OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Marusya xolaning miltig‘i (hikoya)

Sulaymon ota qamalib qoldi. Umrida qamoqning ko‘chasidan o‘tmagan odam, qariganida uch yilga kesilib, o‘g‘ri, kissavurlarning orasida yuribdi. Albatta, oshna-og‘ayni, qarindosh-urug‘ uni yolg‘izlatib qo‘ygani yo‘q. Ikki marta kolxoz raisining o‘zi kelib ketdi. Kampiri katagiga kirolmagan tovuqdek, har kuni lager atrofida. «Peredacha»larni aytmaysizmi? Bo‘xcha-bo‘xcha non, tog‘ora-tog‘ora osh. Lekin qamoq—qamoq, tatirmidi. Bechora chol kim kelmasin, qaysi tugunni yechmasin, o‘pkasi to‘lib, ko‘ziga milt-milt yosh kelaveradi. U yig‘lab charchaydi, atrofdagilar ovutadi...
Hamma balo Mirvosiqning mehribonchiligidan boshlandi. Suyagi mehnatda qotgan Sulaymon ota pensiyaga chiqib zerikib qoldi, ba’zi-ba’zida beli qirsillab qolishini nazarga olmaganda, qo‘l-oyog‘i baquvvat, ko‘zi ham joyida — ko‘zoynaksiz guruchni kurmakdan ajrata olardi. Shunday ekan, zerikmay bo‘ladimi? Tomorqada u-buga qaragan bo‘ladi, keyin choyxonaga chiqadi. Kolxoz unga o‘xshagan qariyalarni o‘ylab qishloqning chetidagi tolzorga choyxona qurib bergan. Stalingradda bir oyog‘ini qoldirib kelgan G’ulom aka choyxona mudiri. Mudir deganning xodimi bo‘ladi. Uning hech kimi yo‘q. Lekin maktabdan keyin nevaralari galma-galdan qarashib turishgani uchunmi, shiftga osilgan samovar qarnagining yonidagi «Spirtli ichimliklar iste’mol qilish man etiladi» degan plakat ostiga o‘z qo‘li bilan «Choyxona mudiri G’ulom Qoraboev» deb yozib qo‘ygan. Sulaymon ota ilgari bu yozuvga parvo qilmasdi. Pensiyaga chiqqandan beri turib-turib zardasi qaynaydigan bo‘lib qoldi. «Yo tavba, dunyoning ishlari ko‘p qiziq-da, — deydi, G’ulom akaning samovar atrofida g‘imirlashini kuzatib, — og‘zidan gapi tushib ketadigan odam choyxona mudiri. Oyog‘i butun bo‘lsa ham mayli edi». Shunday o‘ylaydi-yu, zarda bilan qichqiradi:
— Hoy, cho‘loq! Ilgari choydan urarding, endi nima balo, shamadan ham uryapsanmi?
Uning zardasini G’ulom aka tushunadi. Shuning uchun, jo‘rttaga yarasiga tuz sepadi:
— Qari odamga achchiq choy ziyon, oshna. Yuraging ham pensaga chiqay deb turibdi. Tovoningga qolaymi?
— Ha, cho‘loq, o‘lguday tiling zahar-a!
G’ulom aka kuladi va yog‘och oyog‘ini do‘qillatib, o‘rtog‘iga yangi choy olib keladi.
Choyxonada ko‘pincha ikkalovidan boshqa hech kim bo‘lmaydi. Kim ham bo‘lsin? Hamma ishda. Qariyalar ham. Borlari ham uydan chiqolmaydi. Ko‘rpa-yostiq qilib olishgan. Faqat Xolparang bilan Hakimbek aka kelib turishadi. Ular kelgan kuni Sulaymon otaning dili yorishadi. «Har holda yolg‘izmasman-ku!» o‘ylaydi u. Uch so‘m-uch so‘mdan yig‘ib G’ulom cho‘loqning nevarasini do‘konga yuborishadi. Xolparang ota oshga usta. Ilikdek qilib yuboradi. Osh pishguncha gap, gap, gap. Ular eslamagan voqea, ular eslamagan odam qolmaydi. Juda bo‘lmasa, Akbarqorining ashulasini xirgoyi qilishadi:
Bog‘ aro qo‘ysam qadam,
Gul g‘uncha qilmay xandadur...
Namozgarda oshni yeyishadi. Keyin bitta-bitta yurib, har muyulishda to‘xtab uyga qaytishadi. Sulaymon ota yarim kechagacha mijja qoqmaydi. Charchamagan odamga uyqu kelarmidi? Uch-to‘rt bor hovliga tushib, olis-olislarda itlarning xurishiga, chigirtkalarning odamni elitadigan chirillashiga qulok soladi, yana uyga ko‘tarilib, o‘rniga chuziladi. Pensiyaga chiqibdiki, har kuni shu ahvol. Tomorqa, choyxona, uy...
