OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Katta dada (hikoya)

«Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!» Ana shu to‘rttagina so‘z, lekin miyasining to‘rt tomonini egallab olgan, ming boshqa narsani o‘ylashga urinmasin, o‘zini chalg‘itish uchun hech bir keraksiz yumushlarga qo‘l urmasin, xotiniga qo‘shilib jini suymaydigan tele-seriallarni ko‘rib, haligina eshitgan, musaffo osmonni tilib o‘tgan chaqinga o‘xshash xabarni unutishga urinmasin, hech bir bo‘lmasdi. Uxlasam, unutarman, deya yostiqqa bosh qo‘yib, yupqagina xitoyto‘shakni naq boshigacha tortdi. Qayoqda! «Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!»
To‘shak titrayotgan qo‘llarning ayovsiz g‘ijimlashidan cho‘chiydi, g‘ijimlash yirtish-ga aylanishidan qo‘rqadi. «Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!» - ich-ichini tirnab tashlayotgan, miyasiga to‘rtta chayondek yopishayotgan so‘zlar yigirmanchimi-o‘ttizinchimi, kim buni hisob-lab o‘tiribdi, allanechanchi martadir takrorlanganda, bo‘shashgan barmoqlar orasidan to‘shak pastga sirg‘alib tushayotib quvonadi. Lekin to‘shak o‘zidagi norozilikni televizordan bosh ko‘tarmay o‘tirgan uy bekasiga ko‘chganini bilmaydi. O’rtadagi eshik yarim ochilib, ichkariga suqilgan oppoq sochlari to‘zg‘igan boshni ko‘rarkan ayol eriga oshkora norozi ko‘zlarini tikadi-da, xuddi bir narsadan quruq qolgandek televizorga o‘giriladi. Hozir-gina u anov kinodagi turk ayolning kuniga bir-biridan chiroyli yangi-yangi ro‘mol o‘rashiga havasi kelayotgan, eri jimgina uxlamasdan, qo‘limizga pul tushsa, bozorga chiqaman-da ikkita, yo‘q, uchta ro‘mol sotib olaman, degan shirindan-shirin xayolining naq beliga tepganidan og‘rindi. Og‘rinadi-da, ro‘mol olaman deb yig‘ayotgan nafaqa pulini qiziga berganini eslab, eridan ko‘zini olib qochadi. Nima qilsin, bitta-yu bitta qizi bemorxonada topgan puli ikkita bolasini yedirish-kiydirishga yetmasdan, yarim kecha demasdan, yog‘in-sochin demasdan eshik qoqib kelgan odamga ergashib, yo‘liga intiq yotgan bemorni ukol qilib, to‘rt tanga topay deya yelib-yugurib yurganda, uning tumshug‘i ajralay-ajralay deb turgan tuflisini ko‘rib, ol qizim, oyog‘ingga tuzukroq narsa sotvolgin demoq o‘rniga boshiga yangi ro‘mol o‘rasinmi… Erining pulini surishtiradigan xotin bo‘lmasa. Yo‘, hammasi kundek ravshan ko‘rinib turganda, ha, eri uch yildan beri bitta kastumda yurgan-da, pensiyaga chiqdim deb, uyda o‘tirmasdan, yana tong oqarar-oqarmas maktabga yugurayotganda oladigan pulini surishtirib, aqlini yebdimi? Faqat shiringina orzu qilib turganda, to‘satdan taraqlatib eshik ochishi…
- Kampir, shu-u, jiyan uyimni sotaman, deb o‘z og‘zi bilan aytdimi?
- Ha, o‘z og‘zi bilan aytdi, men mana shu quloqlarim bilan eshitdim. U aytdi, men eshitdim, eshitganimni sizga yetkazdim. Bo‘ldi-da endi, uy sotadigan jiyaningiz, sizga nima, uxlang, dunyoni suv bossa odamlarning to‘pig‘iga chiqmaydi, bu kishim arzimagan bir gapga bosh qotirib, uxlayolmaydilar. Uxlang, ertaga darsda ko‘zingizni yumib, esnab o‘tir-mang tag‘in, - televizorda yana yangi ro‘mol o‘ragan kekkaygan ayol ko‘rinib bekaning o‘chayotgan o‘tiga moy sepdi.
- Sen uy sotishni oddiygina gap deb o‘ylaysanmi? Jiyanning boshiga biron tash-vish tushgan. Ha, sira kutilmagan tashvish tushgan. Yo‘g‘asam, kim yashab turgan uyini sotadi? Yo noto‘g‘ri gapiryapmanmi, kampir?
- Men biron nima dedimmi? Lekin uy sotadigan u, balki jiyaningizning ko‘ngli katta-roq, dang‘illama uyni tusab qolgandir…
- Ha, shu mening aqlimga kelmabdi. Keyingi paytlar allaqanday biznesga ara-lashib yurgan, deb eshitgandim…U boshqa hech narsa demadimi?
- Yo‘-o‘q… Shoshmang, u… jiyaningiz bojangizni surishtirdimi-ey. Katta dadam bojalarinikiga borib-kelyaptilarmi, deganday bo‘ldimi-ey…
- Bojamni nega surishtiradi?
- Men qaqdan bilay, uxlab tush ko‘ribmanmi? Ana, kinoyam tugadi, ko‘rganday bo‘lmadim. Uzzukun poylab o‘tirgandim, hah essiz… Qaqdan keldi o‘sha Sulton satang! Katta dadalari endi esiga tushib qolibdimi? Yil-o‘n ikki oyda ikki marta keladigan hayitda ikkita issiq non bilan yarim kilo novvotga arzitmasa! Bir oy ana ketaman-mana ketaman, deb yotdingiz, katta dadamga nima bo‘ldi, deb holingizni so‘rab kelmagan bo‘lsa! 
