OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Mo‘jiza (hikoya)

Boks bo‘yicha jahon chempioni Po‘lat Ro‘ziev navbatdagi uchrashuvdan hargalgidek quvnoq qaytdi. Kuzatib kelgan ikki mashina ishqibozlari, qancha xohlashmasin, uyga kirishmadi. 
— Turaversin, birato‘la to‘yda ochamiz! — dedi kimdir hazil qilib. 
Po‘lat ular katta ko‘chaga chiqqunlaricha orqalariga qarab turdi, keyin eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. 
Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan darvoza oldiga yugurib keladigan, egasini tanib jilpanglaydigan kichkina laycha itlari bu gal kelmadi. Po‘lat bir-ikki chaqirdi:
— Barlos! Barlos!
It ovoz bermadi. Po‘lat hayron bo‘lib, darvoza tagiga qaradi, shunda eshik ochiqligini ko‘rdi. 
Ichkariga kirganida, itlari o‘zining katta sim katagi ichidan quloqlarini dikkaytirib unga qarab turganini ko‘rdi. Ayvon zinasidan esa adasi hassasiga tayanib ohista tushib kelardi. 
«Itni nega qamab qo‘yishdi?» — xayolidan o‘tkazdi Po‘lat. 
— Ada, tushmang! Eshik ochiq ekan! — qichqirdi u va yugurib borib adasining qo‘ltig‘idan oldi. 
— Qalay, yaxshi o‘tdimi uchrashuv? — so‘radi ayvonga ko‘tarilar ekan adasi. 
— Juda! Odam ko‘p bo‘ldi. Zal to‘lib ketdi. Rektorning o‘zi olib bordi uchrashuvni. 
— Ha, yaxshi. Oying moshkichiri qilib ketgan. To‘liq turibdi qozonda. 
— Ovqat yemayman, — javob qildi Po‘lat uni ko‘rpachaga o‘tqizar ekan. 
— Rektor qo‘ymay bir piyola choyga taklif qildi. Bir piyola choy ziyofatga aylanib ketdi. 
Po‘lat ichkariga, o‘z xonasiga kirib, yechindi, yuvinib, uy kiyimlarini kiydi va adasi yoniga chiqdi. Shunda u televizordan ko‘z uzmay o‘tiradigan odam, bu gal qo‘ymaganini payqadi. 
— Tuzukmisiz, ada? — so‘radi tashvishlanib. 
— Yaxshiman, — fotihaga qo‘larini yozdi adasi, — Qani, omin! Umring uzoq, martabang baland bo‘lsin. Har qanday balo-qazodan xudoni o‘zi asrasin. Oblohu akbar!
Po‘lat qo‘llarini yuziga surtib, so‘radi:
— Oyim qanilar?
— Oying kasalxonaga ketdi... — adasi yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, aytishga qiynalib yo‘taldi. 
— Nega? — so‘rashga majbur bo‘ldi Po‘lat sabri chidamay. U bir narsa yuz berganini itning qamab qo‘yilganidan sezgan edi. Keldi-ketdi ko‘paysa uni qamab qo‘yishardi. Nima bo‘ldiykin? So‘nggi yillarda uni xavotirga soladigan narsa adasining yurak kasali edi. Lekin... Lekin adasi ro‘parasida o‘tiribdi. «Kim kasalxonaga tushdi?»
— Nega kasalxonaga ketdilar?
— Oydin... Oydinxoning uylarining oldida mashina urib ketibdi. 
— Nima?! — Po‘lat o‘rnidan turib ketdi. 
— Bezovta bo‘lma, — yupatgan bo‘ldi adasi. 
— Qattiq urmabdi. Oyog‘i, beli ozgina lat yebdi. 
— Qachon?
— Peshinda. 
Po‘lat ichkariga kirib, bir zumda kiyinib chiqdi. 
— Qaysi kasalxonada?
— Eski ToshMIda. Oyingni kutmaysanmi? — so‘radi adasi. 
— Balki biron narsa olib borish kerak bo‘lar?
— Boray-chi!
Po‘lat shoshib uydan chiqdi. Mashinalari yo‘qligiga shunda achindi. Bo‘lganida uch yuz metrcha yurib katta ko‘chaga chiqmas, qo‘l ko‘tarib hech kimga yalinmasdi. Mashinalari bor edi. «Volga». Olishganiga o‘n yil bo‘lsa ham kam minilgan, yaxshi saqlangan edi. Kuzda Venadan, chempionatdan qaytganida kattalar o‘zlari yangi «Volga» taklif qilishdi. Adasi ham, o‘zi ham taklifga ishonib, ko‘pdan beri hiqillab yurgan benzinchi tog‘avachchalariga sotib yuboruvdi. Yangi mashina ana keladi, mana keladi bilan yarim yil o‘tdi. Shu vaqt ichida narx-navo Toshkent havosidek o‘zgarib ketdi. Bir oycha burun xabar qilishdi «yangi «Volga»lar keldi» deb. Bazadan ota-bola xomush qaytishdi. Uyga kelganda esa o‘zlarini tutolmay rosa kulishdi. Eski «Volga»larining puliga mototsikl ham endi olib bo‘lmasdi. Tog‘avachchalari ularning qanday ahvolga tushib qolganlarini yaxshi bilsa kerak, ilgariga oyda bir ko‘rinib qo‘yishini tark qilib, mutlaqo kelmay ketdi. 
Uzoqdan uchib kelayotgan qizil «Jiguli» ro‘parasida chiyillab to‘xtadi. Po‘lat shoshib o‘tirdi-da, adresni aytdi. 
— Iya, men boshqa tomonga ketayotuvdim-ku! — dedi shofyor, ola-bula «Adidas» sport-kostyumini kiyib olgan ingichka mo‘ylovli yigit. Ammo Po‘latning avzoyini ko‘rib o‘zgardi. 
— Mayli, shoshib turganga o‘xshaysiz... 
Po‘lat ToshMIning temir panjarali darvozasi oldida tushib, bitta ming so‘mlik pulni uzatdi. Shofyor yigit og‘zi to‘la tilla tishlarini yarqiratib iljaydi va uchta barmog‘ini ko‘rsatdi. Po‘lat ichidan tutoqib ketdi, ammo darov o‘zini bosib oldi, hechnarsa demay, yana ikkita ming so‘mlik qog‘ozni chiqarib uzatdi-da, bemorlar qabulxonasiga yugurdi. 
Yosh vrach Oydin Kamolovaning qachon keltirishganini, qaerda yotganini aytib, o‘zi yetaklab ketdi. Aftidan uni tanidi shekilli, otini aytib, birmuncha yupatgan bo‘ldi. Ammo Po‘lat uning gaplarini eshitmasdi. Xayoli, fikri-zikri Oydinda, to‘satdan boshlariga tushgan falokatda edi. Qanday qilib u mashinaga duch keldi ekan? Mast-pasmikan haydovchi? Yo hamma narsaning xudosi pul hisoblaydigan boyvachchamikan? Yoki Oydinnning o‘zi parishonxollik qildimikan? Nima bo‘lsa ham omon bo‘lsin, tuzalib ketsin!
Oydin bilan ular «Paxtakor» stadionining orqasidagi «Egarchi» mahalla atalmish ilon izi, tor ko‘chalarda oyoqyalang tuproq bosib katta bo‘lishgan edi. Po‘latlarning ko‘chalari hali ham turibdi. Ammo undan na odam o‘tadi, na mashina. Egalari ko‘chib ketgan, tomlari, eshigi, romlari buzib olingan uylarning devorlari nurab yotibdi. 
Oydin adasi, oyisi bilan Samarqand darvozaning boshidagi «dom»lardan birida turadi hozir. Po‘latning adasi esa uylari buziladigan xabar chiqishi bilan yer olib imorat ko‘tarishga tushib ketgan edi. Yaxshi ham shunday qilgan ekan, mana chol-kampir o‘zlari ham, o‘g‘illari Po‘lat ham uy-joylik. Besh xona, oldi ravon uy ikkita oilaga bemalol yetadi. 
Po‘lat Universitetga kirolmay fizkultura institutiga joylashganda, Oydinni ko‘zdan yo‘qotdi. Ammo yil o‘tmay, Oydin o‘zi uni topdi. O’tgan yili chempionatga ketishidan oldin ularni unashtirib qo‘yishdi. Chempionat, keyin Oydinning bitiruv imtihonlari, diplom ishi sabab bo‘lib to‘y surildi. O’tgan hafta esa qarindosh-urug‘, mahalla kattalari yig‘ilishib bayramning uchinchi kuni, to‘rtinchi sentyabrga to‘y qilishga uzil-kesil kelishishdi. Quda tomondagilar, Oydinning o‘zi ham shunga rozi bo‘ldi. Uning kayfi chog‘ edi. O’tgan kuni uchrashganlarida aspirantura masalasi hal bo‘lganini, fakultetda kichik o‘qituvchi qilib tayinlashganlarini xursand bo‘lib aytib bergan edi. Ularning uchrashib turishlarini, ayniqsa unashtirib qo‘yilganlaridan keyin, ikkala tomon ham gap-so‘z qilmay qabul qilishdi. Xufya yurishdan, ochiq, ota-onalarining ko‘z oldida javobgarlik, majburiyat his qilib yurish hammalariga ma’qul edi. Ko‘z oldilarida katta bo‘lgan qizni kelin qilishayotganidan Po‘latning adasi, oyisi nihoyatda xursand edilar. Oydin eski mahalladagi odati bo‘yicha Po‘lat yo‘q paytlari kelib, uylarni yig‘ishtirar, hatto hovlini supurib-sidirib ham ketardi. . 
