OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Otaxon. Qismat (hikoya)

1. Masturaning maktubi

Sog‘inchli salom!
Aziz aka, sog‘-salomatmisiz, kelinoyim, jiyanlarim yaxshi yurishibdimi? Mendan so‘rasangiz, Toshkentdan chiqqach, Moskvada issiq-sovuqqa chalinibman, shekilli, mana Dyukshestda — asosiy va majburiy muolaja qolib shamollashga qarshi dori-darmon ichib kasalxonada yotibman, bu ham yetmaganday, qattiq toliqibman, yursam, tursam, boshim aylanadi. Hamxonalarim tasalli bergan bo‘lishadi: o‘tib ketadi, deya yupatishadi. Aytmoqchi, men bilan birga bir andijonlik ayol ham davolanyapti. Avvaliga bosh og‘rig‘im qo‘zib qolsa-ya, deb rosa qo‘rqqandim, yo‘q, xudoga shukr, unday bo‘lmadi.
Bu yerning tabiati, odamlari butunlay boshqa — biznikiga o‘xshamas ekan, rasm-rusumlari begona bo‘lgani uchungina emas, butunlay o‘zgacha tarzda turmush kechirishgani uchun ham g‘ayritabiiy tuyuladi. Muomalalari ham bir g‘alati! Bu muhit, sharoitda bir oy yashasangiz, yuragingiz tars yorilib ketsa kerak?! Lekin juda batartib, saranjom, madaniyatli. Bilmadim, biz tomonlarga shunaqa tartib-intizom, madaniyat to‘g‘ri kelarmikan?!
Aziz aka, esingizdami, ikkinchi onamiz (o‘gay deyishga tilim bormayapti) shunaqa tartibli, madaniyatli edi. Kecha kuyovingiz, Solih akam musofirxonaga bormay, meni boqib o‘tirganlarida yog‘och karavotni ozgina men tomonga surganlarida, men qay ahvolda yotibman, vrach yonida dori-darmonlarini ko‘tarib kirgan hamshira xonalardagi jihozlarni o‘rnidan qo‘zg‘atish mumkin emas, deb tanbeh bersa bo‘ladimi?! Kuyovingiz bo‘g‘ilib ketdi: tartib-intizomingdan o‘rgildim, shungayam ota go‘ri qozixonami, deb to‘ng‘illab qo‘ydilar-u...
Mening esa xayolimga negadir Rahbar opa keldi, o‘sha kishi haqida ancha paytgacha o‘ylab yotdim. Aka, kechirasiz-u, lekin nima qilay, u kishini oyi, deb atashga sira tilim bormaydi. Xullas, bolaligim, onamiz vafoti, dadamning xushfe’l, durkungina ayol bilan yashay boshlagan davrlar birin-sirin ko‘z oldimdan o‘tdi. Ishonsangiz, bir payt ko‘nglim buzilib, yig‘lagim keldi. Yuragim siqildi keyin, oxiri nima qilarimni bilmay, sizga xat yozishga tutindim. Nega unday bo‘ldi, o‘zim ham bilmayman, ammo Rahbar opa haqida hasratlashgim kelaverdi siz bilan...
Sayyoraga yozay, desam singlim bo‘laturib ham tushunmasligiga ko‘zim yetadi, chunki dadam ikkinchi marta uylanganlarida u juda yosh edi. Rahbar opaning o‘gayligi unga bilinmagan.
Aka, qarang, dunyoning ishlari qiziq ekan-da, shu xotin yaxshimi-yomonmi, bizni tarbiya qildi, yedirdi-ichirdi, sovuqda sovuq, issiqda issiq demadi, ming qilganda ham shu ayolning qo‘lida ulg‘aydik, shu ayolning xonadonida dunyoni tanidik; boshimizga mushtlamadi, dilimizni og‘ritmadi boshqa o‘gay onalarga o‘xshab. Lekin shu choqqacha nima uchundir hamisha bir armon yuragimni kemirib keladi, bolaligim esimga tushsa, o‘rtanib ketaman. Aka, ayting-chi, shu choqqacha bu xususda biron marta sizga shikoyat qilganmidim?! Endi, bu begona yurt, begona odamlar orasida o‘zimni tutolmadim, bu yoqda mazam bo‘lmay turgani uchun yuragim ikki hissa siqilib sizga yozishga o‘tirdim chog‘i.
