background
logotype

O‘ktam Mirzayor. Sakkizu o‘n uch (hajviya)

Shanba kuni olti oydan beri xabar olinmayotgan dala hovlimizga boradigan bo‘ldik. O‘g‘lim bo‘ynidan bog‘lagandek ortimdan ergashdi. Besh yashar nevaram Bahrombek esa uchishga qanot topolmay qoldi. Osh-ovqatdan tortib to tok qaychi-yu, supurgigacha olivoldik. Kiyimlarimiz ham allambalo — egnimda sportchilar kiyimi. Boshimda kepka, qora ko‘zoynak. So‘loqmonday o‘g‘il qizil kalta ishton-shortigini kiyib olgan.
 — Ustidan biror narsa ilib ol, — dedim.
 — Nima qipti, men tengilar shunday kiyinishadi, — dedi chirsillabgina.
— Ularning tanbeh beradigan otasi bo‘lmasa kerak-da, — dedim iddao bilan.
— Otalari bor. Ular ham kepka kiyadiganlardan, — dedi u.
O‘g‘lim uyda qolish uchun tixirlik qilayotgandi. Hozir “Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma”, desam-ku, joni kiradi. Unday demadim. Hap, senimi? Shoshmay tur! Bir yer choptiray, bir yer choptiray, ana shunda ko‘rasan gap qaytarish qanaqaligini.
Yo‘ldamiz. Mashina radiosidan kuy-qo‘shiq yangrab turibdi. Bahrombekning laqabi To‘tiqush. U odatiga ko‘ra, “doda”, “doda”lab holi-jonimga qo‘ymaydi. To‘tiqushning otasi — o‘g‘lim Rustamboy rejasi buzilgani uchun qovog‘ini osiltirib olgan. Choyxonada o‘tirishi bor ekan. Dala hovliga borishimizni eshitib, ertalabdan chiroyi ochilmayotgani shundan. Nabiram esa chuldiragani-chuldiragan:
— Doda, doda, menga yo‘lda nima olib berasiz?
— Jim o‘tir, ruldaman. Xalaqit qilyapsan.
— Doda, doda, ana ona echki, — dedi u bir payt yelkamdan turtib, dalada o‘tlab yurgan bir necha echkini ko‘rsatib, — uloqchalari qani, bo‘ri yeb qo‘yganmi?
 — Yo‘q, bolajonim, bu yerda bo‘ri yo‘q. Dodasining gapiga quloq solmagani uchun sotib yuborishgan bo‘lsa kerak.
— To‘tiqush, jim o‘tir, — dedi otasi o‘shqirib.
Bola biroz tinchidi.
 — Doda, doda, — dedi yana To‘tiqush, — menga bo‘rini ko‘rsating, xo‘p deng, xafa bo‘laman bo‘lmasa...
— Xo‘p, xo‘p, uchrab qolsa ko‘rsataman, — deyishimni bilaman yashil yo‘lchiroq lipillab qolsa bo‘ladimi! Bir, ikki — sariq. O‘tdim — ketdim...
— Churr! — avotonazoratchining hushtagi eshitildi.
— Mana senga bo‘ri, — dedi o‘g‘lim nabiramni jerkib. — Kamida bir yarim millionga tushdingiz, ota, — dedi u yo‘l hujjatlarimni olayotganimda.
— Qanaqa bir yarim million?!
— Mana ko‘rasiz-da?!
— Katta serjant Otabekov, — dedi avtonazoratchi yoniga borishim bilan rasmiy ohangda o‘zini tanishtirib, — hujjatlaringiz?!
— Marhamat! — hujjatlarimni uzatdim.
— Qilgan aybingizni bilasizmi?
— Ayb ish qilmadim. 8.13, — dedim xotirjam.
— Qanaqa 8.13? Qizil chiroqda o‘tdingiz.
— Sizga shunday ko‘ringandir ancha berida ekansiz...
— Menga o‘rgatayapsizmi?
— Yo‘q, sizga o‘rgatib bo‘larmidi...
