OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Iqbol (hikoya)

– Chiqar! – buyurdi polvon, odatdagi to‘nglik bilan toshlarni imlab ko‘rsatarkan.
Men zilday og‘ir toshlardan ikkitasini ikki qo‘limga olib, sahnaga chiqdim: zalning har yer-har yeridan tartibsiz qarsak chalindi.
Bular meni polvon deb o‘ylashganidan shunday qilishadi. Aslida men polvon emas, uning shogirdiman.
Institutga kirolmaganimdan keyin, fizkultura o‘qituvchimiz shahar istirohat bog‘ining direktori Kiromovga iltimos qilib, shu odamga – Juma polvonga shogird tushishimga yordamlashdi.
Men toshlarni sahnaga joylashtirishim bilan, odatdagidek, surnay cho‘zib nola qildi, nog‘ora hayajon bilan avjiga ko‘tarildi. Keng yelkalari, zabardast bilaklaridan kuch yog‘ilib turgan azimjussa Juma polvon sahnaga chiqishi bilan hamma qarsak chalib yubordi. Pahlavon labining bir chekkasi bilan xiyol tabassum qildi. Men o‘zimni chekkaroqqa oldim: tomosha boshlandi.
Juma aka eng avval men chiqargan ikki pudlik toshlarni koptokday yuqoriga uloqtirib o‘ynay boshladi: ularni navbatma-navbat irg‘itar, so‘ng ko‘kragi bilan urib yuborar, cho‘yan toshlar zarb bilan polga urilar, taxtalar bir oz mayishib ketar, yengil chang ko‘tarilardi.
Aslida bunday sharoitda tomosha ko‘rsatish noqulay. Yaxshi tomosha uchun obdan jihozlangan tsirk arenasi kerak. Uning manejiga yog‘och qipig‘i solingan, ustidan gilam to‘shalgan bo‘ladi. Unday paytda ishtiyoq ham shunga yarasha bo‘ladi, albatta.
Ha, mayli, bular bari vaqtincha: kelajakda hammasi joyida bo‘ladi. Yaqinda Toshkentdan kelgan vakil ham shahrimizda – bizning guruh bazasida sirk bo‘lishini aytgandi: biz o‘sha sirkning ilk artistlari bo‘larkanmiz. Unda hamma narsamiz bo‘ladi: mashinamiz, inventarlarimiz, eng muhimi – mustaqil bo‘lamiz. Hozir esa madaniyat bo‘limi ixtiyoridamiz, buxgalteriya daftarida birimiz hisobchi, yana birimiz farrosh va hokazo. Shuning uchun bo‘lsa kerak, har bir yig‘ilishda Juma polvon Kiromov bilan aytishib qoladi: qo‘shimcha shtatlar ajratishni talab qiladi, bizga tegadigan pulni ko‘paytirish masalasini qo‘yadi. Ammo u bo‘lsa shunday polvon kishidan cho‘chimay: “Bu, qo‘limdan kelmaydi”, deb qo‘ya qoladi. Balki, haqiqatan ham shundaydir. O‘tgan kuni ishga kelgan kassir qizni ham, toshkentlik vakil ruxsat berganidan keyin qabul qildi-ku. Ungacha Bo‘ta qiziq ham bilet sotardi, ham tomosha ko‘rsatardi.
– Tubaretka! – fikrimni bo‘ldi hamon toshlarni o‘ynatayotgan polvon menga qaramayoq.
Yugurib borib, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan kursini keltirdim va sahnaning o‘rtasiga qo‘ydim, toshlarni ichkariga olib kirdim.
Polvon o‘n-o‘n besh yoshlardagi bolani kursi ustiga chiqardi, so‘ng yog‘ochni mahkam tishlaganicha, uni yerdan uzdi, qarsak sadolari ostida sahnani ikki bor aylanib chiqdi.
Navbat polvonning qorni ustida o‘tin yorish hangomasiga yetib keldi. U chalqanchasiga yotdi, maxsus tayyorlangan enligina taxtani uning ko‘krak qafasi ustiga qo‘ydim. Surnay bilan nog‘ora odatdagiday nola qilishga tushdi. Men g‘o‘lani bafurja tiklab qo‘yib, boltani oldim va odamlarning hayajonlarini oshirish ilinjida uni dast ko‘targanimcha bir lahza to‘xtadim, keyin g‘o‘lani bir necha bo‘laklarga bo‘lib tashladim. Juma aka o‘rnidan turishi bilan qarsak yangrab ketdi.
