zarurligini his etdim.
- Hamma gap - onang seni tarixiy taraqqiyotning qay pallasida tug‘ishida,- falsafiy fikrlarini davom ettirardi u,- biz hayotga andak ertaroq kelib qolganmiz. Taxminan o‘ttiz-qirq yillardan keyin yer yuzi jannatga aylanib ketadi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, har qanday davrda ham odamni odam qiladigan bosh omil - uning o‘zi yashaydigan muhitga ko‘rsatadigan qarshiligidir.
O‘rmonga tutash joyda, saroyga o‘xshagan bino qarshisida to‘xtadik. Bu - otxona bo‘lib, zamonaviy uslubda qurilgan, usti to‘lasincha yopilgan, orqa tarafda katta sayisxonasi bor edi.
Otlar zotli va qimmatbaho edi. Har birining qarshisida laqabi, yoshi, zoti qayd etilgandi. Shu paytgacha ot degan jonivorning zotini bir-biridan farqlolmasligimdan nadomat chekdim. Asosan, yuk tortishga mo‘ljallangan Vladimir zotli otni birinchi bor ko‘rayotgandim: uning oyoqlari yo‘g‘on, yollari qalin, gavdasi yirik bo‘lsa; salt minishga mo‘ljallangan arab otining oyoqlari, beli ingichka, o‘zi xushqomat edi. Rus va ingliz yo‘rg‘asi ( xo‘jayin ularni poygaga qo‘yar ekan), shuningdek Osiyo ayg‘irlarini harchand qilsam ham bir-biridan farqlolmadim.
Otlar yotadigan joyning old qismiga qalin fanerdan devor yasalgandi. Ammo uni rasm chizishga tayyorlash talab etilar: ayrim taxtalarni yangilash, barini bir xil hajmga solish, qumqog‘oz bilan pardozlash, bo‘yash kerak edi.
Bu yerda qorovul, otboqardan tashqari o‘zbek yo tojikka o‘xshash to‘rt kishi ham ariq qazishardi.
- Bular - o‘zimizning qoqvoshlar,- dedi Ernafas, - ishlating - ko‘zi ochilsin!
U xo‘jayinga telefon qildi va uzoq gaplashdi. Ularning ayrim gaplarini eshitib qoldim.
- Shartnoma kerak emas! Chizaversin! Fantaziyasini ishga solsin,- dedi u.
O‘sha kuni otboqar bu duldullarning fotolarini ham topib berdi. Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun karton qog‘oz topib, ot rasmini kattaroq hajmda chizishni mashq qilaboshladim.
Ish boshlashdan oldin shu yerga ko‘chib keldim. Ernafas telefon qilib turar, nima zarurligini surishtirar va zarur buyoq, qotishmalarni zum o‘tmay muhayyo qilardi. Men «o‘zimizning qoqvoshlarga» aksar taxtalarni buzib, o‘rniga boshqasini qoqishni buyurdim. Rasm chizish jarayonida ular bilan suhbatlardan shu narsa ayon bo‘ldiki, bu azamatlarni Ernafas topib kelgan, otxonaga quvur tortishni buyurgan ekan. Bular Samarqand, Xorazmning chekkaroq qishloqlaridan bo‘lib, oyiga besh yuz dollar hisobidan haq olisharkan. Shuning ellik dollarini Ernafasga berishlarini aytgach, yangi tanishim haqidagi fikrim o‘zgarganday bo‘ldi. Bu hol xudbinlik, nosamimiylik bo‘lib tuyuldi; vatan, millat haqida balandparvoz gaplar qaerda-yu, yurtdoshlarni shilish qayoqda, deb o‘yladim.
Tag‘in shu narsalar ayon bo‘ldi-ki, bularni avval bir vositachi uch yuz dollar haq to‘lash sharti bilan tsement ortishga olib ketgan ekan. Bu haqda kuyinib gapirishdi.
- U yerda juda qiynaldik: yelkalarimiz yara bo‘lib ketdi: tsement qaynoq bo‘lardi.
Bu ham yetmagandek, allaqanday begonalar sho‘rliklarga soliq solishibdi: oyida yuz dollardan berishmasa, so‘yib ketishlarini aytishibdi.
Ernafas bundan xabar topib, shu yerga olib kelgan ekan. Zero bu yerda ham ishlari oson emasdi: otboqar, qorovul istagan yumushini buyurar, rus tilini yaxshi bilishmagani sabab mazax qilishardi.
- Menga qarang,- dedim bir kuni Ernafasga,- siz e’tiqodlar, g‘oyalar haqida gapirasiz-u, tag‘in qoqvoshlardan soliq undirasiz.
- Bu afandilar,- dedi u,- avvalgi joylarida bir kunda o‘n ikki soat tsement tushirishar yoki ortishardi. Uch yuz olishardi. Buning ustiga ikkita kavkazlik po‘pisa qilib, oyiga falon so‘mdan soliq undirarkan. Ha, bunday to‘rttovi birlashsa-ku, haligilarni dodini beradi. Ammo, hamma illat shunda-ki, biz birlasholmaymiz. Bu borada boshqa millatlardan ibrat olishimiz kerak. Bir oy ilgari ikki viloyatimizning bolalari bir-biri bilan janjalashibdi: bir o‘smirni pichoqlashibdi ham. A, ho‘kizvoylar, baring bir yurt farzandisan, o‘zbeksan! Loaqal musofir yurtda birlash! Haligi o‘lgan bolaning jasadini yonimizdan pul to‘lab jo‘natdik. O‘likni jo‘natish - tirikka nisbatan o‘n baravar qimmatligini hamma ham bilavermasligi mumkin.