- Sen bu gaplarni qo‘y, kampir, u mening jigarim, vaqti bo‘lmagandir, boshqa bir muhim sababi bordir, he, sen jiyanim meni ko‘rganda, «katta dada»lab aylanib-o‘rgi-lishini bilmaysan-da. Erta darsdan keyin undan bir xabar olmasam bo‘lmaydi…
Muhib muallim ertasiga darsdan chiqib, tuman markaziga boradigan «marshrut-ka»ga chiqdi. Shunday mashinadan tushganida jiyanining qo‘shnisi uchrab qoldi. Yo‘li yaqin bo‘lishini o‘ylagan muallim ildam qadam tashlayotgan qo‘shniga yetib yurishga urinardi. Lekin qo‘shnining gaplarini eshitib, oyoqlari bo‘shashdi. Yana kechagi to‘rtta so‘z miyasiga chumolilarni yugurtirdi: «Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!» Nimaymish, qo‘shnining aytishi-cha Sulton qo‘lidagi o‘n barmog‘i qolib, oyog‘idagi barmoqlarni ham og‘ziga solishga uringanmish. Ana keyin yog‘liq palov yeb yurgan odamning kuni qotgan nonga qolibdi. Qo‘shni Muhib muallimning oyoqlari chalishib, orqada qolib ketayotganiga zarracha e’tibor ber-mas, Sultonning «bankrotcha» bo‘lganini, singanini xuddi quvonchli bir yangilikni hikoya qilayotgandek ataylab chertib-chertib so‘zlardi. Muallim qo‘shnining og‘ziga urib tashlagi-si keldi. To‘y-hashamlarda, choyxona, katta davralarda karillab yurgan, o‘zining tagida «Neksiya», o‘g‘lining tagida «Mersedes» jiyanini toptab tashlayapti-yu. Shu, hovli olma, qo‘shni ol, deganlari to‘g‘ri ekan-da. Jiyan hovli olayotganda qo‘shnilarini tuzukroq surishtirmagan chiqadi. Odam bolasining ichi qora bo‘lmasin-da. Qo‘shniga yetkazgan Xudo menga ham yetkazsin, deb niyat qilsa bo‘lmaydimi. Bu yonimda kelayotgan odam yon qo‘shnimning amakisi, yetti yot begona emas, deb o‘ylamaydiyam. Xudoyim har bir bandangga o‘zing insof bergin-da…
- Semizlikni qo‘y ko‘taradi deganlar, aka, odam emas, - qo‘shni eshigiga yaqin-lashganda to‘xtadi. – Aka, uyga kiraylik, bir piyola choy ichib ketasiz.
Muhib muallim qo‘li bilan hovlisiga ishora qilib, jilmayib turgan qo‘shniga rahmat aytish uchun tilini ikki-uch lahza qiynadi. Oltmish uch yoshlik umri davomida birinchi marta, ha, birinchi marta, oldingisi esida qolmagan, agar aytganida hozir eslagan bo‘lardi, birinchi marta «rahmat» degan yurakdan toshib chiqadigan so‘zning shunchalik quruq chiqqaniga, ustiga ikki chakkasini lo‘qillatganiga o‘zidan koyinib borarkan, bunday qarasa naq peshonasiga bir qarich-bir qarich qilib yozilgan harflar urilayozdi. «Hovli sotiladi!» Ko‘m-ko‘k darvoza peshonasiga oq bo‘r bilan yozilgan bu ikki so‘zni uch qayta o‘qidimi, to‘rt martami, muallimning xayolida qo‘sh fikr aylanardi – o‘yinqaroq bolalar hazillashib yozib ketishgan, yo men adashyapman, bu jiyanimning dar-vozasi emas… Qo‘sh fikr bir-bir-biri bilan talashib, o‘rin almashaverdi, lekin ko‘m-ko‘k ikki tavaqali katta darvoza, peshonasiga oppoq bo‘r bilan yozilgan bir qarich-bir qarich harflar sira nari ketmasdan jimirlagancha turaverdi. Muallim to‘xtovsiz jimirlayotgan bo‘r yozuvlar tepasidagi to‘rt tomoni bir qarichlik qora temir parchaga umid bilan tikildi. Yo‘q, umidi bir lahzada sarobga aylandi - o‘sha ko‘cha, o‘sha raqam. Qora temir parchadagi shafqatsiz yozuv bu hovlida jiyani yashashini lo‘qillayotgan chakkalariga cherta-cherta ustma-ust ta’kidladi…
Shivalab yomg‘ir quyishidan yarim soatcha oldin qiyshaygan tarnovlarni tuzatib tushgan Muhib kech kuzdagi sovuqda eti dildirab ko‘rpaga o‘ralib yotganda eshik taqillaganday tuyuldi. Avvaliga shamol ters esgan bo‘lsa, yomg‘ir urilayotgandir deya e’tibor ber-magan, taqillash takrorlanavergach, issiq ko‘rpadan chiqqisi kelmasdan yotavergan muallim tanish ovozni eshitib, eshik ochdi. Ustidagi baxmal ko‘ylagi ivib ketgan, oyog‘ida orti qirqib tashlangan kalishcha kiygan bolani bag‘riga bosgancha ichkari oldi. Sochi yopishgan boshini, ho‘l betini sochiqqa artib, ko‘ylagini yechib, sandal chetiga yoyib qo‘ydi-da, o‘zini avaylab issiq ko‘rpaga o‘radi. «Katta dada, endi men siz bilan yashayman… Yo… yo… yo…» Bola sochiq bilan o‘ralgan boshini silayotgan Muhibga yosh to‘la, qizarib ketgan ko‘zlarini tikar ekan, ich-ichidan toshib chiqayotgan xo‘rsiniq bo‘g‘zidagi so‘zlarni itarib tashladi. Yo‘q, baribir bolaning ichiga to‘lgan, miyasiga boshqa hech narsani sig‘dirmayotgan so‘zlar qiynala-qiynala xo‘rsiniq orasidan yorib o‘tdi: « Yo endi o‘g‘lingiz bor… Katta dada, endi meni o‘g‘il qilmaysizmi…»
