OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. «Xonai g‘aribon» (hikoya)

Old oynasining o‘ng chekkasidagi oq kartonga «Bozor - Xonai g‘aribon» deb yozilgan mashinaning so‘nggi bekatiga tushsangiz, to‘g‘rida katta qabristonni ko‘rasiz. Xo‘ja Abdu , deyishadi uni. Qadimiyligi jihatidan Shohi Zindaga tengdosh deyishadi. XU asrda jangda shahid bo‘lgan sarboz bilan kechagina avtomobil halokatida jon bergan o‘smir bu yerda yonma-yon yotishadi; ularni asrlar ham, e’tiqodlar ham ajratolmaydi. 
Ammo gap qabriston haqidamas. Bekatning o‘ng tomonidagi bino darvozasi peshtoqiga «Onkologik dispanser» deb yozilgan. Bu yerdagilar: «rak balnisa» deyishadi, mazkur maskanni va u ham xuddi qabristondek dilingizda zohiriy noxush hislarni uyg‘otadi. Mazkur dargohda qanchadan-qancha bemorlar shifo topayotganligiga shubha va xavotir bilan qarashadi. 
Lekin gap shifoxona haqida hammas. Chap tomondagi yangi darvoza ustuniga «Saxovat uyi» deb yozilgan. Avallari bu dargohga pastak va ko‘rimsiz temir eshikdan kirilardi; ruschalab «Dom prestarel?x» deb bitilgan bo‘lardi. 
Hikoyamiz qo‘shni respublikadagi shu dargoh, aniqrog‘i, undagi odamlar haqida. Ammo oldin «Damas» peshoynasidagi yozuv to‘g‘risida batafsilroq to‘xtalib o‘tsak. 
Agar haydovchiga: «Nega bunday yozding, «Saxovat uyi» deb qo‘y», desangiz, sizga yovqarash qiladi-yu, yonidagi yo‘lovchiga izoh berishga kirishadi.
- Avval «Bozor - Qabriston» deb yozgandim. Odamlar xarxasha qilishdi: «Unday deb yozma! Nima biz o‘likmidikki - go‘ristonga eltasan?» deyishdi. Keyin «Onkologik dispanser» deb yozdim, ammo endi buni tushunishsachi - qayta-qayta: «Rak balnisaga boradimi?» deb so‘rashadi. Keyin «Xonai g‘aribon» deb qo‘ydim. Chunki aqlimni taniganimdan beri bu joylarning nomi shunaqa. O‘sha yerda bir shoir bor. O‘zi bir tiyin chiqarmaydi-yu, po‘pisasi osmon qadar. «Hey bola, - dedi bir kuni juda nopisand, - «Saxovat uyi» deb yoz». Qarasam, andak kayfi bor. Indamadim. Tushayotganda: «Amaki, dedim, pulni cho‘zing - moshinni o‘zi yurmaydi». Birdan popugi pasayib: «Bolam, qo‘y, men bir g‘arib odamman», - dedi. «Tan olasizmi g‘aribligingizni? - dedim, - unday bo‘lsa o‘pkangizni bosib yuring!» 
Xohishingiz bo‘lsa, yuring endi, ichkariga kiramiz.
Qorovulxonada, ko‘p hollarda, militsionerlikdan iste’foga chiqqan g‘o‘labir, miqti kishiga ko‘zingiz tushadi. U intizomni yaxshi ko‘radi: hujjatlaringizni erinmay, sinchiklab ko‘zdan kechiradi: shubhali yoki maxfiy daftarida nomi borlarni kiritmaydi; hatto direktorni ham qo‘rqoqlikda ayblaydi. Qo‘rqsa, hurmat qiladi, degan naqlni takrorlab turishni xush ko‘radi; boks bo‘yicha razryadi borligini ham gap orasiga qisdirib o‘tishni unutmaydi. Bu yerda uni Boksyor, deyishadi. Bu laqabda zohiriy kinoya ham borki, buni keyin fahmlab olarsiz. Umuman, mardumlari tinglashdan ko‘ra gapirishni xush ko‘radigan qariyalar go‘shasida xotiralari susayganidanmi yoki boshqa sababmi, haytovur, bir-birlarining ism-shariflarini tilga olishdan ko‘ra laqab qo‘yish yoki kasbu kori bilan atashni o‘ng‘ay deb hisoblashadi. Endi, so‘zamolliklarini ham tushunish mumkin: ular ko‘z yoshi va peshona teri ta’mini rosa tatigan odamlar; ko‘rgan-kechirganlarini o‘zlari bilan olib ketishni istashmaydi… 

* * *

Afsuski, bu - hammasi emas. Munosabatlar, hatto tavozelar ham risoladagiday bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida bir-birlarini g‘iybat qilishni xush ko‘rishadi. Hamshira-yu farroshlar bir joyga to‘planishsa, bu yerdagi chol-kampirlardan nolishadi: Xudoning qahriga uchraganlari uchun shu yerga kelib qolishganini ta’na qilishadi; og‘zi shalaq, befahm, beandisha sanitar ayol bor. Gapga borib qolguday bo‘lsa, ularni o‘zi boqayotganday: « Itga bersang oshingni, itlar g‘ajir boshingni» deydi. Voy, jipiriq-ey! Chol-kampirlar bu masalada ulardan ham oshib tushadiki, ana shu tafsilotlar haqida gapirib o‘tirishning o‘zi ham g‘iybatchilik bo‘lur edi.
Ikki qavatli bosh bino devoriga ilingan katta pannoda bir necha otaxon-onaxonlarning tabassum ila choy ichib o‘tirishgani aks ettirilgan. Rasmning ostiga «Baxtiyor keksalik» deb yozilgan. 
Aytishlaricha, bu bino o‘ttizinchi yillarda bunyod etilgan ekan. Bunga ishonsa bo‘ladi: imorat qadimiy bo‘lishiga qaramay, salobati, jozibasini saqlab qolgan. Bag‘oyat sifatli pishiq g‘ishtlar bilan tiklangan; xonalari keng, shipti baland; shu purviqorlikka monand qomatli eshik, derazalar davr me’morchiligini darajasidan dalolat berib turadi. Gotik usulidagi tomlar, old qismdagi yoysimon ayvon, uning baland ustunlari purviqor, sirli. Hamma san’atlar tin olganda, arxitektura san’ati tilga kiradi, deb shuni aytishsa kerak-da! Bino atrofidagi chinor, sanovbar, akas daraxtlari ham o‘sha paytlar o‘tqazilgan, shekilli - tanalari quchoqqa sig‘maydi. So‘nggi yillarda atrofda yangi gulzorlar, sayilgohlar ham barpo etilgan. Yosh samshid va atirgul nihollari girdida qurilgan usti chodirli suhbatgohlarning (bu yerda gapxona yoki besedka, deyishadi) yangiligini fahmlash qiyin emas. Bahor paytlari gullar yuz ko‘rsatganda, mazkur manzilgohlarda o‘tirib suhbatlashayotgan kishilarni ko‘rsangiz, beixtiyor so‘lim sanatoriyalar yodingizga tushadi.
Ammo ichkariga kirib borishingiz bilan hovlining har yerida yagona arxitektura loyihasiga zid tarzda, didsizlik bilan, anchayin pala-partish qurilishlarni ko‘rasiz va hafsalangiz pir bo‘ladi. Xom g‘ishtdan tiklangan mazkur yordamchi binolar turli paytlarda bu yerga direktor yoki bosh vrach bo‘lib kelganlarning didi, aniqrog‘i, didsizligini namoyon etadi. 
Hovlining shimoli-sharqiy burchagida to‘rtta xona va yo‘lak bor. Biz sayohatimizni shu binodan boshlaymiz. Boisi: bu yerdagi taomil shunaqa - komissiya yoki muxbir kelsa, avval shu yerga olib kelishadi. Bu qanotdagi ozoda chol, kampirlar kimga nima deyishning kiftini keltiradiganlardan; o‘zgalardan farqli o‘laroq, ularning xonalaridan tamaki, kirlangan ko‘rpa-to‘shak, terning achimsiq hidi anqimaydi. Muxbirlarga esa, eng avvalo, yettinchi xonada istiqomat qiladigan shoirni ( boya shofer hikoya qilgan) ro‘para qilishadi. U ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni birma-bir sanab o‘tadi: avval turfa toifadagi arboblarga hamdu sano o‘qiydi, keyin sanitardan tortib, direktorgacha bag‘oyat halol, fidoyi kishilar ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Oxirida qo‘ynidan o‘quvchilar daftaridek yupqagina kitobchani chiqarib, she’r ham o‘qiydi va nihoyat, mehmonlarni bir piyola choyga taklif etishni unutmaydi. Buni mehmonga ehtirom yuzasidan bajaradimi yoki hamxonasi Behbudxon akaga taqlid qiladimi - Xudo biladi. Shoir yettinchi xonada Behbudxon aka hamda saksondan oshgan tatar chol bilan yashaydi. Bu kishilar haqida keyinroq to‘xtalamiz. Shoir haqidagi suhbatimizni davom ettiradigan bo‘lsak, uning kamtarin, so‘zamol ekanligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Ammo faqat…hushyorligida. Padariga ming la’nat araqni! Uni barcha kulfatlarga yuzma-yuz qilgan narsa - o‘sha zahri qotil. Shoir ko‘p joylarda ishlagan: jumladan, televidenie, sug‘urta idorasi, xususiy reklama agentligida. Bularning baridan ichkilik sababli haydalgan. Shunisi ayanchliki, u nafaqat ishni, xotinni ham qo‘lqopday yangilab turgan: gohida ayolidan o‘zi voz kechgan bo‘lsa, ba’zida buning aksi bo‘lgan. So‘nggi idorada bir tatar ayol bilan topishgan; u shoirning bor-budini tortib olgan-u, ketiga shunday zarb bilan tepganki, sho‘rlik, beixtiyor keksalar uyiga kelib tushgan. Uni hozir ichmaydi, deyishadi. Ammo bu dunyoda hamma narsa nisbiy. Bu yerda cho‘ntak taqozo etmagani ustiga Behbudxon akadan andisha qiladi.
- O‘z hovlim bo‘lsa deyman,- orzularini izhor qilib qoladi gohida u,- asalari boqishni, gullar o‘tqazishni orzu qilaman… 
- Madomiki, jamiyatda qamoqxonalar, jinnixonalar, keksalar uyi bor ekan, demak ularning o‘z go‘shashinlari ham bo‘ladi,- uning so‘zini bo‘ladi Behbudxon aka,- va biz o‘z ostonamizdan hatlaganda, shunday noxush manzillarning ham ostonasi borligini unutmasligimiz zarur ekan.