Navbatdagi tomosha ancha qaltis edi. Men tomoshabinlar ko‘zi oldida bir necha limonad shishasini sindirib, pol ustiga yoydim, so‘ng uning orasidan yiriklarini terib oldim. O‘tgan gal shunday qilishni unutganim uchun polvon shunday yovqarash qilgandiki, eslasam hali ham yuragim orqaga tortib ketadi.
Polvon bu gal hech qanday e’tiroz bildirmay, shisha siniqlari ustiga chalqancha cho‘zildi. Programmaga binoan zaldan sakkiz kishini sahnaga taklif qildim va ulardan polvonning ustiga chiqishlarini iltimos qildim. Har galgidek, ular rozi bo‘lishmay tarxashlik qilib turishdi. Shuning uchun avval o‘zim chiqdim. Ular ming istihola bilan polvonning keng yelkalariga chiqishdi. Biz bir necha daqiqa shu alfozda turdik. Zalni qarsak tutib ketdi.
Shu bilan bizning galimiz tugadi. Juma aka yana bir ta’zim bajo keltirib, orqasiga qaytayotganda, unga yumaloqlangan qog‘oz uloqtirib qolishdi. Bilaman: uni men tengi bolalardan birortasi yozgan. Har gal shunday qilishadi – Juma akadan polvonlik sirlarini so‘rashadi: polvon bo‘lib olib hammani hayratda qoldirmoqchi bo‘lishadi. O‘zim ham shunaqa bo‘lganman. Aslida esa bu shundaygina aziyatdan iborat ekanligini endi his qilyapman. Kuni bilan polvonning qosh-qovog‘iga qarab ish tutish, uyga borgandan keyin ham tinmay mashq o‘tkazish oson emas.
Polvon maktubni ochib ko‘rmayoq Bo‘ta qiziqqa uzatdi. O‘tgan gal ham shunday qilgandi. “Bo‘ta gapga boy, o‘sha gapirib bersin”, degandi.
– Birodarlar, – so‘z boshladi Bo‘ta qiziq ikki qo‘li bilan “jim” ishorasini qilib, - qaerdaki tomosha ko‘rsatmaylik, bolalar, albatta Juma akadan polvonlik sirlarini so‘rashadi. Mayli, ayta qolay. Faqat jim o‘tirilsin! Bu, sir – hech kimga aytib qo‘yilmasin.
Bir lahza sukutdan keyin u yana davom etdi:
– Rivoyat qilishlaricha, juda qadim zamonlarda uzoq qaybiram mamlakatda o‘z merganligi bilan dong taratgan shahzoda bo‘lgan ekan. U kamon bilan bir chaqirim naridagi otning qulog‘ini tesha olar, uchib borayotgan turnalardan istaganini urib qulata olarkan. Shahzodaga hamma tan berarkan-u, ammo sevikli xotini qoyil qolmas ekan. Shahzodaning toqati tugab, xotinidan buning boisini so‘rabdi. “Mahoratning kaliti – mashq. Mashq qilsa hamma ham shunday bo‘lishi mumkin”, - debdi malika. Shahzoda uning qaysarligidan darg‘azab bo‘lib, haydab yuboribdi. Malika uzoq bir qishloqqa borib kun kechiribdi. O‘sha yerda boloxona qurdirib, yaqinda tug‘ilgan buzoqni olib chiqish, olib tushishni mashq qilaveribdi. Yillar o‘tibdi, buzoq ulg‘ayib ho‘kiz bo‘libdi, ammo malika mashqni kanda qilmabdi. Ko‘p o‘tmay bu shov-shuv shahzodaning ham qulog‘iga yetibdi va u ho‘kizni ko‘taradigan ayolni ko‘rish niyatida mulozimlari bilan o‘sha tomonga ravona bo‘libdi. Borib qarasa, haqiqatan ham bir nozanin ayol bahaybat ho‘kizni ko‘tarib yurgan ekan. Shahzoda juda qiziqib, ayoldan buning boisini so‘rabdi. “Mahoratning kaliti mashq. Mashq qilsa hamma ham shunday bo‘lishi mumkin”, debdi u avvalgidek. Shundan keyingina shahzoda bu ayol o‘zining sevikli va tik so‘zli xotini ekanligini fahmlab qolib, undan uzr so‘rabdi.