Yaqindagina burni oqib yurgan qo‘shni bolaning jahonga dong‘i ketib, unga kuyov bo‘layotganidan Oydinning onasi Rahbar opa ham, opasi Qunduzxonlar ham boshlari osmonda edi. Nima bo‘ldi? Qaerdan chiqib qoldi bu falokat?
Jarrohlik bo‘limiga yotishganda yosh vrach yugurib ichkariga kirib ketdi. 
Binoning oldidagi serdaraxt bog‘chada ko‘zlarini artayotgan Qunduzxon ko‘rindi. Po‘lat to‘g‘ri uning oldiga bordi. 
— Po‘latjon! Bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi?! Kunduzxon yana qip-qizil ko‘zlarini artib, u bilan ko‘rishdi. 
— Ahvoli qalay?
— O’zini bilmay yotibdi. Bo‘lim boshlig‘ining o‘zi operatsiya qildi. Ana! O’zlari kelayaptilar!... 
Po‘lat bino tomonga qaradi. Yosh vrach yelkador, baland bo‘yli, xuddi o‘zi kabi oq xalat kiygan odam bilan ular qarshisiga kelayotgan edi. Po‘lat yuragi gupillab urib, shu tomonga yurdi. 
— Po‘lat aka, tanishing, — dedi yosh vrach. — Professor Mo‘minov Ilhom Azizovich. Kamolovani o‘zlari operatsiya qildilar!
Professor yirik, og‘ir qo‘lini uzatdi. 
— Salomalaykum, Ilhom aka. — Po‘lat uning qo‘lni mahkam qisdi. — Qalay ahvoli? Nima bo‘libdi o‘zi?
— Ikkita qovurg‘asi singan. Umurtqa suyagi ikki joydan, bo‘ynidan, belidan darz ketgan, balki singan hamdir, hozir bir narsa deyish qiyin. Yana chap oyog‘i to‘pig‘idan singan. Mashina chap tomondan kelib urgan bo‘lishi kerak, — Professornning ovozi ham gavdasi kabi yo‘g‘on edi. — Gipsga solib qo‘ydik to‘rt joydan. Albatta, bularni yengil jarohat deb bo‘lmaydi. Ammo oyoqqa turib, hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketadi. Hozir narkozning ta’sirida uxlab yotibdi. Istasangiz uyg‘onganda oldiga kirishingiz mumkin. 
— Rahmat, — dedi ohista ruhi tushib Po‘lat. U bunchalik deb o‘ylamagan edi. 
— Ezilmang buncha, o‘rtoq chempion! — qo‘lini uning yelkasiga tashlab jilmaydi professor. — Otdek bo‘lib ketadilar. To‘yga chaqirishni unutmang! Kechirasiz!... 
U ketdi. Yosh vrach ham xayrlasha boshladi. Po‘lat minnatdorchilik bildirdi. 
— Yordamim kerak bo‘lsa, tortinmang, doim tayyorman, — yosh vrach shimining cho‘ptatidan qo‘lda qora siyohda dona-dona qilib yozilgan ismi, familiyasi, adresi va telefoni yozilgan qalin adres qog‘oz chiqarib uzatdi. O’zi yozgan bo‘lsa kerak. — Har ehtimolga qarshi. 
Po‘lat mahkam uning qo‘lini qisdi. 
— Oyimlarning ham mazalari yo‘q, — dedi yolg‘iz qolishganda Qunduzxon. 
— Nima qildi?
— Boya shu yerda hushlaridan ketib qoldilar. Uyga jo‘natdik. Hudaoyim... — Qunduzxon shunday deb, birdan to‘xtab qoldi. Bugungi fojeadan so‘ng, «hudaoyim» deyish o‘rinli bo‘larmikan? Yuragining bir chetida shunday tahlika o‘zi sezmagan holda paydo bo‘lgan edi. Shu o‘y bilan o‘zi gapini tuzatdi. — Oyingiz... Sanobar opam birga ketdilar. 
— Oydining uyg‘onishiga hali bor. Yuring, telefon qilamiz, — hech narsa sezmay taklif qildi Po‘lat. 
Qunduzxon ToshMI darvozasi tomon yurishar ekan, yo‘l-yo‘lakay Oydin bilan nima bo‘lganini gapirib berdi. Tramvaydan tushib, ko‘chani kesib o‘tayotgan ekan. Mashinalarga yo‘l berk bo‘lsa ham tramvayning oldidan bir yengil mashina vizillab chiqib qolibdi. Oydin qochib ulgurolmabdi. Mashina zarb bilan urib, to‘xtatmay ketib qolibdi. Moshrang «Jiguli» ekan. Oydin yiqilibdi-yu, ko‘ngli ketib qolibdi. Hech kim uni tanimabdi. Taniganda, uyi shu bekatning ro‘parasidaligini bilardi. Xabar berardi. «Tez yordam» kelgunicha taxminan yarim soat o‘zini bilmay, og‘zidan qon ketib yotibdi. «Tez yordam» kelib, ToshMIga olib borgandagina uning kimligini bilishibdi. Telefon qilishlari bilan hammalari kasalxonaga yugurishibdi. Yaxshi ham Qunduzxonning eri uyda ekan. Mashinasida olib boribdi. Kelishganda operatsiya endi boshlangan ekan. 
— Urgan kim ekan?
— Hech kim bilmaydi. Bironta yangi chiqqan boyvachchalardan bo‘lsa kerak-da, — dedi ensasi qotib Qunduzxon. — Bo‘lmasa ruxsat yo‘q ko‘chaga kiradimi?! Odam uradi-yu, to‘xtamaydimi?! Oldin shofyor bo‘lganda to‘xtardi, tushib yordam berardi. Topgani teshib chiqsin, yer yutkurning umri qamoqda o‘tsin!
Po‘lat indamadi. Dilida unga qo‘shildi. Odamgarchilikni yo‘qotgan, o‘zi yarador qilgan odamga yordam qo‘lini cho‘zmagan bir mahluqqa bu qarg‘ishlar oz edi. Lekin qancha qarg‘ashmasin, so‘kishmasin, foydasi yo‘q. Falokat yuz berib bo‘ldi. 
Darvozaning yonida ikkita telefon-avtomatlardan haytovur bittasi ishlaydigan chiqib qoldi. Qunduzxon uzoq gaplashmadi. Onasi tuzukmish. Lekin jahlidan o‘zini tiyolmay o‘tirganmish. Sanobar opa o‘sha yerda ekanlar. «Tangangiz bormi?» — so‘radi Qunduzxon Po‘latdan. U qo‘liii siltadi. Qunduzxon eri bilan gaplashdi chog‘i, darrov kelishini buyurdi. 
— Ovqat qilib kelay, — dedi trubkani ilib Po‘latga. — Oydin yeyolmasa ham vrachlar, hamshiralari yer. Yaxshiroq qarashadi. 
Oradan besh soatcha o‘tganda navbatchi vrach ularni Oydinning oldiga taklif qildi. Oydin maxsus karovatda yotardi. Boshidan beligacha u qolipga solingan, chap oyog‘i taxtakach ustiga osib qo‘yilgan edi. 
— Oydinxon! — dedi sekin navbatchi vrach. Oydinning bitta qora chiziqdek bo‘lib turgan uzun kipriklari yoyilib, ko‘zlari ohista ochildi. Bir-biriga yopishib turgan qonsiz lablari qaltirab ketdi. Aftidan u bir narsa dedi, ammo ovozi chiqmadi, lablari ochilmadi. 
Qunduzxon o‘zini tutolmay ho‘ngrab yubordi-da, eshikka otildi. 
Po‘lat karovatga yaqinlashdi. 
— Xafa bo‘lmang, Oydin. Shu ko‘rgulik bor ekan. Professor operatsiya yaxshi o‘tdi, yaqin orada otdek bo‘lib ketadilar, dedi. Eshityapsizmi, Oydin?
Oydin sekin ko‘zlarini yumdi va boshqa ocholmadi. Oppoq peshonasida ter tomchilari ko‘rindi. 
— Charchadilar, — dedi navbatchi vrach Po‘latjonning tirsagidan olib. — Dam olsinlar endi. 
— Men shu yerdaman, doim yoningizda bo‘laman, — dedi Po‘lat va o‘z-o‘zidan ko‘zlariga yosh quyilib ketdi. 
— Qancha yotadilar qolipda? — so‘radi eshikka chiqishganda navbatchi vrachdan. 
— Kamida ikki oy. Professor nima dedilar, bilmayman. Ahvolari og‘ir. Ammo omon bo‘lishlariga shubha yo‘q. 
— Rahmat, — Po‘lat ko‘zlarini artdi. 
— Havotir olmang! Nima lozim bulsa, qilamiz. Navbatchi vrach xayrlashib, palataga kirib ketdi. O’sha kuni Po‘lat yarim kechada uyga qaytdi. Ertasiga ham, indiniga ham. Umuman, shu kundan boshlab uning hayoti, fikri-zikri Oydin yotgan kasalxonaga bog‘lanib qoldi. Bir kun kelmasa, bir kun shipga tikilib yotgan Oydinni ko‘rmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydigan bo‘lib ketdi. Navbatchi vrach va’da qilganidek, professor ham, boshqa shifokorlar ham, hamma-hamma nima lozim bo‘lsa aqllari, tajribalari yetganicha shuni qilishdi. Ikki oy o‘tib, Oydin boshini qimirlatadigan, hatto oz bo‘lsa ham ko‘taradigan bo‘ldi. Ammo joyidan qimirlay olmadi. Professor ovutdi:
— Birdanmas-da, qizim! Sekin-sekin! Oz-oz! 
