OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Jumaboev. Bir o‘zbekning xayoli (hikoya)

Bugun savdo o‘rjidi. Asqar qassob azon bo‘g‘izlangan ho‘kizni choshgohga yetib saranjomladi; somsaxonaga tarqatdi, polvon “qiz uzatdi”ga deb oldi. Keyin o‘zining chori qo‘chqorini so‘ydi, uniyam o‘tkazdi. Elda ma’raka ko‘p, go‘sht qolarmidi? Ayniqsa, hozir ilik uzildi mahali, go‘shtning bozori chaqqon.
Kech tushgach, Asqar qassob go‘sht do‘konni yopib, ketishga chog‘landi. Qumqayroq, pichoqlarni lattaga o‘ray boshlagan ham ediki, ayol chaqirig‘idan o‘nglanib, eshik tomon bir-ikki odim tashladi.
— Bobo, bir kilo go‘sht torting! — dedi Muqaddas yanga changakda osig‘liq charvi ortidan mo‘ralab.
— Kuni bilan qayoqda eding, kelmay? — dedi qassob uni koyigandek. — Suyagi qoldi.
— Yugur-yugurdan qo‘l tegarmidi? Ish qurg‘urning oxiri yo‘q. Kavlasangiz chiqaveradi. Tugadi demang, hamma masallig‘ini tayyorlab qo‘yganman.
— Shukurda ham go‘sht boridi?
— U yoqqa borib kelguncha...
Asqar qassob kuldi:
— Uchgan-tushgani bor, kelin! Yana qovurg‘a go‘sht! Bir kilo chiqmasa, xafa bo‘lmaysan. Bilasan-ku, bizning bo‘rdoqining suyagiyam go‘shtday gap. Sho‘rva qilsang, betidagi moyni ko‘raver.
Muqaddas chechaning yuzi yorishdi.
— Baribir, suyagi kamroq bo‘lgani, yaxshi.
— Ovqat suyak bilan shirin-da! Ta’m beradi.
Qassob qolgan qovurg‘ani taroziga qo‘ydi; ikki palla qimirlasa-da, tenglashmadi.
— Aytdim-ku, senga chiqmaydi, deb.
— Nega chiqmas ekan, ana! Sizga grammigacha tenglashmasa, behisob. Beravering! — dedi bo‘ynini cho‘zib yanga. — Ovqat kech qolib ketmasin.
Bobo go‘shtni tezda salafanga solib, Muqaddas chechaga uzatdi.
— Temir daftaringizga yozib qo‘ying! — dedi u kulib. — Ha, buncha qabog‘ingizni uydingiz, ko‘chib ketayapmizmi, beramiz.
Asqar bobo qo‘lini dokaga artdi.
“Ob-bo, sal kam bo‘ldi-da! Mehmonga boraman, dedimi? Yarim oqshom kimning ko‘zidan uchib turibdi. Doim shu, kech tushgach keladi...”.

* * *

Muqaddas checha shoshilib ketarkan, xayolidan o‘tkazdi: “Ham oshga, ham ko‘rgaliga kamlik qiladi-yov! Yuz gramm ko‘proq bo‘lganda bola-chaqaning tiliga ta’m tegardi. Buni kimning og‘zidan topaman, hayronman”.
U yo‘lda to‘xtab, Shukur qassobning kushxonasi tomon qadam tashladi-yu, tag‘in fikridan qaytdi.
Darvozadan ichkariga hatlaganida to‘ng‘ichi Oydin qozon boshida timirskilanib yurar, o‘choqqa o‘tin qalab, alanglab ko‘chaga qarab-qarab qo‘yardi. U onasiga ko‘zi tushgach, oldiga chopib keldi-da, dedi:
— Siz ketgach, u yoqdayam bormi-yo‘qmi deb, dugonamnikiga chiquvdim, topildi. O‘shani amallab pishirdim.
Muqaddas checha ajablangandek so‘radi:
— Qoqdek qotib ketmaganmi?
— Bobomnikidan bergan ekan...
— Ha, o‘tgan safar bizga beruvdi, bunisida dugonangga... Qishloqda nechi uy bor, o‘h-ho‘, unga o‘nta qo‘chqor ham yetmaydi. Ha, baribir, o‘zimizniki-da. Qo‘rqqanidan emas, siylaganidan beradi, — dedi checha qiziga salafanni uzatarkan, to‘satdan xayoliga kelgan fikrdan quvondi. — Qassobnikidan go‘sht uzilmaydi. Boshqa narsa... tuxummi yo... ukangga ayt, xo‘rozni ushlasin!
Muqaddas checha yengini shimarib, kapgirni ushladi.

