OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'ktam Mirzayor. Hiyla (hajviya)

Mehriddin polvon katak qurdi. Hafta o‘tib  bozordan beshta tovuq sotib oldi. Katta hovlida tovuqlar yayrab qoldi. Mehriddin polvonning das–turxoniga baraka kirdi. Har kuni uch-to‘rtta tuxum deganday... 
Xonadonda qari ko‘ppak Cho‘mmoqning tashvishi ko‘payganini aytmasa, hamma ish joyida edi. Cho‘mmoq  hovli atrofida boshlangan g‘imir-g‘imirlardan xavfsirab kechalari bezovta bo‘lib chiqar, katak atrofida o‘ralashib qolganlarni poylab, tong ottirardi. Bir necha bor bir tulkini tutib olishiga sal qoldi. Ammo qarilik sabab, uddasidan chiqolmadi. Buni o‘zi ham sezdi. Shuning uchun tulkining sharpasi sezildi deguncha, hurishga zo‘r berar, zo‘riqqanidan orqasi og‘rib ketardi. 
Ko‘ppakning bezovtaligi xonadon sohibiga ham  o‘tdi. Yarim tunda uyqusi uchib, hovli aylanadigan bo‘ldi. Yoniga egasi qo‘shilgach, ko‘ppak xotirjam tortdi.
Ko‘za kunda emas, kunida sinar ekan. Bir kuni tulki xonadon sohibini ham, qari ko‘ppakni ham dog‘da qoldirib, katakdagi kulang‘irlardan birini bo‘g‘izlab sudrab chiqdi. Ammo yemadi, poylab kelib, uyqu elitgan ko‘ppakning oldiga tashladi. O’zi esa lip etib panaga o‘tdi. Sharpadan cho‘chigan Cho‘mmoq zo‘r berib, har tomonga qarab hura boshladi. O’ziga kelgach, bir qadam narida yotgan tovuqni ko‘rdi. Borib hidladi. Kechikkanidan afsuslanib g‘ingshivordi. Shovqinni eshitgan Mehriddin polvon uyidan shoshib chiqib, o‘laksa tovuqni hidlab turgan ko‘ppakni ko‘rib jon-poni chiqib ketdi. 
“Hali shu yaramasga ishonib yuribmanmi”, dediyu eshik yonida turgan kaltakni ola solib, bo‘g‘izlangan tovuq yonida turgan ko‘ppagini savalay ketdi. Ustma-ust tushayotgan zarbga chiday olmagan Cho‘mmoq g‘ingshiganicha qiyshanglab, zo‘rg‘a qochib qutuldi. O’zini o‘nglayolmay, ikki-uch kun xashaklar orasida yotib yurdi. Ahyon-ahyonda og‘riq zo‘ridanmi yo tulkining hiylasiga chuv tushganiga alam qilibmi, uv tortib yuborardi.
Tulki baribir tulkiligini qildi.
Bu orada bemalol kelib tovuqlarning qolganini o‘marib ketdi.
Mehriddin polvon odam bo‘lsa ham bu sinoatga tushunmadi. Cho‘mmoq esa  bir quloch tili bo‘laturib, tushuntira olmaganidan pushaymon, “uv” tortib qo‘yardi. Bo‘lgan voqea shu!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.