OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rozboy Abdurahmonov. Qaysarlar (hikoya)

Matrizaning manglayiga bitgan yolg‘izgina qizi bor. O‘ziyam katta o‘qishda. Omonlik bo‘lsa, yaqinda tugatib qaytadi. Qizi fermer xo‘jaligida ishlagan paytlardayoq talay-talay yigitlarning boshi Matrizaning paxsa devordek qattiq, o‘jar fe’liga urilib “yoril”gan va qayta ro‘para kelmaslikka saboq olib ketgan.
Matrizaning bir armoni – qizini o‘qitish edi. Mana, orzui ushaldi. Bo‘lmasa, qizi tushmagur “ishlab sizlarni boqaman” ham degan edi. Matriza o‘shanda qizini ergashtirib ketib, naq Toshkentdagi eng baland institutga test topshirtirib keldi. Xudoga shukur, xudoga shukur! Qani, o‘qishni bitirib, ovuliga qaytsin qani, qizini qutlug‘ uyaga o‘z qo‘li bilan qo‘ndirsa – Matrizadan baxtli odam bu dunyoda topilarmikan?! Xullas, xudoga aytib yurgan shukronasi ko‘p. Manavi, xotini esa...
— Qizim o‘tirib qoladigan bo‘ldi! Bari sizning o‘jarligingiz kasridan! O‘qisin dedingiz, qiz bola o‘qiganda nima, shoxi chiqarmidi? – deya shang‘illaydi o‘qtin-o‘qtin.
Shunda Matrizaning ham peshonasi tirishib ketadi.
— Hoy, esi yo‘q xotin! Hozir zamon o‘qiganniki, bildingmi? Ozgina sabr qilib tur endi, qizing oliy ma’lumot olib kelsin, sovchi deganing eshikni buzguday yopiriladi hali. Qizalog‘imning har tola sochiga bittadan yigit zor bo‘ladi, ha! Men, nima, institutni bitirmagan qizimni “Hov, kelin qilinglar!” deb, kimlarningdir butining orasidan o‘tib yurishim kerakmi?, – deb koyiydi Matriza xotinini.
...Chorshanba. Murodbaxsh kunda uyiga uchta yoshulli kirib kelishdi.
“Sizlarni tanimayroq turibmiz” degan gap udumimizda yo‘q. Xotini dasturxonni keng qilib yozib yubordi. Bir pasda qand-qurs, olma-uzum bilan to‘ldi. Birozdan so‘ng esa eshigidan kelgan mehmonlarning sovchilar ekani ma’lum bo‘lgach, Matriza qo‘raga kirib, oq qo‘chqorini chalib yiqitdi. Ovulning katxudolarini chaqirishga odam jo‘natdi.
Barcha yig‘ilgach, mehmonlarning yoshi ulug‘rog‘i tomog‘ini qirib so‘z boshladi:
— “Sizlarda qiz, bizlarda o‘g‘il...” deganlariday, qarindosh – tomir bo‘laylik, deb keldik, tug‘ishganlar. Manov Xolmurodni Qumyiqqan tomonda tanimaydigan odam yo‘q. Shu inimizning...
Matriza bu gaplarni diqqat bilan eshitarkan boshini ko‘tarib, bo‘lajak quda tomonga bir qarab qo‘ydi. Xolmurod deganlari indamaslikni shart qilib kelganmi – jim-jit, mo‘min-qobil bo‘lib o‘tiribdi.
— Hm-m, yaxshi niyat qilibsiz, barakalla. Bizga yigitning kim ekanini, nima yumush qilishini ham ayting, — dedi ovulning katxudolaridan biri.
— O‘g‘limiz sizning qizingiz bilan birga o‘qiydi. Ikkovi shu yoqda bir-birini yoqtirib qolganga o‘xshaydi, — dedi supurgisoqol sovchi. – Biz ota-onalarning farzi – ikki yoshga oq fotiha berib, ularning boshini qovushtirib qo‘yish. “Gulni gulga qo‘sh!” deb bejiz aytmaydilar, oqsoqol! Endi elning urf-odatiga kelsak, oldi-berdimizni shoshilmay, bamaslahat kelishaveramiz-da...
