OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Sarhisob 43

 Sarhisobning so‘nggi bobini yozayotganga o‘xshayman...

 Uni kaminaning iqrornomasi o‘rnida qabul qilishingiz ham mumkin. Agar “Noxush xayollar” degan hikoyamni o‘qigan bo‘lsangiz, aynan mening yoshim (74) dagi bosh qahramon Vahob Kabirovich, bir yilga yetmay, bu yorug‘ olamni tark etaman, degan noxush va muqarrar xulosaga keladi. Xafaqon kasalligining avj olishi, ota-onasining aynan shu yoshda vafot etishlari va boshqa talay sabablar uni shunday to‘xtamga olib keladi.

Men ham xuddi shunday noumid kayfiyatda klavishlarni teryapman. Chunki, kaminaning tushkunligiga sabablar bisyor bo‘lib qoldi.

Mayli, bir boshdan...

 * * *

 3 iyul kuni, tug‘ilgan kunimni nishonlash uchun farzandlar, qavmlar, do‘stlar kelishdi. Odatdagidek, mehmondorchilik bo‘ldi.O‘sha kuni Feysbukda 50 dan ortiq kishidan tabriknoma oldim. Ularga induvidual va quyidagi umumiy javobni ham yo‘lladim. “Kaminani, jurnalistikani, adabiyotni shunchalik hurmat qilganlaringiz uchun sizlarni Xudo hurmat qilsin! Keng fe’l, ketmas davlat bersin! Ostonalaringga osoyishtalik tilayman! Shodlik va omad ikki qo‘lini cho‘zgan go‘dakday sizlarga talpinsin. Xudo haqi, sizlarni yaxshi ko‘raman!”

To‘g‘ri, Abdurayim Po‘lat andak sasibdi, ammo alamzada odamdan ranjish chikora.

Telefon qilgan yaxshi odamlarga ham lutfu-karam ko‘rsatdim. Ammo, ertasi, kutilmaganda...

Nachora, hayot tasodiflarga, kutilmagan omad-u omadsizliklarga serob. Arzimas hodisa baxt yoki baxtsizlikka sabab bo‘lishi hech gap emas. Hayot bilan ajalning orasi bir qadam bo‘lib qolishiga ko‘pchiligimiz bot-bot guvoh bo‘lganmiz.

 “Men redaktsiyadanman” degan kitobimda o‘zim shohidi bo‘lgan bir voqea xususida qalam tebratgandim.

A’zamov degan qori, o‘sha zamonlarda “detdom” deb ataladigan mehribonlik uyidan to‘rt yoshli o‘g‘ilchani olib tarbiyalagani, bolakay uni yetaklab yurishini batafsil hikoya qilgandim. Bir kuni ikkovlari bekatda turganda, bola neon chirog‘li beton simyog‘ochning quyisidagi “predoxranitel” degan matoni olmoqchi bo‘ladi. Uni tok urib o‘ldiradi. Qaybiram befahm montyor qutichasini qulflab qo‘ymaganligi shu qismatga sabab bo‘ladi.

Men ertalab tovoqchadagi kunjutli holvani ko‘rib, havasim keldi. Bir tishlam olmoqchi bo‘lgandim, qattiq ekan. Jilla zo‘r bergandim, tishim sinib ketdi. Yuqori jag‘ tishlar protez qilingan bo‘lib, ular ana shu singan qoziq tishga ilinib turardi. Holvaning ichidan tishlarimni birma-bir sug‘urib oldim.

Bu fojia emas: doktorlar avvalgisidan ham yaxshirog‘ini qo‘yishlari mumkin, degan xulosada o‘zimni ovutib qo‘yaqoldim.

Oradan biror hafta o‘tkazib, tanish stomatologga borgan edim, u milklarimni sinchiklab ko‘rdi-yu, yuqori jag‘imda no‘xatday bez paydo bo‘lganini, uni oldirmasdan tish qo‘yish mumkin emasligini aytib qoldi. Bunday yumushlar bilan onkologiya dispanseri (nomiyoq noxush his o‘yg‘otadi) shug‘ullanishini ham qo‘shib qo‘ydi. Dilimda g‘ussa paydo bo‘ldi.

Viloyat onkologiya dispanserida LOR vrachiga navbatda turganlar anchagina edi. Vrach (Kozimov) milkimni diqqat bilan ko‘zdan kechirib, namuna olish zarurligini aytdi. Men rozi bo‘lgach, o‘sha bezning atrofidan qon aralash bir nechta to‘qimalarni uzib oldi. Natijasi o‘n besh kundan keyin ma’lum bo‘lishini bildirdi.