* * *

Behbudxon aka haqida andak ma’lumot beradigan bo‘lsak, u kishining oltmish yoshdan andak oshganligini; ozg‘in, ozoda, bo‘ychanligini; nigohlari orif va ma’rufligidan dalolat berib turishini ta’kidlab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu yerga kelganiga ikki oylar chamasi bo‘lgan. Buning tafsiloti esa quyidagicha. Otaxonning ayoli ko‘z yumgach, yagona o‘g‘li, dastavval rus qizini sevib qoladi. Ammo ota bu nikohga rozi bo‘lmaydi. O‘g‘il baribir zagsdan o‘tadi. Behbudxon aka qarasa, rus kelin farishtaday ayol: til o‘rgangan, odob joyida. Otaxon xato qilganini tan oladi, uzr so‘ragan bo‘ladi hamda ular bilan yaxshigina hayot kechira boshlaydi. Ammo, aynan, ana shu hayot deganlari tasodif-u alg‘ov-dalg‘ovlar, kutilmagan bigizvozliklarga to‘la. Bu orada nabira ko‘radi, o‘g‘il amal kursisiga minadi va nadomatlar bo‘lg‘aykim, shayton vasvasasiga uchib, qo‘l ostida ishlaydigan ayol (o‘zbek yoki tojik) bilan don olishib qoladi: ko‘p o‘tmay unga uylanadi hamda yangi ma’shuqanikiga ketib qoladi. To‘g‘ri, otadan qayta-qayta kechirim so‘rab, uni ham taklif etadi, ammo Behbudxon aka ko‘nmaydi. Shu bilan birga, avvalgi kelini bilan ham yashashni hamiyati ko‘tarolmay, saxovat uyidan panoh topadi. 
O‘sha rus kelini deyarli har yakshanba otaxonni ko‘rgani keladi yoki katta qizini yuboradi. Har gal noz-ne’matlar ko‘tarib keladi va Behbudxon amakining karavoti yonida o‘tirib, yum-yum yig‘laydi. «Bo‘ldi endi: uyga yuring, men farzandingiz bo‘lolmadimmi», deydi nadomat ila. Otaxonning o‘g‘li ham keladi, ammo Behbudxon aka uni qabul qilmaydi. Shoirning aytishiga qaraganda, bir boyvachcha, tadbirkor jiyani ham kelib ketgan ekan. «Gagarin ko‘chasidagi ikki xonali uyni nomingizga o‘tkazib beraman; avlodimiz nomiga dog‘ tegizmang, amakjon», deb zorlangan emish. Ammo Behbudxon aka «g‘ing» demabdi. 
Yettinchi xonada bulardan tashqari tatar muysafid yotishini aytgan edik. U juda ko‘p uxlaydi, suhbatlarga ham qo‘shilavermaydi. O‘zi nogiron ham: hassa bilan zo‘rg‘a yuradi. Hamshira yoki Behbudxon amaki uni goh-gohida nogironlar aravachasi bilan sayrga olib chiqishini inobatga olmaganda, xonasidan kam chiqadi; kechqurunlari «Kuzlarima yash kila» degan xazin ashulani xirgoyi qiladi. O‘g‘li o‘tgan yil Ufaga ketgan va imkon bo‘lishi bilan otasini olib ketishga so‘z bergan ekan. Muysafid har kuni xat yoki telegramma daraklaydi. O‘g‘liga qanchalik intizor bo‘lsa, Azroilni ham shunchalik vahima aralash kutadi. Ularning qaybiri oldin kelishini esa faqat Xudoning o‘zi biladi. Xullas, yettinchi xona haqida gap ketganda, bir donishmandning: «Keksalik ulug‘vor, bachkana va g‘arib bo‘ladi» degan iborasi yodga tushadi.
Yettinchi xonaning chap tomonida Chuchukxon aya degan (bu yerda allaqanday kesatish bilan Dezdemona deyishadi) oltmish yoshning nari-berisidagi tarovatligina ayol bilan tetya Flora degan, saksondan oshganiga qaramay anchayin tetik, chechan kampir turadi. Chuchukxon aya xushtakalluf, serharakat, har narsaga qiziquvchan, lekin shu bilan birga bolalardek ishonuvchan, soddadil, g‘amzada ayol. Flora xola buning teskarisi. U Ikkinchi Jahon urushi ishtirokchisi ekanligini yodga solib qo‘yishni xush ko‘radi. Garchand fashistlarning dodini bergani bilan maqtansa hamki, bu yerdagi farroshdan o‘lguday qo‘rqadi. Chunki xonada sigaret chekkanini ko‘rib qolsa, u betavqif sharm-hayoni yig‘ishtirib qo‘yib, erkakchasiga so‘kaveradi. Bundan biror oy ilgari kampirning ko‘rpasi ostidagi puli ham yo‘qolib qoldi. U buni farroshdan ko‘rsa-da, davo qilishga yuragi dov bermadi. 
Chuchukxon aya yoshligida teatrda ishlagan. Bu haqda o‘zi nadomat va hayajon ila gapiradi. 
«Spektakldan keyin butun zal bitta odamga aylanib qarsak chalardi. Men qoniqish va sarafrozlik ila bosh egib tursam ham davom ettiraverishardi. Odamlar biletni qo‘ldan uch-to‘rt baravar qimmatga xarid qilishardi u paytlarda. Shu orada meni nima jin urdi-yu, erimni bir raqqosadan rashk qilib, undan ajraldim. Qo‘limda o‘g‘ilcham bor edi. Gastrolga noiloj uni ham olib ketdim. Bola yo‘lda qattiq shamolladi, spektakl arafasida esa o‘lib qoldi. (Gap shu yerga kelganda, u hamisha ko‘ziga yosh olib, andak sukut saqlaydi). Keyin men bolamning ustiga oq choyshab yopib qo‘ydim-u, rolimni boplab ijro etdim. Bu haqda gazetalarga yozishdi, meni «Jasorat» ordeni bilan taqdirlashdi.» 
Flora xola har gal shu gapni eshitganda, sovuqqina qilib: «Dura t?», deb jerkib beradi. 
- Flora xola, ta’na qilavermang,- injiladi ayol,- buni hayot debdilar - boshqalar saboq chiqarishi uchun menga o‘xshagan baxtiqarolarning bo‘lgani ham yaxshi.
Chuchukxon ayaning o‘sha xatosini bu yerdagilar hozirgacha gap qilishadi. Xuddi o‘zlari begunohday, qismatini bot-bot yuziga solishadi. Keyingi paytlarda bu ayol zerikkanda, dili g‘ussaga to‘lganda, Behbudxon amakining eshigini sekin taqillatadigan, uning krovati oldiga borib, mushukday jimgina o‘tiradigan bo‘lgan. Bu qilmishi g‘iybatlar alangasiga tag‘in moy sepishini bilsa-da, parvo qilmaydi. Ikki dilshikasta nima haqda gaplashishayotganligini bilish uchun shoir qulog‘ini ding qilib turadi, lekin ular juda kam gapirishadi. Chuchukxon ayaning onda-sondagi gaplari sherigiga nogahoniy g‘amxo‘rlik, allaqanday tashvish, hadiksirashlardan nariga o‘tmaydi. «O‘g‘lingiz bilan yarashishingiz kerak. Bu yer sizning joyingiz emas!» deydi. Televizorda ko‘rgan seriallarini gapirib, aktyorlar ijrosidagi sun’iylik, rejisser yechimidagi mantiqsizliklarni tanqid qiladi. Gohida falsafa, adabiyot masalalarida fikrlarini aytib, sherigini bahsga chorlaydi. Boyaqish ayol ana shunday uchrashuvdan yengil tortadi va xonasiga qaytishi hamonoq kampir qo‘pol ohangda savol beraboshlaydi. Bunday paytda uning tergagani yoxud g‘amxo‘rlik qilganini anglash qiyin bo‘lib qoladi. «Anavu sipoyining xonasidamiding? Ikkalang ham lakalov. Shuncha qavmlari bo‘laturib, shu yerga namoqul qiladimi, noshud. Sen, Dezdemona, shu erkakka tegib ol. Bu azoblardan xoli bo‘lasan…». 
Gohida Chuchukxon aya yettinchi xonaga kirib, biroz o‘tirishi bilan shoir ularni yolg‘iz qoldirib, qo‘shni - to‘qqizinchi xonadagi sheriklari oldiga boradi. Bu yerda urgutlik Tog‘oshar amaki va bulung‘urlik «jo‘qchi» bobo karta o‘ynab o‘tirgan bo‘ladilar. Shoir oshiq-ma’shuqlarni yolg‘iz qoldirganini aytib, askiyalar, sha’malar qiladi. 
- Meni aytdi, dersizlar-u, bizning hamxonamiz oxir-oqibat shu Dezdemonani oladi, chunki yoshi ham, yulduzi ham to‘g‘ri keladi,- deb qo‘shib qo‘yadi. - Lekin o‘qi tugagan bo‘lsa kerag-ov… 
Nihoyat, chekkadagi - o‘ninchi xonada Afg‘on laqabli bir nogiron ko‘zlari ojiz xotini bilan turadi. Afg‘onning o‘zi ham sog‘lom emas: Hirot yaqinida yaralangan. Buning ustiga asabiy, jizzaki bo‘lib qolgan: bo‘lar-bo‘lmasga barmoqlari qaltirab, g‘azabga minaveradi. Momaqaldiroq guldiraganda, boshini ko‘rpaga o‘rab olib, g‘ujanak bo‘lib yotadi. 
Avval u yolg‘iz yashardi; o‘tgan yil direktor shu ayolga uylantirib, xonalarini alohida qildi. Ilgarilari bu ayolni yetaklash sanitarlar zimmasida bo‘lardi, endi erining o‘zi ergashtirib yuradi. Afg‘on - o‘zbek, xotinining millati esa no’ma’lum - ular ruscha gaplashishadi. 

