OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. O'zbek Otellosi (hikoya)

Turon mamlakatining hukmdori Alp Er hoqon yolg‘iz o‘g‘li yigirma besh yoshga to‘lib, “Er” atanishi munosabati bilan yig‘ilganlarni birrov ko‘zdan kechirib, izdihom oldida qo‘l qovushtirib turgan o‘g‘liga ko‘z tikdi:
– Ko‘k Tangriga shukurki, biz butun Sharqu G’arbni o‘z atrofiga birlashtirgan oq xunlar avlodimiz, ulim! Manovi Oqsaroyimizning boshidan nur sochib turgan Momo Oftobimiz bilan uning poyiga bosh urib turgan oppoq otovimiz – Orol, bepoyon quruqlikning qoq o‘rtasidagi yopiq dengiz, chuchuk suv, obi hayotning haqqi-hurmati shuni ro‘y-rost aytamanki, Siz, ulim, Ko‘k Tangrining bizga bergan buyuk ehsoni, umid chirog‘imiz, ushalgan va ushalajak orzuimizsiz! Shuning uchun ham bundan yigirma besh yil avval sizga “OTOVUL” deb ot qo‘ygan edim! Erta bir kun ulim er yetganida shu otovimizga munosib ul bo‘lsin, Turon tangriqutlari mulkiga chinakamiga ega bo‘lsin deb edim! Men endi qaridim! Mana, Ko‘k Tangriga shukurki, siz ham Er atanib, har tomonlama yetuk, barkamol avlod, kiroyi erkak bo‘lib turibsiz. Endi o‘z otingizni oqlab, yana bir ota, shu otovimizning egasi, tom ma’nodagi otovul bo‘lish vaqtingiz yetib keldi. Endi Siz ham oila qurmog‘ingiz kerak! Xohish bildirsangiz bas, qo‘l ostimdagi jamiki bo‘ysira qizlarni ko‘z oldingizda kiprikdek tizilishtirib qo‘ymog‘im mumkin, toki ular orasidan ko‘nglingizga yaqin o‘z tengingizni toping-da, siz ham oila quring endi! Erta bir kun onangiz bilan meni nevara ko‘rish baxtiga yetkazing-da, axir, ulim! Manovi Oqsaroyimizni qurshab turgan Tuproqqal’a, uning atrofidagi Ellik qal’a, ularning ham atrofidagi ellik ming qishloqlarimizda shunaqangi go‘zal qizlar bisyorki, ularning oldida afsonaviy pari-paykarlar ham ip esholmay qoladi!..
Turon xoqonining yolg‘iz o‘g‘li yig‘ilganlarning ko‘z oldida tiz bukib, qo‘lini ko‘ksiga qovushtirdi:
– Bir qoshiq qonimdan kechingiz, ota! Men uylanmayman deyotganim yo‘q. Uylanib, sizning orzu-umidlaringizni ushatish men uchun ham farz, ham qarz. Lekin siz ham mening ko‘nglimga qarang-da! Avvalo shu savolimga javob bering-chi! Men tinglagan aksariyat ertaklaru dostonlarimizda qahramonlar nega o‘z ovuli, qishlog‘i, kentu shahri, hatto mamlakatidan uylanib qo‘ya qolmaydi-da, baxtini qidirib butunlay boshqa mamlakatlarga safar-sayohat qiladi, xo‘sh?.. Men bu asarlar qahramonlaridek Qalmoqqa, Ko‘hi Qofga, Vayanganga, boshqa shular kabi ilgari borilgan ma’lumu mashhur manzillarga yana bormoqchi emasman, balki ularning hammasidan oshib ketmoqchiman. Dunyoning eng chekkasidagi butunlay noma’lum bir mamlakatga borib, dunyodagi eng bokira go‘zalni topsam-da, sizga munosib kelin qilib olib kelsam deyman! Birov yurgan yo‘ldan yurib o‘tishni emas, hech kim yurmagan yangi yo‘l topishni, o‘z baxtimni o‘zim ana shu yangi yo‘ldan qidirib ko‘rishni istab turgan bo‘lsam, nega siz mening shu istagimni qo‘llab-quvvatlamasligingiz kerak, ota, hech tushunmayapman?! Avvalo shu istagimga yetishim uchun izn bering! Keyin menga oq yo‘l tilab duoi fotiha qiling, Sizdan iltimosim shu!..
Alp Er hoqon beixtiyor taxtidan sapchib turib, asabiy etak silkidi:
– Yana shu gapmi, ulim?! Sizga nima yetishmaydi o‘zi?! Istagan narsangiz muhayyo, mamlakatimning eng go‘zal, eng oqila qizlari sizga umr yo‘ldoshi bo‘lishni orzu qilib turgan bo‘lsa! Shu quruqlikning qoq o‘rtasidagi ulkan suvlik – Orol – otovimiz – bizning dunyomiz, axir! Bu dunyodan bosh olib ketib, yangi bir dunyo ochish... xo‘sh, aynan sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?! “Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi” degan ota-bobolarimiz! Quyruqning o‘zi ana o‘sha uzoqlarda bormi-yo‘qmi, buyog‘i ham noaniq bo‘lsa!.. Nima qilasiz o‘z boshingizni o‘zingiz xatarga qo‘yib, bizni yo‘lingizga zor-intizor, o‘zingizni sarson-sargardon qilib?!.
Otovul ham tiz cho‘kkan joyidan turib, qaddini kerdi-da, otasiga yovqur qarash qildi: 
– Meni uzoq yo‘ldan qaytaraman deb bekorga ovora bo‘lyapsiz, ota! Ajdodlarimiz nafaqat Turonzamin, butun Chin-Mochin, Hindu Sindni kezib chiqqanida, hattoki ulkan qit’amizning tor bo‘ynidan yurib butunlay yangi bir qit’aga o‘tib, shu yoqlarda yashab qolganlarida... nega endi meni o‘zingizning mayda qadamlaringizga bog‘lab tashlashga urinyapsiz o‘zi?! Axir, men o‘sha uzoq ajdodlarimizdek boshqa qit’aga butunlay o‘tib ketmoqchi emasman-ku! Nihoyati o‘z qit’amizning kunbotariga qarab yo‘l yurib, uning narigi chekkasiga bormoqchiman, xolos! Oq xunlarning ko‘nglidek oppoq yalovini qit’amizning narigi chekkasiga oborib qadab kelsam, nima, shu yomonmi?! Boz ustiga, ko‘ngli o‘zimizning ko‘nglimizdek oppoq, bu dunyodagi eng bokira go‘zalni sizga kelin qilib olib kelmoqchiman-ku!.. Nur ustiga a’lo nur deganlari mana shu emasmi, ota?! Yonimda o‘zimga yetgulik qorovul, yasovul, bakovul, shig‘ovul, hirovullarim bo‘lsa! Bosh ustimizda – Ko‘k Tangri bilan Momo Oftob, tagimizda – uchqur qorabayir otlarimiz, nortuyalar ustida – o‘tovlarimiz, ko‘ngillarimizda – dunyoni ko‘rish-bilish, iloji bo‘lsa, yerning kindigini topish ishtiyoqi bo‘lsa!.. Siz nega bu ishtiyoqimizni so‘ndirishga urinyapsiz o‘zingizcha?! Shu ishingiz butun umrini ot ustida o‘tkazgan Turk Otamiz bilan Yofas Otamizga munosibmi, axir, ota, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring?!.
