OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Kulsin jinni (hikoya)

Shahardagi ammamnikidan qaytib, hali eshigimizdan kirmasimdanoq o‘rtoqlarim yetib kelishdi. «Yur, biz bilan yur, ko‘rsang, kulaverib, ichaging uziladi. Yur!» Shokir shosh-qaloq so‘rashishga uzatgan qo‘limni qo‘yvormasdan, sudradi. Men ichagim uzilishini keyin-roqqa surishni iltimos qilib, qo‘limni tortib oldim. Biri men bilan teng, biri kichik-roq, biri kattaroq to‘rt-besh bola orasida hammadan orqada turgan Oqil oqsoqol jonimga ora kirdi: «Nega Yusufni tortqilaysizlar? Bir soat keyinroq kulsa, o‘lib qoladimi? Qo‘yinglar, o‘n kundan beri shaharda yuribdi, avval uyiga bir ko‘rinish bersin. Xolam-larning jonlari joyiga tushgandan keyin xo-xolashga boraveradi». Oqilning dag‘dag‘a aralash gapi bilagim, yelkamni siltab tortayotgan qo‘llardan ozod qildi. Shu Oqilning bo‘yi bizdan past bo‘lsa-da, Xudo unga aqldan berganda. Arzimas narsaga talashib, urishib qolsak, bizning xayolimizga kelmaydigan qayoqdagi gaplarni topib, yarashtirib qo‘yadi. Bir kuni Shokir shoshqaloq qo‘shnining devoridan ko‘chaga osilgan shoxdan o‘rik olib yeyayotganda yuzini qizilchaga aylantirib qo‘ydi. Birovning narsasini so‘ramasdan olgan odam haqida hikoya aytishga tushdi… Ishqilib, Oqilning aqli yetmagan narsa yo‘q. Shokir shoshqaloq uni qarib qolgan pakana deganda, boshqa bolalar Oqilga yopishadigan laqab izlashga tush-dik. O‘ylab-o‘ylab, laqab topdik – Oqil oqsoqol. Katta-kichik mahallamiz oqsoqolining og‘ziga qarab turganidek, biz – bolalar Oqilning nima deyishini poylab turamiz…
Men uyga kirib, o‘zimni ayamga ko‘rsatib, kiyimimni almashtirib chiqqanimda, Oqil oq-soqol ketib qolgan, boshqa bolalar qotib-qotib kulishayotgandi.
- Chiqdingmi? Biz ayang beshikka belab qo‘ydimi, deb o‘tiribmiz, - dedi ko‘z yoshini art-gancha Shokir shoshqalok. – Yur, Kulsin jinni kutib qolmasin!
Men «Kulsin jinni»si kim ekan deb bir og‘iz so‘ramasdan, bolalarga ergashdim. O‘zim-cha yana birontasiga laqab qo‘yishgandir-da bular deb borardim.
Yo‘l-yo‘lakay Shokir shoshqaloq qaysi bir kulgili voqeani aytishga tushdi. Uning orti-dan borayotgan bolalar eng qiziq joyini eshitmay qolmaslik uchun biri lo‘killar, biri yugurgilardi. Kula-kula qishloq chetidagi Boymahallaga yetib bordik. Guvala devorli, tomsuvoq uylar yonidar o‘tarkanmiz, Oqil oqsoqolning gapi esimga tushib ketdi: «Buning nimasi Boymahalla? Tilanchi yetti mahalla naridan aylanib o‘tadigan ko‘cha-ku!» Men uyi-mizda Oqilning bu gapini bilmasdan aytib yuborganimda otam bir o‘krayib qo‘ydilaru o‘ylanib qoldilar. «Qishloqmi, mahallami, odamlar bilmasdan nom qo‘yishmaydi. U mahallada o‘ziga to‘q odamlar, boylar yashashgan. O‘ttiz yil oldin bor mol-mulkini qo‘sh-qo‘llab topshirib, kalxozga kirgani kirgan, qolgan boylarni bola-chaqasi bilan qishloq-dan badarg‘a etishgan». Men dadamning «badarg‘a» degan so‘zlarining ma’nosiga yetmasdan, Oqildan borib so‘ragandim, u peshonasini tirishtirib turdi-da, ertaga aytaman, dedi. Ertasiga undan boylarning qishlog‘imizdan uzoq-uzoqlarga quvib chiqarib yuboril-gan-liklarini bilib oldim. Badarg‘a degani shu ekan.
- Ana-ana, Kulsin jinni…
Doim baqirib-chaqirib gapiradigan Shokir shoshqaloq shivirladi.
Men egasi ko‘chirib yuborilgan hovlining yiqilib-yiqilib, bizning bo‘yimizdan ham pastroq bo‘lib qolgan devoridan qo‘rqa-pisa mo‘raladim. Peshonasini qizil ro‘mol bilan tang‘igan, ustidan katta guldor ko‘k ro‘mol o‘ragan bir ayol qo‘lida bo‘sh chelak ko‘tarib, biz tarafga kelardi. Biz tomonda bironta ayol unga o‘xshab boshidan ikki qarich baland ro‘mol o‘ramaydi. Ko‘ylagi naq to‘pig‘igacha, bo‘ynida marjonshoda. Ayol bizni ko‘rmadimi yo e’ti-bor bermadimi, devor yaqinidagi ariqdan suv oldi-da, orqasiga burilib ketdi. Men uning ikkita qilib o‘rilgan sochi uchida rang-barang popuklar va tangaga o‘xshash narsalar ko‘r-dim. U qo‘lidagi chelak suvini tuproqto‘da ustiga quydi va yana ariq tomon yurdi.