* * *

Taqdir degan so‘qir haqiqatning qaltis hazili yoki nogahoniy zarbasi bilan bu go‘shaga kelib qolgan yuzga yaqin ana shunday chol, kampirlar kimnidir zoriqib, kimnidir qo‘rqib kutish bilan vaqt o‘tkazishadi. Boshqalardan farqli o‘laroq, ular ertalabdanoq suyaklari yanada og‘irlashib, vujudlari zirqirab o‘yg‘onishadi. Kimningdir ovqati hazm bo‘lmagan bo‘lsa, boshqa birovning yurak xuruji, eski bodi, astmasi, qandli diabeti, qon bosimi, yo‘tali (Ey falak, inson bolasiga atagan dardlaring buncha ko‘p bo‘lmasa!) xuruj qilgan bo‘ladi. Ayrimlarda esa bularning aksari birlashadi, faollashadi. Zero oltmish, yetmish, sakson yoshda faqat jamiyat emas, tabiat ham chap qo‘lini cho‘zishi tabiiy hol. Shuning uchun ham ular aynan ertalablari ruslarning: «Starost ne radost» degan maqolini bot-bot tilga olishadi, arzimas narsadan asabiylashishadi; bir-birlariga gapirib berayotgan tushlari ham noxush, ko‘ngilsiz bo‘ladi. Bu yoshda va holatda kishi bot-bot o‘limni o‘ylashi tabiiy bir holki, u ham, shak-shubhasiz, dilni xufton qiladi.
Direktor (uni bu yerda «Demak» deyishadi; boisi: u ana shu kalomni keragidan ko‘proq ishlatadi) har ertalab qorovul yoki navbatchi hamshiraga sim qoqib, hol-ahvolni so‘raydi. Uning «Nima gap», degan savolidan: « Birortasi narigi dunyoga ravona bo‘lmadimi?» degan mazmunni uqib olishadi. Chunki boshliq uchun ta’ziya - ko‘tara tashvish. Avvalo, marhumning odamlarini ( agar ular bo‘lsa) daraklashga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga kutilmagan xarajat. To‘g‘ri, ayrimlarining yostig‘i, qo‘rpasi ostidan «qora kun» uchun to‘rt-besh so‘m yashirib qo‘ygani bo‘ladi, ammo u urvoq ham bo‘lmaydi. Hatto zormonda go‘rkovga ham Xudoning zorini qilib yalinishga to‘g‘ri keladi. Mahalladagilar ko‘p pul berib, yomon o‘rgatishgan, padarqusurni. Direktor u aytganning yarmini beradi-yu, qolganiga buyuklarning ruhini bezovta qiladi - xadisda undoq deyilgani, falon buyuk zot bundoq deganini qatorlashtiradi. Duo-yu fotihalarni, hatto janozani ham Tog‘oshar amaki o‘qiydigan bo‘lgan. Avallari bu ham bir chiqim edi. 
Nasroniy o‘lib qolsa, grob topish oson bo‘lmaydi: keyingi yillarda ustalari kamayib, uning narxi oshganligi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Qabriston yaqin bo‘lishiga qaramay, tobutni oxirgi manzilgacha ko‘tarib borish ham muammo. Tobutkashlar o‘n kishiga ham yetmaydi. «Yo‘lida zo‘rg‘a yuradigan bu qaltiroq chollarga ishonib bo‘lmaydi, deydi direktor, Xudo ko‘rsatmasin birortasi…». O‘zi ham orqadan ergashadi va shoferlar, do‘konchilar yugurib kelib yelka tutishganda, andak yengil tortganday bo‘ladi.

* * *

Nonushtaga non, sariyog, gohida tuxum berishadi. Harholda, ertalab ular bir-birlarini ko‘rib quvonishadi, yuzlariga iliqliq yuguradi. Shunga qaramay, sog‘liklaridan, suvaraklardan, kalamushlardan, sanitarlardan shikoyat qilib qolishadi. Undan keyin kimdir vrach qabuliga shoshadi, boshqa birov shaharga ravona bo‘ladi. 
Hamma oddiygina qilib, «duxtur» deb ataydigan vrach bu odamlarning dardlarini yaxshi biladi, ular bilan qay yo‘sinda gaplashishning kiftini keltiradi. Qon bosimi, yurak urishi, gohida haroratini o‘lchagach, uch-to‘rtta odatdagi savollarni beradi va rasmiyat uchun bo‘lsa kerak, kasallik tarixini ham ko‘zdan kechiradi. Gohida o‘rinli-o‘rinsiz hazil-mutoyibalar qiladi va oxirida uch-to‘rt xil doriga retsept yozib beradi. «Sizga adelfan yozdim, jiyaningiz (o‘g‘lingiz)ga ayting: xitoynikinimas, nemislarnikini bersin», deydi biroviga. «Shpritslaringiz tugadimi? - so‘raydi ikkinchisidan, - yotish oldidan bakalashkaga qaynoq suv solib belingizga qo‘ying, degandim… Ha, ha, tag‘in ukol olishga to‘g‘ri keladi. Aptekaga chet elniki kelgan…». Bemorlar orasida silga duchor bo‘lganlari ham bor - doktor ularga yo‘tal, grippga qarshi dorilar yozib beradi.
Doktor besh-olti kishini ko‘zdan kechirib, ularning aksarini darvoza oldidagi aptekasiga jo‘natgach, cho‘ntagidan uyali telefonini chiqarib, uning soatiga qaraydi. Naq o‘n ikkida onkodispanserdagi hamkurs do‘sti kutib turgan bo‘ladi. Xalatini yechib, o‘sha yoqqa yo‘l oladi. 
- Hukumat bekorga dom ( Saxovat uyini u shunday deb ataydi) bilan onkodispanserni qabriston qarshisiga qurmagan,- deydi do‘stini ko‘rishi bilan kulib. 
Sigaretini hamisha labining o‘ng tomoniga qisdirib, o‘ng ko‘zini yarim yumib ishlaydigan hamkursi og‘zini ochmay kuladi va davom etadi. 
-Boboy, kampirlaringiz pulni qaerga olib ketadi? Olib qolish kerak,- doripurushligiga sha’ma qiladi do‘sti. 
- Biz-ku ancha halollab olayabmiz, sizlarchi sizlar. Hukumat barini bepul qilib qo‘yganiga qaramay, bemorlarni shilganlaring shilgan
- Ey, hukumat berayotgani urvoq ham bo‘lmay ketadi…Uning ham yarmini yo‘lda kalamushlar urib qolishadi…
Ular tag‘in beg‘ubor kulishadi va bemorlarning sog‘ligi uchun tomoq ho‘llashadi.
Doktor keksalar uyiga ishga kelgan dastlabki yillar chin dildan berilib, fidoyilik bilan mehnat qildi; gohida tuni bilan qolib ketar, yonidan dori xarid qilib, bemorlarni davolash payida bo‘lardi. Keyin-keyin nimadandir qoniqmaydigan, loqayd va andak behafsala bo‘lib qoldi. U bugun besh kishini davolasa, ertaga ularning oltita bo‘lib navbatda turishi badiga uraboshladi. Onkodispanserda yoshgina yigit-qizlar dorulbaqoga ravona bo‘lishayotganda, yoshini yashab-oshini oshagan chol-kampirlarga xalaqit berish chikora. Axir, o‘lim ham dialektika qonuni-ku. 
Bu - noxush falsafa, albatta. Ayniqsa doktor uchun zararli, nafaqat zararli, balki g‘ayriaxloqiy bo‘lgan ana shu shum fikrni uning diliga solgan shaytonga la’natlar bo‘lsin!