Suhbat asnosida tag‘in shu narsa ayon bo‘ldiki, ular uch-to‘rt kishidan iborat norasmiy shtab tuzishgan va madadga muhtoj bo‘lib qolgan yurtdoshlarga yordam berisharkan.
- Biz faqat chuqur qaziyotgan, tsement tushirayotgan hamyurtlarni ko‘rib, noxush fikrlarga kelishimiz, or qilishimiz nojo‘ya. Bundan uch yil avval bozorda aravacha haydab yurgan bolaning bugun xususiy korxonasi bor. Demak, kalla ishlaydi. Faqat ularni muhofaza qilish, boshini qovushtirish kerak! Faranglarda: «Yigitlar bir kun qaytib kelish uchun ketishadi», degan naql bor. Biz bu yerlarda qolib ketmaymiz!
U yurtga, millatga mehr haqida gapirayotganda, fikrim chalg‘ib ketdi; boisi: bu gaplarni televidenieda ko‘p eshitib, dilgir bo‘lgandim. Suhbatdoshim bu kayfiyatni ziyraklik bilan ilg‘ab oldi.
- Gap shundaki, bizning matbuot eng ezgu tuyg‘ular haqida shaldiroq gaplarni o‘rinli-o‘rinsiz gapiraverib, uning siyqasini chiqarib yubordi. Aslida, vatanning muqaddasligini tan olmaslik, nonko‘rlikdan o‘zga narsa emas. Hozir bu yurtda minglab yoshlarimiz mehnat qilishayabdi, topganlarini uylariga yuborishayabdi. Bizda tug‘ilish ko‘p, odam bisyor: hammani ish bilan ta’minlash mushkul. Lekin bu yerda malaka oshirib borsak yoki bolalarimizni shu yerda o‘qitib, yurtga yuborsak, unga xizmat qilgan bo‘lamiz. Ruslar bag‘ri keng xalq! Biz ular bilan birga bo‘lishimiz shart! Bugungi siyosat, vaziyat, hatto ruslarning o‘zi ham kechagisidan batamom farq qiladi!
- Balki, sizlar tuzgan shtabni kengaytirib, qandaydir, qonuniy uyushma yoki jamg‘armaga aylantirish kerakdir?
- Biz bu ishni ham boshladik. Rossiyaning har bir yirik shahri yoki guberniyasida bittadan jamiyat tuzamiz. O‘sha hududdagi vatandoshlarni birlashtirish, muhofaza qilish ana shu uyushma zimmasida bo‘ladi. Eng yomoni, ayrim bolalarimiz texnika xavfsizligi, avtohalokat, kasalliklar sabab bo‘lib o‘layabdi ham. Gohida ularni o‘ldirishayabdi…Bu – yurt fojiasi, O‘zbekiston fojiasidir! Yigirma birinchi asr arafasida−ya!
Ernafas bu xususda uzoq gapirdi. Men zerika boshladim. Buni sezib, gap ohangini o‘zgartirdi.
- Mana siz: bir yumalab usta bo‘lib olgansiz. Bugun pichog‘ingiz yog‘ ustida. Lekin bu yerga kelayotgan lakalovlar, avval aytganimday, oddiygina hunarga ega emas. Buning ustiga hujjatlari yo‘q. Rossiyaga juda ko‘p svarkachilar, sartaroshlar, haydovchilar, bo‘yoqchilar kerak. Siz ham insof qilib, loaqal ikkita shogird oling…
Men rozi bo‘ldim.
Ishni Vladimir otidan boshladim. Uning rasmini erinmay chizdim va qarshisida jonivorga maysa tutib turgan qip yalang‘och (Odam Ato va Momo Havo kiygizib yuborgan libosdagi) o‘g‘il bolani aks ettirdim. Bolakayning ko‘zida otga, otning nigohlarida esa bolakayga mehr barq etib turardi,
Osiyo otining ( menimcha, qorabayir) esa keyingi ikki oyog‘ida turib osmonga sakrayotganini aks ettirdim, arab otini sarhadsiz sahro fonida tasvirlashga to‘g‘ri keldi. Poygada chopayotgan rus va ingliz yo‘rg‘alari o‘ylaganimdan ham jonli chiqdi.
Ishni bitirgandan keyin Ernafas xujayinga sim qoqib taklif etdi. Men andak xavotirga tushdim: xo‘jayin chizmachilikdan xabardor kishi bo‘lsa yoki birorta rassomni ergashtirib kelsa, talaygina qusurlarni topishi mumkin edi. Shukurki, unday bo‘lmadi − deputat tushdan keyin oilasi bilan keldi. Ular babbaravariga quvonishdi va mendan oldin Ernafasni alqashdi. Bu holdan ranjimadim, bar’aks quvondim.
