OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rozboy Abdurahmonov. Tushlik (hajviya)

Bir xonada uchovlonmiz. To‘rdagi katta stol atrofida o‘tirgan odam – salgina qimirlasa betlari shalvirab tushadiganday semiz Ko‘lboy og‘a bosh hisobchimiz. U enkaya olmaydi, shuning uchun ham stolning ustini xuddi maktabdagi o‘rindiqday qiyalatib ishlatib olgan. O‘zidan boshqa odam o‘tirishi mahol. Ko‘lboy og‘a hech kimni yo‘latmaydi ham. Qani, kimdir yaqin borsin-chi, naq...
Uning bu tomonidagi menga yaqinroq stol egasi – Pirmon og‘a bosh hisobchi o‘rinbosari. Uzun bo‘yli, oriq odam. Uning Ko‘lboy og‘aga qo‘l qo‘ydirish uchun qog‘oz uzatib egilib turganini ko‘rganimda har gal xudoning odam yaratishidagi san’atkorona mahoratiga qoyil qolaman. Nima desam ekan, to imzo undirguncha xuddi xon saroyidagi xodim-xizmatchiday jilva qilib, tegishli joyga ko‘zi bilan ishora berib, iljayib turishini ko‘rsangiz, siz ham menga o‘xshab o‘ylagan bo‘lar edingiz.
Ha, aytganday, men oddiy hisobchiman, institutni endi bitirib keldim, diplomimga hali ikki-uch odam nazari tushmagan. Shuning uchun ham poygohdagi manovi omonatgina stol bilan mayshayib turgan stul meniki, shu o‘ringa o‘tirib-qo‘nib, ish o‘rganib yotibmiz. Hisob-kitobni qiyib yuborganim bilan hali bu korxonaning hujjatlariga tishim o‘tavermaydi.
Mana, har kungidek tushlik vaqti yaqinlab keldi. Buni eng avvalo Ko‘lboy og‘aning stolga suyanib, uh tortgancha tiklanayotganidan bilamiz. U oldidagi papkani Pirmonga uzatadi:
— Inim, meni obro‘li bir xonadon mehmonga chaqirgan edi, shunga borib kelmasam bo‘lmas. Sen shu papkadagi hujjatlarni hisob-kitob qilib, tushlikka sal kechikibroq chiqarsan. Xo‘p bo‘lmasa, men ketdim, sal kechiksam kutib turarsizlar... 
Ko‘lboy og‘a qornini zo‘rg‘a ko‘tarib, talpanglagancha eshikdan chiqadi. 
Shu zahoti Pirmon qilpillab yonimga keladi-da, qo‘lidagi papkani menga uzatadi:
— Ol, inim, mening ahvolim o‘zingga tushunarli. Xotin shifoxonada. Tushlik paytida borib xabar olib kelmasam, boshqa vaqt qo‘l tegmaydi. Sen bugun tushlikka sal kechikib chiqarsan. Manovi jonivorlarni bir hisob-kitob qilib tashla. Sening yoshingda bizlar ishlab to‘ymasdik. Tushlikni ham yo‘l bo‘yi deganday... Ol, nima, g‘ayrat qil endi.
U ham ketadi.
Har kuni shu ahvol. Ikki hamxonam gumdon bo‘ladi-yu, xonada bitta o‘zim so‘ppayib qolaman. Bilasiz, yolg‘iz o‘tirgan odam hayol surishga moyil bo‘ladi, nima balolar kelmaydi deysiz yolg‘iz odam miyasiga? O‘zimcha o‘ylanaman: Ko‘lboy og‘a bugun qaerda tushlik qilar ekan? Obro‘li yer, obro‘li xonadon degani bitta odamni har kuni mehmonga chaqiraveradimi? Gap shundaki, Ko‘lboy og‘a haligiday g‘uldirash bahonasida asli o‘zining obro‘sini ko‘tarmoqchi bo‘ladi. Bizlarga, falonchi odam meni uyiga chaqirdi deydi-yu, o‘zi pana-pastqamlargami, xudo bilsin qaerlarga kirib ketadi. U uyida kamdan-kam hollarda ovqatlanadi. Ziqnaligini esa hamma biladi. “Bosh hisobchi – tosh hisobchi” degan laqabiyam bor. Amaldor bo‘lgandan keyin, yurmaysanmi to‘kilib-sochilib, bizga o‘xshagan inichaklar qornini to‘ydirib?
