OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orziqul Ergash. Dala o‘rtasidagi daraxt (hikoya)

To‘rtovlon Ko‘ksoy bo‘yidagi shiyponda, ulkan chorpoyada davra qurganmiz.
Tagimizda cho‘g‘day ko‘rpachalar, biqinimizda par yostiqlar. Shiypon atrofi suv sepilgan, yog‘ tushsa yalagunday top-toza, sarishta. Gulrayhonlar hidi hov etakdagi shamshodlar ostidan ko‘tarilib havoga singiyotgan kabobning xush bo‘yiga aralashib dimoqqa uriladi. O’sha shamshodlar tagida bir qariya va yosh yigit unnalib yurishadi. Olis-olislardan oppoq cho‘qqili tog‘lar, undan beriroqda Cho‘pon ota adirlari, yanayam beriroqda esa bir chekkasi manovi soygacha kelib yetadigan paxta paykali va unda yoyilib g‘o‘za chopiq qilib yurgan qiz-juvonlar ko‘zga chalinadi. Bu yoqda — «Shotutli» o‘rtasida, yolg‘izlikka mahkum etilgan shotut ma’yus o‘y surib turadi. (Ammo u bir paytlardagi mahobatli, sadaqayrag‘ochdek xushsuvrat daraxt emas. Shotut hozir... Yaxshisi, bu haqda keyinroq...)
Bunaqa to‘rt ko‘z tugal yig‘ilmaganimizga ko‘p zamonlar bo‘lib ketgan. To‘g‘ri, Eryigit, Sayim, men uchovimiz ora-sira ko‘rishib, yig‘ilishib turamiz. Burhon esa qo‘shilmaydi va biz ham unchalik ishtiyoq sezmaymiz bunga.
Men ta’tilda edim. Eryigit xizmat safari bahonasida yo‘l-yo‘lakay qishloqqa kirgan ekan. (U viloyat gazetasida xizmat qiladi.) 
— Burhon haq bermoqchi. Qattiq iltimos qilyapti, — deb qoldi Sayim. (U maktabda harbiy ta’limdan dars beradi.)
— Burhonni qo‘y, — dedi Eryigit, — o‘zimiz o‘tiraveramiz.
U azal boshdan Burhonni xushlamasdi, Ko‘ksoy tollari voqeasidan keyin esa ko‘rarga ko‘zi yo‘q. (Tollar haqida ham keyinroq...)
Sayimning miyasiga bir narsa urdimi, amalga oshirmay qo‘ymaydi. Eryigitning jon joyidan ushladi.
— Menga qara, sassiq deb burningni kesib tashlamaysan-ku. Burhon ham begona emas, birga o‘sganmiz, — dedi kulib, — sen yoqtirmasang o‘zingga, menga juda ma’qul bola. Bunaqa qo‘li ochigini hech yerda ko‘rmaganman. Qolaversa, u avvalgi Burhonmas, hali ko‘rsang meni aytdi deysan...
Xullas, u dedi, bu dedi, ko‘ndirdi.
Keyin bilsak, Burhonga ham shunaka ishlov bergan ekan: bir kep qolishibdi. O’zimizdi jo‘ralar, biri olim, kimsan texnika fanlari doktori, biri katta shoir, depti. Ular bilan o‘tirishni havas qilib yurganlar qancha. Undan tashqari sening dovrug‘ingni eshitib, suhbatingni olmoqchi bo‘lib yurishibdi o‘zlariyam... (Burhon Farmon birgaddan keyin bir muddat brigadirlik qildi. Kolxoz tugatilgach, brigada yerini xususiylashtirib olib, boz-boyagiday ishini davom ettirayotgan ekan.)
Eryigit avvaliga qovoq ochmay o‘tirdi. Burhon buni o‘zicha tushunib, ayniqsa unga xushomadni oshirdi. Hali sixda jizillab turgan kabob uzatar, hali gazak tutar, hali qadahni ikki-uch qayta urishtirib, ichishga undardi.
Iltifotlar ta’sir qildimi, ichimlikmi haytovur Eryigit yumshadi, davraga jipslasha boshladi. Sayim Eryigitga bir narsani qattiq tayinlagandi: Burhonga tana-dashnom bo‘lmasin, Ko‘ksoydi xarob qilibsan, boshqa-qashqa degan gaplar qilmagin. Arog‘ini ichib o‘tirib bunaqa qilish noto‘g‘ri. Boshqa payt, boshqa joyda ixtiyoring, degandi.
— Ichkilik deganda iblis bilan ham og‘iz-burun o‘pishishgayam tayyorsan-a, — deya hazillashdim.
— Albatta-da, — dedi u parvo qilmay. — Bu sabil shaytonning suvi-da o‘zi. Ichkilikka ruju qo‘yganidanmi, Sayimning yuzlari qarimsiq tortib, qon urib qolganidan jigarrang bo‘lib ketgan. Eryigitning o‘sha-o‘sha kamgapligi. Buning ustiga o‘ta rahmdil. Bolaligada birovni qo‘lida chumchuqmi, boshqa jonivormi ko‘rib qolsa, qo‘yvorgin, azob bermagin deb yolvorib yurgan kuni edi. Shunday ekan, butun boshli gurkirab o‘sib yotgan tollarni qiyratgan Burhonni osongina kechirib yuborarmidi.
