OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orziqul Ergash. Olis yulduzlar (qissa)

Uyquni buncha yaxshi ko‘rishmasa bular. Boshlari bolishga tegdimi, qotishadi-qolishadi. Munnay gap-gap qilib yotishmaydiyam. Mayli gaplashishmasin, lekin osmonga termulib, maza qilib xayol surishsa bo‘ladi-ku!.. Ha, bir hisobda shunisiyam ma’qul, xalal berishmaydi. Bir o‘zginam jimgina tikilib — gaplashib yotaman yulduzchalar bilan...
Shu, anchadan beri bitta narsa miyamdan ketmaydi. Bularga aytay deyman-u, kulishadimi, deb o‘zimni tiyaman. Rost-da, o‘zi kulguliroq bir oz... O‘zimcha deyman: yulduzlar balandda, judayam balandda, hamma yerdan ko‘rinib turishadi. Shunaqa bo‘lgach, hozir anovi urush bo‘layotgan joylardagilar ham ko‘rib turgandir. Ulargayam bizga o‘xshab kechalari dam berishar. Shunda ular ham okopdami, chayladami, yoki shunday keng dala o‘rtasidami (ishqilib-da), chalqancha tushib olib, yulduzlarga tikilib yotishar... Ajoyib-da! U yoqda ular, bu yoqda bizlar — bir paytning o‘zida bitta narsani ko‘rib turishimiz mumkin...
Miyamga o‘rnashib qolgan narsa shuki, bitta yulduzni, masalan, Ma’mura opam tanlasalar, keyin Mahmud akaga xat yozsalar: falonchi yulduz bizning baxt yulduzimiz, falon paytda unga tikilib gapingizni ayting. Men bu yoqda turib quloq solaman, desalar... Agar chinakamiga ixlos bilan quloq solsa, eshitsa bo‘ladi. Mana men eshitaman ham, gaplashaman ham. Lekin, opalarimga aytay deyman-u kulishadimi, deb qo‘rqaman. Qo‘rqishimning boshqa bir sababiyam bor-da...
Aytmoqchi, tanlagan yulduzim haqida hali Jo‘ra akaga yozib yuborolganim yo‘q. Chunki, xat uzilib qolgan. Mana o‘n bir oyni yuz ko‘ryapti. O‘n bir oy-a!.. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da. Xat keldi deguncha, albatta yozib yuboraman. Jo‘ra akamga ma’qul bo‘ladi. Chunki, judayam yorug‘, chiroyli yulduz. Hozircha u os-monda yo‘q. Hali tongga yaqin ko‘rinadi. Huv, tog‘ning tepasida charaqlab turadi...
Uni tanlashim qiziq bo‘lgan. Tunov kuni brigad bobomiz, "azamatlar, polvonlar", deb bizni uyg‘otib, dalaga boshlab ketdi. Borib bug‘doy o‘roqqa tushdik. Hech uyqum ochilmaydi, munkib-munkib ketaman. Qorong‘uda turtinib-surtinib, chalg‘i uraman. Yaxshiyam bug‘doyga qo‘shib, qo‘l-po‘limni kesib olmaganim.
Bizdan oldinroqda, bug‘doy oralab Jabbor amaki ovoz berib turibdi. Qo‘rqishmasin, deydi-da.
— Ha, azamatlarim, kelaveringlar. Mana men bu yoqdaman. Birinchi marra mana shu yer. Keyin dam olamiz. Ha, gaplashib, gangir-gungir qilib o‘ringlar, uyqu qochadi. Balli, balli azamatlarim. Men askarlarim, yashanglar!..
Harchand urinmayin, uyquning karaxtligi ketmasdi. Qo‘lim ishdayu, miyamda allanarsalar aylanishadi, tik oyoqda turgancha tush ko‘rib ketayotgandayman. Bir mahal orqamdan birov chaqirdi:
— Mohira!
Alanglab orqa-oldimga qarab oldim. Hech kim yo‘q. Birgad bobo oldinlab ketgan qizlar bilan gaplashib turibdi. Tavba!.. Uyqum o‘chib, sergak tortdim. Qo‘rqa-pisa qad rostlab, yana orqamga qaradim. Ko‘zim hech bir qorani ilg‘amadi. Menga shunday tuyuldiyov, deb ko‘ksimga "tuf-tuf"lab qo‘ydim. Va shu payt olisda, tog‘ning tepasida charaqlab turgan yop-yorug‘ yulduzga ko‘zim tushdi. Osmonda boshqa unaqa yulduz yo‘q edi. Buncha chiroyli bo‘lmasa! Chaqnaydi-ya!.. Yo‘q, u jovdirab turardi. Mening ahvolimga achinib, ezilib, lekin ilojsiz-likdan ne qilarini bilmay, jovdirab-mo‘ltirab turardi. Sekin tizzamga cho‘kdim, qo‘l-oyog‘imdan majol ketgandi. Chunki, men Jo‘ra akamni ko‘rib turardim...
— Mohira, ozgina chida, hammasi o‘tib ketadi. Hali borsam, qo‘lingni sovuq suvga urdirmayman. Ko‘rasan, shunday kunlarga yetamiz hali! — derdi u shivirlagan ovozda.
— Mohira qizim, sanmisan, — shundoq tepamda Jabbor amaki turardi. — Nima qildi? Qo‘lingni kesib olmadingmi ishqilib?..
— Yo‘q, birgad bobo, kesganim yo‘q, yaxshiman...
— Ha, baraka top, qizim, g‘ayrat qil. Opalaringga yetib ol...
— Xo‘p, amaki, hozir yetib olaman!
— Balli, balli, qizim...
G‘ayrat bilan, zavq-shavq bilan o‘rimga tushib ketdim. Uyqum butkul o‘chgan, tanam qushday yengil, dilim shunchalik ravshan tortib borardiki...
Mana o‘sha kundan beri qancha kech yotsam hamki, birgad bobo ovoz berishi bilan sapchib turaman. Turishim bilan ko‘zim dastavval o‘sha chaqnoq yulduzga tushadi. Salom beraman.
— Assalom, Jo‘ra aka, — deyman.
So‘ngra shapir-shupur yuzimni chayib olaman-da, uyqu shirinlik qilib g‘ingshib yotganlarni chimchilab, qitiqlab uyg‘otishga kirishib ketaman. Ortimda esa Jo‘ra akam zavqlanib, kulimsirab turaveradi.
Borib o‘roqqa tushamiz. Qorong‘ulikka ko‘z ko‘nikkuncha timirskilanib, ishimiz yurishmayroq turadi. Bu paytda Jo‘ra aka xomushlanib, jovdirab, meni yupatishga urinadi.
— Mohiginam, seni qanday kunlarga qoldirib keldim. Meni kechir. Hali ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Ozgina sabr qilsang, bo‘ldi...
— Jo‘ra aka, siz hecham parvo qilmang, — deyman ich-ichimdan xitob qilib, — men qiynalganim yo‘q. Qaytaga bu yer menga yoqyapti. Dalada, shiyponda yotish maza ekan. Eng yaxshi tomoni — qulog‘im oybiyimning g‘ish-g‘ishalaridan ancha tinchib qoldi. Siz doim xafa bo‘lib, kuyinib yurardingiz-ku, seni o‘gay onangning qo‘lidan qutqarishim kerak, deb... Bu yerda hammadan kichigi menman, erkatoyman...
Qo‘lim ishdayu, xayolimda Jo‘ra akam bilan mazza qilib gaplashib ketaveraman.

... Xullas, gaplarim ko‘p-ku, lekin hammasi ichimda qop ketyapti-da. Opalarimga aytay desam, aytib bo‘lmaydigan gaplar bari. Noto‘g‘ri tushunishlari mumkin... Eh, yana bir pas gaplashib yotishsa bo‘lardi, hali vaqt erta edi.
— Hanifa opa. Hanifa opa!..
— Hm...
— Uxlayapsizmi?
— Ha, uxlayapman, uxlab qolganman.
— E, o‘ling-e, — deb kulib yubordim. — Dishakchaga o‘xshab pish-pish uxlaysiz.
— Nima qilay?..
— Bilmasam. Meni uyqum kelmayapti. To‘g‘risini aytsam, qo‘rqayapman. Bir o‘zim qop ketgandan keyin odam qo‘rqadi-da. Hammalaring tosh qotib qopsizlar...