Alp Er hoqonning qoni qaynab, beixtiyor jumbushga keldi-da, asabiy bir qat’iyat bilan qo‘l siltadi:
– Mayli, ulim, Turk Ota bilan Yofas Otani o‘rtaga qo‘yib turibsizmi, endi shu turk budunning ko‘z oldida sizga oq yo‘l tilab, Ko‘k Tangridan panoh so‘rab duo qilmasam, Turon hoqonlariyu xun tangriqutlarining asriy taomillariga zid ish qilgan bo‘laman! Mayli, toleingizdan ko‘ring endi!.. Iloyo yo‘lingiz oq, boshingiz toshdan bo‘lsin, ulim! Oy borib, omon qayting! Volidangiz, butun el-ulus bilan birga ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib yo‘lingizga ko‘z tikib yashaymiz endi! Boshingiz ikkita bo‘lib qaytganingizni, erta bir kun shu otovimizning qoshida ko‘pdan-ko‘p nabiralar – tangriqutlarning barkamol avlodlarini ko‘rish baxti barchamizga muyassar bo‘lsin!..
Ertasiga tong-sahardan Otovul o‘zining qorovullari, yasovullari, shig‘ovullari, bakovullari, hir-ovullari, butun ko‘ch-ko‘roni, basharti oldlaridan yog‘iy chiqib qolgudek bo‘lsa, mustahkam himoyada turajak yengilmas qo‘shini bilan yo‘lga tushdi. Ortlarida oppoq otov – Orol dengizi qoshida ajdodlar kuzatib qoldilar. Oq xunlarning asosan dunyoni anglash ishtiyoqidagi serg‘ayrat yoshlari – eng barkamol avlodidan iborat yo‘lchilar esa, qo‘llarida – oq bayroq, ko‘ngillarida – oppoq orzular, mo‘ljalni kunduzlari – Quyoshdan, kechalari – oy bilan yulduzlardan, avvalo Oltin Qoziq – Qutb Yulduzidan olib, kunbotarga qarab ketdilar. Yo‘l yurdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yurdilar. Ana, Alpomish zabt etgan Qalmoqlar yurti ortda qoldi. Mana, Yoyiq tog‘lardan oshib o‘tdilar. Yana bir uzoq ajdodi “E dil!” deb nomlagan ulkan daryodan ham kechdilar. Yana ne bir oq xunlar o‘zlaricha “Osmon tomi” deya ta’riflagan Ko‘hi Qof – Qofqoz tog‘laridan oshdilar... Tag‘in ne bir tog‘lardan oshib, daryolardan kechib o‘tib borib, nihoyat, dunyoning eng chekkasiga yetdilar. Yetishga yetdilar, lekin, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, ko‘m-ko‘k dengizga boqib, “Ana endi marraga yetib keldik, qit’aning eng chekkasi shu!” deya quvonib turganlarida... ko‘zi o‘tkirligi bilan dong taratgan shig‘ovul qachonlardir bir bilga yaratgan surnaysimon uskuna – durbin ichiga ko‘z tikib aytdiki: “Ko‘zimga butunlay yangi dunyo aniq-ravshan ko‘rinib turibdi! Aftidan, bizning qit’amizdan boshqa yana bir qit’a borga o‘xshaydi! Yangi qit’a bo‘lganda ham, ko‘m-ko‘k dengizning narigi tarafida oppoq oqarib turgan bir otov! Lekin bu otov..., bizning Orolimizga o‘xshab, quruqlikning o‘rtasidagi suv emas, aksincha, suvning o‘rtasidagi quruqlik!.. 
Otovul shig‘ovulining qo‘lidan durbinni olib, ko‘ziga tutdi. Yo falak! Bu qanday Orol bo‘ldi?! Quruqlikning qoq o‘rtasidagi suv emas, suvning o‘rtasidagi quruqlik!.. Yana bir “Borsa kelmas”mi bu, nima balo? Qiziq!..
Dengiz sohilida uzoq davom etgan maslahatlar, hordiq chiqarishlaru yangi safar-sayohatga hozirlik ko‘rishlardan keyin tag‘in yo‘lga tushdilar. Yaxshiyamki, Orol dengizidagi “Borsa kelmas” orolchasiga suzib borish uchun qayiq yasash bobida tengsiz ustalar ham himoya qo‘shini orasida yetarli bo‘lgani, ular yasagan qayiqlarda suza-suza, nihoyat, butunlay yangi sohilga yaqinlashdilar. Yaqinlashar ekanlar, durbinni tag‘in ko‘zga tutib qayta-qayta qaradilar. Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, butun sohil bo‘ylab sonsiz-sanoqsiz odamlar! Xuddi o‘zlaridek novcha-novcha, alpqomat-alpqomat, rang-ro‘ylari oppoq-oppoq odamlar! Yo‘q, o‘zlaridan ham oppoqroq! Lekin har birining qo‘lida o‘zidan kamida ikki baravar uzun qop-qora-qop-qora nayza borligiga nima deysiz! Nayza uchlari quyosh nurida tovlanadi! Hammalari nayzador! Behisob nayzadorlar! Olisdan do‘st tutinish umidida kelgan mehmonni nayza bilan kutib olish!.. Bu qanaqasi?! Axir, ular orolga nayza ko‘tarib emas, ko‘ngillaridek oq-oppoq bayroq ko‘tarib kelmoqdalar-ku! Qo‘lida oq bayroq bilan kelayotgan odamni qora nayza bilan kutib olish... yaxshimi?!. Qo‘llarida hilpirab, tinchlik-totuvlikka chorlab beto‘xtov-bezovta silkinib turgan oq bayroqlar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, shekilli, hartugul, orol egalari nayzalarini yerga qo‘yib, ishonib-ishonmay, hadiksirab kutib oldilar. Bir-birlari bilan qo‘l olishib ko‘rishgach, birga-birga sohildan orolning ichkarisiga tomon yurdilar. Yo‘l-yo‘lakay imo-ishoralar yordamida so‘rashib-tanishdilar. Bu mamlakat, o‘zlarining aytishlaricha, oqilchinlar mamlakati, mamlakatning oti esa, “Birtaniya” ekan. Butun orol ahli yog‘iyga qarshi kurashda bir tanu bir jon bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqara olganlari, yovga qarshi jangda nihoyatda ahilligi uchun mamlakat “Ulug‘ Birtaniya” deb atalar ekan. Xalqning oti shuning uchun “oqilchin” deb atalar ekanki, avvalo, hammalarining rang-tuslari xuddi oq xunlardek oq, oppoq, oqimtir, oqish, oqilchin ekan, qolaversa, ular chindan ham oqil-aqlli-bilga ekan... Orol egalarining tillarini ham, urf-odatlariyu turmush tarzini ham bilib-o‘rganib-tushunib olish unchalik og‘ir bo‘lmadi. Lekin oq xunlar o‘zlarini ularga tanishtirishda anchagina qiynaldilar. Masalan, bu oqilchinlardan birontasi Otovulning ismini aniq-tiniq aytolmadi. Tili kelishgani “Attila” bo‘ldi. “Mayli, “Attila” bo‘lsa “Attila”-da! – deb o‘yladi o‘zicha Otovul. – Har qalay, til topishib boshlashdi-ku, muhimi shu emasmi!” Yasovul, shig‘ovul, hirovul, qorovullarni – jangari qo‘shin, uni – qo‘shinning bosh qo‘mondoni deb, o‘zlarining jangari tabiatlaridan kelib chiqqan holda to‘n bichishgan, shekilli, yana bir tushunarsiz so‘zni to‘tiqushdek qayta-qayta takrorlab qolishdi: “jeneral”, “jeneral”!.. Tabiiyki, Otovul bu tushunarsiz so‘zga ham e’tiroz bildirib o‘tirmadi: “Mayli, jeneral bo‘lsa jeneral-da, – deb o‘yladi tag‘in o‘zicha, – muhimi, oqko‘ngilu begunoh xunlarni o‘ldiradigan xunxo‘ru xunrez emas, qonxo‘r emas, qotil emas, bosqinchi-kallakesar emas, nihoyati “jeneral”, o‘zimizcha aytganda, nihoyati “lashkarboshi” ekan-ku!..”