Bu ertakni Bo‘ta qiziqdan kelgan kunlarim eshitgan edim. Shundan keyin gantel sotib olib mashqni juda qizitdim, ammo negadir Juma akaday baquvvat bo‘lolmayotganimdan xunob bo‘lib ketaman ba’zan.
Dasturga binoan sahnaga Bo‘ta qiziq bilan Boli vali chiqishdi. Ola-bula kiyingan bu masxarabozlar paydo bo‘lishi bilan zalda sho‘x kulgi yangradi. Ular bir necha intermediya ijro etishgach, odatdagidek, Bo‘ta, Boli valining ko‘zini bog‘lab, uni sahnada qoldirdi va o‘zi zalga tushdi. U tomoshabinlar orasida bir oz yurgach, bir ayolni ko‘rsatib so‘radi.
– Tak, Boli vali, bu kishi kim?
– Bu – ayol kishi, aka, - javob berdi Boli vali hech qiynalmay.
– Balli! Bu kishi-chi? – bir erkakni ko‘rsatib so‘radi Bo‘ta qiziq.
– Erkak.
– Bu kishi-chi?
– Bu kishi ham o‘zini erkak deb yurganlardan, aka.
– Balli! Bu kishining boshlarida nima bor?
– Hech nima yo‘q, aka.
– Balli! E, sizni bekorga vali deyishmaskan-da.
Bir lahza jimlik cho‘kdi. Bo‘ta qiziq chekkada o‘tirgan kishiga murojaat qilib, bir necha barmog‘ini ko‘rsatishni so‘radi. So‘ng Boli volidan nechta barmog‘ini ko‘rsatayotganini so‘radi.
– Beshta barmog‘ini, aka.
– Endi-chi?
– Endi bitta barmog‘ini, aka.
Odamlar gurillab kulishadi, qarsak chalishadi. Bundan keyingi savollarga ham adashmay javob qaytaradi u.
Tomoshadan keyin kolxoz rahbarlari ziyofat berishdi. Dasturxon ustida ham nuqul bugungi tomosha haqida gapirishar, mahoratimizni maqtashardi.
– Bular hali ishning boshlanishi, - g‘ururlanib javob qaytardi surnaychimiz.
– Sirkka aylangandan keyin ko‘rasizlar: o‘zimizning akrobatsiyamiz, dressirovkami bo‘ladi.
– Sirkimizning mustaqil xo‘jaligi, plani, nomi bo‘ladi, - vazminlik bilan davom ettirdi Juma aka.
– Shunday qilib, nomini nima qo‘yamiz? - polvonga savol berib qoldi Bo‘ta.
Juma aka bir oz o‘ylanib turdi-yu, yelka qisib qo‘ya qoldi.
– Nomini “Iqbol” qo‘ysak yaxshi bo‘lardi-da, – qo‘rqa-pisa ancha vaqtdan beri o‘ylab yurgan fikrimni aytdim. Hech kim indamadi. Faqatgina, yaqinda ishga kelgan kassir qiz “piq” etib kuldi.
– Ha, tinchlikmi? – unga yuzlandi Bo‘ta.
– Nima, sirkka mening nomim qo‘yiladimi? – bu gal ochiqroq kulib gapirdi u.
– Iqbol uchun olaylik, o‘rtoqlar, - suhbatimizni kesdi rais.
Juma akadan so‘ng Iqboldan tashqari hammamiz qadahlarni bo‘shatdik.