— Ko‘zingdi chippa yumib yotaversang, senam uxlaysan.
— Bo‘lmayapti, uyqum qochib ketdi.
— Xo‘p, men nima qilay, — dedi Hanifa opa ko‘zini uqalab, o‘rniga turib o‘tirarkan.
— Men hammalaringdan kichkinaman, shundaymi? — dedim erkalanib. — Shuning uchun, meni allalab, e, yo‘q, aldab, u yoq bu yoqdan gapirib uxlatishlaringiz kerak. Keyin o‘zingiz uxlaysiz...
— Yoqmay qolsin. Xay mayli, nimani gapiray?..
— O‘zingiz bilasiz... Ha, menga qarang, — dedim birdan jonlanib. — Ma’mura opaning yaxshi ko‘rganlari, bilasizmi, kim ekan?
— Nima? — opamning ko‘zlari yarq etib ochilib ketdi.
— Haligi bor-u, Maqsad momo, o‘sha kishining o‘g‘illari Mahmud aka ekan.
— Voy, sekin, sekin, — dedi Hanifa opa hovliqib.
— E, allaqachon hammasi uxlab qoldi, — dedim beparvo.
— Aytib bo‘ladimi, — durrachasini to‘g‘irlagan bo‘lib, qator tizilib yotgan qizlarga ko‘z tashlab oldi-da, sekin shipshidi:
— Xo‘p, ayt-chi, qayoqdan bilaqolding?
— Bilaman-da. Men siznikini ham bilaman.
— Voy, o‘laqolgin, biyroncha, menikiyam bor ekanmi?
Hanifa opam endi birov eshitib qolishini ham o‘ylamay, bemalol joylashib o‘tirib oldi.
— Bilaman emish. Xo‘p, bilsang bir boshidan ayt-chi.
— Ho, urasiz-da...
— Tentak qiz, seni urarkanmanmi!..
— Hanifa opa, o‘sha Mahmud akani men yaxshi eslolmayman, juda chiroyli edi, deyishadi-ya? Urushga ketayotganida o‘n yetti yoshda ekan-a bor-yo‘g‘i.
— Ha, niholdekkina edi, — dedi Hanifa opa o‘ychan tortib. — Endigina mo‘ylovi sabza urib kelayotgandi.
O‘rnimdan chaqqon turdim-da, opamning qarshisiga kelib, jimitdaygina bo‘lib o‘tirib oldim.
— Hozir endi basavlat yigit bo‘p ketgandir-a?
— Voy, qiz qoziey, — dedi opam zavqlanib ketib, — ha-da, kap-katta yigit bo‘p qolgandir. Necha yil o‘tib ketdi. Ishqilib eson-omon qaytib kelsin-da. Bir gap bo‘lsa, Ma’mura ado bo‘ladi-ya...
Xuddi sovqotganday etim bir junjikib oldi.
— E, qo‘ysangiz-chi, yaxshi niyat qiling, opa.
— Ha, ha, to‘g‘ri aytasan...
— Hanifa opa, — dedim gapimiz qovushayotganidan tetiklanib, — o‘sha Mahmud akaning yolg‘iz onasidan boshqa hech kimi yo‘q ekan-a, rostmi shu gap?
— Ha, rost... Sho‘rlik momoga yolg‘iz tirnoq. Momoning eri quloq qilingan. Momo o‘g‘li bilan hov anovi tog‘ning etagidan kelib qolishgan. Aytmoqchi, bitta qizi ham bo‘lgan. Keyin bezgakdan o‘lgan. Bir kuni, qish payti bo‘lgan. Daladan, qor tagidan g‘o‘zapoya yulib kelgan bir bog‘. Kelganu, bezgak tutib, sandalda isitmalab yotib o‘lib qolgan. Maqsad momo qizi olib kelgan o‘sha bir bog‘ g‘o‘zapoyani haligacha ayvoni shiftida asrar emish. O‘sha g‘o‘zapoyaga qarab-chi, xumor bosti bo‘larmish.
— Voy, sho‘rlikkina momoey!.. — bu gapni birinchi eshitishim edi, Maqsad momoga ichim achigandan achib ketdi. — Bilasizmi, Hanifa opa, men nimani o‘ylayman. Maqsad momo hovlisida yolg‘iz o‘zi-ya, Ma’mura opa borib aytsa, mana shunaqa, shunaqa, men siz bilan birga yashayman, desa...
— E, qizaloq, — dedi Hanifa opa xo‘rsinib, — senga qolsa, hammasi oson. Ma’muraning aqli yetmaydimi shunga! Rahmi kelmaydi, deysanmi! Sho‘r-lik momoni ko‘rganda uchib-qo‘nishlarini ko‘rsang edi. Xayol qilsaki, yugurib borib quchib, o‘pib olsa. yugurib-elib xizmatini qilsa!.. Lekin bu mardum qo‘yarmidi! Doston qilib yuboradi-ku!..
— E, men bo‘lganimda sira o‘ylab o‘tirmasdim. Gapirishsa gapiraverishsin. Momoni yolg‘iz qoldirmasdim... Hanifa opa, Maqsad momoning o‘zlari biladilarmi?..
— Bilmasa kerak, — dedi Hanifa opa ikkilanibroq, — bilganida...
— Ha, bilganida har tugul ko‘cha-ko‘yda ko‘zi tushib tursa o‘g‘lini ko‘rganday bo‘lardi-da, — dedim donolik qilib.
— O‘zing mushtdakkina bo‘lsangam ko‘p balolarga aqling yetadi-ya, — dedi opam mehr bilan tikilib.
— Hanifa opa...
— Hm...
So‘rashning fursati yetgandiyu, jur’atim yetmayroq turardi. Shuning uchun sirligina qilib, jim turaverdim.
— Ha, biyroncha, yana bir narsa so‘ramoqchimisan?..
— O‘zingiz aytasizmi, yo o‘zim aytayinmi deb turibman-da.
— Nimani aytishim kerak, qizgina?
— O‘zingizni go‘llikka solmang, — dedim salmoqlab, — yaxshi bilib turibsiz. Men o‘zim hammasini bilamanu, shu, o‘zingizdi og‘zingizdan eshitgim kelyapti-da.
— Sen jinni bo‘p qopsan...
— Aytmaysiz-a, Hanifa opa, — deb atay ovozimni balandlatdim.
— Voy, sekin, sekin... Uyg‘otib yuborasan-ku hammani!
— Aytasiz-a?
— Qiziqsan-a, Mohi, bu har kimga aytadigan gapmi!
— Voy, opa-a, men har kim bo‘pmanmi?
Arazlagan bo‘lib, to‘p etib o‘zimni to‘shakka otdim-da, boshimni burkab oldim. Opam arazimga ishondi, sekin yonimga yonboshlab, bir pas jim yotdi-da, keyin yupatgan bo‘lib asta gap boshladi.
— Mohira, men unaqa demoqchi emasdimu, tushungin-da. Bunaqa gapni ko‘ngilda asragan yaxshi-da... Aytib bo‘ladimi, qizlardan birortasi uyg‘oq bo‘lsa yoki Safar eshitib qolsa, ertaga ukamning yuziga qanday qarayman. Otamga aytib bersa-chi...
— E, vahima qilmang-e, opa, — deb yubordim arazimni bir pasda unutib, boshimni ko‘rpadan chiqarib olarkanman. — Buni hech yomon yeri yo‘q-ku. Bari-bir erta-indin, Xudo xohlasa, urush tugaydi. Yigitlar qaytib keladi. Keyin to‘y qilamiz. Hamma bilib oladi-ku baribir.
— Unda boshqa gap, singilcham, — dedi Hanifa opam shiyponcha shiftiga ko‘z tikkancha.
Ikkimiz ham xayolga berilib, bir pas jim yotdik. Yengil shabada yuzlarimizni siypab o‘tdi. Changalzor ortidan daryoning shovullagani elas-elas eshitila boshladi. Qishloq tarafdan itlarning yakkam-dukkam akillagani kelardi.
Hanifa opam ohista xirgoyi boshladi:

Boshimdagi ro‘molim, chaman ichra,
Gul shoxiga ilindi, chaman ichra.
Kimda ekan xayoling, chaman ichra, bog‘ ichra,
Yolg‘izligim bilindi, chaman ichra...