 - Kulsin jinni, kulsin, jinni!
Men yonimga o‘girilib, devordan boshini chiqargancha tirjayib turgan Shokir shoshqa-loqning kulayotganini ko‘rdim. Boshqa bolalar unga qo‘shilishdi: »Kulsin jinni, kulsin, jinni!» Men shoshgancha devordan nari ketdim. Hozir u katta ro‘molli ayol chopgancha ke-lib, bizni tutib oladi. Lekin to‘satdan devor ortidan eshitilgan baland kulgi ortimdan tortdi. Men devorning haligi yiqiq yeriga yopishar ekanman, katta ro‘molli ayolning xa-xalaganicha kulayotganini ko‘rdim. U oppoq, bir tekis terilgandayin tishlarini ko‘rsat-ganicha to‘xtovsiz qax-qahlardi. U qah-qahlagan sari biri biqinini ushlagan, biri boshi-ni silkitgancha kulayotgan o‘rtoqlarim avjiga chiqishardi: «Kulsin jinni, kulsin, jin-ni!..» Mendagi haligi qo‘rquvdan asar ham qolmadi. Katta ro‘molli ayolning qah-qahla-gancha nimanidir haydayotgandek qo‘llarini to‘xtovsiz g‘alati silkishi, oyoqlaridagi yir-tiq kalishi chiqib ketganini sezmasdan, yer tepkilashi kulgimni qistatdi. Avval sekin-gina, bora-bora ovozim boricha kula boshladim…
Kulsin jinnining kimligini, qaerdan kelib qolganligini qishloqda hech kim bilmas-di. Hatto ikki qishloqqa bitta uchastkavoy milisa ham bir surishtiribdi-da, bu zamonda jinnilar kammi deb, ketvoribdi. Katta ro‘molli ayolning qaerlik ekanligi, kimligi nari tursin, hatto uning otini ham bilmas edik. Bittasi uning oti Gulsun ekan, desa, boshqalar Kulsin bo‘lsa kerak, deyishardi. Lekin kimligini, qaerdanligini, hatto otini bilmasa-da, o‘sha Boymahalladagi vaqtida kolxozga kirib, badarg‘adan qutulib qolgan bir odam notanish ayolning ko‘chada daraxt soyasida sulayib yotganini ko‘rib, uyiga olib ketib-di. Ikki-uch kunda o‘ziga kelgan ayol mehribon odam uyi yonidagi tashlandiq hovlida ayla-nib yurib-yurib, bitta belkurak so‘rab olibdi-da, chuqur qazishga tushibdi. Otamning ay-tishlaricha u eni uch qadam, bo‘yi to‘rt qadamlik bir quloch chuqur qazibdi. Biz ko‘rgan tup-roqto‘da o‘sha chuqurdan chiqqan ekan.
Qishloqda Kulsin jinni paydo bo‘lgandan keyin biz bolalarga boshqa ermak topildi. Ungacha o‘ynab-o‘ynab, zeriksak, do‘ngdagi O‘lmas muallimning eski, egasiz qolgan uyiga ko‘chib kelgan Xoldorxonni ko‘rgani borardik. Qo‘ltiqtayoq bilan zo‘rg‘a yuradigan bu ayol har kuni qoshiga o‘sma qo‘yar, ko‘zlariga surma surtar, bitta siniq ko‘zgu qo‘lidan tushmasdi. O‘sma kerib yuborgan qoshlarigami, atrofi qop-qora, bir paytlar shahlo bo‘lgan so‘nik ko‘z-larigami yo burnining yonidagi moshdek xoligami suqlangancha tikilib o‘tiraverardi. Xoldorxonga o‘yinga tushib bering desak, o‘tirgan joyida muqom qilgancha o‘ynar, ashula aytib bering, desak, «Qora sochim o‘sib, qoshimga tushdi»ni boshlardi. Ashula aytar ekan, binafsharang farang durrasi chetidan chiqib turgan oq oralagan sochini bildirmasdan-gina silardi.
Ana shu Xoldorxon qishloqqa qo‘ltiqtayog‘ini do‘qillatib kirib kelganida bizni ko‘chaga chiqarmay qo‘yishdi. Nimaymish, u chet eldan kelgan josus ekan. Chegaradan oyog‘iga echki tu-yog‘ini taqib o‘tibdi. Aslida yugurib-yugurib yurar ekan. Qo‘ltiqtayog‘iga aldash uchun tayanar ekan. O‘sha qo‘ltiqtayog‘ining allaqaerini bossa, miltiqqa aylanarmish...
