OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Shirinsoy oqshomlari (hikoya)

Shirinsoy oqshomlari! Naqadar jozibador, naqadar orombaxsh!.. Quyosh qizil baxmal singari tovlanib, o‘zini azim chinorlar panasiga olganda, bu oqshomlar ko‘hna tabiat ko‘rki — tongdan ham musaffo bo‘lib ketadi. Go‘yo butun qishloqqa atlas poyandoz solinganday... Keng ko‘chalar ham, qator ok uylar ham, oldi gulzor kolxoz klubi ham goh sariq, goh qizg‘ish tusga kirib qishloq husniga husn qo‘shadi. Bu yerning odamlari-chi? Ular orombaxsh oqshomlardan ham go‘zal. Bu odamlar bilan suhbatlashib to‘ymaysan. Ular uddasidan chiqmagan ish yo‘q. Shuning uchun ham lablarida doim tabassum, ko‘zlarida sevinch, ular tongni ham, tunni ham qo‘shiq bilan qarshi olishadi.
Qishloq qizlarining sho‘x, o‘ynoqi yallalarini eshitsang, Shohimardonning shifobaxsh buloqlaridan to‘yib-to‘yib suv ichgandek bo‘lasan, g‘uboring tarqalib, rohatlanasan.
Nazira qishloqqa tushib kelgan kunning ertasigayoq, qizlar uni o‘rtaga olib, qo‘shiq ayttirishgan edi. Yo‘q deganiga qo‘yishmadi. Shunda u qandaydir laparni tutila-tutila aytib, zo‘rg‘a qutulgan edi...
Hozir u ikki qo‘lini iyagiga tirab, deraza yonida o‘tirarkan, daladan qaytayotgan qizlarning yallalarini eshitib, negadir shu voqeani esladi. O’shanda bir chekkada daraxtga suyanib turgan Qosimjon ham: «Yo‘q, demang, ayta qoling. Baribir qutulmaysiz» — degan edi. Qosimjon shunday demaganda, Nazira qizlarga quloq solmasdi. Bilmayman, deyardi-qo‘yardi. Lekin nega Qosimjonning so‘zini qaytara olmadi? Yaxshi ko‘rinmoqchimidi unga?
Nazira bir xo‘rsinib qo‘ydi. Yo‘q, yaxshi ko‘rinaman desa, bilmagan narsasini aytarmidi? Ishqilib, nima bo‘lsa ham lapar Qosimjonga yoqdi. Qizlarga qo‘shilib chapak chaldi. Keyin... Keyin... mehmonxonagacha kuzatib ko‘ydi. Xayrlasha turib, qo‘lini mahkam siqdi. Endi-chi? Endi bunday qilmaydi... Kechqurunlari qolmaydi. Qolsa ham, endi baribir Naziraga buning ahamiyati yo‘q. U uylanyapti. Boya to‘yga aytib ketdi. «O’zingiz bosh bo‘ling», dedi. Bosh bo‘ling, emish. Nimaga? O’zining eshsiz sevgisigami? Yo‘q, u ketadi, ha, ketadi.
Nazira derazani berkitdi, siqilib ketdi shekilli, yana ochdi. Chuqur bir uh tortdi, boshini kichkina qo‘llari ustiga qo‘ydi.
Shu payt kimdir deraza oldidan o‘tib ketdi. Ketidan yana kimningdir sharpasi eshitildi. Ko‘p o‘tmay, mehmonxona qarshisidagi klub odamlar bilan to‘ldi. Kimdir dutor chala boshladi. Bu Sherali bo‘lsa kerak, Nazira darrov angladi. Sherali dutordan hech ajralmaydi. Ishga ham olib boradi. Bo‘sh qoldi deguncha, ting‘illatgani-ting‘illatgan. Ana, kimdir ashula aytib yubordi. Kim bo‘ldi ekan? Biram yaxshi aytyaptiki... Nazira beixtiyor quloq soldi.

Quralay ko‘z yigitga
Ishqim tushdi.
Tush ko‘ribman, tushimda
Meni quchdi,
Meni quchma, topganing
Men emasman.
Va’dasi yo‘q yigitni
Yor demasman.

«Va’dasi yo‘q yigitni yor demasman»... Va’da... Va’da berganmidi? Shunchaki, keling, birga ishlaymiz, degan edi, xolos. Birgina shu gapi bilan kelaverdimi?
Nazira oldida turgan Qosimjonning suratiga tikildi va beixtiyor xayol surib ketdi.