Opam bir pas jim qoldi-da, xo‘rsindi. Mening tomog‘imga allanima qadalib dimog‘im kuyushganday bo‘ldi. Ko‘zlarimga duv yosh quyulib keldi. Darhol teskari o‘grilib olib, ko‘zyoshlarimni artdim. Qult etib yutindim.
— Mohi, senga nima bo‘ldi, yig‘layapsanmi?.. — dedi opam kiftimdan sekin tutib o‘ziga qaratarkan.
— Yo‘-o‘q, — dedimu, to‘liqsinib turganimni sezdirib qo‘ydim. Keyin ochig‘iga ko‘chdim. — Opa, siz ashula aytsangiz, mana shu yerimga bir narsa qadalib, nafasim qaytib ketaveradi. Yig‘lagim keladi.
Opam birdan tetiklandi.
— Voy, yig‘laging kelsa, aytmayman.
— Yo‘q, aytavering, yaxshi ko‘rganimdan shunday bo‘ladi-da, opa, — dedim tizzalab o‘tirib olib. — Keyin nimagadir rahmatli ayam esimga tushib keta-veradi. Hanifa opa, qarang, xuddi kechagina bo‘lib o‘tganday hammasi. Lekin, sal kam yetti yil o‘tib ketibdi oradan.
— O‘lding — o‘chding degani shu-da, Mohi, — dedi u sekin uf tortib. Keyin ohista o‘rniga turib o‘tirdi.
— O‘sha kuni ayam rahmatli ikki tandir non yopdilar. To‘rtovimizni ham cho‘miltirdilar. Meni sochimni o‘rib, jiyda po‘pagimni taqib qo‘ydilar. Sochimni o‘rayotib, o‘zlaridan o‘zlari, qizim, bu safar boshingni yuvsang, sochingni kim o‘rib qo‘yarkin-a, dedilar. Nimaga unaqa deyapsiz, aya, dedim hayron bo‘lib, o‘zim aytayapman-da, dedilar. Keyin nasihat qildilar. Qizim, endi katta bo‘p qolding. O‘nga kirding, songa kirding, deyishadi. Ukalaringga bosh bo‘l. Urma, urishma. Mehribon bo‘lgin, dedilar. Ertasi kun ertalab uyg‘onsam, chaqaloq qilibdilar. Keyin gaplashib o‘tirib... Hech o‘ladiganga o‘xshamasdilar. Chaqaloqni emizdilar. Keyin hammamizni chaqirib, ko‘rsatdilar. Mana Bashoratoy, kenjatoylaringiz, uni xafa qilmasdan, katta qilasizlar, dedilar. Keyin, mayli endi borib o‘ynanglar dedilar. Ukalarim o‘ynagani chiqib ke-tishdi. Meni sira chiqqim kelmasdi. Xolam yonlarida bosh solib o‘tirardilar. U kishiga aytdilarki, Muyassarxon, borib, Eshon akangizni chaqirib qo‘yasizmi, dedilar. Dadam yonlariga kelib o‘tirishlari bilan, ayam menga qaradilar-da, Mohira qizim, hovlini supurdingmi, dedilar. Supurdim, dedim. O‘choqning kulini oldingmi, dedilar. Hozir olaman, dedim. Boraqol bo‘lmasa, qizim, shu ishlaringni qil, hozir mehmonlar keladi, ko‘p mehmon, ayb qilib o‘tirishmasin tag‘in, dedilar. Xo‘p, dedimu baribir o‘tiraverdim. Xuddi tashqariga chiqishim bilan bir narsa bo‘ladiganday tuyulardi. Oxiri dadam boshlari bilan ishora qilganlaridan keyin, o‘rnimdan turdim. Tashqariga chiqdimu, ba-ribir eshik oldidan nari ketolmadim. Ayamning gaplari aniq-tiniq eshitilib turardi.
— Bolalarni sizga, sizni Xudoga topshirdim, dadasi, rozi bo‘ling, — dedilar ayam. 
Dod deb baqirgim keladiyu, ovozim chiqmaydi. Hayal o‘tmay dadam bechora baqirib yubordilar.
— Ko‘zingni och, Musharraf!..
Bir pasda qiy-chuv bo‘lib ketdi.
Ichkariga otilib kirdim. Qarasam, hamma o‘zini yo‘qotgan, dovdiragan. Faqat dadam boshlarini egib, jimgina o‘tiribdilar. Ayam bo‘lsa, u kishining qo‘llarini ushlagancha, uxlab yotibdilar.
... Hikoyamni davom ettirolmay, o‘rnimdan turib ketdim. Miltirab turgan fonus tagidagi chelakdan bir piyola suv ichib, nafasimni rostlab oldim-da, o‘rnimga kelib o‘tirdim. Bu orada Hanifa opam ham ko‘zyoshlarini artib, o‘ziga kelib oldi. Ha, sho‘rlikkina-ya, deb qo‘ydi astagina.
— Bilasizmi, men baribir noshud ekanman-da, — dedim alam bilan. — Ayamning vasiyatlarini bajara olmadim. Ko‘rdingiz-ku, oldinma-ketin uchta ukamni topshirdik.
— Unaqa dema, singilcham, — dedi Hanifa opa siniq ovozda. — Bu sening qo‘lingdagi narsa emas, taqdir. Umrlari qisqa ekan. Endi Umarjon katta bo‘lsin, ishqilib.
— Aytganingiz kelsin, kecha-kunduz Xudoyimga yolvoraman, men o‘lib ketsam o‘lib ketay, Umarjonga umr bergin, deyman.
— Voy, Mohi, niyatni butun tilasang-chi. U nima deganing, sanam omon bo‘l, ukang ham katta bo‘lsin. O‘lib ketganing bilan yer to‘yarmidi?!
— To‘g‘ri aytasiz, opa, qo‘rqqanimdan shunaqa deyman-da. Bir kuni shu Umarjoningiz yuragimni yordi-da. Ikkovimiz ishkom tagidagi chorpoyada yotib-miz. O‘shanda qishloqqa bo‘ri oralab, qo‘ylarni yorib ketgandi. Esingizdami, o‘tgan yili shu paytlar edi-da. Vahimada yotib-turardik. Shu desangiz, yarim kechada turibmanu, uyqusirab, bilmayman nima xayolda, Umarjonni yaxshilab to‘shakka o‘rabman. Keyin o‘rnimdan turib, uni rosa qidiribman. Molxonayu qo‘yxona, bostirmalar tagini titkilab chiqibman. Oxiri yig‘lab, dadamlar yotgan uyga kiribman. Turinglar, Umarjonni bo‘ri obketibdi, hech yerda yo‘q, debman. Dadam bechora miltiq ko‘tarib, oybiyim fonus ko‘tarib, qidirishga tushishdi. Buta bormi, changalmi, taglarini qarab, ariq-zovurlargacha tushib, rosa izlashdi. Men izillab yig‘lagancha orqalaridan yuraverdim. Oxiri charchab, endi ertaga yorug‘da qidiramiz, bo‘lgancha bo‘ldi, deb orqaga qaytishdi. Men bo‘lsam, yana izlaylik, deb yig‘layman.
Oybiyim kelib, haligi biz yotadigan chorpoyaga o‘tirdi-da, birdan baqirib yubordi. Mana-ku, deb. Kelib qarasam, Umarjon maza qilib, hech narsadan bexabar uxlab yotibdi. Oybiyim boplab shapaloq tushirdiki, ko‘zlarimning olovi chiqib ketdi.
— Voy, berahm-ey, — dedi Hanifa opa boshini saraklatib.
Men kuldim.
— Bilasizmi, oybiyimni juda qattol deb o‘ylashadi. Lekin unaqa emaslar. Ko‘p urishadi, qarg‘aydi, to‘g‘ri, lekin hecham urmaydi. Urgani faqat o‘sha bo‘lgan. Ungayam o‘zim aybdor edim-da... Bilasizmi, nimaga urmaydilar, qo‘rqadilar. Sizlarni urib bo‘lmaydi, oqsuyaksizlar, deydilar. O‘sha bir shapaloq urganidayam, qo‘llari bir necha kun yelkasi aralash qaqshab, yurgan ekan... Ko‘p gapirib yubordim-a?.. Hanifa opa uyqungiz kep ketgandir-a?..
— Yo‘g‘-e, qaytaga uyqum qochib ketdi.