O‘n besh kun davomida o‘zim ham qonimga tashna bo‘lib yashadim. Harholda, bu yumushni uch-to‘rt kunda uddalash mumkin-ku, degan fikr tinchlik bermay qo‘ygandi. Aniqrog‘i: rak bo‘lmadimmi, degan gumon dilimni kemira boshlagandi.

“O‘zgarish bor, deb chaynaldi vrach, o‘n besh kundan so‘ng, ko‘zimga andak g‘amgin va mahzum termulib, qaytadan, chuqurroq analiz olamiz”. Va bu gal og‘zi burnimni laxta-laxta qonga to‘ldirib, bezdan parchalar (ular bioptsiya deyishadi) olishdi. Yana o‘n besh kun kutishga esa sabrim chidamasdi. Chunki, shubha gumonlar soat sayin oshib borardi.

* * *

Bugun - sizning oxirgi kuningiz, deyishsa, nima qilardingiz? So‘nggi hafta yoki oyingiz deyishsachi. Men doktorning sirli muomalasi, yuz ifodalari va taxminiy xulosasini tinglab, nari borsa biror yillik umrim qolgan, degan to‘xtamga kelgan edim. Umrimning oxirgi yili... Chunki, saraton tashxisi qo‘yilgandan keyin ham dori-darmon bilan ancha-muncha ro‘zgurzonlik qilganlarni ko‘rganman.

Ishni avvalo ruhimni tinchitishdan boshladim.

Mana, yetmish to‘rtga kirdim. Dadam oltmish ikki, Payg‘ambarimiz oltmish uch yoshda vafot etgan, Respublikada erkaklarning o‘rtacha yoshi oltmish sakkiz, ustozlar, hamkasblar, do‘stlarning ham aksari oltmish bilan yetmish orasida bu dunyoi foniyni tark etishdi. Va, eng muhimi, zarur yumushlar, burchlarimning barini amalga oshirgandayman. Ruxsora bilan besh farzand ko‘rdik, ularni ulg‘aytirib, o‘qitib, uyli-joyli qildik. Endilikda o‘n yetti nabira va bir yarim (bunisi, hali ona qornida) evaraning bobosiman. Hammasi shu emas: romanlar, qissalar, hikoyalar, maqolalar yozdim va ularning ayrimlaridan umidim katta. Aslida, badiiy asar mutolaa qilish kun sayin kamayib ketayotgan, aniqrog‘i o‘quvchidan ko‘ra yozuvchi ko‘paygan bir davrda bunday umid orzular ham, ehtimol ortiqchadir. Aslida, ozroq va sozroq yozmaganimdan nadomat chekaman. Kelajakda romanlarimni yoshlar o‘qishiga unchalik ishonmayman. Qalin kitoblarni endilikda pensionerlar, bekorxo‘jalar, yolg‘iz odamlargina o‘qishi mumkin. Ulardan keyingi avlod TV va qo‘l telefonlari, Internetga juda ham bog‘lanib qolishadi va qalin kitoblarim ham umrini yakunlaydi. “Farzandga o‘gitlar” degan asarim, “Fojia” turkumida yozgan kitoblarim bir necha yil yashab qolsa kerak...

Behbudiy hazratlariga haykal o‘rnatish tashabbusi bilan chiqdim, u kishining faoliyatini o‘rgandim. Bu zot haqida so‘z ketganda, ehtimol kaminani ham yo‘qlab qo‘yishar... Aslida mangulikka ketgan banda uchun yo‘qlash-yo‘qlamaslikning ham tariqcha ahamiyati yo‘q, albatta. Ammo...

Hatto qoshiqlar muzeyini tashkil etib, unda o‘zimning kitoblarim, qo‘lyozmalarim va asori-atiqalarimni ham qo‘yib chiqdim. Blogim (nusratrahmat.blogspot.com) dan asarlarim va tarjimai holimga doir aksar ma’lumotlarni topish mumkin.

“Bekajon” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yetti mu’jizasini aniqlab, matbuotda e’lon qildik...

Bitta erkak uchun bular oz emas. Taqdir kaminani siylaganini alohida ta’kidlagan edim. Madomiki, ketish fursati yetgan ekan, mard bo‘lish kerak! Umuman, har qanday bandai mo‘min, o‘zi va qavmlarini so‘nggi soatning muqarrarligiga ruhan tayyorlab qo‘yishi lozim. Namoz - vaqtida farz. Qolgan ozgina fursatda, chala yumushlarni bajarib qo‘yish lozim.

Kishining diliga o‘lim haqidagi noxush fikr o‘rnashib olsa, ruhiyatingizda talay o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Jumladan, g‘ayratingiz so‘nadi, kulgingiz yo‘qoladi. Umr davomida yashagan qadrdon uyingiz, hovli yuzasidagi turfa gullar, nabiralarning kulgilari, orzu-umidlar... hamma-hammasidan voz kechish oson emas, albatta. Ammo, bundan o‘zga yo‘l yo‘qligiga ishonch hosil qilishga to‘g‘ri keladi.