Qosimjon institutni bitirayotganida, Nazira to‘rtinchi kursda edi. Ikkovi bir-birini yaxshi bilsa ham, aloqalari salom-alikdan, o‘qish haqidagi gaplardan nari o‘tmasdi. Nima bo‘ldi-yu, yangi yilni bir joyda kutadigan bo‘lib qolishdi. O’shanda qora kostyumini yaxshilab dazmollab, birinchi marta galstuk taqqan, qo‘ng‘ir sochlarini chap tomonga tekis qilib taragan Qosimjon Naziraga juda boshqacha bo‘lib ko‘rindi. Qo‘l berib ko‘rishganda esa, yuragi jiz etib ketdi. O’tirish avji qizigan payti, Qosimjon hazil aralash:
— Uylansam, Naziradaqa qizga uylanman, — deb yubordi.
Yigitlar «diding durust», deganday Naziraga qarab qo‘yishdi. Nazira seskanib ketdi. Lekin hazil aralash aytilgan shu so‘z ikkovini bir-biriga juda yaqin qilib qo‘ydi. Qosimjon qishlog‘iga ketadigan kuni:
— Bitirib, Shirinsoyga boring, birga ishlaymiz, — dedi.
Nazira qanot paydo qilib, orqasidan uchguday bo‘ldi. Ha, o‘shanda u o‘z hayotini Qosimjonsiz tasavvur qila olmadi. Shuning uchun ham institutni bitirishi bilan Shirinsoyga yo‘l oldi. Kolxoz raisi mehmondo‘st odam ekan. Nazira kelishi bilan uyiga olib ketdi. Alohida uy berishguncha shu yerda turishni taklif qildi. Choy ichib o‘tirishgan edi, bir qiz kelib qoldi.
— Tanishib qo‘y, Gulchehra, — dedi Nurmat aka Nazirani ko‘rsatib, — bu kishi yangi zootexnigimiz.
Qiz muloyim jilmayib qo‘ydi.
— Juda yaxshi. Salom, — dedi qo‘lini uzatib.
Ikki qiz choy ichilib bo‘lguncha apoq-chapoq bo‘lib ketishdi. Raisning e’tiroziga qaramay, Gulchehra yangi dugonasini uyiga olib ketmoqchi bo‘ldi.
— Nurmat aka, xo‘p deya qoling. Ikkalamiz gaplashib yotamiz. Xo‘pmi?
Nazira uyalinqirab yerga qaradi.
— Mana ko‘rdingizmi? — Gulchehra yana raisga yopishdi. — Bir marta xo‘p desangiz nima qiladi? Qosimjon akam bilan qirga yuboring, deb qancha yalindim, yubormadingiz. Endi bunga ham yo‘q deysizmi?
Nazira Qosimjonning ismini eshitishi bilan yalt etib unga qaradi-yu, qizarib ketdi. Buni o‘zi ham sezdi shekilli, yuzini dastro‘moli bilan sekin yashirdi.
— Xo‘p, xo‘p. Buncha qaqillamasang? — dedi nihoyat rais kulgi aralash. — Senga yo‘q deb bo‘larmidi? Mehmon rozi bo‘lsa, olib keta qol. Siz nima deysiz, Nazira?
— Mayli, — deb rozilik berdi Nazira. U Gulchehradan Qosimjonning qachon kelishini tezroq bilishga oshikardi.
— Bo‘lmasa, bularni ertaga o‘zing fermaga olib borarsan.
— Xo‘p bo‘ladi. Qani, ketdik, — Gulchehra Nazirani qo‘lidan ushlab hovliga olib tushdi. Shu mahal qaerdadir it huridi, tovuq qaqilladi.
— Tavba, — dedi Nazira, — dalada kun juda tez kech bo‘larkan-a?
— Yoqmadimi? — samimiylik bilan so‘radi Gulchehra.
— Yo‘q, nega? Yaqindagina mashinadan tushganimda kun tepamda edi. Birpasda kech bo‘ldi-qo‘ydi. Shunga aytyapman.
— To‘g‘ri, o‘rganmagan kishiga shunaqa ko‘rinadi. Qosimjon aka ham yangi kelganlarida shunaqa bo‘luvdilar.
Naziraning yuziga yana qizillik yugurdi. Lekin bu gal ortiq chiday olmadi. Sherigi qiz bo‘lgani uchunmi, yo hozir o‘zini raisning uyidagidan dadilroq sezdimi, so‘radi:
— Aytganday, Qosimjon akangiz qirdan qachon keladi?
— Ertaga. Ana, uyga ham keldik.