— Bilasizmi, ayam rahmatli haligi qo‘shiqni yaxshi ko‘rardilar. Hech kim yo‘qligida, bichish-tikish qilib o‘tirib, xirgoyi qilardilar doim...

Hanifa opa ikkimiz to‘shakka uzala tushib, xayol surib yotibmiz. Lekin, mening sirayam uyqum kelmasdi.
— Bitta narsa aytsam, kulmaysizmi, Hanifa opa, — deya gap qotdim o‘zimni tiyolmay.
— Kulmayman, aytaver, — dedi opam bechora ra’yimni qaytarmay.
— Har bitta odamning o‘z yulduzi bo‘ladi, deyishadi-ya?
— Shunaqa deyishadi. Odam o‘lsa yulduzi ham so‘narmish yoki teskarisimi, yulduzi so‘nsa odam o‘larmishmi, ishqilib...
— E, o‘limni gapirmang-e, opa, ha, eshiting-da, men aytamanki, har bitta odamda bittadan emas, har ikkita odamda bitta yulduz bo‘ladi.
— U nima deganing?..
— Ikki kishi, masalan, Ma’mura opam bilan Mahmud akaning bitta yulduzi bor. Baxt yulduzi.
— Voy zumrasha-e, — Hanifa opa tirsagiga tayanib menga qaradi. — Gaplaring odamning boshini aylantirib qo‘yadi-ya! Xo‘sh, mening tushunishimcha har bitta juftning bitta baxt yulduzi bo‘ladi. Shundaymi?
— Ha-da.
— O‘zi aytishadi-ku, har bir kishi jufti bilan yaratiladi, deb. Bundan chiqadi, ularning yulduzi ham azaldan belgilangan bo‘ladi, shundaymi?..
— Xuddi shunday, — dedim Hanifa opamni qiziqtirib qo‘yganimdan zavqlanib ketib.
— Unda qanday aniqlash mumkin, masalan, meni, yo‘g‘-e, Ma’mura opangdi yulduzini?..
— Buning yo‘li bitta, — dedim-da, o‘rnimdan turib, shiypon ustuni yoniga borib o‘tirib, yulduzzor osmonga tikildim. — Ular ikkovlashib izlashlari kerak. Ikkovining ko‘ziga baravar issiq ko‘ringan yulduz o‘shalarniki bo‘ladi.
— Biz birgalashib topib bersak bo‘lmaydimi?
— Bo‘lmaydi. Biz aralasholmaymiz. Opam xat yozsinlar. Maslahat so‘rasinlar Mahmud akadan.
— Aylanay senginadan, — dedi Hanifa opamning qulfi dillari ochilgandan ochilib. — Miyangda gap qaynab yotadi-ya!..  Aytmoqchi, sen o‘zing tanlaganmisan yulduzingni?
— Allaqachon.
— Rostdanmi, qani qaysi yulduzni tanlagansan, ko‘rsat-chi!..
— E, hozir iloji yo‘q. Hov tongga yaqin chiqadi u.
— Zuhro yulduzimi?
— Xuddi o‘sha! — dedim maqtanib.
— O‘sha Zuhro yulduzi ilgari senu menga o‘xshagan qiz bola bo‘lgan ekan-a.
— Yo‘g‘e, rostdanmi?!
— Ha-da, bilmasmiding?
— Yo‘-o‘q...
— Ana, sen bilmaydigan narsalar ham bor... Bo‘lmasa eshitgin. U kambag‘al bir dehqonning qizi bo‘lgan. Zuhroning go‘zalligini eshitgan podsho g‘oyibona oshiq bo‘p qopti-da, unga sovchi qo‘ydiribdi. Ota-onasi noilojdan rozi bo‘lishibdiyu, qiz rozi bo‘lmabdi. Sevgan yigitim bor, o‘shangga tegaman, debdi. Podsho g‘azablanib, uning sevgan yigitini topdiribdi-da, dorga osibdi. Dorning og‘ochi uzun, juda-juda baland ekan. Zuhro kechasi kelibdi-da, yigiti osilgan dor og‘ochiga tirmashib chiqaveribdi, chiqaveribdi, dorning boshiga yetibdi. Undan u yog‘i osmonga bir qadam yo‘l ekan. Tongda podshoning odamlari kelib, unga baqirib-chaqirishibdi, pastga tush, deyishibdi. Qiz ko‘nmabdi. Baribir u yoqda o‘tirib jon saqlolmaysan, tushasan bir kun, deyishibdi.
— To‘g‘ri, tushaman, qachonki yerda zo‘ravon podsholar yo‘qolib ketsa, keyin tushaman, — debdi-da, ko‘kka chiqib ketibdi. Ana o‘shandan beri har kun tong otarda chiqib, yerga mo‘ralab qarab qo‘yarmish...
— Voy bechoragina...
— Mohi, menam gapga uncha no‘noq emasmanu, lekin qog‘oz-qalam olishim bilan miyamda hech narsa qolmaydi. Bir enlik xat yozishim kun bo‘yi paxta chopiq qilishdanam qiyin bo‘p ketadi. Bo‘ldi, menga gap topib berding. Ana shularni yozib yuboraman.
— Rosttanam yozmoqchimisiz shu gaplarni? Aytmoqchi, kimga edi?..
— Ha, Samar akangga-da!.. Voy, nimalar deyapman, bilib qo‘yding-ku!..
Kulib yubordim.
— O‘zimam bilardimu, faqat o‘z og‘zingizdan eshitmoqchi edim-da!..
— Sen tushmagurdan bir narsani yashirib bo‘larkanmi, — dedi bechora Hanifa opam yengilganini tan olib. — Odamni gangitib qo‘yib, ichidagi gaplarni asta-asta chiqarib olasan.
O‘zlarini aniq ko‘rmayotgan bo‘lsam-da, suluvgina Hanifa opamning qip-qizarib, yanayam ochilib ketganlarini payqab turardim.
— Xo‘p, menga ayting, opa, — deya bidirlab yana davom etdim, — erta bir kun urush tugab, akalarimiz qaytdi deylik. Ular to‘g‘ri bu yoqqa kelishsa, bizlar bug‘doy o‘rib yoki bo‘lmasa, paxta chopiq qilib yotgan bo‘lsak. To‘g‘risini ayting, nima qilardingiz? Chiday olmasdingiz-a, to‘g‘ri borib Samar akaning bo‘yinlaridan achomlab olardingiz-a?..
— Voy-voy, xudo asrasin-a, — dedi Hanifa opa yuzlarini qo‘llari bilan bekitib. — Sharmanda qizning gaplarini qaranglar!..
— Men bo‘lsam shunday qilardim, — deb o‘rnimdan turdim, — to‘g‘ri borardim-da, mana bunday qilib, — deya ustunni quchdim, — Jo‘raxo‘ja akamni quchib olardim.
— Kim, Jo‘raxo‘ja?! — deb baqirib yubordi u.
Men voy deya bo‘shashib o‘tirib qoldim.
— Tentak qiz, axir uning oilasi bor-ku!..
Bir pas karaxtlanib o‘tirdim-da, keyin indamay o‘rnimdan turib, to‘shagim ustiga borib cho‘kdim.
— Uning oilasi bor-ku, jinnivoy, — dedi opam koyigan, shu bilan birga hamdardlik bildirganday bo‘lib.
— Bilaman, bor, — dedim o‘kinch bilan, — lekin unga ko‘ngli yo‘q.
— Qayoqdan bilasan ko‘ngli yo‘qligini?
— O‘zi aytgandi. Baribir urushdan omon qaytsam, birga bo‘lamiz. Seni o‘gay onangdi qo‘lidan opketaman, degandi.
— Bechora xotini umid bilan yo‘l qarab yuribdi-ku.
— Bilaman, — dedim quruqqina qilib, — lekin menam kutyapman. O‘n bir oydan beri xat-xabar yo‘q. Xotini nuqul yig‘laydi. Baribir o‘lgan, bo‘lmasa xat kelardi, deydi. Qaytangga chol-kampirni ezib yubordi. Men bo‘lsam, umuman yig‘lamayman. Borib bobom bilan enamni yupatib kelaman. Chunki, bilamanki, Jo‘ra akam keladi, sog‘-omon keladi. Menga aytib ketgan. Sizlar bilmaysizlar, u o‘sha oxirgi kuni oq otiga mindirib, o‘zi jilovidan tutib, shu yergacha piyoda opkelib qo‘yib ketgandi. Meni shu yerda kut. Albatta kelaman. Mana shu tulpo-rimda kelib, seni qishloqqa opketaman, degandi. Shuning uchun men hech qachon yomon xayolga bormayman. Faqat yaxshi niyat qilaman. Xudo aytgan ekanki, niyatingga yarasha beraman, deb. Mayli, u yig‘layversin. Lekin, men yig‘lamayman...