- Menga qara, o‘zbekning bolasi,- dedi xo‘jayin,- necha pul beray?
- Ixtiyoringiz,- dedim.
- Har biriga besh yuz dollardan bersam rozimisan?
U javobimni ham kutmay, hisob-kitob qildi. Bunday saxiylik va saxovatni kutmagan edim: rosti gapki, juda quvondim. O‘sha yerning uzida Ernafasga besh yuz dollar uzatdim. Ertasi onamga telefon qilib, pul yuborayotganimni xabar berdim.
Ernafas bu gal ham gapni muhojirlarimiz tashvishidan boshladi.
- Haligi deputat juda quvondi. Shundan foydalanib, dardimni aytdim.
- Qanaqa dard?-qiziqdim.
- Biznikilar bu yerda yillab mehnat qilishadi-yu, nafaqaga chiqayotganda, stajlari hisobga olinmaydi. Shu masalani hal qilishda ko‘maklashadigan bo‘ldi.
Keyinchalik shunday xulosaga keldimki, dadam haligi betayin bolalarni, oyim o‘z bemorlarini qanchalik e’zozlasa, ularga umid bilan qarasa, Ernafas muhojirlarimizni shunchalik yaqin tutar ekan.
Uning bu gal daraklagan ishi ham oson emasdi: gubernator kabinetining to‘riga ignabargli qalin daraxtzorni aks ettirish kerak edi. Buning murakkabligi shundaki, millionlab barglarni bittalab chizib chiqishga to‘g‘ri kelardi.
- Nima bo‘lsa ham shu ishni qilish kerak: u yuzlab yurtdoshlarimizni ishga joylashtirishi mumkin, bu odam bilan aloqani mustahkamlash zarur: ayrim muttahamlar bolalarimizni ishlatib, haqini bermayabdi,- meni ko‘ndirishga undardi Ernafas.
Rozi bo‘ldim. Boshliq yordamchisi bizni keng kabinetga olib kirdi. Gubernator (familiyasi − Miftaxuddinov) telefonda gaplashardi, bizga e’tibor ham bermadi. Men devorlarni sinchiklab kuzatdim va to‘rga daraxtzorni, yon tomonlarga esa Samarqand, Buxoro kashtalarini chizishni taklif qildim; shunday ish tutganda, makammal kompozitsiya yaratilishini aytdim. Gapimni eshitib qolgan gubernator bu fikrni darhol rad etdi, ammo kashtalarning fotolarini ko‘rsatishni so‘radi. Men ularni sumkamdan chiqarmayoq, tag‘in savol berdi. “Buxoro kashtalari bormi? Men u yerda yashaganman”.
Menda Buxoro kashtalarining oltita fotosi bor edi. Quvonib, ularni zudlik bilan stolga yoydim. Gubernator allaqachonlar yo‘qotgan narsasini topganday shodlanib, boshini sarak−sarak tebratdi.
Ertasi sarv va sanobarzor o‘rmonning turfa manzaralarini kuzatish, o‘rganishga kirishdim. Bir haftadan keyin shogirdlar (haligi bolalardan ikkitasini ishga olgandim) bilan borib, chizishni boshlaymiz, deb turganda, vaziyat o‘zgarib qoldi.
- Sizlar yon tomonga kashta chizishni boshlanglar,- dedi bu gal yordamchi,- to‘rga o‘rmonning kattalashtirilgan fotosini yopishtiradigan bo‘ldik.
Bu gapdan daf’atan yengil tortdim: rus o‘rmonini aks ettirishga tajribam yetishmasligi mumkin edi.
Biz ishga kirishdik.

9

Taqdirimni digargun qilib yuboradigan yumush oldinda turganidan esa bexabar edim.
Ernafas, avtomobil savdosi bilan shug‘ullanadigan boyning suv basseyni devoriga o‘zining yakka-yu yagona qizini aks ettirmoqchi bo‘lganining aytdi. Men bunaqa rasm chizmagan edim, shuning uchun ham ikkilanib, ham qiziqib qoldim. Va’da berishdan avval devorning sathi, nechog‘lik tayyorligi, qizning husni, holatini ko‘rishim kerak edi.
Ertasiyoq yo‘lga tushdik.
Bir yog‘i o‘rmonga tutash joyda yakkam-dukkam, ammo juda hashamli uylar ( ehtimol, dala hovlidir) ko‘zga tashlandi. Biz ulardan birining darvozasi qarshisida to‘xtadik. Suv basseyni kattagina bo‘lib, uning devori ham baland edi. Ammo uni bir bor qirtishlab, qayta loklab chiqish talab etilardi.
- Kerak bo‘lsa, mardikor olib kelaman: devorni tayyorlab berishadi,- dedi Ernafas,- boshida tursangiz bo‘lgani.
- O‘zimizdan qolar ish yo‘q,- men uchun javob berdi yangi shogirdim.
- Pul masalasida shartlashish zarur emas - og‘zingizga siqqanicha so‘rayverasiz. Menga ham insof bilan berasiz!