***

Bugun tushgacha, kechagiday taxtaga qo‘l bilan mix qoqib, uni tish bilan sug‘urib olishni mashq qildim. Ammo har qancha zarb bilan ursamda, taxtani teshishni uddalolmadim. Buning ustiga mixdan zarb yegan kaftim qip-qizil bo‘lib shishib chiqdi, tishimga zirqirab og‘riq kirdi. Shundan keyin juda xo‘rligim kelib ketdi, mixni to‘g‘ri kelgan tomonga uloqtirdimu ko‘zimdan tirqirab chiqqan yoshlarni sidirib tashladim. O‘zi men xumboshga kim qo‘yibdi, pahlavonlikni?! Boshqa biror ishning etagini tutganimda, hozirgacha bemalol o‘rganib olardim, oyimga og‘irligim tushmay, yordamim tegardi. Muallimlikdan topadigan ozgina moyasini ham mana bunaqa lash-lushlar sotib olish uchun menga tutqazadi, boyaqish. Qo‘shnilarga: “O‘g‘lim katta pahlavon bo‘ladi”, deb maqtanib ham qo‘ydi. Mening esa ahvolim bunaqa... Meni shu toshbag‘ir Juma polvonga shogird qilib qo‘ygan fizkultura o‘qituvchimiz Norboevga ham...
Kechqurun kayfiyatim undan ham battar buzildi: kvartal yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda bizlarni rosa tanqid qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, faqat bizning guruh planni bajarolmay qolgan ekan.
– Oxi, ayoqqa kishan bo‘lmanglar, - dedi Kiromov tojikcha lahjada, - programma doqiyunusdan qolgan, tamoshabin ziq bo‘lib ketadi.
Juma aka ham jim o‘tirmadi: ruxsat-puxsat so‘ramay o‘rnidan turdi-yu, tutaqib gap boshladi.
– Shu gruppani yo‘q joydan bor qilaman deguncha, ona sutim og‘zimga kelgan: u paytlarda birorta xo‘jayin yo‘q edi. Endi hamma bizga katta. Ahvoling nechuk deb so‘raydigan savobtalab yo‘q! Tomoshaning o‘zi bo‘lmaydi-ku! Juma aka yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, so‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Kiromov fursatdan foydalandi:
– Qaysi talabingiz ro‘yobga chiqmadi?
– Talabimiz shuki, bizga bilet sotish to‘g‘ri kelmaydi. Shartnoma tuzamiz. O‘sha pulni qaerdan bo‘lsa topib beramiz. Bizga mashina kerak, shtat kerak!
– Bular qo‘limdan kelmaydi, - odatdagi javobini ro‘kach qildi Kiromov va boshqa masalaga o‘tdi.

* * *

Navbatdagi tomosha tog‘ orasidagi Ohalik qishlog‘ida ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Bu yerda kelishimiz bilan diqqatimizni uning so‘lim tabiati jalb etdi. Qishloq to‘rt tomondan purviqor tog‘lar bilan qurshalgan, cho‘qqilar to‘shida qor yaltirardi.
Lash-lushlarimizni klubning bir chekkasiga joylab, tog‘ sayriga jo‘nadik. Shundaygina tepamizda osilib turgan cho‘qqi o‘ziga chorlardi bizni. Cho‘qqi etagiga yetguncha hazillashib, latifago‘ylik qilib bordik, xatto Juma polvon ham hazil-mutoyibaga moyil bo‘lib qoldi. Ammo u cho‘qqiga chiqmadi, garchand bizning ham chiqishimizga unchalik ro‘yxo‘shlik bermagan bo‘lsa-da, indamay yuqoriga chirmashdik.
Ko‘p o‘tmay Bo‘ta qiziq bilan Boli vali ham hansirab qolishdi va men bilan Iqbolga oq yo‘l tilashdi. Oldinda, Iqbol cho‘qqiga tikilganicha ilgarilar, men unga yetib olishga harakat qilardim.
Hademay u kattakon xarsang ustida tin oldi. Men uning yonidan joy oldim. Ikkalamiz ham yengilgina hansirardik, gaplashishga majolimiz yo‘q edi.
– Bu toshlar oddiy toshlar emas, - sukunatni buzdi Iqbol ostimizdagi xarsangni imlab ko‘rsatarkan. – Bular – ohak toshlar, qishloqning nomi ham “ohaklik” so‘zidan olingan bo‘lsa ajab emas.
– Buni Boli validan so‘rash kerak, - dedim uning topqirligi yodimga tushib.
– Nega?
– Axir u, vali-ku! Biladi-da!
– Hech qanaqa vali emas!
Men bunday javobni kutmagan edim: hayratlanib Iqbolga yuzlandim. U hamon o‘sha qiyofada turardi.
