OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tkir Hoshimov. O‘zimning mo‘minchigim (hajviya)

“Pochchalar Acha bo‘ldi,
Achalar Pochcha bo‘ldi”
Xalq maqoli

Kuala-lumpurdan uchgan “Boing” havo kemasi Toshkent aeroportiga kelib qo‘nganida kun og‘gan edi. Mo‘mintoy xalqaro zalda intiq bo‘lib tag‘in bir soatcha kutdi. Nihoyat zalning narigi eshigida Malikai-Turandot ko‘rindi. Yonida tansoqchisi — “u-shu” bo‘yicha Osiyo chempioni Barchinoy.
Mo‘mintoy hamma erkaklar qatori xotinini ko‘zi to‘rt bo‘lib kutgan, sog‘ingan edi. Qo‘lidagi guldastani ko‘tarib istiqboliga yugurdi. Malikaxonning labidan bo‘sa olmoqchi edi, xotini yuzini tutib qo‘yaqoldi. Mo‘mintoy ko‘ngli cho‘ksa ham sezdirmadi.
— Assalomu alaykum, xonim, — dedi odob bilan. — Ziyoratlar qabul! Yaxshi keldingizmi?
Malikaxon ayollarga xos vazminlik bilan “durust” dediyu, zina tomon yo‘naldi.
Uchchovlashib pastga tushdilar. Yap-yangi “BMV”ning eshiklari ochiq turar, haydovchi belgilangan tartibga binoan rulda qilt etmay o‘tirardi. Mo‘mintoy Malikaxonning yoniga o‘tirmoqchi edi, xotini “sho‘pirning oldiga o‘tiravering”, degandek imo qildi. O‘zi tansoqchisi bilan orqa o‘rindiqdan joy oldi.
Erkak kishining ko‘ngli nozik bo‘ladi. Ayniqsa, xotinini sog‘ingan erkakning. Mo‘mintoy arazlaganini bildirish uchun mashina eshigini qarsillatib yopti. Malikaxon erining dili og‘riganini sezdi.
— Umidchik qalay? — dedi jilmayib.
Mo‘mintoyning ko‘ngli yorishdi.
— Yuribdi chopqillab, — dedi ortiga o‘girilib. So‘ng bunaqa paytda ayolni “eritish” uchun barcha erkaklar aytadigan gapni takrorladi. — Sizni shunaqangi sog‘ingan, shunaqangi sog‘ingan! Har kuni bog‘chadan kelishi bilan “ayajonim qanila?” deb xarxasha qiladi. Bola ichikib qolmasaydi, deb qo‘rqaman, xonim!
Uyga yetguncha boshqa gaplashmadilar. Qo‘shqavatli darvozadan kirdilar. Malikaxon imo qilgan edi, Barchinoy yonboshdagi xonaga kirib ketdi. Bu — tansoqchilarning xos xonasi bo‘lib, tartibga ko‘ra Malikaxon taklif qilmaguncha ular xonadan chiqmasdi.
Er-xotin... kechirasiz, xotin-er ikkinchi qavatga chiqib arabiy gilamlar to‘shalgan yotoqqa kirdilar. Mo‘mintoy Malikaxonga sog‘inch to‘la ko‘zlari bilan mo‘ltirab termuldi. Malikaxon dengizda ko‘p cho‘milgan bo‘lsa kerak, yuzlari tiniqlashib, yanayam ochilib ketgan edi.
— Yaxshi keldingizmi, xonim, charchamadingizmi? — dedi erkaklarcha nazokat bilan.
— Charchaganda nima? — dedi Malikaxon zardasiz ohangda. — Samolyotda sakkiz soat uchishning o‘zi bo‘ladimi? Sauna tayyormi?
— Tayyor! — dedi Mo‘mintoy hozirjavoblik bilan. — Toshpo‘lat peshinda yoqib qo‘ygan.
— Yaxshi. — Malikaxon endi yechinayotgan edi, yo‘lak tomondan erkak kishining iymanibgina yo‘talgani eshitildi. Mo‘mintoy bildi: bu — uy xizmatchisi Toshpo‘lat edi.
— Nima gap? — dedi yo‘lakka chiqib.
