OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Yozilmagan hayot (hikoya)

Yosh yozuvchi Ismoilga pochchasi Sayfulla aka:
— Farg‘onaga bir bormoqchiman. Dovondan o‘tib. Hech ko‘rmaganman, — dedi. — Qo‘yliqdan to‘rt-besh soatlik yo‘l ekan.
— Mashina tutib nima qilasiz? O‘zim obboraman, — dedi Ismoil.
Sayfulla aka Qo‘yliqdan ichkariroqda, qishloqda yashar edi. Yoshlikda tabelchi, suvchi bo‘lgan, keyin ancha yil pochtada ishlagan. Oldin eshakda, keyin “shayton-arava”da xat, gazeta-jurnal tashib umri o‘tgan edi. U bukirmi-qiyshiqmi, Kvazimodaga o‘xshagan beso‘naqay kishi. Lekin o‘sha, Kvazimodaga o‘xshab muhabbatli qalbi bor edi. Ismoil uch yilcha burun bahorda opasi Rohilaning qabri boshida pochcha bilan yonma-yon turganida, uning ko‘zlari nurlanib ketgan, allanechuk shirin xo‘rsinib:
— Yana bir oz yashamadi-da! — degan, o‘sha soniyada bizning yosh yozuvchimiz bular faqat er-xotin emas, orada katta bir muhabbat ham bo‘lganini his etgan edi. 
Rohila dunyodan o‘tgach, Sayfulla aka qaytib uylanmadi. Muhabbatdan tashqari, aftidan, xotiniga tegishli jigarlardan uzoqlashgisi kelmadi. Shu boisdandir, u ham bu tomondagilar uchun “har qachongi pochcha” bo‘lib qolavergan edi. 
Farg‘ona safari haqidagi gapdan bir hafta o‘tgach, ular yo‘lga chiqishdi. 
Avvalida, mashina Qamchiq dovoniga yaqinlashgunicha indamay ketishdi. Sayfulla aka o‘zi kamgap edi. Ismoil esa yo‘lga tikilib, xayol surib borardi. Dovon boshlangach, u bexos jo‘shdi:
— Oldinlar bu yo‘l tor, xatarli edi. Qishda butunlay yopib qo‘yishardi. Bir gal tumanda, yana mashina buzilib qolib, rosa ovora bo‘lganman. Endi mashinalarni qarang! Go‘yo shahar ichida yuribdi! — Ismoil biroz tin olgach, so‘zini davom ettirdi. — Atrofning go‘zalligi! Odamlar Shveytsariya deydi. Mana, sizga Shveytsariya! 
— Ha chiroyli, — dedi Sayfulla aka tog‘larga qaraganicha. Keyin xijolat chekib, qo‘shib qo‘ydi: — Siz doim bandsiz. Sizni yozishdan qoldirdim.
— Ey, ishim yaxshi. Yozishdan oldin o‘ylash ham kerak, — dedi Ismoil. — Hozir g‘alati bir narsalar ustida ishlayapman.
Uning shapaloqdek ikkita kitobchasi chiqqan, ularni pochchaga bergan edi. U pochchasi aqlli ekanligini bilardi. Zeroki, afti-angorini ko‘rib xunukmi-tasqarami, desa bo‘laveradigan bu odamni qishloqda hurmat qilishardi. Lekin pochcha hayot sharoiti majbur qilib, yettinchi sinfdan nariga o‘tmagan. Savod darajasi qanday — Ismoil bilmas edi. Bergan kitoblari haqida, u o‘qimagan, mayli, opamning eri bo‘lgani uchun berdim, o‘zi vaqtida tarqatgan gazeta-jurnallardan birontasini ham o‘qimagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edi. Shunday fikri borligidan, shu kunlar “qog‘ozga tushayotgan” bir voqeani Ismoil, bolaga ertak aytgandek “soddaroq” qilib Sayfulla akaga aytib berishga tutindi. Aytmas ham edi-ku, yo‘lda suhbat ishtiyoqi uning tili tugunini yechvordi. 