Nazira so‘nggi gapni eshitmadi. Ertaga... Mayli, ertaga bo‘lsa ertaga! Ko‘pi ketib, ozi qoldi. Qanday bo‘lib ketgan ekan? Qanday ko‘rishar ekan? Hali ham avvalgidek kamgap, muloyim, uyatchanmikan?.. Yo... U shunday xayollar bilan Gulchehraning mehmondo‘stligiga ham uncha e’tibor bermadi. Ikki chimdim osh yedi-yu, bir ho‘plam choy ichdi. Keyin Gulchehra solib bergan o‘ringa yonboshladi.
«Mana, Qosimjon aka, — o‘yladi Nazira, — qishlo-g‘ingizdaman. Sevinchim ichimga sig‘mayapti. Siz-chi? Siz xursand bo‘larmikinsiz?»
U ko‘zlarini shiringina suzib, yumshoq par yostiqqa yuzini qo‘ydi.
Begona joyda oldinga xilma-xil ovqat qo‘yishsa ham, yeganday bo‘lmaysan, kechasi qanday uxlaganingni bilmaysan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Nazira dugonasidan oldin g‘ira-shirada uyg‘ondi. Tizzalarini ko‘rpaning ustidan quchoqlab, birinchi mehnat kunining qanday bo‘lishini, Qosimjon bilan qanday uchrashishni o‘ylab ketdi. U ishdan qo‘rqmasdi. Albatta, shunday katta kolxozda zootexnik bo‘lib ishlash ancha mas’uliyatli narsa, lekin bu uni cho‘chitmasdi. Biroq yuragiga g‘ulg‘ula solgan narsa ham yo‘q emas... Qosimjon uni qanday qarshi olarkin? Orzulari ro‘yobga chiqarmikan?
Tong yorishganda ikki qiz fermaga kirib kelishdi. Bu yerda allaqachon ish boshlangan edi. Birov xashak tashigan, birov sigir sug‘organ. Katta ferma hovlisining o‘rtasida ikkita sut tashiydigan mashina turibdi. Yonida qator-qator bidonlar... Nazira alan-jalang, hamma narsaga suq bilan qaraydi.
— Nazira! — kimdir to‘satdan chaqirib qoldi.
Nazira bu ovozni tanidi, tanidi-yu, yuragi shuv etib ketdi, turgan joyida qotib qoldi.
— Salom. Kechirasiz, kecha qirda edim, kutib ololmadim.
Nazira orziqib kutgan kishisi oldiga qanot paydo qilib uchib kelgan, yuragiga yaqin odami paydo bo‘lib qolganini, avval uning, keyin kulib turgan Gulchehraning qo‘lini siqqanini bilmay qoldi. Qosimjon ularni xonasiga boshlab kirib, divanga o‘tqazganidagina Nazira o‘ziga keldi, biroq hali ham boshini ko‘tara olmay, yer ostidan Qosimjonga qaradi.
— Tinch yuribsizmi?
— Rahmat. E, bu yerda tinch yurib bo‘ladimi? Bir kun ham boshingiz g‘alvadan chiqmaydi. Ish-ish-ish.
— Qo‘ying, — gapga aralashdi Gulchehra. — Bu kishini halitdan cho‘chitmang.
— Nazira qo‘rqadiganlardan emas. Innaykeyin, shu yerda ishlaydigan bo‘lsalar, g‘alva, tashvishlarimizga sherik bo‘lsinlar-da!
Uchovlari kulib yuborishdi. Shu payt telefon jiringlab qoldi. Qosimjon trubkani oldi.
— Labbay. Salom, Nurmat aka. Ha, shu yerda o‘tiribdilar. — Qosimjon Nazirga qarab jilmayib qo‘ydi, — ha, endi ko‘nikib ketarlar. Xo‘p, hozir.
Qosimjon trubkani qo‘ydi.
— Rais sizga, salom, dedilar.
— Rahmat.
— Men hozir idoraga borib kelaman, keyin bafurja gaplashamiz. Ungacha Gulchehra bilan fermani aylaninglar. Yangi apparatlarni ko‘ringlar.
Qosimjon qandaydir papkani olib chiqib ketdi. Nazira yengil nafas oldi. Unga Qosimjonning shu topda ketgani yokdi. Fermaning ishlari bilan yaxshilab tanishib oladi, bo‘lmasa, qulog‘iga gap kirarmidi? Lekin shu kuni Qosimjondan darak bo‘lmadi. Gulchehra bilan fermani aylanar ekan, eshik tomonga qarab-qarab oladi. Qani endi kelsa! Uzoqdan bir ko‘rinib ketsa ham mayli edi. Naziraga hozir shu ham kifoya qilardi.