Sovchilarning savob ishi o‘ngidan kelgach, bo‘lg‘usi qudalar bir-birlariga “Siz mana bu yostiqqa yonboshlang, dasturxondagi noz-ne’matlardan olib o‘tiring” deb mulozamat qilib qolishdi. Bosh qudaning oldiga qo‘chqorning kallasi qo‘yildi. Oqsoqollar o‘tgan-ketgan hangomalardan aytishib, kulishib chah-chahlashib ham olishdi. Biroq Matriza bilan Xolmurod bir-biri bilan ko‘z urishtirib, ortiqcha gap-so‘zga yo‘l qo‘ymay, ta’voze ila sipogina bo‘lib... deganday, hamon jim-jit edilar.
— Yo pirim-ay, qarindoshlar, bir kitobda manovi o‘zimizning atsho‘k — sassiqpopshak degan qush bor-ku, shuning ta’rifini yozishibdi, — deb qoldi bir payt haligi supurgisoqol mehmon. – Yaqinda Mambet qorining uyidagi ziyofatda o‘qib berishgandi...
— Xo‘sh-xo‘sh, atsho‘kning o‘sha kitobda bitilgan qanday ta’rifi bor ekan? – dedi ovulning katxudosi yostig‘ini bir qo‘ltiqdan ikkinchi yonboshiga olarkan.
— Kitobda bitishibdiki, qadimgi zamonda oshib-toshib ketgan bir boy o‘tgan ekan. Uning oy desa oy, kun desa kun yolg‘izgina qizi bo‘lgan ekan. Boy qizini tagli-tugli, yaxshi bir xonadonga uzatish niyatida yasharkan. Biroq qiz otasining aytganiga ko‘nmay, o‘ziga yoqqan yigit bilan til topishibdiyu qochib ketibdi. Boy achchiq ustida qiziga shunday debdi: “Endi mening senday qizim yo‘q, sening oting ham yo‘q!”
“Onaning qarg‘ishi — yo‘q, otaning qarg‘ishi — o‘q”, deganlariday qiz boyaqish qushga aylanib qolibdi-da, “oti yo‘q, oti yo‘q” deb sayrayveribdi. Shunday qilib u oxiri “atsho‘k” bo‘lib qolgan ekan...
Supurgisoqol yoshullining aytganlari bir dasturxon atrofida o‘tirganlarning og‘ziga saqich bo‘lib tushdi.
— Rostdan ham, shu bechora qush sayraganda-yam “oti yo‘q”, “oti yo‘q” deyotganga o‘xshab ketadi-ya...
— “Oti yo‘q” degan gap “atsho‘k”ka aylanib ketgan-da, shundaymi?
— Unday bo‘lsa, “atsho‘k-atsho‘k” degani otasi aytgan qarg‘ish ekan-da...
— Atsho‘kni har kuni ko‘rib-tinglab yurib, hech e’tibor bermas ekanmiz. Kitobda hikmat ko‘p-ov...
Kelganidan beri jim o‘tirgan Xolmurod shu payt qanday gapirganini bilmay qoldi:
— Shu... sizlar aytayotgan atsho‘k degan qush bir oygina sayraydi, so‘ng yapaloqqa aylanib ketadi...
Matriza bu gapga qo‘shilmadi:
— Siz ham yanglishdingiz, mehmon, – dedi, — yapaloq boshqa qush, atsho‘k butunlay boshqa qush.
— Yo‘q, unaqa emas, atsho‘k bilan yapaloqqush – tub kelib chiqishi bitta qush. U avval atsho‘k bo‘lib sayrab yuradi-da, ovozi xirillab qolgach, yapaloqqa aylanib qoladi, — dedi Xolmurod.
Matriza esa bu gapga ko‘nmadi:
— Ular boshqa-boshqa qushlar deyapman. Bu dunyoda atsho‘k ham yapaloqqa aylanadimi hech?
— Aylanadi, — dedi Xolmurod.
— Aylanmaydi!
— Aylanadi!
— Aylanmaydi!
Xudo xohlasa, quda bo‘lamiz, deb o‘tirgan ikkita kap-katta odam atsho‘k bilan yapaloqning ustida bahslashib ketishdi. Dasturxon atrofidagilar noilojdan ikkiga bo‘linib, birlari Matrizani, ikkinchilari Xolmurodni yoqlay boshlashdi.
— Axir, yapaloq degan qushda ham otategi bo‘lishi kerak-ku, yapaloq atsho‘kdan chiqmasa, qayoqdan chiqadi?