Po‘latga ham shu gapni aytdi. 
Nima bo‘lmasin Po‘lat ancha xursand edi, eng muhimi shifokorlarning gaplariga qattiq ishonardi. Professor, palata vrachi ikki oyda ancha tuzuk bo‘lib ketadi deyishdi. Aytganlari harholda bo‘ldi, bo‘yindagi qolip olindi. Boshini ko‘taradi, qo‘llari ishlaydi. Oyoqlari ham, beli ham, tuzalib ketadi. Yana bir oy. Boring, ikki oy o‘tsin!
Po‘lat shunday deb, o‘ziga ham, uydagilarga, Oydinga ham dalda berdi. Oydin ba’zi-ba’zida ko‘zlari charaqlab, lablarida tabassum bilan kutib oladagan bo‘lib qoldi. Bu albatta, yaxshilikka edi. Demak, turib ketishiga ishonadi. 
Po‘lat vaqtincha sport qo‘mitasining bokschilar sektsiyasidagi ishini tashladi. Idorachilik, har kuni ish bormi, yo‘qmi, orib o‘tirish kerak kechgacha. Uyoq-buyoqqa boradigan bo‘lsa, sektsiya boshlig‘iga aytib ketishi kerak. Yakkayu-yagona jahon chempioni bo‘lsa ham qo‘mita raisidan tortib oddiy apparat xodimigacha unga hurmat bilan qarashsa ham, o‘rnatilgan intizomni buzgisi kelmadi, ammo bu intizomga, ayniqsa, Oydin kasalxonaga tushib qolganidan keyin ko‘nikolmadi. Shuning uchun ariza yozib, bo‘shadi. Institutda esa harholda erkin edi. Keyin ustozlari, birga o‘qigan o‘rtoqlari shu yerda edi. Ular hech narsada uni chegaralashmasdi. Shunday dongdor odamning institutda ishlashi institut obro‘si edi. Buni ular ochiq-oydin aytishdi. U nimani lozim topsa, shuni qilishi mumkin edi. Faqat ba’zi-ba’zida maslahatlarini ayamasa, oyda bir-ikki talabalar, o‘qituvchilar bilan uchrashib tursa bo‘ldi edi. Po‘lat ulardan juda minnatdor bo‘ldi. Har kuni ertalab kasalxonaga kelar, bir soat-yarim soat shu yerda bo‘lib, nima kerakligini bilib olardi. Chunki Oydinning onasiga kunda ikki mahal qatnash og‘irlik qilardn, Qunduzxon bilan eri ishlik odamlar, faqat kechqurun va dam olish kunlarigina kelishlari mumkin edi. 
Oydin ba’zi kunlari, ko‘proq professor kirib uni ko‘rib ketgan kunlari, ochilib, Po‘latning shu yerdaligidan xursand bo‘lib uzoq gaplashar, uni hatto ketgizgisi kelmasdi. Shunday kunlarning birida u Po‘latning singan, keyin bitib ketgan qiyshiq panjalarini silab, dedi:
— Po‘lat aka... — u unashilgunlaricha uni Po‘lat derdi, ular teng edilar. Kimdir maslahat berdi shekilli, yo o‘zi lozim topdimi, aka deydigan va sizlaydigan bo‘ldi. Po‘lat ham uni sizlashga o‘tdi. 
— Po‘lat aka... Ko‘p kelayapsiz. Rahmat. Men buni hech unutmayman. Faqat iltimos, meni deb ishingizdan qolmang. 
— Kolayotganim yo‘q, hammasi joyida!— uni tinchitgan bo‘ldi Po‘lat. 
Ammo Oydin quloq solmadi. 
— Gapimni eshiting, Po‘lat aka. Sezayapman, tez oyoqqa turib ketaman. Lekin iltimos, ishingizdan qolmang, Qo‘mitadan ketibsiz. Mayli, bu ixtiyoringiz. Qohiraga borishingiz kerak edi. Hamma musulmon mamlakatlari qatnashar ekan. Sizga maxsus taklif kelgan ekan. Nega bormadingiz? Nahotki ahvolim shunchalik chatoq bo‘lsa?
— Unday demang, — Po‘lat uning peshonasiga qo‘lini qo‘yib, jilmaydi. 
— Ahvolingiz yaxshi. Kundan-kunga yaxshi bo‘lib ketayapsiz. Qohiraga... o‘zimning borgim kelmadi. Musobaqaga qatnashmaganimdan keyin borishim shart emas. 
— Ko‘rib kelardingiz... Misrda bo‘lmagansiz-ku? Yo bo‘lganmisiz?
— Bo‘lmaganman. Birga boramiz. Xudo xohlasa borib piramidalarni tamosho qilamiz. Port-Said, Aleksandriyalarga boramiz. Sfinks borku... o‘shaning ostida spektakllar ko‘ramiz... 
— Rahmat. Aytganingiz kelsin, — Oydin Po‘latning peshonasi ustidagi qo‘liga qo‘lini qo‘ydi. — Lekin bari-bir borishingiz kerak edi. Agar meni yaxshi ko‘rsangiz, ikkinchi bunday qilmaysiz. Xo‘pmi?
— Xo‘p, — yana jilmaydi Po‘lat va qaylig‘ining qalin qora qoshlariga, yirik ko‘zlari, uzun, qayrilma kipriklariga mehr bilan tikildi. 
— Tuzalib ketaman-a? — Uning uzoq tikilib qolganini o‘zicha tushunib so‘radi Oydin. 
— Albatta! Oz qoldi. Sabr qiling. 
Oydin o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi, muzdek oriq qo‘llari bilan Po‘latniig bo‘ynidan quchoqlab, peshonasidan o‘pdi. 
— Tuzalib ketaman. Siz aytgandek bo‘lsin, birga boramiz Qohiraga. Butun Misrni aylanib chiqamiz. Keyin Hindistonga boramiz. Agrani ko‘ramiz. Kunduzi shaharni aylanamiz. Kechqurun, Toj-Mahalni tomosha qilamiz. Toj-Mahal juda boshqacha ko‘rinarmish!... Xuddi dengizda suzib ketayotgan kemaga o‘xsharmish. 
— Bo‘pti! Bo‘pti, Oydin. Bo‘pti, jonim! Yig‘lamang faqat!
Po‘lat uning qalin sochlarini, qoshlarini siladi. 
— Yig‘lamayman, — va’da berdi Oydin. — Endi sira, sira yiglamayman!..
Po‘lat xursand bo‘lib uyiga qaytdi. Qaerdan kelayotganini adasi bilsa ham, ovqat mahali so‘radi:
— Kasalxonaga bordingmi?
— Ha. 
— Qalay?
— Yaxshi. Juda yaxshi. Yaqin-orada turib ketadi. 
— Inshollo, aytganing kelsin!... 
Shunday der ekan, adasi yer ostidan choy quyayotgan xotiniga qaradi. Sanobar opa hech narsa demadi. 
O’sha yili kuz erta keldi. Oktyabrning o‘rtalarida birdan qora sovuq tushib, qor uchqunladi. Sovuqning tafti bir haftadan ziyod tarqamadi. Ochiq joylardagi uzum, anor, xurmo qorayib to‘kildi. 
Po‘lat o‘rtoqlaridan birining mashinasida Oloy bozoriga borib yaxshi mevalardai oz-ozgina oldi, ustiga ikkita issiq patir qo‘yib turganda, kimdir tirsagidan ushladi. 
— Ha, ha?! Nima harakat?
Po‘lat boshini ko‘tardi. Oldida keng jigarrang charm kamzul, xuddi shunday rangda qunduz telpak kiygan sazlatli bir yigit unga og‘zi to‘la tilla tishlarini ko‘rsatib kulib turardi. 
Pulat tanidi. Uch yil burun respublika chempionatida ochkolar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni olgan bokschi, toshkentli Ismat Haydarov degan yigit edi u. Keyin, Olma-otada chorak finalda qolib ketdi. Shundan beri uni ko‘rmagan edi. 
— Salomalaykum!
— Ko‘rishganimizdan xursandman, — dedi Ismat. 
— Chempionlnk bilan tabriklayman. Bunaqasi bo‘lganmas! Qoyilman! Boshingga tashvish tushdi, deb eshitdim. Tinchlikmi?
Ismat qo‘ymay Po‘latning qo‘lidagi paketni ko‘tarib oldi. 
— Tinchlik. Hozir ancha tuzuk. Oldiga ketayapman hozir. 
— Omon bo‘l! — maqtadi uni Ismat va yoniga o‘girilib kimgadir imo qilib qo‘ydi. 
Ular mashinagacha birga kelishdi. 
— Senikimi?— so‘radi Ismat eski «Jiguli»ni ko‘rib. 
— Yo‘q. Menda hozir mashina yo‘q. Egasi rulda o‘tiribdi. O’rtog‘im. Tanish, fizkultura instituti o‘qituvchisi. 
Po‘lat shunday deb, mashinadan chiqayotgan o‘rtog‘ini ko‘rsatdi. 
Ismat u bilan istar-istamas ko‘rishdi. Ikkita notanish yigit ikkita tarvuz bilan ikkita qovun ko‘tarib kelib, mashina yukdoniga solishdi. 
— Nima qilayapsizlar? — Hayron bo‘lib so‘radi Po‘lat. 
— Xotirjam bo‘l, uni tinchitdi Ismat. 
— Ko‘p o‘rnida ko‘r. Seni ko‘rganimdan xursandman. Uying eski joydami? Ko‘kchada? Boraman. Bir o‘tirishamiz. 