«Ishi ko‘p, — dedi o‘zicha, yangi tug‘ilgan buzoqlarni ko‘rishayotganda, — bechora, tinib-tinchimaydiganga o‘xshaydi».
— Bularda hech tinim yo‘q, — qizishib gapirdi Gulchehra. — Sigirlardan ham ko‘ra bularga ko‘p qaraymiz. Shunday qilmasangiz ham bo‘lmaydi. Hammasi zotli! Fermani shular hisobiga kengaytiramiz. Qosimjon akam ham har kuni ikki mahal shu yerga kirib ketmasalar, ko‘ngillari joyiga tushmaydi. Raisni aytmaysizmi? U kishi ham shunday. Kolxozning bo‘linmas fondi emish bular.
Nazira beixtiyor jilmaydi. Shunday yonginasida quloqlarini dikkaytirib, oppoq tilini cho‘zib turgan ola buzoqning boshidan siladi.
«Ishi ko‘p. Bitta «bo‘linmas fond»ning o‘zi qancha ish. Mayli, qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Lekin nega kelmayapti? Kech kirdi. Bugun ham daragi yo‘q...»
Keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi? Qosimjonni kunda ko‘radigan bo‘ldi. Hatto, kechalari fermada qolib ham ketishdi. Nazira o‘z hayotining eng quvonchli davri hisoblangan ana shu to‘rt-besh oy ichida Qosimjonning haqiqiy ko‘makchisiga aylandi. Sigirlarning ratsioni ikki marta ko‘paytirildi. Elektrcho‘pon, elektropoilkalar har bir bo‘limga qurildi. Nazira kolxozda hammaga yaqin va jonkuyar bo‘lib qoldi. Kolxoz umumiy majlislarining birida rais hammaning oldida uning peshonasidan o‘pdi.
— Agar o‘g‘lim bo‘lganida, o‘zim kelin qilardim, — dedi hazil aralash.
Zalda kulgi ko‘tarildi. Nazira yer ostidan yonida o‘tirgan Qosimjonga qarab qo‘ydi. Qosimjon samimiylik bilan jilmaydi.
Majlisdan so‘ng klubda odatdagidek o‘yin-kulgi boshlanib ketdi. Gulchehra qo‘shiq aytdi. Yaxshigina ovozi bor ekan. Fermaning shofyori Sherali dutorda unga jo‘r bo‘ldi. Birinchi pok sevgi haqidagi yurakdan aytilgan bu qo‘shiq Nazirani to‘lqinlantirib yubordi. Qo‘shiq tugashi bilan eshikka chiqdi.
Tun. Shirinsoyning orombaxsh tuni. Ko‘kda son-sanoqsiz yulduzlar... Qaysi biri so‘nib, qaysi biri yonayotganini sezmaysan kishi. Shulardan biri Naziraniki. Hov, ana... Hammasidan yorug‘, hammasidan katta. Biroq nega yolg‘iz?
Endigina bargak yozgan tolzordan mayin shamol esdi. Nazira o‘sha tomonga yurdi... Bir mahal oldinda kimningdir sharpasi ko‘rindi. Uning yonida yana birov borga o‘xshaydi? Kim ekan bular? Nazira yurishini ham, orqaga qaytishini ham bilmay, to‘xtab qoldi.
— Endi qo‘yib yubormayman, — derdi erkak ovozi, — Gulchehra rostini ayting, qachongacha qiynaysiz?
Nazira bo‘shashib, oyoqlari madorsiz chalishib ketdi. Bu Qosimjon edi.
«Qosimjon... Endi nima qildim? Ishqilib, o‘zimni sezdirmay... ketish kerak, bildirmay ketish kerak».
Nazira zo‘rg‘a uyga yetib keldi. U yechinmasdan o‘zini sovuq karavotga tashladi-da, yig‘lab yubordi.
Ertasiga ertalab Qosimjon keldi. U xuddi yosh boladek sevinchini ichiga sig‘dira olmay, to‘y haqida gapirdi. O’zingiz bosh bo‘ling, dedi Naziraga. Nazira yurak yig‘isini bo‘g‘ib, jilmaydi...
— Rost, siz hamma narsaning uddasidan chiqasiz. Bormasangiz, xafa bo‘lamiz. Kelishdik-a?
«Nahotki, sezmagan bo‘lsa? Nahotki, sevishimni bilma-sa? — o‘ylardi Nazira, uning gaplariga qulok solarkan.
Bilsa shunday dermidi? Ayb o‘zimda. Nega bildirmadim? Nega aytmadim? Hozir aytaymi?»