Singlim bechora kasalga chalinib shunaqa injiq bo‘lib qolgandir-da, deyishingiz mumkin. Mayli, hechqisi yo‘q, aka, chunki dadamdan keyin siz menga ota o‘rnidasiz. Aslida bunday o‘ylab qarasam, otamiz ham, onamiz ham sizsiz, negaki, sira unutolmayman, qanaqasiga unutay, uyda bir gap bo‘lsa, men bilan Sayyorani kiyintirib o‘sha zahoti ammamnikigami yo anovi o‘rtog‘ingiznikigami olib ketardingiz. Qanaqa gap bo‘lardi, uyimiz tinch edi-ku, deyishingiz ham mumkin. Agar shunday deya o‘ylasangiz yolg‘on bo‘ladi, to‘g‘ri, uyimizda shovqin-suron yo‘q edi, rost, ortiqcha ovoz chiqmasdi, doim saranjom-sarishta qilib qo‘yardi Rahbar opa, ammo har kuni yoki kunora dilxiralik bo‘lmasmidi, aytgan bilan, o‘nlab misollar keltirgan bilan ko‘rmagan odamni, shuni boshidan kechirmagan odamni ishontirish qiyin, esingizda bo‘lsa, men o‘ninchi sinfga chiqqunimcha uyimizdagi ikkita xonaga oyoq bosib kirmaganman. Yo‘l qo‘ymasdi Rahbar opa. U yerda nima bor edi, bilmasdim, mana hozir, o‘n besh yildan ortiq vaqt o‘tgandan so‘ng bilyapman, biri yotoqxona ekan, ikkinchisini Rahbar opa faqat o‘z urug‘-aymog‘ini kutish uchun mehmonxona qilib qo‘ygan ekan. Bir qaraganda buning hech qanaqa yomon tomoni yo‘q, azbaroyi mehmon kutish uchun uydagi xonalardan birini alohida ajratib shinam qilib qo‘ysa yomonmi? Ammo hamma gap shundaki, o‘sha uy bizning o‘sha mushtipar, bir dunyo armon bilan olamdan o‘tgan onamizning mahriga tushgandi-ku, demak, o‘sha uy bizniki edi, aka, men mol-mulk talashish uchun aytayotganim yo‘q, men Rahbar opaning bunga sira-sira haqi yo‘q ekanini, bunga odamgarchilik degan narsalar yo‘l qo‘ymasligini nazarda tutayapman. Qiziq, men bola ekanman-da, qaerdan bilay, nuqul o‘sha xonalarga kirgim kelardi, esingizda bo‘lsa, qavm-qarindoshlari bola-chaqalari bilan kelishganda ularning qo‘liga tutqazishgan turli-tuman o‘yinchoqlarni ko‘rib ko‘zim o‘ynardi, ular men uchun erishib bo‘lmas baxtdek o‘yinchoqlarni o‘ynab-o‘ynab tashlab ketishardi. Men bo‘lsam, dab-durustdan qo‘limga olishga botinolmay, qarab turaverardim. Kimniki edi o‘sha o‘yinchoqlar? Nega bizga berishmasdi? Axir shu uyga kelgan narsalarning bir qismi bizga ham tegishli emasmidi?! O‘yinchoqlarni esa xuddi bog‘chalardagidek javon tepasiga taxlab qo‘yardi Rahbar opa. Men hozir o‘gay bo‘lganimiz uchun shunday qilardi, deyishga tilim bormaydi. To‘g‘ri, bizga yomon gapirmasdi, bizni urishmasdi, lekin ko‘nglimizga qaramagandan keyin nima foyda qattiq gapirmagani-yu, urishmaganidan?