Hozir ham bu yerda bizning yuzimizdan o‘tolmay arang chidab o‘tiribdi.
Avval men kadah so‘zi gapirdim. Jo‘ralarning hammasiga, jumladan dasturxon sohibiga ham sog‘lik, omad tiladim. Fermer Burhonning a’zolarini, plan masaaalarini ham unutmadim. Sayim bo‘lsa qitmirligini qo‘ymay, Burhonni nukul ko‘klarga ko‘tarib maqtadi.
— Farmon birgad yigirma yilda qilmagan, qilolmagan ishni Burhon jo‘ramiz bir yildayoq qilib tashladi, — dedi bizning qitiq patimizga tegib. — Mana shunday ajoyib shiypon ko‘tardi. Haqiqiy rahbar shunaqa bo‘ladi-da. Kolxozchilarini o‘ylab qildi-da buni. Odamlarim hordiq olishsin, dedi, chang-tuproqqa qorishib, peshinlarda soy bo‘ylarida dumalab yotishmasin, dedi-da. O’shalardi duosi sharofati bilan mana endi fermerlikni ham do‘ndiryapti... Malik jo‘ramning tilagiga qo‘shilaman, jo‘ramiz omon bo‘lsin, topgani to‘ylarga, ulfatchiliklarga buyuraversin...
Eryigit bir necha marta o‘ziga berilgan qadah so‘zini indamay o‘tkazdi. Biroq, Sayimdan qutilib bo‘larmidi.
— Mana necha yilda bir ko‘rishib turibmiz, jo‘ra, — dedi gapni uzoqdan keltirib. — Agar menga, Mapikka, Burhonga aytar gaping, tilaklaring bo‘lmasa, mayli indamasdan ichaveramiz, lekin buyam to‘g‘ri bo‘lmaydi-da, jo‘ra. Faqat ichish uchun to‘planmaganmiz-ku, maqsad...
— Bo‘ldi, bo‘ldi, — deya xijolatli kulimsirab Eryigit piyolasini qo‘liga oldi. — Bari bir qo‘ymaysan, bilaman... Xo‘p, Sayimjon, raxmat Burhon ikkovingga. Boshimizni qovushtirganlaring uchun... Qiziq-da, qaysi birimiz o‘ylagandikki, oradan o‘n besh, yigirma yillar o‘tib, mana shu yerda, mana shu tarzda atlas ko‘rpachalarda yastanib ziyofat yeymiz, deb... Masalan, mening xayolimning ko‘chasigayam kirmagan... To‘g‘ri, kelajak haqida o‘ylaganman. Lekin, men o‘ylagan kelajak butkul boshqa edi. Sizlarni bilmadimu, ammo men... - u birpas olislarga ko‘z tikib jim qoldi. Keyin bilinar-bilinmas xo‘rsinib qo‘yib davom etdi. — Men borar manzilimni ancha-muncha adashtirgan ekanman.
Eryigit yana jim qoldi. Qo‘lidagi piyolasini dasturxonga qaytib qo‘ydi.
— E, ja, pessimist bo‘p ketibsanmi, shoir, — dedi Sayim shovqinli ovozda. — Bunaqa emasding-ku, sen avval boshdan mo‘ljalni to‘g‘ri olgan eding. Mana Malikboy aytsin, mushtday bola edik hammamiz, sen shoir bo‘laman, derding. To‘g‘rimi? Mana shoir bo‘lding, kitoblaring chiqdi. Katta bir gazetaning, respublika gazetasining viloyat muxbirisan. Yana nima qoldi yetishmaganing. Ha, aytmoqchi, menga qara, jo‘ra, ko‘pam noshukur bo‘lavermaylik, mustaqillikka erishganimiz, bu — hammamizning baxtimiz emasmi! Manzilga to‘g‘ri yetganimiz emasmi!.. Ja, bunaqa odamni yuragini ezmagin-da, adashganman, yanglishganman deb! Senday shoir odam shunaqa deb tursang, biz bechoralar butkul uloqib ketgan ekanmiz-da bo‘lmasa!..
Sayimning jo‘shib ketayotganini kulimsirab kuzatib turgan Eryigit, bo‘pti, bo‘pti, deganday bosh irg‘adi.