— Kesatmang.
U hujjatlarimni olib qo‘ydi-da, qalam- qog‘ozini olib yozishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. O‘g‘limning bir yarim million, degani esimga tushib jon holatda qo‘liga yopishdim.
— Ukajon, yozmang, men qizilda o‘tganim yo‘q. 8.13. Ana o‘g‘limdan so‘rang.
— Mashina ichidagi odam guvohlikka o‘tmaydi. Siz qizilda o‘tdingiz.
— Yo‘q, sariq chiroqda o‘tdim. Axir, tormoz berganimda ham... Uka, otingiz nima?
— Siz uchun avtonazorat xodimiman. Hozirgina aytdim, katta serjant Otabekovman.
— Bundan ham katta bo‘ling, bolam, meni yalintirmang. Axir, men yo‘lchiroqdan o‘tayotganimda sariq yongan edi. Siz qaraguningizcha qizil bo‘lib qolgandir-da.
— Men ham qizil, deyapman-ku!
— Men sariqda o‘tganimni isbotlash uchun nima qilishim kerak?
— Isbot qilolmaysiz, isbot qilolmaysiz! — dedi u masxaraomuz qiyqanglab.
— Isbot qilsam-chi? Aniq 8.13-moddaga muvofiq ish tutdim. Birdan tormoz bera olmasdim. Orqa o‘rindiqda jonimdan ham aziz nevaram bor edi. Shunday qilganimda u zarbdan oldingi o‘rindiqqa kelib urilardi, yo bo‘lmasa... Falokat ro‘y berishini ko‘ra-bila turib, bunday qilolmasdim. Hammasini o‘yladim. Shuning uchun tormoz bermadim.
— Meni qiziqtirmaydi. Qizilda o‘tdingiz.
Shu payt To‘tiqush mashina oynasidan boshini chiqarib qichqirdi:
— Doda, bo‘rini ko‘rsating, xafa bo‘laman bo‘lmasa...
O‘zim bo‘rining og‘zidagi qo‘zichoq ahvoliga tushib turganim uchun, jon achchig‘ida: “Mana bo‘ri!”, deb yonimdagi serjantni ko‘rsatib yuboray-yuboray, dedim-u, tiyildim. Axir, unda nima gunoh. Xizmatini bajarayapti...
— Jim bo‘la-a! — dedim haliyam xodimning bilagini qo‘yvormay.
Zardali ovozimni eshitib, o‘g‘lim mashinadan tushib yonimizga keldi. U nimadir demoqchi bo‘lgandi yo‘l qo‘ymadim.
— Aralashma, o‘zimiz hal qilamiz, — dedim uni nariroq ket, degandek ko‘kragidan itarib, so‘ng: — Ishonmasangiz ana o‘g‘limdan so‘rang, — dedim xijolatomuz.
— Yo‘q, sizlar kelishib olgansizlar. O‘g‘lingiz guvohlikka o‘tmaydi. Men hozir anavilardan birini chaqiraman guvoh bo‘ladi, tamom, — dedi u dalada ketmon ko‘tarib yurgan uch-to‘rtta odam tomonga ishora qilib.
— Ular qanday guvoh bo‘la oladi, dalada-ku, axir? — dedim tutaqayotgan bo‘lsam ham o‘zimni bosib.
— Men aytsam, imzo qo‘yishaveradi.
— Bilaman, to‘xtang, yozmang ukajon, pul beraman.
— Pora taklif qildi, deb yozaman.
— Iltimos, yozma, men aybdor emasman, — dedim sansirashga o‘tib, — aytdimku, axir, 8.13 deb.
— Yo‘q, qizil, tamom, qizil! Men aniq ko‘rdim.
— Rulda menmidim, senmiding?
— Siz edingiz!
— Men bo‘lsam, gapimga ishon-da, axir. Sariqda o‘tdim, deb bo‘ynimga olib turibman-ku!
— Men qizilda o‘tganingizni ko‘rdim.