“Mehnat” nashriyotida ishlaganimda, Boysinov degan xushfe’l va qoruvli direktorimiz bo‘lardi. Shu sho‘rlik, nogahonda oshqozon saratoniga duchor bo‘ldi. Ikki oy o‘tmay, oriqlab, liboslari shalvirab qoldi. “Yozning saratonidan o‘tsam, tuzalib ketarkanman”, derdi umid bilan. Taassufki, saratondan keyin ham oriqlab ketaverdi. “Nusratjon, bu dardning changali o‘tkir ekan”, degandi ko‘rgani borganimda. Shundan keyin, rahmatli biror hafta yashadi, xolos.

Balki vasiyatnomani ham pinhona qoralab qo‘yish kerakdir. Albatta, keyinroq... Nimalar ham deyman? Oyim: “Yelday kelsin-u, selday olib ketsin”, derdilar. 1991 yilda shunday bo‘ldi ham. Ostonada yiqilib, bandalikni bajo keltirib qo‘ydilar. Atrofingdagilarga noxush yuk bo‘lib yotishdan o‘zi saqlasin.

Albatta, ko‘zim yumilgach, musulmonchilikning jami taomillariga amal qilish kerakligini yozaman. Mitingda oilaviy do‘stlarim gapirishsa kifoya. Qabrimni dadamning yonlaridan qazishlarini istayman.

Barcha adabiy meroslarga Dilafro‘z ko‘z-quloq bo‘lib tursin. Kitoblarimni pul to‘lab, qaytadan nashr etish shart emas, ammo saytim sahifalari va pochtamga kirib turishlarini istayman. Tantanalar kerak emas. Har besh yilda tug‘ilgan kunimni torroq davrada nishonlab, meni yo‘qlab turishlari kerak, albatta. Toshkentdagi uy, mashinamga beshala bolam teng haqli. Shu...

Aslida, yetmishdan keyin yashashning o‘zi ham unchalik shavqovar emas, aksincha rutubatli va mantiqsizday. Madomiki, maqsadlar seni tark etar ekan, orzusiz dunyoda yashashning o‘zi ortiqchadir. Omad esa hamma zamonlarda ham yoshlarning eshigini qoqishni xush ko‘rgan.

Kompyuter oldida ko‘zim yoshlanadi. Gohida qon bosimim oshadi.

So‘nggi yillarda, “Sarhisob”ning yangi boblarini aytmaganda, hech vaqo yozmadim ham. Yoshlikdagi katta maqsad va havaslar kaminani tark etganiga ancha vaqt bo‘ldi. Buning ustiga qon bosimim ko‘p oshib, salgina zo‘riqishdan cho‘chiydigan holga keldim. Majlis va yig‘ilishlarga bormay qo‘yganman. Hatto TV yoki gazeta tahririyatlariga borib qolsam ham, o‘zimni ortiqcha sezaman, ularning vaqtini olayotganday bo‘laman.

Umuman, yillar o‘tgan sari inson takomillashib, dono va tadbirkor bo‘lib borishi tabiiy hol. Umrim davomida qusurlarimni kamaytirib borish payida bo‘ldim. Avallari amaldorlar, katta yozuvchilar bilan yaqinlashish payida bo‘lardim. Keyin bora-bora ulardan o‘zimni chetga oldim. Bunday toifadagilar seni o‘zlariga teng tutishganday ko‘rinishsa hamki, allaqanday kibr sezilib qolishini angladim. Kaminani viloyat hokimi qabulxonasida hech kim ko‘rgan emas. Ularning birortasi men bilan tanishmayoq, ishdan ketib qolishdi. Hokimiyat binosiga faqat bir bor: 2005 yilda Behbudiy hazratlariga haykal o‘rnatish uchun ruxsat olishga kirishga majbur bo‘lganman. O‘shanda ham hokim meni qabul qilmadi, ammo u yerdagi tanishim mushkulimni oson qilib yubordi.

Amalga intilmadim, deputatlikka nomzodimni qo‘ymadim.

Xatolarim...