— Sayimjon, uzr, — deya Eryigit so‘zini davom ettirdi. — Lekin, sen yaxshi gap aytding, mustakillikka erishganimiz, bu hammamizning umumiy baxtimiz. Ammo... — u yana xo‘rsinib ko‘ydi, — shaxsiy baxt boshqa narsa... Bo‘pti, bu gapga nuqta qo‘yaman. — Qo‘liga piyolasini oldi. — Agar mana shu sabilni ichish kerak bo‘lsa, men taklif qilardimki, mana shu dalalarda o‘tgan eng pokiza va baxtiyor bolalik uchun ichaylik. Bolalikning o‘zi baxt ekan. Mayli, u quyoshda qop-qorayib ketmon chopgan bo‘lsin, qo‘llari taram-taram yorilib o‘t yulgan, paxta tergan bo‘lsin, Sayim aytgandek, manavinaqa shiyponda emas, tollar tagida dumalab dam olgan bo‘lsin, bolalikning o‘zi bir baxt ekan... Men yana taklif qilardimki, o‘sha baxtiyor bolalik yillarimizdan qolgan yakkayu yolg‘iz yodgorlik — anovi Bobo Shotut uchun ichaylik...
— E, shotut qoptimi! — deb yubordi Burhon befarosatlarcha.
Eryigit biz zum jim qoldi-da, yana avvalgi sokin qat’iyatda so‘zini davom ettirdi.
— Bobo Shotutning g‘animat qolgan umri uchun ichaylik!..
— Zo‘r gap bo‘ldi, zo‘r! — dedi Sayim shovqinlab. — A, nima dedilaring, shoir shoir-da bari bir. Qani bo‘lmasa, urdik.
Piyolalarni oldinma keyin bo‘shatib, gazak qilgani tutinarkanmiz, Burhon og‘zida ovqati bilan gapga tushib ketdi.
— Yangi yil kechasi edi. Televizor oldida erib, yonboshlab yotgan edim, xotin baqir-chaqir qip qolsa bo‘ladimi. Hey, baqa chiqing, uni qarang, deydi. Hovliga chiqsam, manashiyaq kunday yorishib boryapti. Kayfim uchib ketdi. Obbo, dedimu otni yaydoq minib, bog‘ o‘rtasidan soldim. Hov o‘rta yo‘lda bir g‘aram g‘o‘zapoya bor edi. Shunga o‘t ketdiyov, deb o‘ylagandim. Yetib kelib qarasam, gulxan dala o‘rtasida. Battar qo‘rqib ketdim. Ajina bazm bo‘lyaptimi, nima balo, dedim. To‘g‘risi-da, shotut kimdi esida bor... Tikilibroq qarasam, olovdi oldida uch-to‘rtta odam chopib yuribdi. Yuragimni bosib olib, otimni yo‘rttirib bordim. E, shotut degani alomat yonarkan, xuddi benzinga bo‘ktirib olinganday gur-gur qiladi. Qish o‘rtasi bo‘lsayam, yog‘in bo‘lmaganidan quruqshab yotgandi-da.
— Qisqasi rosa tomosha bo‘lgan ekan-da, — kesatdi Eryigit.
— Nimasini aytasan, — kesatiqqa kesatiq bilan javob berdi Burhon. - Lekin, bir-ikkita zang‘ar tomoshani beliga tepdi. Hov, Mo‘soariq bilan Shotut orasi qancha bor, uch yuz-to‘rt yuz qadam keladi-ya, ana o‘sha yerdan suv tashib kelishyapti. Odamni kulgisi qistaydi...
Eryigit o‘rnidan turib ketdi-da, hovli etagiga borib, shotut tarafga ko‘z tekkancha cheka boshladi.
— Rost-da, odamni kulgisi qistaydi, — Burhon to‘xtam bilmay davom etdi. — Uying yonyaptimi buncha qovlikib chopasanlar. Bolibek amaki degan bo‘lardi-ku, o‘shani Toshkentda o‘qiydigan bolasi, hammani zir yugurtirayotgan o‘sha. Ey, qo‘yaveringlar, bu endi odam bo‘lmaydi, degandim, baloga qoldim. Haligi zumrasha, bu mani otamni ko‘rgan, bobomni ko‘rgan, deb xezlanib kelsa bo‘ladimi. Yana bir narsa desam, yoqamdan oladigan. E, bore, deb jo‘nab qoldim. Men hozir...
Burhon karavotdan ildam tushdi-da, xiyol gandiraklab oppoq tutun buruqsib turgan shamshodlar tomon ketdi. Sayim Eryigitni sudraguday bo‘lib yetaklab kelib, joyiga o‘tqazdi. Sixda jizillab turgan kaboblarni dastalab ko‘tarib kelgan Burhon o‘rniga o‘tirar-o‘tirmas, gurungini to‘xtagan yeridan davom ettirdi.
— Mana, bari bir aytganim bo‘ldi, ko‘karmadi...
— Ko‘karibdi-ku, — dedi Eryigit unga tik qarab.
— E, qayoqda! — Burhon qo‘lidagi sixlarni dasturxon o‘rtasidagi tovoqqa qo‘yarkan qo‘l siltadi. — To‘rtta shoxi qolgan edi. Bittasi shamolda qulab tushdi. Qolgan uchtadan bittasi arang barg chiqaribdi. Ana qaranglar, shotutmas, qurigan saksovul bo‘p yotibdi.