Aslini olganda, bu yumush ko‘pni ko‘rgan, tajribali rassomning ishi edi. Ammo omaddan yuz o‘girishim ham qo‘rqoqlikdan boshqa narsa bo‘lmasdi. Rasmni devor baravarida chizsa, u ancha beso‘naqay bo‘lardi. Shuning uchun qizning gavdasiga teng qilib yaratish ma’qul edi. Ammo bunday qilganda, ikki tomonda qariyb uch kvadrat metrdan joy ochiq qolardi. Bu bo‘shliqni Farg‘ona vodiysi kashtalari naqshi bilan to‘ldirish lozim, deb hisobladim.
Ernafas telefon qilib, xo‘jayinning roziligini oldi.
Naqsh chizishni tez va ko‘ngildagiday tugatdik. Qizning rasmi aks ettiriladigan o‘rindagi ganchdan yasalgan chorcho‘p ham tayyor bo‘ldi. Shundan keyingina qiz (Svetlana)ning fotolari va o‘zini ko‘rishim kerakligini aytdim
U taqriban o‘n yetti yoshlarda bo‘lib, oppoq va noziknihol edi. Hamma unga siz-sizlab murojaat etgani sabab, men ham shunday yo‘l tutdim. Qiz menga turli holatlarda tushgan suratlarini taqdim etib, shulardan foydalanishimni uqdirdi. Dastlab uning dengiz sohilida, cho‘milish libosida, chalkashtirilgan chiroyli oyoqlarini suvga solganicha, yonbosh turgan qiyofasi dilimga o‘tirishdi.
Usta Baqoning nasihati yodimga tushib, dengizni jonli qilib chizish, jumladan, chag‘alaylarni ham aks ettirish, qizning esa ana shu fonda sanamday yoki suv parisidan bo‘lib turishini xayolan tasavvur qila boshladim. Ammo ish boshlaguncha rosa mashq qilishim zarur edi.
- Tabiiy chiqishi uchun o‘zingizdan ham andoza olishga to‘g‘ri keladi,- dedim lutf bilan.
- Siz ruschani yaxshi gapirarkansiz-ku, qaerdan o‘rgangansiz,- so‘radi u javoban.
Maktabda ruscha o‘qiganimni aytdim. U qarshimda o‘tirdi. Qo‘l telefonda ko‘p gapirishi, dilimga o‘tirishmagan bo‘lsa-da, e’tiroz bildirmay, ish boshlab yubordim.
Ertasi men bilan gaplashishga moyilligin sezdim va beixtiyor suhbatlashib qoldik.
- Osiyoda erkaklar hali ham xotinlarini urishadimi?- savol beradi u.
- Urishadi, xonim,- javob beraman xotirjamlik bilan,- gapga quloq solishmagandan keyin, nima ham qilishsin…
- Jaholat!- noroziligini yashirmaydi u.
- Erkaklar ko‘p xotin olishadimi?
- Istagancha, xonim,- atayin oshirib yuborgim keladi.
U boshini sarak-sarak tebratadi.
- Moskvada nega ular buncha ko‘p, sizlarda hayot og‘irmi?- davom etadi u.
Mening esa javob bergim kelmaydi, aniqrog‘i, nima deyishni bilmayman. O‘rniga o‘zim savol yog‘diraman. Shu tariqa uning Londonda o‘qigani, muzika, umuman, san’atni sevishini anglab olaman. Qizning beg‘uborligi, soddaligi, samimiyligiga zohiriy havasim keladi. Uni Tolstoy, Turgenev asarlaridagi grafinya qizlarga taqqoslayman, xuddi o‘shalarday ozod fikrlilikni qo‘llashini, inson huquqlarining mu’tabarligini ta’kidlashini yoqtiraman. Shu tariqa suhbatimiz tobora avj olaveradi.
- Nega meni muzqaymoqqa yoki kofe ichishga taklif etmaysiz?- so‘rab qoldi bir kuni Sveta.
- Mendan bo‘yoq hidi keladi, liboslarim ham osiyocha,- dedim.
- Aynan shuning uchun taklif qilishingiz kerak-da,- dedi navozish bilan.
Men yuvinib, ko‘ylak va shimimning g‘ijimlangan ayrim joylarini shosha-pisha tekislagan bo‘ldim. Biz restoranga kirdik.
Ofitsiant ichimlik taklif etganda, bir-birimizga savol nazari bilan qarab qoldik. Qizdagi moyillikni sezib:
- Eng yaxshi vinolardan olib keling,- buyurdim unga.
- Sizlarda ichishmaydi, deb eshitgandim.
- Bunday vaziyatda ichmaslik uvol,- javob berdim.
Boshqa gap bo‘lmadi. Men uni kuzatib qo‘ydim. Keyin yangi liboslar xarid qildim va biz kontsertlar, ko‘ngilochar kechalarga birga boradigan bo‘ldik. U menga kun sayin ko‘proq yoqardi. Bora-bora dilimda muhabbatga o‘xshash mavhum, ammo bezovta tuyg‘u uyg‘ongandi, lekin oramizdagi farq ja’mi ehtiroslarni jilovlab yurishni taqozo etardi.