— Ukajon, ko‘zing faqat qizilni ko‘rsa, men nima qilay?
— Ukajon, demang, katta serjant Otabekovman. Xizmatdaman. Vazifamni bajarayapman.
— Katta serjant Otabekov, men ham yozuvchiman, ammo men ilhom kelganida yozaman. Hech kimni xit qilmay yozaman. O‘qigan odam mazza qilsin, deb yozaman. Siz yozsangiz osmon uzilib yerga tushadi, bilasizmi shuni?! Unday qilmang, ukajon, hech narsadan hech narsa yo‘q, bir yarim million so‘m jarima to‘laymanmi? O‘ylasam, kapalagim uchib ketyapti. Opangiz tiriklayin yeydi-ya! Bir yarim million-a?! Ro‘zg‘orning uch oylik xarajati! Qaydan olaman shuncha pulni?!
— Kim aytdi sizga bir yarim million, deb? Men sizga jarima solayotganim yo‘q-ku!
— Nima qilyapsan bo‘lmasa?!
— Men bor-yo‘g‘i sizning nomingizga “Qizil chiroqda o‘tib ketdi”, deb protokol yozaman, xolos! Jarimani esa sud belgilaydi. Mening aybim yo‘q.
— Shuni aytaman-da, katta serjant Otabekov! Sen oppoqqinasan, bor-yo‘g‘i protokol yozasan. Suddagilar bu voqeaning ustida bo‘lmagan. Jarimani belgilaydi. Tamom, men chuv tushib qolaveraman.
— Bir marta hech narsa qilmaydi, keyingi safar ko‘zingizga qarab yurasiz.
— Hozir ham ko‘zimga qarab yurdim, uka!
— Uka, demang!
— Kechirasiz, Kattabekov!
— Kattabekov emasman, Otabekovman!
— Kechirasiz, katta serjant Otabekov! Endi shuytib, o‘tiraveramizmi?!
— Qo‘limni qo‘yvoring, bo‘lmasa protokol yozishimga xalaqit berdi, deb yozaman.
Qo‘rqqanimdan uning qo‘lini qo‘yib yubordim. Endi astoydil yalinishga tushdim:
— Jon bolam, baraka topkur, seni ham ota-onang bordir, umrlari uzoq bo‘lsin, huzuringni ko‘rsin, axir, sariqda o‘tdim, ishonsang-chi!
— Xo‘p, bunday qilamiz, — dedi u nihoyat, biroz o‘ylanib turgach boshidagi shapkasini yechib, qayta kiyar ekan. — Menga 8.13da nima deb yozilganini yoddan aytib berasiz. Agar bitta so‘z qoldirsangiz ham qoidani bilmaydi, deb protokol yozaman.
— Rahmat-ey, bolam, — deb yubordim uning yumshaganini ko‘rib, — eshit bo‘lmasa? — Xuddi muallimi yonida imtihon topshirayotgan o‘quvchidek tantanali ohangda, «Sariq ishora yonganida yoki tartibga soluvchining qo‘li yuqoriga ko‘tarilganida, Qoidalarning 2.12 bandida ko‘zda tutilgan joylarda keskin tormoz bermasdan to‘xtashga ulgura olmaydigan transport vositalarining haydovchilariga harakatni davom ettirishga ruxsat etiladi», — dedim.
— Yashang, bu boshqa gap. — dedi u barmoqlari kalta, lappak kaftini cho‘zarkan. Yo‘l qoidasini bilarkansiz-u, jarimaning miqdorini bilmas ekansiz-da. U siz aytganday bir yarim million emas, atigi ikki yuz ellik ming so‘m, otaxon, mana hujjatingiz.
— Senga ham qoyil, o‘g‘lim, — dedim-da, soatga qaradim. Miyam g‘uvillar, aftidan qon bosimim ko‘tarilib ketgandi. Mashina yoniga borgach, o‘g‘limga:
— Rulga o‘tir, uyga qaytamiz, — dedim.
Uning chehrasi yorishib ketdi...

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.