Urushdan keyin o‘n uch yil o‘tgan, lekin biz bolalarning topgan o‘yinimiz – urush-urush. Ikki tomonga ajralamiz, «biznikilar» bo‘lganlar xursand, «nemislar»ning qovog‘i osil-gan. Ayni nemislarni asirga olib, qiynayotganimizda, dushmanning omon qolgan so‘nggi jangchisi Shokir shoshqaloq og‘ziga qaratadi: «Bolalar, dadam aytdilar, hushyor bo‘lishi-miz kerak ekan, gesni portlatishga shpion yuborishibdi!» «Kim yuboribdi, sani nemis-laringmi?», deydi Oqil bitta-bitta so‘z chertib. «Ha, nemislar, lekin men nemis emas-man!» «Nemislar allaqachon taslim bo‘lishgan, ana shaharga borgandim, chang-to‘zonga belangancha uy qurib yotishibdi. Ularning josus yuborishga kuchlari yetmaydi», Oqil Shokir shoshqaloqning og‘zini butkul yopganiga ishonib, orqasiga qayriladi. « Nemis bo‘l-masa, Amrikadir… Ha, aniq Amrika yuborgan shpionni…»
Bolalarning boshqa gaplari qulog‘imga kirmaydi. Shu shpionmi, josusgami o‘xshash mish-mishlarni tashib borsam, otamdan qattiq gap eshitaman. Uzog‘i yili qishloqda bir gap tarqaldi: «Duxturlar dushmanga sotilgan emish. Ular nuqul o‘g‘il bolalarga emigna tiqib, o‘ldirisharmish…» Ko‘chadan eshitgan bu gapni aytsam, dadamlar qattiq koyidilar: «Hademay, to‘qqizga kirasan, haligacha tariqcha aqling yo‘q. Esi yo‘qlardan eshitganingni qulog‘ingga halqacha qilib taqib olma. Stalinning o‘lganiga besh qovun pishig‘i o‘tdi. Dushman do‘xtirlar haqidagi gap u o‘lmasdan tarqalgandi. Qishloqda kimning bolasini do‘xtir ukol qilib o‘ldiribdi? Ichterlamadan o‘lishgan, qizamiqdan o‘lishgan… Agar o‘sha do‘xtirlar bo‘lmasa, Xudo biladi, yana qancha-qancha bola qiyomatda ota-onasiga dasturxon bo‘lardi…» Men dadamning ko‘p gaplariga tushunmasdan og‘izlariga termilgancha o‘tira-verardim… Ana endi qanday qilib Kulsin jinnining shpionligini dadamlarga ayta-man?.. Avvaliga uning shpionligini Shokir shoshqaloqdan eshitdim. Kulsin jinni asli-da jinni emas ekan. O‘zini jinnilikka solib yurarkan. Uning ro‘moli ostida xabar bera-digan apparat borakan. Tunlari o‘zi qazigan chuqurga tushib olib, apparatni tiqillatib yotarkan… E, mani esim pastmi? Kelib-kelib shu Shokir shoshqaloqning gaplariga ishona-manmi? Lekin… kap-katta odamlarning Kulsin jinnini shpion deyishganini shu dik-kaygan quloqlarim bilan eshitganimdan keyin uning gesni portlatish uchun yuborish-ganiga ishonmay bo‘larmidi?
Biz bolalar maktab ta’tilining yarmini Kulsin jinnining ortidan poylash bilan o‘t-kazdik. Kulsin jinnining loy tepib yasagan guvalalari quridi. Chuqur atrofiga tosh terilib, ustiga qurigan qamish to‘shaldi. Bizdan sal balandroq guvala devor ko‘tarildi. Ustini terak, tol shoxlari bilan yopib, qamish bo‘yralar yoyildi. Ana keyin yupqagina loy yotqizilib, ustidan tuproq yoyildi. Bu ishlarning hammasini Kulsin jinnining bir o‘zi qildi. Hech kimni yordamlashishga-da, qo‘ymadi. Bir kun kelsak, u yarim chelak-yarim chelak loysomonni tomga olyapti. Ikki kunga qolmay tom suvab bo‘lindi…
Biz kunduzini qo‘yavering, kechlari g‘ira-shirada ming poylasak-da, Kulsin jinnining apparatini ishga solganini ko‘rmadik. Shokir shoshqaloq tong saharlab o‘pkasini qo‘ltiq-lab chopib kelganida dushman shpionining qo‘lga tushganiga g‘irt ishondik. «Tez yuringlar, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, Kulsin jinnining boshidagi ro‘moli yo‘q. U xabar berishga tay-yorlanyapti!» Ana ko‘ravering Shokir shoshqalokning ortidan oyoqni qo‘lga olib chopishni! Hansiragancha yetib borsak… Kulsin jinni kulbasida yo‘q. Eshik o‘rnidagi ikkiga bo‘lingan eski qopni ko‘tarib ichkariga birimiz qo‘yib, ikkinchimiz mo‘raladik. U – yo‘q! Eski qop-qanorlar to‘shalgan uy to‘rida yoyilgancha … katta ro‘mol yotardi. Lekin na xabar yetkazuvchi apparat, na Kulsin jinni yo‘q edi.
Tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib, so‘ppaygancha yiqiq devor tomon jimgina borar ekanmiz, uycha ortidan kimningdir qah-qahlagani eshitildi. Qadamimiz ovozini o‘zimiz ham eshitmasdan oyoq bosgancha kulbaning orqasiga o‘tsak, Kulsin jinni sochlarini, na soch-popuk, na tangaga o‘xshash nimalardir yo‘q ho‘l sochlarini taragancha qah-qahlab kular-di. U sochini tarab bo‘ldi-da, tog‘oradagi suvni atrofga sochdi. Tog‘orada suv qolmasa-da, uni silkitdi, silkitaverdi.
- Kulsin jinni, kulsin, jinni!
Shokir shoshqaloqning chirillagan ovoziga boshqa bolalar qo‘shilganda Kulsin jinni hali suv tomchilab turgan tog‘orani boshi ustiga ko‘tardi-da, xuddi ortidan it quvlayotgan-day uychasi tomon chopdi.