Uzoq davom etgan so‘rashuv-tanishuvlardan so‘ng o‘z-o‘zidan murod-maqsadga o‘tildi. Otovul safar-sayohatdan ko‘zda tutilgan eng asosiy murod-maqsadni aytganida, ma’lum bo‘ldiki, yo falak, odam bolasining qoni qoniga naqadar tutash, tili tiliga naqadar o‘xshash ekan, “Elga el qo‘shilsa – davlat” degan qadimiy maqol bu qavmda ham bor ekan! “Biz ham elga el qo‘shilishini hohlaymiz, albatta, – deyishdi ular, – faqat buning bir necha shartlari bor-da!” Otovul pirovard maqsadga o‘tdi: “Agar dunyoning eng go‘zal qizi sizning yurtingizda topilgudek bo‘lsa va agar u mening ko‘nglimga o‘tirishsa, ana o‘shanda har qanday shartingizga, mayli, roziman”.
Ipga tizilgan qaldirg‘ochlardek tizilishgan ko‘zlari moviy-moviy, sochlari tillarang-tillarang qiz-lar orasida bir qizni ko‘rganida Otovulning ko‘ngli beixtiyor jiz etdi. “Shunisi yuragimdan urdi! – beixtiyor iqror bo‘ldi u. – Otini ayting endi bu qizning?” Javob qaytdi: “Dezdemona!” Yana so‘radi: “Bu so‘zning ma’nosi nima?” Javobdan ko‘ngli juda to‘ldi-to‘liqdi-to‘lqinlandi: “Xohlang “Dezdemona” deng, xohlang “Mona Liza”, har ikkisining ma’nosi – “go‘zal malak”, “pari-paykar” degani bo‘ladi! Otovul tikilib qaradi. Rostdan ham, “pari-paykar” desa degudek ekan! Shuncha yil dunyo kezib, bunday afsonaviy go‘zal malakni ko‘rmaganligi rost! Lekin u... kulyaptimi, yig‘layaptimi? Odamga mehr bilan boqyaptimi, yo qahr bilan? Dilidagisi nima: makrmi yo muhabbat?.. Yuz ifodasi shu qadar sirli, shu qadar ilohiy, shu qadar mubhamki, koshki ko‘nglidagini yuz-ko‘zlaridan bilib bo‘lsa! Nima bo‘lganda ham, shu bir dunyo go‘zali deb dunyo kezib yangi dunyoga kelib turgan ekan, endi bo‘ladigan ishni qilmoq kerak! Bu pari paykarga erishish uchun o‘zini har nega qodir, mohir, hoziru nozir deb his qildi. “Bo‘pti, shu go‘zalni Turon mamlakatiga olib ketish yo‘lida har qanday shartingizga roziman!” – dedi Otovul. “Bitta emas, bir juftgina shartimiz bor! – dedi oqilchinlar. – Birinchi shartimiz shuki, bizni Sharqiy Rim imperiyasining zulmu zug‘umlaridan xalos qilasan! Buning uchun nimaiki yordamimiz lozim bo‘lsa, biz tayyormiz. Masalan, qo‘shiningga istaganingcha qo‘shin qo‘shib berishimiz mumkin! Shartimizning shunga bog‘liq davomi shuki, butun badaningga qorakuya surkab, o‘zingni mavrmi-habash deb e’lon qilasan, toki imperiyadagilar bizni sen bilan til biriktirishda ayblab, basharti mag‘lub bo‘lsang, holimizni battar tang qilishmasin! Qolaversa, anovi italyanlar ikki oqtan til biriktirib bir qoramag‘izni o‘rtaga olishdi, deb o‘ylashmasin, aksincha, bular ham o‘zimizga o‘xshash qorachagina ekan, deb o‘ylashsin!..” Otovulning ko‘ngliga, tabiiyki, bu shart o‘tirishmadi! Do‘st bo‘lib kelganni dushmanga qarshi olkishlash... yaxshimi?! Buning ustiga, oppoqni qop-qora qilib ko‘rsatishdek ko‘zbo‘yamachilik... kimga nima uchun kerak? Tabiiyki, shartga qarshi norozilik bildirdi: “Men hech qachon hech kimga birinchi bo‘lib musht ko‘tarmaganman, birovning buyrug‘ini bajarmaganman, birovning nomidan ish ko‘rmaganman, Otovulman, oq xunman, yengilish nimaligini bilmaganman, bilmayman ham. Qolaversa, imperiyasimi, undan kattarog‘imi, agar u rostdan zolim yog‘iy bo‘lsa, o‘sha yog‘iyni o‘z nomimni oshkora aytib borib yengib kelaman! Birovning nomidan ish ko‘rishni o‘zimga isnod deb bilaman! Sizga keragi o‘sha o‘zingizga zulmini o‘tkazayotgan “imperiya” degan yovuz kuchni taslim qilishmi, axir?!.” Uning yonib-kuyib aytgan sidqidil so‘zlarini tinglab turganlar miyig‘ida kulib aytdilarki, “Biz ham suvni ko‘rmay turib etik yechmaymiz, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmaymiz, jo‘jani kuzda sanaymiz... Xullas, birinchi shartimiz shuki, agar senga rostdan ham Dezdemona kerak bo‘lsa, mavrmi-habash qiyofasida borib Sharqiy Rim imperiyasini mag‘lub qilib qaytasan! Gap shu! Ikkinchi shartimizni ana o‘shandan keyin aytamiz!”
Modomiki ota-bobolari “Jon qiynalmay jonona qayda, Toqqa chiqmay do‘lona qayda” degan ekanlar, bu shartga rozi bo‘lishdan o‘zga chora yo‘q, shekilli, deb o‘yladi u. Mayli, dunyo go‘zaliga erishish uchun bir muddat oqni qora qilib ko‘rsatsa ko‘rsatibdi-da, shu bilan bir umrga yuzi qora bo‘lib qolmas, axir! Muhimi – zulm-zo‘rovonlikka chek qo‘yish – xayrli ish-ku!