– Vali emas, dedingizmi? – ishonqiramay so‘radim.
– Bo‘lajak pahlavon o‘ta sinchkov bo‘lishi kerak. Ular kod bilan aniqlashadi – odamlarni aldashadi.
– Masalan?
U andak sukut saqlab turdi-yu, tushuntirishga kirishdi.
– Bo‘ta qiziq savol berganda, bir yo‘la javobini ham aytadi. Masalan, “Tak, Boli vali, bu kishi kim?” – desa, ana shu gapdagi “tak” so‘zi ayol ekanligiga ishora, shu so‘zni tashlab ketsa – erkak. Bo‘ta qiziq “xo‘sh”, deb gap boshlasa, Boli vali “yo‘q” deb javob qaytaradi. Masalan, “Xo‘sh, bu kishining boshida nima bor?”, “Hech nima yo‘q”.
– Unday bo‘lsa, buyumlar, barmoqlar sonini qanday qilib biladi? – hayratlanib savolda davom etdim.
– Savoldagi so‘zlar soniga qarab. “Bu kishi nechta barmog‘ini ko‘rsatayaptilar:” Beshta so‘zmi? Demak, beshta barmog‘ini ko‘rsatayapti.
Men juda lol qoldim. Shuncha vaqtgacha oddiy laqillatishning fahmiga yetmay yurganimni qarang-a! Balo ekan bu qiz! Yaqinda kelib, bari sir-asrorimizni bilib olibdi.
– Bo‘lmasa haqiqiy ko‘zboylagichlar qanday qilib biladi? – suhbatimiz uzilib qolmasligi uchun savolda davom etdim.
– Illyuziya. Nerv sistemasiga ta’sir qilish yo‘li bilan.
Tabiiyki, men hech narsa tushunmadim. Bir oz sukunatdan keyin yana savolda davom etdim. Iqbol javob berish o‘rniga menga yaqin surildi, ko‘zimga boqqanicha uyqu haqida gap boshladi. Chexovning “Uyqu istagi” hikoyasini napirib bergach, “uxlang, uxlang” deb nazokatli shivirlay boshladi...
– O‘tiring, - dedi u bir mahal.
Men o‘tirdim, ammo qachon o‘rnimdan turganimni eslolmadim, bu orada qandaydir sirli voqealar bo‘lib o‘tganidan shubhaga tushdim.
– Hozir o‘zingiz sezmagan holda o‘rningizdan turib, kostyumingizni yechdingiz, orqasiga oyog‘ingizni artdingiz.
–Hazilni qo‘ying, - dedim mumkin qadar bosiqlik bilan, ammo shubham ortib, kostyumimni yechdim: uning orqasida oyoq izlari bor edi.
–Siz xijolat tortmang, Umid aka, - birinchi bor nomimni tilga olib gap boshladi qiz, - hech kim ko‘rgani yo‘q.
Ko‘nglimda tug‘yon urayotgan boyagi zavq o‘rnini noxush g‘ashlik egallay boshladi, men endigina sadoqat qo‘ymoqchi bo‘lgan qiz bilan oramizda kattagina jarlik borday edi. Axir u – dono, hozirjavob bo‘lish bilan birga qandaydir g‘ayritabiiy hunarga ham ega. Menda esa na Juma polvonnikiday kuch bor va na Iqbolnikidaqa sirli sehr.
–Umid aka, siz tsirk bo‘lishiga ishonasizmi? – fikrimni bo‘ldi Iqbol.
–Ha, ishonaman, albatta ishonaman!
–Aytganingiz kelsin-da.
–Unda ko‘proq bilet sotish mumkin bo‘lardi-da, - fikrini uqmoqchi bo‘ldim uning.
–Gap unda emas, biletni hamma ham sotishi mumkin. Men bu yerga kassir bo‘lish uchun institutni tashlab kelganim yo‘q.
–Ha, ha, siz tsirk artisti bo‘lishingiz kerak. Odamni gipnoz qilolasiz, - dalda berdim.
–Gap unda ham emas. Sirk bo‘lsa zabardast gipnozchilar keladi, ulardan ko‘proq narsani o‘rganib olish mumkin bo‘ladi-da. Men bu yerda shunday artistlar bor, deb xatoga yo‘l qo‘yibman.