* * *

Tushlikda go‘shtli taom pishirishadi; choy, tuzlangan karam berishadi; ovqatdan keyin darvoza oldidagi gapxonalarda maroqli suhbatlar bo‘ladi. Ulfatlar aksar hollarda Behbudxon amakining yonidan joy olishadi.
- Ulfati chor - anda maza bor,- mutoyibadan boshlaydi Shoir. 
- Ulfati panj-chi,- so‘rashadi undan. 
- Anda suhbat lanj, hozirjavoblik qiladi u. - Ammo men shu Bokserni ko‘rgim kelmaydi: unga orqa qilib o‘tirmoqchiman. Bu jallod do‘stimni o‘ldirdi. Mels tillo yigit edi… 
Gap shundaki, qo‘shni binoda shoirning Mels Abdulovich degan shishadosh ulfati bo‘lgan. Ular birgalikda… Ammo ulfachilik uchun ham savil qolgur pul kerak-ku. Aslida pul ham xuddi omaddek, davlatmandlarning eshigini qoqishni xush ko‘radi. Saxovat uyidagilarni taqdir bu sohadan ham qisgan: ularga loaqal nafaqa ham berishmaydi - xarajatlar hisobiga chegirib qolishadi. Gohida dori-darmon uchun sadaqa qilinadigan pul urvoq ham bo‘lmay ketadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular ikkovlashib tuy bo‘layotgan restoranlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borishni odat qilishadi. «Kechirasizlar, sal kechikdik», deydi shoir qo‘l qovushtirib turgan mezbonlarga tirjayib. Albatta, ularni stolga taklif etishadi. Nafaqat tavozelar, noz-ne’matlar, ichkiliklar… Qonni qizdirib olgach, u o‘zini shoir Aro‘ziy deb tanishtiradi va iltifot ila atrofdagilarga, kelin-kuyovga dastxat yozib berishni unutmaydi. Bunday to‘kinlik va saxovatdan iyigan bu ikki ochofat, tabiiyki, tezda mast bo‘lib qolishadi. Atrofdagilar ko‘zlariga mayda-chuyda bo‘lib ko‘rinadi, shekilli, kalondimog‘lik, nopisandlik boshlanadi. Shularning bariga qaramay, bakovullar anchagacha toqat qilishadi. Axir o‘zbekchilik…. Juda bo‘lavermagandan keyin to‘yxonadan suyab chiqarib, adreslarini so‘rashadi: taksi tutishadi. «Yo‘l kirani kim beradi», o‘dag‘aylaydi shoir. Bir necha kishi birvarakayiga cho‘ntagiga qo‘l suqadi. 
Bir kuni ana shunday to‘yxo‘rlikdan kech qaytishganda, qorovul ularning yo‘llarini to‘sib, avval ham ogohlantirganini pesh qilaboshlaydi. Sarmast Mels Abdulovich ha yo‘q, be yo‘q uning giribonidan oladi (Sabilgina qolsin araq). Qorovul avval vazminlik qiladi, lekin ajali yetgan sichqon mushukka tashlanganidek, Mels qorovulning yoqasini yirtadi. Boksyor uni uychasiga olib kiradi, shoir esa tashqarida qoladi. Xullas, navbatchi sanitarlar aralashadilar va ularni kiritishadi. Ertalab qarashsa, sho‘rlik Mels bandachilikni bajo keltirib qo‘yibdi. Shoir barini Bokserdan ko‘radi: o‘sha o‘ldirganini direktorga ham aytadi. «Qorovul urib o‘ldirganini hech kim ko‘rgani yo‘q, ammo u kim bilan birga ichganini…Demak…», - chaynaladi tullak sardor. Marhumga zudlik bilan grob topadilar va uning qopqog‘i qayta ochilmaydigan qilib mixlanadi. Xuddi shu payt kimdir: «Uni tobutga solish kerak edi - musulmonning farzandi…» deb qoladi. « Tilni bilmasdi-ku-, qahrga minadi boshliq - qanday qilib musulmon bo‘lsin! Kalla bormi?»
Belida dardi borning oyog‘i qaltiraydi, deyishadi. Direktorning haligi tahdididan keyin shoir ham tilini tishlaydi, ammo dilidagi dard uni bot-bot bezovta qilib turadi. Shoir buni anchayin to‘n kiygizib gapiradi: o‘zini jasur qilib ko‘rsatish payida bo‘ladi; Boksyorni bu yerdan quritmaguncha tinchimasligini aytib, garillaydi. 
Shu tariqa boshqalar ham dardu-hasratlarini dasturxon qilib yoyaboshlaydilar. Flora xola tabiiyki, bor pulini farrosh ayol o‘g‘irlab qo‘yganini o‘kinch bilan takrorlaydi. Negadir Ukrainada o‘g‘rilar yo‘qligini (umrida u yerda bo‘lmagan) ta’kidlab qo‘yadi.
- Ovollari o‘ris ko‘p bo‘laydi, jig‘ilishlarda chig‘ib tanqid qilaydi…, - deydi bulung‘urlik amaki jim turishni ep ko‘rmay.
Darvoqe, yig‘ilishlar… Bu yerda yilda ikki-uch bor jiddiy majlislar bo‘lib turadi. Unda ko‘pincha yuqori tashkilotdan ham ma’sul kishilar ishtirok etadilar. Mazkur anjumanda Saxovat uyining kazo-kazolari g‘amxo‘rlikni tobora oshirayotganday, bu yerdagi bandalar bundan behad minnatdorday qilib ko‘rsatishga, aniqrog‘i rol o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Va negadir ana shu yasamalik har gal juda tabiiy chiqadi. Faqat bag‘oyat isde’dodli aktyorlargina rollarini ana shunday qoyilmaqom qilib bajarishlari mumkin! 
O‘sha kuni tushlikka osh pishirishadi, dasturxonga har xil ne’matlar qo‘yiladi. Tuzlangan karam, piyozdog‘ning achimsiq hidi anqib turadigan oshxonada anchagina odam to‘planadi. Ana shu yig‘ilishda eng zerikarlisi direktorning - Behbudxon akaning ta’biri bilan aytganda - « alangasiz va tutunsiz» ma’ruzasi bo‘ladi. U yuqori tashkilotlarning g‘amxo‘rliklari haqida keragidan ortiq gapirgach, o‘zi bajargan yumushlardan boshlaydi. Hech uyalmay, o‘zini maqtaydi - men kelguncha undoq edi, bundoq edi degan gaplardan o‘zini tiymaydi va ma’ruzasini ko‘p hollarda: «Demak, hali ko‘p ishlashimiz kerak» deb yakunlaydi..
Shularning bariga qaramay, sardorni har ikki-uch yilda yangilashadi. Yaxshi ishlasa ham, yomon ishlasa ham tartib-taomil shu. Uzunquloq gaplarga qaraganda, uning o‘rni falon dollar turarmish. Birgina homiylardan falon so‘m tusharmish va yarmini yuqoridagilarga berganda ham, o‘ziga falon so‘m qolarmish. 
Mayli, mavzudan chiqib ketmaylik. Yig‘ilishda yuqoridan kelgan mehmon ham so‘z olib, allanimalar deydi, direktorga zardali gaplar qiladi va: «Bizdan nima talablar bor?» deya odamlarga yuzlanadi. Odatdagidek, bir necha lahzalik sukunat cho‘kadi va labbaygo‘y bosh oshpaz qo‘rqa-pisa qo‘l ko‘taradi: «Bu… osh lanj bo‘lib ketdi; nima qilamiz?» deydi, negadir, o‘zini bechorahollikka solib. Odamlar gur-r etib kuladilar. Hay’atdagilar ham lablarining bir chekkasi bilan tirjaygan, yuzlariga tabassum surtgan bo‘ladilar. Ammo shunga qaramay, talablar aytilmay qolmaydi – axir, tartib-taomil degan gaplar, kimlargadir hisobotlar, rasmiyatchiliklar, qolaversa, o‘zini adolatpesha qilib ko‘rsatish... Kalamush haqida gapirishmaydi-yu, suvaraklar andak bezovta qilayotganligini, qishda xonalar muzlab ketishini xaspo‘shlashadi-yu, gaz bosimi sal pasayganligini aytishadi. Axir, umr bo‘yi boshlari devorga tegaverib, zada bo‘laverib, shu dargohga kelib qolgan bandalardan qanaqa jasorat kutish mumkin?! Faqat tirik vujudlarigina emas, jismu jasadlari ham shu badnafs, badbinlarning qo‘lida ekanligini bir zum bo‘lsa ham yoddan chiqarish kaltafahmlik-ku! Zero, yoddan chiqarganlarning qora qismati ular uchun besh panjadek ravshan. 
Boshliqlar yozib olishadi barini. Bu yerda qishda gaz bo‘lmasligi, elektr energiyasidan qarzdorlikni vaj qilib, tokni istagan paytda uzib qo‘yishlari; sanitarlar, oshpazlar, qo‘lga ilingan narsani o‘marishlari; ajratilgan mablag‘ning salmoqli ulushi yer yutkur amaldorlarga cho‘zilishi yuqoridan kelgan odamga ayon ekanligini va bu qusurlarni gapirish boshga balo orttirishdan o‘zga narsa emasligini ich-ichdan his qilib turishadi. Axir, yaqin-yaqingacha shu direktorning o‘zi yuqori idorada ishlardi; komissiya bilan tekshirishga kelar, arz-dodlarni yozib olgan bo‘lar va o‘shanda ham so‘zini: «Demak, hali ko‘p ishlashimiz kerak», deb yakunlardi. Majlis poyoniga yetmayoq oshni suzishadi…va ehtimol, to‘g‘ri qilishar.
Bu yerdagilar, goh-gohida bir vaqtlar ozroq muddat direktor bo‘lgan koreys yigitni ehtirom bilan eslashadi. Uni sifatlashlariga qaraganda, ishni har qanday majlis, komissiyavozlikka chek qo‘yishdan boshlagan ekan. O‘zi juda xokisor, halol ekan: kechalari chol kampirlar xonasiga kirib, ular bilan suhbatlashib o‘tirishni xush ko‘rarkan. Oshxodagi ovqatlar tuyimli, dasturxonlar barakali; choyshablar, sochiqlar ohori to‘kilmagan bo‘libdi. Biror kishi o‘lib qolsa, sho‘rlik koreysning o‘zi dilxun bo‘lib yig‘larkan, ko‘mish marosimini imkon qadar munosib qilib o‘tkazarkan. Nopok oshpazlar, andishasiz sanitarlar ishdan chetlatilibdi. 
- Qishdi chillasi iydi,- gap boshlaydi dashtlik amaki bu haqda gap ketganda.- kechasi deng qor burab jovdi. Bir mahal svet o‘chib qoldi. Gaz jo‘q. Ajalimiz jettimi, deb barimiz qo‘rqib turippiz. Bir mahal ovozi chig‘ib qoldi: «Men sherdaman!!» dedi o‘rischalab. Barimiz jengil tortdik. Jujurga aytdi: «darrov sham tovasan, bari uyga qo‘yib chig‘asan». Kechasi deng zapxosdi tovib keldi. «Skladda qancha ko‘rpa, odiyal bo‘sa ob chig‘ib, bulardi ustiga jovasan», dedi. Ettalabgacha ketmadi - uyma-uy jurib hazillashadi, deng, ukkoordi bolasi. Menga aytadiki: «Sizdi uliiz bo‘laman: monikay ikkovimizdiyam qo‘zimiz qisiq». 
U gapini tugatib, miriqib kuladi va yoshli ko‘zlari tag‘in ham qisilganday bo‘ladi. 
O‘sha koreys yigit, gohida kechasi ham kelib, atrofni aylanib chiqarkan. Bir kuni, aniqrogi tunda u Boksyorni o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushiribdi va ertasi ishdan haydab yuboribdi. Yashamagur Boksyor direktorning ustidan yozaverib, ishdan oldiribdi. Shoir esa bu fikrga e’tiroz bildiradi 
- Sud qorovulni ishga tiklagandan keyin, o‘zi ariza yozib ketib qoldi.

* * *

Mayli, tag‘in gapxonaga qaytaylik. Behbudxon amaki devordagi «Baxtiyor keksalik» degan pannoga ishora qilib: 
Buning o‘rniga, Behbudiy hazratlarining: «Oila uchun kurashmoq kerak, baraks u qasos oladi» degan gapini yozmoq lozim, zero, bu yerga aksar shu toifadagilar kelib qolishadi,- deydi. 
Flora xola: «Men bo‘lsam, bir donishmandning: «Ey, baxtli odam! Bu dunyoda baxtiqarolar ham borligini sira yoddan chiqarma» degan gapini yozdirardim,» deydi ruschalab. 
- «Sen rahbar bo‘lsang, qo‘l ostingdagi odamlarning taqdiri uchun Xudo va vijdon oldida javob berishing kerak» degan ekan bir donishmand, - suhbatga qo‘shiladi Chuchuk aya. - Shu gapni yozib qo‘yish kerak - toki bizning katta-kichik amaldorlarimiz uni o‘qib, hushyor tortishsin. 
- Garchand rahbar bilan amaldor o‘zga-o‘zga tushuncha bo‘lsada,- deydi Behbudxon amaki, - ularning etagi hamisha gunohga botib turadi. O‘zim ham boshliq bo‘lganman… Biz ishlagan paytlarda: hukumat bilan o‘liklar haqida faqat yaxshi gapir, degan temir qonun amal qilardi. Ungacha tarjimonlik qilardim: nemis, ingliz faylasuflari, tanqidchilari asarlarini o‘zbekchaga, ruschaga ag‘darganman. Hozir hamxonamdan tatarcha gaplashishni ham o‘rganayabman. Hayotimda yul qo‘ygan xatoim - amaldor bo‘lishga ko‘nganim. Tarjimonlik meni ma’nan boyitgan bo‘lsa, rahbarlik qashshoqlashtirdi. Katta yig‘ilishda hokim bir amaldorni o‘rnidan turg‘izib: «He, onangni…» deb so‘kdi. Haligi go‘sala ham boshini xam qilib turaverdi. Magar sotqin, jinoyatchi bo‘lsang ham boshingni ko‘tarmaysanmi, hezalak? Or qani, nomus qani? Mushtipar onangni gunohi nimada, ipirisqi? Bu ham mayli. Hokim tag‘in bittasini o‘rnidan turg‘izib, ketiga tepdi. Yopiray! O‘kinib ketdim! 
- Bu yovvoyilik,- chidab turolmadi kimdir,- bizning davrimizda…
- Tag‘in deng,- davom etadi Behbudxon amaki,- yig‘ilishda milliy g‘urur masalasi muhokama qilinayotgandi. Ko‘chada bezori bola jo‘rasini so‘ksa tushunish mumkindir, ammo galstuk bog‘lagan kishi… Muqaddas an’analar oyoqosti qilinayotgan joydan ketish kerak edi. Chunki, mabodo haligi benavoning o‘rniga hokim meni so‘kib qolsa nima qilaman, deb iztirob chekaboshladim. Xullas, ariza yozdim. Umuman rahbarlik mening tabiatimga zid ekanligini kech tushundim. Hozir bizda rahbar bo‘lish uchun o‘ta sovuqqon va qatiqqo‘l bo‘lish shart. Xushfe’l, rahmdil odam rahbar bo‘ldimi, o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar yetkazadi. «Bir qo‘lingda qamchi bo‘lsin, bir qo‘lingda qand», deyardi o‘sha hokim. Demak, uning nazarida atrofidagilar - ayiqlar. 