— Umidjonni bog‘chadan obkeluvdim, — dedi Toshpo‘lat pichirlab. — Kiraversinmi?
Mo‘mintoy xotinidan beruxsat nima deyishini bilmay turgan edi, ichkaridan xalat kiygan Malikaxonning o‘zi chiqib keldi.
— Qani Umidchik? — dedi hayajonlanib.
Toshpo‘lat lo‘mbillab zinadan tushib ketdi. Zum o‘tmay uch yashar Umidjon uzun yo‘lak boshida ko‘rindi. Malikaxon “bolajonim, bormisan?”, deb quchoq ochgan edi, Umidjon negadir onasiga emas, “adajo-o-on” deb otasining bag‘riga otildi. Mo‘mintoy xotinining oldida qattiq izza bo‘ldi. Bu nimasi, xuddi o‘rgatib qo‘ygandek.
— Ayajoningni o‘pmaysanmi, jinnivoy! — dedi bolani erkalab. — Har kuni “ayajonim qachon keladila” derding-ku!
— Men senga pultli samolyot obkeldim, Umidchik, — Malikaxon shunday deb yotsirabroq turgan bolani bag‘riga bosdi. Ikki yuzidan o‘payotib, birdan jiddiy tortdi.
— Peshonasiga nima qildi? — dedi goh eriga, goh Toshpo‘latga qarab. — Nega g‘urra bo‘ldi?
— Hechqisi yo‘q, — dedi Mo‘mintoy aybdor ohangda, — bog‘chada Jamila degan qiz bilan urishibdi. Bola-da, bola...
— Necha marta aytaman, Umid qiz bolalar bilan o‘ynamasin, deb! — Malikaxon tahdid bilan Toshpo‘latga qaradi. — Hoy, mo‘ylov! Bolaga qarasang, o‘lasanmi?! Uch yuz dollarni bekorga olayapsanmi, to‘nka!
— Uzr, bekam! — dedi Toshpo‘lat yerga qarab. — Ikkinchi takrorlanmaydi!
— Agar shu bolaning bir joyi tirnalsa, mo‘ylovingni uzib qo‘lingga tutqazaman, tushundingmi?
Toshpo‘lat “Xo‘p bo‘ladi, bekam, xo‘p bo‘ladi” degancha orqasiga tisarilib, zinadan tushib ketdi.
...Malikaxon ikki yuzi shaftolidek qizarib saunadan chiqqanida yemakxonada kechki ovqat tayyor edi.
— Chuchvara qildim! — dedi Mo‘mintoy maqtanib. — O‘z qo‘lim bilan! Xolmat yaxshi oshpaz bo‘lgani bilan xamir taomga uquvi yo‘q.
Xotinini sog‘ingan erkakning qo‘li shirin bo‘p ketarkanmi, Mo‘mintoyning chuchvarasiga gap yo‘q edi! Har bittasi nari borsa danakdek! Bunaqangi chuchvara tugishga faqat erkak kishining qo‘li kelishadi!
Mo‘mintoy taomdan avval bufetdagi shotland viskisidan qadahga quyayotgan Malikaxonga “qo‘ying, shuni ichmasangiz bir nima bo‘ladimi?” deb dashnom bergisi keldiyu, tilini tiydi. Ichgisi kelgan ayolning shashtini qaytarib bo‘larkanmi?
Er-xotin... kechirasiz, xotin-er ishtaha bilan ovqatlanishdi.
— O‘zim ham sizning chuchvarangizni sog‘ingandim, begim, — dedi Malikaxon. — Nuqul baliq, krivetka yeyverish jonga tegdi.
Mo‘mintoy, “begim” degan erkalovchi so‘zni eshitib erib ketdi. Erkak kishiga nima kerak? Bir og‘iz shirin so‘z, bir og‘iz maqtov...
— Xonim, — dedi muloyim tabassum bilan. — Qaniydi hech qayoqqa bormasangiz, yonimda o‘tirsangiz-da, har kuni og‘zingizga yoqadigan taomlar pishirib bersam...
Mo‘mintoy harchand erkalanib gapirmasin, Malikaxonga malol kelgandek bo‘ldi.