— Kel, kel, — taklif qildi Po‘lat. — Men ham xursandman. Xizmat qaerda?
— Borganda aytib beraman. Ishim yaxshi. Xo‘p, sog‘ bo‘l. 
Ismat Po‘latning yelkalaridan quchoqlab xayrlashdi. O’rtog‘iga qo‘lining uchini uzatib, boshini bilinar-bilinmas egib qo‘ydi. 
— Boyvachcha bo‘lib ketibdi-ku! — dedi Po‘latga o‘rtog‘i yo‘lga tushishganda. 
— Shunaqaga o‘xshaydi, — qo‘shildi uning gapiga Po‘lat. — Bo‘lsin! O’ziga to‘q odam qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. 
— Albatta, albatta... Faqat uyidan neft yo tilla chiqqan odamga o‘xshaydi. Osmonda, mayli, qandini ursin!... 
Po‘lat kulib qo‘ydi. Musobaqalarga qatnashmay qo‘ygandan beri, buning ustiga sport qo‘mitasidan ketganidan keyin uning daromadi sezilarli darajada kamaygan edi. Chempionlikka olgan mukofoti tugab bo‘lgan, aqlli odamlarning maslahati va to‘y munosabati bilan yarmini o‘z vaqtida kerakli uy-jihozlari, kiyim-kechagu, don-dunga sarf qilingan, qolgani o‘z qadrini yo‘qotib, adasining omonat kitobchasida yotardi. Ota-onasi, hushyor odamlar, uning qisilib qolganini sezishib, uy harajatlarini qirqishdi, xuddi studentlik yillaridek unga cho‘ntak puli chiqarishdi. «Cho‘ntak puli»ga zarurat borligini u Qunduzxon pay-suyakni qotiradigan bir noyob dori qidirib qolganida juda aniq his qildi. Professor Oydinga shu doridan ukol qilishni maslahat beribdi. Po‘latning bir tanishi dorini olis bir qishloqdan topib keldi va uyalinqirab qo‘ldan olganini, yigirma ming berganini aytdi. Po‘lat yuz ming desa ham olardi. Indamay berdi. «Qaerda ishlayotgan ekan?» — qiziqib xayolidan o‘tkazdi boyvachcha tanishini Po‘lat. 
— Qovun-tarvuzni nima qilasan? — so‘radi o‘rtog‘i ToshMIga yetib borishganida. 
— Olib ketaver, — taklif qildi Po‘lat. — Kafedradagilarga so‘yib berarsan. 
O’sha kuni Oydinni ko‘ra olmadi. Palataga ichkaridan hamshira qiz chiqib qoldi. Po‘latni ko‘rib u boshini sarak-sarak qildi. 
— Havo ayniganigami, kechasi bilan mijja qoqmay chiqdilar. Bel, oyoqlari og‘ridi. Domla buni yaxshilikka deyaptilar. Ishqilib shunday bo‘lsin. Ammo, Oydinxon charchadilar. Hozir uxlatib chiqayapman. 
Po‘lat kasalxona tunga bekilguncha kutdi. Oydin uyg‘onmadi. Navbatchi vrachning gapiga qaraganda, u ancha tinchigan, og‘riqlari ham bosilganadek edi. 
Uyga qaytayotganda darvoza yonida boyvachcha tanishi solib qo‘ygan qovun-tarvuzlarni ko‘rdi. O’rtog‘i uyga tashlab ketibdi. Boyvachchaning o‘zi esa ayvonda adasi bilan gaplashib o‘tirardi. Ko‘chada, derazalari ostida bir yengil mashina qorayib turganiga ko‘zi tushgan edi. Demak, o‘, birdan uning yo‘lida paydo bo‘lib qolgan boyvachcha kelgan ekan-da. Yaxshilikkamikan kelgani, yo? Po‘lat noxush xayolni darhol haydab, ayvonga ko‘tarildi. 
— Salomalaykum!.. Ie, ie!..
Qora kostyum-shim kiyib, oppoq ko‘ylagi yoqasivi qora galstuk bilan keyingan Ismat Haydarov o‘rnidan turib uning qarshisiga yurdi. 
— Kechirasan, do‘stim! Kunduzi ko‘rishmaganimizdan keyin shu paytgacha kelmaganimizdan afsuslanib kelaverdim!
— Yaxshi qilibsan! Kani o‘tir!.. 
Ular o‘tirishdi. Fotihadan so‘ng, Po‘lat beixtiyor dasturxonga etibor berdi. Bozorning oldi mevalari katta sopol laganga aralash qilib solib qo‘iilgan edi. Ikkita taqsimchada xamiri yog‘liq uchburchak somsa turardi. Xontaxtaning bir chetida sochiq bilan uch-to‘rtta barkashdek-barkashdek patir yopib qo‘yilgan edi, U Ismat Haydarov olib kelganini tushundi. 
— Oyim qanilar? — so‘radi negadir ko‘ngli g‘ash bo‘lib. 
— Xolam o‘choqboshidalar! — dedi Ismat Haydarov. 
— O’rtog‘ining oshning xarajatini ko‘tarib kelibdi, — jilmaydi dadasi. 
— Nima qeragi bor edi?! — achchig‘lanib so‘radi Po‘lat. 
— Qiziqmisan? Har kuni ko‘rishib yuribmizmi? Bugundan boshlab endi man sani yolg‘izlatib qo‘ymayman. Hali bir joyga olib boraman. Maylimi, amaki? Yaxshi odamlar yig‘iladi. Bir yozilib kelsin! Choydan ich!
Ismat Haydarov oldida turgan choynakdan o‘zi choy quyib unga uzatdi. 
Po‘lat choyni olib, xo‘plar ekan, ko‘nglining bir chetidagi g‘ashlik qattiqroq tugun bo‘lib, kayfiyatini buza boshladi. Nega keldi ekan? Unda nima ishi bo‘lishi mumkin?
— Oydin qalay? — so‘radi adasi. 
— Yomonmas. Professor og‘riq sezayotgani yaxshilikka debdi, — xayoli bo‘linib javob qildi Po‘lat. 
— Iloyim yaxshi bo‘lsin. 
— Ha... Ancha jabr bo‘pti sizlarga, — gapga qo‘shildi Ismat Haydarov. — Kelib-kelib mashina uni uradimi-a?
Po‘lat birpas boshini egib o‘tirdi, keyin unga qarab, e’tiroz bildirmaydigan qilib gapirdi:
— Respublika bosh xirurgi qarayapti. Ahvoli yaxshi. Yaqinda yurib ketadi. 
— Unda yaxshi. Juda yaxshi. 
Ismat Haydarov o‘zini uning gapidagi zardani sezmaganga soldi. 
Sanobar opa hargalgidek guruchi yakka-yakka bo‘lib yaltirab turgan palov qilib olib keldi. 
Po‘lat yemadi, chimchilab o‘tirdi. 
Dasturxonga fotiha o‘qiltach, Ismat Haydarov o‘rnidan turdi. 
— Qani ketdik!
Ota-onasi aralashmaganda, Po‘lat bormas edi. 
— Bor, yozilib kelasan, bolam, — dedi Sanobar opa. 
— Shunday o‘rtog‘ing bor ekan, gapini yerda qoldirma, — qo‘shimcha qildi adasi. 
Derazalari ostida turgan yengil mashina hali bo‘yoq hidi tarqamagan yangi «Jiguli» edi. Ismat Haydarov epchillik bilan rulga o‘tirib, o‘ng tomondagi eshikni ochdi. 
— O’tir, do‘stim!
Yarim soat chamasi shahar aylanib, Oloy bozorining orqasidagi serdaraxt, kamqatnov ko‘chalardan biriga kirib borishdi. Karnizida ikkita fonar yonib turgan uzun imorat oldida Ismat Haydarov mashinasini to‘xtatib, o‘rtog‘iga qaradi. 
— Keldik. 
Po‘lat mashinadan tushib, atrofiga qaradi. Ko‘chaning ikki beti turli markadagi chet el mashiialariga to‘lib ketgan edi. 
Ismat Haydarov mashinasini yopmadi, yugurib kelgan bir yigit uning o‘rniga o‘tirdi-da qayoqqadir haydab ketdi. 
— «Boychechak» degan klub buyi baland, uymakor yog‘och darvozaning qo‘ng‘irog‘ini bosar ekan, tushuntirdi Ismat Haydarov. — Ko‘rasan, manimcha sangayam ma’qul buladi. Keyin bu yerda topganingni hech qayoqdan topolmaysan. 
Darvoza eshigi qiya ochildi. Kimdir mo‘raladi. 
— Manman, — ovoz berdi Ismat Haydarov. 
Eshik keng ochilganda Po‘latning dimog‘iga turli ovqatlar hidi urildi. 
— Biz orqadan kirdik. Xo‘jayinga aytib qo‘yay. 
Po‘lat hovlida yolg‘iz o‘zi qoldi. Keng, chorsi hovli, juda katta, oldi peshayvonli uyga razm solar ekan, birvaqtlar xususiy uy bo‘lganligini tushundi. Balki, hozir ham shundaydir, kim biladi? Ammo klub odatda bir odamga qarashli bo‘lmaydi, ko‘pchilikniki, yo bo‘lmasa davlatniki bo‘ladi. «Boychechak»... Qiziq, bu klub kimga qarar ekan? Keyin nega «Boychechak»?.. Bunday ko‘p bolalar tashkilotlarga berilardi, ko‘proq. Bu ham bolalar klubimikan?
— Zerikmadingmi? — oldida Ismat Haydarov paydo bo‘ldi va javob kutmasdan bino ichiga boshladi. 