— Bu rivoyatmi, shunaqa... Qadimda bir boy bo‘lgan ekan. Xotini o‘lgan... kechirasiz! — farzandi yo‘q ekan. O‘lishidan oldin bir juma kuni masjidga chiqib, musulmonlar, dunyodan o‘tganimda kim men bilan bir kecha qabrga kirib yotsa, yiqqan tillamni bitta qoldirmay, o‘shanga beringlar, deb e’lon qilibdi. Boy ko‘z yumgach, juda kambag‘al bir yigit o‘rtaga qo‘yilgan shartni bo‘yniga olib, tobutning oldiga tushibdi. Boshini egib ketayotsa, yerda yotgan qandaydir arqonni ko‘ribdi. Shunchaki ilib, beliga bog‘labdi. Qisqasi, jamoa boyni go‘rga joylab, haligi yigitni ham tuynukdan kiritib yuboribdi. Tosh bosib, tuproq tortishibdi. Ko‘p o‘tmay, yigit qarasa, ro‘parada Munkar-Nakir turishibdi. “Bular ikkita ekan” — debdi Munkar. “Yoshidan boshlaylik” — debdi Nakir. “Yo‘lda yotgan arqonni birov tushirib qoldirgan edi. Seniki emasdi. Nega olding?” — deb so‘rabdi Munkar. Yigit chaynalgan ekan, Nakir boshiga gurzi bilan tushiribdi. Ertalabgacha shu arqon ustida so‘z boribdi. Yigit necha marta yakson bo‘lib, necha marta o‘z holiga qaytibdi. Ertalab qabrni ochishsa, yigit chiqa solib, duch kelgan tomonga qarab qochibdi. Uni tutib, nega bunday qilyapsan, deb so‘rashsa, bir quloch arqon uchun ko‘rganimni-ko‘rdim, qochmasdan tillani olsam, o‘lganimda bunga qanday javob beraman, debdi...
— Yaxshi hikmat ekan! Barakalla! — dedi pochcha. — Lekin noto‘g‘ri. 
— Nimasi noto‘g‘ri? — deb xafa bo‘ldi Ismoil.
— Ko‘p joyi...
— Buni xalq to‘qigan.
— Xalq katta. Har kimning gapi har xil. Mullaning gapi bor. Boyning gapi bor. Kambag‘alning... Ana, kambag‘allik ayb emas, deydi. Buni boylar to‘qigan. Kambag‘al chidasin, norozi bo‘lmasin, deb... Xalq dono! Lekin gap doim ham hayotga mos chiqavermaydi... 
— Aytavering, pochcha, — dedi ajablanib-sarosimalangan Ismoil endi xafaligi tarqab. — Men uchun muhimi, rivoyat.
— Ha, albatta, — deb o‘yga cho‘mdi Sayfulla aka. — Rivoyatda mol-mulkka hirs qo‘yma, omonatga tegma, mazmunida hikmat kelgan. Lekin gapning tagida boy bo‘lgandan kambag‘al bo‘lgan ma’qul, qabilida ma’no ham yotibdi. Bunisi to‘g‘ri emas. Dunyoda hamma to‘q-to‘kin yashashni istaydi... Boy uchragan kishiga boyligini qoldirmaydi. Go‘riga kirib-chiqsa ham! Biz eshitganmiz, boylar ko‘pincha o‘layotib ham, mol-mulkini bir joylarga berkitgan. Ko‘mgan. Boylikka beparvo, saxiy, vallomat kishi ham! Yigit qabrga kirib yotgani yolg‘on. Ming diydasi qattiq bo‘lmasin, yuragi yoriladi. O‘lgan deb adashib tirik ko‘milganlar ham tezda chiqishga uringan, chiqolmaganiga yuragi dosh bermagan. Kechasi qabristondan o‘tganida qo‘rqqanidan o‘lgan qancha! Yo‘lda yotgan arqonni olgan yigitning tillaga qaramasligi bo‘lmagan gap. Boylik qo‘lga kirishini bila turib, bundan kechgan odam devona yoki avliyosifat bo‘lishi kerak. Odamning fojiasimi, baxtimi, azobdan qutuliboq azobni unutishi! Azob bilan bola tuqqan ona uch kunda buni unutadi... Munkar-Nakir ahmoq emas, tirikni ajratolmaydigan. Ular jon ham ato qilolmaydi. Bu — o‘lish bilan tirilish, yolg‘iz Xudoga tegishli!
Ismoil pochchasining fikrlari bahsli, rivoyat shubhasiz, olimlar aytgan “shartli holat” tarzida “yashashga haqli” ekanligini o‘yladi. Ammo bir tomondan, buni endi bor-boricha yozolmasligiga qanoat hosil qilgan, ikkinchi tomondan, Sayfulla akaning “savodi darajasi”ni his eta boshlagan edi. 
— Eshiting. Boshqasi. Hozirgi hayot, — dedi Ismoil. — Mana shu Qamchiq bilan bog‘liq, — uning ovozi, kayfiyatidan yozayotgan “zamonaviy” voqea pochchaga rivoyatdan ko‘ra ko‘proq yoqishiga umidlanayotgani sezilib turardi. Aksar yosh yozuvchilar kabi u “asar”iga birov fikr bildirishini istar va e’tirozli fikr chiqsa, darhol “oqlanishga” tushar edi. — Korchalon bir boshliq qo‘li ostida ishlagan Suyun va Davron degan ikki yigitni xonasiga chaqiradi. Dovondan o‘tib, Dang‘aragacha borasizlar, deydi. U yerdagi bir kishining ismi, turar joyi mana bu qog‘ozda belgilangan, bu xaltada ikkita bo‘lka non, deydi. Shuni o‘sha odamga berasizlar, keyin Toshkentga qaytib kelverasizlar, deydi. 