— Atsho‘kning ota-onasi – atsho‘k, yapaloqning ota-onasi – yapaloq bo‘ladi-da, taqsirim. Sizningcha, nima, tovuqni tuyatovuq tug‘adimi?
— Yo‘q, unaqa emas, atsho‘k yapaloqqa aylanganidan so‘ng sayramaydi ham, ucholmaydi ham, yerda yo‘rg‘alaganicha yuraveradi, — dedi Xolmurod.
— Atsho‘k ham, yapaloq ham o‘zicha sayraydi, o‘zicha uchadi, — dedi Matriza ensasi qotib.
— Yapaloq umuman uchmaydi-ku!
— Uchadi, dedimmi, uchadi!
Bu orada katxudo oqsoqollar gurungni boshqa mavzularga burib yubormoqchi bo‘lib ko‘p urinishdi, biroq sira natija chiqmadi, gap aylanib kelib yana qushlarga borib taqalaverdi.
— Atsho‘kning polaponlari atsho‘k bo‘ladi.
— O‘shalar baribir bir kuni yapaloqqa aylanadi-ku, axir...
— Aylanmaydi.
— Aylanadi!
— Qani, aylansa, turing o‘rningizdan, ko‘taringlar o‘kchangizni! Sizlarga qiz ham yo‘q, tuz ham yo‘q!
— Bay-bay, sening qizingni olaman deb, mening ham og‘zim qurib qolayotgani yo‘q. Ketsam, ketaveraman. Atsho‘k bilan yapaloqning farqiga bormaydigan odamning qizini olmaganim bo‘lsin!
— Tepaga qarab so‘zla, jo‘ra, men ham senga o‘xshagan yapaloqning otasi atsho‘k deydigan odamning zuryodiga qizimni bermaganim bo‘lsin!
Ana-mana to‘y kunini belgilaymiz deb kelishib turgan yerda ikkala quda bir-birlarini qaytib ko‘rmas bo‘lib tarqalishdi...
Matrizaning xotini yana yerni mushtladi:
— Soqollaringga o‘t ketsin-a senlarning! Soqolginalaring kuysin! Bir og‘iz gapdan qolganingizda, nima, imoningiz kuyarmidi? Shu ikkita qush sababchi bo‘lib, endi qizimning to‘yini to‘xtatasanlarmi? Ikkita qush emas, bu — ikkita ahmoq... Uv-v-uvv!!!

* * *
Matriza to‘yning... baribir bo‘layotganini, qizi turmush qurayotgan kuyov bola – o‘sha Xolmurod o‘jarning o‘g‘li ekanini, to‘y ham tumanda emas, Nukusda emas, naq Toshkentda bo‘layotganini ikki oydan so‘ng – to‘yga taklifnoma-telegramma kelganida bilib qoldi. Xotiniga ola qarab, yugurgan edi, so‘ng yana shaytonga hay berib to‘xtadi. Xotini qichqirdi:
— Boring, Toshkentga bilet olib keling endi! Yolg‘iz qizingizdan bezib o‘tirolmaysiz-ku, axir. Turing, oq fotiha berib, to‘yini o‘tkazib kelaylik...
— Sen o‘jarning xaqqing mana shu! – deyishdi birin-ketin kirib kelgan ovul oqsoqollari. – O‘shanda bir og‘iz gapdan qolganingda, biz ham ovulda to‘y ko‘rib, ma’rakaning palovini yerdik... Qizing bechora qachongacha chidasin? Mana, og‘zingga loy chaplab ketdi. Endi atsho‘kingning ham, yapalog‘ingning ham patini yulib o‘tiraver! O‘jarligingdan yoningga tirik jon yaqinlasha olmaydi. Ana endi qizingning to‘yi Toshkentda bo‘layotir...
Matriza taklifnomani o‘sha kuniyoq yirtib tashlagani bilan to‘y kuni yaqinlashgani sayin toqatsizlanaverdi.