Ular o‘z vaqti va o‘rnida aytilmagan yoki noo‘rin, bevaqt gapirilgan gaplarim yoki qilgan amallarimdir. Bu ayblarim, keyin pistirmada turib, naq yuragimni mo‘ljalga oladigan ovchilarga aylandilar. “Men redaktsiyadanman”, “Farzandga o‘gitlar”, “Buni hayot debdilar” singari asarlarimda bu xususda yozganim bois takrorlashga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Yozuvchilar uyushmasining dilni xufton qiladigan, davomli, mantiqsiz yig‘ilishlarida bo‘lganimda shu idorani tashkil etgan Maksim Gorkiyni zohiran la’natlardim. Bu yerda she’r yozadigan qizlarni to‘plab, ularga hamdu-sano o‘qishlari jonimga tegardi. Tuman, viloyat, respublika bosqichida bu havaskor shoiralarning seminar va tanlovlarini o‘tkazish batamom ortiqcha tashvish va xarajat degan daqqoq xulosaga kelib qo‘ygandim. Aslida O‘zbekistonga bunchalik ko‘p shoiraning keragi yo‘q. Undan ko‘ra, ularga kompyuter, chet tili yoki biror hunarni o‘rgatishsa, yoxud sportga jalb etishsa, jamiyat va ularning o‘zlariga ko‘proq nafi tegardi.

Uyushma yig‘ilishlariga qatnashmay qo‘yganim rahbarning izzat-nafsiga qattiq tegdi, shekilli, kamina haqida anchayin fisqu-fasodlar tarqatdi, munofiqliklar qildi. Ammo zerikarli majlis va viloyat bo‘limidagi jipiriq amaldordan xalos bo‘lganim bundan muhimroq edi. Endilikda, men haqimda gap ketganda, “qoni qo‘shilmaydi”, deydiganlar ham ko‘payganligini bilaman.

So‘nggi yillarda do‘stlar ham kamaydi. Oilaviy davramizdan Mirsharif, Ziyadullaxon, Toshpo‘lat qoldi va ulardan umidim katta.

Men, harholda, ikki asr: XX, XXI va ikki tuzum: sotsializm hamda bozor iqtisodi nomi bilan kirib kelgan kapitalizmni boshdan kechirgan avlod vakiliman. Bu esa, hammaga ham nasib etavermaydigan tarjimai hol. Bolaligim Urgut tumanining turli qishloqlarida o‘tdi. Yozuvchi bo‘lib shakllanishimda ana shu yillar muhim omil bo‘ldi. Dadam shofer edilar va u paytlarda haydovchilar (avtomashinalar ham) juda oz bo‘lganligi sabab ularni qadrlashardi. Dadam mehnatkash, mehribon bo‘lish bilan birga juda badjahl edi. Bu illat avlodimiz irsiyatida borga o‘xshaydi. Ukam Hikmatillo ham gohida odamlar bilan janjallashib qoladi. Mening esa ancha vazminligimni maqtab qo‘yishadi. Xullas, dadamning bu noxush fe’li unga va oilamizga qimmatga tusha boshladi. Kolxozlarda mashinalar ko‘payib, dadamga shalog‘i chiqqanlarini beradigan bo‘lishdi. Keyin esa batamom bekor qoldi. O‘z qishlog‘imizga qaytish fursati yetgan edi. Oyimning zorlanishlariga qaramay, dadam bu yumushni orqaga qoldirardi. Shunday kunlarning birida umrimda hech unutolmaydigan va dilimda dard bo‘lib qolgan noxushlik yuz berdi. Dadamni, ko‘zimiz o‘ngida to‘rt-besh kishi bo‘lib rosa mushtlashdi, tepkilashdi. Shundan keyingina musofirligimizni his etdik va yurtimizga qaytib keldik.

Shunga o‘xshash holatni “Noxush xayollar” degan hikoyamga ham kiritganman. Bolalari oldida otani, yoki otalar oldida uning bolasini, hatto ranjitish ham gunohi azim, degan xulosaga kelib qo‘yganman.

Yodimda mixlanib qolgan noxushliklarning tag‘in biri oyimning vafoti bo‘ldi. Umri uqubatlarda o‘tgan oyimni loaqal Toshkentga ham olib borolmaganimni eslasam, hamon o‘ksinib ketaman.

Dadam vafot etganda (u kishi o‘z mashinasi ostida qoldi) men qishloq xo‘jalik institutining ikkinchi kursida o‘qirdim. O‘qishni tashlashimga oyim rozi bo‘lmadi va juda qiynalganmiz. (“Tarjimai hol”da bu xususda batafsil yozganman)

Jurnalistik faoliyatim haqida ham yozmayman. “Men redaktsiyadanman” kitobim shu faoliyatimga bag‘ishlangan. Ammo adabiyot va ijodim haqida qalam tebratishim lozim.

Adabiyot bilan ikkinchi smenada shug‘ullanib bo‘lmaydi, deb o‘qigandim qaerdadir. Darhaqiqat, u bor kuch-quvvatni talab etadi. Ammo men adabiyot bilan bo‘sh qolgan vaqtlarimda yoki nafaqaga chiqqandan keyin shug‘ullandim. Chunki jurnalistika va adabiyot bilan dastlabki paytlardagina bira-to‘la shug‘ullanish mumkin. Keyin esa, ular bir-biriga xalaqit bera boshlaydi. Ikkinchi smenada romanlar, qissalar, hikoyalar yozdim.

