OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Oq kalamushlar (hikoya)

Mardikor juvonning kundaligi

Qirmizi rangli (bunaqasini birinchi bor ko‘rishim) «Nexia» haydovchisi kabinadan tushishi bilan, bu yerdagi taomilga ko‘ra, boshqalar qatori Barno ikkalamiz unga yaqinlashdik, yuzimizga tabassum surtgan bo‘ldik. Qirq yoshlar chamasidagi, bo‘ychan, ko‘rinishidan anchayin puxta, dilkash bu odam nigohi bilan bizni bir sidra paypaslab chiqdi-yu, menga qarab, eski tanishlardek yaqinlashdi.
- Mashinaga min,- dedi yarim buyruq ohangida «Nexia»si tomon imlarkan. - Senbop ish bor.
- Voy, biz ikki kishi,- dedim, Barno tomon ishora qilib.
- Bo‘bdi, ikkalang ham min,- dedi, ikkita erkak mardikor ham olib kelaman.
U erkaklar tomon ketdi; kabinaning orqa eshigini xavotirona ochishim bilan dimog‘imga dilkash atir hidi gup etib urildi; obdon dazmollangan, dog‘ tegmagan oppoq surp to‘shalgan o‘rindiqqa iymanibgina joylashdik.
- Bu olifta nima ish buyurarkan?- qiziqdi Barno. -Pulini ham kelishmadik…
- Yaxshi odamga o‘xshaydi - xafa qilmas,- dedim zohiriy umid bilan.
Mashina rulini shahar tomon burib, xo‘jayin masalaga ravshanlik kiritaboshladi.
- Sizlar bilan kelishmadik-ku, necha puldan olayabsizlar?
- Ixtiyor o‘zingizda,- dedim, saxiy odamga o‘xshaysiz. Faqat soat oltiga javob bersangiz bo‘lgani: bola-chaqa, deganday, kechki ovqat tayyorlash kerak.
- Sani oting nima?- so‘radi u kutilmaganda.
Men andak xijolat chekib, javob berdim. - Menga qara Malika,- davom etdi u,- nima qaynona-paynonang yo‘qmi? Kuni bilan ishlasang, tag‘in…
- Qaynonasi rahmatli bo‘lgan,- men uchun javob berdi Barno.
Oraga mavhum sukunat cho‘kdi. Uni tag‘in xo‘jayin buzdi:
- Ha, senga ham qiyin ekan. Ering nima ish qiladi?
Ana shu savol meni ne iztiroblarga solishini bu odam qaerdan ham bilsin? Indamadim. Sukutim uni xavotirona noo‘ng‘aylikka solganday bo‘ldi. Vaziyatdan chiqish uchun bo‘lsa kerak, gap o‘zanini boshqa tomonga burdi.
- Tabiatning yashash uchun kurash qonuni bor. “Borba za suщestvovanie”, deydi buni ruschasiga. Hammamiz o‘shangga bo‘ysunib yashaymiz.
U allamahalgacha falsafa suqqach, o‘zi haqida ham uzuq-yuluq ma’lumotlar berdi. Oti Jovli ( bunaqa nomni ham birinchi eshitishim) ekan. Aslida forishlik; otasi amaldor bo‘lgan, uning vafotidan keyin yashash uchun kurash mashaqqatlarini boshdan kechirgan emish. O‘zini bizga yaqin tutish uchun bo‘lsa kerak, bir afsonani ham hikoya qildi…
- Bir podsho ovga chiqqan ekan. Chanqab qolibdi-yu, a’yonlari bilan to‘g‘ri kelgan dehqonning hovlisiga yaqinlashibdi. Uy sohibi ehtirom ko‘rsatibdi, sarosimalik ila suv chiqaribdi. Podsho qarasa, dehqonning ahvoli juda nochor, kiyinishi yupun, o‘zi qoqsuyak… «O‘n ikkini sakkizda urmagan ekansan-da» debdi unga qarab. «Urgan edim, olampanoh, debdi dehqon, ammo o‘ttiz ikki qo‘ymadi». «Mayli, debdi javoban shoh, senga bir g‘oz yuboraman, patini yulib ol».
Qaytishda podshoh, nogahonda vaziri tomon o‘girilib, dehqon bilan bo‘lgan guftugo‘ning mazmunini so‘rab qolibdi. U yelka qisibdi. «Ertagacha bilib kelmasang, boshing ketadi!» qisqa qilibdi hukmfarmo zug‘m bilan. Vazir podshoni saroygacha kuzatib kelgach, zudlik bilan orqaga - dehqonning huzuriga qaytibdi. «Menga qara, debdi, shosha-pisha, oladiganingni ol-u, o‘sha gapning mag‘zini chaqib ber!» «Bu juda jo‘n, tushuntiribdi dehqon. Podshohi olamning: «O‘n ikkini sakkizda urmagan ekansan-da» deyishida - qishning g‘amini yozda yemabsan, degan dashnom bor. «O‘ttiz ikki qo‘ymadi», deb, tishga, aniqrog‘i, nasibaga ishora qilgandim. «G‘ozchi?», - shoshib so‘rabdi vazir. «U - siz, debdi dehqon: olganingni - ol dedingiz-ku!
- Haqiqatan ham hamma gap o‘sha o‘ttiz ikkiga borib taqaladi,- davom etdi Jovli, gapiga ruscha iboralarni aralashtirib. Sizlarning tong bilan bozorga chiqishlaring, mening mardikor izlab kelishim zamirida nafs, aniqroq qilib aytsak, manfaat bor! Butun jamiyatni harakatga soluvchi kuch, manfaatdir! «Shaxsiy manfaatini ko‘zlabdi», deb yozadi gohida bema’ni muxbirlar. Shaxsiy manfaatni ko‘zlamaslik - nodonlik! Bir donishmand: «Dunyoni xudbinlik boshqaradi», deb yozgan ekan. Turfa toifadagi arbob-u, amaldorlarga e’tibor beringlar: xalq haqiga xiyonatni gunohi azim, deb va’zxonlik qilishadi-yu, odamlar hisobidan dang‘illama imoratlar qurishadi, o‘margan pullarini chet el bankalariga qo‘yishadi. Ularning pinhoniy maqollari qulog‘imga chalingan: “Xalq dengizdir, uning haqini o‘marmagan, to‘ng‘izdir”. Shunday yashamoq kerak-ki, soat millari faqat sening foydangga aylansin! O‘zingni chestniy hisoblab, birovning oldiga dasturxon yoyolmasang, suf bunaqa halollikka!”.
Taxminan uch-to‘rt kilometrlar yo‘l bosgach, mashinamiz chap tomonga burildi va tosh to‘shalgan qing‘ir-qiyshiq ko‘cha bo‘ylab ancha yo‘l bosdik; qo‘sh darvozali, dang‘illama hovli qarshisiga kelib to‘xtadik.
Hovlini saramjon-sarishta deb bo‘lmasdi: har yer, har yerda qutilar, suv idishlari tartibsiz sochilgandi. Bizga e’tibor bermay ishlayotgan o‘smirlar, ayollardagi allaqanday g‘ayrat (32 tufayli, albatta) sezilib turardi. Ayon bo‘lishicha, Jovli deganimiz uyida mineral suv chiqaradigan korxona tashkil etgan ekan. Binolarning osti katta yerto‘la: talay kishilar shisha, «bakalashka» yuvishar, undan narida - hovlidagi artezian quduqdan rezina shlanglardan oqib kelayotgan suvni idishlarga quyishardi. Barno ikkalamiz gazlangan suv solib, og‘zi berkitilgan bir litrli plastik idishlarga yorliqlar yopishtiradigan bo‘ldik. (Unga: «Zarafshonning shifobaxsh suvi» deb yozilgan, tarkibi, muddati ko‘rsatilgandi). Tojikcha talaffuzda gapiradigan juvondan andak saboq olgach, tushgacha bir maromda ishladik. Soat o‘n ikkida hammani piyozdog‘ hidi anqib turganiga qaramay ancha shinam oshxonaga taklif etishdi; o‘zgalar qatori o‘zimizga sho‘rva suzib keldik. Jovli ham biz bilan o‘tirdi, hazil-mutoyibalar qildi, menga bot-bot sirli nazar tashlab, nimadir deyishga lab juftladi-yu, ammo, buning mavrudi bo‘lmadi. Kech soat beshda yuvinib, jomakorlarni almashtirib oldik.
- Malika, juda suluv bo‘lib ketibsan-ku,- dedi Jovli dushdan chiqqanimdan keyin, cho‘ntagidan pul chiqarar ekan,- mana bu har biringga to‘rt dollardan - bizning pulda besh ming so‘m bo‘ladi. Bir oyda yuz ellik ming, degani. Mening maoshim ellik ming so‘m. Demak, sizlar meni eskspluatatsiya qilayabsizlar. Nima bo‘lsa ham bu pullarni yashirib qo‘yinglar, sarflamanglar.