Yigitlar darhol mashinaga minishadi. Dang‘araga yetib borib, qog‘ozda belgilangan Shohid degan kishining uyini topishadi. Xaltadagi ikkita bo‘lka nonni unga berishadi. Shohid ularni ziyofat-zarofat qilib, Toshkentga jo‘natadi. Lekin, yigitlar boshliq buyurgan bu ishning ma’nosiga tushunishmaydi. Borib-kelguncha yo‘l davomida shu haqda o‘ylashadi. Suyun Davronga, Davron Suyunga og‘iz ochmaydi. Ikkisi ham uyiga kela solib, xotiniga yuragini ochadi. Suyun, xotin, shunaqa-shunaqa bo‘ldi, deydi. Men tushunmadim, deydi. Boshliq Husniddinov bekorga bir ishni qilmaydi, bu yerda allaqanday sir bor. Xo‘p, nega shuncha yo‘l bosdik? Non yo‘qmi u yerda? Do‘konu bozorda taxlanib yotibdi. Shohid ikkita bo‘lka nonga muhtojmi? Dang‘illama uy-joyda turibdi, dasturxoni shohona. Adashmasam, biz jinoiy bir ishga aralashib qoldik, xotin, deydi. Davron ham, xotinjon, shunaqa gaplar, deydi. U Suyundan ham ko‘ra ko‘proq mulohazaga beriladi. Xudo ursin, nonning ichida bir narsa bor edi, deydi. Maxfiy xatmi? Qimmatbaho buyummi? Qoradorimi? To‘pponchami? Quruq nonni mashina berib, bizni ovora qilib, Husniddinov shuncha yo‘lga yubormaydi-ku! Men tushunmadim, xotinjon, deydi... Ikki kundan keyin, Shohid idoraga kelib, Husniddinov bilan ancha suhbatlashib ketadi. Olti oydan keyin, Husniddinov boshqa obro‘li ishga o‘tadi. Uning o‘rniga Shohid boshliq bo‘lib keladi. Yangi boshliq tez orada Suyunni bu idoraga aloqasiz bir, Davronni ikkinchi ishga o‘tkazib yuboradi. Shu bilan sirli ishning, gapning dumi tugiladi...
— Yaxshi. Qiziqarli ekan! Ibratli! — dedi pochcha. — Lekin noto‘g‘ri.
— Nega?
— Bular ikkisining ham ta’bi nozik, — deganicha uzoqlarga tikildi Sayfulla aka.
— Suyun bilan Davronmi?
— Yo‘q. Husniddinov bilan Shohid! Har qanday idora boshlig‘i yoki badavlat kishini korchalon, muttaham deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Ular ishning ko‘zini bilib, ko‘pchilik uchun ahamiyatli-foydali ishlar qilishi mumkin. Asossiz shubhalanib, birovni jinoyatchiga chiqarish xunuk taassurot qoldiradi. 
— Buni aytgan kishi yolg‘on gapirmaydi, — dedi yalingudek holda Ismoil.
— U tushunmagan. Yigitlarga o‘xshab! Non oddiy non, ichida hech narsa bo‘lmagan. Esi bor boshliq maxfiy xatni yoqtirmaydi. Kerakli gapni yozsa, yigitlar orqali ham yuboraveradi, ular xatni ochib o‘qimasligi aniq. Qimmatbaho buyum doim qo‘ldan-qo‘lga beriladi. Tartib shu. Qoradori, to‘pponcha, hozir bunaqa hunarlar ketmaydi. Postda turgan nazoratchilar darrov ushlaydi. Qonunni buzishga yo‘l qo‘ymaydi.
— Bo‘lmasa, sir qaerda? — deb so‘radi Ismoil.
— Oldinlar ham bu voqealar ro‘y bergan. Eski bir boy yangi bir boyga yoki katta bir bek kichikroq bekka ikkita zog‘orami, qotgan patirnimi, yuborgan. Buning ma’nosi: “Sen bizning nonimizni yeb odam bo‘lganingni unutmayapsanmi? Ko‘zingni och!” degan gap...
Ismoil yana pochchasining fikrlari bahsli, voqeani qaysi shaklda “qabul qilish” o‘quvchining ixtiyorida ekanligini o‘yladi. Muhimi, bolaligidan o‘zi ko‘rib-kuzatib yurgan Sayfulla akani “tanimagan-bilmagan”ligini his etdi. Ko‘nglida bu oddiy, kamtar insonga nisbatan mehri oshdi. 
Yo‘lda necha bora, sizga bergan kitoblarim-chi, ularni o‘qiganmisiz, ularda ham “ko‘p joyi noto‘g‘ri”mi, deb so‘ragisi keldi. Ammo so‘ramadi. Qo‘rqdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.