- Endi uychasidan chiqmaydi. Ketdik!
Shokir shoshqaloqning orqa-oldiga qaramasdan qovoq uygancha borishidan bugungi kul-gidan quruq qolish hammamizdan ham uni xafa qilganov, dedim.
Ikki kundan keyin Shokir shoshqaloq boshqa gap topib keldi: Kulsin jinni o‘tdan qo‘r-qar ekan, men bir narsani tayyorlab bo‘lay, hammamiz maza qilib kulamiz!
U paytlar gugurt kamchil edi. Mahalladagi boshqa xotinlar kabi ayamlar ham bizdan gugurtni yashirib qo‘yar, zarur bo‘lganda o‘zlari olib ishlatar edilar. Qurigan shox-shabba-dan gulxan yoqishni yaxshi ko‘radigan biz bolalar bo‘lsak, o‘t chiqarishning yo‘lini topib oldik. Ikkita qo‘tir toshni bir-biriga urib, ishqalasak, uchqun chiqardi va bir-ikki urinishda avval qovjiragan xas-xashakni tutatib olardik. Ana keyin ustiga bitta-bitta shox-shabba bosib, gurillab yonayotgan gulxan yonida qo‘llarimizni qizdirgancha gap sotar-dik.
Shokir shoshqaloq qo‘llarimiz sovqotmagan payt, yozning issiq kunida gulxan yoqmoqchi bo‘lib, xas-xashak to‘plabdi. Ikkita chag‘ir toshni bir-biriga urib uchqun chiqarib, gulxan yoqqanida kimningdir dodlagan ovozini eshitibdi. Qarasa, Kulsin jinni boshi ushlagan-cha qochib borayotganmish…
Ertasiga tush paytimidi, Shokir shoshqaloq chaqirib keldi.
- Uylaringda kerosin bormi? – dedi pichirlab.
Sirdaryo to‘silib, GES qurilgach uyimizga elektr kelganiga ikki yil o‘tsa-da ayam «chiroq lop etib o‘chib qolsa, bolalar qorong‘ida qo‘rqishmasin», deya guzarga borib kerosin olib kelib qo‘yardilar. Men Shokirni kerosin turadigan qaznoqqa boshladim. U qo‘lidagi lattani ochib, uzun ip oldi. «Arg‘amchini ochib oldim, pishiq ip», dedi haligi ko‘chadagi-dan ham pastroq pichirlab Shokir. U kerosin idish qopqog‘ini ochdi-da, ipni uning ichiga sola boshladi. Ipni oxirigacha kerosinga bo‘ktirdi-da, asta tortib olib, haligi lattaga o‘radi. «Rahmat, og‘ayni, hali qorningni ushlagancha kulganingda, qilgan xizmatingga rozi bo‘lasan!» Men hozir nega kulishimni emas, Shokirning bu gaplarni Oqil oqsoqoldan o‘r-ganib olganini o‘ylardim.
Biz Kulsin jinnining uychasi yonidagi yiqilgan devor oldiga yetib borganimizda soyada o‘tirgan uchta o‘rtog‘imiz baravar o‘rnidan turdi. «Tez bo‘linglar, hali u suvga kelgani yo‘q,» shivirladi o‘rtoqlarimdan biri. Shokir devordan irg‘ib o‘tdi-da, ariqdan hatlab, uning qirg‘og‘iga dumaloqlangan qog‘oz qo‘ydi. Haligi lattani ochib, kerosinga shimdiril-gan ipni qog‘ozga yaxshilab o‘radi. O‘rar ekan, tez-tez uycha tomonga qarab oldi. Ipning bir uchini ushlagancha ariqdan o‘tdi. Devor yiqig‘idan oshib o‘tdi-da, eshitilar-eshitilmas shivirladi: « Ovozlaring chiqmasin, birontang boshingni ko‘tarma!»
