OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orziqul Ergash. Chayladagi hangoma (hikoya)

To‘rt o‘rtoq to‘planishib, polizga yetib kelgunimizcha shom bo‘ldi. Bu yerda birinchi qilgan ishimiz: endigina maza ingan uch-to‘rt sapchani tars-turs yorib yeb oldik. Yedigu ichimizga titroq kirdi. Diydirab apil-tapil chaylaga chiqdik-da, ko‘rpa-to‘shaklarga o‘randik.
Mana, endi sal ilib, boshimizni ko‘rpadan chiqargancha jimir-jimir yulduzlarga tikilib yotibmiz.
Zimiston tun. Uzoq-yaqindan chigirtkalarning xazin chirillashi eshitiladi. Poliz etagida bahaybat tollar qorayib ko‘rinadi. Tollar tagida soy shovullaydi. Soy tarafdan esgan shabada polizning omixta bo‘yini olib keladi.
Sayim o‘rnidan turib o‘tirdi.
—Xo‘-o‘p! Jon kirdimi ozroq, isib oldilaringmi? Malik, Eryigit, boshlaymiz endi. —U shunday deb ustimizdan ko‘rpani olib tashladi. Eryigit ikkalamiz turdik. Biroq, Burhon: “Ja, qilig‘ing xunuk-da”, — deya darhol ustini yopib oldi. To‘shak ichida to‘ng‘illadi: — Kimga zaril shu sovuqda, — ko‘p o‘tmay yana boshini ko‘tardi-da:
— Yaxshisi, shu issiqqinada yotib, afandi aytishamiz, — dedi.
Burhon ko‘p latifa biladi, ko‘p o‘qigan, lekin u hozir bilag‘onligi bilan maqtanishni ham, bekinmachoq o‘ynab sovqotishni ham o‘ylamayotgandi. Balki o‘yin chog‘ida xilvat butazorlar, soyliklarda yolg‘iz qolish ehtimolidan cho‘chib shunday deyayotgandi. Bizni o‘yindan chalg‘itish uchun azongacha latifago‘ylik qilishdan ham toymaydi.
Men bilan Eryigit-ku, noiloj qo‘yib beramiz-a, biroq Sayimdan qutulolmas... “Uy qizi bo‘lib o‘tiraverasanmi, hech bo‘lmasa, qovun yeb kelasan”, deb uni bu yerga boshlab kelgan ham o‘sha.
— Bir hisobda, bu ham to‘g‘ri, — dedi Sayim qaytadan o‘ringa cho‘zilarkan. — Rostdan ham, havo ancha salqin bugun. Lekin Burhonning afandilari ham badga urgan-da, jo‘ralar. Ko‘p eshitganmiz... Xo‘p, nima qildik endi, a? — dedi u va bir pas jimlikdan so‘ng biqinimga turtib qo‘ydi: — Shundoq yotaveramizmi?
— Nima qilamiz bo‘lmasa?
— Biz senga bir kechalik mehmon, Malik. Otangdi chaylasi. Bundoq qiziq-qiziq gaplardan topib gapirsang-chi! Yorilib ketamiz-ku.
— Nimani gapiraman?
— Gapir-da, o‘tgan-ketgandan, mana masalan, qo‘shning Kiromxo‘janing og‘zi nega qiyshiq?
— Jin chalgan.
— Ha, yasha, ana shuni gapirib ber.
— Bo‘lmagan gap, — deb qoldi Burhon tuyqusdan, — bekor gap.
— Nimani aytayapsan bo‘lmagan deb, Burhon? — so‘radi Sayim tushunmaganday.
— Kiromxo‘jani jin chalgani-da. Uniki tug‘ilishidan o‘zi shunaqa.
Burhon beparvo ohangda yana qo‘shib qo‘ydi.
— Men eskicha gaplarga sirayam ishonmayman.