Muhibning xotini to‘ng‘ich qizidan keyin necha yilgacha hech yukli bo‘lmadi. Besh yil o‘tdi, olti yil o‘tdi, o‘zidan ikki yil keyin uylanib, ustma-ust uch o‘g‘illik bo‘lgan ukasiga bilib-bildirmay havas qilayotgan Muhib uyquga yotayotganda ham, tong saharda ham Xudodan o‘g‘il tilardi. «Yiqilganda suyanmoqqa o‘g‘il kerakdir yigitga» - hali uylan-masidan oldin eshitgan bu gap ayniqsa keyingi yili quloqlari ostida to‘xtovsiz yang-raydi, yangrayverardi. Akasining hovlini to‘ldirib, baqirib-chaqirib o‘ynab yurgan o‘g‘illariga mehr bilan tikilib qolishini ko‘rgan, bu tikilib qolishlarning har gal uzoqroq cho‘zilayotganini payqagan uka nihoyat bir qarorga keldi. «Aka, agar istasangiz, o‘g‘illarimdan birini sizga beraman. Ko‘nglingizga yoqqanini ayting. Siz unga katta dada bo‘lasiz. Nega indamaysiz? Tortinmang, aytavering…» Uka so‘zini davom ettira olmadi. U «agar o‘g‘limga o‘z farzandingizday mehr qo‘ysangiz, kennayamning mehrlari to‘lib-toshsa, ajab emas, xudoyim unga pahlavondek uka bersa», demoqchi edi. Lekin tilini tishlab qoldi. Uka bu gapining ikki uchi borligini, bir uchi akasiga og‘irroq botishi mumkin-ligini, u inisining himmati faqatgina uning ko‘nglini ko‘tarish uchun qilinayotganligini, bu ham vaqtincha, omonat ekanligini, agar o‘g‘il ko‘rsa, jiyanini qaytarib berishini sezib qolishidan cho‘chidi. Lekin ayni o‘sha payt aka ham ukaning ko‘nglidan o‘tgan, lekin ichida qolib ketgan gapni xayolidan o‘tkazgandi. U farzandsiz ayollar asrab olingan bolasiga ich-ichidan mehr qo‘ygach, uzoq yillar intiqib kutilgan chaqaloq yig‘isi uy tinchini buzib, shodlikka ko‘mib tashlagani haqida ko‘p voqealarni eshitgandi. Aka o‘zidan javob kutib turgan ukasini bag‘riga bosdi… Shu-shu Muhib «katta dada»ga aylandi. Ukasining unga o‘g‘illikka berilgan uch yashar Sultoniga qo‘shilib akasi, endi tili chiqayotgan ukachasi ham Muhibni «katta dada» deb chaqirishardi. Muhibning xotini esa ovsinining bolalari uchun katta ayaga aylandi. U faqat o‘g‘ilxonlari Sultonni emas, balki ovsinining hamma bolalarini o‘z tuqqanidek ko‘rar, qizini qancha erkalab-suysa, to‘polonchi bolalarni bundan ko‘p bo‘lsa ko‘p, aslo oz erkalab-suymasdi. Oradan ikki yil o‘tib-o‘tmay Muhib ishonib kutgan hodisa yuz berdi, Xudo unga o‘g‘il berdi. Lekin u hamon «katta dada»ligicha qolgan, Sultonni o‘z o‘g‘lidek ko‘rardi. Sulton sakkiz yoshdamidi, Muhib boshqa hovliga ko‘chadigan bo‘lib qoldi. Muhib Sultonni o‘zi bilan olib ketmoqchi edi. Xotiniga bu haqda og‘iz ochgandi, u «o‘zingiz bilasiz, bola nima desa shu, ov-sinimning gap-so‘zidan o‘g‘lini biz bilan ketishini istamayotgangan o‘xshaydi. Endi, dadasi, kim tuqqanini birovga berib qo‘yadi,» dedi pichirlagandan-da pastroq tovushda. O’g‘illik bo‘lishgach, xotinining Sultonga avvalgiday mehri yo‘qligini sezib yurgan Muhib shu topda «sen sochi uzun, aqli kalta, nimalar deyapsan, shu bola tufayli Xudo senu menga yana farzand bermadimi», demoqchi bo‘ldi. Lekin ukasi «aka, Sultoningiz boshqa maktabga bormayman, deyapti. Endi mahallaning bolalariga o‘rganib qolganda, siz besh chaqirimdan maktabga olib kelib-olib ketolmaysiz… Endi darrov qovog‘ingizni uymang-da, aka. Siz uning «katta dada»si bo‘lib qolaverasiz. Bir umrga…» deganda, uning ortida qiya ochilgan eshik yonida Sultonni bag‘riga mahkam bosgancha, ha, xuddi shu lahza-dayoq o‘zidan birov tortib olib ketadiganday, qattiq quchoqlagancha turgan kenayasining ko‘zidagi xavotirlikni ilg‘agan Muhib indamadi, faqatgina bir kungina avval xotinini siltab tashlamaganidan quvondi…
«Sultonjon, o‘g‘lim, qaerdagi gaplarni topasan-a? Men senga ming marta aytgan-man – menda ikki o‘g‘lim bor, kattasi sensan!»
Bola qo‘lini ko‘rpadan chiqarib, Muhibning bo‘ynini quchdi.
« Dadam kelsala, meni berib yubormang. Uradila…»
Bola o‘ksinib yig‘lar ekan, eshik ochilib, Muhibning xotini ko‘rindi.
«Xo‘jayin, ko‘chaga qaraysizmi, odamlar sharros yomg‘irdayam uyida tinchgina o‘ti-rishmaydi-ya… Ie, Sulton, sen qachon kelding? Ha, nega yig‘laysan? Choy ichasanmi? Sen ko‘rpaga o‘ralib yotgin, men qaynoqqina choy damlab kelaman. Asalchoyni haliyam yaxshi ko‘rasanmi? Men hozir… o‘ral, yaxshilab o‘ral…»
Muhib xotirjam eshik yopadi. Darvozaxona tomon shoshib borar ekan, tashqaridan tanish ovoz eshitiladi: «Aka, uydamisizlar, nega hech kim eshitmayapti, yo tovuq yotish qilishganmi?.. Aka, a-k-a-a-a!»
Eshikcha kaliti buralishi zahoti darvozaxonaga otilib kirgan ukasini ko‘rgan Muhib unga quchoq ochdi. Uka sovuqqina qo‘l cho‘zib, so‘rashganday bo‘ldi-yu, kosasidan chiqa-yozgan ko‘zlari akasiga o‘qdek qadaldi.
«Qani u!?»
«Kim?»
«Aka, o‘zingizni ovsarlikka olmang? Sulton qani? O’g‘ilxoningizni qaerga yashir-dingiz? Men bilaman, u shu yerga kelgan. Ezib, ezg‘ilab tashlamasammi u quloqsiz bolani!»
«O’zingni bos, uka, o‘g‘ling shu yerda, yomg‘irda ivib ketibdi, ust-boshini yechib, issiq ko‘rpaga o‘rab qo‘ydim. Shuncha yo‘ldan yayov kelganmi… Shamollab-netib qolmasin, deb…»
«E, menga desa, o‘lib ketmaydimi. Ikki soatdan beri qidiraman, bormagan joyim qolmadi. Bu xomkallamga hadeganda «katta dada»si, a?lsiz bolani o‘z otasiga qarshi qo‘ya-digan tog‘dek suyanchig‘i borligi kelmabdi. U tirrancha meni bitta tirgakchadek bilmaydi. Aka, bolani ikkiyuzlama bo‘lishiga, beti eshakning terisidan qalinlashganiga siz ayb-dorsiz! Bildingizmi, siz aybdorsiz!»
«Aybdor bo‘lsam, aybdordirman, uka! Yur, ichkariga boshdan-oyoq ivib ketibsan.»
«Burnichasidan bittagina ortiq gapni ayta olmasam. Akangni narsasini so‘ramasdan olma, ukangning ishkalatini yeb qo‘yma, desam darrov panoh izlab siznikiga chopadi. Siz bolani bunday koyib, to‘g‘ri yo‘lga solish o‘rniga, uni menga, onasiga, aka-ukasiga qay-raysiz.»