Men Kulsin jinnining shpion ekanligiga butkul ishonmay qo‘ygan bo‘lsamda, Shokir-ning ip tortishi, sirli shivirlashi yana allaqanday qo‘rqinchli xayollarga boshlardi. Shokir o‘rtoqlarimdan biri bergan ikki toshni bir-biriga urar ekan, uning qorningni ushlagancha kulasan, degan gapini esladim. Toshlardan chiqqan uchqun Shokirning oldidagi qog‘ozni yondirdi. «O‘chmasin, o‘chib qolmasa bo‘lgani… Hey, bolalar, Kulsin jinni suv olgani kelgani yo‘qmi?.. Yo issiq elitib uxlab qoldimi?..» Shokir xavotirlangancha devordan mo‘raladi-da shu zahoti boshini egdi. Men qiziqib endi boshimni ko‘targandim, Shokir to‘ng‘illadi: «Yot, u … kelyapti…» Shokir bizni bosh ko‘tarishga qo‘ymay o‘zi yana bir marta devordan mo‘raladi-da, arg‘amchidan ayirgan ipning uchini yonib turgan lattaga tutdi. «Ana endi tomoshani ko‘ringlar!» Shokirning ortidan hammamiz devorga qapishgancha tomosha ko‘rishga shoshildik. Kerosinga bo‘ktirilgan ip yonayotgan uzun ilonga o‘xshardi. Ingichka, ipdek ingichka ilon… Kulsin jinni ariqdan suv olar ekan, yonayotgan ipga ko‘zi tushdi. Uning ko‘zlari kosaxonasidan chiqib ketayotganga o‘xshar, ola-kula edi. Shundaygina oyog‘ining yonida qog‘oz koptok lovillab yongach, Kulsin jinni chelakdagi suvni uning ustiga sepgancha baqirdi: Musulmonlar, yordam beringlar! Yordam beringlar…»
- Kulsin jinni, kulsin, jinni…
Biz qotib-qotib kular ekanmiz, Shokir shoshqaloqning to‘xtovsiz aytayotgan gaplarini takrorladik. Chelagini ko‘targancha uychasi tomon chopib ketayotgan Kulsin jinni birdani-ga ortiga o‘grildi. U yuziga duvillab oqayotgan ko‘z yoshlarini artgancha chelakni biz tomon-ga otdi. Ariqdan bir hatlab o‘tib, past devordan sakradi. Kulib turgan o‘rtoqlarimning rangi qog‘ozday bo‘lib ketdi. Shokir yo‘lidagi o‘rtoqlarimdan birini yiqitib o‘tdi-da, orqasiga qaramay chopib ketdi. Hammadan orqada chopib borar ekanman, bo‘ynim bo‘g‘ildi. Men bo‘g‘ayotgan qo‘lni olib tashlashga urindim. Kuchim yetmadi. Ovozim boricha baqirdim: Kulsin jinni, meni o‘ldirmang, o‘ldirmang!» Chopib borayotgan o‘rtoqlarimdan ikkitasi to‘xtadi. «Yusuf, qo‘lini tishla, qo‘yvoradi, qattiq tishla!» Ikkala o‘rtog‘im ham birday shu gapni takrorladi. Men qo‘lni tishlashga ulgurmadim. To‘satdan changakdek qisayotgan qo‘l bo‘shashdi. Ortimda kimdir o‘kragancha yig‘lab borardi. Kulsin jinni shu yig‘lagancha ariqdan hatlab, tizzalab o‘tirdi. Men ariqqa engashganicha yuzini yuvayotgan Kulsin jin-nini yupatishni istardim. Lekin nega, nima deb yupatishni bilmasdim. Boyagina tinchlik bermayotgan nega tishlamasimdan qo‘yvordi, degan o‘yni esa, unutgandim. 
Kulsin jinni betini ro‘molining uchi bilan artar ekan, menga ko‘zi tushdi. Shoshgani-cha o‘rnidan turdi va burilib ketayotib, yelka osha ortiga qaradi. U jilmayardi. Oldingi-day sharaqlagancha kulmasdi. Jilmayardi. Men bunday shirin va lekin ayni bir paytda ma’yus jilmayishni ilgari ko‘rmagandim. Oradan yillar o‘tib, o‘g‘limning bo‘yi bo‘yimga teng bo‘lganda ham ko‘rmadim. Faqat bir narsani sira unuta olmayman: ayolning jilmayi-shi bo‘ynimni changakdek qo‘lidan qattiqroq siqib oldi…
O‘shanda… o‘shanda ertasi kuni bolalar chaqirib kelishganda ko‘chaga chiqqim kelmadi. Ichkaridan ayam chiqib keldilar: «Bor, chiq, yo urishib qoldilaringmi?» Ayamning gumon-larida asos yo‘qligini isbotlash uchun ko‘chaga sudraldim.
- Nima, tuxum bosib yotganmiding? – dedi bolalardan biri.
- Yo‘q, Kulsin jinnini tushida ko‘rib, labiga uchuq toshib yotgan bu, - dedi Shokir shosh-qaloq.
Men yana gaplaring bormi, degandayin indamasdan ko‘zimni lo‘q qilib turaverdim.
- Yur, Kulsin jinnidan xabar olib kelamiz. Yana yonayotgan ilondan qo‘rqib o‘lib-netib qolmagan bo‘lsin. Unga o‘xshagan bizni kuldiradigan odamni qaerdan topamiz keyin…
Shokir shoshqaloq og‘zini ko‘pirtirar ekan, yonginamdan sharqiroq ariq oqib o‘tdi. Un-dan ikki qadamcha narida Kulsin jinni menga qaragancha jilmayardi…
- Boraveringlar… Meni … boshim og‘riyapti…
- Bo‘pti, bolalar, ketdik. Yusuf, sen Oqillarnikiga borgin-da uning onasi – qoqimchi xolaga o‘zingni qoqtirib olgin, - Shokir menga qarab iljaydi va orqaroqda sudralayotgan bolaning yelkasiga urdi. – Toshbaqa yurish qilsang, kulgidan quruq qolasan, tez-tez yur-ey!
Boshi og‘rigan bola hiringlagancha ketayotgan Shokirning orqasidan ergasharmidi yo u-ning boshqa bolaga emas, aslida o‘ziga eshittirib aytgan gapiga javob berarmidi. Men Shokirning lo‘killab borarkan, o‘qtin-o‘ktin sezdirmasdan orqasiga qarab olishini il-jaygancha kuzatib turdimda, shartta burilib qarama-qarshi tomonga ketdim. 
Oqil qo‘lida o‘roq, endigina eshik ochib turgan ekan.
- O‘rtoq, agar o‘ynagani kelgan bo‘lsang, mening vaqtim yo‘q, agar hozir dalaga borib bir bog‘ o‘t o‘rib kelmasam, dadamlar aytmoqchi qo‘ylarim ochidan o‘ladi, - dedi Oqil so‘rashish-ga uzatilgan qo‘limni qo‘yib yuborgach.