* * *

Oila va baxtga tashnaliklari sababmi, haytovur, suhbatlar ham aksar hollarda, shu mavzularda bo‘ladi va negadir, o‘lim, oxirat haqidagi hikoyatlar bilan yakun topadi. O‘zlari guvoh bo‘lgan ibratomuz ro‘zg‘orlar, baxtli insonlar haqida soatlab hikoya qiladilar. 
- E’tibor berganmisizlar, - deydi Chuchuk aya,- ikkinchi bor erga tekkan har qanday ayol avvalgi erini yomonlaydi; ikkinchi bor uylangan erkak, buning aksi - avvalgi xotinini maqtaydi. Nosamimiylik va tanazzul xuddi ana shu yerdan boshlanadi. Faqat birinchi nikohi bilan bo‘lgan juftlikkina baxtiyor bo‘laoladi, deb o‘ylayman. Ayolni boshqargan erkak davlatni ham boshqaraoladi, deyishadi, ammo oilasidan ajralgan erkak hamma narsasidan ajralishiga guvoh bo‘lganman. 
- Ayolchi,- noroziligi yashirmaydi Flora xola va bu fikrga qarshi chiqadi.
- Ayol ham! Shaxsan o‘zim hayotimda allaqanday mu’jiza ro‘y beradi, degan umid bilan yashamasam, bu g‘ussalardan allaqachon o‘lib ketardim. Umidsiz odamning ruhi tushib, shalvirab qolishini bilaman. Shuning uchun o‘lim haqidagi gaplarni yoqtirmayman, qo‘rqaman. E’tibor berganmisiz: odamlar bir-birlariga ishonishmasa hamki, folbinga, allaqanday oqimlarga ishonishadi, chunki ular mu’jizalar va’da etishadi. 
- Istaymizmi, yo‘qmi - oilani tutib turadigan zanjir farzand,- bosiqlik bilan gap boshlaydi Behbudxon amaki,- o‘sha tadbirkor jiyanimizning dang‘illama hovlisi, chetel mashinalari bor edi-yu, Xudo farzanddan qisgan edi. Xotinini Moskvalarga ham olib bordi - naf bo‘lmadi. Yetti yildan keyin kelinning o‘zi: « Men endi ketaman, boshqasiga uylaning» debdi. Janjalsiz, gap-so‘zsiz ajralishdi. O‘n kunlar o‘tmay xotini telefon qilibdi: «Sovuq tushdi - sichqonlar daladan uyga kiradi - ko‘rpalarimizni kemirib tashlamasin, dori keltirib, seping», debdi. Aytganini qilgan bo‘lsa kerak; ancha vaqtdan keyin jiyanimiz issiq kiyimlarini izlab, xunob bo‘lib turganda, tag‘in telefon jiringlabdi: «Sovqotib qolmadingizmi, - debdi ayoli g‘amxo‘rlik bilan,- issiq kiyimlaringiz falon shifonerning falon tortmasida turibdi.» Keyin borib, kelinni olib keldi - yasholmadi chog‘imda. Shu orada erkak-ayol qavmlarni bir joyga to‘pladim: «Jiyanga yordam berishimiz kerak, u go‘daklar uyidan bola olmoqchi emas, biz, eshonzodamiz - ajdodimizga nasl-nasabi noaniq bo‘lganni qo‘sholmaymiz, deyabdi.» Dashtlik bir jo‘mard kelinimiz joyidan turdi: «Bo‘yimda to‘rt oylik bolam bor: bu - o‘shalarniki» dedi. «Roziman, - dedi eri ham, - bizda uch juft quloq bor!» Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Xullas, besh oydan keyin o‘g‘il tug‘ildi. Doktorlar emizgani olib kirishsa, «Men emizmayman - buning onasi o‘sha kelin» debdi. Jiyanimiz doktorlar bilan gaplashib, chaqaloqni olib chiqishdi, do‘konning suti bilan katta qilishdi. Ishonasizlarmi - yo‘qmi, yil o‘tmay, kelinning o‘zi ham homilador bo‘ldi. Hozir o‘g‘li ikkita..
O‘sha kuni Tog‘oshar amakining hikoyasi, ham maroqli bo‘ldi. 
- Maktabimizga urushdan keyingi yillar markazdan Zufarov degan kishi direktor bo‘lib keldilar. Uchinchi sinfda o‘qirdim o‘shanda. Qishlog‘imiz tog‘ orasida - qishda yo‘llarni qor bossa, shaharga borolmay qolardik; hozir ham shu. Zufarov muallimning yoshgina, juda suluv, shohista xotini ham botanikadan dars berardi. Ertalab desangiz, ikkovlari ko‘chada qo‘ltiqlashib, podrushka qilib maktabga borishardi. Ularning kattagina havorang soyabonlari bor edi: biz uni tutib ko‘rishni orzu qilardik. Yomg‘irli, qorli kunlarda ikkovlari shuning ostiga kirib, birday qadam tashlab yurishardi. Yoshu qari havas bilan poylashar, zohiran tomosha qilishardi. Zufarov muallim harbiycha gimnasterka kiyib olar, xrom etigini yaltillatib, qars-qars qilib yurardi. Doim u kishini qo‘ltiqlagan muallima sochini bitta qilib orqasiga tashlab olardi. U paytlarda, bizda ayollar boshlariga yopinchi tashlab yurishardi va bu hol hamma uchun g‘alati, batamom yangilik edi. Ularning ikkovlaridan ham juda xushbo‘y hid kelardi. Zufarov muallim bilan ko‘rishib qolsangiz, kaftingizda allamahalgacha dilni entiktiradigan ifor qolardi. Muallimadan esa boshqacha bir dilkash hid kelardi. Zufarov xotiniga «muallima» xotini esa eriga «muallim» deb murojaat qilishardi. Eh, juda boshqacha edi bularning bari. Biz - bolalar chashmadan suv tashib berardik. Shularning uyida birinchi marta «Rodina-49» radiopriyomnigini, primusni ko‘rgan edim. Bir kun deng, muallima maktabga yig‘lab keldi. Kiyinishi ham odmigina. Hamma tashvishga tushib, uni o‘rab oldi: «Iosif Vissarionovich Stalin olamdan o‘tdilar, dedi u ko‘z yoshlarini shashqator qilib, -endi qanday qilamiz?». Keyingi yillarga kelib, odamlar to‘ylarda vecher qiladigan bo‘lishdi. Ular ikkovlashib raislik qilishardi; Zufarov to‘rt qator she’r o‘qisa, muallima ham nozlanib to‘rt qator o‘qirdi. Eh, juda go‘zal edi! Biror oilada janjal chiqsa, er-xotin borib nasihatlar qilishardi, koyib berishardi. Qishlog‘imizda bola-chaqali bo‘lishdi; keyin ota-onalari keksayib qolgan ekan, shekilli, ko‘chib ketishdi. Qishloq huvillab qolganday bo‘ldi. Shunda ham yilda uch-to‘rt kelib, ta’ziya bo‘lgan eshiklarga kirib chiqishardi. Akobir degan raisimiz bor; otasi ham rais edi. Selxozni bitirib keldi. Bir oycha Zufarov muallimning hovlisida yashagan ekan. Shu aytdiki, bu gal muallim bilan muallima kelsalar, ko‘chadan podrushka qilib o‘tkazamiz. Baring chiqib, oyog‘i ostiga gul tashlab turasan. Rasmga olib qo‘yamiz». O‘zlari ham bahorda - gul serob bo‘lgan vaqtda kelib qolishdi. Butun qishloq ko‘chib chiqdi deng. Endi gulni tashlayabmiz, tashlayapmiz. Hayajonlanib, hayron bo‘lib qolishdi. Maktabga yetar-etmas ariq bor edi: Zufarov muallim o‘sha zamonlar ariqning ikki roshiga daraxt o‘tqazgandi: do‘lana, yong‘oq, terak… deganday qo‘lga ilinganini. Ko‘pini mollar yeb ketdi, bizda gaz yo‘q -o‘tinga ham kesib ketishdi - o‘qimagan odamlarda. Lekin o‘n-o‘n beshtachasi hozir ham turibdi - quchoqqa sig‘maydigan bo‘lgan. Muallim yangani qo‘ltiqlab o‘sha yergacha bordi-yu, o‘pkasi to‘lib ketdi: bitta daraxtni quchoqlab yig‘lab yubordi. Muallima xavotirga tushib qoldi. «Bu kishining yig‘laganini ko‘rmagandim», dedi rangi uchib…
- Gap o‘qigan o‘qimaganda emas,- uning gapini ilib ketdi iikinchi suhbatdosh. - Bizning qishloqda Devkor ota degan dehqon bor edilar. Ketmonlari quchog‘imga sig‘masdi - katta edi. Shu kishi bir kechada qishloqda hovuz qazib, suvga to‘ldirib qo‘yganlar. Ertalab odamlar turib qarashsa, yangi hovuz bo‘yida kampirlari damlab kelgan rayhonli choyni ichib o‘tirgan ekanlar. Ko‘plar ishonmaydi; lekin shu hovuz hozir ham bor. Kanal qazishda Oxunboboev: «Siz haqiqiy devkor ekansiz» degandan keyin nomlari shunaqa bo‘lib qolgan. Tokka chopiqqa chiqardik - bir biqinini u kishi ag‘darardi, bu yog‘ini uch kishi zo‘rg‘a ulgurardik. Qaerda ishlasalar, kampirlari ro‘molchaga tushliklarini bog‘lab olib borardi. Onaxonimiz yelkaga toza sochiqni tashlab, Devkor bobomizning qo‘llariga o‘zgacha bir ehtirom ila suv quyardilar. Devkor bobo kampirlarini siz-sizlab gapirardilar; bolalari, nabiralarini ham…Kampirlari mayda bargli, qora chinni rayhonni xush ko‘rardilar: tomorqalari atrofiga, supalari bo‘yiga faqat shunaqa rayhon ekardilar. Bitta shoxchasini quloqlari ustiga taqib ham yurardilar. Kuzda quritib olardilar: qish bo‘yi ovqatga ham, choyga ham shuning talqonini solardilar. Chol-kampirdan ham, hovlilari, dasturxonlaridan ham rayhonning hidi kelib turardi. To‘qsonga kirishdi. Bir kun Devkor bobo ertalab tursalar, kampirlari bandachilikni bajo keltirib qo‘yibdi. U kishi ham shundaygina yoniga yiqilib, jon beradilar. Qishloqda yig‘lamagan odam qolmadi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman: go‘rkov ham yum-yum yig‘lab go‘r qazigandi. Bo‘lmasa maktab ko‘rmagan odamlar edilar. 
- O‘sha Zufarov muallimni bultur televizordan ko‘rsatishdi,- chala qolgan kalomini davom ettiradi Tog‘oshar amaki.- «Kelin-kuyov» degan ko‘rsatuv bor-ku - shunda. Chol-kampir keksayib qolgan bo‘lishsa hamki, ruhlari chog‘, bir-birlariga avvalgiday yarashiq. Zufarov muallimdan uzoq yashashinig sirini so‘rashdi. «Baxtli odamgina uzoq yashashi mumkin. Odamni baxtli qiladigan narsa - yaxshi oila», - dedi u kishi.
- Gap o‘qigan, o‘qimagandamas; sizlab yo sennab gapirgandayammas,- suhbatni ilib ketadi dashtlik amaki,- xotinim meni sennardi; kazachka edi. Armiyadan obqochib kegandim. Enamdi ochchuvi chig‘ardi: «ulimdi sen dema», deb. Olov edi o‘ziyam: bir o‘pka brigadimiz meni urmoqchi bo‘g‘anda, jag‘asidan ob, itarib tashlovdi. Obqochib keganimdan so‘ng, ota-enasiga qat jozib, bor gapdi aytdik. Hapta o‘tmay, javob keldi:
«Biz pol ochdirgan eydik: u seni sart manan qochib ketganingni aytdi. Qaytib kesang, gunoyingdan o‘tamiz; agar kemasang, ular seni o‘ldirarmish». 
Biz rosa kuldik, jil o‘tmay ulli ham bo‘ldik. Yakka parzand bo‘g‘ani sabab, ancha erka bo‘b o‘sdi. Qaydanam nasha chekadigannarga qo‘shilib qog‘an akan deng, ukkoor, uyimizni kuydirdi: bor bisotimizni sotib, nasha chekadigan bo‘ldi, bachchag‘ar. Kunimiz ovurlashib qoldi. Men mardikorchilikka ketganimda, enasini bug‘ib, tilla tishini sug‘urib obdi. Xotinim balnitsada uzildi. Bolani qamab juborishdi. Innakeyin men baqqa keldim…
Ertasi boshqa joyda, tag‘in Behbudxon aka atrofida to‘planishadi. Davraga yangidan-yangi odamlar qo‘shiladi. Har kun g‘ayri-g‘ayri mavzuda suhbatlashadilar:
- Mana shu shoxga qarang, deydi Shoir, qadimiy chinorning baland, muallaqday turgan shoxiga imlab,- bultur bir otaxonni olib kelishdi, ha yetmishlardan oshgan edi o‘ziyam. Amaldor-pamaldor bo‘lganmi - ancha sipo, ammo dili g‘am-u g‘ussaga to‘lib ketgani ko‘zidan bilinib turardi, o‘pkasi to‘lib ketgan bola bo‘ladi-ku - shunga o‘xshardi. Saharlar shovqun-suron bo‘lib qoldi. O‘yg‘onsak, otaxon sallasini sirtmoq qilib, o‘zini hov ana u shoxga osib qo‘yibdi. Qanday qilib u yerga chiqqan - aql bovar qilmaydi. Militsiyadan odam keldi, noiloj kran bilan tushirib olishdi. Odamlari bor ekan: olib ketishdi. Lekin nima sitam o‘tganini bilolmay qoldik. 
- Insonning dili g‘aladon emaski, bunday titkilab keragini topib olsang, - dedi Behbudxon amaki.
- Ha, boboyning ko‘zi xuddi tirikday edi,- davom etdi Shoir,- o‘zim yopib qo‘ydim - taomil shunaqa. Mayitdan qo‘rqmaslik kerak - mana shu chorrahamizda «Damas» bir bolani urib yuborgandi. Bolakayning kitob daftarlari sochilib ketdi. Bir rus ayol yugurib borib, bechorani ko‘tarib oldi-yu, bag‘riga bosdi: haligi sho‘rlik ham najotkorini topganday, uning yelkasiga bosh qo‘ydi. Bir ozdan keyin boshini ko‘tarib, bizga qaradi. Men uning nigohlaridan: «Nega meni bu kuyga soldilaring?!», degan o‘kinchni uqqanday bo‘ldim. Keyin tag‘in boshi engashdi, haligi ayol faryod solib yig‘lashga tushdi - bola o‘lib qolgan ekan. Keyin bolakayni men oldim: armonli ko‘zlari ochiq edi sho‘rlikning, chunki u hali ko‘p narsani ko‘rishga haqli edi-da. Uning nigohi hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Keyin mijjalarini beozor yopib qo‘yganman. Gohida tushlarimga kiradi. Unga bag‘ishlab she’r ham yozganman.
- Bizning jufti halolimiz,- davom ettirdi Behbudxon amaki,- qirq uch yoshga kirganda, ko‘kragi ustiga maydagina bez chiqdi - o‘zi juda qo‘rqib ketdi. Dadasining ham naq shu yoshda, aynan shu yeridan bez chiqqan va oxir-oqibat sho‘rlikni olib ketgan ekan-da! Tanish doktorga olib bordik - tasalli berdi: «Bu hech gap emas, o‘zim davolayman», dedi. Anchayin yengil tortdik. Ammo la’nati bez kattarib, ayolimizning ishtahasi bo‘g‘iladigan, madorsizlanadigan bo‘lib qoldi. Keyin bir professorga olib bordim, u ham va’da berdi, aytgan dori-darmonini topib keldim, pul deganini ayamadim; har borganimda, egilmagan boshimni doktor-u hamshiralarga egardim, iltijolar qilardim, chunki hayotimni yolg‘iz tasavvur qilsam, dilimni vahima bosardi. O‘zi fan kandidati edi: Jadidlar to‘g‘risida ilmiy ish qilgandi. Keyin desangiz, Toshkentga olib bordik. «Kechikibsizlar», deyishdi, ular sovuqqina. Hayotining oxirgi kunlari cho‘p-ustixonga aylanib qoldi. Ko‘zimga iltijoli boqib: «Mahmudxo‘ja bobomizning qabrlarini topishsa, o‘shanga gul qo‘ysam, deb orzu qilgandim, ammo afsus…» dedi. O‘zim ham yig‘lab yubordim. Loaqal haykallari bo‘lganda ham, so‘nggi armoni o‘zi bilan ketmagan bo‘larmidi… deymanda… 
Oraga mavhumgina sukunat cho‘kdi. Behbudxon amaki jilla o‘zgacha ohangda davom etdi:
- Bu go‘shaga kelguncha inson qadri, uning so‘nggi yo‘li, oxirati haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Tabaruk urflarimiz xoru xasday beqadr bo‘lsa, insoniyligimiz qaerda qoladi bizning?! Va shu bilan o‘z xatolarim haqida ham o‘ylaydigan bo‘lganman. Bizda biror dargohda ta’ziya bo‘lsa, o‘ttiz-qirqlab qavmlar bel bog‘lashadi; tobutning ortidan butun mahalla, korxona ergashadi, unga yelka tutishga navbat yetmay qoladi; yigirma, qirq kunligi, yiligini xotirlab, xalqqa osh berishadi; qabriga qimmatbaho toshlar qo‘yishadi; gohida yillab televizor qo‘yishmaydi, muzika tinglashmaydi. Buni insonning qadri, uning ruhi pokiga ehtirom desa bo‘ladi. Zero, inson, u hayotmi yoki marhummi ana shu qadr-qiymatga loyiq! Shunisii bilangina u o‘zga maxluqlardan farq qiladi. Rahbar bo‘lgan paytimda bunga qarshi chiqqandim - o‘ylab qarasam, gumrohlik qilgan ekanman. Vaholanki, qaybiram donishmandning kitobida xalqning urf-odatlariga keskin qarshi chiqqanlar ko‘pchilikning nafratiga duchor bo‘lishini o‘qigan edim. Nachora, bizning eng katta xatomiz - o‘z xatolarimizni takrorlab turishimizda ekan.
- Lekin shunga qaramay, urf-odatlar yillar o‘tishi bilan o‘zgarib, takomillashib borarkan, - dedi Chuchukxon aya,- bizning yoshligimizda tuylar ham azalar ham batamom boshqacha edi. Bugun…
- Keksalik - bugunni tanqid qilishdan boshlanadi, deyishadi,- luqma tashlaydi kimdir. Bizning davrimiz o‘tib bo‘ldi - keksaydik. Televizorda bir olim XX1 asrni detektiv va estrada asri deb atadi. Shu gapda jon borga o‘xshaydi. Avallari insonning qadru-qiymati boshqacha edi. «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» degan shior ham bo‘lardi. 