«Nima qilaman?! Ha, mayli, uka ichkari kiraylik, kennayang choy damlagandir, avval bir piyoladan ichib, so‘ng mayli, ginaxonlikni davom ettiraveramiz.»
«Bilardim shu yerdaligini…»
Akasining ortidan uyga kirgan uka yangasi choy ichirayotgan boshi sochiq bilan o‘ralgan o‘g‘lini ko‘rib, do‘laygan mushtini pastga tushirdi. Xonani qo‘rqitgan zildek sukunatdan so‘ng ukaning lablari qiynala-qiynala so‘kildi:
«Mana shunaqa-da, taltaytirib yuborgansizlar…»
Sulton piyolani itarib tashlab, qalin ko‘rpadan panoh izladi…
Muhib muallim eslashga urindi. O’shanda Sulton yo o‘n ikki, yo o‘n uch yoshda edi. Mana endi bolaligida uyiga panoh izlab kelgan katta o‘g‘li hovlisini sotmoqchi. Hovli-sini sotgandan so‘ng nima bo‘ladi? Uysiz qoladimi? Dadasi qarab o‘tirmas, ota degani o‘g‘li, nevaralari ko‘chada qolayotganiga indamaygina qarab o‘tiraveradimi? Yo‘g‘-ey, ukasi uyiga olib ketar. Shoshma, olib ketganda Sulton xotini va uchta bolasi bilan ota hovliga sig‘armidi. U bobosi – Muhibning otasi davrida bu hovlida uchta oila, ikkita kelin, nevaralar, Muhibning to‘rtta singlisi - o‘n besh jon seniki-meniki nimaligini bilmasdan, ahil-inoq yashardi. Hozir-chi?! Ukasining noligani hali qulog‘idan nari ketmaydi: «Aka, bizzi paytda dunyo keng ekanmi, o‘shancha odam, yana Xudoning bergan kuni mehmon – ammalarim, xolalarim, otamning tog‘dagi, shahardagi og‘aynilari, qo‘noq topmagan muso-firlar, uyimni ivirsitding, hovli supurish jonimga tegdi, bir kunda to‘rt marta qozon osamanmi, bular bola emas, baloning o‘qi, degan gaplarni bir marta eshitmasdik. Hamma-miz dasturxon atrofini to‘ldirib, qoshiq navbati yetishini kutib ovqatlanardik. Hozir-gilar… Hovlimiz toraydimi, dunyo toraydimi, yo fe’limiz torayib ketdimi. Shu, ishoning Sultonning bolalari bir kecha yotib qolishsa, ertasiga ular bir yoqda uydagi nevaralar bilan jiqqamusht, ustiga onalarining qovoq-tumshug‘i osilgan. Esim borida Sultonni chiqarib yuborgan ekanman, men tirikligimda to‘ng‘ichim bilan kenjam hovlining o‘rtasiga devor urishmoqchi. O’sha paytda to‘ng‘ichniyam chiqarsam bo‘larkan. He, siz bittagina o‘g‘lingiz borligiga Xudoga shukr qiling!» Yo‘q, Sulton ota hovlisiga qaytib bora olmaydi. Bora ol-may-di! Unda ko‘chada qoladimi? Yo ijara uy izlab yuradimi? Odamlar nima deydi? Bir emas, ikkita dadasi bo‘la turib, uy-joysiz qolibdi, deyishmay-dimi? Deyishadi! Olomonga bir nima deb bo‘ladimi? Bittasi tushunsa, ikkitasi tushunmaydi. O’zicha to‘qib-bichaveradi. Muhib muallim, bunday tanangga yaxshilab o‘yla-gin. Odamlarning gap-so‘ziga men chidarman, Sultonning otasiyam chidar, lekin uning o‘zi-chi?! Yigitning boshi yerda bo‘lib qolsa…
Muhib muallim o‘ylab-o‘ylab, o‘zicha jiyanining boshi quyi egilmasligi yo‘lini topdi. To‘rtta xonaning ikkitasida o‘g‘li, kelini, nevaralari yashayverishadi. Hovli to‘ri-da xotini ikkov yashab turgan uylariga Sultonni bola-chaqasi bilan ko‘chirib kelishadi. Chol-kampir mehmonxonaga ko‘chib chiqishadi. Ha, nima, onda-sonda bir keladigan mehmon-ni kutib olishga alohida uy bo‘lishi shartmi? 
Muhibning rejasi pishib qolganda eshik taqilladi. Ko‘chada jilmaygancha Sulton turardi. Muhib jiyanini qattiq bag‘riga bosdi, lekin uning darvozasiga yozib qo‘yilgan, haligacha ko‘z oldini qorong‘ilashtirayotgan yozuvni o‘qiganini, boshiga tushgan mushkul-likni sezganini bildirmaslika intildi. 
Sultonning ikki yelkasiga qoqib so‘rashgan muallimning xotini taxmondan yangi ko‘rpacha olar ekan, Muhib uning ko‘zidagi allanechuk xavotirlikni ilg‘ab, ovozini atay-lab balandlashtirdi:
- Xotin, o‘g‘lingni qo‘lidagi olmaysanmi!
Ayol ham shuncha yil yostiqqa qo‘yib, erining nima deyotganligini-yu, aslida nima demoqchi ekanligini ajratib olishga o‘rganib ketgan, kosa tagidagi piyolani darrov sezdi: «bizning jiyan sen aytgandek meni unutgan emas, qurumsoq bo‘lsa, shuncha narsa ko‘tarib kelarmidi» - Muhib muallimning ko‘zlaridagi ma’nodan ayni shu fikrni uqish qiyin emas edi.
- Sultonjon, ovora bo‘lib nima qilardingiz, shunday, quruqqina kelavermaysizmi, - ayol Sultonning qo‘lidan ustiga allaqaysi bir ashulachining surati tushirilgan shildir-shildir to‘rvani olib, eshik yoniga qo‘ydi.
Xotini to‘rt tarafiga ko‘rpacha to‘shalgan xontaxtaga dasturxon yozar ekan, Muhib muallim jiyanini zimdan kuzatib, uy sotishga majburlik unga qanchalik ta’sir qilganini o‘rganishga urinardi. Sulton esa, bozordagi narx-navo, qaergadir hech kutil-maganda bevaqt qor yog‘ib, hali uzib olinmagan uzumlar, mevalarni bosib qolgani, qo‘shni mahallalarida yangi bitkazilgan uyning yonib, batamom kul bo‘lgani, yana allanimalar haqida gapirib o‘tirardi. Bir choynak choy tugab bo‘ldi, Muhib muallim jiyanining og‘zi-ni poylar, lekin u darvozasiga yozib qo‘yilgan «Hovli sotiladi!»ga sira yaqin kelay demasdi. Xotini bo‘shagan choynakni ko‘tarib chiqib ketar ekan, Muhib muallim haligacha og‘zi gapdan to‘xtamayotgan Sultonni shartta to‘xtatgisi va nega uyingni sotyapsan, deya so‘ramoqchi bo‘ldi. Sulton katta dadasiga bir qarashda buni sezdimi, yo uning og‘ziga kaftini bosgancha esnayotganidan ensasi qotayotganini payqadimi, jim qoldi. Oraga yuragini ezib-ezib tashlayotgan sukunat hukmini o‘tkazishga kirishgach, Muhib muallim mayli kerak-nokerak bo‘lsa-da gapirib turgani yaxshi ekan, degan o‘yini tiliga chiqarishidan o‘zini zo‘rg‘a tiyib qoldi.