Yarim soat o‘tar-o‘tmas Po‘lat undan bu did bilan qurilgan uyda sovet yillari nima bo‘lganini, hozir nima joylashganini bilib oldi. 
O’ttizinchi yillarda uy egasi yirik toshkentlik savdogar qamalib, mol-mulki musodara qilinadi. Bola-chaqa haryoqqa tarqab ketadi. Uyga ijroqo‘m kiradi. Urushdan keyin ijroqo‘m yangi binoga ko‘chib uyni pochtaga beradi. Pochta eplolmay, ikki yil burun sotadi. Sotib olganlar «Salomatlik — tuman boylik» jamiyatining firmasini tashkil etishadi. Bolalarga turli sport, fizkultura to‘garaklari ochishadi. O’tgan yil filial mustaqil «Boychechak» klubiga aylanadi. Klub kunduzi bolalarga xizmat qilar ekan. Qorong‘i tushishi bilan milliy taomlar, ayniqsa, uyg‘urcha-xitoycha ovqatlar restorani sifatida ishlar ekan. Mashhur xonanda, sozandalar kelib kontsert berishar ekan. Klub xo‘jayinlari podvalni remont qilib, yaxshi zalga aylantirishibdi. Zalda frantsuzcha, milliy kurash, shaxmat-shashka, boks musobaqalari o‘tkazilar ekan. Ismat Haydarovniig bugun shoshib Po‘latni olib kelgani ikkita mashhur bokschi nokautga o‘ynar ekan. 
— Bittasini taniysan, o‘zimizning yigitlardan, — dedi u. Ikkinchisi mehmon. Yutgan yuz ming, yutqizgan yetmish ming oladi. Shunchadan trenerlari ham olishadi. Qoyilmi? Faqat bir kuniga! Ertaga tushsa, yana shuncha oladi…
Po‘lat hayron bo‘lib shuncha pulni klub qaerdan oladi deb so‘ramoqchi edi, Ismat Haydarovning o‘zi aytib berdi:
— Kirish har bir odamga yigirma ming. Ovqat, ichimlik hisobmas. Ular alohida. Har kuni kamida yuz ellik, ikki yuz odam yig‘iladi. Hisoblayver shundan!... 
— Sen iima qilasan?
— O’yinchilarni, mashshoqlarning chiqishini man tashkil qilaman. Odamlarim bor. Zakaz bersam bo‘ldi, olib kelaverishadi. Hali hech kim yo‘q degani yo‘q. Xalq artistlari ham g‘iq etmay kelishadi. E, do‘stim, shuncha pul ko‘chada yotibdimi? Keyin tekin ovqat. Bir six kabob bozorda palon pul. Bo‘tta to‘yguningcha yeysan tekinga. 
Ismat Haydarov bularning hammasini og‘zi to‘lib gapirib berdi. 
— Xo‘jayin kelganingdan xursand. Sho‘tta ishlasin devotti. Klubgayam yaxshi-da. Jahon chempioni ishlavotti degan gap klubni ko‘tarib yuboradi. Obro‘siniyam, bahosiniyam... 
Po‘lat klubdan kechasi ikkilarda qaytdi. Ismat Haydarovning o‘zi olib kelib qo‘ydi, xayrlashayotib qalin konvert uzatdi. 
— Ikki yuz ming. Mukofot bu. Ertadan maoshga o‘tasan. 
— Xo‘p deganim yo‘q-ku, hali?— so‘radi Po‘lat. 
— Jinnilik qilma. Bunaqa ishni topishing qiyin. Po‘lat indamadi. Ammo konvertni oldi. Oydinning kasalxonadaligi masalani hal qilgan edi. Bundan tashqari klubda qiladigan ishi — kunduzgi mashg‘ulotlarg‘a ikki soatdan vaqt ajratib kelib ketsa bo‘ldi ekan. Kechqurun yigitlarning chiqishlarini ko‘rish, kuzatish shart emas ekan. Padvaldagi zal birpasda arqon tutilib ringga aylantirilganda Ismat Haydarov shunday dedi. Nihoyat, bokschilar chiqishdi. Baravar, yonma-yon yurib kelishdi. Bittasini Ismat Haydarov aytganidek, tanidi. Institutniig uchinchi kursidan ketib qolgan namanganlik jikkak, qorachadan kelgan yigit edi. Ismni eslolmadi. U respublika, keyin O’rta Osiyo chempionatlarida qatnashgan, hatto mukofotli o‘rinlarni ham egallagan edi. Treneri, keyin institut rektori bilan urishib qolib, iistitutni ham tashlagan, musobaqalarga ham qatnashmay ketib qolgan edi. Po‘lat urishib qolish sababini ham esladi. Unga Meksikaga yuborishni va’da qilib, oxiri komanda jo‘nayotganda o‘rniga rektorning jiyanini ro‘yxatta qo‘yishgan edi. O’shandan beri bu iste’dodli yigitni Po‘lat ko‘rmagan edi. 
— Nima ish qiladi u? Oti nima edi? — suradi Ismat Haydarovdan. 
— Ikrom. Ikrom Aliev. Klub ochilganidan beri bizda. Klub chempioni desa bo‘ladi. Hali yengilgani yo‘q. Faqat mendan cho‘chiydi. 
Ismat Haydarov tilla tishlarini ochib kuldi. 
— Ikkinchi yigit kim?
— Bokudan. O’zlarida respublika g‘olibi. Tez qaytishi kerak ekan. Ertagayam chiqadi shuning uchun. Qoplonni o‘zi!.. 
O’rtaga sudya chiqib bokschilarni tanishtirdi. Mukofotlari, chempionatlardagi o‘yinlarini aytib berdi. 
Yeb, ichib o‘tirib boks tomosha qilishni Po‘lat birinchi marta ko‘rishi edi. Shuning uchun sudyaning ba’zi gaplarini yaxshi eshitmadi. Yuqorida restoranda o‘tirganlarning deyarli hammasi podvalga tushishgach, zalning gir atrofiga bir qator qilib qo‘yilgan stollar orqasidagi kreslolardan joy olishgan edi. Po‘lat ayollar ham borligini ko‘rdi. Yana shishalarning ochilishi, ryumkalarning jaranglashi quloqqa chalinib, uning diqqatini bo‘ldi. Ammo ko‘p o‘tmay ko‘nikdi. Jang shiddat bilan boshlandi. Mehmon chindan ham qoplondek saqrab, raqibini butun ring bo‘ylab aylantirib chiqdi. Ikrom kuchini ayab, ohista-ohista hujumni qaytarib, o‘zini ehtiyot qilib olishdi. Tomoshabinlarning gij-gijlagashiga e’tibor bermadi. Uchnnchi raund boshlanganda, mehmonni ter bosa boshladi. 
— Chegara qancha? — so‘radi Po‘lat. Sho‘rmag‘iz chaynab o‘tirgan Ismat Haydarov kulib qo‘ydi:
 — Chegara yo‘q. Marra to‘liq nokaut, bo‘lmasa odamlarga qizig‘i yo‘q. Kelishmaydi. 
Yettinchi raundda hamon chekinib-chekinib olishayotgan Ikrom yo‘lbarsdek o‘kirib yubordi. Mehmon ikki bukilib yiqildi. Rahbari to‘qqiztacha sanab, Ikromniig qo‘lini ko‘tardi. 
Jang Po‘latga yoqmadi. Avvalo ikkala bokschi hech qanday qonun-qoidaga rioya qilmadi. Bu oddiy, qo‘pol mushtlashish edi. Keyin Ikrom tutgan yo‘lni, u qo‘rqoqlar yo‘li hisoblardi. Bunday bokschilar ko‘proq ochko bilan yutadilar. Mehmon haqiqiy bokschi edi. Ammo Po‘latning nazarida u shoshdi, ehtiyotsizlik qildi. Bo‘lmasa g‘alaba qilishi mumkin edi. 
Kalta, tor ko‘ylak kiygan qiz katta mis barkash ko‘tarib, o‘tirganlarni aylanib chiqdi. Birpasda barkash pulga to‘ldi. 
— Bu boksyorlarning o‘ziga. Ikkalovi bo‘lib oladi, — tushuntirdi Ismat Haydarov. 
Po‘lat ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turgan edi, o‘rtog‘i qo‘ymadi. 
— Kontsertni ko‘r. Keyin o‘zim olib borib qo‘yaman. Po‘lat noiloj o‘tirdi. 
Ring olinib, o‘rtaga uch-to‘rtta stul qo‘yildi. Televizor, radioda ko‘p chiqib turadigan xonanda sozandalar bilan paydo bo‘ldi. Ikkita ashula qilib kirib ketdi. Sozandalar qolishdi. G’ijjakchi «Tanovar»ni boshladi. Zal jimjit bo‘lib qoldi. O’rtaga paranjiga o‘ralgan raqqosa chiqdi. U paranji ichida bir-ikki daqiqa o‘yin qilib cho‘kkaladi va muzika ohangida ohista tebranib, paranjini yechdi. Avval uzun, qora sochlari ko‘zga tashlandi, keyin oppoq, yupqa ko‘ylagi ko‘rindi. Uni ko‘ylak deyish qiyin edi, nozik ipak, iplardan to‘qilgan parda, to‘g‘rirog‘i tanparda desa bo‘lardi. 
Raqqosa ariq labida noz bilan yuvingan qizni tasvirlab, o‘rnidan turdi. 
— Voy-dod! O’zim aylanay Iqbol! — qichqirib yubordi kimdir. 