— Ishonmaganing tuzuk-ku, lekin biz ham bor gapni aytamiz-da, jo‘ra, yolg‘on nima zaril! — dedi Sayim ham beparvo. — Kiromxo‘janiki tug‘ma emas, aniq jin chalgan. Mana shu “Shotutli”da (u bosh tarafimizdagi paxtapoya haqida gapirardi). Unda Kiromxo‘ja lab-dahani raso, yosh yigit bo‘lgan. Paxta sug‘orib yurib, bir kuni qoq peshinda hov Sharsharabandga boribdi. Suvni ko‘paytirayotsa, orqasidan birov turtarmish. O‘girilib qarabdi. Hech kim yo‘q. “Menga shundoq tuyulgandir”, deb yana bandga unnay boshlagan ekan, tag‘in birov nuqibdi. — Sayim o‘rnidan turib o‘tirib, yana davom etdi: — Kiromxo‘ja titrab ketibdi. Bu ne sinoat bo‘lsa?.. Rangi bo‘zarib, sekin qaddini tiklabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, naq oyog‘i ostida yuzi choynakning qopqog‘icha, bo‘yi ikki qarich bir qizcha sap-sariq uzun sochlarini taroqlab turganmish. Bechoraning tili tanglayida qotib, g‘o‘ldirab qopti. Qizcha uning oyog‘iga qarab “tuf” depti-da, g‘oyib bo‘pti. Katta-katta duoxonlarga rosa o‘qitishgan ham, nafi bo‘lmagan. Og‘zi qiyshig‘u, o‘zi nimesligicha qolavergan...
Burhonning uni chiqmay qoldi. Chamasi, oraga suqilaversa, bundan ham vahimaliroq gaplar chiqib qolishidan cho‘chirdi. Sayimning hikoyasidan ko‘ra, men uni tasdiqlab turganim Burhonga ta’sir qilayotgandi nazarimda. Shuning uchun:
— To‘g‘ri, ajina bor gap, — devordim men ham qizishib ketib, — mana shu yangidarxonlik Sattor traktorchini ham jin urib ketganda.
— Ha, jin chalib o‘ldirgan, — ilib ketdi yana Sayim. — Tavba, u ham shu dalada bo‘lgan-a, tag‘in. Shudgor payti, kechasi ishlagan, smenshigi kelmagan. Hov shotutning tagida traktorni o‘chirib, bir oz mizg‘igan. Bir mahallari qandaydir shovurdan uyg‘onsa, barzangiday odam traktorga unnayapti. “Ha, Ne’mat, keldingmi?” — debdi sherigim degan o‘yda. Haligi odam hiring-hiring kulib: “Bu yoqqa tushgin-chi”, debdi. Men es-es bilaman, Sattor aka polvonsifat, chapani odam edi. Barzangining xotinchalish muqomidan hamiyati qo‘zg‘ab, katta kalitni qo‘lida mahkam siqqancha kabinadan tushibdi. Tushgan kuyi anovi odam shapaloqlab qolibdi. U ham kalit bilan uribdi. Biroq kalit traktorning kapotiga tegib, daranglab ketibdi. Barzangi bo‘lsa yo‘q emish. Sattor akani ertalab shotutning tagidan topishibdi. O‘ng yuzi qorayib, esi og‘ib yotgan ekan. Shundan so‘ng uch-to‘rt kun o‘ziga kelib-ketib yotib, uzilibdi bechora. Ana shunaqa, Burhonboy!
— E, ajinamas, odam bo‘lgan u, — dedi Burhon tilga kirib. — Barzangiday erkak deyapsan-ku! — u negadir qattiq-qattiq hamda hovliqib gapira boshladi. O‘rnidan ham turib oldi. — Balki, uning biror dushman-pushmani qorong‘ida qo‘rqitmoqchi bo‘lganu, lekin...