* * *

Qassobning xotini Oysuluv momo kun bo‘yi mehmon kutdi, kuzatdi. Kelin-kuyovning chillasi chiqqan, keldi-ketdi ko‘p. Endi karovatga ko‘rpa to‘shab, cho‘zilmoqchi edi-yu, erining ovozi eshitildi:
— Darrov cho‘zilib olibsan!
Momo uni qarshiladi.
— Kelin tushirib, bemalol o‘tiramanmi devdim, qayoqda!..
— Tegirmon toshi yurgizdingmi, kundagi mehmon-da! Ko‘rdingmi, qo‘chqor semiz chiqdi. Qolganini ko‘ngiletarlarga tarqatdingmi? Muqaddas kelin go‘sht izlab, tentirab yuruvdi, bermagandirsan!
Momoning lablari uchdi.
— Tuyog‘igacha tarqatdim, bu safar...
Uning gapi og‘zida qoldi.
— Yaxshi qipsan, qo‘ni-qo‘shni qo‘y so‘yibdi, deb eshitsa, tomog‘i tushadi.
— Gap so‘rab, oxirigacha eshitmaysiz. Muqaddas kelin quruq qoldi.
Boboning peshonasi tirishdi. Karovatning chetiga o‘tirdi.
— Ob-bo, avval go‘shtni bo‘lib, keyin tarqatmaysanmi? Ayol zotiga sochni mo‘l berib, aqldan qisgan-da...
Momo to‘ng‘illadi.
— Mehmon keluvdi, nima tishining kavagini so‘rib o‘tiradimi?
Asqar bobo belbog‘ini yechib, xotiniga uzatdi.
— Rahmatga ayt, Shukurning do‘koni ochiq, borib kelsin.
— Hali daladan qaytmadi, uyam baribir charchagan. Ko‘chama-ko‘cha yarim oqshom go‘sht izlab yurmaydi-ku, endi!
— Sen nimani bilasan, mehmon kelsa, uyalib o‘tirmaylik. O‘zim borib kelaman.
Momoni o‘y tutdi.
Bobo charchagan esa-da, allaqanday g‘ayrat bilan darvoza tomon yurdi.
— Choy qaynatsin, kelinga ayt.
Shu payt daricha g‘iyqillab, bir qora ko‘rindi.
— Momom oyog‘ini uzati-ib yotibdimi, deyman?
Muqaddas yanga karovat tomon kelaverdi: qo‘lida kastryul, lagan ustma-ust qo‘yilgandi.
— Nima tashvish, kelin? — so‘radi bobo.
Muqaddas yanga momo bilan ko‘rishdi.
— To‘yga hormaga kelganim yo‘q edi, shunga.
Boboning negadir yuziga issiq qon yugurdi. U sekin iziga qaytib, pul tugilgan belbog‘ini ochib, ip o‘ralgan bir dasta besh yuz so‘mlikni oldi-da, ko‘chaga yurdi.
— Tovuq sho‘rvadan ichib keting, bobo! Issig‘ida yaxshi-da!
— Bu ovqating sovusa yaxshi-da, kelin! Darrov qaytaman, ketmay tur!
Oysuluv momo Muqaddas yangani ko‘rpachaga o‘tirishga undarkan, bobo tashqariladi.
U Shukur qassobning do‘koniga shoshib “Qutlug‘ uydan quruq chiqadimi. Nevaralar ham bobom qo‘chqor so‘ygan ekan, deb o‘tirgandir”, deb o‘ylardi.
Bobo shirin entikdi, vujudida ajib titroq uyg‘onib qadami tezlashdi. U toshloq yo‘lda urinib-surinib go‘sht do‘koniga oshiqardi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 25-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.