Bir kuni to‘rt og‘ayni odatdagidek choyxonada o‘tirishgan edi, ombor mudiri Mirvosiq kelib qoldi.
— Otaxonlar, bir iltimos bor edi, — dedi u uyalinqirab, — cho‘cha Marusya yotib qoldi. Balniysaga tashlab keldim! Shu... o‘rniga vaqtincha bittangiz turib turmaysizmi?
— Men turaman-da! — dedi shoshib Xolparang ota.
— Bekor aytibsan! — dedi chimirilib Hakimbek aka. — Oldingdagi choyni zo‘rg‘a ko‘rasanu, qorovullik qila olarmiding? Men turaman!
— Iya! He! — tutaqib ketdi Xolparang ota. — Hali ko‘r bo‘lib qoldikmi? Zaharingizga biz qilgan oshni yeysiz-ku?! Sulaymon! Cho‘loq! Eshittilaringa. Men ko‘rmishman. O’zing ko‘r!
— Men ko‘r? — battar chimirildi Hakimbek aka.
— Ha, ko‘rsan! Sarsonboyning janozasida o‘qariqqa shaloplab tushib ketganingni o‘zim ko‘rganman!
— Bo‘ldi, bo‘ldi! — ularni to‘xtatdi Sulaymon ota. — Ikkaloving ham turmaysanlar!
Hakimbek aka ham, Xolparang ota ham gaplari og‘zida qolib, o‘rtoqlariga qarashdi.
— Ikkaloving ham turmaysan, — qaytardi Sulaymon ota. — Pensiyaga kim oldin chiqqan bo‘lsa, shu turadi. Men oldin chiqqanman, men turaman.
U, gap tamom, degandek o‘rnidan turdi.
— Yuring, o‘g‘lim!
Hech narsaga tushunmay angrayib turgan Mirvosiq beixtiyor uning ketidan yo‘lga tushdi. Xolparang ota bilan Hakimbek aka bo‘zrayganlaricha ularga tikilib qolishdi.
Sulaymon ota o‘sha kuniyoq ishga tushdi. Kampir uydan eski namat, qumg‘on, qand-qurs olib keldi. Keta turib:
— Meni sharmanda qildingiz, — dedi. — Qariganda qorovul bo‘lmay keting. Hamma chollar binoyidek uyida kechasi.
— Javrama! — jerkib berdi Sulaymon ota, keyin o‘zicha hazil qildi: — Nima, yo yolg‘iz yotgani qo‘rqasanmi?
— Voy, suyulmay keting siz! To‘kilib ketay deb turibsiz-ku, boshimga uramanmi?
— Bo‘ldi, bo‘ldi, jo‘na! — dedi Sulaymon ota gap topolmay.
Kechasi Xolparang bilan Hakimbek aka kelishdi. Katta paxtalik to‘nni yelkasiga tashlab, miltiq ko‘tarib olgan o‘rtog‘iga Xolparang otaning rosa havasi keldi.
— Ammo lekin bizni yomon tushirding, — dedi u alam bilan.
— Kuppa-kunduzi shilding, — qo‘shildi Hakimbek aka. Sulaymon ota ichida ularga achinsa ham, sir boy bermadi.
— Ha, endi yugurganniki emas, buyurganniki.
— Omading bor ekan, — dedi Hakimbek aka. — Ertaga chiqasanmi?
— Qayoqqa? — tushunmagandek so‘radi Sulaymon ota.
— Qayoqqa bo‘lardi, choyxonaga-da. Nevaram Abdusattor Andijondan devzira olib kelibdi.
— Endi bilmadim, bek, — dedi Sulaymon ota salmoqlanib, — xizmatchilik. Bo‘sh vaqt topsam, boraman. Bo‘lmasa, uzr.
Ombor hoblisida nimadir lip etdi.
— Hoy! Kim bor?
Sulaymon ota shunday deb qorong‘ilik ichida g‘oyib bo‘ldi.
— Ha... — dedi o‘ylanib Xolparang ota. — Rostakam qorovulning o‘zi.
— Nimasini aytasan.
Ikki o‘rtoq hafsalasizlik bilan o‘rinlaridan turishdi.