Raqqosa o‘ynab turib sozandalar yoniga bordi-da, qiyiqcha oldi, o‘ynab turib belini bog‘ladi. Yupqa ko‘ylagi badaniga yopishib yo‘q bo‘lib ketdi. Kimdir o‘zinn tutolmasdan o‘rtaga tushdi. Bir-ikki o‘yin qilib soat cho‘ntagidan ming so‘mlik bitta qog‘oz pulni oldi-da, raqqosaga ko‘rsatdi. Raqqosa tebranib qo‘lini uzatgan edi, bermadi, og‘ziga tutqazib orqasiga tisariddi. Raqqosa arazlagan bo‘lib burilib ketdi. Bir aylanib yigitning oldiga keldi. Yigit sigaret tutatib, qo‘lidagi pulni silkitib turardi. 
«Nahotki tishlasa?» — xayolidan o‘tkazdi Po‘lat. Uning raqqosaga negadir rahmi kelib ketdi. 
Raqqosa yigit atrofida yana bir aylandi-da, tizzalarini egib, bir qo‘li bilan uning pul ushlagan qo‘lini ushladi va ohista boshini sarak-sarak qilib lablari bilan pulni tishladi. Shunda yigit uning boshini egib o‘pdi. Zalda qarsak ko‘tarildi. Yigit ketishi bilan o‘rtaga semiz bir odam tushdi. 
Uning qorni o‘ziga ikkita kelardi. U raqqosaga qarab, jilmaydi-da, semiz, kalta qo‘llarini ko‘tarib o‘ynay boshladi. Beso‘naqay jussasiga qaramay, u juda epchil, muzika ohangiga mos harakat qilardi. Birdan uning qo‘llarida ikkita besh ming so‘mlik pul paydo bo‘ldi. U qog‘ozlarni shildiratib, raqqosaning boshi ustida aylantirdi, keyin qo‘llarnni tushirdi. Aftidan u charchagan edi. Raqqosa uning oldida tizzalariga cho‘kdi va onasini emmoqchi bo‘lgan buzoqdek qorni tagiga kirib ketdi. O’rnidan turganida ikkala qog‘oz pul og‘zida hilpirab turardi. Yana qarsaklar chalindi. G’ijimlangan besh yuz so‘m, ming so‘mlik pullar raqqosaning boshiga, oyoqlari ostiga otila boshladi. 
— Dod! — zavq bilan qichqirdi semiz odam va lapanglab o‘rtadan chiqaboshladi. 
Po‘lat boya ham qichqirgan u ekanligini bildi. O’yin tugadi. Raqqosa egilib ta’zim qildi-da, oyoqlari ostida yotgan g‘ijim pullarni yig‘ishtira boshladi. 
Po‘lat uyalib ketdi. Lekin nima qilaolardi? Yashash kerak. Ammo yashash oson emas. Raqqosaning boshqa chorasi yo‘q. Ajab emas, yillar o‘tib u bu kunlarini unutib yuborar. Sozandalardan bittasi u qaddini rostlaganda, ustiga paranjisini tashladi. O’rtada yana xonanda paydo bo‘ldi. 
— Ketdik, — o‘rnidan turdi Po‘lat. 
Bu gal Ismat Haydarov qarshilik bildirmadi. 
Yo‘lda hech narsadan-hech narsa yo‘q, kim biladi balki o‘zini yaqii olganidanmi, yo achinganidanmi, Ismat Haydarov bir qarindoshi haqida gapirdi. Ikkita o‘g‘li bor ekan. Kattasi endi o‘nga kiribdi. Shu odamning xotini yotib qolibdi. Yil o‘tgandan qeyin qarindosh-urug‘lari uni yangitdan uylantirib qo‘yishibdi. Erkak odam mehmon-izmoni, kiyim-kechagi bor, yana issiq-sovug‘i. Ko‘rpa-yostiq qilib olgan xotin xotinlik qila olarmidi. 
So‘rashganda, uni qara, uyam yo‘q demabdi. O’zlari biladilar, nima desalar, shu, debdi. Xo‘p fe’li keng, odamgo‘y ayollarimiz bor-a?
Po‘lat uning nima uchun bu gapni qilganini tushundi, lekin javob bermadi. 
U darvoza eshigini ochib hovliga kirgandi, adasining hali yotmaganini ko‘rdi. 
— Negadir xavotir oldim, — dedi o‘g‘lining savolini kutmay u, — g‘oyibdan paydo bo‘lib qolgan boyvachcha o‘rtog‘ing uncha yoqmadi menga. 
Po‘lat kulib qo‘ydi. Ammo o‘zi ham shu fikrdaligini aytmadi. G’oyibdan paydo bo‘lgan boyvachcha tanish g‘oyibdan daromadli ish taklif qildi. Shunday ish unga hozir juda kerak edi. Shuning uchun javob qilmay, semiz qonvertni adasining oldiga qo‘ydi. 
— Nima? — hayron bo‘lib so‘radi adasi. 
— Ishga kirib kelayapman. Bu kirish haqqi ekan. 
— Yaxshi, — adasi konvertni kaftiga olib ko‘rdi, — Yaxshn, lekin, o‘g‘lim, tekin pulning barakasi bo‘lmaydi. 
— Qani, ishlab ko‘ray-chi... 
Po‘lat Oydin tuzalib ketsa, o‘z ishimni qilaman, hozir shu kerak, demoqchi bo‘ldi-yu, hojat sezmadi. Adasi aftidan uni tushungan edi. 
Ertasiga Eski shaharda yaxshi bozor qilib Oydinlarning uyiga bordi. Rahbar opa uni duo qildi. Oydin uning kayfiyati chog‘ligini sezib ancha ruhi ko‘tarildi. Po‘lat ketganidan so‘ng u olib kelgan frantsuzcha duxini dimog‘iga tutib yig‘ladi, tezroq shifo berishni tilab, xudoga yolvordi. Ammo yana ikki oy o‘tdi, qish kirib yarimladi, oyoqlari, belida hech qanday o‘zgarish yuz bermadi. Go‘yo tekis taxta karovat uning oyoqlari, beli bo‘lib ketgan edi. Qancha tegmasin, qattiq-qattiq chimchilab ko‘rmasin, oyoqlarida ham, belida ham jon yo‘q edi. 
Po‘lat kun o‘tgan sari Oydinning nngohida siniqlik kuchayib borayotganini ko‘rib, ko‘proq oldida o‘tiradigan bo‘ldi. Oydin buni o‘zicha tushundi va nihoyati bir kuni yorildi:
— Po‘lat aka, yarim yildan beri men bilan ovorasiz. Qancha o‘yinlardan, musobaqalardan qolib ketdingiz. Men tuzalmaydiganga o‘xshayman. Qo‘ying endi. Meni deb hayotingizni buzmang. Uylaning. Bola-chaqa qiling. 
— Otinoyilardek gapirayapsiz-a?— ichini it timdalab ketgan bo‘lsa ham hazil qildi Po‘lat. — Uylanaman, mayli. Sizdaqa qiz uchrasin. Hali uchragani yo‘q. 
Oydin jilmaydi. Taqdir uni shunday yigitga duch keltirganidan, hozir u ro‘parasida o‘zining yirik mehr to‘la ko‘zlarini unta tikib o‘tirganidan xursand edi. Koshkiydi turib ketsa! Undan baxtli odam bo‘lmasdi dunyoda. Dilida uning javobidan mamnun bo‘lgan bo‘lsa ham e’tiroz bildirdi:
— Yaxshi qizlar ko‘p. Ketingizdan yurganlarning o‘zi son mingta. 
— Xabar kelib turadimi?
— Har bir qadamingiz hisobda. 
— Unda uylanishim aniq ekan. Ayting odamlaringizga, o‘zlari topib berishsin. Faqat oti ham Oydin bo‘lsin. Kelishdikmi?
— Kelishdik. 
Oydin uning qo‘llarinn hovuchiga oldi, g‘adir-g‘udur barmoqlarini bitta-bitta silay boshladi. Po‘lat ancha o‘tirdi oldida. Tungi dorilar bilan shprits ko‘tarib hamshira kirgandagina xayrlashib o‘rnidan turdi. 
Yo‘q, unga Oydindan boshqa hech kim kerak emas. U o‘z hayotini boshqa qiz bilan tasavvur qilolmaydi. Oydin unga achinayapti, hazilning tagi zil, u uning uylanishini astoydil istayapti. Uni yaxshi ko‘radi. Yaxshi ko‘rmasa bunday demasdi. Po‘lat ham uni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, fojeadan so‘ng Oydinga bog‘lanib qoldi. Rahmdillikmi bu, muhabbatmi, bilmasdi. Buni farqi ham yo‘q edi. U albatta, kutadi. Oydinning sog‘ayib ketishiga ishonadi. Nahotki shunday qiz turib ketmasa?! Ammo ertasiga kasalxonaga kelganida professorning o‘zi uni chaqirdi. 
— Biz konsilium qildik, — deda u o‘tirishga taklif qilar ekan, — Oydinxonga javob bermoqchimiz. Bilganimizni, imkoniyatimizda borini qildik. Buyog‘iga biz ojizmiz. Yashaydi, uzoq umr ko‘radi. Ammo yurmaydi. Ajab zmas turib ketsa. Hozir bir narsa deyish qiyin. 
Bu gaplarni Po‘lat butun vujudi muz bo‘lib eshitdi. Ancha vaqt ikkovlari nima deyishlarini bilmay o‘tirishdi. Oxiri Po‘lat o‘zini tutib olib so‘radi. 
— O’zi biladimi?
— Ha. Boya aytdik. Lekin qarab turishimizni, umidni uzmaslikni ham aytdik. Ba’zan iroda, umid dori-darmondan kuchli. Siz ham umidvor bo‘ling, Po‘latjon!... 