Hanifa opa menga unsiz tikilib qoldi-da, boshini saraklatdi.
— Darding qattiq ekan sen bechoraniyam!..
— E, opa, siz bilmaysiz-da, avval u menga sovchi qo‘ygandi. Dadam bermagandilar.
— To‘g‘ri-da, yosh bo‘lgansan. O‘n beshdamiding?..
— Yo‘q, uning uchunmas, oybiyimdan qo‘rqib yo‘q degan. Ularga dastyor kerak bo‘lgan-da. Keyin Jo‘ra akamning otasi biz chol-kampirlar yolg‘iz qolmaylik deb boshqa kelin qilishgan. Jo‘ra akam urushga ketayotgani uchun yo‘q deyolmagan. Men xafa emasman u kishidan.
— Voy qizaloq, qizaloq, bilasanmi, odamning havasi keladi senga, — deya Hanifa opa meni bag‘riga bosdi.
— Qo‘ysangiz-chi, men sizlarga havas qilaman. Buncha chiroyli bo‘lmasangizlar... Bilasizmi, Hanifa opa, — deya uning bag‘ridan chiqib ro‘parasiga o‘tirib oldim, — men mudom tushimda to‘y ko‘raman. Hammalaring baravariga kelin bo‘lgan bo‘lasizlar.
— O‘zing-chi, — dedi Hanifa opam sochlarini silab.
— E, men yoshman-ku, — dedim uyalib, — meniki keyinroq-da. — Ha, eshiting-da, shunday qilib tushimda to‘y ko‘raman-da, to‘yxona mana shu shiyponimiz bo‘ladi. Kuyovlar oppoq otlarga minib, chang-to‘zon ko‘tarib kelib qolishadi. Hammasi bir xilda askarcha kiyinishgan bo‘ladi. Keyin qishloqdan odamlar kelishadi. Hov anovi yerda doshqozonlar o‘rnatishadi. Gulxan yoqishadi. Atrofida o‘yin-kulgu boshlanadi. Lekin-chi, alam qiladigan joyi — tushimni hech oxirigacha yetolmayman. Miltiqlar gumburlab qoladimi-ey yoki manovi to‘qayga o‘t ketadimi-ey, ishqilib...
Shu payt qator tizilishib yotgan qizlardan biri boshini ko‘tardi.
— Hey, menga qaranglar, uxlagani qo‘yasizlarmi, yo‘qmi?!
— Voy, Ma’mura, uyg‘oqmiding, — dedi Hanifa opam uyalganidan o‘zini yo‘qotib qo‘yib.
— Rostini aytsam, men opamning uyg‘oq yotganlarini bilardim, — dedim ochig‘iga ko‘chib.
— Sen biyronchaning bilmaydigan narsaning o‘zi yo‘q, — dedi Ma’mura opam yolg‘ondaqa po‘pisa qilib. — Uyg‘oq edilar emish. G‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib uyg‘otib yubordilaring-ku!.. Essiz-a!..
— Ha, nimaga essiz deyapsan, — Hanifa opam qiziqsinib.
— Yaxshigina tush ko‘rayotgandim.
— Qanaqa tush ekan, Ma’mur?
— Tush-da.
— Ayta qoling, jon opa, — dedim erkalanib.
— Ha, mayli... Oq otlarni tush ko‘ribman, — dedi Ma’mura opam o‘ziga yarashgan sipolik bilan.
— Ana, Ma’mura opam ham oq otlarni ko‘rarkanlar, — dedim chapak chalib.
— To‘y bo‘layotgan ekanmi? — dedi Hanifa opam jilmayib.
— Ha, manovi jinqarchani erga berayotgan ekanmiz.
— Ho, bekor aytibsiz, aldamang!..
Ma’mura opa bir pas jim qoldi-da, keyin jiddiylashib davom etdi?
— Rostini aytsam, biyroncham, seni shiyponda qolishingga avval rozi bo‘lmagandim. Keyin o‘sha oybiyingni turtkilashidan nariroq bo‘lasan-ku, deb ko‘ngandim. Hozir o‘ylab qarasam, to‘g‘ri qilgan ekanman, — dedi opam ovozida mehr tovlanib. — Sen bizga judayam kerak ekansan.
Bu gaplardan moyday erib, ko‘nglim allatovur yumshab ketdi.
— Endi bilasanmi, nima, ozroq mizg‘ib olgin. Uyqung kelmayotgan bo‘lsa, alla aytib uxlatamiz, xo‘pmi erkatoyim. Hademay birgad bobong chaqirib kep qoladi. Tag‘in uyquni karaxtligi bilan bug‘doy o‘raman deb, qo‘l-po‘lingni kesib qo‘ymagin.
— Ha, mayli-mayli, uxlaymanu, lekin alla aytsalaring, uyalaman-da, — dedim tantiqligim tutib. — Kap-katta qiz bo‘lsam...
— Hech uyalma, kap-katta qiz emish, — dedi Hanifa opam erkalab. — Maza qilib yotavermaysanmi. Qaniydi mengayam birov shunday desa.
— Bo‘pti, bo‘pti, — dedim murosaga kelib. — Faqat bitta sharti bor. Alla aytinglaru, lekin avval shunday niyat qilinglar: urush tugagan, erlaringiz...
— Nima?! — deb yuborishdi ikki opam ham baravariga.
— E, kechirasizlar, — deya darhol xatomni tuzatdim, — yigitlaringiz eson-omon kelishgan. Gumbur to‘ylar o‘tgan. Oradagi to‘qqiz oy ham o‘tgan...
— Ha, tushmagur, to‘qqiz oyniyam biladi, — dedi Hanifa opam zavqlanib.
Men davom etdim:
— O‘g‘ilmi, qizmi — do‘mboqchalaringiz qo‘llaringizda. Sizlar alla aytayapsizlar, bo‘ptimi?!
Taklifim yoqib ketdimi, bo‘pti, bo‘pti, dedi opalarim kulishib. Keyin galma-galiga alla aytishib, meni uxlatishga kirishishdi...

Lekin, men uchun alla aytishib, o‘zlari uxlab qolishdi. Bechora opajonlarim rosa charchashgan-da. Ha, mayli, endi menam uxlayman. Bo‘ldi, rosa sannadim. Lekin, yaxshi bo‘ldi-da, ancha ko‘nglimni bo‘shatib oldim. Emasam ichim yorilib ketardi-da!.. Hanifa opam koyimadi, demak tushundi. Ma’mura opamning pishiqligini-chi. Uxlagan kishi bo‘lib hammasini eshitib oldi-ya. Biladi-da, o‘ziga ikki dunyodayam aytmayman bu gaplarni... Shu ishim to‘g‘ri bo‘ldimikan, ishqilib? Ma’mura opam tiliga mahkamku-ya, Hanifa opam soddalik qilib og‘zidan gullab qo‘ysa, keyin quloqma quloq o‘tib, vuy... butun qishloqqa yoyilsa-ya!.. Jo‘ra akamning uyidagilar eshitsa, yangam arazlab ketib qolsa! Shar-mandalik! Hammadan burun bechora cholu kampirning holi ne kechadi!..
Qo‘rquvga tushib, etim bir uvishdiyu, o‘zimni qo‘lga oldim. E, xudo asrasine, unchalikka bormas... Har holda Hanifa opamga tayinlab qo‘ysam tuzuk. Birovga aytib qo‘ymasinlar...
— Hanifa opa... Opa, — dedim sekingina. 
Lekin, endi chindanam uxlab qopti shekilli, opam qimir etmadi. Ha, mayli, ertaga aytarman. Endi o‘zimam yotsam bo‘lar. Xiyol charchaganday bo‘lyapman...

Bir chimdim uxladimmi, yo‘qmi, xuddi birov turtganday uyg‘onib ketdim-da, shu zahoti shiyponning kun chiqar tarafida charaqlab turgan yulduzga ko‘zim tushdi. Quvonib ketdim. Jo‘ra akam!