Men adabiy ijodimni boshlagan, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida yozuvchi va shoirning mavqei baland edi. Keyin qalam ahlining jamiyatdagi o‘rni pasayib bordi. Hozir ularni inobatga ham olishmaydi.

Iste’dodlar, ko‘p hollarda, bolalik paytidayoq turmush aravasini tortgan, ko‘z yoshi va peshana teri ta’mini tatib ko‘rganlardan chiqqan. Bugungi talay ijodkorlar esa oliy maktabni bitirib, nashriyot va tahririyatlarga ishga ilinib olgan kishilardir. Adabiy saytlardan ularning o‘quvchilari soniga e’tibor berib ko‘ring va adabiyotimiz sarchashmalarida turgan ustozlarga taqqoslang. Hafsalangiz pir bo‘lib ketadi. Mening tengdoshlarim, rahmatli Shukur Xolmirzaev, Tog‘ay Murod, Omon Muxtor va boshqalar o‘z vaqtida chaqmoqday yalt etib chiqishdi. Ularning bo‘yinlariga haddan tashqari ko‘p lavr shodalari taqishdi. Bugun adabiy saytlarda, mazkur do‘stlarimning o‘quvchilari soni, afsuski, kishini quvontirmaydi.

Men ko‘proq onlayn yozuvchisiman. O‘z blogimni ishga tushirganimga qariyb o‘n yil bo‘lyapti. Turli saytlarda ikki romanim, to‘rt qissam, yigirmaga yaqin hikoyalarim e’lon qilingan.

Adabiyot va uning kelajagi haqida mulohazalar ko‘p. Bundan bir necha yillar muqaddam Shukur Xolmirzaev “Adabiyot o‘ladimi” degan bahsli maqola yozgandi. Keyin ko‘plar shoir, yozuvchi va tanqidchilar fikr bildirishgandi va bir ovozdan “adabiyot yashaydi, u o‘lmaydi” degan gapni takrorlashgandi. Ammo ularning birortasi adabiyot nima hisobidan, qanday qilib yashashini, uning bezavolligini ta’minlash uchun nima qilish kerakligini yozishganini eslolmayman. Adabiyot esa, bugun og‘ir kasal.

Men o‘shanda, “...adabiyot kurash uchun yaratilgan, u haqiqat va adolat, ozodlik va hurriyat uchun; shuningdek, o‘z taqdiri, huquqi uchun ham muttasil kurashmog‘i shart, aks holda tabiat va jamiyat qonunlariga binoan nobud bo‘ladi”, deb yozgandim. Endi o‘ylab ko‘rsam, bu ham to‘laqonli fikr emas ekan. Bugun adabiyotning kurashadigan holi qolmadi.

 Keling, bu borada donishmandlarning fikrlariga quloq tutaylik. Nitshe: “... lekin kimdir jiddiy qilib, shoirlar haddan tashqari ko‘p yolg‘on so‘zlaydilar, deb aytgan ham deylik; u rost aytur edi biz haddan tashqari ko‘p yolg‘onchilik qilamiz. Biz juda oz narsa bilamiz va juda yomon o‘qiymiz. Shuning uchun biz yolg‘on so‘zlashga majburmiz”.

Bugun adabiyotning tanazzulga yuz tutishida bizning yolg‘onchiligimiz, kam o‘qishimiz ham sabab bo‘lmoqda. Adabiyot ko‘chasidan o‘tmaganlar roman, qissalar yozib, nashr ettirmoqdalar va yo‘lini topib sotmoqdalar. Loaqal nashr etilayotgan kitoblarning yuzdan biri ongimiz va qalbimizga ta’sir ko‘rsatganda edi, adabiyotning yashab qolishidan umid qilsa bo‘lardi.

“Literaturnaya gazeta”da chiqish qilgan yozuvchi, adabiyotshuns Aleksandr Titov adabiyot g‘oya bilan tirik. Sotsializm paytida g‘oya bor edi. Shuning uchun u gullab yashnadi, degan to‘xtamga keladi. Bu fikr ham bahsli. Adabiyot o‘sha sotsializm davridayoq ojizlanib, mavqeini yo‘qota boshlagan edi. Bugun kommunizm g‘oyasiga ega bo‘lgan Xitoy, shimoliy Koreya, Kuba singari mamlaklarda ham kitob nashr qilish yil sayin kamayib boryabdi.

“Go‘zallik olamni saqlaydi, deydi Dostoevskiy. Lekin shu bilan birga u: Insonlar baxtsiz bo‘lmaguncha, o‘zgalar baxtsizligini anglamaydi”, degan xulosaga ham keladi. “Dilda darding bo‘lmasa sardaftarimni ko‘zlama”, deydi Mashrab. Biz adabiyotning bugungi baxtsizligini idrok etishimiz, uning dardiga tanometr qo‘yabilishimiz kerak.