* * *

Faqat oila, baxt haqidaginamas, yaxshi odamlar, oxirat, adabiyot, falsafa, siyosat borasida ham guftigo‘lar, munozaralar bo‘lib turadi bu gapxonada. Ayniqsa, Chuchukxon aya aynan ana shu mavzulardagi suhbatni xush ko‘radi, gohida bahslarga qo‘shilib ketadi. 
- Siz meni nigilistlikka ayblayabsiz,- deydi u Behbudxon amakiga e’tiroz bildirgan bo‘lib,- xush aytingchi, bugungi adabiyotga, teatrga tan berasizmi? Pul to‘lab, beburd kitoblar chiqarishayabdi, shaldiroq spektakllar qo‘yishayabdi - adabiy tanqidning esa ovozi eshitilmaydi. 
- Nigilizm - normal hol,- falsafiy qarashlarini ifodalashga kirishadi Behbudxon amaki eminlik ila,- lekin kuchli kishining inkori bilan nodonning hech nimarsani tan olmasligini bir-biridan farqlay bilish kerak. Kuchli shaxs u yo bu hodisani inkor etganda, o‘rniga undan qutulish bo‘yicha taklif kiritadi, karaxt tuyg‘ularni uyg‘otaoladi. Nodon esa aynan o‘zining xomakligini xaspo‘shlash uchun barining ustidan chiziq tortadi. Tabiiyki, o‘ziga o‘xshaganlar davrasida, u ana shu nigilizmi bilan ochko ishlaydi. Endi, adabiyot, teatr, adabiy tanqid va siz aytgan kitoblar masalasida: kuchli adabiyot yoki sahna asari bo‘lmagan joyda tanqidchi faol bo‘lolmaydi. Yangi davr keldi - ko‘z o‘ngimizda dunyo o‘zgardi. Xush adabiyotchi? Bugun yangi iste’dodlar kerak! Adabiy tanqidga undan keyingina ish fronti topilishi mumkin; axir Pushkin, Gogollar yangi adabiyot yaratmaganda, Belinskiylar paydo bo‘lmasdi-ku! 
- Nazarimda Belinskiy, Chernishevskiylar adabiy tanqidchidan ko‘ra ko‘proq faylasufga o‘xshashadi. Ularni tanitgan narsa aynan ana shu falsafiy qarashlar. 
- Lekin falsafada ular ham eramizdan ilgari yashagan yunon olimlari qo‘liga suv quyisholmadi, chunki davomiylik bo‘lmadi. Muqaddas joy bo‘sh turmaydi, deyishadi: biz intizor bo‘lgan daholarning kechikishi sabab, bo‘shliqni betamiz asarlar to‘ldirayabdi. Zero, gul o‘nmagan joyga alaf chiqishi tabiiy. 
- Falsafiy masalalarda men ham sizning qo‘lingizga suv quyolmasligimni fahmlayman, - tan oladi, andak sukutdan keyin Chuchukxon aya,- ammo bugun odamlar kitob o‘qimay qo‘yganining sababini ko‘proq televizordan ko‘raman. Bariga o‘sha sabab. 
- Televizor va internet taraqqiy etgan Yaponiya, Amerikada kitobxonlik darajasi avvalgidan ham baland-ku...
- Ha, to‘g‘ri, ammo siz boya aytgan yo‘l boshlovchi dahoning yuzaga kelishi uchun zamin va zarurat ham kerak-ku. Ehtimol shu omil oqsoqdir. Buning ustiga iqtisodiy tanglik - kitob xarid qilish uchun pul…
- Yo‘q, yo‘q, shoshib inkor etadi Behbudxon amaki va munosib tinglovchi topganidan quvonib, zavqu shavq bilan davom etadi. 
- E’tibor berganmisiz, aynan yozuvchilarimiz o‘rtaga: «Adabiyot o‘ladimi?» degan xavotirona savol tashlashadi va shosha-pisha uni inkor etishga kirishadi. Yoki: har bir ijodkor zohiran, gohida botinan «Men zo‘r asar yozdim!» deydi. Aslida bir faylasuf aytganday, hamma narsaga shubha bilan qarash kerak. Adabiyotning o‘limiga ham, zo‘r asar yozilganiga ham shubha bilan qarayman…Lekin, mening nazarimda, bugun kitob o‘qimay qo‘yganimizning tag‘in bir muhim sababi bor. 
- Xush?
- Nemis faylasuflaridan biri: «Eshik ortida dahshatli mehmon turibdi, uning nomi - nigilizm» degan edi. Bu mehmon endilikda biz uchun ichkariga kirdi va uni ko‘rib turibmiz. U ko‘z o‘ngimizda o‘z ishini boshladi: sarosimalanmay, ikkilanmay - biz ne-ne mashaqqatlar ila tiklagan va davomli qarsaklar bilan ochgan haykallarni nopisand buzaboshladi. Biz andak sergak tortib, kalovlanib qoldik. 
- Yaxshi tushunolmadim. 
- Tushunarliroq bo‘lishi uchun ko‘z o‘ngingizga X1X asrni keltirishingizni so‘rardim. Qanchadan-qancha amirlar, xonlar, dohiylar va daholar bor edi o‘shanda ham. Biz aytgan mehmon tashrif buyurib, barmoq bilan sanarli va gohida kutilmagan kishilargagiga shohsupadan joy berdi. Nachora, haykallar qurish va unga sig‘inish qonimizda bor. Lekin men aminmanki, o‘sha mehmon biz sig‘ingan dohiy va daholarning barmoq bilan sanarlisini qoldiradi. 
Chuchukxon aya bu gal bag‘oyat takalluf va samimiylik ila so‘radi: 
- Xush, o‘sha nigilizmning yoki nogahoniy mehmonning kitob o‘qish, o‘qimasligimizga nima daxli bor? 
- Ha, u faqat haykallarni buzish bilan cheklanmay, bizning dilimizga shubha, g‘ulg‘ula soldi: bugungi jarayonlarga nopisand qarashni o‘rgatdi va o‘zimiz qadrlagan ko‘pgina kitoblarni ko‘z o‘ngimizda jarlikka uloqtiraboshladi. 