- Katta dada, bu haligi bojangiz bor-ku, otlari nima edi, ha, Mardon aka, yaxshi yuribdilarmi? – Sultonning lablaridagi jilmayishning aldamchi ekanligini katta dadadan boshqa bir sinchkov odam sezib olishi hech bir qiyin emas edi.
Muhib muallim esa, Sultonning og‘ziga tikilgancha xotinining gaplarini eslar-di: «Katta dadam bojalarinikiga borib-kelyaptilarmi, deganday bo‘ldimi-ey…» Nega Sulton ilgari surib-surishtirmagan bojasini so‘rab qoldi. Yo… shoshmagin, bojamni surishtirishdan oldin yangasiga uy sotmoqchi ekanligini aytgan ekan-ku. Balki bojam bironta o‘g‘liga uy izlayapti, deb eshitgan bo‘lsa…
- Endi o‘zingdan qolar gap yo‘q, o‘g‘lim, hozirgi zamonda hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Yugur-yugur, chop-chop, top-top. Mardonni oxirgi marta qachon ko‘rgandim? Ukasining to‘yida edi, shekilli… Nimaydi, unga biron ishing bormidi?
Sulton ayni shu savolni kutib turgan ekanmi, og‘zi so‘kildi-ketdi. Mardonga Xizr nazar qilgani, u qurgan uy shaharda ham yo‘qligi, lekin hech qachon katta ketmasligi, qo‘li ochiq inson bo‘lgani uchun ishi mudom o‘ngidan kelishi, shundaygina tuproqqa qo‘l cho‘zsa, oltinga aylanishi… Sulton gapiraverdi, Muhib muallim indalloni kutib o‘tiraverdi. Indallo – agar katta dadaning bojasi o‘n minggina ko‘kidan qarz berib tursa Sulton uyini sotmas ekan. Muhib muallim men yoshim oltmishdan o‘tib hali biron kimdan bir so‘m qarz so‘ramaganman, demoqchi bo‘ldi. Lekin haligina xayolini tit-pit qilib tashlagan fikr qayta-qayta boshida aylandi: «Odamlarning gap-so‘ziga men chidarman, Sultonning otasiyam chidar, lekin uning o‘zi-chi?! Yigitning boshi yerda bo‘lib qolsa…»
- Katta dada, yaxshilik yerda qolmas, deydilar, boshimga tushgan qiyinchiliklar o‘tib ketar, qarzni ha, ana, nari borsa, bir yilda qaytaraman, Xudo ol, qulim desa, ikki marta Xitoydan mol olib kelsam, hammasi joyiga tushadi. Ana o‘shanda Mardon akamlar, bojangizning yaxshiliklarini qo‘limdan kelgancha qaytaraman. Ikki baravar qilib qay-tararman.
«Yigitning boshi yerda bo‘lib qolsa…» Muhib muallimning miyasini ezg‘ilagancha aylanayotgan gap uning tiliga egalik qildi:
- Mayli, o‘g‘lim, agar mening bitta iltimosim yerda qolmasa va sen uyingni sot-masang, bojanikiga borganim bo‘lsin…
Muhib muallim jiyani bilan kelishganlariday ertasiga kechki beshda endi ko‘chaga chiqqandi, shundaygina yoniga notanish bir mashina kelib to‘xtadi. Kulrang «Audi» eshigi ochilib, quchog‘ini yozgancha Sulton tushib keldi…
Boja «Siz bir marta iltimos qilasiz-u, men yo‘q deymanmi», degancha o‘n ming dollar sanab berdi. U haligacha xijolatlik yuzidan ketmayotgan Muhib muallimni va ko‘zlaridan oshkora mamnunlik toshib chiqayotgan Sultonni kuzatib chiqar ekan, eshigi avaylab yopilayotgan qimmatbaho «Audi»ga ma’noli tikilgancha qoldi. Muhib muallim oradan bir yil emas, bir yarim yil o‘tib, jiyani bojasidan olgan pulni qaytarishni xayoliga keltirmay yurgan paytda Mardonning xotini aytgan gapini esladi. Bojasining xotini eridan eshitganini opasi, ya’ni Muhib muallimning zaifasiga aytgan, ikki xotin bildimi, demak, butun qishloq xabar topdi, agar u o‘rmalab-o‘rmalab, qo‘shni qish-loqlarga, shaharga ham yetib bormagan bo‘lsa! Xullas, Mardon agar men bojamning jiyani o‘rnida bo‘lganimda, tagimda yigirma ming dollarlik mashina turib, hech qachon birovdan qarz so‘ramagan bo‘lardim, topiladigan mata?ni sotardim, hech kimga boshimni egib bor-masdim, degan ekan. Lekin o‘shanda na bojasi, na Muhib muallim Sulton mingan mashina uning o‘ziniki emasligi, qaysi bir o‘rtog‘inikini bir kunga so‘rab olganini bilishmas edi. Har ikkovining xayoliga Sulton o‘zini boy ko‘rsatish uchun «Audi»da savlat to‘kib borganligi ham kelmagandi…
Sulton qarzni beray demasdi, Mardon bojasining hurmati uchunmi, qarzni qaytarishni so‘ramasdi. Lekin to‘satdan, hech bir kutilmaganda bojasining o‘g‘li yig‘lab keldi: «Dadam o‘lib qoldilar…»
Janaza o‘tdi. Ertasi fotihaga kelayotgan odamlar kamaygach, bojasining katta o‘g‘li Muhib muallimni ichkariga boshladi. Indamay qo‘liga bitta daftarni tutqazdi. Jimir-layotgan qo‘ng‘izchalar harflarga aylangach, Muhib muallim qo‘lidagi daftar qarzdorlar ro‘yxati ekanligini angladi. «Pochcha, kecha o‘zingiz janazada eshitdingiz, dadamning hamma oldi-berdilarini men bo‘ynimga oldim. Xudoga shukr, dadam hech kimdan bir tiyin qarz emas ekanlar. Lekin, mana qarang, shuncha odamga qarz bergan ekanlar. Mana, mana… hozir… qarang, o‘n birinchiga qarang, Sulton, o‘n ming dollar, ana qarang, qachon berganlarini yozib qo‘yibdilar, ikki yildan o‘tibdi. Jiyaningiz fotihada ko‘rinmadi. Ikki yildan beri qorasini ko‘rsatmagan odam fotihaga kelarmidi. Lekin o‘rtada siz turgan ekansiz. Endi qo‘l qo‘lni taniydi, deydilar, pochcha. Mendan o‘n marta yaxshi bilasiz - o‘lim so‘rab kelmaydi, kim tayyorgarligini ko‘radi. Ustiga otdek yurgan dadamlar birdan… Buyog‘iga ustma-ust ma’rakalarini o‘tkazish kerak. Yurtning oldi bo‘lib yurgan odamning ma’rakalarini sal bundayroq o‘tkazsak, gap-so‘z tagida qolib ketamiz. Xullas, pochcha, bizga pul kerak. Jiyaningizga ayting, qarzini olib kelsin. Dadamlar shuncha qarz berib, hech kimdan foiz olmaganlar, biz ham foiz talab qilmaymiz. Tanasini keltirib bersa, bo‘lgani. Nima dedingiz, pochcha?!» 