Adabiyot, eng inja go‘zallikdir. Ammo u bugun olamni saqlash qobiliyatiga ega emas. U hozir o‘zini saqlab qolish tashvishini tortmog‘i kerak.

Adabiyot bugun tarbiya vositasi xususiyatini boy berdi. U odamlarni kurashga chorlamay qo‘ydi, uning o‘gitlariga quloq tutadiganlar barmoq bilan sanarli.

Bu o‘rinda bugungi ijtimoiy taraqqiyot bosqichini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Endilikda odamlar tirikchilik, pul topish tashvishi bilan juda band. Bozor iqtisodining “vaqt - pul”, degan qattol qonuni amalda. Badiiy asar o‘qish uchun vaqt kerak. TV, Internet, qo‘l telefonlari esa, raqobatda adabiyotni ringdan siqib chiqardi.

“Kitob o‘qish” iborasi bilan badiiy asar o‘qishni farqlashingizni so‘rardim. Badiiy asarni endilikda Internetdan o‘qishning keng imkoni tug‘ildi va hamma narsani o‘z nomi bilan atamoq ma’qul.

Adabiyot mash’al, usiz inson dag‘allashadi; turmushning o‘zi ham yalang‘ochlashadi, zerikarli bo‘ladi deyishadi. U insoniyatni ezgulikka muhabbatga da’vat etib keldi. Adabiyotsiz olam esa odamlarga juda qimmatga tushishini unutmaslik kerak.

Alber Kamyu topib aytgan: “San’at asari insonda isyon va havas paydo qilishi lozim”. Buning uchun ijodkorda Navoiy, Furqat, Bobur, Mashrabga xos ichki qoniqmaslik, isyon ham bo‘lmog‘i lozim.“Urush va tinchlik”ni istagan sahifasini ochib, qayta-qayta o‘qib ketish mumkin. Urush va yomon larga, noxushliklarga qarshi dilingizda isyon paydo bo‘ladi, yaxshi odamlarga havasingiz keladi. Lev Tolstoyning “men peroni qonimga botirib yozaman”, Nitshening “barcha yozilganlar orasida men faqat qon bilan yozilganini yaxshi ko‘raman. Qoning bilan yoz va sen qon ruh ekanligini bilursan”, degan da’vatlari eskirmasligini istab qolardim.

Qodiriy, Ayniy, Oybek, Qahhor asarlarida ana shunday isyon va havas o‘yg‘otadigan holatlar anchagina. Bugun virtual olamda ham ular yalovbardordirlar. Adabiyotimizning evolyutsion taraqqiyotini ta’minlamoq uchun biz ulardan o‘tib ketishimiz kerak edi. Amalda esa bunday bo‘lmadi. Kechagina ko‘kka ko‘tarib maqtalgan, talay mukofotlarga sazovor bo‘lgan shoir, yozuvchilarimiz asarlarini bugun o‘qimay qo‘yishdi.

Aslida badiiy asar inson qalbida isyon paydo qilishi uchun yozuvchining o‘zi andak isyonkor bo‘lishi shart. Xayol va fantaziyadan iborat bo‘lgan uydirmaning mo‘‘jizaga aylantirish, kurashga safarbar etmoq uchun iste’doddan tashqari aql va tajriba ham kerak. “Nigilizm bilan yo‘g‘rilgan isyonkor ruhgina adabiyotni jonlantirishi mumkin”, deb yozgandi yozuvchilardan biri.

To‘g‘ri, tsenzura tugatildi ammo nashriyotning har xodimi tsenzuraning norasmiy mirshabiga aylandi. Harqanday erkin yoki radikal fikr respublikadagi tinchlikka tahdid, deb hisoblanadigan, TV esa sirli tashvish bilan odamlarni nuqul shukur qilishga chorlaydigan bo‘ldi.

Senzura qattol bo‘lgan Ittifoq davrida “samizdat” degan ibora bo‘lardi. Ya’ni, mualliflar nashriyotlarni chetlab, kitoblar chiqarishardi. Endilikda bunday qaltis harakatga hojat ham yo‘q: zo‘r asar yozib, Internetda e’lon qilish imkoni paydo bo‘ldi. Men shu usuldan foydalandim ham. 2009 yilda “Fojia” nomli hikoyalar to‘plamimni G‘afur G‘ulom nashriyotidan qaytarishdi. “Birinchidan, biz kitobga “Fojia” deb nom qo‘ya olmaymiz, ikkinchidan, “Omadsizlik”, “Fojia”, “Go‘rkov” singari hikoyalaringizni chop etsak, gap eshitishimiz mumkin”, deyishdi. Keyin bu hikoyalarni ziyouz.uz saytida e’lon qilganman. Bundan tashqari Ziyouz.com, TurkLib, Kutubxona, Kitobim singari saytlarda ham talay kitoblarim, hikoyalarim bor. Har oyda ularni sarhisob qilaman va mazkur asarlarni mingdan ko‘proq kishi o‘qiyotganini ko‘rib quvonaman.