* * *

Quyoshli kunlardan biri edi - davrada yangi-yangi otaxon-u onaxonlar qo‘shilgandilar, hatto Afg‘on ham xotinini yetaklab kelgandi. Kimdir shoirni yo‘qladi - uning qaerdaligini hamxonasi Behbudxon aka ham aytib berolmadi. Va gap o‘zani, beixtiyor shu odamga qarab burildi. 
- Bariga araq sabab, deymiz-u, ammo uni shishaga do‘st qilgan vaziyatlar haqida kam gapiramiz,- dedi Behbudxon amaki,- Aslida masalaning sababiga emas, sababining sababiga nazar tashlashga to‘g‘ri keladi. O‘zining aytishicha, birinchi xotini bilan turmushlari tuzuk bo‘lgan ekan, ammo qaynanasi noasil chiqibdi: har nimarsaga aralashib, mashmasha qilaveradigan, qizini yo‘ldan uradigan xilidan ekan. Xotini yomon emas ekan-u, onasinikiga borib kelsa, tumshayadigan, jizzakilik qiladigan, ro‘zg‘ordagi gapni tashqariga olib chiqadigan xunuk odati bor ekan. Sabr kosasi to‘lgan er kunlardan birida tarsaki tortib yuboribdi! Qurg‘ur qaynana buni eshitib, qizini olib ketibdi. Qo‘lida o‘g‘ilchasi ham bor ekan. Orqasidan borishga esa hamiyat-u nafsoniyati yo‘l bermagan. Shoir odam… Keyin xotini va o‘g‘ilchasini sog‘inganda, alamini araqdan oladigan odat chiqargan chog‘i. Albatta, iroda kerak edi! Ammo har bir illatning ildizini jamiyatdan, tuzumdan izlash joiz. 
- Shu kishining ism-sharifi nima? - nogahonda Behbudxon akaga yuzlandi Afg‘on. 
- Kelgan kunlarim so‘raganimda, «Taxallusim - Aro‘ziy», degandi. «Siz aruzda ham she’r yozarkansiz-da», deb so‘radim. « Taxallus tanlashda «arab» va «o‘zbek» so‘zlarining birinchi bo‘g‘inini olganman», degandi. Keyin haqiqiy ism-sharifi bilan qiziqmay qo‘ydim. 
- Lekin mast bo‘lsa, juda ko‘yushqondan chiqarkan,- davom etdi Afg‘on,- bultur u korpusda yashaganimda, kayfi oshib borib qolgan ekan. Og‘zidan shodi kirib, bodi chiqdi: «Hov, olomon, poeziyaning nimaligini bilmaydigan benavo poda,- dedi barimizga qarab,- hov, sag‘ir keksalar, qari timsohlar! Sizlarni bu yerga nima yetaklab keldi? Sizdaylar bilan yashash itimga or, mushugimga nomus!» Biz indamay qo‘yaqoldik. 
Shu payt darvoza oldida nogahoniy g‘ala-g‘ovur boshlandi va tahlikali ovozlar balandlashabordi. Bular orasidan Shoirning ovozini tanigan Behbudxon aka o‘rnidan turib, xavotorona o‘sha tomonga yo‘l oldi, boshqalar ham unga ergashdilar. Qarashsa, kayfi taroq Shoir qorovulning giribonidan olib, og‘ziga kelganini to‘kib solayabdi. «Bu - jallod? Jo‘ramning xunini olmasam, qo‘ymayman…» Qorovul esa o‘zini vazminlikka olar, lekin xonachasiga olib kirish, o‘ch olish ishtiyoqi bilan yonardi. Ularni ajratib olishdi. Ertasi Shoir hijolat tortib hamxonalaridan uzr so‘radi va hasratlarini to‘kib soldi. 
- Madaniyat boshqarmasida ishlaganimda bir eroniy bilan do‘stlashib qolgandik. O‘zi bo‘sh-bayov, og‘zidan gapi tushib ketadigan nobarorgina edi. Shuning oltmish besh yillik to‘yiga borgandim. Kampiri ikkalasini deng, to‘rdagi baland shohsupaga o‘tqazib qo‘yishibdi. Mehmon to‘lib ketgan. Farzandlar, nabiralar: «otajon», «bobojon», deb kaftlariga ko‘tarishayabdi. Kelgan mehmonning ko‘ltig‘ida sovg‘a-salom. Men ham iljayib o‘tirdim-u, ammo juda xo‘rligim keldi. Nega keksayganda birov shohsupada, boshqa birov esa g‘aribxonada bo‘lishi kerak?! Ey, falak, bu ne ko‘rgulik, deb o‘kindim. Rosti gapki, alamimdan ichdim. O‘zim dardga to‘lib kelayabman-u, bu betamiz Bokser yo‘limni to‘sgani ortiqcha. 
- Axir, u uychasiga olib kirib… - xavotirini yashirmadi Behbudxon amaki 
- He, domla, baridan to‘yib ketdim; shunisiga ham rozi edim. Bunaqa yashagandan ko‘ra…

* * *

Alhazar, demoq kerak, tovba demoq joiz. 
Qora bo‘yoqlarni ko‘paytirish chikora. Saxovat uylari va undagi muysafidlar hayotiga qora ko‘zoynak bilan qarash gunohi azim-ku! Chorasiz yo kimsasiz qolganlarga maskan-u makon bo‘lgan dargoh-ku, axir u! 
Ammo gohida, odamlar dunyoda oq bo‘yoqlar borligini bilishlari, uni qadrlashlari uchun qora bo‘yoqlarni ko‘rsatib qo‘yish kerak. Spartakning o‘z ho‘jasiga: « Mayli, meni ur, ammo so‘zimga quloq sol» degan gapini eslaysizmi? Ro‘zg‘origa andak sovuqlik tushgan er yoki xotinga: «Mayli, meni ur, ammo oilangni barbod qilma», degisi keladi kishining. Nachora va tag‘in nachora, avval aytganimizdek, odamlarning eng katta xatolari - o‘z xatolarini takrorlab turishlarida ekan! 
E’tibor berganmisiz,- deydi Behbudxon amaki gap orasida bot-bot,- ajralishga ariza berganlarga sud o‘ylab olish uchun bir necha oylik muddat beradi. Undan ko‘ra, shu go‘shaga keltirib, fojieani ko‘rgazish foydaliroq bo‘lurdi.
Bu ibratxonani g‘aribxona yoki g‘urbatxona deyish noo‘rin. 
Bahorda qabriston ustini qip-qizil lolaqizg‘aldoq qoplaganini ko‘rganmisiz? Yo‘q, yo‘q… 
Qish kunlari shishaday tiniq osmonda yulduzlar jilva qilganini tomosha qilganmisiz? Aslida inson har qanday vaziyat va sharoitda ham shirin orzular bilan yashaydi, bardam va umidvor ruhini yo‘qotmaydi. Inson hayoti hamisha ezgulik va yaxshilikka intilishdan iboratdir. Hatto Azroilni ham tabassum bilan kutib olgan kishilarni bilamiz. 

* * *

Tushlikda Behbudxon amaki, beixtiyor Chuchukxon ayaning yoniga borib o‘tirdi. Hazil va hangomaga moyil muysafidlar bir-birlariga sirli nigoh tashlab qo‘ydilar. Ko‘p o‘tmay Shoir o‘rnidan turib, hammaning diqqatini tortdi. 
- Bugungi to‘yimizga uzoq-yaqindan kelgan aziz mehmonlar! Men hozir kelin-kuyov sha’niga she’r o‘qimoqchiman.
U nogahonda Behbudxon aka va Chuchukxon aya tomonga ishora etib, qiroat qilaketdi.
Hur muhabbat shodasida ikki marjon ikkingiz,
Ishq-u sevgi olamida oy-yu osmon ikkingiz! 
Ikki yoshning sevgisiga keksalar uyi guvoh 
Bo‘lsa to‘fon, bo‘lsa to‘zon, misli qalqon ikkingiz.
Oshxonada hozir bo‘lganlar bolakaylarga o‘xshab beg‘ubor kulishdi Xuddi shu payt kimdir qo‘lidagi radiolaning ovozini ko‘tarib yubordi va sho‘x ohang yangrab, zavq bilan o‘yinga tushib ketishdi, hatto nogironlar ham hassalarini devorga suyab qo‘yib, mastona raqs qilaboshladilar. 
Shu shikasta dillarga lahzalik bo‘lsa ham, shodlik va nuri munavvar ato etganing uchun O‘zingga va faqat O‘zingga beadad shukronalar bo‘lsin! 
Nogahonda mazkur holning guvohi bo‘lgan odam, garchand tuyg‘ulari o‘tmaslashib ketgan bo‘lsa hamki, buni haqiqiy baxtli keksalik, deb atashi tabiiy! «Kelin-kuyov» quvonch va hijolat oralig‘ida turgan mahalda va kutilmaganda, bir guruh mehmonlar kirib kelishdi - bular Behbudxon akaning o‘g‘li, haligi boyvachcha jiyani, nabiralari va boshqa qavmlari edi. Ular andak angrayib, sarosimalanib turishdi va qo‘llaridagi sovg‘a-salomlarni bir chekkaga qo‘yib, beixtiyor o‘yinga tushib ketishdi. 