— Assalom, Jo‘ra aka!
— Salom, Mohi! Ozroq dam ololdingmi?
— Ha, rosa. Birgad bobo haligacha kelmabdimi?
— Bir oz kechikkan ko‘rinadi. Shunisiyam ma’qul, bafurja gaplashib olamiz.
— E, nimasini aytasiz, shunchalik orzu qilamanki, biror kungina saharda o‘roqqa tushmasak, deb. Yo‘q, sahar mardondan chaqirib keladi, azamatlarim, polvonlarim, deb. Lekin, o‘zi juda yaxshi odam, hech kimning dilini og‘ritmaydi. E, narigi qishloqda Farmon birgad degani bor ekan, ot minib yurarkan. Qamchisidan qon tomadi, deyishadi. Jabbor amakimiz beozor odam. Hech kimni tindirmaydiyam, xafayam qilmaydi. Bir qo‘lini bo‘yniga bog‘lab olgan, urushdan nogiron bo‘lib kelgan. Kechasi yo azonda bug‘doy o‘rib ketaveramiz, u kishi yigirma-o‘ttiz qadam oldinda ovoz berib turadi. O‘zini ko‘rmaymizu, ovozidan mo‘ljal olib, o‘rib boraveramiz. Aytadiki, mana shu men turgan yer marra, shu yerda miriqib bir dam olib olamiz, deydi. Qancha g‘ayrat qilsak ham haligi marraga yetishimiz qiyin bo‘p ketadi. Nega desangiz, bizlarga sezdirmay, sekin-sekin orqasiga tisarilib boraverarkan-da. Buni opalarim sezishsa ham xafa bo‘lishmas ekan. Xafa bo‘lish ham o‘rinsiz-da, baribir ertami, kechmi, o‘zimiz qiladigan ish. Tezroq tugatsak yaxshi-da! Negadir bugun kech qolyaptilar, tinchlikmikan ishqilib?..
— Keladi, xavotir olma.
— Bularga qo‘shilganimga yigirma kuncha bo‘p qoldi. O‘tgan yili, avvalgi yillar yoshsan deb, meni o‘zlariga qo‘shishmas edi. E, biram yaxshi-ku ular. Ayniqsa, Ma’mura opam bilan Hanifa opam ikkovlari. Qarang, o‘rtalariga olib yotishibdi meni. Dalada ham shunday. Ehe, ish shunaqa ko‘pki, hali birgad bobo kelsa, borib choshgohgacha bug‘doy o‘ramiz. To‘g‘ri, qishloqdanam ayollar, keksalar, bolalar keladi. Lekin, ular tong yorishgach kelib, quyosh botar-botmas qaytib ketishadi. Asosiy yuk bizlarning bo‘ynimizda, ana shu o‘n ikki qizning bo‘ynida. Aytmoqchi, Hanifa opamning ukasi Safarjonni bizga ko‘z qilib qo‘shib qo‘yishgan. Har tugul o‘g‘il bola-da, qizlar yolg‘iz qo‘rqib yurishmasin, deyishgan-da. Shunday qilib choshgohgacha bug‘doy o‘ramiz-da, keyin paxta chopiqqa tushamiz. Kechqurungi salqinda yana o‘rimni boshlaymiz. Kun qizig‘ida bo‘lmaydi, boshoqlar quruqshab, don to‘kiladi. Bir haftacha burun arpa o‘rimini tugatgandik. Hali bug‘doyni yig‘ishtirsak, sholi o‘rim boshlanadi. Undan tashqariyam bir-ikki kun daryo to‘sishga opketishdi. Bu yil daryo damba-dam to-shib turibdi, yuqoridagi qishloqlardan bir-ikkita uylarni olib ketdi... Ha, yana go‘ng tashitishdi, dori maydaladik. Hali yoz oxirida har xil hasharlar chiqadi, tomsuvoq deyishadi, xirmonjoy hozirlash deyishadi. Keyin u yog‘iga paxta terimi boshlanadi. Hammasiga biz ko‘ndalang bo‘lamiz. Birgad bobo shu-ning uchunam mudom alqab yuradi-da, polvonlarim, deb... Nega indamay qoldingiz?.. Yo‘q, hecham qiynalmayman, ko‘nikkanman. Undan tashqari hozir kimgayam oson. O‘zingiz ko‘rib yurgandirsiz, u yoqlarda yosh qizlargacha miltiq ko‘tarib, urushib yurganmish-ku! Keyin yana bir gap: avvallari manovi to‘qayzorga qarab yuragim haros olib yurdi. Kechasi hammadan burun yotib olmoqchi bo‘lardim, aksiga olib uyqum qochib ketardi. O‘zi qiziq-da, nega endi manovi shiyponni ovloqdan ovloqqa olib kelib qurishdi ekan. Shiypon degani dalalarning o‘rta bir yerida bo‘lguvchi edi. Bu esa dalalar tugagan joyda, to‘qayzorga taqab qurilgan. To‘qayning bosh-adog‘i yo‘q. Unga oralash tugul, bir chekkasidan qarab tursangizam seskanasiz. Xuddi allambalolar chiqib kelayotganday bo‘laveradi. Lekin, bekorga cho‘chib yurgan ekanman. Qo‘rqmaslik kerak ekan. Hanifa opam aytdiki, u yoqqa qaramagin ham, o‘ylamagin ham, dedi. Sabil qolgur, qaramayman deb qancha tirishsam ham ko‘zim o‘z-o‘zidan tushavera-di. Oxiri yo‘lini topdim. Yuragimni botir qildim-da, to‘shakka o‘ranib olib, to‘qayga tikilib yotaverdim, yotaverdim. Qiziq, asta-sekin to‘qayning vahimasi yo‘qolib, yuvosh tortib qoldi. Hatto ba’zida, bu yoqqa kel, qizalog‘im, deb chaqirayotganday ham bo‘ladi. Shu, bir aylanib charx urib chiqsammi, deb qo‘yaman ham o‘zimcha... Ha, sizga aytmoqchi bo‘lib yurgan yana bir narsam, o‘tgan yili mana shunaqa paytlar bitta voqea bo‘lgan ekan. Lekin qizlar kelishib olib, hech kimga hech narsa deyishmabdi. Menga Hanifa opam aytib berdi... Bir kuni yarim kechasi qizlar uyg‘onib ketib qarashsa, boshlari tomonda bir miltiqli kishi o‘tirganmish. Qiy-chuv qilib, burchakka tiqilib olishibdi. Haligi odamning soch-soqollari o‘sib ketgan, egni-boshi allatovur. Lekin ko‘zlari jiqqa yosh emish. Avval rosa qo‘rqishgan bo‘lsa, keyin hayron bo‘lishibdi. Mendan qo‘rqmanglar, debdi haligi odam, to‘g‘ri, urushdan qochib yuribman, lekin nomardlikdan, qo‘rqoqlikdan bunday qilmadim, debdi. Men gulday qizlarini bunday vahshiy to‘qayzorga haydab qo‘ygan hukumat uchun qon to‘kishdan or qilaman, xolos, debdi. Haligi odamni tanishibdi-yu, lekin qishloqdagilarga aytishmabdi. U boshqa ko‘rinmabdi. Urushga qaytib ketgan bo‘lsa kerak, deydi Hanifa opam. Chunki, o‘sha kuni qizlardan biri uning orqasidan borib, bir narsalar deb yig‘lab-yolvorganmish. Qizning kimligini aytmadi opam. Hechqisi yo‘q, hali bilib olaman...
Xullas, ana shunaqa gaplar, Jo‘ra aka... Siz nima deb o‘ylaysiz, haligi odamning gapi to‘g‘riga o‘xshaydiyu, lekin urushdan qochib yurishi baribir noto‘g‘ri-da, shunday emasmi?..
— Shunday. Umuman, men ham bu yerlarda ko‘p narsalarni ko‘rdim, ko‘zim ochildi. Nasib qilsa, hali aytib beraman. Menimcha ham ayol zotini bunaqa himoyasiz tashlab qo‘yish yaxshi emas, gunohi azim!
— Himoyasiz emasmiz-ku. Masalan, men uchun mana siz borsiz. Qo‘rqmayman.