- M-men… men o‘ynagani emas… shunday sen bilan bir gaplashgani kelgandim.
- Ha, Kulsin jinnini kuldirib, ichak uzish ko‘nglingga tegdimi?
Oqilning ortida Kulsin jinni ko‘rindi. U ma’yusgina jilmayib turardi.
- Men… endi…
- Ko‘p chaynalma! Bor, tezroq shoshqaloqning ortidan o‘pkangni qo‘ltiqla. Kecha u shotir-larini boshlab kelib, mendan suyunchi oldi. Kulsin jinnini boplab qo‘rqitibsizlar. Bor, bugungi tomoshadan quruq qolib, yig‘lab o‘tirma!
Oqilning so‘zlari yuragimga ignadek sanchilar ekan, negadir o‘qituvchimizning gapini esladim: «Shu Oqil og‘iz ochishi bilan gapimni yo‘qotib qo‘yaman. Mushtdekkina bola chol-lar bilmaydigan gaplarni qaerdan topadi?»
- Oqil… U menga qarab jilmaydi.
- Nima?
- Jilmaydi. Men uning bu jilmayishiga chidayolmadim. U jilmayar ekan, yonayotgan ip bo‘ynimga chirmashini istadim.
Oqil indamadi. Soybo‘yiga yetganimizcha ikkalamiz ham og‘zimizga tolqon solib keta-verdik. Oqil yarim bog‘cha o‘t o‘rgach, men indamay uning qo‘lidan o‘roqni oldim. U menga yalt etib qaraganda, ko‘zida norozilik ko‘rdim. Lekin buni ko‘rmaslikka olib, o‘t o‘raverdim. Qarasak, bir bog‘ emas, ikki bog‘ chiqadigan o‘t o‘rib qo‘yibmiz. O‘t bog‘lari ustiga yonboshla-gancha soyda oqayotgan suvga tikilib o‘tiraverdik. Oqilga aytadigan gapim ko‘p edi. Lekin tilimga hech narsa kelmasdi. O‘tni Oqil cho‘ntagidan olgan ipga bog‘lab, orqamizga olib ko‘tarib ketayotganimizda ham o‘rtog‘im aytmoqchi «yo‘lni yaqinlashtirishga» ming urinsak-da, hech gapimiz qovushmadi.
Yelkamiz o‘tdan bo‘shab, yayraganidan keyin Oqil «Yur, o‘rtoq, choy ichib ketasan», deya uy-lariga sudradi. Men uydan ayamga indamay chiqib ketganimni, xavotir bo‘lib o‘tirganlari-ni bahona qilib, unamadim. 
- Sen eng yaxshi o‘rtog‘imsan…
Xayrlashayotib, Oqilning yuz-ko‘zlari kulgancha o‘ng qo‘lini silkitib turganini ko‘rib ortimga qaytgim, uni qattiq quchoqlagim keldi. Xuddi shu lahza yo‘limni kimdir to‘sdi. Men jilmaygancha turgan Kulsin jinnining ko‘zlaridan qo‘rqib ketdim…
Shu-shu Kulsin jinnining uychasi tomon bormay qo‘ydim. Bora-bora uning jilmayib turishini ham esimdan chiqardim. Shaharga ammamnikiga borib, sotuvchi aytgan «hali bo‘-yog‘i qurimagan» to‘rtta kitob sotib olib kelganimdan so‘ng na Kulsin jinnini, na Xol-dorxonni eslaydigan bo‘ldim. Hatto bolalar o‘ynashga chaqirib kelishsa-da, kitobdan bosh ko‘targim kelmaydi.
- Yusuf, o‘g‘lim, qaerdasan?
Ayamning ovozlari kitobni tokchaga olib qo‘yishga majbur etdi. Ovoz kelgan uyga kir-sam, ayam savatdagi nonlarning orqa-oldini ko‘rib, ajratyaptilar.
- Yusuf, tokdan yaxshi pishgan uzumdan besh-olti bosh uzgin.
Men «xo‘p» degancha sap-sariq husayni uzib kelganimda, onam ikkitadan patir ustiga to‘rt boshdan uzum qo‘ydilar. 
- O‘g‘lim, sen manovi tugunchalarni ikkita musofir xolangga olib borib bergin. Bitta-sini Do‘ngdagi muallimning eski uyida yashayotgan xolangga, ikkinchisini Boymahallada-gi…
Ayamning oxirgi so‘zlari qulog‘imga kelmadi. Men ilgarilari ham Xoldorxonnikiga tugun ko‘tarib borganman. Lekin Kulsin jinnining uychasiga qanday boraman? U meni ko‘riboq haydab solsa, patir va uzum solingan tugunni ortimdan irg‘itsa… Yo‘q, bora ol-mayman.
Ayamga qanday bahona qilishni o‘ylayotganimda, qulog‘imga Oqil shivirladi: «Sen eng yax-shi o‘rtog‘imsan…» Men tugunlarni oldim-da, Oqillarnikiga qarab ketdim.
Xoldorxon muallimdan meros qolgan uydan to‘rt-besh qadamcha naridagi tol ostida to‘n-tarilgan piyolaga o‘sma siqib o‘tirgan ekan.