— Unda biznesni kim yuritadi, oilaga kim bosh bo‘ladi, xo‘jayin?
Xotini “xo‘jayin” degan so‘zni istehzo bilan aytganini Mo‘mintoy tushundi. (Erkak kishi sezgir bo‘ladi). Vaziyatni yumshatish uchun gapni burdi.
— Xonim, — dedi sirli qilib. — Qarang, bahor ham keldi...
— Shunaqami? — Malikaxon ipdek qoshini chimirdi. — Dengiz bo‘yidagi mamlakatlarda bahor bilan yozning farqi bo‘lmaydi...
— Shunaqasiz-da, xonim! — Mo‘mintoy arazlab labini burdi. — Siz bahorniyam bilmaysiz...
— Xo‘p bahor kelsa nima bo‘pti? — so‘radi Malikaxon.
Erkak kishining xayoli kambag‘alning hovlisiga o‘xshaydi. Kambag‘alning hech vaqosi yo‘qligi uchun hovlisi keng ko‘ringandek, erkakning orzu-xayollari ham chegara bilmaydi.
— Esingizdami... — Mo‘mintoy orzumandlik bilan xo‘rsindi, — To‘rt yil oldin ayni shunaqa bahor payti, Umidjon tug‘ilishidan oldin “Ko‘k somsa yegim kelyapti”, degandingiz. “Jonim bilan, pishirib beraman” desam, “Yo‘q, o‘zim qilaman”, deb “mador somsa” pishirgandingiz... Biram ajabtovur somsa bo‘lgandiki! Haliyam mazasi og‘zimda turibdi.
Eri ko‘zlarini suzib, shu qadar erkalanib gapirdiki, Malikaxonning mehri tovlandi.
— Siz “mador somsa” yeyman deysizu, biz yo‘q deymizmi, begim! — dedi ayollarga xos qat’iyat bilan. — Faqat ichiga nima solishni eslatib qo‘ysangiz bas! Ertagayoq “telex”lar bilan Oloy bozoriga tushib hammasini yest qilaman, erjon!
Mo‘mintoy yayrab ketdi.
— Bozorga boras-i-z, — dedi jilmayib. — Ko‘kat rastasiga kirasiz. Bir bog‘ ko‘kpiyoz, salapan xaltachada yalpiz, bir bog‘ jag‘-jag‘...
— Nimaning jag‘i? — dedi Malikaxon tushunmay.
— “Jag‘i” emas, jag‘-jag‘! — dedi Mo‘mintoy. — Shunaqa ko‘kat bor! Turgan-bitgani vitamin! Keyin, jinday yo‘ng‘ichqa, ya’ni beda, ikki bog‘ “mador”... Parkentning “mador o‘ti” bo‘lsin. Hushyor bo‘ling, tag‘in chalg‘itib, qo‘lingizga xren-pren tutqazib yuborishmasin!
— Xrenni sizdan yaxshi bilaman! — dedi Malikaxon. — Annaqa... bodringga o‘xshagan narsa-da! Jigarrang.
— Siz baqlajonni aytayapsiz. Xren degani eshakning qulog‘iga o‘xshagan bo‘ladi. Ildizi tuzlovga solinadi. Mador o‘tning bargi ingichka, uzun bo‘ladi...
Malikaxonning uyali telefoni jiringlab, gapning beliga tepdi. Narigi tomondan “Alyo-yo-yo, Malika Turandatovna!”, degan chiyildoq ovoz kelishi bilan Malikaxonning yupqa labi titrab ketdi.
— Hoy, megajin! — dedi past, ammo tahdidli ohangda. — Ertalab rovno soat o‘nda bankka borasan! Lichno o‘zing borib, o‘n sakkiz millionni mening schyotimga o‘tkazmasang, malla sochingni bittalab yulaman! Pulni o‘tkazib mening i-meylimga poruchenie nomerini yuborasan! Xotin kishining gapi bitta bo‘ladi, tushundingmi?
Mo‘mintoy xotinining vajohatini ko‘rib qo‘rqib ketdi. Esli er achchig‘i chiqqan ayolidan nariroq yuradi, degan qoidaga amal qilib, bolani uxlatish bahonasida zipillab chiqib ketaqoldi.