Muhib muallim birgina «bo‘pti»dan ortiq boshqa so‘z ayta olmadi. U shu topda bir yildan beri qorasini ko‘rsatmayotgan, uyini sotib, xotini, bolalarini ham olib qaerga-dir ishlashga ketgan jiyanini qanday izlab topishni o‘ylardi. 
Jiyanni uch kun izladi, hech qaerdan darak topmadi. Uyida yashayotgan odam, hovlini Sultondan emas, To‘ychi sudxo‘rdan sotib olganini aytdi. To‘ychi sudxo‘r esa, ochig‘ini ayta-verdi: «Jiyaningni topsang, mendan salom ayt, xayriyat, uyni garovga olib, notariusda tasdiqlatganim, aqlimdan aylanay, yo‘g‘asam, yigirma mingga kuyib qolgan bo‘larmidim.» «Qirq ming turadigan uyni yarim narxga tashlab ketdimi», Muhib muallimning jiz-g‘inagi chiqdi. «Ma’lim, bunisini jiyanchangizdan so‘raysiz!» Qarsillab yopilgan eshik Muhib muallimning bo‘g‘zidan o‘tayotgan «Sizda insof bormi, hovlini ellik mingga sotibsiz-ku», degan so‘zlarni itarib tashladi. U ikki soatgina oldin keyingi oldi-sotdini Sultonning uyida yashayotgan odamdan eshitgandi…
Sultonning qaerda ishlayotganini, qaerda yashayotganini hech kim bilmasdi. Yo bilsalar ham, aytishmasdi. Muhib muallimning bormagan yeri qolmadi, akasining o‘z o‘g‘li qaerdaligidan sira xabari yo‘q, Sultonning qaynatasinikiga bordi, yaqin o‘rtoqlari qolmadi. Uyiga kelsa, xotini qovog‘iga qulf osib oladi. «Singlim bir uy xotinning orasida yer bilan bitta qildi. Eringiz qachon qarzni to‘laydi, dedi. O’shanda meni bir og‘izgina maslahatga tengsitmadingiz. Men o‘zingizda bo‘lsa, oshib-toshib yotgan bo‘lsan-giz, bering, bo‘lmasa, jimgina o‘tiring, derdim. Ana butun qishloq jiyaningizzi uchragan itdan suyak qarzdor, deyapti. O’sha tariqcha oriyati yo‘q bezbetni deb men endi bittagina singlimdan tirik judo bo‘lamanmi? Yo qarzni o‘zingiz to‘lamoqchimisiz? Nimangizni sotib to‘laysiz? O’g‘lim o‘z aravasini zo‘rg‘a tortib yurgan bo‘lsa, qizimning ahvolini o‘zingiz yaxshi bilasiz, men bitta ro‘molni uch yildan beri o‘rayman, rangi o‘chib ketdi…» Ana shu paytda Muhib muallim qulog‘ining kar bo‘lmaganiga afsuslanib ketadi.
Bojasi qazo qilgandan keyin o‘n kun o‘tgach, uning ikki o‘g‘li Muhib mual-limnikiga kelib, avvaliga muloyimgina so‘z boshlab, oxiri qarzni to‘laysizmi-yo‘qmi, deya shovqin-suron ko‘tarishgach, yuragi tinmay sanchayotgan katta dada jiyanining oriyatini o‘ylab bosh og‘ritganidan birinchi marta afsus chekdi. Ertasi kuni o‘likkayam-tirikkayam kerak, deb boqayotgan ikkita qo‘chqorni bozorga olib chiqdi. Qo‘ylarning puliga o‘limlikka deb yig‘ib qo‘yayotgan jamg‘armasini qo‘shdi. O’g‘liga dollarga chaq, degandi, mingtaga o‘n dollar yetmadi. Xayriyat, ertasiga maktabdan oylik berib qolishdi. Pulni rosa ming dollarga yetkazib, bojasining eshigini qoqdi. Pulni sanayotgan katta o‘g‘ilning chehrasi bilinar-bilinmas ochilganday bo‘ldi. «Pochcha, qo‘limizda bo‘lganda, sizdan so‘rarmidik» - qaynsingil uh tortgancha o‘g‘lining qo‘lidagi pulga ko‘z qirini tashlar ekan, lab burdi…
Qaynsinglisining yuziga aslo qaramaydigan odamning kelib-kelib o‘sha lab burishga ko‘zi tushib qolsa bo‘ladimi. Mu?ib bojasinikidan bo‘shashibgina chiqdi-yu, to‘g‘ri ukasinikiga yo‘l oldi. Ukasining yoqinqiramaygina so‘rashishiga e’tibor bermasdan, indamasdan mehmonxonaga kiraverdi. Gapni bojasining o‘limidan boshlab, jiyanlarining uyiga pul qistab kelishgani, qo‘ylarini sotib, o‘limligini qo‘shib ming dollar olib borib berganigacha aytgan Muhib muallim ko‘zlaridan uyqusigacha olib qo‘ygan, ko‘cha-ga chiqsa, bir chekkada hech kimga ko‘rinmay yuradigan akaga ukasining zarracha achinmasdan, bir tukini o‘zgartirmay beparvogina o‘tirishiga alami keldi. Alamini ichiga yutdi-yu, baribir yo‘l-yo‘lakay o‘ylab kelganini aytdi: «Uka, ko‘plashib bir ilojini topaylik!» «Qanaqa iloj, aka? Sizga birov o‘rtaga tushing, debdimi? Tushdingizmi, edi pishirgan oshingizni o‘zingiz ichavering. Katta dadaman deb, bunday o‘z otasidan bir maslahat olishni o‘zingizga ep ko‘rmadingiz. O’shanda oldimga kelganingizda bugunga kelib qo‘y sotdim, o‘limligimni berdim, deb ta’na qilib yurmasdingiz, aka!» Muhib ukasining gaplari qanchalik achchiq, naq yuragiga nashtardek sanchilayotgan bo‘lmasin, chidadi. «Uka, bir mushtdan berib, o‘ldiribdi, bir to‘g‘ramdan berib, to‘ydiribdi. Sultondan boshqa yana uchta o‘g‘lingiz bor, oz-ozdan berishsa, hech bo‘lmaganda oyiga mingtadan berib tursak, to‘qqiz oyda qarzdan uzilamiz.» Ukaning lablari zaharli kulgidan yoyildi: «Aka, siz faqat «katta dada» deb boshingizni aylantirgan Sultonni bilasiz, qolgan uchta jiyaningizzi uyiga biron marta kirganmisiz? Bittasining uyida sichqonlar hassaga tayangancha yig‘lab yurishibdi. Yangi uy, yangi ro‘zg‘or nimaligini yaxshi bilasiz. Ikkita-sining xotini bolalarining o‘rtasiga tushib har kun janjaldan charchashmaydi. O’rtada mening boshim yorilay deydi. Qo‘limizda pul bo‘lganda do‘ppidekkina hovli olib, o‘g‘illardan bittasini chiqarmasmidim, boshim g‘alvadan qutilmasmidi. Siz shukr qiling, to‘rtta emas, bittagina o‘g‘lingiz bor!»