— Pastki tanasidan yangi novdalar chiqazibdi-ku, — dedi Eryigit yosh boladay o‘jarlik bilan.
— Bari bir bo‘lmaydi, bachki novdalar qishda qurib qoladi.
— Bo‘ladi, sen shotutni bilmabsan!
— Foydasiz, o‘zaklarigacha kuyib ketgan.
Sayim oraga tushdi. U Burhonga ko‘z qisib qo‘yib, tanbeh bergan bo‘ldi.
— Unaqa dema, Burhon, shotutimiz ko‘karsin. Biz yana mazza qilib yeylik. To‘g‘rimi, Abdumalik...
— Qiziq gapirasan-a, Sayim, — dedi Burhon, keyin iltifotsiz bir six kabobni olib yeyishga tusharkan, go‘ldirab davom etdi. — Ko‘karaversin. Menga og‘irligi tushyaptimi. Ko‘karaversin...
Sayim bizlarga kabobdan olib uzatdi.
— Qani, sovumasin. Olinglar.
— Men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, — yostiqqa tirsaklab, oyog‘ini uzatarkan, Burhon yana mavzuga qaytishdan o‘zini tiyolmadi. — Kovaklari ichidan olov xuddi mo‘ridan chikqandek chiqib borayotgan edi. Shuni uchun aytayapmanda o‘zaklarigacha kuyib ketdi, deb...
— E, bo‘ldi endi, shotut haqida gap tamom, — dedi Sayim toqatsizlanib. — Ichamiz. Ol piyolangni bu yoqqa. E, o‘rgildim sendaqa fermerdan!..
U yangi shisha qopqog‘ini ochishga tutinarkan, niyati o‘zgardi.
— Yo‘q, endigi qadahni o‘sha Shotut boboning oldida borib ichamiz. Turinglar!..
— Sayim jinnilik qilma, — dedi Burhon yonboshlagan ko‘yi kavshanib. - Shu daqqi oftobda shotutti tagida balo bormi!
— Sen jim o‘tir. Men mehmonlardan so‘rayman. Nima deysizlar, boramizmi, Malikjon, Eryigit?.. — Sayim Eryigitni bag‘riga bosib, yuzidan o‘pdi. - Mening shoir do‘stim, men sen ikkoving bilan faxrlanaman. Doim o‘quvchilarimga aytib, maqtanib yuraman. Senlar tufayli ular menga havas qilishadi. Qani, turinglar, iltimos...
Eryigit boshini ko‘tarmadi. Sayim endi menga tirg‘aldi.
— Abdumalik, xo‘p degin, jo‘rajon.
— Shundog‘am yaxshi o‘tiribmiz, Sayimjon...
— Yo‘qmi, yo‘q degin. Sen alkashsan, jim o‘tir de, o‘tiraveraman. 
Kayfi oshib qolgan Sayim hay-hay demasam yig‘lashga tushadi. Eryigit bosh solib o‘tiribdi. Burhonga qarasam, yelka kisadi.
— Men bechora bir alkash...
— E, bechora alkash, — dedim kulib, — bo‘pti boramiz!.. To‘rtovlon gandiraklab yo‘lga tushdik...

* * *

... U bir paytlar g‘oyatda mahobatli, ulkan, shu bilan birga g‘oyatda xushsuvrat daraxt bo‘lib, bir qarashda sadaqayragochga o‘xshab ketar va olis-olislardan ham ko‘zga tashlanib turardi.
Uni bu yerga kim o‘tqazgan, qachon o‘tqazgan, nega aynan dalaning qoq o‘rtasiga o‘tqazgan... hech birimiz bilmasdik. Hatto keksalarimiz ham: «biz mushtday bola edik, shotutning shu turishi edi. Mana qarib-qartayib boryapmiz, u haliyam o‘sha-o‘sha», deyishardi...
Shotutning bujur tanasiga ikkitamizning qulochimiz arang yetadi, yon atrofga bosh solib turgan novdalari birday chayir va zalvarli, anchayin shamol-to‘polonlar ularni tebratolmasdi. O’sha yillar ham bu dalada paxta ekilardi. Dala o‘rtasida qo‘r to‘kib turguvchi bu viqorli daraxt esa bizning g‘aribgina bolalik dunyomizning ajralmas bir moviy bo‘lagiga aylanib qolgan edi. Dala yumushidan bir zumgina ozod bo‘ldikmi, unga yopirilardik: uning osti-ustini bozor qilib yuborardik.
Yillar o‘tib u bilan xayrlashuv fursati ham yetdi. Ammo, biz xotirjam edik: u qarimaydi. Yana o‘n yil, yigirma yil, o‘ttiz yil o‘tib kelsak ham u bizni xuddi shu turishida qarshi oladi, degan ishonchda edik...