Imperiyani o‘zi bosh bo‘lgan qurama qo‘shin bilan murosasiz jangda taslim qilib, tuya-tuya tillolarni o‘lja olib, bundan tashqari, har yili katta miqdordagi sof tilladan o‘lpon to‘lashini o‘sha “imperator” deganlarining bo‘yniga tavqi la’natdek osib, g‘alaba bilan ortiga qaytdi. O’zi ham quruq qaytmadi. “Attila” bilan “jeneral” degan so‘zlarning yoniga yana ikki laqabni orttirib qaytdi: imperiyaning qoq yarmi uni “Xudoning balosi”, qoq yarmi esa, “Atla” deb atab boshlashdi. “Tovuq nimalar yemaydi, mag‘lub nimalar demaydi, – deb o‘yladi Otovul. – Baribir, o‘zi istamagan holda bir muddatga yuzi qora bo‘lgan ekan, bu ko‘rgilikning oldida “Xudoning balosi” bilan “Atla” deganlari nima bo‘libdi! “Xudoning balosi”, aslida, kimligini ana o‘sha Xudodan boshqa kim aniq biladi, kim?! Bashariyat tarixining atalasini chiqarib yotganlar uning otasi qo‘ygan ismni ham bir muddat atalaga aylantirsa aylantiribdi-da! Axir bir kun asl haqiqat qaror topar-ku! Tepada Tangri turibdi-ku!..
Dezdemonani Otovulning ko‘zlariga yana bir marta ko‘rsatib, uning yurak-bag‘rini battar olovlantirganlar endi ikkinchi shartga o‘tdilar: “Yana bir shartimiz shuki, bizning nog‘oramizga o‘ynaysan!” 
Otovul umri bino bo‘lib childirmaga o‘ynagan, dutorga o‘ynagan, torga o‘ynagan, qonunga o‘ynagan, lekin... nog‘oraga ham o‘ynab bo‘larkanmi?! Go‘s nog‘ora odatda urush boshlanishi oldidan chalinadi-ku! “Imperiya” deganlari taslim bo‘lib, urush balosi tugadi deb turganida... endi urush-janjalga chaqirib chalinadigan nog‘oraga balo bormi! Qiziq bo‘ldiyu... Taajjubiga nisbatan qiziqishi ustun keldi: qani, ko‘raylik-chi! Kimning nog‘orasiga kim qanday o‘ynar ekan?..
“Nog‘ora o‘yin” deganlari bu yerda urushga chaqirishni anglatmas ekan. O’yinning mohiyati shunday ekanki, bir nog‘orachi gumburlatib ulkan go‘s nog‘orani chalib turadi, boshqalar esa, bir erkak bir ayolni qoq belidan mahkam quchoqlab olib, ikkovlashib raqs tushishadi!.. Bu qanday o‘yin?! O’yindan o‘t chiqarish emasmi, aslida, bu?!. Qarasa, o‘zi ko‘z ostiga olgan o‘sha “pari paykar” Dezdemonani bir olako‘z barzangi uning shundoqqina ko‘z oldida bemalol quchog‘iga bosib bachkana qiliqlar qilyapti! Yo falak! Bu qanaqasi? Bunisi hammasidan oshib tushdi-ku! Urush dedi – urushdi, yuzing qora bo‘lsin dedi – yuzini qora qildi. Endi o‘zining bo‘lajak umr yo‘ldoshini boshqa birov bilan baham ko‘rishi qoluvdi! Bu qanday jaholat o‘zi?! Baribir, ham urishqoq, ham yuzi qora bo‘lgan ekan, o‘sha barzangining naq giribonidan oldi: “Hoy, dayus yog‘iy! Sen nega kuppa-kunduzi mening bo‘lajak tanmahramimga surkalib shilqimlik qilyapsan o‘zi?! Sendek yog‘iyni tilka-pora qilib tashlaymi hozir?! Yana bir marta qorangni Dezdemonaning qoshida ko‘rsam, naq yerga qoziq qilib qoqamanu uningni butkul o‘chiraman-qo‘yaman, uqdingmi?!.” Nog‘ora o‘yini taqqa to‘xtab, butun o‘yinchilar ularni bir-birlaridan ajratishga urindilar. Bazo‘r ajratgach, gap nimadaligi – nima gapligini aniqlashtirishga tutindilar. “Bu jentlmen partnerni o‘z tilingda nima deb atading?” – deb so‘radi bittasi qattiq qiziqib. Otovul ajablandi: “Yog‘iy dedim! Bo‘lajak umr yo‘ldoshim, bolalarimning onasiga tirg‘algan nokas menga yog‘iy, yov, g‘ayur bo‘lmay kim, axir, do‘st-yor bo‘larmidi?!.” Masalaning mohiyatiga tushunib yetganlar bir uni, bir yog‘iyni masxaralab kuldilar. Bir qanchalari yog‘iyni qo‘llari bilan nuqib ko‘rsatdilar: Ana, “Yago!”, “Yago!”, bugundan boshlab “Ustasi farang” emas, “Yago” bo‘ldi endi u!
Otovul battar xunob bo‘lib, qizishib uqtirishga tushdi: “Endi anovi ustasi farangni qo‘ya turib, manovi o‘yinga kelaylik! Bu qanday nog‘ora bazm bo‘ldi o‘zi?! Kelar yo‘limizda bir gurjidan otning erkagini ko‘rsatib, “Bu erkakmi?” deb so‘ragan edik, u aytdiki, “Yo‘q, bu erkak emas, shunchaki ayg‘irgina! Chinakam erkakda yana pul ham bo‘lishi kerak!” Men o‘sha gurjiga qo‘shimcha qilib sizlarga aytamanki, odam bolasi puldor bo‘lgani bilan ham o‘z-o‘zidan chinakam erkak bo‘lib qolmaydi. Erkakda avvalo oriyat, hamiyat, sha’n-shavkat degan eng bebaho xazina-yu ganjinalar bo‘lishi kerak! Shu bebaho boyliklar mana bu yerida bo‘lishi kerak! – Otovul qo‘lini musht qilib chap ko‘ksiga dursillatib urdi. Keyin belbog‘ini yechib, xuddi ko‘zboylag‘ich qo‘tosning ko‘z oldida qizil matoni ko‘z-ko‘z qilgandek, oppoq belbog‘ini yig‘ilganlarning ko‘z oldida yozib silkitdi. – Mana, manovi to‘rtburchak oq mato to‘rt qutbning timsoli xisoblanadi. Shu timsoldan bir juft yirtiladi. Ular “chorchi” deb ataladi. Mana shu chorchidan biri erkakning beliga bog‘lanadi-da, unisi “belbog‘” deb, yana biri ayolning boshiga bog‘lanadi-da, bunisi “ro‘molcha” deb ataladi. Shuning uchun ham bizning Turonimizda “Belingda belbog‘ing bormi?” degan savol “Erkakmisan o‘zi?” degan ma’noni anglatadi. Xuddi shunday, “Boshingda ro‘moling bormi?” degan savol “Ayolmisan o‘zi? Boshingda panohing bormi?” degan ma’noni anglatadi. Erkak shuning uchun ham erkakki, u o‘zining belidagi oppoq belbog‘i bilan ayolining boshidagi oppoq ro‘moliga gard yuqtirmasdan avaylab-asraydi. Erkak avvalo biron boshqa erkak qo‘lini ham ushlamagan, hattoki o‘z tuqqan onasi o‘pmagan bir bokira qizni umr yo‘ldoshi sifatida tanlab, uning boshiga ro‘mol o‘raydi. Bu “Mening ikkinchi yarmim!” degani bo‘ladi. Anovi yog‘iy... bo‘lajak ikkinchi yarmimning qo‘lini emas, belini bemalol ushlab, hammaning ko‘z oldida quchoqlab bag‘riga bosib tursa!.. Bu qanday nog‘ora o‘yin, bu qanday maynavozchilik, bu qanday yovvoyilik?! O’sha o‘zlaring aytgan “o‘taketgan varvarlik” mana shu emasmi?! “Varvarlik”ning cheki-chegarasi bor-ku, axir!..”