- Yashirib qo‘yardig-u, o‘ttiz ikki qo‘ymaydi-da, - hazillashgim keldi.
Jovli mazza qilib kuldi va xushfe’llik bilan so‘radi.
- O‘ninchini bitirganmisan?
- Ha, institutda laborant bo‘lib ishlardim,- negadir andak maqtangim keldi.
- Yaxshi! Ertaga ham kelinglar - ish bor. Malika sani kotibami, buxgaltermi qilib olishim mumkin. O‘ylab ko‘r. Hozircha xayr!
- Ertaga ham kelamiz-a,- dedim yo‘lga tushgach Barnoga,- buning ustiga meni doimiy ishga ham taklif etayabdi. Yaxshi odamga o‘xshaydi.
- Oq kalamushning erkagi,- dedi u javoban.
Men daf’atan hushyor tortdim, nadomat chekib, bu yerga qaytib kelmaslikka qaror qildim.
Oq kalamush haqidagi hikoyani eshitmoqchi bo‘lsangiz, andak ortga chekinishga to‘g‘ri keladi.

* * *

Kelin bo‘lib tushganimda, mulloamakim (qaynotam) veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida ishlardilar. To‘ydan keyin ko‘p o‘tmay, meni ham ishga olib ketdilar.
- Hozircha laborant bo‘lib turing, kelasi yil biofakka kirasiz, keyin…
Barno bilan ilk bor o‘sha yerda tanishganman. Zerikmasligim, noo‘ng‘aylik sezmasligim uchun bo‘lsa kerak, qaynotam tanishtirgandilar bizni. Barno qishloqdoshimiz ekanligini, uni ham mulloamakim ishga olib kelganliklarini o‘zi aytib berdi. U oq kalamushlarga qararkan. Kataklarda, quyonning bolasidek oppoq, momiq; ko‘zlari shisharang jonivorlar bir talay edilar.
- Nima qilishadi bularni?- qiziqdim.
- Barini o‘ldirishadi, fan uchun qurbon qilishadi,- dedi sovuqqina qilib, faylasufona. - Meditsinaning ramzi - ilon; veterinariyaniki − oq kalamush deyishadi bu yerda - Chunki yuz minglab oq kalamushlar ana shu fan uchun jon berishadi.
- Qanday?- davomini batafsilroq eshitgim keldi.
- Tajribalar o‘tkazishadi - bardoshlarini sinashadi: past, baland haroratga, yuqumli kasalliklar, radiatsiyaga; yangi dori-darmon, ximikatlarni avval shularga qo‘llab ko‘rishadi, keyin mollarga va hakazo. Eng yomoni, hushyor bo‘lib turmasam, bolalarini yeb qo‘yishadi, bu ochofatlar.
- Nega unday qilishadi?- surayman achinib.
- Bilmadim, ozodlikda bolalarini e’zozlashadi-yu, tutqunlikda… Ehtimol, bu zulmga qarshi isyonlari bo‘lsa.
Barno menga yoqib qoldi. Faylasufona fikrlar yuritishdan tashqari, u anchayin sho‘tqari va jur’atli edi. O‘sha kuni hech cho‘chimay, katta kalamushni tutib, qo‘shni katakka solganini ko‘rib, etim jo‘njikib ketdi. «O‘lim oldidan bir maza qilsin», deb qo‘ydi. Keyin bilsam, nar bilan modani qo‘shgan ekan. Ular avval bir-birlarini rosa hidlab ko‘rishdi, keyin erkagi urg‘ochisini yalab-yasqayboshladi. Avval o‘zini chetga olayotgan moda hademay moyil bo‘ldi va behayolar ha yo‘q, be yo‘q, shahvoniy ishlarini boshlab yuborishdi. Rosa kulgandim o‘shanda.
Barno boya ana shu holatga ishora qilganini aytib o‘tishim, ehtimol ortiqchadir.
Mulloamakim chorva mollarining irsiy kasaliklarini o‘rganish ustida tadqiqot o‘tkazardilar. Idrok etishimcha, o‘sha yili Yevropadan keltirilayotgan zotli mollarning qon siyish kasalligiga qarshi ilmiy ish boshladilar; buning uchun zotli mollarni jaydari buqalar bilar qochirish, shu tariqa immunitetini mustahkamlash buyicha tajribalar o‘tkazdilar. Ammo bu mavzuni ilmiy kengashmi, Toshkentmi tasdiqlamadi; oqibatda mahsuldorlik tushib ketishini vaj qilishdi. Shu bilan birga doktorlik dissertatsiyasi uchun boshqa mavzuni tavsiya etishdi. Mulloamakim bo‘lsa bu holdan qattiq ranjidilar. Aslida, andak tajribalar o‘tkazilgan, ammo dissertatsiya yozilmagandi. Ko‘pchilik yotig‘i bilan tushuntirishiga qaramay, u kishi buni omadsizlik deb bildilar va ruhlari tushib ketdi. Darhaqiqat, u omadsizlikkina emas, talay musibatlar, qismatlarning debochasi bo‘lib chiqdi. Veterinariya fakultetining uchinchi kursida o‘qiydigan xo‘jayinim yozda tog‘asi bilan Toshkentga bir mashina kartoshka olib ketishdi. Ammo shu ketishda, haftalar o‘tsa hamki, darak bo‘lmadi. Biz xavotirona izlashga tushdik: qavmlarimiz bozorlar, mehmonxonalarni surishtirib, biror xabar topisholmadi; militsiya ham nadomat chekishdan nariga o‘tolmadi. Shu orada bir jinoiy guruh qo‘lga tushganligi, ular yaqinda sud qilinishini o‘qib qoldik; bu qashqirlar Toshkentga yuk olib kelgan dehqonlarning mahsulotini ko‘tara xarid qilish bahonasida daryo sohiliga olib borishar va o‘ldirib, bor bisotlarini olishar ekan. Sudga mulloamakim bilan bordim. Panjara orasidagi go‘rsuxtalar arzimaydigan pul yoki yuk uchun ko‘plab begunoh odamlarning qonini to‘kishganini loqaydgina, xuddi suvarakni o‘ldirganday beparvo gapirib berishardi. Ana shular orasida Samarqanddan kelgan mashinada shoferdan tashqari keksatob kishi bilan yigitcha bo‘lganligini aytishdi, ammo ularning qiyofasini chizib berisholmadi.
- Haligilarning yoshrog‘i miltig‘imni ko‘rib, qochdi - men otdim, yiqilganini ko‘rdim, ammo o‘ligi yo tirigini topolmadik,- dedi, qorasoqol, rangi zahil yaramas. - Kartoshkani tushirib, mashinani yoqib yubordik. «Balki ular emasdir, o‘shalar bo‘lganda ham xo‘jayinim qochib ketgandir, tirikdir» degan umid hozirgacha dilimni tark etgani yo‘q.
Haligi soqolning tag‘in bir iqrori to‘planganlarni larzaga soldi.
- Surxandaryoning moshini edi - yukning egasi bir erkak bilan ayol ekan. Shef shoferni o‘ldirdi, men haligilarni otdim. Qarasak, bir bola qo‘rqib, qopning tagiga kirib ketgan ekan. Shef: «Gumdon qil», dedi. «Peshin bo‘lib qoldi, namozni o‘qib olay», desam ko‘nmadi. Bolani yotgan joyida pichoqlab tashladim.
Bu xunxo‘r nokasga dastlab so‘z berishganda: “Inshooloh, musulmonman, o‘zbekman: yolg‘on gapirmayman” deb qasam ichgan bo‘luvdi va bu bilan e’tiqod, millat sha’nini tahqirlaganini xayoliga ham keltirmagandi. Mulloamakimga so‘z berishganda, uning iqroriga urg‘u berib: «Har bir din yo millat o‘zining buyuk farzandlari bilan faxrlangani singari, noqobil bolalaridan or qilishni ham unutmasligi kerak!» dedilar.