— Mohiginam, sen haliyam go‘daksan. Axir men sendan qanchalar olisda ekanimni bilasanmi?! Men bor-yo‘g‘i yulduzman, olis bir yulduz! Xudo ko‘rsat-masin, senga bir narsa bo‘lsa, qo‘limdan nima keladi? Jovdirab, mo‘ltirab turaverishdan boshqasiga yaramayman-ku!
— Unaqa demang. Qancha olisda bo‘lsangizam, mayli. Faqat omon bo‘ling. Sizning bu dunyoda borligingizning o‘zi menga yetadi. Eh, bilmaysiz-da, ayniqsa shu kecha-kunduzlar men charchash nima¬ligini, g‘am-tashvish nimaligini bilmayman. Hamma hayron bo‘lib qaraydi, havas bilan qaraydi. Sababini tushunishmaydi. Men bo‘lsam, sababini aytib, butun dunyoga jar solgim keladi, baxtimni ko‘z-ko‘zlagim keladi... Haligina siz haqingizda opalarimga aytib berdim. Meni to‘g‘ri tushunishdi, hatto havaslari keldi... Jo‘ra aka, negadir bezovtasiz?..
— Brigadiring hayalladi. Tezroq kelsa bo‘larmidi...
— Kep qolar... Voy, Jo‘ra aka, nima u? Bir narsa irillaganday bo‘ldimi?.. — Atrofga alangladim, ko‘zim hech narsa ilg‘amadi. — E, o‘lsin, daydi itlar bo‘lsa kerak...
— Qo‘rqma, Mohi, — dedi Jo‘ra aka, ovozida qo‘rquv tuydim. — O‘zingni bardam tut.
Nimadir yana irilladi, ketidan uvlab yubordi. Qalin to‘qayzor chekkasidagi qamishzor bezovta chayqalib, ularning ostidan ikki ko‘lanka sirg‘alib chiqdi. Etim muzlab, titrab ketdim.
— Voy, bo‘ri-ku, Jo‘ra aka, ikkita bo‘ri!..
— Ha, bo‘ri. Lekin sen qo‘rqma, aytganimni qil!
Bo‘rilar to‘qay chekkasida dikkayib o‘tirishdi, shiypon tarafga qarab irillab qo‘yishdi. Tishlari yarqirab ketdi.
— Vuy, Jo‘ra aka, ular meni ko‘rdi. Nima qilay?..
— U yoqqa qarama. Ma’murani uyg‘ot, Hanifaniyam!..
— Xo‘p. Ma’mura opa, opa, turing. Tez turing!..
Ma’mura opam ko‘zini ochdiyu, nima bo‘ldi ham demay, o‘rnidan sapchib turdi. Chunki, xuddi shu mahal bo‘rilar yana uvlab yuborishgan, opam darhol ahvolni tushungandi. Uning birinchi qilgan ishi, darhol shiypon chekkasiga bordi-da, u yerda qalashib yotgan ketmonlardan birini qo‘liga oldi. Keyin bo‘rilar tarafga sinchiklab tikildi. Men ancha yuragimni bosib olib, Hanifa opamni uyg‘ota boshladim.
— Hanifa opa, turing, tez bo‘ling...
— Ha, ha, nima gap, birgadmi? — dedi u uyqusirab.
— Yo‘q, birgadmas, turing, ko‘rasiz.
— A, nimani ko‘raman, Ma’mur, nima u, bo‘rimi?! Voy, o‘lay, bo‘ri, endi nima qilamiz!..
— Hanifa, sekin. Qo‘rqmagin, Safarni uyg‘ot, — dedi Ma’mura opam bosiqlik bilan.
Lekin bo‘rilardan ko‘zini uzmadi. Bo‘rilar bezovtalanib, to‘qay chekkasida izg‘ishar, nimagadir bir-biriga qarab irillab qo‘yishardi. Hanifa opam boshigacha burkanib olgan ukasini turtkilay boshladi.
— Safar, Safarjon, tur, ukajon, turgin...
Safar qimir etmasdan yotardi. Oxiri Hanifa opam baqirib yubordi.
— Tursang-chi, Safar o‘lgir!..
— Sekin, boshqalarni qo‘rqitib yuborasiz, opa, — dedim dag‘-dag‘ titrab.
— To‘g‘ri, hech kim vahimaga tushmasin, Mohi, — dedi Jo‘ra akam quvvatlab. — Endi boshqalarni ham uyg‘otinglar. Ma’murani to‘xtat, u yoqqa bormasin.
Qarasam, Ma’mura opam qo‘lida ketmonni mahkam tutgancha, shiypondan tushyapti.
— Ma’mura opa, to‘xtang, unday qilmang.
Mohi, gulxan yoqinglar, g‘o‘zapoyani yoqinglar, — dedi Jo‘ra akam yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishda davom etib.
— Ma’mura opa, gulxan yoqamiz, bo‘rilar olovdan qo‘rqishadi.
Ma’mura opam ortiga qaytdi. Ustunga osig‘lik fonusni qo‘liga olib, piligini ko‘tardi. Keyin bo‘rilarga po‘pisa qilganday, fonusni serpay boshladi. Bo‘rilar unga qarab tek qotishdi. Ko‘zlari yonib, bir-ikki irillab qo‘yishdi. Men shiypon biqinidagi g‘o‘zapoyalardan ikki bog‘ini sudrab kelib, opamning oyog‘i tagiga tashladim.
— Opa, gugurt bering.
Opam nimchasi kissasidan gugurt olib uzatdi-da, yana fonusini silkita boshladi. Hanifa opam o‘zini yo‘qotib qo‘ygancha, yig‘lamsirab, Safarni turtkilardi.
— Mohi, Safarni tinch qo‘yinglar, u turmaydi.
— Xo‘p, Jo‘ra aka. Hanifa opa, Safarni qo‘ying, boshqalarni uyg‘oting, — dedim gugurt chaqib, gulxan yoqishga tutinarkanman. — Hey turinglar, kelinglar bu yoqqa!. 
Ma’mura opam ham menga yordamlasha boshladi. Hayronman, kap-katta opalarim men nima desam bajarishyapti. O‘z-o‘zidan ularning kattasiga aylanib qolgandim. G‘o‘zapoya buruqsab bir tutun chiqardi-da, keyin charsillab yona ketdi. Men botirlanib, yana ikki bog‘ g‘o‘zapoyani sudrab keldim.
— Barakalla, Mohi. Ana shunday, qizlarga ayt, hech kim shiypondan uzoqlashmasin.
Avvaliga qiy-chuv qilib, shiyponni boshlariga ko‘targan qizlar, o‘zlarini bosib olishib, gulxan yoniga kelib, bo‘ridan hurkkan qo‘ylardek g‘um-g‘uj bo‘lib olishdi. O‘ttiz qadamcha narida esa ikki bo‘ri dikkayib o‘tiribdi. Ko‘zlari olov yolqinida yonib-yonib ketadi.
— Vuy, Ma’mura, ulardi ko‘ziga qara, yonib boryapti, — dedi Hanifa opam dag‘-dag‘ titrab.
Shu payt bo‘rilar o‘rnidan qo‘zg‘alib, u yoq-bu yoqqa yura boshladi. Qizlar qiy-chuv ko‘tarib yuborishi bilan, yana tek qotishdi.
— Ularga qaramanglar, Mohi, Qarshiboy deb baqiringlar!..
Osmonga qaramasam-da, bechora Jo‘ra akamning jovdirab, titrab-qaqshab borayotganini his etib turardim.
— Ma’mura opa, Qarshiboy deb baqiraylik, — dedim Jo‘ra akamning fikrini darhol ilg‘ab olib. — Bo‘rilardi jag‘i qarishib, og‘izlarini ocholmay qolishadi.
Tavba, opalarim yana so‘zsiz bo‘ysunishdi. “Qarshiboy”, “Qarshiboy” deb baravariga baqira boshlashdi. Qarasam, bechora Safar ham yonimizga kevolib, “Qarshiboy”, “Qarshiboy” deb turibdi. O‘zim ne ahvoldamanu, uning qilig‘idan kulgim qistaydi.
— Mohi, dadil bo‘l, gulxanni balandroq gurlatinglar. Yanayam!..
— Xo‘p bo‘ladi, Jo‘ra aka!..