- Sen nega mening qo‘limni so‘ramayabsan?- dedi u nogahonda, vals kechasidan qaytayotganimizda.
- Sen badavlat kishining qizisan, men bo‘lsam, oddiy bo‘yoqchiman.
- Axir, meni yaxshi ko‘rasan-ku…
- Buning o‘zi kifoya emas-da…
Uch kundan keyin oila meni mehmondorchilikka taklif etdi. Ularning muddaosi - kaminani ko‘rish, tanishish ekanligini his etdim.
Mehmonxonadagi qimmatbaho mebellar, katta fortepyano, beqiyos qandillar va boshqa jihozlar sening qashshoqligingni, xoru-xasdan beqadr ekanligingni tinmay shivirlayotganday bo‘lardi.
Svetaning ota-onasi ham hali juda yoshday ko‘rinishardi. Ular kaminani imtihon qilsa kerak, deb uylagandim, ammo unday bo‘lmadi. Kasbu korimni qaerdan o‘rganganim, Svetaga bo‘lgan munosabatim, rejalarimni so‘rashdi, xolos.
Ustam bot-bot ta’kidlaganday, tangri kushoyish berdi, shekilli, to‘y kuni ham belgilandi. Bor tashvish xarajatlarni ular o‘z zimmalariga olishdi. Men ungacha rasmni chizib tugatishga zo‘r berdim.
To‘ydan oldinroq ishimni yakunladim, yuvinib, yangi liboslarimni kiydim va Svetaning ota-onasini taklif etdim. Rasmni mehr bilan chizganim sabab, u o‘zimga juda yoqib tushgandi. Birgina oyoq qismini uch bor o‘chirib, qaytadan chizishga to‘g‘ri keldi. Boisi: fantaziyamga ko‘ra sohilda o‘tirgan suv parisi − Svetaning ikkala oyog‘i, masalan, delfinning dum qismiga ham mengzab ketishi kerak edi. Ular ko‘p bo‘lib kelishdi va qizning otasi ancha narida turib: “Eto je, nastoyaщaya rusalka!” dedi, ovozini baralla qo‘yib.
Cherkovda nikoh o‘qitishayotganda, atrofda juft-juft bo‘lib turgan bashang erkaklar, brilliant taqinchoqlarga burkangan, serlutf xonimlarga qarayman va bularning bari tushimda sodir bo‘layotganday tuyuladi. Mehmonlar orasida men tomondan faqat Ernafas xotini (ehtimol, o‘ynashidir) bilan kelgandi, xolos. Beqiyos dabdabani kuzata turib, beixtiyor ota-onamni esladim. Axir, mening to‘yimda ular yonma-yon turishlari kerak emasmidi? To‘g‘ri, ularni taklif etganim yo‘q, ammo shunday qilganimda ham kelisholmasdi. Boringki, kelganda ham, yonma-yon turishga ma’nan haqlari yo‘q edi. «Chumchuqning ham ini buzilmasin», derdilar usta Baqo. Ular esa o‘z oilalarini vayron qilishdi, opam ikkalamizni bir umrga o‘ksitishdi. Otam bezori bolalarga, oyim o‘z bemorlariga g‘amxo‘rlik qilishdi-yu bizning taqdirimizni o‘ylashmadi. Sveta bilan juda mehribon, inoq kun kechirishimiz, oila uchun kurashishimiz, farzandlar ko‘rib, ularni voyaga yetkazishimiz zarurdan zarur, deb o‘ylardim. Hali bu tantiq qizning anchayin injiqliklari yuzaga kelishi tabiiy hol deb bilardim va ularni bardosh bilan yengishim zururligiga o‘zimni ruhan tayyorlardim.
Asal oyi (Bizning Samarqandda “shakarmoh” deyishadi) ning asosiy qismini Sochida o‘tkazadigan bo‘ldik. Shaharga tutash joydagi bu dala hovli kimga tegishli ekanligini anglolmay qoldim. U juda hashamatli bo‘lib, dengiz shundoqqina ko‘rinib turardi. Zalda ulkan ekranli televizor, qimmatbaho mebellar…
- Fortepyano yo‘q ekan-ku,- e’tiroz bildirdi Sveta.
Biror soat o‘tmay, yong‘oq daraxti yog‘ochidan yasalgan ulkan fortepyano ham olib kelishdi. Biz har kuni tushlikdan keyin dengizda cho‘milib kelardik va ma’shuqam fortepyano qarshisida o‘tirib, dilkash ohanglar chalardi. Uning klavishlar ustida ko‘z ilg‘amas darajada chaqqon harakat qilayotgan oppoq barmoqlarini kuzatib, ana shu sehrli mahbuba menga tegishli ekanligini o‘ylardim, borlig‘im behudud zavq, g‘ururga to‘lardi. Bu mumtoz ohanglarni tinglab, dilimda yangidan-yangi orzular nish urar, koinotda parvoz qilayotganday bo‘lardim. «Oila zanjiri» degan monumental kartinani yaratish fikri ham shu musiqa ta’sirida uyg‘ondi, shakllandi.