Qo‘limda bir yarim yashar qizcham bor edi, o‘zim og‘iroyoq edim o‘shanda. Dunyoda quvonch degan narsa batamom tugaganday edi: biz kulgini yoddan chiqarib qo‘ygandik. To‘rt oydan so‘ng tug‘ilgan bolakayga Yodgor deb nom qo‘yamiz, deyishganda ko‘nmay, Umid deb atadim. Ammo qismat-u g‘ussalarning hali davomi bor ekan - yagona o‘g‘ilning musibatini qaynonam ko‘tarolmadi: qandli diabetga mubtalo bo‘lib, yil o‘tmay olamdan ko‘z yumdi. Omadsizlik bir kelsa, yog‘ilib keladi, deyishadi: institutimizda qisqartirishlar boshlandi. Dastlab ko‘plab farroshlar, laborantlar, shu jumladan, Barnoga ham javob berishdi va ikki oy davomida kalamushlarga o‘zim qaradim. So‘ng, mullaamakim ikkalamizni rasmiy qisqartirishmadi-yu, maosh bermay qo‘yishdi. Ko‘p o‘tmay, bo‘g‘zimizgacha qarzga botib qoldik. Ana shunday kunlarning birida qaynotamning qarshilarida tizzamda cho‘kalab anchagina o‘tirdim-u…

Kechirasiz, shu o‘rinda mavzudan andak chekingim keldi. Bir kuni «Oshin» teleserialini tomosha qilaturib, yoddan chiqmaydigan holatning guvohi bo‘lgandim. Tirikchilikning og‘ir aravasini tortish joniga tekkan, holdan toygan, asabiylashgan jafokash er xotini − Oshinni tepib yubordi. Sho‘rlik juvon dumalab ketdi va o‘rnidan chapdast turib, erinig qarshisiga cho‘nqaydi, ta’zim bajo keltirib, undan kechirim so‘radi. Eri ham bo‘lgan ishga nadomat bildirdi, duduqlanib uzr so‘radi, noxushlikka xotini aybdor emasligini, bariga tirikchilik - yeb to‘ymagur o‘ttiz ikki sababligini ich-ichdan his etgandi u. Bu ibratomuz holatdan oila uchun faqat kechirimli bo‘lish kerak, degan falsafani, mantiqni uqdim. «Xo‘jayinim qaytib kelsa va (mayliga) meni tepib yuborsa, xuddi ana shu tariqa ta’zim bajo keltiraman», degan ilinj o‘tdi ko‘nglimdan. Keyin ichki bir umid bilan mashq qildim. Avval o‘n daqiqa, so‘ng ko‘proq; hozir shu alpozda bir soatcha o‘tirishim mumkin. Xullas, men uchun bag‘oyat qadrdon bo‘lgan, musibatlar va jafolarga qasdma-qasd yashashni biladigan, otam o‘rnida ota deganim, dilkash, emin insonning qarshisida cho‘kkalab o‘tirdim-u, ming andisha bilan so‘radim.
- Barno bilan ishga borsam maylimi?
Gap shundaki, Barno o‘shandan beri mardikor bozorga chiqib, ro‘zg‘or tebratayotganidan xabardor edim, undan bu yumushning ayrim asrorlarini ham so‘rab olgandim. Gap tag‘in shundaki, qishlog‘imizning shundaygina biqinida – Toshkent − Termiz ko‘chasi bo‘yida («Betonka» deyishadi) katta mardikor bozori vujudga kelgandi; u ko‘pchilikni boqardi. Tog‘ yonbag‘ridagi qishloqlarni - tog‘; dengiz sohilida yashaydiganlarni - dengiz boqishiga e’tibor bergandirsiz. Birinchisi, tog‘da mol boqadi, xashak jamg‘aradi; tog‘dagi gullar, shifobaxsh giyohlarni sotib, o‘ttiz ikkini tinchlantiradi; ikkinchisi - baliq, dengiz mahsulotlarini pullab ro‘zgurzonlik qiladi. Bizning qishloqda erkak-u ayol bu bozorni yashash uchun kurash maydoni, najot qal’asi deb biladi.
- Yo‘q! - dedi u kishi keskin.
Aslida, kelini mardikor bo‘lishini tasavvur etolmas, buni hamiyati ko‘tarmas, or qilardi, qaynotam. Ammo boshqa iloj qolmagandi: qashshoqlik chilviri kekirdagimizni tobora zichroq qisayotgandi.
Biror haftadan keyin o‘zgacha ohangda gapirdim:
- Barno tok bargini chilpishga taklif etayabdi, borsam maylimi?
U kishi sukut saqladi.

Mardikor bozorga ilk bor chiqqanim ( bundan olti oycha muqaddam) sira yodimdan chiqmaydi. Mingdan ortiq ayol-u erkak bor edi bu tonggi anjumanda. Dugonamning izohiga qaraganda, qo‘shni qishloq va tumanlardan ham aynan shu yerga kelisharkan.
- Ana u oliftalar tomon yo‘lamaslik kerak, dedi u daraxt ostida uymalashib turgan, raftor-u kiyinishlari o‘zgacha ayollar tomon imlab, ular - badanpurushlar!
Bu haqda avval eshitgan bo‘lsam hamki, nafrat aralash qiziqib kuzataboshladim, ammo shu payt xaridor chiqib qoldi. Tasodifni qarangki, o‘rta yoshlardagi dehqon bizni, darhaqiqat, tok chilpisha olib ketmoqchi bo‘ldi. Savdolashib olgach, «Damas»ga minib, qo‘shni qishloq tomon jo‘nadik. O‘sha kuni fahmlaganim shu bo‘ldiki, bu amaki yaqinda fermer bo‘lgan ekan, ammo qarzga botib qolgan, shekilli, tirikchiligi o‘zimiz qatori edi: tushlikda issiq ovqat yemay, non, murabbo bilan qanoatlandik. Bir haftacha ishlab, uyga qaytayotganimizda Barnoga iltijo qildim.
- Menga biroz pul berib tursang, nima qiladi; magazinchi bilan qassobning qarzini uzib qo‘ymasam, mulloamakim ko‘chaga chiqishdan hijolat bo‘layabdilar.
U rozi bo‘ldi, amakim qilgan yaxshiliklarni esga olib, u kishini sifatlab ham qo‘ydi.

* * *

Bunaqa salobatli, shukuhli bog‘ni birinchi bor ko‘rishim. Kishi o‘zini nogahonda bokira, ulug‘vor go‘shaga kirib qolganday his qiladi, atrofdagi anvoyi gullarning xushbo‘y hidi tuyg‘ularingizni qitiqlab, ruhingizga sokinlik ato etadi. Namchil asfalt yo‘laklar sizni bog‘ning to‘rt tomoniga chorlaydi. Darvoza (yog‘ochdan o‘ymakor qilib yasalgan)dan kirgan zahotingiz arg‘uvon, eman, sanovbar va nomlari ko‘pchiligimizga noaniq bo‘lgan manzarali; nariroqda esa mevali daraxtlarga duch kelasiz. O‘rtada baland qilib qurilgan, zinalari marmar qubbali shiypon.
Bizdan tashqari ham talay kishilar ariqlarni tozalash, supurish-sidirish, suv sepish bilan band edilar; shiyponda stol bezatishardi, o‘sha tomondan dog‘lanayotgan zig‘ir yog‘ning hidi anqirdi - bularning bari anchayin nozik mehmon tashrifidan dalolat berardi.
Bizni bu yerga olib kelgan amaki ishboshilarga taqsimladi. Meni, skameyka tuzatayotgan, nimasi bilandir qaynotamga o‘xshaydigan oltmish yoshning nari-berisidagi, o‘rtabo‘y, bosiq nigohli otaxonga ro‘para qildi.
- Sizga bir kishi yetadimi?
- Yetadi,- qisqa javob berdi amaki va beixtiyor so‘radi: - Opaning kelishini O‘lmas akang biladimi?
U javoban ma’qul ishorasini qilib, bosh silkib qo‘ydi. Amakining topshirig‘i bilan archa va ko‘pchiligimiz «o‘ris qarag‘ay» deb ataydigan daraxtlarning tanasini oqlashga kirishdim. Ikkinchi daraxtni qo‘ldan chiqargan ham edimki, «Opa keldilar?» degan da’vat eshitildi: ko‘pchilik sarosimaga tushdi, ishboshilar eshik tomon ravona bo‘ldilar. Ammo amaki o‘rnidan jilmadi, uning yuzidan «qilt» etgan biror ifodani ham anglab ololmadim. Bu - g‘alati holat edi. Atrofdagilarning ta’zim-u tavozelaridan sarmast bo‘lgan mehmonga ta’rif beradigan bo‘lsam, qirq besh yoshlarning nari-berisidagi xushfe’l, xushsurat juvonni ko‘z o‘ngingizga keltirishingizga to‘g‘ri keladi. Uning to‘ladan kelgan qomati, ana shu qomatga monand tikilgan qimmatbaho liboslari; oltin, brilliant taqinchoqlari, kiborona yurishlari kishini loqayd qoldirmasdi. Juvon atrofdagilarga o‘zbekcha, tojikchalab so‘z qotar, odamlarning dilini topishga urinar, buni qoyilmaqom qilib uddalardi.
- Yo‘q, yo‘q, derdi u,- choy ichmayman - bog‘ni sog‘inganman, sizlarni sog‘inganman: avval rosa aylanishim kerak.
U odamlar qurshovida, ikki tomoniga kumushrang archa o‘tqazilgan yo‘lak bo‘ylab, allanimalarni eslaganicha, ohista-ohista, ulug‘vor, sarmast qadam tashlardi. Men o‘sha tomonga tikilib, yo‘lak boshida allaqandlay ko‘lni, unda suzib yurgan o‘rdaklarni ko‘rdim.