Qaytib kirsa, Malikaxon sigaret tutatgan ko‘yi tajang bo‘lib yana raqam terayotgan ekan. Oxiri telefon ulandi shekilli, chehrasi yorishdi.
— Allo, Kioto? — dedi suhbatdoshi ro‘parasida turgandek tabassum bilan. — Allo, Takamuri-san?
Shu ko‘yi chorak soatcha gaplashdi. Nihoyat “kompanoni” bilan bir to‘xtamga kelishdi, chog‘i, “O-key! Senkyu. Bay-bay!” deb oromkursiga suyandi.
Mo‘mintoy asta kelib xotinining yelkasidan quchdi. Boshiga egilib sochidan taralayotgan muattar bo‘yni hidladi. (Erkak qavmi hidga o‘ch bo‘ladi. Faqat begona hidni tez payqashi chatoq). Hozir ham Malikaxondan yot is kelgandek bo‘ldiyu, hushyor tortdi. Malikaxon ham charchab turganidanmi, kayfiyati yo‘qmi, yuzini o‘girdi.
— Shu... erkak zoti qiziq-da, — dedi ijirg‘anibroq. — Ayni ishing ko‘p paytida mushukka o‘xshab oyog‘ingga suykaladi!
— Doim shunaqa qilasiz! — Mo‘mintoyning ko‘zida yosh g‘iltilladi. — Shuyam umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan, demaysiz! “Takamuri”mi, “Echkimuri”mi, o‘shalardan qolmang, xo‘pmi? Erkak ekan, deb bir mushtiparni ezaverasizmi?
— Bo‘lmasa men bola boqib o‘tiray-da, siz ko‘chaga chiqib pul topib keling, — dedi Malikaxon zarda bilan. — Dunyoning u burchidan bu burchiga bo‘zchining mokisiday qatnang! Shartnomalar tuzing! Bank bilan ishlang. Bojxona bilan muomala qiling! Tag‘in nima kerak sizga, xo‘jayin! Yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ortingizda bo‘lsa. Tagingizga mashina oberib qo‘ygan bo‘lsam. Qiladigan ishingiz bir bolaga otalik qilish ekan. — U jahl bilan yuzini o‘girdi. — Bitta bola tug‘dirib qo‘yib maqtanganiga o‘laymi? Qiz bola tug‘dirsayam mayliydi.
Mo‘mintoy arazlab chiqib ketayotgan edi, telefon jonivor yana jiringladi. Go‘shakdan erkak kishining g‘o‘ldiragan ovozi eshitildi:
— Salom aleykum, missis Maleyka!
— O-o-o, mister Ahmadiy! — Malikaxon bir zumda jahldan tushib, ochilib-sochilib uzoq gaplashdi. Ayniqsa, xayrlashar chog‘ida aytgan gapi Mo‘mintoyning jon-jonidan o‘tib ketdi.
— Ay lav yu, Habibiy, mister Ahmadiy! Ay lav yu!
Uyda o‘tirgan erkakning serialdan bo‘lak nima ermagi bor?
Mo‘mintoy ham yarim yillab cho‘ziladigan ajnabiy seriallarni ko‘raverib, inglizchani binoyidek tushunadigan bo‘lib qolgan, “ay lav yu” — “men seni sevaman” degani ekanini bilardi. Ustiga-ustak bultur yotoqdagi gilamni keltirganida Malikaxon “bu Ahmadiy” firmasining gilami, uch ming dollar turadi, deb ogohlantirgani esida edi.
— Ahmadiyni “aylavyu” qilsangiz meni nega ushlab turibsiz, xotinxo‘ja?! — dedi alam bilan. — Mard bo‘lsangiz javobimni bering! Hali qarasang “Takamuri”, hali “Arnold”, hali “Ahmadiy”. Bo‘ldi! Jonimdan to‘ydim!
Malikaxon baland keldi.
— Erkak kishiga balo bormi ayollarning ishiga aralashib, a? Biznes degani shunaqa bo‘ladi, esi past odam! Birini “jonim” deysan, birini “azizim” deysan, biri bilan yoqa bo‘g‘ishasan. Bo‘lmasa, non yeyolmaysan!