Uning chin yurakdan yonib-kuyib aytgan gaplarini diqqat bilan tinglab turganlar shu yerga kelganda beixtiyor qarsak chalib yubordilar. Biri olib, biri qo‘yib, xushnud xitob qildilar:
– Yasha, Attila!
– Bu olamda bor ekansan-ku!
– Mantiqning kattasi Turoningda ekan-ku, bilmay yurgan ekanmiz!
– Ikkinchi shartimizni ham qoyilmaqom qilib bajarding! Endi yuz-qo‘lingni yuvib, aslingga qaytaversang bo‘ladi!
– Ayni shu lahzalardan boshlab Dezdemonani – senga, seni – Dezdemonaga topshirdik!
– Taqdiringni uzil-kesil hal qiluvchi shartlarni endi Dezdemonaning o‘zidan eshitaverasan, birodar!..
– Ey, barno yigit! – dedi Dezdemona ikkovlon holi qolganlarida. – Sen menga bir qarashdayoq ko‘ngil qo‘yganingdek, men ham senga bir qarashdayoq ko‘ngil qo‘ygan edim. Men seningdek barno, seningdek dono yigit bilan o‘z hayotimni bir umrga bog‘lashga bajonidil roziman. Lekin butun qavmdoshlarim kabi mening ham shartim bor-da?..
– Har qanday sharting – bosh ustiga! – dedi Otovul qattiq guvranib. – Men bu shartlaringni sen qanday istasang, xuddi shunday ado etishga tayyorman!
– Birinchi shartim shuki, – dedi Dezdemona, – meni o‘z yurtingga olib ketishingdan avval olti oy uyimda yashab, avvalo mening, qolaversa, ota-onam, qarindosh-urug‘larim, butun yurtdoshlarimning ko‘ngil rayimizga qarab, ko‘ngillarimizga yo‘l topib, jamiki sinovlarimizdan o‘tasan, agar shu sinovlarda sinmasang!..
Otovul shartning mohiyatini unchalik tushunmadi. Ichkuyov-kuchukkuyov bo‘lib yashashni taklif qilyaptimi bu “Dezdemona” degan pari-paykar? “Ko‘ngil rayimizga qarab” deganlarini qanday tushunish kerak? “Injiqliklarimizga ko‘nib”, “xarxashalarimizga chidab” degani emasmi mabodo bu?! Ko‘ngillariga yo‘l topmog‘i uchun, xo‘sh, nima qilmog‘i kerak bo‘ladi o‘zi? Qo‘lga o‘rgatilgan laychadek yaltoqlanishi, ignaning ko‘zidan o‘tayotgan ipdek eshilib-buralishi, ip o‘tkazishdan avval burni teshilayotganida beixtiyor bo‘kirib yuborgan tuyadek yulqinmasdan, aksincha, kurka-tovuqdek pusibgina turishi, sherdek na’ra tortishning o‘rniga qanjiqdek g‘ingshib-ulib umrguzaronlik qilishi talab etilmoqdami?!. “Masala”ni aniqlashtirdi, albatta. Ma’lum bo‘ldiki, yo‘q, bunday emas, boshqacharoq ekan. Shu sinov muddatida eng avvalo er yigitning iroda kuchi, muhabbati, hamiyati, oriyati, madaniyati, sabr-toqati, sabot-matonati va boshqa jamiki insoniy fazilatlari jiddiy imtihon qilib ko‘rilar ekan! O’ylab qarasa, yaxshi, bama’ni gaplar! Bularning ham dunyoga qarashi turonliklarning dunyoga qarashiga anchagina mos kelar ekan-ku! Axir, yigirma besh yoshida “Er” atangan alp yigitning bu yerga kelishidan bosh muddaosi ham kiroyi erkak sifatida ayni shunday imtihonlardan sharaf bilan o‘tishi emasmidi?!.
Sinov muddatining birinchi kunidanoq, ayniqsa, bir hol uning ko‘ngliga mutlaqo o‘tirishmadi. Bu Dezdemonasi tushmagur!.. To‘g‘ri, tilladek yal-yal tovlanuvchi oltinrang sochlarining go‘zalligiga gap yo‘q! Ularga bir umr maftun-mahliyo termulib o‘tirsa arziydi! “Soch emas bu, sharshara bu, sharshara bu, sharshara!” Lekin sharsharadek shovullab turgan sunbul sochlar ichidagi bosh!.. Uyda ham, ko‘cha-ko‘yda ham hamisha yap-yalang, ochiq-sochiq, tag‘in deng, bu boshning sohibasi o‘zining shu ahvoliga butkul parvoyi palak! “Ey Dezdemona! – dedi Otovul. – Bizning urf-odatlarimizga ko‘ra, erkakning besoqol-belboqsizligi qanchalik kechirilmas gunoh, o‘taketgan uyat bo‘lsa, ayolning ham ro‘molcha taqmay, boshqalarga yalangbosh – boshi ochiq holda erkakshoda ko‘rinishi ham shunchalik kechirilmas gunoh, o‘taketgan uyatli hol hisoblanadi! Odatda erkakning beli belbog‘ bilan qanchalik mahkam bog‘langan bo‘lsa, ayolning boshi ham ro‘molcha bilan shunday mahkam tang‘ib bog‘lanishi kerak! Bizning Turonimizda boshyalanglik-yalangboshlik ayol zoti uchun yalangoyoqlikdan ming karra og‘irroq ko‘rgilik hisoblanadi. Eng katta fojia – ayol zotining boshida ishonchli panohi, mustahkam boshpanasi yo‘qligi, boshi ochiqligi deb qaraladi. Shuning uchun ham yosh qizchalar boshlariga – durracha, oilali ayollar – qiyiqcha, kayvoni onaxonlar – qoshbog‘ bog‘lab yuradilar. Bu bosh kiyimlarning hammasi bir so‘z bilan “ro‘molcha” deb ataladi. Bu yerga kelayotib bilib oldik: masalan, slavyanlar uni “kosinka” deyishar ekan!.. Sen erta bir kun sinov muddatimiz tugaganidan keyin men bilan Turon mamlakatiga borib, Turon hoqonlari – xun tangriqutlarining pushti-palaklarini tug‘ib-o‘stirib, tarbiyalab-voyaga yetkazishing kerak bo‘ladi. Buning uchun bizda avvalo ayol zotining boshi bog‘liq bo‘lishi talab etiladi. Shu paytga qadar sening boshing ochiq bo‘lsa bo‘lgandir, buning uvoliyu savobi ota-onang bilan xalqingga havola! Lekin endi sen boshi ochiq emas, boshi bog‘liq ayolsan-ku! Mana men sening pushtipanohing bo‘lib yoningda turibman-ku! Modomiki mening bo‘lajak hasmi-halolim, tug‘ilajak bolalarimning onasi ekansan, onam Oqqiz ataylab berib yuborgan, o‘zim jon qushidek asrab yurganim manovi bir juft oppoq chorchidan birini boshingga ro‘molcha qilib mahkam bog‘lab ol! Bu ro‘molchaga gard yuqtirma, hech qaerda boshingdan ola ko‘rma! Faqatgina mening oldimda uni yechishga haqlisan, shuni unutma!