Ajina har kimga har xil bo‘lib ko‘rinadi, Burhonboy! — dedi Sayim yana yon bermay. —Birovga odam, birovga it, mushuk... Mana, mening akam, armiyadagisi, molxonaga kirsa, bitta qora pishak burchakda biqinib turganmish. Ko‘zlari yonarmish. O‘zimizniki xayol qilib “mosh-mosh” deb  qo‘l uzatibdi. Shu payt haligi pishakbachcha birdan mana shu chayla bo‘yi uzayibdi-da, akamning naq oyog‘i tagidan o‘tib ketibdi. Xayriyat, akam qo‘rqmabdi, agar qo‘rqqanda bormi...
— E, baribir, men ishonmayman. Malimlarimiz aytadi-ku, xudo yo‘q deb. Xudo yo‘qmi, jin-ajina ham bo‘lmaydi-da. Masalan men ko‘rmaganman, sizlar ham ko‘rmagansizlar. Sen ko‘rganmisan, Eryigit?
Eryigit narigi chekkada jimgina yotardi. Uning fe’li shunaqa, kamgap.
— Ko‘rmagan bo‘lsa, hali ko‘radi, — dedi uning o‘rnida Sayim.
— Xo‘p, sen-chi, Malik? Ko‘rmagansan.
— To‘g‘ri, ko‘rmaganman. Lekin ko‘rsam ham qo‘rqmayman. Aksincha, ajina mendan hayiqadi, — dedim maqtanib.
— Nega? — dedi Burhon darrov.
Shunda ayamdan eshitgan ertaknamo bir voqeani so‘zlab berdim.
Bobomning bo‘z bola paytlari ekan. Daladan kelib, qayrag‘ochimiz tagidagi so‘rida dam olib yotgan ekan, oyog‘ini birov qitiqlabdi. Sapchib tursa, hech kim yo‘q emish. Nima gapligini darrov fahmlabdi. So‘ridan tushib, qalin sadarayhonlar jo‘yagiga kirib yotibdi. Ajina ko‘pincha gul, rayhon bor yerga kelishini u bilarkan-da. Bir mahal yoyiq sariq sochlari yer supurgan mitti qizcha paydo bo‘libdi. Bobom shappa uning sochlaridan ushlabdi-da, duosini o‘qib, so‘rining poyasiga chandib bog‘lab tashlabdi. Qizcha rosa avrabdi, yig‘lab yolvoribdiyam, e’tibor bermabdi. Oxiri uning va’dasini olib, qasam ichirgach, qo‘yib yuborgan ekan.
— Nima deb qasam ichibdi?
— “Yetti pusht avlodinga shikast yetkazmayman!”, deb. Shuning uchun ham bizning avloddan hech kimga ajina ko‘rinmaydi. Ko‘rinsa ham ziyon yetkazolmaydi...
Ajina haqida bichib-to‘qib Burhonni rosa vahimaga soldigu, boshimizga balo orttirdik. Endi ko‘zimiz uyquga ketishi bilan Burhon turtadi.
— Ey, uxlab qolmanglar, qanaqa qorovulsizlar o‘zi?
— Yot-ey! — deb jerkib beradi Sayim uyqusirab. — Kim zor shu xom sapchaga?!
— Kim zormish.   Yangidarxonlikni bilasizlar-ku.  Malik, dadang senga ishonib ketgan-a. Ozib-yozib bir shaharga tushganida g‘alva chiqsa, nima deydi.
Bordiyu, biz g‘aflatda qolib, polizga odam oralasa (aytaylik, yangidarxonlikning betiyiq bolalarimi), yeganini yeb, yemaganini soyga dumalatsa, palaklarni payxon qilsa, ozib-yozib shaharga tushgan dadamning shahari burnidan chiqsa, meni bo‘ralatib so‘ksa, juda o‘tib ketganidan, ana boring, bir-ikki qamchin ursa Burhon qanchalik qayg‘urardi, bilmaymanu, lekin hozir uning xayoli qochib uxlolmayotgani, hamma uxlab, o‘zi uyg‘oq qolishidan vahimaga tushayotgani aniq edi.