Muhib muallim indamaygina qo‘llarini yuziga surtdi-yu, o‘rnidan turdi. Ko‘chaga chiqib ukasining gaplari badan-badanidan o‘tib ketdi. Mayli, bir tiyin berishni istamas ekansan, aka, hadeb kuyib-pishavermang, qarz olgan odamning o‘zi insofga kelib qolar, yo bo‘lmasa, mehribon xudoyimning o‘zi bir yo‘lga olar, desa, cho‘kkan ko‘nglini ko‘tarsa bo‘lmasmidi. Jiyanning oriyatini o‘ylading, halovatingni yo‘qotding, bojangning uyiga katta boshingni kichik qilib bording, mana endi… O’z otasi na o‘g‘lining oriyatini, na meni - akasining oriyatini o‘ylayapti. Uchragan har bitta odam bojasining qarzini to‘lamagan ana shu, debon barmoq nuqadimi, to‘rtta odamning orasiga kira olmaydigan bo‘lib qolamanmi, kecha-yu-kunduz miyamdan pul topish xayoli nari ketmaydimi, tug‘ishgan inimga esa aslo farqi yo‘q!
Muallimning tuyqusdan boshi aylandi. Yiqilayotib, devorga suyanib qoldi.
- Sizga nima bo‘ldi, muallim? Keling, menga suyaning. Sekin, sekin… mashinaga o‘tiring…
Muhib muallim o‘zini avaylabgina mashinaga o‘tqazgan yigit uyiga olib kirib qo‘yib chiqib ketayotganidan so‘nggina uni tanidi: maktabni o‘n yil oldin bitirib ketgan o‘quvchisi, u o‘qigan sinfga rahbar edi…
Muallimning xayolidan tezroq qarzdan qutulish, nima qilsa-da, pul topish nari ketmay qoldi. Maktab direktoriga iltimos qilib, yana olti soat dars oldi. Muhib muallim erta sahardan maktabga yugurar, kechgacha tik oyoqda turib dars o‘tar, qosh qorayganda shalviragancha uyiga qaytardi. U hech qachon hamkasblari o‘ynaydigan oylik o‘zaro pul to‘plash – «oltin g‘azna»ga qo‘shilmasdi. Iltimos qilib o‘yinga qo‘shildi, faqat keyingi oyda «g‘azna»ni o‘ziga berishlarini so‘radi. Bu yana bir oy «ming dollarlik»ni eltib berishning bitta-yu- bitta imkoni edi. U yog‘iga Xudo – podshoh, Sulton pul topgan bo‘lsa, kelib qolar… Mu?ib muallim maktabda charchasa-da, uyiga borishga yuragi bet-lamas edi. «Huv, «katta dada» degan makkor tili uzilib tushsin! Qariganingizda sizni sarson qilgan o‘sha la’nati qo‘limga tushsa, mana shu qo‘limdagi igna bilan butun badanini teshib tashlamasam… O’zi-o‘zi, otasi, aka-ukalarining ham oriyati yo‘g‘akan…» Muallim xotinining gaplarini eshitib, eshitmaslikka olar, ko‘zlarini yumgancha uxlagandek yotardi. Lekin uyqu qayoqda? Miyasi lo‘qillab og‘rir, shundaygina ko‘z oldida boja-sining katta o‘g‘li tirjaygancha bir xil gapni takrorlardi: «Pochcha, yana esingizdan chiq-masin, o‘ninchida ming dollar tayyorlab qo‘ying! O’zingizdan chiqqan gap. Mayli, yana to‘q-qiz oy har o‘ninchini poylab, chidab turamiz-da!»
Nafaqaga chiqqanda maktab direktori «hech kim sizni shu yoshga kirgan demaydi, aftingiz ellik yoshdagidek, yurishingiz yigitchalardan qolishmaydi», deganda yayragan Muhib muallim keyingi kunlarda ozib-to‘zib, kichrayib borar, shu paytgacha tik qomati bukilib qolgan, ustiga ko‘zlaridan nur qochayotgandi. To‘playotgan pulining cho‘g‘i esa, hech ko‘payar demasdi. Kecha taqvimga qarar ekan, yuragi orqa tortdi: o‘ninchiga bor-yo‘g‘i yetti kun qolibdi. Yetti kundan keyin bojasinikiga borib, ming dollarni sanab bermasa, telefon to‘xtovsiz jiringlayveradi. Avval bojasining katta o‘g‘li, keyin kichik o‘g‘li, ortidan ularning onasi - Muhib muallimning qaynsinglisi… «Hammasining gapi bitta – erkak odamda lafz bo‘lishi kerak-da!» Ertasi xo‘roz qichqirishga ulgurar-ulgurmas eshik qoqiladi. Eshik tagida bojasining rangi o‘chgan katta o‘g‘li ishshaygancha turadi…
Uylaridan xabar olgani kelgan qizi Muhib muallimning tobora cho‘kib borayotgan gavdasiga achinish bilan qarar ekan, o‘zi bolalarini zo‘rg‘a boqayotganidan, otasiga yordam bera olmayotganidan alam tortadi. Qizining ko‘zidagi achinishni ko‘rgan muallimning miyasidan bir nima qirsillab uziladi. «Men uni topaman! Topmay qo‘ymayman!»