Meni kun ora azonlab sutga chiqarishlarini eslasam, yakkash onam bo‘lganlarida shunday ayozda ko‘chaga chiqarib qo‘yarmidilar, deya o‘rtanaman. Esingizda bo‘lsa, mahallaga sut mashina kelib, ko‘chamizning og‘zida to‘xtardi. Qorda qor demay, yomg‘irda yomg‘ir demay, Rahbar opa qo‘limga idish tutqazardi-da, chiqarib yuboraverardi. Ba’zan kulgim qistaydi, aka, uxlab yotgan bolani uyg‘otishga qanday ko‘zi qiyganikin? Bir marta bo‘lsin xayoliga kelmaganmikin, aka, o‘zim g‘ir etib chiqib kela qolay degan andisha?! Tasavvur qiling, men borgunimcha odam ko‘payib ketardi. Navbat nimaligini bilmaydigan qizchaman — oldinga borib turardim: sizga yolg‘on, xudoga chin, nima uchundir doim yengil-yupun kiyinib chiqarkanman-a! Shuning uchunmidi, sutga chiqqanlar benavbat olib berishardi doim. Aka, aybga qo‘shmaysiz-u, balki o‘sha sovuqlarda shamollab shu ko‘ylarga tushgandirman. Hozir ichimdan o‘tib ketgan paytda Rahbar opaning o‘zi chiqsa bo‘lmasmidi sutga, deya fig‘onim falakka ko‘tariladi. Chindan ham men chiqishim shart edimi? Eslasam hozir ko‘zimdan yosh tirqiraydi, har kuni erkatoy bolasini aravachaga solib aylantirib yurardingiz, o‘rtoqlaringizga ortiq qo‘shilmay bola boqardingiz, hammasi mayli, kechqurun o‘sha aravachani hovlida g‘ildiragigacha yuvib-tozalab qo‘yardingiz. U esa televizor ko‘rib yo o‘z bolasiga ko‘ylak tikib o‘tirardi. Tavba, uyimizda bog‘chaning rejimi o‘rnatilganini eslasam kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmayman. Peshingacha qornim ochsa, bir burda nonga zor yurardim ba’zan. To‘g‘ri, qornimiz och qolmasdi, lekin bola degani dam-badam ovqat yeyishdan o‘zini tiya oladimi? Shundan bolalar qo‘shninikiga chiqqanda apil-tapil dasturxonga qo‘l uzataveradi-da! Dadam bir kuni Rahbar opaning gaplaridan keyin bo‘lsa kerak, meni koyigandilar:
— Qizim, qo‘shnilarnikiga chiqqanda ha desa, dasturxonga termilaverma, bolasining ko‘zi och ekan, deyishadi.
O‘shanda “dada, o‘z uyimda mazza qilib non yeyolmasam nima qilay?” deyishga aqlim yetmas ekan-da! Dadam boyoqish beozor, ishdan boshqasini bilmaydigan odam edilar. Bunaqa otalar ozmi? Bir kuni qaysarligim tutdimi, arazladimmi, kechqurun ovqat yemay, chiqib ketdim. Allapaytgacha uyga kirmay yo‘lakda, zax zinada o‘tirdim. Ich-ichimdan sovuq o‘tib ketdi, bir payt dadamning shikasta ovozda: boring, chaqirib keling, sovuqda bir dardga chalinib qoladi, deganlari chalindi. Rahbar opa “agar hozir shunday qilsam, bola “ko‘nglimga qarasharkan”, deb huda-behudaga arazlaydigan bo‘lib qoladi”, dedi. Qarang, bola tarbiyasi uchun qanday olijanob mulohaza!..
Ammo men-chi, zax, qorong‘i yo‘lakda o‘tirgan qizchaning sog‘ligi-chi?!
Onasiz yetim shum yetim, deyishardi, buni endi-endi tushunib yetdim. O‘z onam bo‘lganda men bunday dardga chalinib, shaharma-shahar dardimga shifo axtarib kezmagan, shu choqqacha hech bo‘lmaganda ikkitani tug‘ib o‘tirgan bo‘lardim, aka?!
Ming tasalli bersin, ko‘nglimga qarasin, Luqmoni hakimni topib kelsin, kuysin, siqtasin, endi kech. Haliyam baxtimga siz bor ekansiz, aka, bo‘lmasa yuragimni kimga yorardim. Kim dardimga quloq solardi. Mana, hozir ham sizga xat yozayapman-u, yengil tortayapman, hatto bunga sari yuragimda umid uyg‘onayapti: dard bergan shifosini ham berar, deya o‘ylay boshlayapman. Koshki el qatori farzand o‘stirsam, deya niyat qilayapman...
Aka, kutilmaganda bunday xat yozganimga xafa bo‘lmang. Singlingiz bir ko‘nglini bo‘shatdi-da!
Xayr, sog‘ bo‘ling!
Singlingiz Mastura

2. Sayyoraning xati

Salom, aka! Hormay-tolmay ishlab yuribsizmi? Kennoyim, jiyanlarim yaxshimi? Mendan so‘rasangiz, ishlarim joyida, sog‘ligim yaxshi, o‘ynab-kulib yuribman. Kuyovingiz sog‘-salomat — Qo‘shma shtatlarga bir oylik komandirovkaga hozirlik ko‘ryaptilar...