Pirmon ham ziqnalikda Ko‘lboy og‘adan qolishmaydi. Biroq sal boshqacha yo‘l tutadi. Hozir tushuntiraman. Boyagi gapi, ya’ni xotinining kasalxonada davolanayotgani – yolg‘on. Ha, g‘irt yolg‘on. Bu gapga Pirmonni ko‘rmay yurib-yurib, to‘satdan uchratgan odamgina ishonishi mumkin.
Tavba, kelganimdan beri shu safsatani takrorlaydi. Avvallari ishonib yurdim, rost bo‘lsa kerak dedim. So‘ng-so‘ng shubhalana boshladim, axir, xotin degani hadeb kasalxonada yotaveradimi, deb so‘rab-surishtirdim. Qachongacha betob bo‘ladi? Har qanday doktor bir dardni oxiri yo uyoqlik, yo buyoqlik qiladi-da... Surishtirsam... Pirmonning xotini haqiqatan ham shifoxonada ekan, biroq kasal emas, balki oshpaz bo‘lib ishlar ekan! Pir akam ortidan borib, bepul ovqatlanib qaytar ekan! Unday bo‘lsa nega bunchalar oriq-dirdov dersiz? Oriq bo‘ladi-da. Axir, birovning nasibasi boshqa birovga yuqadimi? Yuqmaydi! Xullas, Pirmon ham uyidan tuz totmaydi. Eshitishimga qaraganda, xotini ishga bormay qolsa tushlikda nosvoy otib olib, ishxonada kunini kech qiladi...
Shunday qilib, mana, bugungi tushlik ham o‘tib borayotir. Men it itga buyurdi qabilida tashlab ketilgan papkadagi hujjatlarni saranjonlab qo‘ydim. Aytganday, birovlar yumushini eplabman-u, ammo o‘zim necha kundan beri tushlik qilmaganimni hech o‘ylamabman – ovqatlanmaganimga necha kun bo‘ldi o‘zi? Har qancha bosh qotirsam-da, eslolmadim. Sababini bilib turibsiz – doim bemavrid menga qo‘shimcha vazifa yuklatiladi. Qancha azob yutganimdan xonani tark etib, chala-chulpa tamaddi qilib olishim mumkin, xolos. Aslida Ko‘lboy og‘a ham, Pirmon og‘a ham ko‘cha odami, na qo‘lida bor “hisobchi” degan qattiq qog‘ozi, na kallasida... Ha, mayli, bu yog‘iga o‘tmay qolay. Buni korxona ahli ham, boshlig‘imiz ham yaxshi biladi. Masalan, Ko‘lboy og‘a pul to‘lovlari hujjatlarini karra jadvaliga qarab o‘tirib tuzatadi. Pirmon esa o‘tgan hafta maqtanib aytgan bir gapiga hamma kulaverib, ichaklari uzilayozdi. Nima emish, beshinchi sinfdagi bolamning uyga vazifasini chiqara olmadim, qurmagurdan bir norkalla chiqadi-yov emish. Axir, o‘zing zo‘rg‘a to‘rtinchini bitirgan bo‘lsang, beshinchi sinf masalasiga qayoqdan tishing o‘tsin!
Ana shunaqa! Tushlik vaqti ham o‘tib bo‘ldi. Endi tamaddi qilishga jo‘nasam, Ko‘lboy og‘a “ish vaqtida qayoqqa borasan?” deb pishillaydi. Ne bo‘lsa-da, chidayin. Yuragim ozib, ko‘z o‘ngimda shift chir-paraqqos aylana boshladi. Deraza raxida turgan piyolaga suv quyib ichganimni bilaman, stulga yetib kelolmay, hushimdan ketibman...