* * *

Tush paytlari soyda chumilib, salqinlab olganimizdan keyin tollar tagida cho‘zilishib, hozirgina o‘zimiz chiqib kelgan dalaga tikilardik. Dala jivir-jivir hovur ichida hansirab turganga o‘xshar, katta-kichik quyunchalar behol g‘o‘zalar bargini yulqilab, bir-biri bilan quvalaishachoq o‘ynab yotar, dala o‘rtasida bechora Shotutimiz gungu lol bo‘lib turar, uning qoq tepasida esa saraton oftobi misoli olov shar bo‘lib otash purkagani purkagan edi. Xayol kilardikki, hozir uning yaproqlari qovjiraydi, keyin novdalari chatnab-chirsillab turadi-da, birdan lov etib alanga ichida qoladi... Oxir-okibatda shunday bo‘ldi ham. Lekin saraton oftobi emas, uch-to‘rtta betiyiq bolakayning ermagi xarob qildi uni.
Shotut bizni aftoda bir alfozda qarshi oldi. Burhon topib aytgan ekan, u saksovulga, ulkan saksovulga o‘xshab qolibdi...
Biz yetib kelgunimizcha, Shotutning buyradekkina soyasida ko‘rpachalar solinib, dasturxon tuzab qo‘yilibdi. Sayim darhol chordana kurdi.
— Xo‘p, qani kelinglar, — dedi u xushhol, — olim o‘ng tarafimda, shoir chap qo‘limda o‘tirsin. Sen Burhon to‘g‘rimda o‘tirgin-da, aroqdan quy. Yaxshisi, o‘zim quyaman. Burhon ikkalamiz o‘tirdik. Eryigit shotut atrofida aylanishib, paysallab turdi. Sayim piyolalarni to‘lg‘azdi.
— Eryigit, kel buyoqqa jo‘ram. Tomoqlar taqillab ketdi. Kelaqol, bo‘yingdan seni. O’tir. Haligi gapingni takrorlaysan...
Eryigit gapirmadi. Bosh solib o‘tiraverdi.
— Bo‘pti, shoirdi o‘sha gapi uchun... Qani, urdik.
Me’yoriga yetdi shekilli, ko‘p o‘tmay Sayimning birov bilan ishi bo‘lmay qoldi. Eryigitga o‘xshab bosh solib o‘tiraverdi. Anchagina kayfi oshib qolgan Burhonning esa aksincha tili-jag‘i ochila boshladi. Falokati qisib, Eryigitga tirg‘alishga o‘tdi.
— Mana sen shoirsan, — dedi u go‘sht chaynashdan og‘zi bo‘shamay, — katta gazetta ishlaysan. Hamma sendan qo‘rqadi, malades... Lekin, men qo‘rqmayman, bir gramm ham... — u atrofiga qarab oldi-da, pixillab kuldi. — Chunki, sen jo‘ramsan...
Eryigit jahli chiqsa gapini yo‘qotib qo‘yadi. Rangi oqarib, qizaraveradi. Duduqlanib qolishdan ko‘ra, gapini ichiga yutishni ma’qul ko‘radi. Juda o‘tib ketsa, qo‘li ishga tushadi. Bunaqa paytda uni to‘xtatish mahol. O’zi ozg‘in, nimdoshgina ko‘rinsa-da, devday odamdan ham tap tortmay tashlanaveradi. Burhon shu tobda yo uning ahvolini tushunmayotgandi. Yoki bo‘lmasa o‘zining ham janjallashgisi kelayotgandi.
Burhonga «bas qil» deganday ko‘z qisdim, tushunmadimi, endi menga yuzlanib oldi.
— Jo‘ramiz raisga xat yozibdilar. Unda kolxoz shirkatga aylangan edi. Shirkat ham omonat imoratday qimirlab turardi... Shunday, shunday, tollarni yiqitibsizlar, tolsiz soy soy bo‘ladimi... go‘zallik, tabiat, yana bir narsalar debdi-da, ishqilib. Rais nima qildi, degin, anovi shiyponga odamlardi yig‘di-da, buni xatini o‘qib berdi. Mayli, o‘zimizdan chiqqan kadr, iltimos qilgan ekan, ektiramiz qaytadan. Shoirdi gapi yerda qolmasin, dedi...
Sayim o‘tirgan yerida tushunib-tushunmay «to‘g‘ri, to‘g‘ri» degancha bosh irg‘ab qo‘yardi. Men bo‘lsam, kayfim tarqab, hushyor tortib boryapman. Eryigit betoqatlanib, suvli idish qopqog‘ini ochdi-da, idishi bilan ko‘tarib ichdi. Barmoqlari titray boshladi.
Burhon bo‘ldi qilay demasdi.
— Keyin ketdi-bordi, qaytib esigayam kelmadi. Bilaman, shoir mendan xafa. Tollarni men yiqitganman, bo‘ynimga olaman, chunki, paxtani o‘yladim. Eski tollarni yiqitsam, hasharot kamayadi, deb o‘yladim... Endi, gapni o‘g‘il bolasini aytsam, shoirdi ishqi o‘sha tollarga bekorga tushmagan. Tabiat, go‘zallik degani bir bahona. O’sha soydi bo‘yida bittasi bilan svidaniya qilardi. Ko‘rganman ikkovini, toldi tagiga biqinib olib, bir-biriga termilib, she’r o‘qib o‘tirishardi. Lekin... — u pixillab kuldi. — Lekin, hech ish qilishmasdi.