U ta’riflab bo‘lmas, samimiyat, nazokat bilan gapirardi: juda yaqin kishisiga ko‘ngil ochayotganday o‘kinch va nadomat bilan o‘z tuyg‘ularini izhor etardi. Bu hol bizni yana yaqinlashtirdi.
– Sirk bo‘ladi, albatta bo‘ladi, - dedim negadir komil ishonch bilan.

* * *

Ohalik qishlog‘ining klubiga odam sig‘masdi. Chollar, bolalar, jamiki to‘planganlar tomosha boshlanishini intizorlik bilan kutardilar.
Bugun kayfiyatim joyida edi: birorta tomosha ko‘rsatib, mana shu beg‘ubor tog‘ kishilari shodligiga shodlik qo‘shgim kelardi. Lekin buni polvondan so‘rashga istihola qilardim. Bir gal aytganimda juda to‘ng javob qaytargandi. “E, qo‘ysang-chi, Umid, men polvon bo‘lib qaerni obod qildimki, sen qilsang! Shu ham kasb bo‘ldi-yu?! Hozirgi zamonda kuch kerak bo‘lmay qoldi: hozir yo pul kerak, yo bilim!” – degandi. Shunday bo‘lsa-da, unga yaqinlashib, birorta nomer ijro etish niyatim borligini gapirdim.
–Masalan, - ancha ochiq chehra bilan so‘radi u.
–Masalan, taxtaga qo‘l bilan mix qoqib tish bilan sug‘urish yoki arqonni uchiga yetti kishini qo‘yib tortish.
–Yetti kishini tortaman, dedingmi? Sharmanda bo‘lib qolmaylik tag‘in. – U ishonqiramay qayishini yechdi, sahnaga chiqdik, pardaning ochilib qolgan joylarini berkitdik. Pahlavon tasmaning bir uchini qo‘liga o‘rab, osilib turgan tomonini menga cho‘zdi.
–Qani, tortting-chi!
U o‘ng qo‘lini oldinga cho‘zganicha g‘oz turardi, loaqal o‘rnidan ham jildirolmasligimga ishonchi komil edi.
Qayishning ikkinchi uchini qo‘limga o‘radim, gavdamni bir oz egib, bor kuchim bilan tortdim: polvon munkillab ketdi. Men to‘xtashim bilan hijolat bo‘lib, qayishni ikki qo‘li bilan ushladi. Vaziyatini o‘zgartirdi. Zarb bilan tortdim: raqibim yana silkinib ketdi, chekkaga borib qolganim uchun o‘zimni chapga oldim, tezligini to‘xtatolmagan pahlavon sahnadan pastga tushib ketdi. Har qalay yiqilmadi!
Ikkalamiz ham bunday bo‘lishini xayolimizga keltirmadik: naqadar noo‘ng‘ay vaziyat. Men bu odamni juda kuchli deb yuribman...
Surnay cho‘zib nola qildi, nog‘ora avjiga chiqdi. Men ikki pudlik toshlardan bir juftini sahnaga olib chiqishim bilan har yer, har yerdan tartibsiz qarsak yangradi. Ko‘p o‘tmay Juma aka o‘sha viqor va salobat bilan o‘rtaga chiqdi...
Menga gal bermagan bo‘lishsa hamki, unchalik o‘ksinmadim. Qandaydir iftixor tuyg‘usi qalbimni allalardi.
Kechqurun odatdagidek ziyofat berishdi. Araq shishalarini ko‘rib, Juma akaning chehrasi ancha yorishganday bo‘ldi. Men bu gal ichishdan o‘zimni tiydim.
–Bizning shogirdlar shunaqa: asta-sekin ayniyveradi, - to‘ng‘illadi polvon. Hademay uning kayfi oshdi: yovvoyi hislatlari yuzaga ura boshladi. Menga esa yeb qo‘yguday bo‘lib tikilar, biror bahona bilan mojaro chiqarib, to‘yib do‘pposlagisi kelayotganligi sezilib turardi. U Iqbolga ham qandaydir g‘arko‘zlik bilan nazar tashlar, bularning bari noo‘ng‘ay va hatto jirkanch edi.
Har qalay rais fotihaga qo‘l ko‘tardi.