Muallim qizini hayron qoldirgancha ko‘chaga otilib chiqib ketadi. So‘rab-so‘rab Sultonning daragini topganday bo‘ladi. Muhib bilan maktabda birga ishlagan, qaeridir og‘riganini aytib, erta nafaqaga chiqqan, uch yildan buyon shahardagi ulgurji bozordan mol olib kelib, qishloqdagi do‘konchasida sotadigan sobiq hamkasbi Sultonni ko‘rganini aytib qoldi. Bozordan chiqib ketayotganini ko‘rganmish. Yo‘q, ko‘zdan qolgan emas, tanimasa, aytarmidi…
Muhib muallim hordiq kelishini poylaydi. Tong otishi bilan yo‘lga chiqadi. Ulgurji bozor deganlari shahar chekkasida ekan, so‘rab-so‘rab topadi. Bozorni aylanib chiqadi, Sulton tugul, unga o‘xshash odamni uchratmaydi. Ko‘chaga chiqib, eshik oldida poylaydi. Mashinadan tushgan har bitta odamga umid bilan tikiladi: Sulton emasmikan? Lekin tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha uyiga qaytadi. Biroq umidini uzmaydi - do‘konchiga aylangan hamkasbi Sultonni ko‘ribdimi, ungayam uchrashi mumkin. Shu tarzda yana ikki bozor kuni o‘tadi. Orada muddati yetib, «oltin g‘azna»dan tushgan pulni bojasinikiga olib borib beradi. Uchinchi marta ham shaharga tushib, Sultonni uchratmagan Muhib mual-lim boshqacha yo‘l tutadi: bozordagi har bir sotuvchidan tortib pattachi-yu qorovulgacha - hamma odamdan Sultonni tanish-tanimasliklarini surishtiradi. Yuk mashinasidan mol tushirayotgan o‘ttiz yoshlardagi yigit uning haydovchiga bergan savolini eshitib qoladi-yu, «Amaki, qaysi Sultonni surishtiryapsiz, qaerdan deysiz, shoshmang, endi men anig‘ini ayta olmayman, lekin karnaychidan bir puf, bizning ko‘chamizga bittasi ko‘chib kelgan, erinmasangiz, bir borib ko‘ring…» Muhib faqat bir narsani aniqlashtirib oldi: u yerda yashayotgan Sulton degan odam uyni katta pulga sotib olgan, Xitoyga qatnaydigan savdogar ekan…
Oyog‘i yerga tegmayotgan Muhib muallim yigit yashaydigan ko‘chani, u tayinlagan uyni topib borganda, qosh qorayotgandi. Ikki odam bo‘yi keladigan o‘ymakor yog‘och darvoza cheti-dagi tugmachani topib, chaqirish uchun qo‘l cho‘zgan mahal, yondagi eshikcha ochilib… Muhib muallim tush ko‘rayotgandek ko‘zlarini ishqaladi. Ostonada jiyani Sulton ko‘rindi. Ko‘rindi-yu, eshikcha tez yopildi. «Sulton!..» Ko‘cha chirog‘i yoqilib, eshikcha qiya ochilib, Sulton tashqari chiqdi.
- Ie, sizmisiz, bu g‘ira-shirada tanimabman. Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz?
Sultonning eshik oldini to‘sib olgan, «katta dada»sini ichkariga kiritish xayoliga kelmayotganday edi. To‘satdan ko‘rgani uchun shoshib qoldi, degan xulosa chiqargan Muhib muallim o‘ng qo‘lini jiyanining chap yelkasidan o‘tkazib, quchog‘iga tortdi.
- Obbo, siz-ey, e, bo‘ldi-bo‘ldi, - Sulton o‘zini orqaga tashladi.
Jiyani taklif etmasa-da, Muhib muallim hovliga kirdi. Ikki qavatli uy, oldi gulzor, to‘rt tomonida yoqilgan chiroqlar nurida suvi jilvalanayotgan katta hovuz…
- Muborak bo‘lsin, o‘g‘lim! – muallim atrofga havas bilan tikilardi.
- Egasiga muborak deng! Men bu yerda ijarada turaman. Egasi chet elga ketgan, qarab turinglar degandi, uysiz qolgan odamda shu topda suyak bo‘ladimi…
- Egasining oti…
- Obbo, siz-ey, ipidan ignasigacha bilishni istaysiz-da. Uning oti Ilyos boyvachcha.
- Mayli, Ilyosmi, boshqami, menga baribir. Sen meni eshit…
Muhib muallim uy egasining nomini aytayotib, ko‘zlarini olib qochishga uringan Sultonga bojasining o‘limidan keyin boshiga tushgan savdolarni gapirib berdi. Uning uzun hikoyasini beshiktebratardek tebrangancha eshitgan Sulton qah-qahlab kuldi:
- Shu o‘sha xotiningizzi jiyanlari o‘n ming dollarga zor bo‘lib qolishibdimi? Bunaqa cho‘pchakni menga aytdingiz, boshqa odamga aytmang, kulgiga qolasiz. U bolalar bojangizdan qolgan tog‘dek davlatni bir umr yeb yotishsa ham, aqalli bir tomonini o‘pira olishmaydi-ku!
- Endi, o‘g‘lim, qiyomat qarz degan gaplar bor, - to‘satdan ich-ichidan otilib kelayotgan alam Muhib muallimning bo‘g‘zini tilib tashladi.
- Nima men arzimagan pulni berolmasdan qochib ketibmanmi! Topdim olib borib beraman. Qiyomatgacha qoldirmayman, amaki!
«Amaki?!» Muhib quloqlariga ishonmayotgan edi, hozirgina yurak-bag‘rini o‘rtab tashlagan so‘z chertib-chertib aytildi:
- A-ma-ki, biz ham yigitmiz, ko‘pchilikning orasida ko‘krak kerib yuramiz! Siz-chi, siz xotin urug‘i - ilonboshlarning tuxumdan chiqqani gah desa, qo‘liga qo‘nib, qancha yo‘l bosib keldingizmi, a-ma-ki!
Muhib muallimning oppoq sochidan oyog‘idagi tirnoqlargacha muzlab ketdi. Qo‘l-oyoqlari bo‘shashib borar, eshikning qanday, qachon yopilganini bilmay qolib, yiqilmas- lik uchun yog‘och darvozaga suyanishga intildi. Darvozaga kuragi tegishi bilanoq nimadir qattiq itardi: «A-ma-ki». Nima dedi u? Nima dedi…

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.