«Tamom, endi muqarrar!» dedim. Va o‘rnimdan turib, ularning o‘rtasiga borib cho‘kmoqchi bo‘ldim.
— O’sha jonon hozir bir amaldorning to‘shagida...
Burhon gapini tugatishga ulgurmadi. Men borib unga qalqon bo‘lishga...
Eryigit o‘tirgan yerida chap qo‘li qirrasi bilan Burhonning manglayiga yashin tezligida zarb berdi. Chorpaxil Burhon o‘tirgan yerida g‘o‘lachaday uchib tushdi.
Unga yordamga shoshilgandim, Eryigit yelkasi bilan meni turtib yubordi-da, Burhonning yokasidan changallab ko‘tardi. Oyog‘iga turar-turmas yuziga musht tushirib qulatdi. Yana ko‘tardi. Ayirmoqchi bo‘lib harchand urinmay, qo‘limdan kelmasdi. Bir payt Sayimning dahshatli hayqirig‘i eshitildi.
— To‘xta! To‘xta deyman!
Unga qarab qo‘rqib ketdim. Ko‘zlari qinidan chiqib ketgan, qo‘lida yarmi sindirib tashlangan aroq shishasi. Etim muzga aylandi. «Ana endi haqiqiy fojia yuz beradi!»
— Sayim, o‘zingni bos, jinnilik qilma, — deb unga ro‘para bo‘ldim.
— Yo‘limdan qoch, — deb qo‘lidagani serpadi. — Hozir o‘ldiraman, qonini ichaman uni!..
Eryigit Sayimning baqirig‘idan o‘ziga kelib, oyog‘i ostidagi Burhonning yoqasini bo‘shatdi. Qaddini rostlab, sovuq bir xotirjamlik bilan Sayimga qarab yurdi.
— Qani, kimni o‘ldirmoqchisan?!
Sayim ich-ichidan Eryigitni hurmatlab, oldi-orqasida faxrlanib gapirib yurardi. Hozirgi holatida ham shu narsa ish berdi. Darhol popugi pasayib, qo‘lidagi shishani tashladi. Keyin kutilmaganda tizzasiga cho‘kib, yig‘i aralash gapira ketdi.
— Mana meni urmaysanmi uni urgancha. U bir bechora-ku, Xudo urib qo‘ygan bechora-ku!
Eryigit shartta orqasiga qayrilib, shotutning naryog‘iga o‘tib ketdi. Burhon bir chekkada yuzini teskari o‘girgancha o‘tirardi. Sayim aroqning qolgan-qutganini quyib ichdi-da, endi men tomonga tizzalab keldi.
— Malik, unga aytib qo‘y, ahmoqlik qildi. U begunoh, bechora bir banda-ku! Bilsang, uning oldida men nopokman. Mening qo‘llarim qon, qon!..
U yer mushtlab yig‘lashga tushdi. Angrayib qoldim.
— Nima deyapsan, esingni yig‘, — deyoldim zo‘rg‘a. Eryigit hayratlanib, bizga yaqin keldi.
— Esim joyida meni, Malikjon. Bilaman, sen ikkoving allaqachon meni noshud alkashga chiqarib qo‘ygansizlar. Lekin, nima uchun shunaqa bo‘p qolganimni bilmaysizlar. O’z zavq-shavqlaring bilan bo‘p ketgansizlar. Burhon biladi, dardimni tushunadi.
Sayim gandiraklab borib, Eryigitga ro‘para bo‘ldi.
— Hov, birda, esingdami, afg‘onda bo‘p kelding, gazetaga chiqaray, deding. Men ko‘nmadim. Nega!! Negaki, men aytgan narsalarni hech yerda chiqara olmasding. Shuning uchun kerak emas, dedim. Nima deb o‘ylagan bo‘lsang, o‘ylagandirsan. Lekin, men sen o‘ylagan odam emasman. — Sayim ko‘kragiga gursillatib urdi, — bor, juda ko‘p orden-medallar. Chunki, men o‘ng-tersimga qaramay tashlanar edim. Balodan ham qaytmasdim...
Sayim Eryigitga tikilib negadir jim qoldi. Eryigit tut tagida yotgan g‘o‘laga cho‘qdi. Dasturxon yuzida turgan ochik shishalardan birini olib suv ichdi. Sayim endi o‘zini bosib olib, ohista gap boshladi.
— Men o‘shanda sezdim, sen shoir bo‘lsang ham, go‘dak eding, hech baloni bilmasding. Institutda nima o‘qitishgan bo‘lsa, o‘shani gap deb yurarding.
Sayim Burhonning oldiga borib, tizzaladi. Yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Va yana biz tomonga o‘girildi.