Po‘lat uning so‘nggi gaplarini eshitmay, kabinetdan chiqdi. Nima qilish kerak? Birinchi galda Oydinni ko‘rishi, uni yupatishi kerak!
U shu niyat bilan palataga otilib kirdi. 
— Eshitdingizmi? — uning avzoyini ko‘rib so‘radi Oydin. — Ertaga olib ketishadi uyga. Bilasizmi, yaxshi bo‘ldi. Uyni juda sog‘ingan edim... O’tiring. 
U yonidagi stulga ishora qildi. Po‘lat o‘tirgach, jilmaydi. 
— Kecha gapimizga farishtalar omin degan ekan. Endi shunday qilishingiz kerak. Men sizdan roziman. Taqdir ekan, yo‘limiz bo‘lindi. O’zingizga qarang endi. Men sizga baxt keltirmadim. Endi buyog‘iga baxtli bo‘ling... Sizga to‘siq bo‘lishni istamayman!
— Nimalar deyapsiz, Oydin!— Po‘lat jahl bilan o‘rnidan turib ketdi. — Tuzalib ketasiz! Menga sizdan boshqa hech kim kerak emas!
— Rahmat! Shu gapingiz bilan men baxtliman. Lekin buyog‘iga endi meni, nogiron odamning gapini eshiting. Meni qo‘ying. O’zingizni o‘ylang! Shunday qilmasangiz, rozi bo‘lmayman. Endi keting. Iltimos. Iltimos... 
Oydin boshini bir ko‘tarib orqaga tashladi-da, qo‘llari bilan yuzini berkitdi. 
Po‘lat bunday bo‘lishini kutmagan edi. Nima qilishini bilmay, beixtiyor eshik tomonga yurdi. Hovliga chiqib, o‘zi sezmagan holda ko‘ziga yosh oldi, Oydin bilan munosabatlarining bunday tugashini u xayoliga ham keltirmagan, vrachlarning, ayniqsa savlatli professorning gaplariga qattiq ishongan, uch-to‘rt oy deganda Oydin mutlaqo tuzalib ketadi deb o‘ylagan edi. Bechora qiz! Professorning gapini qanday eshitdi ekan? Tag‘in ham fil ekap. Shuncha azob, tashvish, umrbod shipga qarab yotishdek kelajak boshida tursa ham uni o‘ylayapti. 
Po‘lat serdaraxt, qorlari hali erimagan ola-bula hovlipiig chetida turgan zah skameykaga borib o‘tirdi. U o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Buyog‘iga endi nima qilish, qanday yashash kerak? Bir narsa harholda unga aniq edi. Nima bo‘lmasin, yana qanday kutilmagan kulfatlar boshiga tushmasin, u Oydindan voz kechmaydi. Bu qarorga u qachon keldi? Fojeadan, Oydin kasalxonaga tushmasidan oldinmi, yo tushganidan keyin rahmi kelibmi? Bu savolga javob yo‘q edi. Bilmasdi bu qarorga kelganini. Keyin ahamiyati yo‘q edi. Eng muhimi, Oydinsiz hayotning unga qizig‘i yo‘q. Oydin uni haydamadi, dard uni haydayapti... Kim biladi, balki chorasi bordir? O’zga shaharlarda, o‘zga mamlakatlarda bunday kasalliklarga shifo balki topishgandir?
Olisdan Qunduzxon ko‘rindi. Po‘latning bu yerda o‘tirishi endi befoyda edi. 
Darvozaga yetay deganda oldidan Ismat Haydarov chiqdi. 
— Shu yerdaligingni bilib kelaverdim!
— Tinchlikmi? — hayron bo‘ldi Po‘lat. 
— Tinchlik. Xo‘jayinni bir joyga olib borib kelamiz. 
— Men hammi?— tushunmadi uni Po‘lat. 
— Ha. Ikkalamiz. Xo‘jayinning joni hammamizga qimmat. 
Po‘lat endi angladi. Undan soqchi sifatida ham foydalanishmoqchi. Yangi chiqqan boylar bir tiyinni bekorga sarf qilmaydi. Uning chempionlik obro‘yidan bu ishda ham, soqchilikda ham foydalanishmoqchi. Zardasi tutib ketib qolmoqchi bo‘ldi, ammo o‘zini bosdi. Klubda ishlayotganiga atigi ikki oy bo‘ldi. Ishlayotganini faqat har o‘n kunda olayotgan pulda sezdi. Dastlabki kunlari hatto uyalib ham yurdi. Adasining gapini xayolidan ko‘tarib tashlayolmadi. Tekin pulning barakasi bo‘lmaydi degandi u. Zararini Po‘lat sezgani yo‘q, foydasini bo‘lsa har kuni, har qadamida ko‘rib turdi. Bozorga tushganida o‘zini cheklagani yo‘q, nima ko‘ziga yaxshi ko‘rinsa, oldi. Bitta o‘zining uyiga emas Oydinlarnikiga ham olib bordi, kasalxonaga qatnovlarining keti uzilgani yo‘q. Shuning uchun hozircha chidash kerak. Bir kun kechga xizmat qilsa qilibdi-da! Tag‘in hali xizmat qandayligi ham ma’lum emas. Kunduz kunlaridagidek bo‘lsa, xizmat emas, pashsha qo‘rish. O’n bitta yigit bilan Ismat Haydarov boshliq ikkita trener shug‘ullanadi. Ularni Po‘lat ilgari, qandaydir musobaqalarda ko‘rgan ammo tanishligi yo‘q. Mashg‘ulotlarni ular olib borishadi. Po‘lat faqat kuzatadi, lozim topganidagina aralashib, maslahat beradi. Uning omadi kelganidanmi, yo yigitlarning o‘zlari kuchli bo‘lganlaridanmi, ikki oy ichida to‘rt marta jang bo‘ldi. Hammasida klub yigitlari g‘olib chiqishdi. Ular qatori Po‘lat ham mukofot oldi. 
— Yoqmadi-a? — Ismat Haydarov yaljaydi, — Na iloj? Yemoqning qusmog‘i bor. Yaxshi olayapmiz. Ozgina xo‘jayinning ko‘aglini olsak olibmiz-da! Jahon chempioni yuribdi orqamda, degan gap kerak ekan bugun. Qizlarinikiga ketayaptilar. Quda chaqiriq. Zo‘r ziyofat bo‘ladi. 
Po‘lat yarim kechada uyga qaytdi. Yana Ismat Haydarov olib kelib qo‘ydi. Soqchi sifatida uning hechqanday xizmati bo‘lmadi. Hechkim uni surishtirmadi. Ichkaridan, xo‘jayinning qizi tushgan hashamatli uydan turli ovqatlarning hidi kelib tursa ham hechkim ularga bir piyola choy olib chiqqani yo‘q. Uchta «Tayota»ning shoferi, u, Ismat Haydarov hech kimning esiga kelishgani yo‘q. 
Shunday munosabat bo‘lganidan bir hisobda u quvondi. Tili qisiq bo‘lmaydi, istagan paytda tortinmasdan bo‘shab ketadi. Bo‘shab ketishiga esa uning ishonchi komil edi. Bunday daromadni ko‘rmagan bo‘lsa ham, turmushida muhtojlik sezmasa ham dilining bir chetida o‘zidan, qilayotgan ishidan norizo edi. 
Eshikni qulflab, hovliga o‘girilganda, adasi bilan onasining uyg‘oq o‘tirishganini ko‘rdi. Xayoli darhol Oydinga ketdi. U bilan bir narsa bo‘lgandek tuyildi. Ayvonga ko‘tarilishi bilan so‘radi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik. Xavotir bo‘lma. Er-xotin gaplashib o‘tiribmiz, — dedi adasi. 
— Juda qornim och, oyi! Nimangiz bor? 
Po‘lat tinchib ichkariga kirib ketdi. Onasi o‘choqboshiga borib ovqat olib kelguncha yuvinib, uy kiyimlarini kiyib chiqdi. Er-xotin o‘g‘lining ishtaha bilan ovqatlanishiga havas, g‘urur bilan qarab o‘tirishdi. Po‘lat apil-tapil ovqatlanib, o‘zi qo‘lini fotihaga yozdi. Opasi shoshib bir narsalar shivirlashi bilan yuziga tortdi. O’rnidan turmoqchi bo‘lganida, adasi to‘xtatdi. 
— Po‘lat... — u xotiniga qarab qo‘yib, boshini egdi. — Kunduzi Rahbarxon... Oydinning onasi kelgan edi... 
— Xo‘sh? — Po‘latning yuragn orqasiga tortib bo‘shashdi. 
— Oydin bilan fotihalaringni bekor qilib ketdi
— Nega? — hayron bo‘ldi Po‘lat. 
— Yashiradigan joyi yo‘q endi, o‘g‘lim, salmoqlab gapirdi adasi. — Oydinxon... Oydinxonni uyga olib kelishibdi. Bechora qiz... Ko‘rpa-yostiqqa bog‘lanib qoldi endi. Turmush qurib, bola-chaqa qilishi qiyin. Noumid shayton o‘g‘lim ajab emas, bir kunmas bir kun o‘rnidai turib ketsa!.. Lekin bu kun qachon keladi, xudoga ayon, bandasi bilmaydi. Shularni o‘ylab sening yo‘lingni ochib qo‘yishdi, Bu gapdan Oydinnnng o‘zi ham xabardor ekan. Kim bilsin, balki o‘zi boshlagandir?
Po‘lat Oydinning gaplarini esladi. Albatta, gapni Oydinning o‘zi boshlagan. 