Sulaymon ota ertasiga choyxonaga chiqmadi. Indiniga Ham. Qanday chiqadi? Kunduzi uyda, hali u, hali bu. Kechqurun omborga yo‘l oladi. Zerikish qayoqda? Shunday, o‘zidan, ishidan ko‘ngli to‘lib tuppa-tuzuk yurib turuvdi, qo‘lida miltiq, yelkasida qorovullarning uzun paxtalik choponi, birdan falokat — la’nati qaysi kovakda yashirinib yotgan ekan — mahkam yopishdi-qoldi.
O’shakuni u juda xursand edi: Marusya xola kasalxonadan chiqib, shaharga, o‘g‘linikiga ketibdi. Bahorgacha qaytmas ekan. Chol shu xabarni eshitdi-yu, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilib, boqqa o‘tdi. Piyoz o‘tadi, garmdorining tagini chopdi. Keyin pamildorini tayoqchalarga bog‘lay boshladi. Tushlik payti nevarasi yugurib kelib qoldi:
— Katta dada! Sizni Xolparang amakim chaqirvottilar! Fermaga borarmishsiz!
— Nega? — hayron bo‘ldi Sulaymon ota. — Bekorchi odam fermada nima qilarkan?
— Bilmadim. Darrov kelsin, dedilar.
U fermaga borganda, Xolparang ota poyga uchun boqilib qo‘yilgan otlarning og‘ili yonida eski quti ustida chordona qurib o‘tirardi.
— Ha, uzilib qoldingmi? — so‘radi Sulaymon ota uning og‘zi qulog‘iga yetgan basharasiga tikilib.
— Ko‘rmayapsanmi? Haydaralining o‘zi tayinladi, — Haydarali kolxoz raisi edi. Sulaymon ota kuldi.
— Ha, endi suv yo‘g‘ida tayammum, — Sulaymon ota shunday dedi-yu, ichida o‘rtog‘iga havasi keldi. Har holda bu ish, kechasi bilan qaqqayib o‘tirish emas. Shunday bo‘lsa ham, sir boy bermay, kulib ko‘ydi: — Qashlag‘ich ham berdimi?
Xolparang ota g‘ijindi, lekin janjallashgisi kelmadi.
— Hammasini berdi, oshna. Supurgi ham bor. Belkurak ham. Tomorqangga endi go‘ng kerak bo‘lsa har bitta aravakashga yalinib yurmaysan. Bir aravami, ikki aravami, o‘zim olib borib beraman. Yaxshisidan, tillasidan.
Xolparang ota shunday dedi-yu, oxiri chidolmadi, uzib oldi:
— Xafa bo‘lma, oshna, bu senga Marusyaning qorovulxonasi emas, rasmana erkaklarning ishi.
— Shundoq degin?
— Ko‘rib turibsan, oshna, ko‘rmassan-ku!..
— Ha, ishing yaxshi, — ma’qulladi Sulaymon ota. — Faqat ehtiyot bo‘l.
— Nima demoqchisan?
— Boquvda turgan otlar, bilib bo‘lmaydi, qaysi alvasti ekan bu deb, ikkinchi ko‘zingni ham ishdan chiqarishmasin.
Xolparang otaning chap ko‘ziga o‘tgan yili oq tushgan edi. Shuning uchun o‘rtog‘ining bu gapidan ijirg‘andi-yu, o‘zini eshitmaganga soldi.
— Sani chaqirganim, hozir kelinim osh olib keladi. Devziradan. Biz endi ishlik odam, vaqt yo‘q choyxonada yurishga. Yur, seylon choy damlaganman.
Sulaymon ota o‘rtog‘ining oldidan qorong‘i tushganda qaytdi. Uyda ovqat yemadi. Miltig‘ini yelkasiga osib, omborxonaga jo‘nadi. Soat o‘nlarda Mirvosiq ombor darvozasini qulflab uyga ketdi. Sulaymon ota ombor hovlisini bir aylanib chiqib, qumg‘on tagiga tarasha qaladi, keyin choy damlab ichdi. Ko‘p o‘tmay butun kishloqni jimjitlik qopladi. Shu jimjitlik elitdimi, yo choy achchiqlik qildimi, ko‘zlarini uyqu bosdi. Sulaymon ota nimanidir «do‘p» etganini eshitdi. Ko‘zini ochib atrofiga qaradi. Hech kim yo‘q. «Mushuk bo‘lsa kerak», o‘yladi chol va yana ko‘zini yumdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, kimdir bo‘g‘ilib yo‘taldi. Sulaymon ota shoshib o‘rnidan turdi-da, quloq soldi. «Bo‘la qol!» dedi kimdir. Ovoz omborning orqasidan eshitildi. Sulaymon ota: «Hoy!» deganicha o‘sha tomonga yugurdi. Borib, qay ko‘z bilan ko‘rsinki, ikkita barzangi yigit omborning bo‘g‘otini buzib, burchakdagi mashinaning rezinka g‘ildiragini bitta-bitta devordan oshiryapti.