— Nima, meni “lox” deb o‘ylayapsizmi? — Mo‘mintoy hiqillab yig‘lab yubordi. — Bo‘ldi! Otamnikiga ketaman! Bitta bolam bilan ko‘chada qolmasman! Otamning tor bag‘riga siqqan keng uyiga sig‘maymanmi?
— Otangizning ko‘zi uchib turibdi! — Malikaxon qo‘l siltadi. — Ikki xonali “xrushyovka”siga to‘rtta tovuq kirsa, nafasi qaytib uchtasi o‘lib qoladiyu, naqdlab qo‘yibdimi sizga?! Pensiyasi bir kun kechiksa pochtaxonaning eshigiga borib poylab o‘tiradigan otangiz so‘laqmondek qilib boqsinmi, sizni?! Keng uyning kuyovchasi bo‘lib o‘tirganingizga shukr qilsangiz-chi, boyvachcha!
— Ochimdan o‘lmasman! — Mo‘mintoy ko‘z yoshini ro‘molchaga artdi. — Zo‘r kelsa mardikor bozorga chiqaman! Birovning uyini supurarman, birovning kirini yuvarman, bir kunim o‘tar...
— O‘tadiya-o‘tadi! — Malikaxon asabiy kuldi. — Baytaldek gijinglagan har xotinlar borki, deraza tozalaysiz, deb obketadi-da, shunaqangi “ishlatadiki”, bir oygacha belangi bo‘lib yurasiz!
Mo‘mintoy mung‘ayib qoldi. Erkak baribir andishali bo‘ladi-da! O‘zi-ku, mayli, bir kunini ko‘rar, xotinidan ajrasa bolaning holi nima kechadi? Umidjonni obketsa, ta’minlash kerak. Tashlab ketay desa, o‘g‘lisiz bir kun ham yasholmaydi. Shu yog‘ini o‘ylab bir gapdan qola qoldi. Malikaxon ham oshirib yuborganini sezdi chog‘i, birozdan keyin yoniga kelib, boshiga egildi.
— Mengayam oson tutmang, begim, — dedi qandaydir siniq ohangda. — Hamma narsaning tosh-torozusi bor. Pul topish osonmi?
— Pul o‘lsin, ayasi, pul o‘lsin! — dedi Mo‘mintoy yig‘lamsirab.
Chamasi shu gapida hamma dardi mujassamdek edi. Malikaxonning eriga rahmi keldi. Ammamning buzog‘iga o‘xshagan lalaygan bo‘lsa-da, beozorgina, mushtipargina bo‘lib, qo‘li kosov, mo‘ylovi supurgi — xizmatini qilib yubordi-ku axir! Shuni o‘ylab erining boshini siladi.
— O‘zimning Mo‘minchigim! — dedi erkalab. — Men sizni hech kimga alishmayman, jonim!
Ana bo‘larkan-ku! Mo‘mintoyning chehrasi bahor quyoshidek charaqlab ketdi. Erkak kishi shu-da! Yolg‘onligini bilib tursayam shirin gapga ishongisi keladi. Nachora, ishonmay iloji ham yo‘q-da!
Er-xotin... kechirasiz, xotin-er endi bir-biroviga quchoq ochishgan edi, bolalar xonasidan Umidjonning g‘ingshigani eshitildi. Zum o‘tmay baralla ovozda yig‘lab yubordi.
— Adajo-o-on, garsho-o-ok!
Mo‘mintoy zipillab jo‘nab qoldi. Bolani to‘sib kelib yotqizdi shekilli, bo‘g‘iq tovushda aytayotgan allasi eshitildi.
“Alla bolam, allayo, alla.
Toychoq bolam allayo, alla.
G‘amga botgan boshima, alla,
Ko‘zim to‘la yoshima, alla...”
Birozdan keyin u yoqda Umidjon, buyoqda Malikaxon mazza qilib uyquga ketishdi...
“Mador somsa” ham nasiya bo‘ldi. Ertasi peshinda biznesmen Malikai-Turandot navbatdagi safarga uchib ketdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.