Barcha ota-onalarga tekkan “farzand” degan dard uning ham yurak-bag‘rini ezib yubordi-da to‘y kuni Toshkentga qanday uchib kelganini bilmay qoldi. Taksiga o‘tirib, talabalar shaharchasidagi to‘yxonaga yetib kelganida qator tizilgan stollarning to‘rida o‘tirgan Xolmurod o‘rnidan turib ketdi-yu, to‘y to‘xtadi. Qudalar huv o‘sha atsho‘k bilan yapaloqqush voqeasini eslaganday, bir-biriga yovqarash qilib tikilib qolishdi. Ancha vaqtgacha cho‘zilgan jim-jitlikni buzishga hech kimning haddi sig‘madi. Shunda Matrizaning ko‘zi oqqush misoli chiroyli kiyingan qizi bilan savlatli kuyoviga tushdi. Yerga tikilib, yig‘laguday bo‘lib turgan qizining lablari pichirlab: “Ota, men baxtli bo‘lmoqchiman, bizga fotiha bering!”, deganday bo‘ldi. Bunday baxtiyorlikni his qilish uchun ham ota bo‘lib ko‘rish kerak ekan...
Matriza sekin qudalarga yaqinlashdi-da, qo‘lini cho‘zib turgan Xolmurodning yoniga o‘tdi. Zal guvillab ketdi. Shampanlar otildi. To‘y qaytadan boshlanib ketdi. Matriza qudalari bilan yaxshilab omonlik-esonlik ham so‘rasholmadi – odamlar kelib-ketib, kirib-chiqib turibdi, yor-yorlar avjiga chiqqan, o‘rtada o‘ynayotganlarga qarab, raqs tushib ketgisi keladi odamning.
Indamay o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadimi, Xolmurod gap boshladi:
— Quda, samolyot bilan Qizilqumni kesib o‘tib kelgandirsiz?
— Hovva, qizilmi-sariqmi, bilmayman, haytovur, xudoning ko‘p qumlarining ustidan o‘tdik, — dedi Matriza ham suhbatga aralashgisi kelib.
— Qumlardan o‘tgan bo‘lsangiz, shu bizning Nukusdan boshlanadigan Qizilqum o‘sha...
— Bilmadim, ishqilib, aytyapman-ku o‘rkach-o‘rkach qumliklardan o‘tdik deb. Hamma yoqda sap-sariq qum yoyilib yotibdi.
— Shu-da shu... Shuni Qizilqum deb atashadi geografiyada.
— Hoy... sap-sariq qumniyam qizil qum deydimi, kitobda?
— Men shu qumning nomlanishini aytyapman, quda, Qizilqum!
— Sariq qum!
— Qizil!
— Sariq!
Ularning tovushi tobora ko‘tarilib, to‘y yana to‘xtab qolay dedi. Yoshlar ikki qudaning tortishuviga aralasholmay, o‘zaro “ana boshlandi” deganday, kulishib, terlab-pishib raqs tushaverdilar. “O‘zlari kelishib olishar-da ikki quda. Endi kunda-kunora ko‘rishib turadilar-ku...” Ammo qudalar o‘rtasida qumlarning rangi qizilmi yo sariqligi haqidagi bahs avjiga chiqib borar, to‘xtaydigan avzoyi yo‘q edi.
— Yaxshi, — dedi qizarib ketgan Xolmurod. – Uyingizga borganimizda atsho‘kning polaponidan yapaloq chiqmaydi, deb kuydirgan edingiz. Mana endi, qizil qumni sariq deb yengmoqchisiz. Qani, yuring, bir chetga chiqib aniqlab olaylik!
— Yuring! – deb qichqirdi Matriza ham yengini shimarib, — shu gal sizdan qolsam, xudoyimning chap ko‘ziga ilinganim. O‘zingiz atsho‘k qartaysa yapaloq bo‘ladi, deganingiz yetmaganday, endi mana sariq qumni qizil qum deb o‘tiribsiz!...
Ikkala quda chetga chiqib, nimalarni hal qilib olishdi-yu, nimalarga kelisholmadi – bizga noma’lum, biroq o‘shanda hammalari bitta samolyotda ovulga qaytib kelishdi...
O‘shandan buyon ham oradan ko‘p yillar o‘tib ketdi. Qudalarning borish-kelishi, bir-birlaridan xabar olishi yomon emas, biroq “atsho‘k-yapaloq”, “sariq qum-qizil qum” voqealarini biladigan odamlar haliyam bu ikki o‘jar qariyaning uchrashib qolganlarini ko‘rishsa, ularning yonlariga yaqinlashgisi kelmaydi...
Uzunquloq gaplarga qaraganda, chollar nevarali bo‘libdi. Lekin chaqaloq qaysi bobosiga ko‘proq o‘xshashi to‘g‘risida haligacha bahslashib yurishganmish...

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimasi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 48-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.