* * *

Kuni bilan Iqbolni qo‘msadim. Kech tushishi bilan mikrorayonga – unikiga yo‘l oldim. Entikib ikkinchi qavatga ko‘tarilishim bilan ovozi qulog‘imga chalindi.
–Chiqing, chiqing deyapman, benomus!
Uning ovozi qaltirar, yig‘lamsirardi. O‘rnimda qotib qoldim. Qiya ochiq eshikdan Juma polvonning ming‘irlagan ovozi keldi: “O‘sha so‘takchalik ham bo‘lmadikmi! U bilan kayf-safo qilinadi-yu, bizga kelganda...”
– Chiqing, Chiqing deyapman! – keskinlashdi Iqbol.
Ortiq chidab turolmadim: eshikni shiddat bilan ochib, o‘zimni ichkariga urdim. Ular meni kutishmagan edi, albatta: polvonning ko‘zi qonga to‘ldi, Iqbol esa ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Juma polvon bilan intiqomli nigohlarimiz to‘qnashdi: duelga chog‘langan erkaklarday tashqariga chiqdik va hududsiz g‘azablarimizni bosib pastga tusha boshladik. Birinchi qavatga to‘rt-besh zina qolganda, yelkam va bo‘ynim aralash qattiq zarba tushdi: o‘z nafratini tiyolmagan polvon butun kuchini to‘plab musht tushirgan edi. Men uzala tushib yiqildim. Chap yuzim betonda shilinib ketdi, og‘zimda sho‘rtakkina ta’m paydo bo‘ldi.
– Xo‘sh, so‘tak! Ana shu mushtdan yana yeging bormi?! Yoki basmi, a?
Men qattiq zarba yegan, o‘rnimdan turishga majolim yo‘q: shu alfozda bir oz yotib, o‘zimni tiklab olgim kelardi. Ammo ustimga bostirib kelayotgan polvonni ko‘rib o‘rnimdan turdim. U yuzimga tarsaki tortishga ulgurdi. Ko‘zimdan o‘t chaqnaganday bo‘ldi, qorachig‘imni yosh qoplab, hech nimani ko‘rmay qoldim. Chekindim. Yengim bilan ko‘z yoshlarimni artib olgach, ko‘kragimni to‘ldirib nafas oldim. Polvonning havoga ko‘tarilgan qo‘lini kesib ushladim-u, bor kuchimni to‘plab ko‘kragiga kalla qildim. Polvon surilib ketib burchakka yiqildi, ko‘zlari katta-katta ochilib, vajohati vahimali tus oldi. Nazarimda u hozir o‘rnidan turib meni qiymalab tashlaydigan edi. Yugurib borib ikkala yelkasidan ko‘tarib turg‘izdim va yana yelkasi gardani aralash musht tushirdim. Shundan keyingina u dod soldi. Hademay odam to‘plandi. Bir rus kampir meni mushtumzo‘rlikda ayblab, polvonga yordamga shoshildi.
Kechasi bilan uxlolmadim, yuragim hamon gupillab urar, xayollarim parishon, zarb yegan badanim esa zirqirab og‘rirdi. Tuzalgach, birorta zavodga kirib ishlashni, u yerdan Iqbolni ham chiqarib olishni mo‘ljallab qo‘ydim. Zo‘r bo‘lsa, sirk tashkil etilgandan keyin kelarmiz...
Bir haftadan keyin hujjatlarimni olish uchun idoraga kelib talay yangiliklarni eshitdim. Juma polvon ketib qolibdi. Umuman ketibdi. Hozircha Iqbol bizga boshliq qilib tayinlanibdi.
Shoshib zalga kirdim. Hamkasblar berilib mashq o‘tkazishardi. Meni ko‘rib hammalari quvonishdi. Iqbol esa o‘tirib yangi dastur tuzardi. U men bilan ancha hayajonlanib ko‘rishdi va yana ishida davom etdi. Bir ozdan keyin esa muzikachilarga murojaat qildi.
– Ishni muzikadan boshlaymiz! Bizga sho‘xroq, dilkashroq kuylar kerak!
Muzikachilar e’tiroz bildirmay boshqa kuy mashq qilishga kirishishdi. Men bir oz nima qilishimni bilmay turdim-u, so‘ng mashqni davom ettirdim.

1968

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.