Ko‘zimni ochsam, to‘rsaygan yuzlari selkillab Ko‘lboy og‘a yuzimga suv sepayotgan ekan. Neylon ko‘ylagining oldi ho‘llanib, qorniga qaray suv iz solibdi. Goh menga, goh Ko‘lboy og‘aga enkayib Pirmon og‘a yig‘laguday ahvolda turibdi. Qo‘lidagi ro‘molchasi bilan ba’zan ko‘zining yoshini artadi, ba’zan mening yuzim-burnimni artib, yelpiydimi-ey... 
— Inim-ov, ko‘zingni ochdingmi? Qo‘rqitib yubording-ku, – dedi Pirmon og‘a.
Men asta tiklana boshladim.
— Nima bo‘ldi, inichak, tushlikka chiqmovmiding? – dedi Ko‘lboy og‘a qo‘lidagi grafinni Pirmonga tutqazib, gazeta bilan yuzimni yelpir ekan. 
— Yo‘q, manavi ishlarni ulguray deb...
— Nima ish? 
Men sochilib yotgan papkaga ishora qildim. Ko‘lboy og‘a Pirmonga olayib qaradi. 
— Yosh yigit-ku debman, damda hisoblab tashlaydi debman, – o‘zini oqlay boshladi Pirmon og‘a.
— Bu endi takrorlanmasin! Inim, sen vaqtida ovqatlan. Sen hali yoshsan, kelajaging bor, hali katta-katta ishlarda ishlaysan, shuning uchun doimo qorning to‘yib yursin, yaxshimi?
Men o‘tirgan o‘rnimda bosh silkib ma’qulladim.    
— Ertalabki nasibangni o‘zing ye, tushlikni do‘sting bilan baxam ko‘r, kechki ovkatingni dushmaninga ber – kimlarning maqoli edi bu? – Ko‘lboy og‘a Pirmonga qaradi.
— Arablarniki, arab... – deb hozirjavoblik qildi Pirmon og‘a.
— Xalq degani dono-ku! – dedi Ko‘lboy og‘a.
— Xalqning obro‘yini o‘zingizga o‘xshagan yigitlar orqalaydi, og‘a! – deb bidilladi Pirmon. – Naql degani bizning qoraqalpoqda ham oz emas. Qora suv qora go‘rga eltadi degan dono so‘zimiz bor...
— E, o‘limni gapirma-e!
— Qayg‘usiz qora suvga semirar...
— Bo‘ldi dedim-e! Manavi qarchig‘ayday bolaning boshiga nima qayg‘u tushib turibdi, shuni o‘ylasang-chi! Uylanmagan yigit, qo‘lidagi yumushni qo‘ymay, yana birovlarning ishini deb tushlikka chiqmay, o‘rtada dumalab yotsa... Yaxshiyamki o‘zim kelib qoldim. 
— Durust aytasiz, og‘a! Hali bu uylanishi kerak. Bola-chaqaning qizig‘iga tushmagan yigit o‘rtada yotmasligi kerak. Og‘a, o‘zingiz ham ozgina suv ichib yuboring. Qo‘rqib ketgandirsiz... Sizning sog‘lig‘ingiz, eng asosiysi. Endi tushlikdan kelsangiz-u, bu yotgan bo‘lsa... O‘ziga keltirolmay men bo‘zlab turgan bo‘lsam... Yaxshiyam kelib qoldingiz, og‘a. Sizning sog‘lig‘ingiz bizga kerak, og‘a! Qiyq, qiyq...
Pirmon qiyqillab kulib yubordi. Unga Ko‘lboy og‘a qo‘shildi. Ko‘lboy og‘a kulganda, og‘zi do‘ngalaklanib, o‘x-o‘x degan sas chiqdi, xolos.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.