Ro‘molchani dastlab taqib ko‘rganida “Voy, biram yarashdiki!” deya astoydil suyungan Dezdemona ertasiga Otovulga qarshi bosh ko‘tarib, norozilik bayonoti e’lon qildi:
– Ordona qolsin bu savil! Bu boshog‘riqni boshqa taqolmayman, tamom-vassalom! “Doniyo – zindon!” deya xitob qilgan ekan zolimlarning zug‘umu nohaqliklaridan yuragi o‘rtangan bir sitamdiyda shahzoda. O’ylab qarasam, o‘sha shahzodaning Doniyosi emas, sening Turoning zindonga o‘xshaydi-ku! Xo‘sh, agar men boshim bog‘liq bo‘lishini istamasam-chi, aksincha, bo‘sh, erkin, ozod bosh bo‘lishini istasam-chi? Nima qilasan? Bu istagimni qanday yo‘q qila olasan?!.
Otovulning qattiq boshi qotdi. Darhaqiqat, odam bolasining istagini qanaqasiga yo‘q qilish mumkin? Ayniqsa, ozodlikdek jo‘yali istakni zulm-zug‘um, tazyiq o‘tkazmagan holda tinch yo‘l bilan yo‘qotish, uning o‘rniga, oddiygina insoniy madaniyat urug‘ini o‘tqazish mumkin?! Baland kelib zulm-zug‘um o‘tkazishdan ham, past kelib yalinib-yolvorishdan ham tiyilib, oddiygina insoniy murosa-madora yo‘lini tutishi, jumladan, yotig‘i bilan tushuntirishi, shu yo‘l bilan yalang boshidagi insoniy miyasining tarxini ochishga harakat qilishi kerak bo‘ladi, albatta. Yagona chora shu!
– Axir, tushunsang-chi, Dezdemona, azizim! – sevgilisiga mehr bilan boqib ohista gap boshladi Otovul. – Istakda ham istak bor-da! O’zing jiddiyroq bir tanangga o‘ylab qara! Tangri Taolo bu olamni faqatgina “Harakatda – barakot” deb emas, balki saralash asosida yaratgan. Olamda hamma narsa saralanadi, saralanishi ham kerak! Faqat saralanishning sharofati bilangina hamisha zo‘rdan zo‘r chiqadi. Aks holda g‘o‘rdan g‘o‘r, ko‘rdan ko‘r, sho‘rdan sho‘r chiqaveradi!.. Masalan, dehqonchilikda eng sara urug‘ni eng sara urug‘ga qo‘shish orqaligina ulardan ham zo‘rroq urug‘ga ega bo‘lish mumkin. Chorvachilikda ham, ovchilikda ham... Mana, men yurtingga minib kelgan manovi qorabayir otga qara! Avval-boshda asli-nasli eng zotdor ayg‘irning eng zotdor biyaga qo‘shilishidan dunyoga kelgan eng go‘zal qulun bo‘lgan edi bu qorabayir, bildingmi?! Shuning uchun ham u asl tulpor bo‘lib voyaga yetgan! Bu olamda hamma jonzotlar kabi odam bolasi ham juft-juft qilib yaratilgan! Lekin hamma gap juftlashishning o‘zida emas, kim bilan kimning qachon qanday juftlashishida! Nega bizning Turonimiz hoqonlari o‘z juftlarini goh Xitoy imperatori, goh Hindiston rojasi, goh Eron shohanshohi, goh Yunon qaysarining muhtasham saroylaridan qidirganlar-da, ko‘pincha topganlar ham?! Chunki mana shu yo‘l bilangina butun olamga, butun bashariyatga tatiydigan barkamol avlod, navqiron nasl, komil insonning dunyoga kelishi mumkin bo‘ladi. Bunday chinakam otovulni dunyoga keltira olgan oila butun bashariyat ibrat olsa arziydigan kiroyi oila bo‘ladi. Bizning Turonimizda “Erkak – uyning ustuni, ayol – chirog‘i” deydilar. Ustun qanchalik baquvvat, chiroq qanchalik yorug‘ bo‘lsa, demak, uy ham shunchalik obod-farovonu yorug‘-nurafshon bo‘ladi. Odatda oilaning ustuni bo‘lmish erkakning quvvati – belida, oilaning chirog‘i bo‘lmish ayolning quvvati – boshida bo‘ladi. Baquvvat bel bilan tillo bosh esa, belbog‘ bilan ro‘molcha orqali himoyalanadi. Axir, sog‘lom urug‘ qaqroq cho‘lga va yo botqoq-ko‘lga emas, hosildor yerga ekilishi kerak bo‘ladi-da! Ana shundagina kutilgan hosilni olish mumkin-da! Shuning uchun bizning Turonimizda, ayniqsa, ayol zotining yengiltakligi, suyuqoyoqligi, boshi ochiqligi, beboshligi, oilasizligi qattiq qoralanadi. Bu ozodlik istagi emas, boshboshdoqlik deb tushuniladi. Avlodlarning barkamolligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘lgani uchun ham bu istak illat sifatida qattiq qoralanadi. Shu oddiy haqiqatni to‘g‘ri tushun-da sen ham endi!.. 
– Mayli, sen aytganingcha bo‘la qolsin, ey barno yigit! – dedi Dezdemona. – Faqat yalang boshni emas, ro‘molcha o‘ralgan boshni ozod bosh deb his qilishim uchun, xuddi men senga olti oylik muhlat belgilaganimdek, sen ham menga olti oylik muhlat ber! Men ham shu sinovdan ko‘ngildagidek o‘tishni juda-juda istayman. Faqat o‘zimni senga har jihatdan munosib jufti halol deb his qilishim – ruhan tayyor bo‘lishim uchun imkon berishing kerak-da sen ham?!.
– Bajonidil! – dedi beixtiyor dil-dildan orziqib Otovul. – Axir, bu olti oy faqat men uchun emas, sen uchun ham sinov muddati bo‘lsa, ayni muddao-ku! Faqat bir iltimosim shuki, manovi belimdagi belbog‘imga ko‘zga ko‘rinmas uzvlar bilan bog‘langan shu ro‘molchani jon qushidek asrab-avaylaysan, unga dog‘ tushirmaysan, yo‘qotib qo‘ymaysan, mayli, faqat o‘zing istagan paytingdagina boshingga durracha qilib taqasan! Men “Qani ro‘molcha?” deb so‘raganimida “Mana!” deb ko‘rsatasan! Kelishdikmi?