* * *

So‘nggi paytlarda Saxovat uyida Narzi daroz, uning uzun oyog‘i, beso‘naqay «to‘rt oyoqli cho‘bin oti» haqida bot-bot gapiriladigan, hazil-mutoyiba qilinadigan bo‘lib qoldi. Shoirning ikki qator hazil she’ri ko‘pchilikning og‘ziga ham tushdi: 
Tomda tobut yotodi, 
Ayag‘i sovuq qotodi…
Bularning bariga aniqlik kiritish uchun andak chekinish qilishga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shni mahallada Narzi daroz degan novcha bir amaki kasallanib qoladi-yu, qizini chaqirib ( o‘g‘li yo‘q ekan, rahmatlining) vasiyat qiladi: «Men uziladiganga o‘xshayman. Ammo chamalab ko‘rsam, qabristondagi tobut menga bo‘y bermas ekan, bitta uzunroq qilib yasatib qo‘y; Iskandarning qo‘liga o‘xshab oyog‘im tobutdan tashqari bo‘lmasin…». Qizi zudlik bilan… Ammo qurg‘ur usta mo‘ljaldan uzunroq qilib yasagani sabab, u juda beo‘xshov bo‘lib chiqadi. Nachora. Narzi daroz olamdan ko‘z yumgach ( oxirati baxayr bo‘lsin), vasiyatini bajo keltirib, shu tobutga yotqizishadi.
Odamlarga avval non kerak, keyin hangoma deb eshitganmisiz. Boshqa gap qurib ketganday, mahallada, qabristonda ham odamlar nuqul ana shu tobutning haddan tashqari beso‘naqayligi, g‘ayritabiiyligini gapiradigan bo‘ladilar. Buning ustiga ancha joyni egallab yotishi ham... Mahalla fuqarolarining yig‘ilishida bir boyvachcha keksalar uyining tobuti bilan mozorini ajratishni taklif qiladi; bunga ularning kimsasiz va g‘aribliklarini ochiqdan-ochiq vaj qilib ko‘rsatadi. Tabiiyki, ko‘pni ko‘rgan muysafidlar unga qarshi chiqib, hamma ham Yaratganning bandasi ekanligini, kibrga hojat yo‘qligini aytib, pand-nasihat qiladilar. Shunga qaramay, muayyan to‘xtamga kelisholmaydi; ammo mahalla oqsoqoli tobutdan, aniqrog‘i, malomatlardan qutulish uchun uni Saxovat uyiga berib yuborish lozim, degan fikrga keladi. Sim qoqib, direktorning roziligini olgach, o‘zi mashinaga orttirib, zudlik bilan bularning hovlisiga tushirib ketadi. Ammo tobut oddiy quti emaski, u bee’tibor turaversa. O‘tgan-ketgan ajablanib qarayveradi, so‘rayveradi. Ko‘tara noxushlik… Otaxonlar tobutni o‘rniga eltib qo‘yishni maslahat berishadi, ammo «Demak» so‘zidan qaytolmaydi va six ham kuymasin, kabob ham deganlaridek, tobutni chortoqqa chiqarib qo‘yishni buyuradi. 
- Bu xosiyatsiz narsa,- deydi Behbudxon amaki,- uning tomda turishi ham nojoiz. Odamlarimizning asablari, ruhiy holatlari o‘zingizga ayon…Arzimas bahona ham noxush ta’sir etishi mumkin. Ammo direktorning chekingisi kelmaydi.
Avval tobut haqida askiyalar qilishadi, latifalar to‘qishadi. Iskandarningg qo‘li va Narzi darozning oyog‘i tobutga sig‘mabdi, degan gap va Shoirning she’ri naqlga aylanib ketadi. Bu ham mayli, tomdagi tobut va undagi allaqanday arvoh asabi bo‘shlarning tushlariga kiraboshlaydi. Jumladan, sho‘rlik Afg‘on uyqusizlik dardiga duchor bo‘ladi: tuni bilan devonavor hovli kezib yuradigan yoki bir nuqtaga tikilib xayol suradigan; serxarxasha, o‘chakuvchan, injiq bo‘lib qoladi.

* * *

Kech kuz kunlaridan, aniqrog‘i tunlaridan birida kattiq shamol turdi. Nogahoniy qor aralash yomg‘ir derazalarni xavotirona chertaboshladi. Daraxt shoxi sinib, elektr simlarini uzib yubordi - rutubatli zulmat, dilni vahimaga soladigan chaqmoq, momoqaldiroq boshlandi.
Uyqulari qochgan muysafidlar yupqa ko‘rpalarini ustlariga tortib, hademay allaqanday noxushlik ro‘y beradiganday sukut saqlashardi. 
- Dezdemona, o‘yg‘oqmisan,- xavotir aralash so‘raydi Flora xola. Bilasanmi - men Ukrainada o‘lishni istardim.
- O‘lim haqida gapirmang…iltimos. 
- Pulni shuning uchun jamg‘arayotgandim. Xonumonimni barbod qilishdi. Fashistlar bostirib kelganda, o‘n yetti yoshda edim: oilada ikki qiz edik; uyimiz Lvov shahri yaqinida edi. Oyim bilan dadam bizni yer-u ko‘kka ishonishmasdi. G‘alabadan keyin ularni qanchalik izlaganimni bilganingda edi. O‘zbekistonga kelib ham, hamma joyga xatlar yo‘lladim…
U tin oladi va shamol susayishi bilan tag‘in davom ettiradi:
- Taras Shevchenkoning she’rini bilasanmi? 
O‘lsam mening jasadim,
Ukrainaga ko‘milsin. 
Qabrim u keng dalaning 
Eng o‘rtasida bo‘lsin! 
Poyoni yo‘q ona yer 
Va zangori Dnepr 
Ko‘rinib tursin menga… 
Ayol sukut saqlaydi va bu holdan ikkovlari ham zim-ziyo sukunatdan vahimaga tushishadi. Flora xola davom ettiradi:
- Mabodo o‘lib qolsam…
- O‘lim haqida gapirmang. 
- Mayli, men yoshimni yashadim, ammo sen xor bo‘lma: o‘sha sipoyiga tezroq tegib ol. Kiborlar jamiyatining arzandasiga o‘xshaydi u va omad bunday toifalarga bot-bot o‘ng qo‘lini cho‘zishini bilaman. U xushfe’l, saxiy odam: menga pul berdi. « O‘ksimang, buni ichki cho‘ntagingizga solib yuring - dilingizga quvvat bo‘ladi, ammo hech kimga aytmang» dedi. Sen ulgurishga ulgur! Uni sevishingni bilaman. U ham… 
- Flora xola,- o‘sha qo‘rquv va xavotir aralash uning gapini kesadi Chuchukxon aya,- sevgiga balo bormi shu tobda? Bu gaplar o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlilarga yarashadi. Menga esa… takyagoh kerak. Mana shundan vahimali daqiqalarda, dilimga quvvat beradigan, kechasi yomon tushlardan qo‘rqib o‘yg‘onganimda: «Qo‘rqma, azizim, yoningda men borman», - deydigan, dilim behudud hasratlarga to‘lib ketganda, ko‘z yoshlarimni mehribonona artib qo‘yadigan qo‘l kerak. Mabodo o‘lib qolsam, bel bog‘laydigan, dilxun bo‘lib yig‘laydigan jigargo‘sham bo‘lishini orzu qilaman. O‘sha qadrdonim bilan qo‘ltiqlashib teatrlarga, to‘ylar, bazmlarga borishni o‘ylayman. Ishonsangiz, teatr, bazmlarga bormaganimga ham ko‘p yillar bo‘lib ketdi! Tag‘in: uyimiz oldidagi bir parcha zaminga chinni rayhonlar ekishni o‘ylayman. Yana bilasizmi nimani orzu qilaman: yelkamga oppoq, harir sochiq tutib, o‘sha yaxshi ko‘rgan odamimning qo‘liga suv quyishni… Nabiralarim bo‘lsa deyman: ularni muzika maktabiga o‘zim olib borib, olib kelishni istayman… Tushlarimda allaqanday mahbub bir qo‘l yelkalarimni, bellarimni oppoq qo‘llari bilan mehribonona o‘qalaganday bo‘ladi. O‘yg‘onib ketib esa, o‘zimni suvaraklar, kalamushlar izg‘ib yurgan tor va badbo‘y uychada ko‘raman. Bu dahshatli azob emasmi? Shunday yashasang-ki, o‘lsang, go‘rkov ham yum-yum yig‘lasa deyman… Siz bo‘lsangiz, vahima orasida sevgi haqida gapirasiz, yoki o‘limni yodga solib, dilimni xufton qilasiz…
- Dezdemona, Ukrainada mening singlim bo‘lishi kerak - o‘shani topsam, deyman. Boshimning ostida daftar bor - o‘lib qolsam, daftarni o‘shanga yetkaz….
Bir pasgina tin olgan shamol tag‘in kuchayaboshladi, ko‘p o‘tmay chaqmoq chaqdi va momoqaldiroq g‘ayritabiiy qattiq qarsilladi. Tomda allanima shitirlaganday, yurayotganday bo‘ldi. Tashqarida itlar bezovta vovullayboshladilar. Qo‘rqib ketgan Chuchukxon aya o‘zini tashqariga oldi va nima qilishini bilmay, yettinchi xonaning eshigini taqillatdi. Bu yerda ham vahima ichida o‘tirganlar seskanib tushishdi.. 
- Behbudxon aka,- zorlandi ayol,- qo‘rqib ketayapman - rahmingiz kelsin. Tomda birov yurganday bo‘layabdi. Yoningizda o‘tirsam maylimi? 
U yengilgina hansirar, nimalar haqidadir gapirgisi va shu bilan qo‘rquv, yolg‘izlikni yenggisi kelayotganligi ko‘rinib turardi. 
- Keling, men ham qo‘rqayapman,- dedi Behbudxon amaki, qorong‘uda uning qo‘llarini umidvor izlar ekan. 
Shu payt koridorda birovning nogahoniy faryodi eshitildi, nimadir taqirlab ketdi. «Dod, musulmonlar, qutqaringlar! Narzi daroz kelayabdi: qo‘lida granata. Granata! Granata!!!»
- Afg‘on jinni bo‘lib qoldi,- deydi Behbudxon amaki o‘ksib. 
- Chuchukxon,- deydi u mahbub va mehribon ohangda, tobora pinjiga tiqilaytgan ayolga, - siz haq ekansiz: bu yer bizning joyimiz emas ekan. Ketamiz!
Chuchukxon javob qaytarmay, tag‘in uning pinjiga tiqiladi.
Afg‘on yana vahima aralash baqiradi, qorovulning sertahdid ovozi eshitiladi; u kimnidir onangni …deb so‘kadi. Tapur-tupur boshlanadi, allakimning ingragan, dardli ovozi eshitiladi.
- Boksyor Afg‘onni urayabdi,- deydi boyadan beri jim o‘tirgan Shoir g‘azab bilan.

2008 

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.