Aka, tinchlikmi? Keyingi paytda har xil ko‘ngilsiz gaplar eshityapman. Mastura opam tuzukmilar? Anchadan beri xabarlashmayman. Samarqanddan kelib opamning Boltiqbo‘yidagi allaqaysi shahar kasalxonasiga ketganlarini oyimdan eshitdim. Oyim ham Mastura opam bilan birga davolangan uzoq qarindoshlaridan eshitgan ekanlar, o‘tgan hafta biznikiga kelganlarida shuni aytdilar. Muolajaning foydasi bo‘libdimi? Hozir o‘zingizga ma’lum, sentyabrda o‘qituvchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi, vaqt topib opamnikiga borolmayapman, o‘zlari ham bunday bittayu bitta singlim, axir, deya xabar olmaydilar. Mayli, hechqisi yo‘q.
Aka, oyim kelganlarida juda xafa bo‘lib gapirdilar.
To‘g‘risini aytsam, ularning gaplarini eshitib, mening ham yuragim zangor bo‘lib ketdi. Oxiri sizga xat yozishga qaror qildim. Sizdan iltimos, aka, bir vaqt topib kelsangiz. Mastura opamni ham chaqiramiz, aka-singillar birgalikda gaplashib olsak, chunki bechora oyimlarning yeganlari ichlariga tushmayapti, ularni ham tushunish kerak, axir, shuncha yil boqib katta qilsam, birini egasiga topshirsam, boshqasini uylantirsam, endi qo‘lidan ish keladigan bo‘lganda eshitgan rahmatim shu bo‘ldimi, deb ko‘z yosh qildilar. Nima gap? Mastura opam esini yeb qo‘yganmi? Axir o‘gay bo‘lsa ham onasi-ku! Tanigan-tanimagan kishiga dardim bor deb aytaveradimi odam degan. O‘lay agar, o‘sha paytda yonimda bo‘lganlarida qattiq urishardim, bu qanaqasi, kap-katta odam! Men ham o‘sha uyda o‘sganmanmi axir yoki qo‘shninikida katta bo‘lganmanmi? Uyimizdagi hayot mening ko‘z o‘ngimda o‘tdimi? Dadamga tekkandan so‘ng biron marta bizni xafa qilganlarini bilmayman. Qachon qaramay, hozir shuncha gap-so‘zdan keyin ham qizim, tuqqanimdan a’lo deb eslari ketadi. Nahotki shuncha ko‘ngilsizliklar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-yu, dadam ham, men ham bilmagan, sezmagan bo‘lsak. Bunaqamas-da endi, aka! Avvalo bir gap o‘tgan bo‘lsa ham shuncha yildan keyin eslash, birovga gapirish, onaning ko‘nglini og‘ritish yaxshimi? Kimning bolaligida nimalar bo‘lmagan! O‘z bolasi bo‘la turib ko‘chaga haydab qo‘yadi-ku odamlar, kezi kelganda qarg‘ab o‘lim tilaydi-ku odamlar. Meni sutga chiqarardi, menga ish buyurardi emish!.. Aka, kechirasiz-u, shuyam gapmi?
Bechora oyim ezilib ketibdilar. U kishini ham tushunish kerak-da, aka! Axir, ular ham uch bolaning otasiga turmushga chiqaman, deb orzu qilmagandir? Kelin bo‘lib kelinlik nimaligini bilmagan, bola tug‘may, bola boqqan ayolni siz tushunmasangiz uzrli, ham endi erkak kishi bilmasligi mumkin, deb qo‘ya qolardim. Ayol bo‘la turib, boshida eri bo‘la turib, opam shunday gaplarni gapirganiga qanday chiday?! Tirnoqqa zor bo‘lishimga o‘gay onam sabab, degani quruq tuhmat emasmi — dardni xudo beradi, aka. Shifosini ham bersa ajab emas. Hozirgi dardiga yigirma yil burungi gaplarni qo‘zg‘ab, birovni — ona bo‘lib boshini silagan odamni gapirgan opamga uyat. Haliyam bo‘lsa, shuncha gina-kuduratdan keyin ham oyim begonaniki begonalik qilarkan, demayaptilar. Uyimizni shunchalik obod qilib, bizlarni voyaga yetkazgan, dadamdan so‘ng bizlarni boqqan, gard yuqtirmay o‘stirgan oyim dunyoga kelib nima ko‘rdilar? Birovning uchta bolasini o‘z bolasi qatorida katta qilib, shumi evaziga eshitgan minnatdorchiliklari? Undan ko‘ra, Aziz aka, Mastura opamga bu ayolning izzatini qilib, hurmatini joyiga qo‘yib yurishimiz lozimligini tushuntirish kerak.
Shu bilan qisqacha xatim tugadi. Uydagilarga salom deb qo‘ying.
