OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Gul vodiysi (hikoya)

1
Men tug‘ildim go‘zal voha — Gul vodiysi qo‘ynida, quloq soling, so‘zlab beray bu vodiy qissasini. So‘zlab beray, nega bu yurt Gul vodiysi atalmish.

2
Botir Demir yo‘lga tushdi tengqurlari qatori. Yo‘lga tushdi jang qilish-chun Rodopi tog‘larida. Uyda qoldi o‘n to‘rt kunlik oydek go‘zal qaylig‘i, uyda qoldi chimildikdan kecha chiqqan Lyudmila.

3
Kunlar o‘tdi, o‘n kun o‘tdi, oy ham o‘tdi pildirab, Lyudmilaning ko‘zi yo‘lda, eri ketgan tomonda. Xayolida ming xil fikr, ming xil reja, orzular... Lekin, do‘stlar, kuchli ekan ayriliqning alami — o‘zi sezmay Lyudmilaning rangi bo‘ldi za’faron, kulib turgan ko‘zlarini g‘am pardasi qop-ladi. Yana qancha kunlar o‘tdi, yil ham o‘tdi pildirab, botir Demir otryadidan xabar bo‘lmadi sira. G’amga to‘ldi butun qishloq, g‘amga to‘ldi Lyudmila. Erta tongdan ko‘zi yo‘lda, eri ketgan tomonda, o‘zi sezmay, gohi-gohi ko‘ziga yosh keladi. Xayoliga endi kirmas ming xil reja, orzular... Xayolida bitta fikr, omonmi yostiqdoshi? Omonmi pahlavoni, sevgiga intizori?

4
Javob qayda bu savolga? Hamma jim, boshlar egik. Hamma ma’yus, lekin ko‘zlar g‘azab bilan yonadi, qoni qochgan lablar tun-kun la’nat o‘qiydi yovga!

5
Tong mahali yo‘lga tushdi Lyudmilamiz bir kuni, yo‘lga tushdi, ammo qayga borsin bechora yolg‘iz? Qayda uning botir eri, qayda uning tulpori, shu yo‘l bilan yursa agar yetarmi visoliga?
Oqshom tushdi dalalarga, daryo boshi qizardi, chigirtkalar chirillashi soldi yurakka tashvish. Olislarda it huridi, ot kishnadi depsinib, pag‘a-pag‘a bulut ichra nim rang oy sochdi shu’la. Lyudmilani vahm bosdi, qaytsinmi orqasiga? Lyudmilani vahm bosdi, nima qilsin bechora? Xayol surib turib qoldi keng dalada parishon, shu top otlar dupuridan cho‘chib tushdi u birdan...

6
Dushman keldi Lyudmilaning eri ketgan tomondan, u bir emas, o‘n ham emas, balki ming nafar bordir? Beglar begi uni ko‘rdi va to‘xtatdi otini.
— Kim bo‘ldi bu huriliqo? — so‘radi u navkaridan.
— G’olibona yo‘lingizga poyandoz bo‘lgan go‘zal! — javob berdi sodiq navkar boshin egib yergacha.
— Olib keting, yo‘qsa uni, birga orom olurmiz. — Shunday dedi beglar begi, qamchi bosdi otiga.

7
Lyudmilaning rangi so‘lg‘in, lek tomirda qon o‘ynar, Lyudmilaning rangi so‘lg‘in, yerto‘lada u yolg‘iz. Xayol surar g‘amga botib, ko‘zlarida yosh marjon. Qayg‘u to‘la yuragiga endi kirmas yurzular. Miyasida bitta fikr, nima qilsin endi u? Bo‘ysunsinmi g‘olib bekning buyrug‘iga shu topda? Yo qochsinmi bu dargohdan rozi bo‘lib o‘limga?

8
— Begim, — dedi beglar begi yotog‘iga kirganda, — Mening bitta orzum bordir, rozi bo‘lsang, qulingman.
Rozi bo‘lsang, bir umrga cho‘ring bo‘lib qolaman. Istaging ne, hammasini bajaraman begumon. Orzum shuki, yorim yotur sen kelgan yo‘l ustida, bir ziyorat etib kelay, xursand bo‘lsin arvohi, istaging ne, barchasiga rozi bo‘lurman shunda.
Beglar begi maftun edi yosh juvonning husniga, rozi bo‘ldi va:
— Tonggacha, mayli borib kel, — dedi.

9
Yo‘lga tushdi Lyudmilamiz, zardob bo‘lib yuragi, yo‘lga tushdi qancha tashvish, xayol bilan bechora. Va bir mahal yetib keldi Maritsa qirg‘og‘iga. Shunda yashin kabi ko‘nglin tilib o‘tdi bir fikr, bo‘ysunsinmi qonxo‘r bekka, yo o‘lsinmi shu yerda? «Yostiqdoshim, meni kechir, rohatim ko‘rolmading, pahlavonim, meni kechir, sodiqligim ko‘rmading!» — shunday deya, xanjar urdi ko‘kragiga Lyudmila va yiqildi behol-behush Maritsa qirg‘og‘iga. Qoni daryo bo‘lib oqdi, qoni suvga qo‘shildi... Shundan beri Maritsaning suvi qizil rang olmish, shundan beri bu vodiyda qizil gullar o‘sarmish, shundan beri bu vodiyni Gul vodiysi demishlar...

10
Shu vodiyni kim sayr qilsa, shu gullardan kim uzsa, vafo unga yor bo‘larmish, baxt kularmish umrbod. Har g‘unchada Lyudmilaning sof qoni saqlanarmish, har bir gulda barqarormish Lyudmilaning sevgisi!..

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.