— Lekin, aytib qo‘yay, mana shu bola mendan pokroq, mendan tozaroq, nega deysanmi?..
U birdan gap ohangini o‘zgartirdi.
— Aytmoqchi, sizlarga vatan xoini kerakmi? Dizertir, qochoq... Ayniqsa, sen shoirga kerak, mana, marhamat!.. — Burhonning yelkasiga qoqdi. — U afg‘ondan qochdi. Sariq bo‘lgan bitta bolani peshobini ichib, o‘ziga kasal yuqtirdi. Qalay, zo‘rmi?.. Burhon jo‘ramiz ana shu ishdi qildi. Buyam holva, armiyaga bormaslik uchun, qornini yordirib, boshqatdan tiktirganlar bor. Haliyam tirik o‘shalar!..
Sayim yerga qapishib borayotgan Burhonning yelkasidan siltab tortib, o‘ziga qaratmoqchi bo‘ldi. Burhon qimir etmadi.
— Qalay, jo‘ra, oxiri sotdim-a! Shuncha olib bergan aroqlaringning hurmatini qilmadim-a! E, alkashdan hech zamonda tuzuk odam chiqqanmi!.. Yo‘-o‘q, jo‘ra, bari bir sen xoin emassan! Hech kimni sotmagansan. Faqat qo‘rqoqsan, xolos. Nima bo‘lgandayam mendan battar emassan... Meni bo‘lsa, qo‘llarim qon, qon!.. — Sayim yana jazavaga tusha boshladi. — Menga mana shu dushman, ot desa, otganim otgan edi. Surishtirib o‘tirmas edim. Endi bo‘lsa faqat qon ko‘raman. Ko‘zimni yumdimmi, bo‘ldi, hammayoq qip-qizil qonga do‘nadi. Uyimiz oldidagi ariqdan qon oqib yotgan bo‘ladi. Kosa-kosa olib ichaman, to‘ymayman. Yuragim yonib ketaveradi. Bir kun sen Malik, menga aroq quyib berding, qarasam, piyola to‘la qon. Nima bu, desam, tirjayding, tishlaring orasidan qon sizib chiqdi. O’g‘ilchamning sut shishasi ichi to‘la qon, qiqir-qiqir kulib, ichib yotgan bo‘ladi. Bilmadim, men nima qilay, bu balodan qanday qutilay?! Faqat... bo‘kib ichsam, tosh qotib uxlasam, ozroq kutilaman... Agar Burhon og‘aynim kunimga yarab turmaganida qachonlar o‘lib ketgan bo‘lardim... Televizorda ko‘rgansizlar-a... — Sayim o‘rnidan turib, bizga yaqin keldi. — Televizorda cho‘loq bolalar futbol o‘ynaganini ko‘rgansizlar-a? To‘pga ro‘para bo‘lishsa, mo‘ltoq oyoqlari sakrab ketadi. Mo‘ltoq qo‘llari sapchib tushadi. Shularni ko‘ra turib dod deb yubormaysizlarmi, dod deb!.. Odamzot uchun bundan ortiq azob bormi. Ana o‘shalar ham mening bittam — kechalari qon ichib chiqishadi...
Sayimning avji pasaydi. Behafsala qo‘l siltab, orqasiga qaytdi.
— Senlar ham yuribsanlar-da, shoirman, olimman deb. E!.. 
Burhonning qo‘ltig‘idan oldi.
— O’zimdi fermer jo‘ram tuzuk. Ketdik, jo‘ra, yana bitta aroq obermasang, bo‘lmaydi. Shoir kayfimni uchirib yubordi. Qani, tur...
Nihoyat Burhon boshini ko‘tardi. Sayimning yuziga tikilib turib, o‘zidan nari itardi.
— Yo‘q, to‘xta... Meniyam mehmonlarga aytadigan gapim bor. Sengayam... 
Tilga kirgan Burhonga ajablanib karadim. Eryigit ham boshini ko‘tardi.
Sayim tushunmay ko‘zlarini yirib-yirib ochib, unga tikildi-da, beixtiyor uning qarshisida tizzaladi.
— Sayim, o‘z og‘zing bilan aytding-a, Burhon qarashib turmaganida o‘lib ketardim, deb. Aytdingmi?..
— Aytdim, jo‘ra, to‘g‘risiyam shu-da.
— Manavi og‘aynilaringni bittasini akademik, deb og‘zingdan moy tomadi. Bittasini shoir deb poypatak bo‘lasan. Qani, mard bo‘lsang ulardi yuziga ayt: biror marta ahvolingni so‘rashdimi? Afg‘ondan kontujin bo‘p kepsan, do‘xtirga ko‘rsataylik, sanatoriyaga yotqizaylik, deyishdimi? Nima, qo‘llaridan kelmasmidi?! Tag‘in, o‘sha men laqma, qo‘rqoq Burhon kuningta yaradim. Minnat emas bu! Manavilarga o‘xshab qo‘lim uzun bo‘lganida o‘zim bilardim nima qilishni, qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, senga aroq oberib turdim. Obermasam bo‘lmasdi, atir ichishga o‘tib ketayotgan eding. To‘g‘rimi? Tag‘in aytaman, minnat qilmayapman. Bugun bo‘lsa, mana shu ishim uchun meni qo‘rqoqqa chiqarib o‘tiribsan.