Singlingiz Sayyora

3. O‘gay onaning maktubi

Azizjon, salomatmisiz, yaxshi o‘tiribsizmi, nevaralarim katta bo‘lishyaptimi? Kelinposhsha o‘ynab-kulib yuribdilarmi? Iloyim omon bo‘lishsin, yomon ko‘zdan asrasin.
Azizjon, sizga xat yozayotganimning boisi, ehtimol bilarsiz, ehtimol Sayyoraxon maktub yo‘llagan bo‘lsa, hammasidan xabaringiz bordir, shuning uchun meni to‘g‘ri tushuning, sizga arzhol qilmoqchi emasman, niyatim jilla qurisa, ko‘nglimni bo‘shatish bilan shu choqqacha nimaiki qilgan, o‘ylagan bo‘lsam, niyatim sizlarga — Masturaxonga, Sayyoraxonga malol kelmasmikan, ularning ko‘ngliga boshqa gap kelmasmikan, degan andishada onalik qilish bo‘lgan — shundan o‘zga muddaoyim bo‘lmaganini yetkazib qo‘yish.
Azizjon, siz tushunadigan yigitsiz, esingizda bo‘lsa, men sizlarnikiga kelin bo‘lib emas, ona bo‘lib kirib kelganman, rahmatli dadangiz menga uylanishidan oldin shunday shart qo‘ygandilar, men u kishining o‘sha shartlarini haligacha unutganim yo‘q. Holbuki, mening ham o‘zimga yarasha orzularim bor edi. Men ham yosh kelinman, o‘ynab-kulishni istardim. Ammo orzu boshqa ekan, peshonangga yozilgani boshqa ekan. Men nolimayman, nolisam ikki dunyoim kuyib ketsa ketsin. Lekin endi har xil gaplar, noo‘rin ta’na-malomatlar odamni ezib tashlar ekan. Azizjon, men sizlarnikiga kirib kelganimda bor orzu-havasimni ostonada qoldirib ichkariga qadam bosganimda siz o‘n uch yashar bola edingiz, menga uka o‘rnida edingiz. Ammo men sizga ona bo‘lishga, onangiz o‘rnini bosishga nafaqat niyat qilgan, balki xohlagan va harakat qilgandim. Masturaxon sakkiz yoshli qizcha edilar, Sayyoraxonning uch yarim yasharlik paytlari edi — shularning ko‘ngli tirnoqcha o‘ksimasin, o‘gayligim bilinmasin, deb har narsaga tayyor edim. U dunyoyu bu dunyo hammangizdan roziman, ammo Masturaxonning ko‘nglida shunday malomatlar bor ekan, eshitib dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘ldi: men nima yomonlik qilibmanki, shunga sazovor bo‘lsam, qaysi gunohlarim uchun o‘gay deb nom olsam. Sizlarni deb ko‘ngil qo‘ygan ishimdan voz kechganim o‘gayligimmi, maktabdan qaytganingizda issiq ovqat tayyorlab o‘tirganlarim o‘gayligimdan, boshingizni silaganim, to‘g‘ri tarbiya berishga harakat qilganlarim, biringizni o‘g‘lim, biringizni qizim deb bag‘rimga bosganlarim, betob chog‘ingizda tepangizda parvona bo‘lganlarim o‘gaylikdanmi? Ehtimol, onaning o‘rnini dunyoda hech kim bosolmas, lekin men o‘gay degulik darajada ish qilmaganman.
Qorong‘i uyda kichkina chiroq yonsa, hamma shu chiroqqa muhtoj bo‘ladi. Shu chiroq qanday ekanligidan qat’i nazar xonani yoritadi. Ammo nahotki kezi kelganda shu chiroq beqadr bo‘lib qolsa?! Azizjon, siz o‘qimishli odamsiz, men nima demoqchi bo‘layotganimni, ko‘nglimni nimalar tirnayotganini juda yaxshi tushunasiz. Sizdan iltimos, besh kunlik dunyo — o‘tadi-ketadi. Ona-bolaligimizga putur yetmasin. Kindik qoningiz to‘kilgan uy o‘z qadrini yo‘qotmasin, deyman. Keling, bolam, Masturaxon bilan Sayyoraxonni, Salomatxonlarni yig‘ib kelinglar. Bu uy hech qachon meniki bo‘lgan emas. Bu uy sizlarniki. Qolaversa, bu uyda ukalaringiz Adhamjon bilan Rahmatjonlarning ham sizlardan keyingina haqlari bor. Gina-kudurni unutaylik. Qolgan hayotimiz esa peshonamizga yozilganicha bo‘lar.
Rahbar opa

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.