- Eh, qarmoq olib kelmabman, qarmoq,- dedi mehmon boladay hayqirib.
- Qarmoq bor, oytimullo,- dedi kimdir hozirjavoblik bilan.
- Ishlaringdan qolmanglar, boringlar - men yolg‘iz sayr qilishni yaxshi ko‘raman,- dedi u injiq erkalanish bilan. Ammo hech kim uni tark etmadi. Chunki opa bu gapni shanchaki iltifot uchun aytganini his qilish qiyin emasdi.
Bu yerdagilar o‘z rollarini anchayin uddalab bajarayotgan aktyorlarga o‘xshab ketardi. O‘girilib, amakiga qaradim va uning yuzida zohiriy iztirob, bu holatga qarshi qahrga o‘xshash ifodani tuyganday bo‘ldim. Noxush xotiralar dilini o‘rtadimi, chuchmalliklarga tobi yo‘q ekanmi - bir nimarsa deyish mushkul edi.
Biz ishimizda davom etaverdik. Biror soatlar chamasi vaqt o‘tgan ediki, mehmon bizning yo‘lakda paydo bo‘ldi. U yonidagi bir ayol, bir erkak labbaygo‘yga gap uqdirardi. -
-…butun bir rayonda xalq dam oladigan joy bo‘lmasa-ya. Katta sessiyaga chiqib aytdim - pul ajratishdi - atrofini panjara qildik. Mana shu shiyponni Moskva orqali hal qilganman. U paytlarda asfaltni kattaning o‘zi taqsimlardi. Bog‘ning darvozasi ham yo‘q edi…
Buni eshitib, mulloamakimning bot- bot takrorlab turadigan gaplari yodimga tushdi: «Har bir amaldor o‘zini dunyodagi eng xalqparvar, adolatpesha, halol rahbar deb hisoblaydi». Hademay ular bizga yaqinlashib qolishdi. Opa nogahonda amakini ko‘rdi-yu, beg‘am va mamnun qiyofasi, ravon monologida zohiriy o‘zgarish sodir bo‘ldi.
- Yaxshimisiz, sog‘-salomat yuribsizmi, dugonam yaxshimi,- shosha-pisha holpurslik qildi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha.
Uning andak sarosimalanib gapirishidan sezilar-sezilmas hijolat, nadomat va tag‘in allaqanday nomukamallikni uqib olish qiyin emasdi.
- Xotinim o‘ldi,- dedi amaki javoban sovuqqina qilib,- olti oylar bo‘lib qoldi…
Bu to‘mtoq javobdan opa battar noo‘ng‘aylikka tushdi va vaziyatdan chiqish uchun shosha-pisha, to‘xtovsiz gapiraketdi.
- Voy-bo‘y, eshitgan bo‘lsam, harna bo‘lay! Bularning birortasi menga aytmabdi. ( U yonidagilarga yovqarash qilib oldi). Eshitgandirsiz, mening ham boshimga ko‘p tashvishlar tushdi: ishdan nohaq olishdi, avariyaga uchradim - qovurg‘am sindi…Shu joy, shu odamlarni deb…
- Yo‘q, odamlarni qo‘ying,- mehmonning gapini bo‘lib va qahrini imkon qadar jilovlab, sokinlik bilan gapiraboshladi amaki. - Insonning qadri chumolidan farq qilmasdi: ezg‘ilab ketaverish mumkin, deb hisoblashardi. Amal kursisi ne-ne pokiza odamlarni buzmadi. Shu bog‘ni oling. Uning atrofini panjara qildirguningizcha, odamlar kirishar, meva-chevaga og‘zi tegardi. Keyin amaldorlardan o‘zganing yo‘li to‘sildi. Ular kechqurunlari mast-alast bo‘lib qiyqirganda, nihollar, gullarni oyog‘osti qilishmadimi, degan xavotir bilan panjara ortidan kuzatardim. «Bu bog‘ni men tashkil qildim» demang - yaxshi emas. Ana shu joylar daraxtzor qilinganda, siz maktabda o‘qirdingiz; dadangiz somsapurushlik qilardi u vaqtlarda. Oyog‘ingiz ostida katta jarlik bor edi, ko‘lning suvi shu yerlargacha kelardi. Buldozer, traktorlar topib tekislatdim. Siz panjara o‘rnatgan joylardagi o‘riklarni O‘ratepadan olib kelgan edim - uning turshagi bozorning oldi bo‘lardi. Bari nes bo‘ldi. Olmalarimiz, harqalay kesilmay qoldi. Sebi safed degan bu nav boshqa joyda yo‘q. Shiyponning o‘rnida dilafro‘z degan nok bo‘lardi - har biri handalakday kelardi, qurt yemasdi uni; niholini toshkentlik bog‘bon jo‘ram topib bergandi. Uni ham kesishdi, ammo, shukurki, payvand olishga ulgurib qoldim. «Bog‘ raykomning dachasi bo‘larmish» degan shov-shuv chiqqanda, huzuringizga kirganim, haytovur yodingizdadir. Qabul kuningiz edi: o‘ng yoningizda prokuror, chap tomoningizda militsiya boshlig‘i o‘tirardi. Yopiray: Buxoro amiri ham o‘zini bunday kibrli tutmagandir. Odamlar bilan shu tariqa gaplashish mumkin emas-ku! Men bog‘dan so‘z ochishim bilan: «U siznikimas - kolxozniki», dedingiz. G‘alati zamon edi-da: bog‘ni barpo qilib, kolxoz hisobiga o‘tkazishga majbur bo‘lgandim, u tuzumda xususiy bog‘li bo‘lish jinoyat edi. Ammo rais diyonatli ekan: o‘zimni bog‘bon qilib qo‘ygandi. Sizdan ham faqat shuni iltimos qildim: boqqa bog‘bonmi, qorovulmi qilib tayinlang, u xoku turob bo‘lmasin, demoqchi bo‘ldim. Quloq solgingiz ham kelmadi-ya! Bu quvlik, qaysarlikning sababini hozirgacha tushunolmay halakman. Qabulingizga kirganimga nadomatlar chekaman. Rahmatli xotinim, siz bilan bir sinfda o‘qiganini pesh qilib, xuzuringizga kirmoqchi bo‘lganda - qo‘ymadim. Qorovul meni ichkari kiritmaydigan bo‘ldi; panjara ortidan yurib, o‘zim o‘tqazgan daraxtlarni kuzatardim, sanardim; nihollarning birorta shoxi singanini ko‘rsam, iztirob chekardim. Eh, nimasini aytasiz?!
Oraga sukunat cho‘kdi, Opa bunday achchiq dashnomlarni kutmaganligi, yonidagilardan hijolat chekayotganligi va allanimalar deb raddiya bildirgisi kelayotgani sezilib turardi. Uni kuzatib yurgan sipo amaki jim o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
- Opamiz qilgan xizmatlarini tan olmaslik - adolatsizlik…
- Ha, opangiz dastlab odamlarni o‘ylab, anchayin tuzuk ishlar qildi,- uning so‘zini ilib ketdi amaki,- ammo yonida nobop labbaygo‘ylar ko‘paydi. Bu kishi biror yerga borsa yoki shu boqqa kelsa, atrofida o‘nlab erkaklar kuzatib yurishardi. Ular turfa toifadagi amaldorlar edi. Opangiz ertalab ishga kelganda, ular kutib olishar, kechqurun kuzatib qo‘yishardi. Orqavorotdan esa Yekaterina deb mazax qilishardi. Opangiz ham ularga: «Ishlaringdan qolmanglar» demasdi, balki bora-bora dumini likillatib turmagan amaldorning kavushini to‘g‘rilab qo‘yadigan odat chiqardi. Vijdonli raislar birin-ketin infarkt bo‘lib o‘la boshladilar. Nachora, odam bolasiga sig‘inish yoki o‘zini sig‘inayotgan qilib ko‘rsatish qonimizda bor. Bu orada mustaqillik e’lon qilindi; opa hokim bo‘ldi. Xususiylashtirish boshlanganda, ekin maydonlari, binolar tap tortmay pullandi…
- Asosingiz yo‘q! Birinchi bor jiddiy e’tiroz bildirdi mehmon, ovozini andak ko‘tarib.