Burhonning qiliqlaridan dam kulgim qistaydi, dam jahlim qo‘ziydi. “Qanaqa o‘g‘il bolasan o‘zi?”, deb urishib bermoqchi bo‘lamanu, ko‘nglim bo‘lmaydi. Axir, jo‘rttaga qilmayapti-ku, unga ham qiyin-da. Buning ustiga, u menga mehmon.
— Burhon to‘g‘ri aytyapti, — dedim oxiri uni tinchitish uchun, — navbat qilamiz. Hozircha uxlayveringlar, men poylab turaman.
... Nemahalda ko‘zimni ochib, tollar ustida barkashdek qizarib turgan oyga ko‘zim tushdi. Kulib qo‘ydim. Rosa uyquni uribmiz-ku navbatchi qorovul.
Oy yog‘dusida atrof ancha yorishib qolibdi. Yulduzlar pastlashganday. Chigirtkalar ovozi tingan. Soyning shovqini bo‘lsa kuchayibdi. Sheriklarimga razm soldim: e, bittasi qani?! Xo‘p, bu Sayim. Narigisi, boshini burkab olgani, hoynahoy Burhon. Eryigit... Eryigit yo‘q-ku.
O‘rnimdan turib chaylaning ostiga, chor-atrofga tikildim, ko‘rinmadi. “Uyqusirab biron yoqqa ketib qolgan bo‘lsa-ya, boya har xil gaplar gapiruvdik, tush ko‘rgan bo‘lsa...” Sayimni turtkilab uyg‘otdim.
— Eryigit qayoqqadir ketib qopti, tur, ko‘zingni och, topib kelaylik.
Sayim o‘rnida birpas garangsib o‘tirdi-da, birdan hushyor tortdi.
— Ketdik.
Ikkovlashib soy bo‘yini, tollar, tutlar tagini, butalar orasini birma-bir qarab chiqdik. Qo‘limizni karnay qilib rosa baqirdik. Jimjit.
— Bo‘ldi, ketdik! — dedi Sayim oxiri sabri tugab. — Qishloqqa ketib qolgan u damduz.*
Shu payt paxtapoya bilan poliz o‘rtasidagi yo‘lda qora ko‘rindi. Sayim:
— Uyquni ham harom qildi, bu tentak! — dedi-da, chayla tomonga chopib ketdi. Men kutib turdim.
— Ha?
— Hech nima.
Eryigit oldimdan o‘tib, chayla tarafga burildi.
— Qayoqlarda yuribsan? O‘takamiz yorildi-ku, ajina ko‘tarib ketdimi, deb.
U bir oz indamay bordi-da, to‘xtab menga o‘girildi:
— Malik, boyagi gaping chinmi?
— Qaysi gapim?
— Bobong ajinani ushlagani...
— Ayam shunaqa deydilar, rostdir...
— Anavilarga aytmaginu, men shotutning oldiga boruvdim.
— Nega?
— Ajinani kutdim, o‘sha yerda bo‘ladi, deyishardi.
Bo‘liq paxtazor o‘rtasida nimadir sabab bo‘lib saqlanib qolgan ulkan shotut ostida biqinib turgan miqtigina Eryigitni tasavvur qilib, etim jimirlab ketdi.
— E, jinnivoy, nimalar deyapsan? — deyoldim zo‘rg‘a.
— Uni tutib olmoqchi edim, bobonga o‘xshab...
— Nega? — dedim battar taajjublanib.
— Singlim Malohatni tuzatib berasan, — deb qasam ichirmoqchi edim.
— Nima?!
— Uniyam ajina chalib ketgan ekan. Onam: “To‘qqiz kechasida ajina tekkan bunga”, deydi. Bilasan-ku, besh yildan beri shahardagi kasalxonada yotadi, lekin sira tuzalmayapti... Eh, ajina kelmadi-da!
Men hayrat bilan Eryigitga tikilib qoldim. Qiziq, u hozir men biladigan, Sayim, Burhon biladigan o‘sha oriq, rangpar bola emas, u bizlarning hech birimizga — menga ham, Sayimga ham, Burhonga ham o‘xshamas edi...

1980 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.