Sulaymon ota «To‘xta!» deganini biladi, bittasiko‘zi aralash musht tushirdi. Chol gandiraklab yiqildi. Yotgan joyida beixtiyor miltiqni yelkasidan olib, qichqirdi:
— Otaman! To‘xta!
O’g‘rilarning bittasi devordan sakradi, ikkinchisi ham sakray deganda Sulaymon ota ko‘zini ochdi va o‘sha tomonga miltig‘ini to‘g‘riladi. «Varang!» etgan tovush yangradi. Ug‘ri qornini ushlaganicha devor tagiga engashdi.
Ombor hovlisi birpasda qiy-chuv bo‘lib ketdi. Qayoqdandir Mirvosiq paydo bo‘lib qoldi.
— Yashang, ota! — dedi u. — Anchadan beri qo‘lga tushirolmay yuruvdik.
— O’q tegdi shekilli? — so‘radi Sulaymon ota hamon boshi lo‘qillab.
— Battar bo‘lsin!
Yarim soat o‘tar-o‘tmas rayondan «tez yordam» mashinasi kelib, o‘g‘rini olib ketdi. Shahodat xola esa uyqusiragan nevarasini to‘sib, ho‘l paxtani erining ko‘karib ketgan ko‘ziga bosdi.
Ertasiga butun qishloq Sulaymon otaning uyiga yopirildi. Hamma uni maqtadi. Urtoqlari — Xolparang ota bilan Hakimbek aka ham chin yurakdan tabriklashdi.
— Chumchukdek yuraging bo‘lsa kerak, deb yurardim, malades! — dedi Hakimbek aka.
— O’g‘ri ot emas, do‘stim, — dedi Xolparang ota fermadagi gapga shama qilib, — duch kelgan joyingga tepmaydi, poylaydi. Ko‘zni ehtiyot qil. Ichimizda butunimiz sensan!
Sulaymon ota tishini-tishiga qo‘ydi-yu, indamadi. Rais keldi. Barcha kolxozchilarning nomidan to‘n kiygizdi.
— Siz hazilakam o‘g‘rilarni tutganingiz yo‘q, — dedi. — Ular — kolxozga ikki ming so‘mdan ortiq ziyon keltirishgan, uch marta omborni shipirishgan edi. Rahmat.
Sulaymon ota ko‘zi bog‘liq bo‘lsa ham, kechgacha yangi kuyovdek yurdi, kampir, o‘rtoqlari ham uni o‘tkazgani joy topisholmadi. Kechqurun esa nevarasi, o‘g‘ri kasalxonada o‘lib qolibdi, degan xabar topib keldi. Hech kim, ayniksa, Sulaymon ota, buni kutmagan edi. Tun bo‘yi mijja qoqmadi. Kampirining:
— Bo‘ldi endi, kuyganingiz bilan tirilib kelarmidi? O’z boshini o‘zi yedi, — deganiga ham quloq solmadi.
Ikki kundan keyin sud bo‘ldi. Sulaymon ota avval besh yilga, keyin, keksaligi nazarga olinib, uch yilga kesildi. Bunday bo‘lishini bilganda Sulaymon ota, o‘g‘rilar omborni o‘pirib ketishsa ham, lom-mim demasdi. Lekin nachora? Falokat oyoq ostida turadi, deb shuni aytadilar-da.
— Ota, bir oz sabr qiling, — dedi Haydarali hukmdan keyin. — Men buni bu ahvolda qo‘ymayman. Miltiq berib qo‘ygandan keyin bir kunmas-bir kun u otiladi-da. — Sulaymon ota karaxt edi, eshitmadi. Eshitsa ham nima derdi? Sabrdan boshqa iloji bormidi. U suddagi hamma gapga tushundi, faqat bittasiga tushunmadi. Sud raisi: «To‘rt xil qorovul bor. Shuning uchtasi otish huquqiga ega. To‘rtinchisi ega emas. U faqat miltiq bilan qo‘rqitishi mumkin. Sulaymon ota shu toifaga kiradi», — dedi. U shu gapga tushunmadi. Bu gapni qamoqxona o‘z uyidek bo‘lib qolgan Sasha, To‘lagan olifta kabi azamatlar ham tushunti-rib berisholmadi. Bo‘lmasa ular jinoyat kodeksini suv qilib yuborishgan. Tushuntirishmasa ham cholning ko‘nglini olishdi:
— O’zingizni ezmang, ota, — dedi To‘lagan olifta. — Bag‘-bug‘lashib yurasiz biz bilan. Innaykeyin, uning o‘zida ayb. Sog‘ qolganda, balki bo‘yniga olardi. Sekin kelib
qo‘lingizdan miltiqni olib qo‘ymaydimi, ishi bitgandan keyin devordan uloqtirmaydimi? Usta ko‘rmagan ekan-da.