- Asosim bor, - dedi amaki ham, o‘sha vazminlik bilan, uning yuziga tik boqib,- mana shu bog‘ni O‘lmas boyvachchaga qanchaga pullaganingizni aniq bilaman! Lekin O‘lmas boyvachcha uzoqni ko‘radigan kishi ekan - ertasigayoq meni topib: «Endi bog‘ning xo‘jayini o‘zingiz», dedi; sizning nahang bo‘lib ketganingizni ham qo‘shib qo‘ydi. Odamlarni bunchalik nodon deb o‘ylamaslik kerak - ular kimga qaysi imorat yoki yerni qanchaga sotganingizni baralla gapirib yurishardi, axir, el og‘ziga elak tutib bo‘larkanmi?! Hatto, yuqori tashkilotlarga qancha pora berganingizni ham bilishardi. Televizorda kambag‘allarga yordam ko‘rsatayotganingizni, nogironlarga aravachalar ulashayotganingizni ko‘rsatishardi. Pinhona olgan pullarning arzimas ulushini shu tariqa sarflab, o‘zingizni saxovatpesha qilib ko‘rsatishingiz haqida latifalar to‘qishardi. Boshliq haqida latifa tarqaldimi - bilingki, bir gap bor! Shunchalik ham munofiqlik qilish mumkinmi, axir?! Bu gaplarni kek saqlab yurgani uchun aytayabdi, deb o‘ylamang, Xudo haqi, achinganimdan gapirayotganimni tushuning! O‘z vaqtida, ixtiyoringiz bilan ketganingizda, sharmandalarcha haydashmasdi, badnom bo‘lmasdingiz, deb o‘ylab qolaman gohida. Xuddi qizimday yaxshi ko‘rardim sizni…
- Shunaqa zamon edi,- dedi ayol anchagina yumshab.
Bu bilan barcha illatni zamonga yuklamoqchi bo‘ldimi, gap o‘zanini boshqa tomonga burish niyatidamidi - anglash qiyin edi.
- Ha, sarkotiblik davringizda idorangiz peshtoqiga: «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» degan shior bo‘lardi; faqat idorangizdamas, hushyorxona, qamoqxona devoriga ham shunday deb yozishardi. Aslida esa hamma narsa amaldorlar uchun, ularning ravnaqi uchun edi. Ammo, bor illatni zamonga to‘nkab, suvdan quruq chiqishga urinishimiz ham insofdan emas! O‘z-o‘zimizni tanqid qilish, yengishni o‘rganmas ekanmiz, xatolarimizdan saboq chiqarmas ekanmiz, hech nimarsaga erisholmaymiz! Qaysarligimiz, xudbinligimiz esa bizni oxir-oqibat xarob qiladi.
Oraga qisqa, ammo dilni o‘rtantiruvchi sukunat cho‘kdi.
- Endi boring: shiyponda sizni kutib qolishdi, xayr,- dedi amaki bu gal allaqanday dilkashlik, mehribonlik bilan va ishida davom etdi.
Muhtaram mehmonning ruhi tushib ketgandi, u dastlab allanima demoqchi bo‘ldi-yu, noxush uchrashuvdan, malomatlardan qutilganidan quvonib, yo‘lida davom etdi. Men zimdan amakiga razm soldim: zilday og‘ir yukni yelkasidan tushirib, halovat topgan kishining mamnun, xushfe’l qiyofasini yodga solardi u. Negadir bu odamga mehrim oshib ketdi.
Opa shiyponda ko‘p o‘tirmadi, nimadir ko‘ngliga sig‘madi shekilli, jo‘nashga shaylanib qoldi. U odamlar bilan xayrlashayotganda, amaki menga murojaat qilib qoldi.
- Qizim, oting nima sening?
Nomimni aytdim
- Rahmatli ayolimning ham nomi Malika edi,- dedi u eminlik bilan va iltimos qildi: - Men bir dasta gul terib beray - opaning qo‘liga eltib ber - dilini og‘ritib qo‘ydim chamasi. Otasi yaxshi odam edi…
Roziligimni ham olmay, bog‘ oralab ketdi va zum o‘tmay bir dasta gul quchoqlab chiqdi. Guldastaning chekkalarida atirgullar, o‘rtada maydabargli rayhon, yovvoyi chuchmomolar bor edi; u tut novdasining po‘stlog‘i bilan shosha-pisha bog‘langandi. Men ustki jomakorimni yechib, darvoza tomon yugurdim. Mehmon allaqachon mashinaning orqa o‘rindig‘iga botib o‘tirgandi. Andak salobat bosishiga qaramay, odamlar qurshovidan hijolat bo‘lib o‘tdim-u, opaga ro‘para bo‘ldim.
- Buni amaki berib yubordilar,- dedim bog‘ tomon imlab.
Uning yuzi avval andak tundlashdi, so‘ng mamnun jilmayib qo‘ydi, xushro‘y chehrasi dilimda iliqlik paydo qildi.
Qaytishda bo‘lib o‘tgan voqeani Barnoga gapirib berayotganimda, u so‘zimni kesdi.
- O‘sha ayol bizning yonimizdan ham o‘tib ketdi - yoshligida juda suluv bo‘lganga o‘xshaydi. Ikkita erga tekkan, deyishdi. Obruyi baland: kambag‘allardan yordamini ayamaskan, bu yerda katta bozor qurdirgan ekan. Hozir ham o‘zining restoranlari, issiqxonalari bor emish.
- Nega odamlar buncha laganbardorlik qilishadi unga?- so‘radim.
- Bular - avvallari ikki bukilib yurgan toifalar. Bugun sobiq amaldordan ilkis yuz o‘girishsa, munofiqliklari bilinib qoladi,- dedi u.
Uning fikriga e’tiroz bildirmay opaning bog‘bon amaki bilan bo‘lgan muloqoti haqida batafsilroq hikoya qildim.
- Hayotda halol, fidoyi odamlar ko‘p,-dedi u,- Jovli degan bor edi-ku - uchiga chiqqan egoist - dunyoni xudbinlik boshqaradi, degandi. Olib kelib ko‘rsatish kerak! Aslida dunyo shunaqa odamlardan qarzdor.
- Yoki mening mulloamakimni olaylik - borgunimcha ovqatimni tayyorlab qo‘yadilar, bolalarimni bog‘chadan olib keladilar. Xo‘sh, qanaqa xudbinlik yoki shaxsiy manfaat bor bunda?
Mabodo Jovlini ko‘rib qolsak, savolimizga javob so‘rashga kelishib qo‘ydik.

* * *

Jovlini biror oylardan keyin ko‘rdim.
Bu orada bir necha kun shaharga borib, boylarning gilamlarini yuvdik, orada talabgor bo‘lmay, uyda to‘planib qolgan yumushlarni sarishtaladim. O‘g‘lini it qopgani sabab, Barno bir hafta ishga chiqmadi - boshqa ayollar bilan pomidor terdik.
Bugun ertaroq kelib, odatdagi joyda turganimizda, allaqanday tanish ovoz:
- Mening Malikam shu yerda ekan,- dedi.
Seskanib tushdim va o‘girilib, Jovlini ko‘rdim.
- Sen juda suluvsan,- dedi u pastroq ovozda shipshib, ammo ana shu go‘zalligingni mardikor bozorida xor qilayotganingni tushunmayman. Har gal yodimga kimni solishingni bilsang edi! Eh, afsus! Sening joying…
Uning nogahoniy noxush muomalasi - fikri buzuqlik, qarashlari - g‘arko‘zlik bo‘lib tuyuldi, xushomadiga quloq solmay, daraxt ostidagi olifta ayollar tomon imladim:
- Siz aytganlar, huv ana u yerda!
Bu javobim unga borib turgan betgachoparlik, andishasizlik bo‘lib tuyuldi, shekilli, qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi.
- Menga qara,-dedi, qahrini arang jilovlab,- qadimgi Rim xonzodalari erkak qullar oldida yalang‘och bo‘lib cho‘milishgan, chunki ularni odam o‘rnida ko‘rishmagan. Ammo men bichilgan qul emasman! Ne-ne nozaninlarni qo‘lga kiritib yurgan Jovliman! Men notavon seni bir bevafoga o‘xshatgandim, xolos.
Noxush mashmashadan xavotirlanib, nari ketdim. U bir nechta ayolni, shu jumladan, Barnoni ham «Nexia»siga mindirib ketdi. Shunday vaziyatda meni yolg‘iz qoldirib jo‘nagani uchun Barnodan andak o‘kinib qoldim. Ammo ertasi u o‘zimni aybladi.
- Hozir lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini oladigan zamon - borish kerak edi. Ham mavrudini topib, haligi gapni aytardik. Bunday odamlarning hazilidan jahlga minmaslik kerak.
- Oq kalamushning erkagini yodimga tushirdi.
U avval kuldi, keyin jiddiylashdi.