Shundan keyin, adabiyotni saqlab qoladigan yagona vosita Internet degan xulosaga kelganman. Afsuski, ko‘pgina ijodkorlarimiz kompyuterni o‘rganishga qunt qilishmayapti. Ularning aksariyati qaysi adabiy saytda, qanaqa asarlari e’lon qilinganidan bexabarlar. Yoshimiz va ahvolimiz nechuk bo‘lishidan qat’iy nazar, onlayn adabiyotga esh bo‘lishimiz shart. Internet adabiyotni halokatdan saqlab qoladigan yagona vosita ekanligini tan olmog‘imiz lozim.

* * *

Men nima deyman-u, qo‘bizim nima deydi. Yuqori jag‘imdagi shishni doktorlar rak deb taxminlashganligi va shu sabab kaminaning kechinma va iztiroblari haqida so‘z boshlagan edim. Bu holni “o‘tlab ketish” ham deyishadi.

Xullas, samarqandlik doktorlarning xulosasi dudmal bo‘lganligi sabab, Toshkentga qarab yo‘l oldim.

Iyul oyining havo harorati 40 darajadan baland bo‘lgan kunlarida Toshkentdagi “Respublika onkologiya ilmiy markazi” deb nomlanadigan dargohda, u yoki bu vrach eshigi oldida soatlab navbat kutib turishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, doktor milkimdan olingan biopsiyani morfologiya bo‘limiga jo‘natdi. Bu yerda rak kasaligining o‘nlab turlari haqidagi yiriklashtirilgan fotolarni kuzatib, unga aniq tashxis qo‘yish, ya’ni xavfli o‘sma bilan xavfsizini farqlash anchayin malaka talab qilarkan, degan xulosaga keldim. Ehtimol, shuning uchun ham bu dardni yengish muammo bo‘lib qolayotgandir. Zero, tashxis shunchalik qiyin bo‘lgandan keyin, davolash oson bo‘lmasligi aniq. Xullas, anchayin ovoragarchiliklardan so‘ng tekshiruv natijalarini LOR bo‘limiga yuborishdi.

“Siz yashaysiz, bu xavfsiz o‘sma ekan”, dedi vrach anchayin loqayd va sovuqqonlik bilan. Men ham daf’atan quvonmadim. “Rejalarimni o‘zgartirib yubordingiz”, deb qo‘yaqoldim. O‘zimni ruhan, nari borsa bir yillik ro‘zgurzonlikka tayyorlab ulgurganimni u tushunmadi ham.

“Xulosani bir parcha qog‘ozga yozib berolasizmi?” iltimos qildim. U indamay qog‘ozga allanimalarni yozib, qo‘limga tutqazdi. Men minnatdorchilik bildirib, tashqariga chiqdim.

Shifoxona hovlisidagi mu’jazgina choyxonaga borib, choy buyurdim. Karavotga qulay o‘rnashib olib, o‘zbek tilida “Ma’lumotnoma” deb yozilgan xulosaga ko‘z yugurtirdim.

“O‘zbek tilida” degan iboraga urg‘u berishimning boisi shundaki, meditsinaga oid hujjatlar, shu jumladan, ma’lumotnoma va kasallik tarixi nuqul rus tilida yozilardi. Buning ustiga undagi iboralarning yarmi lotincha bo‘lgani va doktorlarning badxatliklari bois tishim o‘tmay, ko‘p xunob bo‘lganman.

Mayli, gapni shu yerda chala qoldirib, hujjatning o‘zbekcha yozilganligidan quvonishim sabablari haqida gapiray. Shaxsan men, rus tilini burro bilmasligim oqibatida ko‘p bor kamsitilganman. Hozirgi “Sharq” matbaa kontserni hisobxonasida nuqul rus ayollari ishlardi. Respublika gazetalari tahririyatlarida ishlaganimda, u yerga kirib turishga majbur edim. Hisobchi xotinlar talaffuzimizni kalondimog‘lik va buyukmillatchilik ohangi bilan mazax qilishardi. Aeroport, avtobus kassalariga yaqinlashishdan oldin nima deyishimni qayta-qayta mashq qilib olardim. Institutda o‘qiganimda, bir rus yahudiysi imtihon paytlari ro‘yi-rost “ne naviju etix uzbekov” der va biz - barimiz boshimizni xam qilib turardik.