– Kelishdik! – yal-yal yonib rozi bo‘ldi Dezdemona. – Agar sen tuhfa qilgan ro‘molcha boshimda bo‘lmasa, bilginki, yuragimning to‘rida bo‘ladi! Agar shu ahdu paymonimizga sodiq qolmay, sening ishonchingni oqlayolmasam, mayli, o‘sha kuniyoq meni bo‘g‘ib o‘ldirsang ham roziman!
– Bo‘pti! – Dezdemonani bag‘riga mahkam bosib, aqiq labiga lablarini qo‘ydi Otovul. So‘ng uning moviy ko‘zlariga mehr bilan tikildi: – Faqat sen o‘lim haqida boshqa gapirma! Axir, biz o‘lish uchun emas, birga-birga yashash uchun ahdu paymon qilmoqdamiz-ku, to‘g‘rimi? Ishonamanki, biz bir-birimizni bo‘g‘ib-bo‘g‘ishib-bo‘g‘ilib emas, aksincha, suyib-erkalab-ardoqlab yashaymiz! Umid qilamanki, har ikkimiz shu sinov muddatidan sharaf bilan o‘tamiz. Mana, olti oylik sinov muddatining uch kunini yaxshigina o‘tkazdik, endi qolgan bir yuz sakson kuni ham!..
Shu kundan e’tiboran Otovul Dezdemonaning har bir istagini bajonidil muhayyo qilaverdi. Afsonaviy Farhoddek tog‘ni qo‘por dedi – qo‘pordi. Payg‘ambardek dengizni kech dedi – kechdi. Jahongirdek butun imperiyani o‘zingga bo‘ysundir dedi – bo‘ysundirdi. O’zi erkak sha’niga munosib tarzda birin-ketin o‘tayotgan bu imtihonlarga javoban Dezdemonaning oldiga o‘qtin-o‘qtin birgina savolni ko‘ndalang qo‘ydi, xolos: “Qani ro‘molcha?” Dezdemona har gal “Mana ro‘molchang, azizim!” deya dam boshidan, dam ko‘ksidan olib ko‘rsatganida oshiq ko‘ngli tog‘dek yuksalib, o‘zini har nega qodir, yengilmas bahodir, jahongiru sohibqiron deb his qildi.
Sinov muddatining yarmidan ko‘pi shu zaylda kechdi. Lekin... kunlaru oylar o‘tishi bilan Dezdemonaning avvaliga ko‘ngliga juda-juda xush yoquvchi erkaligi-sho‘x-shaddodligi tobora oshib-toshib, o‘taketgan tantiqlik-tannozlikka aylanaverdi. Erkak sha’niga munosib bir shartni endigina bajarib kelganida “Mana, ro‘molchang” deb ko‘rsatadi-da, butunlay nomunosib yana bir shartga o‘tadi: “Endi mening oppoq oyoqlarimni yuvib qo‘yasan!”, “Endi mening tillarang sochlarimni o‘z qo‘llaring bilan tarab, oppoq yuzimni o‘z qo‘llaring bilan pardoz qilib qo‘yasan!”, “Endi anovi laychaga taqlid qilib mening poshnalarim ostida jilpanglaysan!..” Avvaliga bunday shartlarning har ikki tomonning ham sha’niga yarashmaydigan darajada bema’niligini uqtirishga urinib ko‘rdi: “Bu qanday gap axir, azizim Dezdemona?! Kiroyi erkakni toptab-tahqirlab, poy-patakka aylantirib, tag‘in uni xotinchalishlikda ayblash... oqila ayolga munosib ishmi shu?! Erkakning sha’nini tahqirlab xotinchalishlikda ayblayotgan erkakshoda ayol!.. Xuddi pulsiz-boyliksiz va oriyat-hamiyatsiz erkak oddiygina ayg‘irmi-hangi deb atalganidek, bunday ayol ham “urg‘ochi”, “moda”, “baytal”, “qanjiq”, yana allambalo deb atalishi mumkin, ammo hech qachon chinakamiga Hazrati Ayol bo‘lolmaydi! Nahotki shu oddiygina haqiqatni tushunishni istamasang?! Axir, men o‘z yurtimning hoqoniman, Buyuk Turon hoqonlariga munosib vorislar, o‘zimdan barkamolroq avlodlarga ota bo‘lish umidida sening poyingga bosh urib turibman-ku! Mening beg‘araz niyatimni to‘g‘ri tushunib, haddingdan oshma-da, insofga kel-da sen ham endi, azizim!..” Lekin Dezdemona qattiq oyoq tirab turib oldi: “Men sening shartingga chidab, ro‘molchangni dam boshimda, dam ko‘ksimda, dam qo‘limda asrab-avaylab yurganimdan keyin sen ham mening shartlarimga chidashing kerak – chidaysan-da, chidamay qayoqqa ham borarding!” Har nega qodir Otovul o‘zini shu yerga kelganda o‘taketgan ojiz-natovon his qildi: Turon yurtida Alp Er ota bilan Oqqiz ona, butun oq xunlar yo‘llariga zor-intizor bo‘lib kutib turgan bo‘lsa! Notavon ko‘ngli shu pari-paykarning ixtiyorida bo‘lsa! Sinov muddatining ko‘pi ketib ozi qolgan bo‘lsa!.. Ko‘nglimdagi pari-paykarni topdim-u, lekin uning injiqligini ko‘tarolmadim” deya so‘ljayibgina qoq-quruq borish... uning Erlik, Otovullik sha’niga munosibmi shu ish?!. Nachora, chidashga to‘g‘ri keladi, ko‘pi ketib, ozi qoldi-ku, deya o‘zini o‘zi ovutdi. Lekin kunlar o‘tishi bilan Dezdemonaning tannozlarcha xarxashalariga atrofidagilarning tahqiromuz nazarlari, hazil-mazaxlari, kalaka-masxaralari... qo‘shilib, dard ustiga chipqonga aylanaverdi. Ayniqsa, “ustasi farang” laqabi bilan ma’lumu mashhur anovi “Yago” deb atalgan yog‘iyning bitmas-tuganmas fitna-fujurlari!.. Naq jonidan to‘ydirayozdi, lekin tishini tishiga bosib chidadi. Oy sanab, kun sanab, soat sanab, nihoyat, bir yuz saksoninchi kunning tonggini mushtoqlik bilan qarshiladi. Olti oylik sinov muddatining shu bir so‘nggi kunini ham bir amallab o‘tkazsa bas, Dezdemonani yoniga olib, Turon sari qushdek uchadi u! Otasi Alp Er hoqon bilan onasi Oqqizga Dezdemonani ko‘z-ko‘zlab, ko‘ngli faxru g‘ururga to‘lib tanishtiradi: “Mana, dunyoning eng go‘zal va eng bokira qizi, oti ham, zoti ham, asli ham, nasli ham chinakamiga pari paykar, mening ikkinchi yarmim, xun tangriqutlarining yangi nasli, sizga munosib barkamol avlodning volidai mukarramasi!..”
Uning nurli orzularini Yog‘iyning bemavrid tashrifi kunpayakun qildi. “O’zi sovuqning so‘zi sovuq” deganlari, o, naqadar haq-rost ekan, har bir so‘zi naq yuragiga nashtardek sanchildi: “Ishonganing Dezdemona Kasio bilan don olishib yuribdi! Ishonmasang, ro‘molchangni shu bugun yana bir marta so‘rab ko‘r-chi o‘zing! Ro‘molchangni Kasioning yotoqxonasidan topasan, men senga ochig‘ini aytsam!”