— Qaydam, bolam, — dedi o‘pkasi to‘lib Sulaymon ota.
— Qaydam emas, ota, rost, — dedi chirt etib tuplab Sashka. — Usta ko‘rmagan. Bizning qo‘lga tushganda, bir yilda odam qilardik! Siz ham tinch edingiz o‘shanda, u ham ayshini surib yurardi. O’zidan ko‘rsin. Siz ezilmang, ota. Hukmni bekor qilishadi. Meni aytdi dersiz. Faqat nobop sudga tushib qolibsiz-da. Bir oz chidaysiz endi.
Sulaymon ota chidadi. Ammo ertalab ham, kechkurun ham beixtiyor ko‘ziga yosh kelaveradi. Shu ahvolda uch oy o‘tdi. Butun qishloq kelib-ketdi desa bo‘ladi shu vaqt ichida. Xolparang ota bilan Hakimbek aka ham avval tez-tez kelib turishdi. Uchinchi oyga o‘tganda birdan kelmay qolishdi. Sulaymon ota xafa bo‘ldi, keyin kasal-pasal bo‘lib qolishdimi, deb xavotir oldi.
— Ular tinchmi? — so‘radi bir kun kampiri kelganda.
— Otdek yurishibdi, — dedi kampir zarda bilan. — Ish topishibdimi, kunda shaharga qatnashadi. Endi, shularni ham o‘ylaysizmi?
— So‘radim-qo‘ydim-da, — dedi Sulaymon ota ranjib.
— Haydarali salom deb yubordi. Yana ariza bilan yuqoriga chiqarmish. Mirvosiq ham sud qaynisiga uchrab kelibdi.
— Gapirma o‘shani! — jerkib berdi Sulaymon ota. — Hamma ishni o‘sha qildi, hajiqiz!
Uchinchi oy ham tugadi. Hech qanday yangilik bo‘lmadi. Sulaymon ota hammadan erta turib choy qaynatadi. Lagerning qabulxonasini supuradi. Odamlar ishga ketgach, yana bakka suv solib olov qo‘yadi. Bir kuni tushlikka choy qo‘yib, endi nima qilsam ekan, deb turgan edi, lager boshlig‘i chaqirib qoldi:
— Ota, sizga qog‘oz keldi, — dedi u, — endi ozodsiz. Sulaymon ota angrayib qoldi.
— Rost, ota. Ozodsiz.
— Ket... ketavuraymi?.. — so‘radi tutilib Sulaymon ota.
— Marhamat.
Sulaymon ota barakka yugurdi. Lekin hech narsasini olmadi. Faqat choponini yelkaga tashladi.
Ko‘chaga chiqqanida, tolning soyasida ikki kishi turardi. Sulaymon ota tanidi. Bular — Hakimbek aka bilan Xolparang ota edi. Yuragi qinidan chiqib ketay dedi.
— Hakim?! Xolparang?! — dedi ko‘zi yoshga to‘lib.
— Nima, o‘ldi devdingmi? — dedi Xolparang ota.
Uch og‘ayni quchoqlashib ko‘rishishdi.
— Nega kelmay ketdilaring? — chimirilib so‘radi Sulaymon ota.
Hakimbek ota katta idoralarda yurishganini og‘zi to‘lib aytmoqchi edi, Xolparang ota turtib ko‘ydi:
— Ha, endi, qarilik-da, oshna, — dedi vazminlik bilan. — Shunga ham xafa bo‘lasanmi? Aytganday, suyunchi ber!..
— Xo‘sh? — so‘radi Sulaymon ota.
— Marusya butunlay kelmasmish. O’g‘li olib qolibdi. — Uchalovi kulib yuborishdi, keyin choponlarini yelkaga tashlab yo‘lga tushishdi. Katta ko‘chaga chiqishganda, Hakimbek ota Akbarqorining ashulasini boshlab yubordi:
Bog‘ aro qo‘ysam qadam,
Sulaymon ota ilib ketdi:
Gul g‘uncha qilmay xandadur...
— Bizning boboy-ku! — dedi devor orqasida g‘isht tashiyotgan Sashka.
— Xuddi o‘zi!
To‘lagan olifta havas va qandaydir yurakni chimchilovchi alam bilan ashula olislaguncha quloq solib turdi.

1971
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.