- Nima olib keldinglar? – Xoldorxon o‘rnidan qo‘zg‘almasdan o‘sma siqishda davom etdi. -Uyga olib kirib qo‘yinglar, mushukmi, itmi, tegmasin. Ha, qo‘yib chiqdinglarmi? Eshik-ni zichlab yop. Endi yonimga kelinglar, men sizlarga «Qora sochim»ni aytib beraman…
 Men Xoldorxonning tolga suyab qo‘yilgan qo‘ltiqtayog‘iga xavotirlangancha qarar ekan-man, Kulsin jinninikiga qanday borishni o‘ylardim…
 Yiqilib-yiqilib, it sakrab o‘tadigan bo‘lib qolgan devor oldida oyog‘im yerga yopishib qoldi.
- Oqil, o‘rtoq, tugunni sen berib kelaqolgin, men shu yerda turaman, - dedim ovozimdagi yolborishdan o‘zim ham g‘ijinib.
 - Ie, patir bilan uzumni sening ayang bervoradi-yu, Oqil hammollik qiladimi? Yur, qo‘rqsang, ikkalamiz devordan birga o‘tamiz.
Oqilning ortidan men ham tugunchani ko‘targancha devorning nariyog‘iga o‘tdim. Ariqdan hatlaganimizda ham, Kulsin jinnining kulba-uychasiga yaqinlashganimizda ham biron sharpa eshitilmadi.
Eski qop – eshik yonida nima qilishimizni bilmasdan turar ekanmiz, Oqil meni Kulsin jinnini chaqirishga qistadi.
- Yusuf, xolani chaqir!
Men nima deb chaqirishimni bilmasdan turganimda, qop ko‘tarildi-da, ko‘k guldor ro‘mol ko‘rindi.
- Yusuf?..
Otimni aytgan Kulsin jinni menga g‘alati termulgancha turardi.
- Buni sizga ayam bervordilar.
Tugunchani Kulsin jinnining qo‘liga uzatdim-da, Oqilni yiqitishimga sal qolib devor tomon yugurdim…
- Hey, jinni, nega qochyapsan?
Men hansiragancha Boymahalla ko‘chasida chopib borar ekanman, Oqil yo‘limni to‘sdi.
- To‘xta! To‘xtasang-chi! 
Men peshonamdan chakillayotgan terni artgancha Oqilga tikildim.
- Men uning jilmayishini ko‘rdim. U menga bir marta qaramadiyam. Sening ortingdan «Yusuf, Yusuf» degancha tikilib qolaverdi…
Nega u menga tikilar ekan? Nega mening otimni takrorlayveradi? Oradan uch kun o‘tgan bo‘lsa-da, bu savollar xayolimdan nari ketmas, lekin hech bir javob topa olmasdim. Xuddi ana shunday javob izlayotgan paytimda to‘satdan ko‘cha tomondan baqiriq-chaqiriqlar eshi-tildi. Ko‘chada oyoqyalang erkaklar, boshyalang ayollar, chollar, bolalar chopib borishardi. Birining qo‘lida chelak, ikkinchisining yelkasida ketmon… Men ham ularga qo‘shilib quyuq tutun osmonga burqsib ko‘tarilayotgan tomon yugurdim.
Yetib borsak, qo‘shni ko‘chadagi uy alanga olgan. Olov na chelaklardan to‘xtovsiz sochilayot-gan suvni, na belkuraklar tashlayotgan tuproqni pisand qilmasdi.
- Hey, bolalar, qayoqqa? Kuyib qolasizlar, bormanglar!
Bitta chol yo‘limni to‘sdi. Men uning yonidan aylanib o‘tishni o‘ylar ekanman, ko‘zim Kulsin jinniga tushdi. Kochishga joy izlay boshladim. Xuddi uning tugilgan mushtlari yoyiladi-da, biri ikkinchisidan yo‘g‘onroq yonayotgan iplar mening bo‘ynimni mo‘ljallab bilanglashadi. 
Chol esa yelkamdan ushlagancha qo‘yib yubormaydi. Kulsin jinni meni ko‘rmasin deya chol-ning orqasiga o‘tishga urinaman. U yelkamdan qattiqroq ushlaydi. Kulsin jinni shartta ikki qo‘lida chelak to‘la suv ko‘tarib kelayotgan ayol tomon yugurdi. Uning qo‘lidan indamas-dan chelaklarni oldi. Lekin u boshqalar kabi yonayotgan uy tomon yurmadi. Avval bitta chelakni, keyin ikkinchisini boshidan baland ko‘tardi. U o‘zining ustidan suv quydi. Boshidagi guldor ko‘k ro‘moli, egnidagi ko‘ylagi jiqqa ho‘l bo‘ldi.
- G‘irt jinni desam, menga hech kim ishonmadi. U qip-qizil jinni, qandayiga sizlar aytgandayin ishpiyon bo‘lsin!
Men endi tamom, Kulsin jinni uni ko‘rsatgancha chakkasining yonida ko‘rsatkich barmog‘i-ni aylantirayotgan ayolni g‘ippa bo‘g‘adi, deb o‘yladim. U ayolning gapini eshitmadi, yo eshitib, tushunmadi, to‘g‘risidan kelayotgan yigitning qo‘lidagi chelakni tortib oldi-da, yana ustidan suv quydi. Va… u yonib turgan uyga kirib ketdi.