- Azizim, Malika! Oq kalamushdan farqimiz qoldimi? Qadrimga yig‘layman, deydi-ku - o‘sha kalamushlarni issiq, toza joyda boqardik, ozuqa, suvidan xabardor bo‘lib turardik. Bizga kim g‘amxo‘rlik qiladi? Qishi bilan uyimizda na gaz bo‘ldi va na svet. Bultur ko‘mir olishga pulimiz yetmadi, o‘tinimiz bir oyda tugadi. O‘g‘limni shahardagi kollejga quyganimdan xabaring bor - borib-kelishi, ovqatiga har kuni bir yarim ming so‘m beraman. Bu ham yetmaganday, paxta terimiga olib chiqishganda, it qopib olibdi. Ko‘rgani borsam, huvillab yotgan katta zalda bir o‘zi yotibdi - xo‘rligim kelib ketdi. Oyoq shishib ketgan. Go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgurlar kasalxonaga jo‘natmaydimi?! Uying kuygur duxtur ko‘rib: «O‘tib ketadi», debdi. Ne azobda olib kelib, duxturxonaga yotqizdim. «Avval o‘sha itni topib kelasiz - u quturgan bo‘lishi mumkin». deyishdi. Qaerdan topaman - qishloqlarda egasiz itdan ko‘pi bormi?! «Unday bo‘lsa, bolaning kindigidan ukol qilishga to‘g‘ri keladi», deyishdi. Bariga ko‘ndim. Jonimni ham hamyonimni ham shilishdi bu go‘rso‘xtalar. Lekin hozirgacha vahima bilan yuribman - mabodo it quturgan bo‘lsa, bolamdan ajralib qolmayin, deb. Oq kalamushlar, deysan. Tabiat bilan jamiyat ham bizning bardoshimiz ustida tajriba o‘tkazayotganday xayolimda.
Xullas, o‘sha kuni Barno Jovli bilan ketganda, talabkor kutib turgan edim, mardikor bozorni militsiya bosdi. Ular barimizdan ko‘chaning narigi tomoniga ( Qo‘shni tumani hududiga) o‘tib turishimizni talab qilishdi. Ayon bo‘lishicha, o‘tgan hafta tevideniedan muxbir kelib, bir nechta ayollardan intervyu olgan ekan. Tabiiyki, ular bir burda non uchun mardikorlik qilishga majbur bo‘lishayotganini aytishgan. Ammo o‘pka muxbir batamom boshqa gaplarni aljirabdi. «Bularning mardikorlik qilishi o‘zbek ayoli degan nomga dog‘», debdi. Bu muxbir deganining bo‘lar-bo‘lmasga millatni tiqishtirishining sabab, mohiyatini hozirgacha tushunolmayman. Yaxshi ish, tuzuk maosh bo‘lsa, tabiiyki, o‘zim ham voz kechardim kasbi-korimdan. Yaramas bu bilan qanoatlanmay tumanimiz hokimiyatini ham rosa tanqid qilgan, deyishadi. Eng yomoni, qurg‘ur militsioner mashina bilan kelgan xaridorlarning hujjatlarini tekshirib, ishkal izlashga kirishdi, bu yerda to‘xtash man etilganini vaj qildi. Shuning uchun mardikorlarning aksariyati uyiga qaytib ketaboshladi. Tushga yaqin biz ham qishloq tomon jo‘nayotganimizda, bir «Nexia» shiddat bilan keldi-yu, yo‘limizga ko‘ndalang bo‘lib to‘xtadi. Cho‘chib ketdik. Undan to‘ladan kelgan oltmish yoshlarni qoralab qolgan amaki tushdi. Kiyinishlari, o‘zini tutishlari ancha sipo va shu bilan birga chapaniroqqa o‘xshardi u.
- To‘yga xizmat qilasizlarmi,- so‘radi ha yo‘q, be yo‘q va javobimizni ham kutmay mashinaning orqa eshigini ochdi. Biz uchun bu hol ayni muddao edi, shuning uchun savdolashmayoq kabinaga tiqildik.
To‘yxonaga kirishimiz bilan dimog‘ingizga gup etib, kabobning ishtahani qitiqlovchi hidi urildi. Hovli hashamatli, buning ustiga fayzli qilib bezatilgan; to‘kinlik va fayzbaxsh arafaning o‘zi ruhiyatingizni allalaydi. To‘y hali boshlanmagandi. Bizni yoshimiz, o‘zimizni tutishimiz (ehtimol chiroyimizga ham) qarab, turli yumushlarga taqsimlashdi. Bir qiz bilan menga oppoq xalat tutqazib, ofitsiantlik qilishimizni uqdirishdi, anchayin yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishgan, tirjayib turishimizni tayinlagan bo‘lishdi; qolganlarga qozon-tovoq yuvish, supurib-sidirish deganday yumushlar buyurildi. Tag‘in anglaganim shu bo‘ldiki, nabira to‘y berayotgan amaki allaqanday lavozimda ishlab, nafaqaga chiqqan, bundan bir necha muddat muqaddam qishlog‘iga ko‘chib kelgan ekan. Ammo mahalla bilan kirdi-chiqdisi dildagiday bo‘lmaganmi yoki mahalla oqsoqoli bilan oralaridan qora mushuk o‘tganmi, haytovur, xizmatga bizni olib kelgan ko‘rinadi.
- Ko‘r bo‘ladi bular,- bir ayolning ( keyin bilsam, xotini ekan) nadomatli ovozi qulog‘imga chalindi,- ozmuncha yaxshiliklar qilgansizmi?!
- Mayli, damlangan osh qozonda qolmaydi,- dedi eri javoban, anchayin xotirjam.
Hademay mehmonlar gurras-gurras bo‘lib kela boshladilar. Shunga monand xizmatkorlar ham ko‘paydi - turfa qavmlar-u jiyanlar deganday. Xizmat qilayotgan qo‘shiqchining respublikada xizmat ko‘rsatgan artistligini mikrofonda ta’kidlab o‘tishdi. Biz ikkalamiz ham, boshqalardek, dasturxon ustini ziyraklik bilan kuzatib, zarur ne’matni muhayyo qilardik, mehmonlarga imkon qadar tavoze ko‘rsatardik, bu holdan o‘zimiz ham shirin bir xushbaxtlik tuygandek bo‘lardik.
To‘y yakunlanay, deb qolganda, xizmakor-u bakovullar orasida «keldi-keldi» degan zohiriy shov-shuv boshlandi. Bilsam, mahalla oqsoqoli bir necha ayonlari bilan tashrif buyurgan ekan. Bu odamga ta’rif beradigan bo‘lsak, cho‘qqi soqoli, do‘ppisi o‘ziga yarashib tushgan, xudojo‘y, keksatob amaki ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim bo‘ladi. Uning bo‘lar-bo‘lmasga kechirim so‘rab turishi, sertavozeligini ko‘rib, tabiatning o‘zi uni mahalla oqsoqoli qilib yaratgan degan fikrga keladi kishi. Yo‘q, mukammal demoqchi emasman, aslida unda yo allanima yetishmas, yoki ortiqchaday bo‘lib tuyular, buni anglab olish qiyin edi.
To‘y egasining topshirig‘i bilan chekkaroqda alohida stol bezatishdi va unga oqsoqol ikkovlari joy olib, duoga qo‘l ochishdi.
Patnisda ularga eng avvalo, bug‘i chiqib turgan noni osiyo va choy keltirganimda, tuychi amaki, birayo‘la menga va suhbatdoshiga murojaat qilib qoldi.
- Chet elda bo‘lganimda, negr ofitsiant stol boshida qaqqayib turaverdi. Noo‘ng‘ay bo‘lib, «O‘tir biz bilan» desam, «Mumkin emas» deydi. «Bo‘lmasa, borib nariroq tur» desam, «Bunisi ham mumkinmas,» deydi. Lekin sen qizim, uzoq ketma - atrofimizda tur!- dedi shahodat barmog‘ini silkib.
- Kechirasiz, kechikdik,- ikkinchi bor takrorladi oqsoqol,- gazning pulini terish bilan ovoramiz.
- Gazning o‘zi yo‘q-u, nimasiga pul olasizlar? Mana, mening o‘zim haqini to‘lab qo‘yganman-u, qishi bilan o‘tin yoqdik. Nazarimda yuqoridagilar uchun shunisi o‘ng‘ay: to‘lovni bahona qilib, chet elga istagancha gaz sotish mumkin bo‘ladi. Vijdonlari qilt etmaydi-ya! Matbuotga ishonib yashaydigan xalq taqdirga tan beradi; gap shu ekan, deb o‘zini, hamqishloqlarini ayblab yuraveradi.
- Bizning davrimizda…
- Qo‘ying, maqtamang, bizning zamonni,- negadir uning so‘zini kesdi to‘y egasi,- to‘g‘ri, u davr ko‘zimizga olovdek bo‘lib ko‘rinadi - chunki yoshlik, jo‘shqinlik davrimiz edi; sho‘rolar davrining amaldori edik; boshliq deganning esa etagi hamisha gunohga botib turadi. Nolishimiz noo‘rindir, ammo maqtamaydigan ekan. Oltmish yil yashab, idrok etganim shu bo‘ldiki, onang seni taraqqiyotning qay pallasida tug‘ishi baxting yo qismating bo‘larkan. Biz bilan siz ikki jamiyat va ikki asrning guvohi bo‘lib turibmiz.