Chopqillab borib, yana g‘o‘zapoya keltirdim. Darhol bog‘ini uzib, olov ustiga yoyib tashladim. Uzun tayoq bilan olov bag‘rini ochib, qo‘zg‘atdim. Gulxan shiypon baravar bo‘lib, har yoqqa uchqun sachratib, lovullay ketdi. Bundan ruhlangan opalarim yanada avjlanib, baqira boshlashdi. Ba’zilari ketmonu o‘roqlarni olib, bir-biriga urib, daranglatishga tushishdi. Shovqin-surondan hurkish-dimi, olovdan qo‘rqishdimi, haytovur bo‘rilar birin-ketin changalzorga kirib g‘oyib bo‘lishdi...
Atrof tinchib qoldi. Gulxan ham vazifasini bajarib bo‘lib, pasaya boshladi.
— Mohi, endi bir kosa muzday suvdan simirgin-da, yotib uxla. Xatar o‘tdi, — dedi Jo‘ra akam yengil tin olib.
— Xo‘p bo‘ladi!..
Jo‘ra akamning aytganini qildim-da, sekin borib to‘shakka uzandim. Opalarim kelib, atrofimga davra olib o‘tirishdi. Ular allato‘sin ma’yuslanib, menga ko‘z tikib o‘tirishar, bir og‘iz ham so‘z qotishmasdi. Qaysi biri bir chekkada piq-piq etib yig‘lardi. Shiyponning kun chiqar tarafida, osmon etagida, bir o‘zginasi horg‘in miltirab turgan yulduzimga ko‘z tikkancha, uxlab qoldim...

O‘ngimdami, tushimdami Jabbor akaning kuyib-pishib gapirayotgani qulog‘imga kira boshladi.
— Ha, Xudo bir asrabdi. Kechasi bilan ko‘nglim alag‘da bo‘lib chiqdi-ya. Besabab emas ekan-da. Bo‘ldi, hoziroq raisga chiqib aytaman. Qishloqdagi hamma ishimni yig‘ishtiraman-da, shiyponga borib yotaman, deyman. Invalid holimda menam qishloq bilan shiypon o‘rtasida uloq bo‘ldim. Boz ustiga kechasi bilan xayolim sizlarda. Bo‘ldi-e, menga desa!.. O‘zi shu kunlar qonimga tashna bo‘lib yuribman. Har kuni noxush bir xabar!..
— Yana qanaqa xabar?..
Bu Hanifa opamning ovozi edi.
— Sahar payti bu yoqqa otlanib tursam, hamsoyamizdikida qiy-chuv bo‘lib qoldi.
— Nimaga?..
— Nimaga bo‘lardi, Jo‘raxo‘jadan qora xat kelibdi.
— Amaki, jim bo‘ling, gapirmang!..
— Xo‘p, qizim, xo‘p...
Endi tushundim, eshitayotganlarim o‘ngimda ekan. O‘rnimdan sapchib turdim.
— Nima dedingiz? Kimdan dedingiz? Jo‘ra akam?.. Yolg‘on, yolg‘on deng!
— Yolg‘on bolam, men shunchaki... — dedi Jabbor amaki dovdirab.
— Jo‘ra akam tirik. U o‘lmaydi. O‘lmasligi kerak!..
Shunday dedimu, yana uzala tushdim...

Birdan yengil tortdim. Tanam bir hovuch parga aylandi. Ucha boshladim. Uchayapman, uchayapman, shiyponimiz pastda qolib ketdi. Opalarim pastda qolib ketdi. Bunday qarasam, shiyponimiz gugurt qutichadaygina bo‘lib ko‘rindi. To‘qayzor esa, bosh-adog‘i yo‘qday, vahimali bo‘lib yotardi. Bir parchagina joy ekan-ku. Naryog‘ida anovi ilonizi bo‘lib ko‘ringani daryodir-da. Kichkina ariqcha ekan bor-yo‘g‘i... Shunchalik balandga chiqib ketibmanmi?.. Vuy, birdan tushib ketsam-a!.. Yo‘q, tinmasdan uchib, balandlab ketyapman. Oxiri yer ko‘rinmay qoldi. Hamma yoq osmonga, o‘zim yaxshi ko‘radigan yulduzzor osmonga aylandi. Birdan quvonib ketdim, zavq-shavq bilan qanot qoqdim. Uchishim tezlashdi.
Yulduzlar ham menga qarab shitob bilan kela boshlashdi. Tag‘in birortasiga urilib ketmasaydim, deb xavotirga ham tushib qo‘ydim. Qayoqda! Hech ularga yetolmasdim. Tavba! Keyin eslab qoldim: eshitgandimki, yulduzlarga yetish uchun oylab, yillab, hatto asrlab uchish kerak, deb... Menam rosa uchdim. Eh-he, necha zamonlar o‘tib ketdi oradan... va nihoyat yulduzlar makoniga yetdim. Yetdimu, lekin o‘zimizning, Jo‘ra akam ikkimizning yulduzimizni topolmadim. Izlayverib, har bir miltiragan cho‘qqa qarayverib, ko‘zlarim tolib ketdi. Keyin men behudaga buncha balandlab ketganim, u osmon etagida ekani yodimga tushdi. Mo‘ljal olib, pastga endim. Yana necha bir zamonlar oradan o‘tib kichik bir tepalik ko‘zimga chalindi. Dastlab borganim sari tepalik deganim ulkan toqqa aylandi. U ana shu tog‘dan bir nayza bo‘yigina yuqorida bo‘lishi kerak... Yo‘q, xira, nursiz yulduzchalar behisobu, ammo u yo‘q. Ha, demak uni pastdagilar urib qulatishgan. Toqqa qulab tushgan. Tog‘ bag‘irlab uchib qidirdim. Qidira-qidira etakka yetdim. Bemajol yerga qo‘ndim. Qarasam, bir buloq bo‘yida o‘n bitta opam qator tizilib o‘tirishibdi. Yonlariga borib qo‘shildim. O‘n ikki qiz bo‘ldik. Hammamiz oppoq harir ko‘ylakda.
— Nima qilib o‘tiribsizlar. Yoki sizlar ham...
— Ha, biz ham o‘z yulduzimizni izladik, — dedi Ma’mura opam.
— Topdingizmi?..
— Yo‘q, hech qaerda yo‘q, — dedi Ma’mura opam uf tortib, — yerda ham, u yoqda ham...
— Siz-chi, Hanifa opa, siz topdingizmi?
— Topmadim, biyroncham, hammasi behuda ekan, — dedi Hanifa opam ko‘zida yoshi bilan iljayib.
— Ha, hammasi!.. — dedi Ma’mura opam qo‘l siltab. — Shuncha yelib-yugurib, uchib-qo‘nib yetib kelgan manzilimiz shu yer bo‘ldi. Ega bo‘lganimiz mana shu taxir suvli buloq bo‘ldi!..
— Taxir ekanmi suvi? — dedim tashnalikdan tamshanib.
— Ha, taxir. Ishonmasang ichib ko‘r, mana, — dedi Hanifa opam iljayib.
Ichdim.
— Voy, buncha achchiq!..
Hanifa opam xandon otib kuldi.
— Qismating bu, qismating! Ichaver!..
— Ich, yana bir qultum ich, — dedi Ma’mura opam ham bir piyola suv tutib.
— Ich, ko‘nikib qolasan, — dedi Hanifa opam qistab.
— Yo‘q, icholmayman, — deya o‘rnimdan turdim.
— Ichasan, ichasan, — dedi Hanifa opam zug‘um bilan.
Keyin majburlab og‘zimga qultillatib quydi. A’zoi tanamda og‘riq va titroq qo‘zg‘aldi. Toshday og‘irlashib, buloq bo‘yiga yiqildim...
— Ko‘zingni och, Mohi, — degan ovoz qulog‘imga chalindi.
— Manovi suvdan ich, — dedi boshqa bir mehribon ovoz.
— Yo‘q, icholmayman, achchiq, — dedim piyola tutgan qo‘lni nari itarib.
— Nega achchiq bo‘larkan, jinnivoy, ichib ko‘r-chi, mana bir qultumgina ich.
Labimga muzday bir narsa tegdi, shiringina... Qult etib yutindim. Va shunda zilday qovoqlarim o‘z-o‘zidan ochilib ketdi.
Dastavval boshimda tizilib, yig‘lamsirab turgan opalarimga, keyin... rangi bo‘zday oqarib borayotgan yulduzsiz osmonga ko‘zim tushdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.