Unda yonma-yon tik turgan ayol bilan erkak va oralarida o‘tirib olib, ularning oyoqlarini quchoqlaganicha, kulayotgan qiz bola aks etishi kerak edi. Bu ishni moybo‘yoq bilan emas, bino devoriga mozaika qilish, ya’ni shisha yoki sopol parchalaridan bunyod etishni ko‘nglimga tugdim. Keyinchalik esa ular o‘rniga dengizning oppoq chig‘anoqlarini zich qilib terishni, soch va liboslarni aks ettirishda esa qo‘ng‘ir chig‘anoqlardan foydalanishni mo‘ljalladim. So‘ng bu loyihani qog‘ozga tushirish payida bo‘ldim.
- Bu ayol menga o‘xshab ketibdi-ku,- qah-qah otib kuldi Sveta eskizga ko‘z yugurtirarkan. - Erkakni ham o‘zingga o‘xshatibsan; demak, birinchi farzandimiz qiz bo‘lishini istaysan…
- U oilamiz zanjiri bo‘lsin, deyman.
- Ammo, men hali farzandli bo‘lmoqchi emasman, keyinroq…
Ustam bilan Ernafasdan vatanparvarlik tuyg‘usi yuqqan ekan, shekilli, bu ishni Moskvada emas, o‘z yurtimda, salobatli zags binosiga yaratishni o‘ylardim.
Bu orada kema bilan Qora dengizdan o‘tib, Turkiyaga borib keldik. Qaytib kelgach, Afon g‘ori, Stalin dachasini tomosha qildik. Xullas, hayotimning shohona kunlari davom etardi.
Shunday kunlardan birida oyim telefon qilib qoldi. Uning ovozidagi mung, zohiriy dardni darhol ilg‘ab oldim.
- Buving olamdan o‘tdilar,- dedi oyim,- bel bog‘lab turishing kerak. Seni katta qilganlar…
Ammo shunday vaziyatda, yosh qallig‘imni yolg‘iz qoldirib ketishni tasavvur ham qilolmasdim.
- Oyijon, keliningiz bilan Sochida shakarmohni o‘tkazayabman,- dedim. - Meni kechiring.
Keyin vijdonim bilan yakkama-yakka qolib, sho‘rlik buvimga achindim.
Shunga qaramay, Svetaga buvim olamdan o‘tganini ma’lum qildim.
- Keksamidi?- so‘radi u.
Men ma’qul ishorasida bosh silkidim. Aslida, shu tobda u bilan buvim haqida, uning o‘ziga xos fe’li xususida baqamti gaplashgim kelgandi. Ammo qallig‘imda bunday xohishni ilg‘amadim. Shunda yodimga Chexovning bir hikoyasi tushdi. Xotinidan judo bo‘lgan izvoshchi kimgadir hasratlarini to‘kkisi keladi, lekin uning dardini tinglaydigan banda topilmaydi. Shunda u otining bo‘ynini quchoqlab, g‘ussalarini birma-bir to‘kib soladi.
Yaqindagina rasmlarini chizgan otlardan birortasi yonimda bo‘lishini, unga buvim haqida to‘yib-to‘yib gapirib berishni istab qoldim shu tobda.
Moskvaga qaytganimizdan keyin ham yashashimiz, shu tariqa - bayramona davom etdi. Pul deganning hisobi yo‘q edi: tortmamizning birida rus rubli, ikkinchisida AQSh dollari bo‘lar, biz undan istagancha foydalanardik.
Ishga esa qo‘lim bormay qolgandi - shu shodiyonaliklardan voz kechib, sevgilimni yolg‘iz qoldirib, bo‘yoqqa bulg‘anib yurishni istamay qo‘ygandim.
Bu gal bazmda bir armani yigit Svetani valsga taklif qilib qoldi. Ular davra aylanayotib, haligi yaramas qallig‘imning qulog‘iga allanima deb pichirlaganini sezib qoldim; rashkim keldi. Javoban Sveta rozilik alomatini qilib, bosh silkidi. Armani uning yalang‘och yelkasidan o‘pib oldi.
- Begona erkakka yalang‘och yelkadan bo‘sa berish odobga kirmasa kerak,- dedim uyga qaytaturib.
- Men uchun, eng muhimi, ozodlik dedi u,- qolgan barchasi ikkinchi darajali.
- Oilaviy burch deganlari ham bor.
Bu gapimdan u qattiq qahrga mindi va gaplashmay qo‘ydi. Keyin o‘zim vaziyatni yumshatib, tag‘in ko‘nglini topdim.
Hayotimiz shu tariqa shod-xurram davom etardi. Kuzga kelib, Svetaning buyida bo‘ldi va shundan keyin haddan tashqari badjahl, serzarda, injiq bo‘lib qoldi. Men bilan munosabati yomonlashdi; onasi, doktorlarni ham jerkiydigan bo‘ldi. Buning sababi - homiladorlikni og‘ir kechirayotganligi, deb bilardik barimiz. Chunki yeganini qayd qilar, jismoniy, ruhiy jihatdan azob chekardi.
- Sening avlodingdan biror kishi ruhiy kasalikka chalinganmi?- so‘rab qoldi u bir kuni jiddiy turib.
- Nega bunday deb so‘rayabsan?- qiziqdim.