Suhbatdoshi bu gapning mazmunini ilg‘amagani uchun bo‘lsa kerak, to‘ychi amaki tushuntirdi. – Sotsializmni ko‘rdik, endi o‘zimiz nuqul inkor etib kelgan kapitalizmdamiz. Yigirmanchi asrda yashadik, mana, yigirma birinchisiga ham oyoq qo‘ydik. Taxminimcha, qirq-ellik yildan keyin dunyoga keladiganlar juda baxtli bo‘lishadi.
- Men ham bunga ishonaman; ammo, kechirasiz-u, o‘sha baxtiyorlik poydevorini yaratganlardan biri biz emasmi, axir. Ungacha Xudo, ilohim bizni urushlar, ofatlardan saqlasin, deng!
- Inqiloblardan ham… Har qanday urush, inqilob xalqning birovgamas, o‘z-o‘ziga qarshi ma’nisiz kurashi ekan, degan xulosaga kelganman. Ammo odamlar urush, inqilobni qoralab turib, tag‘in qo‘llariga qurol olishlari tushunib bo‘lmaydigan mavhumot. Nazarimda biz idrok etmagan bir kuch, qudrat bor-u, barimizni o‘sha boshqaradiganday - tarix qo‘lidagi qug‘irchoqdaymiz.
- Siz aytgan o‘sha kuch - Yaratganning o‘zida!
- Men ham Xudoga ishonaman, ammo sizga o‘xshab emas!
Bu gap oqsoqolning diliga o‘tirishmaganini uning qovog‘i bilinar-bilinmas solinganidan fahmlash qiyin emasdi. U anchayin qizishib gapga kirishib ketdi: bu dunyoda har bir kishi qilmishiga yarasha taqdirlanishi, izlaganini topishidan boshladi. Xuddi shu orada men o‘z vazifam bilan andarmon bo‘lib, uning ibratomuz gaplarini anglolmay qoldim. Sochiq olib kelganimda, u davom etardi:
- …qaerdadir o‘qigan edim: «Yoshlikda ekstremist, keksalikda kompromis bo‘lish normal hol» deb. To‘g‘ri, bizning o‘zbeklarda iste’dodli kishi qusursiz bo‘lmaydi, ammo ba’zilarning yillar o‘tib, peshonasi devorga tegaverib ham qaysar bo‘lib qolishining sababini bilolmayman. Sen o‘z halqingni, xalqing seni tushunmay yashashi g‘alati emasmi?! Kechirasiz-u, ko‘ngildagi bo‘shlikka shayton kirishi shudir balki?!
- Muddaoyingizni tushunaman,- o‘ziga ishongan holda, ovozini andak ko‘tarib davom etdi xo‘jayin. - Mana siz sarkotib edingiz, Mustaqillik e’lon qilingandan keyin hoji bo‘ldingiz; shlyapani yechib qo‘yib, salla o‘radingiz; besh vaqt namozingiz kanda emas; odamlarni machitga da’vat etasiz, menga o‘xshaganlarni orqavorotdan xudobexabarlikda ayblaysiz. Ammo dinni yagona najot yo‘li deb biladiganlarni o‘sha Sho‘rolar davridagiday hozir ham johillikda ayblayman. «Men ham xudoga ishonaman, ammo sizga o‘xshab emas» dedim-ku. Bir zamonlar mutaassiblar ibn Sinoni kofirlikka ayblaganida: « Agar men ham kofir bo‘lsam, dunyoda musulmonning o‘zi yo‘q ekan», degan edi. Madomiki, ming yil davomida yangi g‘oyalar izlamagan ekanmiz, hali beri biror nimarsaga erishishimiz mushkul. Ma’naviy mayibliklarimizning boisi tsivilizatsiya degan xayolda shahardan qishloqqa qochdim. «Faqat yaqin kishisi dafn etilgan joygina kishini o‘ziga bog‘laydi», deb o‘qigan edim. Bu yerda ota-onam yotibdi - qishloqda qolaman; qo‘y, asalari boqaman, hovlimda nihollar o‘tqazaman, ularni parvarish qilaman, bo‘sh vaqtlarimda choyxonaga chiqaman, degan xalovatbaxsh umidlar bilan ko‘chib keldim. Ammo qo‘y, asalari boqish mening ishim emasligini tez tushundim. Choyxonada gaz, elektr tanqisligi, chet elga mardikorlikka ketganlarning g‘amidan boshqa gap yo‘q. Hozir uylab ko‘rsam, shaharda, harholda radikal fikrlar, g‘oyadoshlar bor ekan. Inson uchun eng muhimi shu emasmi?! Zim-ziyo tunda eng yaxshi yo‘l boshlovchi - ko‘zi ojiz kishilar bo‘ladi. Ular qorong‘ulikda yo‘l ko‘rsatishni kiftini keltirishadi, ammo yorug‘likka chiqqandan keyin ko‘rlarning ortidan ergashib yurganlarga hayron qolaman.
- Dunyoni katta otxona deyishadi,- davom etdi oqsoqol,- uni har qancha tozalasang ham, tezak topiladi. Kechirasiz-u, ammo unda faqat tezakni ko‘rganlarga qoyil emasman. Mana shu yangi hokimimizni oling: shaxsan o‘zi mahalla yig‘ilishlariga ishtirok etadi, xokisor; obodonchiliklarni qarang…
- Shu hokimingiz suvga cho‘kayotganini ko‘rsam, qo‘limni cho‘zmasdim! Mayli cho‘kaver, deyardim. Obodonchilik deysiz… Samarqanddek shahri azimda, uning atroflarida tuzukroq ko‘cha yo‘q. Uyga kiradigan yo‘l dabdala bo‘lgandan keyin ichkarining obodonligiga ishonish mumkinmi?! Bu odam mahalla yig‘ilishlariga ishtirok etishga uyalishi, or qilishi kerak! Mayli, gaz, elektr, ishsizlik balosi haqida gapirmay qo‘yaqolay! «Demokratiya yaxshi-yu, ammo demokratlar chatoq» dedi, qaysi kuni televizorga chiqib. Mana uning cho‘ltoq saviyasi; daqqoq, meshchan falsafasi…
Oqsoqol vaziyatga qarab, avval andak past keldi, ammo o‘z qarashlarini yotig‘i bilan uqtirmoqchi bo‘ldi. Suhbatdoshi qaysarlik va bilimdonlik bilan tag‘in uni rad etdi. Ziddiyat jiddiyatga aylanib ketmasin, deyishli shekilli, bakovul stolga osh qo‘yishimni buyurdi. Shu bilan suhbat mavzusi o‘zgarib ketdi.
Dasturxonlar yig‘ishtirilib, qozon-tovoqlar yuvilgandan keyin biz ham uyimizga jo‘nadik.

* * *

- Uning nomi Leylo edi, otasi bilan, ko‘pincha ruscha, onasi bilan esa ozarbayjoncha gaplashardi. Dunyoda har bir millat o‘z qizlarini eng suluv, eng nozanin deb biladi. To‘g‘ri, matbuotda yapon, Pomir qizlarini maqtashadi, ammo bu borada har kimning o‘z qarashi bor. Albatta, o‘zbek qizlarini ulug‘lasam, vatanparvarlik qilgan bo‘lur edim, ammo shunga qaramay, ozarbayjon qizlariga teng keladigani yo‘q, deb hisoblaganman o‘shanda. Nazarimda, ularning qoni buzilmagan; milliy g‘urur, diniy e’tiqod bunga monelik qilgan. E’tibor ber: ularning sochlari, qoshlari qop-qora, bo‘liq; yuzlari esa shirmoyday oppoq bo‘ladi. Ko‘zlari shahlo, gavdalari nozik. Shunaqa edi mening Leylom. Seni birinchi bor ko‘rganda, ilk muhabbatim bilan yuzma-yuz bo‘lganday hayajonlanib ketdim, dilimda yoshlikdagi tuyg‘ularim jo‘sh urdi. Suluv chehrang, qop-qora qoshlaring, pokiza lablaring butun borlig‘ing o‘sha g‘ururli g‘o‘rligimni eslatdi menga…
Shu o‘rinda andak orqaga chekinib, masalaga jilla oydinlik kiritmasam, chalg‘ib qoladiganga o‘xshaysiz. Mardikor bozorida ish mavsumi, degan omil bor. Bahor, kuz yoki yozning ayrim haftalarida ish kuchiga talab oshib, narxlar ko‘tariladi. Bunday paytda mardikor ko‘payadi. Lekin oraliklarda «o‘lik mavsumlar»lar ham bo‘ladiki, talabkor kutish jonga tegib ketadi. Shunday kunlardan birida Barno Jovlining ishxonasiga borishni taklif qilib qoldi, «Qachon kelsalaring, ish topiladi», degan va’dasini yodga oldi.