Sayim bosh ko‘tarmay g‘o‘ldiradi:
— Unaqa demadim-ku!..
— Aytding... Mayli, sen bilmasang, bechora xotining, onang biladi. Xudoyim ko‘rib turibdi... Umuman sen uchalang, meni hech qachon odam o‘rnida ko‘rmagansanlar.
«Ana bo‘lmasa!»
— Sizlar a’lochi, sizlar abjir, sizlar botirsizlar. Men yomon o‘qiydigan, noshud, qo‘rqoq edim.
— Qo‘ysang-chi, Burhon, — dedim men o‘rnimdan turib. — To‘rtovimiz bitta ko‘chani bolasi edik. Ahil edik...
— Ha, bitta ko‘chaning bolasi edik. Lekin, meni hamma vaqt ajratib tashlardilaring. Yolg‘onmi? Bir kuni hatto yuzimga aytgandilaring, Burhonboy, bizlarni mozorimiz ham boshqa-boshqa deb.
Eryigit hayratlanib qaradi. Men xijolatli boshimni egdim.
— Sizlarniki qanaqa mozor, desam, mana bu Sayimboylaring, biz uchovimizga Chig‘atoydan joy zakaz qilingan, degandi. Men soddaning aqlim yetmabdi. Keyin bilsam, Chig‘atoy deganlaring, Toshkandagi ulug‘ odamlar ko‘miladigan qabriston ekan. Ana ko‘rdilaringmi, mushtday boshlaring bilan hatto qabristonlaringniyam boshqa qilib olgandilaring. Bitta men bilanmas, ota-bobolaring bilan ham manovi Ko‘makrason bobo mozorida yotgilaring kelmagandi.
Boshimiz egilib qoldi. Yer yorilsayu, yerga kirib ketsak.
— Yana tag‘in ikki gapdi birida Xondara deysizlar. Ko‘ksoy deysizlar. Shotut bobo deysizlar...
Maktabni bitirar yilimiz, mana shu yerda shotut oldida suratga tushgan edilaring. To‘rt og‘ayni bir suratga tushaylik, deganding, sen Malik. Yuragim qalqib tushgandi, meniyam aytayapti, deb. Keyin bilsam, shotutti qo‘shib to‘rt og‘ayni degan ekansan... Og‘ayni emish!.. Mana shu shotutga tili bo‘lsa, aytsin: raisni, raykomni zug‘umlarini, bu qari daraxtni oldirib tashlang, deb buyurganlarini... Lekin, men — yomon Burhon qulog‘imni qattiqlikka olib yurganman. O’shalardi aytganini qilmaganman... Shiypon yonidagi shotutni ko‘rdingmi, Eryigit? Mana shu shotut novdasidan olib borib, Bahrom boboga payvand qildirganman. Kishloq ichidayam ellikta shotut ko‘kartirganman. Men — laqma Burhon qildirganman shu ishlarni. Agar bu kuyib kul bo‘lib ketgandayam nasli davom etadi. Bitta emas, ellik bitta bo‘lib!.. Senlar nima qildilaring shotutti og‘aynilari!.. Sayim Burhonning yelkasidan tutib:
— Burhon bo‘ldi endi, yaxshi emas, mehmonlar, — degan edi, battar avjlandi.
— Kim mehmon, shularmi? Shu qishloqdi tug‘di-bitdisi-ku bular, qanaqa mehmon?! Xondaraning bolalari-ku. Mehmon-mehmon deb, oyog‘ini yerdan uzib qo‘yamiz-ku bularni!.. Manovi shotutti qara, kuyib ketgan bo‘lsayam ko‘karib turibdi, yangi novdalar chiqaryapti. Nima uchun?.. Tomiri yerda, suvda. Bulardi oyog‘i yerdan uzilib qoladi-ku bu turishda! Tushunasanmi?! Odamlarim kun bo‘yi Jarariqda daqqi oftobda chopiq qildi. Na unisi, na bunisi bir og‘iz so‘radimi, odamlaring qaerda, ahvoli qanday deb! Yo‘q, esigayam kelmadi!..
Sayim Burhonning yoqasidan tutib, zorlana boshladi:
— Bo‘ldi dedim, Burhon, bo‘ldi qil, iltimos!..
Eryigit ularga yaqinlashib, Sayimni chetga surdi. Burhonning yuziga unsiz tikildi.
— Gapir, do‘stim, gapir, — dedi ovozi titrab.
Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Burhon Eryigitning ko‘zlarida jikqa yosh ko‘rib, tildan koldi. Eryigit uning manglayiga manglayini qo‘ydi. Burhon chidab turolmadi, uni bag‘riga bosib, baralla ho‘ngrab yubordi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.