— Qosimjon aka?
— Nima, borasizmi? Nazira orir xo‘rsindi.
— Ha, boraman... Qosimjon chiqib ketdi.
— Ketish kerak, — dedi o‘ziga kelib Nazira. — Tezroq ketish kerak.
Bu so‘z unda kuch paydo qildi. O’rnidan turib bor narsasini taxladi.
«Ketish kerak, tezroq ketish kerak!»
Birpasda kiyinib, chamadonini ko‘tardi-da, ko‘chaga chiqdi. Shu mahal klubda chiroq yondi. Yana Sherali dutorini cherta boshladi. Nega mungli, boyagidek quvnoq emas? Ha, bu kuyni Sheralining o‘zi yaxshi ko‘radi. Yolg‘iz qolsa, nuqul shuni chaladi. Qiziq, nahotki u ham Naziraga o‘xshasa?..
Nazira katta yo‘lga chiqquncha hech kimni uchratmadi. U yengil nafas oldi. Markazga hali yiroq. Lekin hechqisi yo‘q. Shu yerdan ketib olsa, bo‘ldi. Nazira atrofga mehr bilan boqdi. Qanchalik tanish joylar!.. Yarim yil ichida bu yerlar xuddi tug‘ilgan qishlorvdek unga juda aziz va yaqin bo‘lib qolgan edi. Nurmat aka-chi? Sherali-chi? Qizlar-chi? Ularni tashlab ketaveradimi? Lekin ketishi kerak.
Uning o‘pkasi to‘ldi. Ko‘zlariga yana yosh keldi. O’zini qanchalik bosmasin, quyilib kelayotgan bu yoshni to‘xtata olmadi. Shu alfozda qancha yurdi, bilmaydi, qarshisidan kelayotgan mashinaning chirog‘i ko‘zlarini qamashtirib yubordi. Mashina uning yoniga kelib taqqa to‘xtadi.
— Shu mahalda qayoqqa? — Nazira hovliqib mashinadan tushayotgan kishining Nurmat aka ekanini bildi. Bildi-yu, nima deyishini bilmay qoldi.
— Qayoqqa ketayapsan, hoy, menga qara? — so‘radi yana rais va hech narsani bilmaganday ro‘molchasini uzatdi. — Ma, yuzingni artib ol. Qayoqqa ketyapsan?
— Shaharga... — bo‘shashib javob berdi Nazira yoshlarini artarkan.
— Shunday degin? Qani, mashinaga chiq-chi!
Nurmat aka bir zumda chamadonini mashinaga soldi va Nazirani yoniga o‘tqazdi-da, kishloq tomon haydab ketdi.
— Qayoqqa olib ketyapsiz, to‘xtating! — Nazira jonholatda raisning qo‘liga yopishdi.
— Qayoqqa bo‘lardi! — jilmayib javob berdi rais. — Shirinsoyga! Sen bizni tashlab ketarmiding?
Nazira javob bermadi. Nurmat aka ham anchagacha jim bordi.
— Nega xafaligingni bilmayman, lekin g‘am yomon narsa, — dedi nihoyat rais. — Uni yengmasang, hayoting buzila-di, orzularing puchga chiqadi. Uni yengish kerak!
«Uni yengish kerak, — takrorladi raisning so‘zini ichida Nazira va shu topda qattiq charchaganini sezdi, — yengish kerak. Qanday qilib?»
O’ziga-o‘zi bergan bu savoli javobsiz qoldi. Mudroq bosgan ko‘zlari yumilib, boshini sekingina Nurmat akaning yelkasiga qo‘ydi. «Baribir ketaman. Lekin shunday yelkaga bosh qo‘yib uxlash qanday yaxshi!..» U bundan bir necha yil muqaddam otasi frontga ketadigan kuni ana shunday orom olgan edi. Labidan tabassum arimaydigan Nurmat aka, hozir uning uchun o‘z otasidek aziz va mehribon bo‘lib ketdi.
«Shularni tashlab ketamanmi? — xayolidan o‘tkazdi Nazira. — O’z qizidek bag‘riga olishdi. Yolg‘izligimni bildirishmadi. Nahotki baxt faqat sevgida bo‘lsa? Bu odamlar bilan yashashning o‘zi baxt emasmi?!»
Mashina kolxoz idorasiga yaqinlashganda, klubdan yana quvnoq kuy yangray boshladi. Nazira ancha yengil tortdi. Boshini ko‘tarib, quloq sola boshladi. Buncha dilbar chalayotgan kim ekan? Sheralimasmi?

1959
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.