Jovli, darhaqat, bizni ko‘rib quvondi, menga shakarguftorliklar qildi. Biz bir oy davomida «Zarafshonning shifobaxsh suvi»ga yorliq yopishtirdik. Bu orada ikkalamizni shahardagi kvartirasiga ham ishga olib bordi. Bu yerdagi katta ekranli televizor, o‘lkan muzlatgich, yumshoq qimmatbaho mebellarni ko‘rib, allamahalgacha qimtinib turdik, aniqrog‘i, bularnigng bari xoru xasday beqadr ekanligimizni yodimizga solganday bo‘ldi. Bir zumda darpardalarni yuvib berdik va Jovli quvonib, bizni ziyofat qilgandi.
Bugun tushga yaqin yorliq qog‘ozlari (etiketka) bilan yelim tugab qoldi va ularni olib kelish uchun Jovli beixtiyor meni taklif etdi. E’tiroz bildirmay, orqa o‘rindiqdan joy oldim. O‘ylab yurgan fikrlarni aytib olish uchun bu - ayni muddao edi. Yo‘lga tushganimizdan keyin, gapni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘bon amakidan boshladim. Dunyo xudbinlar bilan emas, ana shunday rostgo‘y, fidoyilar bilan go‘zal ekanligiga urg‘u berdim.
- Yo‘q,- keskin rad etdi u,- o‘sha amaking ham bog‘ni aslida pul topish, obro‘ orttirish uchun barpo etgan. Aynan manfaatlariga to‘g‘anoq bo‘lgani sabab Yekaterinaga achchiq-tiziq gaplar qilgan.
U bilan bahs-munozara qilolmasligimga ko‘zim yetgach, indamay qo‘yaqoldim. Jovli bosmaxonadan kerakli kishini topolmagach, mashina rulini tag‘in shahardagi uyi tomon burdi. «San dam olib tur, dedi kalitni tutqazarkan, ishimni bitirgach, olib ketaman». Bu yerga kirib, avval rosa cho‘milib oldim. Keyin tushlik tayyorlashga kirishdim. U ancha kech keldi va ruhiyatida nechundir umidbaxsh xursandlik sezilib turardi. So‘ng divanda yonboshlab, ilk muhabbat yoki Leylo haqidagi sarguzashtini hikoya qilishga kirishgandi. Dastlab allanimadan xavotirlanib, qimtinib turgan bo‘lsam hamki, tezda o‘zimni erkin tutishim zarurligini his qildim.
- …o‘shanda universitetning uchinchi kursida o‘qirdim,- sarguzashtini davom etirdi Jovli. Ta’tildan keyin auditoriyaga kirib kelgan xushqomat qiz, deyarli hammaning e’tiborini tortdi; his-tuyg‘ulari anchayin o‘tmaslashib qolganlar ham zohiriy bir tamshanish bilan kuzatishdi bu sohibjamolni. U bo‘ychan, ozg‘in, yurganda ko‘kragini ko‘tarib qadam bosishi zavqovar edi. Liboslari ham boshqalarnikiga o‘xshamaydigan: osiyocha va yevropacha modaning o‘ziga xos omuxtaligi manaman deb turardi. Uning nomi Leylo ekanligi, yaqinda ko‘chib kelishgani ayon bo‘ldi. Ko‘plab o‘g‘il bolalar qatori men ham uning e’tiborini tortishga bel bog‘ladim. G‘alati edi u: hechkimni ranjitmay, tez til topishardi. Birinchi haftadayoq, ming bir istihola, andisha bilan qahva ichishga taklif etgandim, hech ikkilanmay rozi bo‘laqoldi. Garchand biz darslar, domlalar haqida jo‘ngina gaplashgan bo‘lsak hamki, uni majnunona sevib qolgandim; bag‘oyat tiniq chehrasi, o‘ziga xos lahjada gapirishi tushlarimga kiradigan bo‘ldi. Leyloni deyarli har kuni kofe yoki muzqaymoqqa taklif etardim, u xarxasha qilmay rozi bo‘lardi. Keyin unga sovg‘a-salomlar olib beradigan bo‘ldim. O‘sha paytlarda otam qurilish tashkilotining boshlig‘i edi: pul masalasi muammo emasdi. Kunlardan birida konspekt bahonasi bilan uylariga bordim. Ijarada turishsa hamki, anchayin ta’minlangan kishilar ekan. Leyloning otasi bilan tez til topishdik - bu odam yoshini aniqlash murakkab bo‘lgan( kasbi - tish doktori) rus tabiatli odam edi. Garchand u xushfe’llik ko‘rsatgan bo‘lsada, onasi tashrifimdan uncha mamnun emasligi sezilib turardi. Shu tariqa men ularnikiga tez-tez (mayda-chuyda xarid qilib) boradigan bo‘ldim. Hammasi joyida edi-yu, ammo qizda biror moyillikning ko‘rinmasligi hamon meni xunob qilar, xavotirga solardi. Marmar tosh bor-ku - sufta, yaltiroq, ammo muzday sovuq. Shunaqa edi u - mening qaynoq ehtiroslarimga sovuq suv sepishdan nariga o‘tmasdi. Ta’tilga chiqqanimizdan keyin Leylo Bakuga - xolasinikiga boradigan bo‘ldi va meni ham taklif qilib qoldi. Jon deb ko‘ndim, chunki, bu - ko‘nglini topishim uchun eng qulay imkoniyat edi. O‘sha kuniyoq ikkalamizga bilet oldim, sovg‘a-salomlar xarid qildim. Bora-borguncha kiftini keltirib, unga iltifotlar, mehribonchiliklar ko‘rsatdim. Bizni u yerda yaxshi kutib olishdi, mehmonnavozliklar qilishdi. Ammo ertasi ko‘ngilsiz bir hol ro‘y berdi-ki, bundan dilim xufton bo‘ldi. Mehmonxonada televizor tomosha qilayotganimda, narigi xonada Leyloning bashang kiyingan ozarbayjon yigit bilan hiringlashib turganini ko‘rib qoldim, sal nariroqda esa xolasi xayrixoh tirjayib turardi. Bularning bari men uchun naqadar noxush, noo‘ng‘ay ekanligini tasavvur qilolmaysan. O‘zimni vazmin tutdim. Ertasi esa Leylo menga: «Jovli, sen qaytib ketaver, men bir necha kunga qoladigan bo‘ldim», dedi sovuqqina qilib. Juda o‘ksib ketdim. Samarqandga yolg‘iz qaytgan bo‘lsam hamki, umidlarim so‘nmagan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, Leylo o‘sha tomonda to‘y bo‘lganligini aytishdi. Ko‘nglim huvillab qoldi, ayol zotidan ixlosim batamom qaytib, muhabbat degani, faqat kitobiy kalom ekan, degan xulosaga kelgandim. Ular mendan shunchaki, kassir sifatida foydalanishganini uylab, lakalovligimdan or qilardim. Lekin shularning bariga qaramay, Leyloni yuragimdan sitib tashlolmayman. Unga o‘xshagan qizlarni ko‘rsam, hayajonlanib ketaman. Seni nega yaxshi ko‘rib qolganimni endi tushungandirsan?
Men bosh silkib qo‘yaqoldim. Jovli yengilgina oh tortdi va televizor pultini ko‘lga oldi. Uning yuzlab kanallari borligini xayolimga ham keltirmagandim. Bir tugmachani bosgandi - ekranda yarim yalang‘och qiz paydo bo‘ldi. «Yoshlik behudaga o‘tib ketmasin, kel to‘shagim senga muntazir» dedi, behayo (ruschalab); telefon raqamini ham aytdi. Televizorda shunday besharmlikni berilishi menga g‘alati bo‘lib tuyuldi. «Boshqasini qo‘ying», dedim o‘tinch ohangida. Bu dasturda ohular to‘dasini ko‘rsatishdi: ular toqqa qarab o‘qday uchib borishardi.
Jovli hamon shakarguftorliklar, xushomadlar qilar va negadir uni ranjitgim kelmay qo‘ygandi. Boisi - ana shu mehribonliklar ozurda dilimga nogahoniy iliqlik, halovatbaxsh havaslar solgandi. U beixtiyor yelkamga qo‘l tashlaganda ham monelik qilgim kelmadi; erkak hidini tuyib, jilla entikdim. Negadir ko‘z o‘ngimda avval ohular galasi, keyin bolasini yeyayotgan oq kalamushlar paydo bo‘lishdi.
Birozdan keyin Jovli ko‘ylagimning ko‘krak tugmalarimni shoshilinch yechdi-yu:
- Bay-bay-bay! - dedi, hayajonlanib.

2007

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.