Ayting, ayting, bu, kishining o‘z yurtida musofir bo‘lishi emasmi?!

Tag‘in bir misol. 1983 yili Sharof Rashidov vafot etganda, men “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlardim. Bosh muharrir Odil Yoqubov darhol gulchambar tayyorlatib, uch-to‘rt kishi bilan olib borishimni tayinladi. Skverda (hozirgi Amir Temur maydoni) shu yumushga ixtisoslashgan do‘kon bor edi. Gulchambarning qora matosiga tushirish uchun “Sharof Rashidovga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” kollektividan” degan yozuvni qoldirib, ikki soatlardan keyin kelganimda, buyurtma tayyor bo‘lgan ekan. Bu yerda, “Toshkent oqshomi”da ishlaydigan va xuddi shunday tashvish bilan yurgan hamkasbimni uchratib qoldim. U menga tegishli gulchambarga ko‘z yugurtirdi-yu, “Ie, o‘zbekcha yozdiribsiz-ku” dedi. “Nima, mumkin emasmi”, so‘radim. “Mumkindir...” dedi u chaynalib. Men xavotir aralash atrofdagi gulchambarlarga ko‘z yugurtirdim. Hammasi rus tilida bitilgandi.

Vidolashuv Xalqlar do‘stligi (Hozirgi Istiqlol saroyida) o‘tkazilayotgan edi. U yerga yaqinlashib borgan sari, ko‘zim olazaraklik bilan odamlar ko‘tarib borayotgan gulchambarlarda bo‘ldi. O‘zbek tilida yozilgan, loaqal birorta gulchambarni ko‘rarman, degan umidlarim esa har gal sarobga aylanib qolardi. Baland qilib o‘rnatilgan tobutga yaqinlashib borishimiz bilan, bir sipoyi yozuvlarni yengilgina o‘qib o‘tkazayotganligiga guvoh bo‘ldim, dilimda noxush xavotirlik o‘yg‘ondi. “O‘zbekcha yozdirib qo‘yibsiz-ku”, dedi u menga, nadomat, nopisandlik bilan va qo‘shib qo‘ydi, chekkaroqda turing, boshqalar o‘tishsin, keyin qo‘yib yuboraman”.

Biz (men bilan o‘zbek tili) o‘ksibgina o‘tirdik. Bir necha daqiqadan so‘ng u bizga chindan ham, “yaxshilik qilib”, o‘tkazib yubordi. Marhumning poyi gulchambarlarga to‘lib ketgan edi. Men bo‘sh joy topolmadim va qo‘rqa-pisa, ruscha yozilgan bir gulchambar ustiga qo‘ydim. Daf’atan yengil tortib, tashnalik bilan, tag‘in o‘zbekcha yozilgan gulchambar izladim, ammo uchratolmadim. Ko‘zimga yosh keldi: Xudo haqi, Rashidovga ham, ona tilimizga ham achingan edim.

Shunday kunlarning birida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi yig‘ilishda “O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi shart!” degan masala ko‘tarildi. Men ham, ko‘plar qatori, shunday shiorni ko‘tarib chiqqanim bilan hozirgacha yengilgina faxrlanib qo‘yaman.

Bu paytga kelib, Boltiqbo‘yi va Kavkazorti Respublikalarida shunday harakat boshlangan, ayrimlarida Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan edi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa biz birinchi bo‘lib shunday qonunni qabul qildik.

Uzr, mavzudan chekinib ketdim. Xullas o‘zbek tilida yozilgan ma’lumotnomani hijjalab o‘qishga kirishdim.

Ma’lumotnoma № 8075

Raxmatov Nusratillo 1941 shul haqidakim u ROIM poliklinikasida 14 07 15 dan 16 07 15 gacha ambulator tekshiruvidan o‘tdi.Kompleks gistologik xulosa № 18996 19000b. Gigant hujayrali etulis. Yuqori jag‘ alveolyar qismi etulisi. Tavsiya xirurgik davo.

Vrach Shukurov Z.M

Rus tilida yozilgan xulosalarni tushunmay, bot-bot xunob bo‘lganligimni yozgan edim. Harchand qilsamki, o‘zbek tilida yozilganining ham mazmunini chaqolmadi. Eng muhimi, unda men ne-ne uqubatlar chekib, kutganim: “bu bemor rak emas ekan”, degan javob yo‘q edi.

 “Noma’lum muddat”... Qiziq, u qanchaga cho‘zilarkin?! Balki o‘n yildir, undan ko‘proqdir yo ozroqdir... O‘n yildan so‘ng esa sakson to‘rtga kiraman. Undan ortig‘i zarur ham emas. “Starost, ne radost”, deb qo‘yibdi ruslar. Yashaylik-chi, ko‘raveramiz...

 Dekabr 2014

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.