- Shunchaki,- deb qo‘yaqoldi u.
Shunaqa kasalikka uchrab, o‘zini osgan katta tog‘amni esladim, ammo bu haqda gapirishni lozim topmadim. Nega bunday savol berganini esa bir necha kungacha o‘ylab yurdim.
Xarxashalar kun sayin avjga chiqar, erkalashlarim, iltijolarimga terslik bilan javob qaytarardi u. Oilani saqlab qolish uchun bularning bariga sabot bilan chidashim kerak, deb o‘ylardim.
- Bolani oldirib tashlayman,- dedi u bir kuni duppa-durustdan.
- Azizim, pushaymon bo‘lasan..
- Sendan farzandli bo‘lishni istamayman!
- Nega unday deysan?
- Sen ruhiy kasalsan…
- Nimalar deyabsan?- jahl aralash uning so‘zini kesaman.
- Men bunga ishonch hosil qilganman: kechalari kimlar bilandir gaplashib chiqasan, o‘zbekchalab allakimlarni haydaysan; poygakka, poyafzalga qarashga, Azroilni ko‘rganday qo‘rqasan. Ko‘zlaring ham avvalgidek tiniq emas, atrofga savdoyilarcha, darveshona boqadigan bo‘lgan!
Aytganini qildi: bolani oldirib tashladi va uyga qaytib kelmadi. Hayhotday uyda yolg‘iz qolib ketdim.
O‘ta zerikarli, maqsadsiz kunlar boshlandi. Kun bo‘yi viski ichib, televizor ko‘rardim; kechalari esa noxush xayollardan uyqum qochar, dilimga zohiriy vahima tushardi. Qachon, qaerda hayotning o‘gay o‘g‘liga aylanib qolganimni, uning g‘am-g‘ussasi o‘zidan ham og‘irligini o‘ylaganim-o‘ylagan edi.
Bu gal g‘ussa chekib o‘tirganimda, uni ko‘rib qoldim. Tuflimning ichida tik turganicha, mendan ko‘zini uzmasdi. Bu gal cho‘chimadim va qora maxluqni kuzatdim. Ko‘z o‘ngimda yiriklashib, maymunga aylandi, ko‘zlari esa chaqchaygan edi.
- Mudaongni ayt,- dedim zarda bilan.
U indamadi. Urishga shaylangandim, yo‘qolib qoldi.
Shundan keyin yurtga borib-kelishga qaror qildim. Qora ko‘lankadan qutulish, oyimni, qavmlarni ko‘rib kelish uchun shu yo‘lni tanlagandim.

10

Uyimizda bayram bo‘lib ketdi. Ayniqsa, oyimning quvonchi cheksiz edi. U ertasi buvimning qabrini ziyorat qilishga olib bordi.
- Ko‘zlari yo‘lingga tikilib, jon berdilar,- dedi, diydalarini tiyolmay.
Keyin dadam, ustam, jiyanlarimni borib ko‘rdim. Olib kelgan sovg‘a-salomlarimni ulashdim.
Biror haftadan keyin esa zerika boshladim. Zero shovqun-suronga to‘la shahar, shohona hayotdan diqqinafas qishloqqa kelib qolgan kishining holatini tasavvur qilish qiyin emas. To‘g‘ri, Moskvada ham meni hech kim kutmayotgandi. Buning ustiga, sovuq kunlar boshlangandi, ayniqsa tashqarida ishlash oson emasdi.
Bu yerda gaz bo‘lmaganligi, elektr tokidagi uzilishlar sababli, oyim darvozaxonadagi uychaga ko‘chib o‘tgandi. Avval buvim turgan bu xonada sandal bor edi.
Shunda men fikrimni band qilib yurgan «Oila zanjiri» loyihasini amalga oshirmoqchi bo‘ldim. Shahrimizdagi yangidan qurilgan salobatli «Baxt uyi»ga kirib, uning rahbari bilan kelishishdan oldin, mozaikabop o‘rinni rosa chamaladim. Chap tomonda derazasiz, yaxlit devor buning uchun ayni muddao edi.
Xushbichim, xushsuxan opaxon meni mamnungina qabul qildi. Muddaomni bayon etgach, qo‘limdagi eskizni tomosha qilib, quvondi, savollar bergan bo‘ldi.
- Buning uchun devor suvog‘ini buzish kerakmi?- so‘radi.
- Faqat rasm ishlanadigan joyini.- javob berdim.
- Buning ixtiyori faqat menda emas, hokimiyat bilan kelishib olay, natijasini aytaman,- dedi va telefonim nomerini yozib oldi.
Ammo oradan haftalar o‘tsa hamki, undan sado bo‘lmadi va men battar tang bo‘laboshladim. Zerikishim oqibati bo‘lsa kerak, uyqusizlik ham boshlandi. Ko‘zim ilinay deganda, poygakda haligi mal’un ko‘zlarini chaqchaytirib turganday bo‘lar va cho‘chib ketardim.