— Sizlar nima dedinglar? — Po‘lat oyisi, adasiga bir-bir qarab chiqdi. 
— O’g‘lim!.. Bu to‘g‘ri fikrga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Rozimiz. Faqat ich-ichimizdan achinib, ezilib o‘tiribmiz. Oydin yaxshi kelin, Rahbarxon yaxshi quda bo‘lardi. Lekin nima derdik. Xudo shifosini bersin. Tuzalib ketsa, Oydindek qiz uyda o‘tirib qolmaydi. Baxtini topib ketadi. 
— Nega meni kutmadinglar? — so‘radi zarda bilan Po‘lat o‘zini tutolmay. 
— Oydin uzil-kesil gap qilibdi, — shu paytgacha dasturxonning bir chetini g‘ijimlab o‘tirgan Sanobar opa o‘g‘liga qarab boshini ko‘tardi. — Rozi bo‘lmasdan ilojimiz yo‘q edi. O’g‘lim, adang aytganlaridek bechoraga xudo umr bersin, shifo topib ketsin. Unga hozir bundan boshqa hech narsa kerakmas, yuragiga ham sig‘maydi. Bizlarning ham umidlarimiz bor. Bittayu-bitta o‘g‘limiz oila qursa, to‘y qilsak, nevara ko‘rsak, deymiz. 
Yana adasi gapga qo‘shildi. 
— Hammamiz o‘g‘lim, bu dunyoda mehmonmiz. Ko‘rib turibsan, mening ham ahvolim ko‘ngildagidek emas. Xudo biladi, peshonaga nima yozilgan. Ko‘zim ochiqligida sendan tinchisam deyman. Lekin bilib qo‘y, oyingga ham menga ham rozilik berish oson bo‘lgani yo‘q. 
Allaqaerda xo‘roz qichqirdi. Allamahal bo‘lgan edi. Shuni bahona qilib, Po‘lat o‘rindan turdi. Xonasiga kirib yechinmay o‘rniga cho‘zildi. Ammo tong otguncha mijja qoqqani yo‘q. 
Dimog‘ini tandirdan yangi uzilgan non hidi qitiqlab o‘rnidan turdi. Uxlamay chiqqanini sezmadi, kechasi bilan ko‘kragini bosib turgan og‘ir xayollar, ota-onasining gaplari birdan qayoqqadir yo‘qoldi. Ko‘z oldida Oydin paydo bo‘ldi. U onasi yopgan, bug‘i buralib, xamirturush, achchiq piyoz hidi anqib turgan bir savat non ko‘tarib uni oldida turardi. U beixtiyor qo‘lini uzatdi, eshik tomon yurdi. Tasavvuri tarqaldi. Ammo baribir u xursand edi. Non hidi niyati, rejalarini oydinlashtirdi. 
Nonushta payti issiq, piyozli nondan ushatib og‘ziga solar ekan:
— Qachon ulgurdingiz? — so‘radi onasiga mehr bilan boqib. 
— Kechqurun pishrib qo‘yuvdim xamirini, — nondek qizargan yuzlarini artib jilmaydi Sanobar opa. — Xudo xohlasa, kelin tushirganimizdan keyin har kuni tandir yoqaman. 
Po‘latning boyagi tasavvuri yana ko‘z oldidan o‘tdi. Oydin bir savat non bilan ayvonga ko‘tarildi. Mana, u savatni xontaxta burchagiga qo‘yib, nonlarni olayapti. Non issiq, savatdan olib qo‘ygunicha qo‘llari kuyib ketay deyapti. Leknn kasalligini unutolmay lablarini tishlab bitta-bitta olayapti. 
Po‘lat yordam bermoqchi bo‘lib qo‘lini uzatdi. Qo‘li yangi kulcha ushlab turgan onasining qo‘liga tegdi. Tasavvuri yana tarqab ketdi. Oydin yo‘q edi. Dasturxon atrofida oyisi, adasi, o‘zi o‘tirishardi. 
— Oyi! — Po‘lat yutindi, joyida bir qo‘zg‘olib oldi. — Albatta, kelin tushirasiz. Men uylanaman. Faqat Oydinga uylanaman. U tuzalib ketadi. Uni hozirgi ahvolida qoldirib, boshqaga uylanolmayman. Gapim shu. 
Adasi piyolani ko‘targanicha qotib qoldi. Sanobar opa ham nima deyishini bilmay chaynala boshladi. Po‘lat suv sepgandek shoshib qo‘llarini yuziga surtdi-da, o‘rnidan turdi. 
Ko‘chaga chiqib, avval institutga bordi. Rektor o‘zida ekan, kirdi. 
— Institut qoshida mayda bolalar uchun boks maktabi ochsak, nima deysiz? — dedi dabdurustdan. 
— Juda yaxshi bo‘ladi! Qachondan?
— Bugundan. 
Rektor o‘rnidan turib unga qo‘lini uzatdi. 
Po‘lat kafedraga kirib klubning telefonini tera boshladi. 
— Ismat Haydarovni mumkinmi? O’zingmisan? Salom og‘ayni. Ha, Po‘latman. Yo‘q, bormayman. Mutlaqo bormayman. Soqchilik, mushtlashish qo‘limdan kelmas ekan. Boksimga qaytdim. Maktab ochayapman institut qoshida. Hohlasang kel, iste’dodli bokschi eding. Mayli. Ixtiyor o‘zingda. Istagan payting kel. Eshik ochiq. Yo‘q. Qaytmayman. Hamma narsani pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Xayr. 
Trubkani qo‘yib, seqretar ayolga murojaat qildi:
— Bir soatga eski ToshMIga borib kelaman. Xo‘pmi?
Ayol boshini qimirlatdi. Nega ToshMIga borishini u yaxshi bilardi. 

* * *

Davon orqali Farg‘ona vodiysiga borayotganimda albatta Pungonda to‘xtayman. Shu yerda, Namangan yo‘liga burilishda jajjigina choyxona bor. Birpas oyoq-qo‘llarimning chigalini yozib, achchiq ko‘k choy ichib, dam olaman. Choyxonachi men tenggi, oltmishlarga borgan dehqon odam. Sobiq agronom. Choyxona qarilikni tan olganidan beri, to‘g‘rirog‘i rahbarlari tan oldirishgandan beri qilayotgan ermagi. Choyxonaning orqasi bog‘. Anjir, shaftoli, nok ekib qo‘yibdi. Kim kirsa, shulardan albatta, oldiga qo‘yadi. Rayhon, atirgullarni hidi dimog‘ni qitig‘lab turadi. Bu gal ham mashinamni ko‘rinadigan joyga qo‘yib, choyxonaga kirdim. 
Bo‘sh taqsimcha bilan choynak ko‘targan Obidjon aka ochiq deraza oldida katta yo‘lga tikilib turardi. Beixtiyor shu tomonga qaradim. Choyxonadan katta yo‘lga tushaverishda qo‘liga termos ko‘tarib olgan yigit uzun atlas kuylak kiygan qizni tirsagidan ushlab borardi. Ular ohista-ohista yurib, yangi “Moskvich” yonida to‘xtashdi. Yigit qizni qo‘yib yuborib, mashina eshigini ochdi. Qiz orqa o‘rnndiqqa o‘tirgach, yigit eshikni ohista yopdi. Keyin mashinani aylanib o‘tib, rulga o‘tirdi. Ularni tanidim, ammo ko‘rishishga ulgurmadim. Mashina yurib ketdi. Yigit Po‘lat, qiz Oydin edi. Biroz bo‘lsa ham Oydin tuzalganini, Po‘lat uni Moskva, Kievdagi taniqli jarrohlarga olib borganini, bir yildan beri esa namanganlik Muhiddin tabibga qatnashayotganini eshitgan edim. Ammo Oydinni oyoqqa turgani, yuradigan bo‘lgani mening uchun mo‘‘jiza edi. 
— Ularni taniysizmi? — so‘radim Obidjon akadan. 
— Ikkalovi ikki farishta! — dedi u. — Biri Tohir, biri Zuhra, Biri Shirin, biri Farhod. Farhod-Shirinlar cho‘pchak deyishadi. Yolg‘on! Mana, ular cho‘pchak. 
U qo‘lini uzatib mashina ketgan tomonni ko‘rsatdi, keyin shaqillab qaynab turgan samovar yoniga borib, choy damladi. Guldor patnisga bitta yopgan non, bir bosh uzum, bir siqim qand solib oldimga keldi. 
— Astoydil yig‘lasa so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqar ekan, — Obidjon aka choy quyib uzatdi. — Po‘latjon faqat boksda chempion emas, mehr-oqibatda ham chempion ekan. Muhiddin tabib bechora qizni oyoqqa turg‘azgani mo‘‘jiza, to‘g‘ri. Ammo-lekin shu qizga Po‘latjonning duch kelgani ikkinchi mo‘‘jiza. Uning astoydil harakati, sadoqati bilan Oydin yurib ketdi. Hamma narsa pulga chaqiladigan davrda Po‘latjondek yigitlarning borligi yana bir mo‘‘jiza. Toshkentda maktab ochibdi. Hukumat qo‘ling o‘rgulsin bir bino beribdi. Bu maktabni bitirganlardan chempionlar chiqadimi, yo‘qmi, bilmadim. Chiqar. Ammo yaxshi odamlar albatta, chiqadi! Nima dedingiz?
Unga qo‘shildim. Po‘latga o‘xshagan sadoqatli, vafodor yigitlar faqat qizlarning emas, butun el, yurtning baxti. Ular bor yashasa, ertangi kunga umid, ishonch bilan qarasa bo‘ladi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.