- Hey, nimaga qaqqaygancha qarab turdinglar! Jinnimi, sog‘mi, Xudoning bir g‘arib bandasi yonib ketsa, nima bo‘ladi? Uy-joy topilar, u Xudoning bir bandasi…
Chol alamidan baqirar ekan, mening yelkamdagi qo‘llarini duoga ochdi:
- Ey Xudoyim, suygan bandangni o‘zing qutqargin!
Hamma qotib qolgan, suvdan bo‘shagan chelaklarni hech kim to‘lg‘azib kelishni o‘ylamay qo‘ygan. Mening atrofimda yonayotgan arg‘amchi iplari bilanglardi. Men Kulsin jinni-ning yana bir marta, bir martagina jilmayishini ko‘rishni istardim.
Bir mahal yonayotgan eshikdan otilgancha Kulsin jinni chiqib keldi. U bag‘riga bosgan qizaloqni avaylab yerga qo‘ygach, ariq tomon chopdi.
- Hey, nega hammang karaxt bo‘lib qolding? Boringlar, yuguringlar, ko‘ylagi, boshidagi ro‘moli yonyapti, suv sepib o‘chiringlar!
Yonimdagi chol yonayotgan ayolning ortidan chelak ko‘tarib yugurgan odamlar ketidan yugur-giladi.
Kulsin jinni suv to‘la ariqda osmonga qaragancha yotar, ko‘zlari to‘la qayg‘u, lablarida esa, o‘sha men ko‘rgandan ham mayinroq jilmayish…
U odamlarni ko‘rib ariqdan chiqdi, boshidan tushib ketgan ho‘l ro‘molini o‘rashga uri-nar, lekin hech o‘ray olmasdi. Hech bo‘lmagach, ro‘molni bag‘riga bosdi-da, ariqdagi suvga termilgancha nimalardir deya boshladi. Uning so‘zlari qo‘shiqqa aylandi. 
- Hey xotin, yurak-bag‘rimni ezib tashlading-ku! Bolam o‘lgandayam, bunchalik to‘lib-to‘lib yig‘lamagandim, - Xoldorxon qo‘ltiqtayog‘iga tayangancha yuzini yuvayotgan ko‘z yoshlari-ni ko‘ylagining yengiga artardi. – Sen yaxshi xotinsan, ertaga uyimga bor. Bir yugurtirish-da qoshingni qop-qora qiladigan o‘sma beraman…
Kulsin jinni Xoldorxonning gapini eshitmagandayin qo‘shig‘ini aytaverdi.
Men bundayin hazin qo‘shiqni o‘shandan buyon hech eshitmaganman. Shuncha yoshga kirdim, ne-ne dong‘i ketgan ashulachilarning qo‘shiqlarini eshitdim. Lekin Kulsin jinni… Kul-sin xolaniki kabi qo‘shiq eshitmadim.
Ertasiga qishloqda yangi gap tarqaldi: Kulsin jinni ketib qolibdi…
Shu-shu biz uni ko‘rmadik. Na qishloqda, na shaharda, na bozorda, na ko‘cha-yalangda… Men o‘n ikkiga kirganimda shahardan dadamlar yangi kiyim-bosh olib berar ekanlar, sotuvchi bilan gaplashib qoldilar. Ayam namuncha u sotuvchi bilan gaplaring qizib qoldi, degandi-lar, dadamlar bir uf tortdilar.
- Onasi, aslida Qurama tomondan ko‘chib kelgan bu sotuvchi bir voqeani aytib berdi. Besh yilmi-olti yilmi oldin tog‘dagi qishloqlarida bir yoshgina ayolning uyiga o‘t ketib-di. Ayol toqqa o‘tin tergani ketgan ekan. Kelsa, uyi kultepaga aylanganmish. Qo‘ni-qo‘shni-lar uyda qolgan bolani qutqarib olisholmabdi. Ayol bitta-yu bitta bolasining o‘ligini-yam ko‘ra olmasdan dodlabdi, yuzini tirnabdi, sochini yulibdi… Uch kundan keyin u ayol yo‘qolib qolibdi. Hamqishloqlari qidirib-qidirib Sirdaryo bo‘yidagi qishloqdan bir gap topib kelishibdi: « Sochlari yoziq bir ayol qo‘lida ro‘molini hilpiratgancha o‘zini suv-ga tashladi. Suvning jinlari chaqirganmi… Biz yetib borganimizda u daryoda ko‘rinmas-di…» 
 Mahallamizdagi hovuzga tuz tashlaganimizdan keyin men Oqilning oldiga chopdim. Unga dadamlarning shaharda eshitgan gaplarini aytib, Kulsin jinni… Kulsin xola-ning kulbasiga borib-kelaylik, dedim. 
- Qara-qara, Kulsin xola qaytib kelganga o‘xshaydi, uychaning oldi supurilgan, suv sepilgan.
Biz Kulsin xolani chaqirish-chaqirmaslikni bilmasdan bir-birimizga qaragancha tura-verdik. Bunday quloq solsak, ichkaridan hech qanday ovoz eshitilmadi. Oqil qop-eshikni ko‘tarib, uychaga kirdi. Ortidan men ham kirdim. Hech kim yo‘q. Lekin ichkari shirin bir hidga to‘lgan. Uycha to‘rida, tovoqchada sham yonib turar, yonida rayhon shoxlari. Rayhon shoxlari ortida esa, kimdir jilmaydi-da, g‘oyib bo‘ldi.

8-11 yanvar, 2013 yil, Xo'jand.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.