- Bugun ishim - ikkinchi smenada,- dedi oyim, paltosini kiyar ekan,- ehtiyot bo‘l: sandalga ko‘mirning cho‘g‘ini solma: lohas qilib tashlaydi; svet o‘chib qolsa, rossiyskiy shamni yoq – ikki soatgacha yonadi. O‘zimizniki…
Yolg‘iz qolib, xayolimga tag‘in noxush fikrlar kezaboshladi, allanimadan xavotirlanishim kuchaydi. Dilg‘ashlikdan xolos bo‘lish uchun ertaroq o‘ringa kirdim. Ammo, qani-ku, jilla mizg‘isam. «Qariyb bir haftadan beri uxlaganim yo‘q, o‘ylayman o‘zimcha, lekin tabiat adolatni xush ko‘radi - u bir haftalik uyqumni qaytarib beradi. Hozir uxlayman-u, bir haftadan keyin uyg‘onaman».
- Aytganing kelsin!
Men ovozni tanidim: bu - o‘sha iblisning tovushi edi. Ammo o‘girilib qaramadim. Yo‘q, qo‘rqqanimdan emas, badbaxtga nopisandligimni namoyish qilish, gapiga e’tibor bermaganim, g‘ururimni ko‘rsatish uchun shu yo‘lni tutdim. «Nima u: arvohmi, alvastimi, yoki mening xayolimmi» o‘ylab qoldim bir zum.
- Bor narsa yo‘q bo‘lmagani singari, yo‘qdan bor ham bo‘lmaydi. Nima bo‘lganda ham, men borman, mavjudman!
- Sendan xolos bo‘ladigan kun bormi?- dedim, javoban zarda bilan. - O‘lsam qutulamanmi?
Bejizga bunday demagandim: shu mudhish sharpani qayta ko‘rmaslik uchun, men baxtiqaro o‘limimga ham rozi bo‘lardim gohida.
- Hech kim senga o‘lim tilagani yo‘q: to‘yib uxlashing tarafdoriman, xolos. Juda shirin uyqu...
- Qanday qilib?- qiziqdim astoydil.
- Sandaldagi cho‘g‘ ustiga bir xokandoz ko‘mir solsang kifoya.
- O‘ladigan axmoq yo‘q!- keskin javob qaytardim, oyimning sandalga faqat yog‘och cho‘g‘ini solishni tayinlaganini eslab.
- Hayot - o‘zga yurtda, birovning uyida vaqtincha yashashday gap,- davom etdi u. - Bu uyda inson xor-u xasday beqadr: bevafoliklar, aldam-qaldamlar, ruhiy, jismoniy azoblar. Shunga qaramay, odamlar o‘zlarining tinch uylariga qaytishga shoshilmasliklari g‘alati…
Men bu gapni yaqindagina, qaybiram yozuvchining kitobida o‘qigan edim. «Demak, u shaytoni layin ham o‘qigan ekan-da», o‘ylayman o‘zimcha.
- Katta tog‘ang nodon ekan,- davom etadi u,- o‘zini osib o‘ldirdi - beadad og‘riqlarni boshdan kechirdi. Ko‘mirning dudi esa elitadi, uxlatadi…
- Va o‘ldiradi-ku,- ilib ketaman.
- U o‘lim emas, uyqu, abadiy uyqu. Farqiga borish kerak.
Tag‘in ko‘z o‘ngim qorong‘ulashdi, katta-katta qo‘llarim shalvirab qolganday, noumidlikning tubsiz ummoniga cho‘kib ketayotganday bo‘ldim. So‘ng, istar-istamas, o‘rnimdan turib, bir xokandoz ko‘mir olib keldim, sandaldagi cho‘g‘ ustiga bo‘shatdim. Ammo bu juda kamday bulib tuyuldi. Keyin tag‘in olib keldim. Eshikni ichkaridan berkitib, o‘rnimga cho‘zildim. Hademay ko‘mirning badbo‘y hidi dimog‘imga urildi. Ko‘p o‘tmay bu is borlig‘imga halovat bag‘ishlayotganday bo‘ldi, xuddi viski simirganday, kayf qilaboshladim.
Bu hol qancha davom etganini eslolmayman; nogahonda, qaltis xatoga yo‘l qo‘yganimni fahmlab qoldim: sochlarini yulib yig‘layotgan jafokash onam, mehribon opam, diydalarini tiyolmayotgan dadam, iztirob chekkan Svetlana ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lishdi. Ilkis o‘rnimdan turib, o‘zimni tashqariga olishga urindim, lekin, afsuslarki, vaqt o‘tgan, aniqrog‘i, yuragim, miyam tuppa-tuzuk ishlayotgan bo‘lsa hamki, vujudim batamom falajlangandi. Bu alamli edi; men jon-jahdim bilan o‘ng tomonga ag‘anamoqchi, shu tariqa eshikka yaqinlashmoqchi bo‘ldim, taassufki, qo‘limdan kelmadi; so‘ng, bo‘g‘zigacha botqoqqa botgan notavonday, dilim behudud g‘ussaga to‘lib ketdi, qusgim keldi, ammo buni ham uddalolmadim.
- Loaqal, alvido, degin,- so‘radi u o‘tinch va ginaomo‘zlik bilan.
- Alvido!- dedim, men dardligina qilib.

2008

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.