“Yago” degan yog‘iyni sanqi itni quvlagandek quvlab yubordi-yu, shunda ham ko‘ngli taskin topmadi. Qafasdagi arslondek najot istab asabiy bir shiddat bilan na’ra tortib to‘lg‘ondi! Ortidan musht o‘qtalib hayqirdi: “Ey yog‘iy! Agar shu gaplaring bo‘hton bo‘lsa, bilib qo‘yki, qorningga qoziq qoqaman! Agar rost bo‘lsa, agar ishongan Dezdemonam mening ko‘zimga cho‘p solib, ishonchimni sarobga aylantirib, umidimni puchga chiqarsa, sen ustasi farangni ham, butun Yevropangni ham ayab o‘tirmayman, shuni bilib qo‘y!!! O’t bilan o‘ynashish, o‘yindan o‘t chiqarishning oqibati qanday bo‘lishini ko‘zingga ko‘rsataman hali!!!” Yog‘iy qochib ketayotib uni masxaralab kular ekan, qichqirdi: “Bekor ovora bo‘lganing qoladi, hoy yovvoyi osiyolik! Sharq bilan G’arbning qoni qirq yil emas, qirq asr birga qaynasa ham hech qachon qo‘shilmaydi! Biz boshqa-boshqa dunyolarmiz, bildingmi?! Bu oddiygina haqiqatni Dezdemona ham yaxshi biladi! Basharti uni o‘zingning Turoningga olib ketgan taqdiringda ham, erta bir kun o‘sha yoqlarda sening emas, o‘zining pushti-palagini o‘stirib-undiradi, shuni yaxshi bilib qo‘y!..”
Otovulning aqli bovar qilmadi: nahot olti oylik sinov muddatining oxiri shunday voy bo‘lsa?! Nahot bu olamda odam bolasi uddalashi mumkin bo‘lmagan bir ishga bekor-behuda ovora-sarson bo‘lib yurgan bo‘lsa u?! Nahot bu dunyoi dunda Janub bilan Shimol til topisha oladi, hattoki chor darveshdek to‘rt qutbdan kelgan to‘rt sayyoh ham o‘zaro til topisha oladi-yu, nihoyati birgina ulkan qit’aning Sharqi bilan G’arbi hech qachon til topisholmaydi?! Hamisha bir-biriga yog‘iy, g‘anim, yov emas, do‘st-yor, birodar, o‘rtoq, bir tanu bir jon bo‘lolmaydi?! Nahot Sharq bilan G’arbni birlashtira oluvchi kuch bu olamda yo‘q?! Nahot ishongan Dezdemonasi ham shu ezgu orzuini birgalikda bahamjihat ushatishning o‘rniga uni har bob bilan aldab-avrab, shunchaki laqillatib yurgan bo‘lsa?!. Agar shunday bo‘lsa, basharti anovi fitnakor yog‘iyning gaplari rost bo‘lsa, Turon yurtiga nima deb, qanday bosh ko‘tarib, qanday qaytadi endi u?! “Sharqlik bilan g‘arblikning qoni hech qachon qo‘shilmas ekan!” debmi? “Qidirgan jufti halolimni topishga topdim, lekin unga erisholmadim, chunki u butunlay boshqa bir dunyo, buning ustiga, xiyonatkor ekan!” debmi?.. Erkak sha’niga nomunosib bunday o‘taketgan isnod yukini zimmasida ko‘tarib borganidan shu yerlarda sanqi itdek xor bo‘lib o‘lib ketgani yaxshiroq emasmi?! Mona Liza – Dezdemonaning ko‘zlarida sirmi, sehrmi, jodumi, fitnami, vafo-sadoqatmi, muhabbatmi, nafratmi... nima yashiringan, aslida, o‘zi?!. 
Dezdemonaning yotoqxonasiga seldek bostirib kirib, oxirgi marta “Ro‘molcha qani?!” deb so‘radi. Biroq Dezdemonaning bezovtalanib ko‘zlarini olib qochishi, uzuq-yuluq gaplari uning yuragini battar o‘rtab, o‘t bo‘lib yonayotgan vujudidan olov-otash baayni vulqondek otildi: “Uvvv!.. Immm!..” Asabiy holda qo‘llarini panshaxa qilib Dezdemona tomon odimlar ekan, savolni qayta-qayta takrorladi: “Ro‘molcha qani?! Qani ro‘molcha?!”

...Oradan o‘n asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir Otovulning ko‘rgiliklari – Otello fojiasini qoyilmaqom qalamga oldi. Oradan tag‘in besh asr o‘tib, Shekspirning “Otello” tarixiy fojiasi buyuk Cho‘lpon tomonidan o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilindi. Oradan sanoqligina yillar o‘tib, bu fojia buyuk rejissyorimiz Mannon Uyg‘ur tomonidan o‘zbek teatri sahnasiga qoyilmaqom olib chiqildi. Otello rolini buyuk aktyorimiz Abror Hidoyatov qoyilmaqom ijro etdi. Bu tarixiy fojia hatto buyuk Shekspir vorislari tomonidan ingliz teatri sahnasida namoyish etildi. Abror Hidoyatov Otello rolini maromiga yetkazib ijro etgan jahonning eng mohir aktyori sifatida ingliz tomoshabinlarining o‘zlari tomonidan haqqoniy e’tirof etildi. Rivoyat qilishlaricha, hatto Dezdemona rolini ijro etayotgan Sora Eshonto‘raeva “Abror aka, sahnadasiz! Abror aka, sahnadasiz!” deya o‘qtin-o‘qtin eslatib turgan ekan, toki buyuk aktyor “partnyor”ini yolg‘ondakam emas, chinakamiga bo‘g‘ib qo‘ymasin!.. O’ylab qarasangiz, buning hech bir ajablanadigan joyi yo‘qdek! Zotan, Otello rolini o‘zbek aktyori Abror Hidoyatovdan oshiribroq ishonarli ijro etish... amalda mumkin emas-da! Axir, eramizning boshlarida Turonzaminga qaytib kelolmasdan begona yurtlarda armon bilan o‘lib ketgan Buyuk Turon hoqonining iztirobini ich-ichdan his qilib, uni o‘z tuprog‘iga qaytarish istagi o‘zbek aktyoridan boshqa qay bir aktyorning ko‘nglida kuchliroq bo‘la olardi deysiz! Jahonning boshqa jamiki mohir aktyorlari buyuk Shekspir yozib qoldirgan gaplarni qoyilmaqom ijro etishi mumkin, albatta. Lekin u yozib qoldirmagan, faqatgina o‘zbekona qalb qa’ridan baayni vulqondek otilib chiqqan “Uvvvv!” bilan “Immm!”ni o‘zbek aktyori Abror Hidoyatovdan boshqa kim ham maromiga yetkazib ijro eta oladi, axir?! Bu uv, bu uvvos, bu im, bu imlash nainki o‘zbek, balki butun jahon tomoshabini qalbini larzaga solishga qodir! Shuning uchun ham “O’zbek Otellosi”da u!.. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.